Iqtisodiyot
O‘zbekiston oktyabrda oltinning eng yirik xaridorlaridan biri bo‘ldi
O‘zbekiston Markaziy banki oktyabr oyida 9 tonna oltin sotib olib, Polsha va Braziliyadan keyingi eng yirik xaridorlardan biri bo‘ldi.
Markaziy banklar oktabr oyida sof oltin xaridini 53 tonnagacha oshirdi, deya xabar bermoqda Jahon oltin kengashi.
Bu sentabr oyiga nisbatan 36 foizga ko‘p va yil boshidan beri qayd etilgan eng yuqori oylik ko‘rsatkich hisoblanadi.
Eng yirik xaridorlar — Polsha va Braziliya Markaziy banki bo‘lib, ularning har biri 16 tonnadan oltin sotib olgan. Uchlikka O‘zbekiston Markaziy banki (9 tonna) ham kirgan.
Shuningdek, Indoneziya (4 tonna), Turkiya (3 tonna), Chexiya va Qirg‘iziston (2 tonnadan), Gana, Xitoy, Qozog‘iston va Filippin markaziy banklari (1 tonnadan) ham qimmatbaho metall xaridini amalga oshirishgan.
Hisobot davrida Rossiya regulyatori (3 tonna) oltin sotgan yagona markaziy bank bo‘lgan.
Yil boshidan noyabr oyigacha jahon markaziy banklari 254 tonna sof oltin xaridini amalga oshirgan. Bu avvalgi uch yilga nisbatan kamroq ko‘rsatkich bo‘lib, qisqarish joriy yilda narxlarning qimmatligi bilan izohlangan.
Yil boshidan beri eng yirik xaridorlar Polsha va Qozog‘iston, eng yirik oltin sotuvchilari esa Singapur va O‘zbekiston markaziy banklari bo‘lib qolyapti.
Iqtisodiyot
Biznes-ombudsman Toshkentning dizayn-kodi masalasida e’tiroz bildirdi
Qonunga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyatiga ta’sir qiladigan hujjatlar loyihasi Biznes-ombudsman bilan majburiy tartibda kelishilishi kerak, lekin poytaxt kengashi shahar dizayn-kodini tasdiqlash haqidagi qarorini kelishmasdan qabul qilgan. Qolaversa, ranglarni bir xillashtirish talabi tadbirkorlarning intellektual mulk huquqiga zid.
Toshkent dizayn-kodidan render-parcha / Foto: Toshkent shahar hokimligi
Toshkent shahar kengashi shahar dizayn-kodini joriy etish bo‘yicha 2026 yil 17 fevral kuni qabul qilgan qaror qayta ko‘rib chiqilishi kerak. Biznes-ombudsman qarorni o‘rganib chiqib, shunday xulosaga keldi.
Prezidentning tadbirkorlar huquqlari bo‘yicha vakili bayonotiga ko‘ra, qarorning ayrim bandlari amaldagi qonunchilikka zid.
Xususan, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonun talablariga ko‘ra, tadbirkorlik faoliyatiga ta’sir etuvchi loyihalar Biznes-ombudsman bilan majburiy tartibda kelishilishi lozim. Biroq ushbu qaror Vakil bilan kelishilmasdan qabul qilingan.
Qarorda reklama vositalari uchun belgilangan “past to‘yingan” yoki “neytral” rang kabi tushunchalarning huquqiy mezoni ochib berilmagan. Bundan tashqari, ranglarni bir xillashtirish talabi tadbirkorlarning intellektual mulk (ro‘yxatdan o‘tgan brend) huquqlariga zarar yetkazishi mumkin. Bir necha obektlarga ega bo‘lgan tarmoq tashkil etgan brendlarning manfaatlari inobatga olinmagan.
Yangi talablarga moslashish uchun belgilangan 3 oylik muddat yetarli emas. Jarayonni tadbirkorlarga ortiqcha yuklama tug‘dirmagan holda, bosqichma-bosqich amalga oshirish tartibi nazarda tutilmagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Biznes-ombudsman xalq deputatlari Toshkent shahri kengashiga mazkur qarorning tadbirkorlik faoliyatiga daxldor qismlarini qayta ko‘rib chiqish, normalarga o‘zgartirish kiritish va kuchga kirish muddatini uzaytirish yuzasidan rasmiy xulosa kiritdi.
