Jamiyat
Nafsni poklash: taomni emas, ochlikni qadrlang
Telegramdagi mahalla guruhida bir necha e’lonlarga ko‘zim tushdi: «ertalab iftorlikka soat 3.30da osh, lag‘mon, sho‘rva, bifshteks…», tabiiyki siz ham bunday reklamalarga tez-tez guvohi bo‘lasiz. Yoki Ramazon boshlanishidan oldingi holatni eslaylik, «ro‘za tutaman, shuning uchun uyga yeguliklarni g‘amlab qo‘yay», «ertalabki og‘iz yopishga somsa yoki osh pishirdim», degan ro‘zadorlar ham ko‘pchilikni tashkil qiladi. Keyingi paytlarda ko‘pchilik ushbu oyni «tansiq taomlar shousi»ga aylantirib yuborishmoqda.
Inson irodasining sinovi…
Viloyatga ketadigan taksida hamrohimiz telefonda gaplashayapti: «Iftorlik qilib bermoqchiman qishloqda, 20-30 odamga qaysi kunni belgilasam bo‘larkan»….
Telefonda gaplashib bo‘lgach hamrohimdan so‘radim: «Iftorlik o‘tkazish uchun ham kun belgilash kerakmi?»…
Hamrohim: «Hozir shunaqa bo‘lib ketgan, kun belgilamasangiz ustma-ust iftorlik qilinsa, odamlar kelmasligi mumkin, ayniqsa, ro‘zaning oxirida navbat ham yetmay qoladi», deb javob berdi.
Albatta, iftorlikka yaqinlarni, qo‘ni-qo‘shnini taklif qilish – bu mehr-oqibatdan darak, mehmondo‘stlik qadriyat va an’analarimiznig bir qismi, ammo uni hashamatga aylantirish, bo‘lib ham aynan nafsni jilovlash kerak bo‘lgan oyda mantiqqa to‘g‘ri keladimi?
Axir Ramazon nafsni jilovlash – inson irodasining sinovi emasmi?
Ertalabdan tansiq va kuchli kaloriyaga ega ovqatni yeyish degani bu kechgacha o‘zini to‘q his qilish degani. Ochlik his qilmasangiz, oshqozoningiz dam olmasa ro‘za tutishdan ma’no bormi? Yoki kechgacha suvsizlikka va taomsizlikka chidab og‘iz ocharga tansiq va quvvatli ovqatlar yeyish orqali oshqozonga battar og‘irlik tushirib qo‘yilmaydimi?
Yana o‘sha savol muallaq: nafsni nazorat qila olayapsizmi?
Sabrmi yoki ruhiy poklanish?
Ko‘pchilik ro‘zani jismoniy sabr deb biladi, lekin u psixologik va ma’naviy nafsni tarbiya qilishning eng kuchli usullaridan biri.
Qur’oni karimda nafs uch xil sifat bilan tafsiflanadi – xotirjam nafs, malomatchi nafs, yomonlikka buyuruvchi nafs. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning «Ruhiy tarbiya» kitobida ta’kidlanganidek, yomonlikka buyuruvchi nafs (nafsi ammora) o‘z sohibini mudom yomonlikka va ma’siyatga chorlovchi nafsdir. U o‘z sohibini hidoyat yo‘lidan chiqarib, zalolat yo‘liga solishni istaydi! Bu nafs agar sohibi unga beparvo qarasa va muhosaba qilib turishga ahamiyat bermasa, uni dunyo-yu oxiratda halokat va ziyonga yetaklaydi… Insonda nafs to‘zonlari tinchlansa, yomonlik hislari sokin bo‘lsa, buning muqobilida uning qalb to‘ridagi sodiq tuyg‘ular qo‘zg‘aladi. Ana shu holat o‘z egasini Allohga yetaklovchi birinchi qadamlar bo‘ladi.»
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam buyuradilar:
«To‘yguncha yeb-ichib, qalblaringizni o‘ldirmang! Qalb bir niholga o‘xshaydi. Niholga oshiqcha suv berilganda qanday sarg‘ayib so‘lsa va o‘sishdan to‘xtasa, xuddi shunday qalb ham ortiqcha suvdan o‘ladi, bunday odamda toza fikr va insoniy fe’l-atvorlar qolmaydi. Ko‘p yegan odamning akli zaif bo‘ladi, ilm o‘rgana olmaydi. Chunki, doimiy to‘qlik va mechkaylik aqlni ko‘r qiladi. Qalblaringizni ochlik bilan nurlantiringiz, nafsingiz bilan jihod qilib, uni tarbiyalay olmoq uchun ochlikni va tashnalikni qurol sifatida ishlating. Nafsni tarbiyalash uchun uning bilan jang kilgan kishining mukofoti janggohda dushman bilan urishganning mukofoti singaridir».
