Jamiyat
Muvaffaqiyat va pul… Ular faqat tasavvurdami?
Siz muvaffaqiyatga eltuvchi tamoyillarga qat’iy rioya qilasizmi? Bunga ishonch hosil qilish uchun tez-tez tanqidiy tahlil o‘tkazib turish kerak. Mazkur amaliyot sabog‘i sizga xalaqit berayotgan zaif joylarni aniqlashga yordam beradi.
O‘zingizni, aytaylik, tasavvurdagi shaxs bilan taqqoslashga urinib ko‘ring. Muvaffaqiyatga erishishga qaror qilgan bu xonimni, keling, Meri Smit deb ataylik.
Meri o‘zining hayotiy maqsadini aniq-tiniq belgilagan. Uni qachon amalga oshirishning rejasi mavjud, ya’ni xonim muvaffaqiyat sari eng muhim qadam tashlagan. Siz-chi?
Meri har safar muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, tushkunlikka tushib o‘tirmaydi, balki shunga teng keladigan noz-ne’mat belgilarini axtaradi. Uning yordamida voqelikni kerakli va foydali yo‘nalishga burib yuborishga intiladi. Muvaffaqiyatsizlik vaqtincha ekanligini juda yaxshi biladi.
Meri hayotining har bir kunini qiziqish va zavq-shavq bilan o‘tkazadi, ishiga o‘yin lahzalarini kiritadi. U boshqalar bilan kundalik ishidagi noxushliklar to‘g‘risida gapirishdan o‘zini tiyadi, chunki muvaffaqiyat haqidagi gap-so‘zlar muvaffaqiyat uchun zamin hozirlaydi-da!
Buning ustiga Meri yolg‘iz ishlagandan ko‘ra, guruh bo‘lib ishlash ko‘proq muvaffaqiyatga eltishi mumkinligini juda yaxshi tushunadi. U guruhda g‘ayrat bilan ishlaydi, bunday hamkorlik g‘oyalarni erkin almashishga yordam beradi, qobiliyat va kuch-quvvatni katta ehtimol bilan istalgan maqsad sari olib boradi. Qahramonimiz hamisha olganiga nisbatan ko‘proq berishga intiladi.
Meri o‘zining ishlab topganiga qarab kiyinadi. U pullarining hisob-kitobini yaxshi biladi, jamg‘arib boradi va sog‘lig‘i to‘g‘risida qayg‘uradi.
Va, eng asosiysi, Meri doimiy ravishda o‘z ongida ijobiy qurilmalarni qo‘llab-quvvatlaydi. U muvaffaqiyat to‘g‘risidagi Fanning asosiy prinsipi samimiylik, rostgo‘ylikda ekanligiga astoydil ishonadi, aql-tafakkur yordamida hammasiga erishish, hamma narsani anglash, barchasiga ishonish mumkinligiga imoni komil. Bu tamoyildan foydalanib, o‘yin o‘tkazish mumkin, chunki unda yutganlar ham, yutqazganlar ham bo‘lmaydi.
Merini rahbarlari ham, qo‘l ostidagilari ham hurmat qilib, u bilan faxrlanishadi. Chunki Meri Smit aniq-muayyan qarorlar qabul qiladi va ular uchun mas’uliyatni to‘liq o‘z zimmasiga oladi.
Meri do‘stona munosabatlar o‘rnatadi. U doimo shirin so‘zlar hamda maqtovlar yog‘dirish uchun vaqt topa oladi, ammo bu xushomaddan iborat emas. Meri chiroyli so‘zlarni o‘z o‘rnida ishlatadi. Uning davrasida ishtirok etish hamisha yoqimli. Meri hazilni tushunadi, o‘zi ham hazilkash, e’tiborli va shirinso‘z. U hech qachon gaplarida nojo‘ya ifodalarni ishlatmaydi va barcha odamlarni o‘zi bilan teng tutadi.
Smit xonim hamisha malakasini oshirishga urinadi. U kutubxonalarda yaxshi kitoblar topish, teatrda yaxshi spektakllar ko‘rish, muzeylarda san’atning eng sara asarlarini qiziqib ko‘rish muminligini biladi. O‘zining dunyoqarashini kengaytirish uchun hech qachon imkoniyatni boy bermaydi.
Meri aytilgan ishni o‘z vaqtida bajaradigan shaxs. U doimiy ravishda so‘zining ustidan chiqadi. Bank hisobidagi pullari hamisha joyida, chunki Meri ko‘p pul xuddi tosh kabi pastga qarab yumalashini va muvaffaqiyat pillapoyasidan yuqoriga harakat qilishga xalaqit berishini biladi.