Biznes-ombudsman qayta ko‘rib chiqishda o‘z xodimlari ishtirok etishini so‘ramoqda.
Iqtisodiyot
100 ta korxonada samaradorlikni oshirish uchun 30 million dollar grant jalb qilinadi
Yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarida samaradorlikni oshirish masalasiga alohida to‘xtaldi.
Davlat rahbari ta’kidlashicha, dunyoda mahsulot raqobatdoshligini ta’minlash uchun ilg‘or boshqaruv usullari keng qo‘llanilmoqda. Jumladan, «Kayzen» va «Lean production» kabi yondashuvlar resurs tejamkorligi va mehnat unumdorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, mamlakatimizda 50 ga yaqin tadbirkor bu tajribani xorijda o‘rganib, o‘z korxonalarida joriy etishni boshlagan. Biroq bu ko‘lam hali yetarli emasligi qayd etildi.
Prezident ayrim sohalarda ilg‘or usullar ommalashmayotganini tanqid qildi. Xususan, to‘qimachilik, qurilish materiallari, elektrotexnika va mebel kabi drayver tarmoqlarda bu yo‘nalishda tashabbus yetishmayotgani ta’kidlandi.
«Lekin, bu kam. Tadbirkorga tushuntirib, «diagnostika» xarajatining bir qismi qoplab berilsa, unumdorlik dasturlarini yo‘lga qo‘yish uchun imtiyozli kredit ajratsa bo‘ladi-ku!», – dedi davlat rahbari.
Shu munosabat bilan Iqtisodiyot va moliya vazirligiga aniq topshiriq berildi. Unga ko‘ra, joriy yilda 100 ta korxonada samaradorlikni oshirish bo‘yicha ilg‘or dasturlar joriy etiladi.
Mazkur tashabbusni moliyalashtirish uchun 30 million dollar miqdorida grant mablag‘larini jalb qilish rejalashtirilgan.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda dollar kursi ko‘tarildi
Markaziy bank 2026-yil 27-apreldan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 4,52 so‘mga oshib, 12 020,48 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 3,13 so‘mga tushdi va 14 048,33 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 16 207,21 so‘m bo‘ldi (-15,54).
Rossiya rubli 158,77 so‘m etib belgilandi (-1,53).
Iqtisodiyot
Ilk bor 2,4 mlrd dollarlik davlat aktivlarining 30 foizi xalqaro bozorga chiqadi – Prezident
Bugun, 24-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida iqtisodiy ko‘rsatkichlar va yangi tashabbuslar muhokama qilinmoqda.
Davlat rahbariga ko‘ra, may oyida 2 milliard 400 million dollarlik davlat aktivlarining 30 foizi ilk bor xalqaro fond bozorlariga chiqariladi.
«Bu Milliy investitsiya jamg‘armasini tashkil qilib, 13 ta strategik korxona boshqaruvini nufuzli «Franklin Templeton» kompaniyasiga berganimiz uchun bo‘lyapti», – dedi Prezident.
Yig‘ilishda birinchi chorak natijalari ham ma’lum qilindi. YaIM 8,7 foizga, sanoat 8 foizga, xizmatlar 16,1 foizga o‘sgan. Eksport hajmi 5,8 milliard dollarga, xorijiy investitsiyalar 13,7 milliard dollarga yetgan. Inflyasiya esa yillik hisobda ilk bor 7,1 foizgacha pasaygan.
Shu bilan birga, budjet daromadlari 35 foizga o‘sib, 103 trillion so‘mni tashkil etgan. Mahalliy budjetlarda qo‘shimcha 2,2 trillion so‘m shakllangan bo‘lib, uning 1,4 trillioni tuman va shaharlar ixtiyorida qolgan.
Prezident so‘zlariga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyoti xalqaro darajada ham ijobiy baholanmoqda. Xususan, Xalqaro valyuta jamg‘armasi hisobotida O‘zbekiston yuqori iqtisodiy faollik orqali barqaror o‘sishni saqlab qolayotgani qayd etilgan.
Shuningdek, mamlakat ilk bor «Iqtisodiy erkinlik indeksi»da «iqtisodiyoti mo‘tadil erkin» davlatlar qatoriga kirdi. Prezident ayrim sohalarda samaradorlik pastligini tanqid qilib, «ayrimlar hali ham uyg‘onmagan»ini ta’kidladi.
Iqtisodiyot
Birinchi chorakda O‘zbekistonga yuborilgan pul o‘tkazmalari 13 foizga oshdi
2026 yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekistonga qariyb 3,8 mlrd dollar pul o‘tkazmalari amalga oshirildi. Bu 2024 yilning mos davriga nisbatan 1 mlrd 283 mln dollarga yoki 52,2 foizga, 2025 yilning mos davriga nisbatan esa 433 mln dollarga yoki 13 foizga ko‘p. O‘z navbatida xalqaro pul o‘tkazmalari orqali O‘zbekistondan 604 mln dollar chiqib ketgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning birinchi choragiga nisbatan 39 mln dollarga kam.
Foto: Patrick T. Fallon / Bloomberg
2026 yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi 3,79 mlrd dollarga yetdi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.
Xususan, o‘tkazmalar miqdori joriy yilning dastlabki 3 oyida quyidagicha bo‘lgan:
yanvar: 1,23 mlrd dollar;
fevral: 1,23 mlrd dollar;
mart: 1,33 mlrd dollar.
Joriy yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekistonga amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari miqdori 2024 yilning mos davriga nisbatan 1 mlrd 283 mln dollarga yoki 52,2 foizga, 2025 yilning mos davriga nisbatan esa 433 mln dollarga yoki 13 foizga ko‘p.
O‘z navbatida xalqaro pul o‘tkazmalari orqali O‘zbekistondan 604 mln dollar chiqib ketgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning birinchi choragiga nisbatan 39 mln dollarga kam.
«Xorijiy valutaga bo‘lgan taklifning ortishi asosan eksport tushumlari, banklar tomonidan jalb qilingan tashqi qarzlar va xalqaro pul o‘tkazmalari hissasiga to‘g‘ri keldi. Ayniqsa, aholi tomonidan valuta sotuvining yuqori sur’atlarda o‘sishi bozorda qo‘shimcha taklif bo‘lib xizmat qildi», deyiladi Markaziy bank sharhida.
2017-2025 yillar oralig‘ida O‘zbekistonga amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari dinamikasining o‘zgarishi:
2020-2025 yillar oralig‘ida mamlakatga yuborilgan o‘tkazmalar miqdori 3 barobarga, ularning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi esa 8,6 foizdan 12,8 foizgacha ko‘paydi.
-
Siyosat4 days agoSaida Mirziyoyeva xalqaro forumda Prezident murojaatini o‘qib eshittirdi
-
Siyosat5 days agoSamarqandda narkotiklarning transmilliy tahdidlariga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro forum bo‘lib o‘tmoqda
-
Siyosat4 days agoHukumat mehnat muhojirlariga til oʻrgatish va malaka olish xarajatlari uchun kompensatsiya toʻlashi kerak
-
Siyosat3 days agoPrezident Shavkat Mirziyoyev JSST bosh direktorini qabul qildi
-
Siyosat3 days agoPrezident Mirziyoyev mintaqaviy sammitda yashil savdo yoʻlaklari va yagona iqlim investitsiya strategiyasini taklif qildi
-
Dunyodan5 days ago
Prezident Tramp Eron rahbariyati bilan uchrashishga tayyorligini ma’lum qildi
-
Iqtisodiyot2 days ago
Markaziy bank: 24-aprelda dollar pasayadi
-
Siyosat4 days agoSaida Mirziyoyeva Samarqandda JSST bosh direktori bilan uchrashdi