Har bir ro‘za tutayotgan inson o‘ziga savol berishi kerak: mening nafsim qay darajada jilovlangan?
Zefir tajribasi
Nafs haqida nafaqat dinimizda, balki ko‘plab olimlar ham o‘z fikrlarini bildirgan, ilmiy tadqiqotlar olib borishgan.
Psixologiyada insonning nafsi katta yoshda kamayadimi yoki yo‘qmi, bu masala ham tadqiq qilingan. Masalan, «Marshmellou (zefir) eksperimenti» shuni ko‘rsatadiki, sabr qila olish va nafsni nazorat qilish muvaffaqiyatli hayotga olib keladi. Uolter Mishel va uning jamoasi 1960 yillarda yosh bolalar ishtirokida tajriba o‘tkazishgan. Lekin bu faqat bir martalik sinov emas edi – ular shu bolalarni 10, 20, 30 yil davomida kuzatib borishgan.
Eksperiment qanday o‘tkazilgan?
Mutaxassislar 4-5 yoshli bolalarni laboratoriyaga chaqirishadi. Har bir bolaga zefir (marshmellou) shirinligi qo‘yilgan tarelka va ikki tanlov beriladi: Agar bola zefirni darhol yeb qo‘ysa, faqat bitta beriladi, aksincha bola shirinlikni 15 daqiqa sabr qilib yemasa ikkita zefir oladi.
Keyin tadqiqotchilar bolalarni yolg‘iz qoldirishadi va kuzatishni boshlashadi. Natijalar qanday bo‘lgan?
Bolalarning bir qismi shirinlikni yemasdan sabr qilib, 15 daqiqa kutgan. Boshqalar esa sabr qila olmay, darhol zefirni yeb qo‘ygan.
Uolter Mishel va uning jamoasi bu bolalarni katta yoshda ham kuzatgan va quyidagi faktlarni aniqlagan: Sabr qilgan bolalar maktabda yaxshiroq natija ko‘rsatgan, ularda stress va tashvish kamroq bo‘lgan, qarzga kamroq kirgan va pulni tejay olgan, karerada va shaxsiy hayotda muvaffaqiyatliroq bo‘lgan, sog‘lomroq hayot tarzini kechirgan. Zefirni darhol yeb qo‘ygan bolalar – (sabr qila olmaganlar) maktabda, davomatda qiyinchilikka duch kelgan, imtihon natijalari nisbatan past bo‘lgan, ko‘proq stress va moliyaviy muammolarga duch kelgan, ayrimlari salomatligiga e’tibor bermagan. Zefir eksperimenti shuni ko‘rsatdiki, bolalikdagi sabr va o‘zini jilovlay olish qobiliyati katta hayotdagi muvaffaqiyatga ta’sir qiladi.
Ochko‘zlik va tansiq taom haqida rivoyat
Juda boy va ochko‘z bir odamning dardi eng yaxshi taomlardan lazzatlanish edi. Qayerda tansiq taom bo‘lsa o‘sha yerda hoziru nozir edi. Ochko‘z boyning qorni shu qadar kattalashib ketibdi, bu uning sog‘lig‘iga putur yetkaza boshlabdi. Ammo u nafsini tiyish haqida o‘ylamas, qayerda tutun ko‘rinsa o‘sha yerdan qolmas ekan.
Bir kuni bir paytlar mashhur oshpaz bo‘lgan, keyin esa tabiblik sirlarini o‘rgangan odam haqida eshitib qoldi. Ochko‘z boy ham oshpaz va tabib bo‘lgan inson mening sog‘lig‘imga mos shirin va foydali taom tayyorlab bera oladi degan qarorga kelibdi va tabibni chaqirib:
– Menga dunyodagi eng mazali taomni tayyorlab ber! Men har xil noz-ne’matlar yedim, lekin yanada shirin taom yeyishni xohlayman, u shunday taom bo‘lsinki ham lazzatli ham sog‘lig‘imga foydali bo‘lsin! – dedi.
Tabib kulib:
– Mayli, sizga eng ajoyib taomni tayyorlayman, lekin bir shart bilan: uch kun taom yemasdan yurasiz, buning uchun men sizni manavi yerto‘laga qamab qo‘yishim kerak, shunda men beradigan taomning haqiqiy lazzatini his qilasiz, – dedi.
Boy odam bu shartni qabul qildi. U birinchi kuni qiynalmadi, ikkinchi kuni qorni qattiq ochdi, uchinchi kuni esa ovqatdan boshqa hech narsa haqida o‘ylay olmay qoldi.