Xo‘sh, siz o‘zingizni Meri bilan solishtira olasizmi?
(Napoleon Xill kitobidan)
Jamiyat
Toshkentda qidiruvdagi shaxs YPX reydi davomida aniqlandi
Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan Bektemir tumanida o‘tkazilgan navbatdagi reyd paytida firibgarlik jinoyati bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi.
2025 yil 7 dekabr kuni Toshkent shahar IIBB YHXB YPXB 1-batalon katta inspektori Bektemir tumanidagi THAY ko‘chasida BYD rusumli avtomashinani hujjatlarni tekshirish maqsadida to‘xtatgan. Transport vositasi yo‘lovchisi — 36 yoshli A.Y.ning o‘zini tutishi va xatti-harakatlari xodimlarda shubha uyg‘otgan.
Yo‘lovchiga oid ma’lumotlar maxsus dastur orqali tekshirilganda, u O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasida («Firibgarlik») nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda gumonlanib, qidiruvda ekani ma’lum bo‘lgan. Qidiruvdagi shaxs o‘rnatilgan tartibda Bektemir tuman IIO FMB xodimlariga topshirilgan.
Jamiyat
Toshentda alohida avtobus yo‘laklarini tashkil etish davom ettiriladi
Poytaxtda avtobuslar harakati uchun alohida yo‘laklar tashkil qilish davom ettiriladi.
Bu borada «Toshkent shahrida transport tizimi boshqaruvini takomillashtirish hamda tirbandliklarning oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ–368-son qarorida belgilab qo‘yildi.
Jumladan:
Shahrisabz ko‘chasining Amir Temur shoxko‘chasi bilan kesishmasidan Mirobod ko‘chasi bilan kesishmasigacha bo‘lgan 3 kilometr qismi va yo‘lbo‘yi infratuzilmasini avtobuslar harakati uchun alohida yo‘lak tashkil qilgan holda ta’mirlash va modernizatsiya qilish ishlari amalga oshiriladi. Amalga oshirish muddati — 2026 yil sentyabr.
Amir Temur shohko‘chasining Toshkent halqa aylanma yo‘lidan (Uchqarhamon aylanmasi) Kichik halqa aylanma yo‘ligacha (Shimoliy vokzal) bo‘lgan 11 kilometr qismi va Yangi Sergeli ko‘chasining Choshtepa ko‘chasi bilan kesishmasidan Qipchoq ko‘chasi bilan kesishmasigacha bo‘lgan 5,5 kilometr qismi hamda ushbu ko‘chalar yo‘lbo‘yi infratuzilmasini avtobuslar harakati uchun alohida yo‘lak tashkil qilingan holda ta’mirlash va modernizatsiya qilish rejalashtirilgan. Amalga oshirish muddati — 2026 yil noyabr.
Maxtumquli, Mirzo Ulug‘bek – Feruza – Yunusobod, Lutfiy, Muqimiy, Nurafshon, Qoratosh – Chig‘atoy Darvoza va KHAY – Parkent ko‘chalarining jami 38 kilometr qismi hamda yo‘lbo‘yi infratuzilmasini avtobuslar harakati uchun alohida yo‘lak tashkil qilgan holda ta’mirlash va modernizatsiya qilish ko‘zda tutilgan. Amalga oshirish muddati — 2026–2029 yillar.
Jamiyat
Toshkentda yong‘in va zilzila bo‘yicha amaliy-taktik mashqlar o‘tkaziladi
8 dekabr kuni soat 11:30 dan 18:00 gacha poytaxtning Bektemir va Uchtepa tumanlarida joylashgan ko‘p qavatli uylar hududida favqulodda vaziyatlar – yong‘in va zilzila paytidagi to‘g‘ri harakatlarni o‘rganishga qaratilgan amaliy-taktik mashqlar o‘tkaziladi.
Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil 8 dekabr kuni Bektemir tumani Iyk-Ota mahallasi hamda Uchtepa tumani 31-mavzesida amaliy-taktik mashg‘ulotlar tashkil etilmoqda. Mashqlar soat 11:30 dan 18:00 gacha davom etadi.
O‘quv-mashg‘ulotlar doirasida yong‘inlarni barvaqt oldini olish, yong‘in va zilzila vaqtida aholining to‘g‘ri harakat qilishi, shuningdek, o‘t o‘chirish vositalaridan foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar sinab ko‘riladi.
Mazkur hududlarda harakatlanadigan yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali amaliy jarayonlarga guvoh bo‘ladigan fuqarolardan vaziyat yuzasidan xavotirga tushmaslik so‘ralmoqda. Bosh boshqarma ma’lumotiga ko‘ra, o‘quv mashg‘uloti vaqtida barcha xavfsizlik choralari to‘liq ta’minlanadi.
Jamiyat
Yer maydoni va kadastr hujjatlari uchun pora talab qilganlar qo‘lga olindi
DXX hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hududiy bo‘linmalari tomonidan Toshkent, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida yer maydoni ajratish va kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish bahonasida yirik miqdorda pora talab qilgan bir necha shaxsning noqonuniy faoliyati fosh etildi.
Toshkent viloyatidagi holat
Ohangaron tumanidagi unitar korxona yuristi, muqaddam sudlangan shaxs xaridorga Nurafshon shahrida parrandachilik bilan shug‘ullanuvchi xususiy korxonaga ajratilgan 90 sotix bo‘sh yer maydonini 250 ming AQSh dollariga “sotishini” taklif qilgan.
U, shuningdek, kadastr idoralaridagi tanishlari orqali mazkur yer maydonida kottejlar qurilishiga ruxsat olib berishini va’da qilib, o‘z “xizmati” uchun 30 ming AQSh dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u avans sifatida 40 ming AQSh dollari olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Qashqadaryo viloyatidagi holat
Tuman gaz ta’minoti bo‘limi xodimi o‘zining mansabdor tanishlari orqali Ko‘kdala tumanida davlat zaxirasida bo‘lgan 1 gektar yer maydonini xaridorga 500 million so‘mga “sotish”ga kelishgan.
U belgilangan summadan oldindan 20 ming AQSh dollari olgan paytida tezkor tadbir davomida qo‘lga olindi.
Buxoro shahridagi holat
Muqaddam sudlangan, hozirda maklerlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxs Buxoro shahrida yashovchi fuqarodan uning foydalanuvida bo‘lgan, umumiy maydoni 1 250 kvadrat metr bo‘lgan ko‘chmas mulk obekti toifasini o‘zgartirib, tegishli kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish evaziga 14 ming AQSh dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtda ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, mazkur jinoyat ishlariga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha ham surishtiruv ishlari davom etmoqda.
Jamiyat
Toshkentda narkokurerga aylangan talabalar fosh etildi
Poytaxtda “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tadbirlari doirasida oliy ta’lim muassasasining 1-bosqich talabalari tomonidan amalga oshirilgan narkokurerlik faoliyati fosh etildi. Tadbir davomida jami 520 gramm, 2600 dozaga teng bo‘lgan sintetik giyohvand moddaning noqonuniy muomalasi oldi olindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 4 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolavha asosida o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida Yashnobod tumani hududida ikki nafar 1-bosqich talaba qo‘lga olingan. Tekshiruv chog‘ida ularning yonidan 120 gramm “Alfa PVP” turidagi sintetik modda ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shundan so‘ng, 2007 yilda tug‘ilgan talabaning yotoqxonasi ko‘zdan kechirilib, u yerdan qo‘shimcha 400 gramm ushbu modda topilgani qayd etilgan. Shu tariqa, jami 520 gramm, 2600 dozaga teng “o‘lim dorisi”ning noqonuniy aylanmasi to‘xtatildi.
Tekshiruvlarda aniqlanishicha, talabalar moddani tanishlari tomonidan shaharning turli joylarida “tayyorlab” qoldirilgan nuqtalardan olib, yotoqxonada dozalarga bo‘lib, iste’molchilarga yetkazib berish bilan shug‘ullangan.
Hozirda holat yuzasidan tegishli protsessual tekshiruv va tergovga qadar harakatlar olib borilmoqda.
-
Iqtisodiyot4 days agoO‘zbekistondan Daniyaga ilk bor oziq-ovqat va quruq meva eksport qilindi
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev Denis Manturov boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasini qo’llab-quvvatlaydi
-
Iqtisodiyot4 days agoPrezidentning Sirdaryoga tashrifi «River Med Pharm» korxonasidan boshlandi
-
Jamiyat5 days agoYunusobodda YTH oqibatida avtomobil yonib ketdi
-
Sport4 days ago«Real» ta’qibni davom ettirdi, «Liverpul» yana ochko yo‘qotdi. Kun o‘yinlari
-
Jamiyat4 days agoPrezident Gulistondagi gaz portlashida jabrlanganlar holidan xabar oldi
-
Siyosat4 days agoMarkaziy Osiyo mamlakatlari 2026 yilda suvdan foydalanish va suv havzalari tizimiga kelishib olishdi
-
Iqtisodiyot4 days agoO‘zbekiston oktyabrda oltinning eng yirik xaridorlaridan biri bo‘ldi