Uch kundan keyin tabib uning oldiga oddiy non va suv qo‘ydi. Boy odam hayron bo‘lib:
– Bu nima?! Menga eng mazali taom kerak!
Tabib hech narsa demasdan chiqib ketdi. Boy ochligidan nonni paqqos tushirdi. Bu unga dunyodagi eng mazali taomday tuyuldi.
Boy nonni yeb bo‘lgach, tabib kuldi va shunday dedi:
– Hech qanday taom lazzatli emas, agar inson o‘z nafsiga xo‘jayinlik qila olsa. Agar siz haqiqiy lazzatni his qilmoqchi bo‘lsangiz, taomni emas, ochlikni qadrlang. Chunki haqiqiy huzur nafsni emas, tanani to‘ydirishda.
Boy odam bu hikmatni tushundi va o‘sha kundan keyin keragidan ortiq ovqat yeyishni to‘xtatdi.
Bu bir rivoyat, lekin har bir odam uchun ibratli, ya’ni har bir inson o‘z nafsining quli emas xo‘jayini bo‘la olishi mumkinligining isboti.
Ramazon oyi – faqat och qolish emas, balki nafsni tarbiya qilish, iroda va sabrni mustahkamlash oyi hamdir. U nafaqat tanani, balki qalbni ham poklaydi – kimki nafsini yengsa, u haqiqiy ozodlikka erishadi. Chunki haqiqiy erkinlik – bu nafsga tobe bo‘lmaslik!
Barno Sultonova tayyorladi
Jamiyat
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
Prezident farmonida tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan «tadbirkorlik subyektining haqlilik prezumpsiyasi» belgilandi.
Unga ko‘ra, davlat organi tomonidan aksi isbotlanmaguncha tadbirkorlik subyekti va uning mansabdor shaxsi qonunchilikka muvofiq harakat qilgan hamda o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan deb hisoblanadi.
Sudda tadbirkorga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llash uchun uning asosli, qonuniy va mutanosib ekanini, shuningdek, huquqbuzarlik faktini isbotlash majburiyati davlat organiga yuklanadi.
Qonunchilikdagi bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar, noaniqlik va tushunmovchiliklar, shuningdek, dalillar yetarli emasligi tufayli yuzaga keladigan shubhalar tadbirkorlik subyekti foydasiga talqin qilinadi.
Jamiyat
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv avvalida mehmon davlatimiz rahbarini Mustaqillik kuni bilan samimiy tabrikladi. Ushbu tarixiy tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqib, o‘zaro hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard dollardan oshdi, qo‘shma korxonalar soni esa 7 barobarga ko‘paydi, haftasiga 14 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaparvoz amalga oshirilmoqda. Ikki davlat rahbarlari 2030-yilga qadar o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga kelishib oldilar. Shuningdek, energetika, farmatsevtika, metallurgiya, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor sohalarda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Hamkorlikni samarali muvofiqlashtirish maqsadida tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida yangi muvofiqlashtiruvchi mexanizm ta’sis etiladigan bo‘ldi. Tomonlar parlamentlararo, Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi doirasidagi muloqotlarni faollashtirishga kelishib oldilar. Andijon va Gujarat, Farg‘ona va Haryana, Samarqand va Agra o‘rtasidagi hududlararo yaqin sheriklik aloqalari ham yuqori baholandi.
Gumanitar sohada ta’lim va madaniyat yo‘nalishidagi aloqalar kengaymoqda. Hozirda O‘zbekistonda Hindistonning 4 ta universiteti faoliyat yuritmoqda. Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda Lal Bahodur Shastri nomidagi Hind madaniyati markazi va Mahatma Gandi nomidagi Hindshunoslik markazi muhim o‘rin tutmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonda yoga tobora ommalashib borayotgani va ushbu sohadagi hamkorlik faol rivojlanayotgani qayd etildi.
Tashrif doirasida Madaniy almashinuv bo‘yicha besh yillik dastur imzolanishi, madaniyat kunlari va kinofestivallar muntazam o‘tkazilishi belgilandi. Rahbarlar BMT, ShHT va BRIKS kabi xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini izchil qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishlarini bildirdilar. Muzokaralar yakunida belgilangan barcha vazifalar bo‘yicha aniq «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilishiga kelishib olindi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
-
Iqtisodiyot5 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Sport1 day ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Jamiyat22 hours ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Siyosat2 days ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Sport22 hours ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
-
Siyosat9 hours ago
Saida Mirziyoyeva Pekinda Va I bilan muloqot o‘tkazdi
-
Jamiyat4 hours ago
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
-
Siyosat2 hours ago
Pokiston bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazildi
