Connect with us

Jamiyat

Murojaatlar bilan ishlashdagi kamchiliklar uchun 151 nafar xodim lavozimidan ozod etildi

Published

on


2026-yilning yanvar–avgust oylarida Prezident Xalq qabulxonalari tomonidan aholi murojaatlari bilan ishlashda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan davlat organlari va tashkilotlariga nisbatan ta’sir choralarini ko‘rish bo‘yicha jami 5 ming 486 ta hujjat kiritildi.

Shundan 1 ming 386 tasi taqdimnoma, 642 tasi talabnoma, 495 tasi axborot va 2 ming 963 tasi ko‘rsatmadan iborat.

Ko‘rilgan choralar natijasida 151 nafar xodim lavozimidan ozod etilgan, 833 nafariga hayfsan berilgan, 150 nafar xodim ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, 89 nafar xodim jarimaga tortilgan, 8 nafarining lavozimi pasaytirilgan, 3 holatda ma’naviy ziyon uchun kompensatsiya undirilgan, 1 holatda moddiy zarar qoplangan va 1 ming 335 nafar xodim rasman ogohlantirilgan.

Eng ko‘p taqdimnoma Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimiga — 233 ta, Mahallalar uyushmasi tizimiga — 218 ta hamda Majburiy ijro byurosi tizimiga — 158 ta kiritilgan.

Eng ko‘p ko‘rsatma esa Mahallalar uyushmasi tizimiga — 246 ta, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimiga — 212 ta va Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimiga — 210 ta berilgan.

Xalq qabulxonalari ma’lumotiga ko‘ra, kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida eng ko‘p murojaat tushayotgan 10 ga yaqin tashkilotda amaliy o‘quv seminarlari ham tashkil etilgan. Aholi murojaatlari bilan ishlashda ijro intizomini nazorat qilish davom ettiriladi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

«Ma’rifat karvoni» ziyolilarni umummilliy harakatga safarbar etmoqda

Published

on


«Ma’rifat karvoni» loyihasi «Birlashib, buyuk tarix yaratamiz» shioriga muvofiq, Prezident Shavkat Mirziyoyevning mustaqillik yilligiga bag‘ishlangan g‘oyalarini jamiyatga yetkazishga qaratilgan. Loyiha 4 sentyabrda 40 nafar targ‘ibotchi uchun o‘tkazilgan mashg‘ulotdan so‘ng 7–9 sentyabr kunlari Qoraqalpog‘iston, Andijon, Samarqand, Navoiy, Farg‘ona, Namangan, Buxoro va Xorazm viloyatlarida davom etdi. Ushbu ilmiy-ma’rifiy uchrashuvlarda 8 hududdan jami 2089 nafar ishtirokchi qatnashdi.

Buyuk o‘zgarishlar avvalo inson tafakkurida boshlanadi. Yangi fikr paydo bo‘ladi, savol tug‘iladi, muloqot yuzaga keladi. Eng muhimi, bu fikr va tashabbuslar harakatga aylanadi. Bugun yurtimizda “Birlashib, buyuk tarix yaratamiz” shiori ostida kechayotgan ilmiy-ma’rifiy tadbirlar ana shu jarayonning amaliy ifodasi bo‘lmoqda.

“Ma’rifat karvoni” bir hududdan ikkinchisiga nafaqat g‘oya, balki muloqot, mushohada va tashabbus ruhini olib bormoqda. Uning asosiy maqsadi – Prezident Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda ilgari surgan g‘oya va tashabbuslarini xalqimizga sodda, aniq va hayotiy misollar orqali yetkazish, ularni amaliy harakatga aylantirishdir.

Yangi fikr. Yangi muloqot. Yangi harakat

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi,  Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati, Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan mazkur “Ma’rifat karvoni” oddiy targ‘ibot emas. Chunki bu jarayonda inson faqat tinglovchi emas, balki fikr bildiruvchi, savol beruvchi va tashabbus ko‘rsatuvchi ishtirokchiga aylanadi.

Har bir uchrashuvda yangi fikr tug‘iladi. Yangi fikr esa yangi harakat uchun zamin yaratadi. Shu ma’noda, karvonning har bir manzili – o‘ziga xos ma’rifiy maydon. Bu yerda davlat xizmatchisi bilan nuroniy, yoshlar yetakchisi bilan xotin-qizlar faoli, targ‘ibotchi bilan jamoatchilik vakili bir maqsad atrofida muloqot qiladi. Maqsad bitta – yurt taraqqiyotiga daxldorlik hissini kuchaytirish.

40 targ‘ibotchi – minglab uchrashuvlarga yo‘l ochdi

Katta harakat kichik, ammo muhim qadamdan boshlandi.

4 sentyabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida 40 nafar respublika targ‘ibotchisi uchun seminar-trening tashkil etildi. Ularga hududlar, vazirlik va idoralarda ma’rifiy tadbirlarni samarali tashkil etishning zamonaviy usullari bo‘yicha metodik tavsiyalar berildi. Ssenariylar, videomateriallar, taqdimotlar va ma’ruza matnlari taqdim etildi. Endi bu bilim va tajriba hududlarga yetkazilmoqda. Ya’ni 40 nafar targ‘ibotchi – 40 ta manzil emas. Ular ortida minglab uchrashuvlar, minglab muloqotlar va yangi tashabbuslar turibdi. Bir fikrning ko‘payishi – uning kuchga aylanganidir.

Sakkiz hudud – 2089 ta taqdir, 2089 ta fikr

7–9 sentyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Andijon, Samarqand, Navoiy, Farg‘ona, Namangan, Buxoro va Xorazm viloyatlarida seminar-treninglar va ilmiy-ma’rifiy uchrashuvlar o‘tkazildi. Tadbirlarda Qoraqalpog‘istondan 440, Samarqanddan 190, Andijondan 100, Navoiydan 150, Farg‘onadan 220, Namangandan 264, Buxorodan 225 va Xorazmdan 500 nafar ishtirokchi qatnashdi. Jami – 2089 nafar. Bir qarashda bu shunchaki raqam. Ammo har bir raqam ortida inson bor. Uning savoli, fikri, hayotiy tajribasi, taklifi va kelajak haqidagi qarashlari bor. Shu bois “Ma’rifat karvoni”ning eng katta natijasini raqamlarda emas, odamlarning fikrida ko‘rish mumkin.

Ma’rifat bor joyda harakat bor

Ma’rifat – faqat bilim berish emas. U insonni o‘ylashga, izlanishga va harakat qilishga undaydi. Shuning uchun seminarlarda davlat xizmatchilari, nuroniylar, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari va ma’rifat targ‘ibotchilarining ishtirok etayotgani bejiz emas. Ularning har biri o‘z jamoasiga, o‘z mahallasiga, o‘z hududiga yangi fikr olib boradi.

Bir insonda uyg‘ongan fikr – bir jamoani harakatga keltirishi mumkin. Bir jamoaning harakati esa butun hududda ijtimoiy muhitni o‘zgartirishi mumkin.

Karvonning manzili – inson qalbi

“Ma’rifat karvoni”ning yo‘li hali uzoq. U bir hududdan ikkinchisiga, bir jamoadan boshqasiga ezgu g‘oyalarni olib boradi. Har bir uchrashuvda savollar tug‘iladi, fikrlar to‘qnashadi, yangi tashabbuslar paydo bo‘ladi. Aslida, karvonning eng muhim manzili – muayyan bino yoki hudud emas. Uning eng muhim manzili – inson qalbi va tafakkuri. Chunki tafakkur o‘zgarsa, munosabat o‘zgaradi. Munosabat o‘zgarsa, harakat paydo bo‘ladi. Harakat esa natija yaratadi.

Yangi fikrdan – buyuk tarix sari

Bugun “Ma’rifat karvoni” atrofida birlashayotgan minglab insonlarning maqsadi mushtarak: islohotlarning mazmun-mohiyatini chuqur anglash, yurt taqdiriga daxldorlikni his etish va taraqqiyotga o‘z hissasini qo‘shish. Zero, buyuk tarixni faqat tarixchilar yozmaydi. Uni o‘z davrida mas’uliyatni his qilgan, bilimga intilgan, ezgu maqsad atrofida birlashgan insonlar yaratadi.

Bugungi yangi fikr – ertangi yangi harakat. Bugungi yangi harakat esa kelajakning buyuk tarixiga aylanadi. Yangi fikr – yangi harakat – yangi natija. Birlashib, buyuk tarix yaratamiz!



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Markaziy Osiyoning xalqaro ayol media-mutaxassislari Toshkentda to‘plandi

Published

on


Toshkentda II Markaziy Osiyo xalqaro ayol media-mutaxassislari konferensiyasi o‘z ishini boshladi. Unda Markaziy Osiyoning besh mamlakatidan kelgan 100 dan ortiq ayol media sohasi vakillari qatnashmoqda.

Bugungi axborot makonida mintaqaviy birdamlik jurnalistikaning rivoji uchun muhim omillardan biriga aylanmoqda. Turli hudud va davlatlardagi jurnalistlar o‘rtasida tajriba almashish, hamkorlikni kuchaytirish hamda umumiy muammolarga birgalikda yechim izlash axborotning tezkor va ishonchli yetkazilishiga xizmat qiladi. Ayniqsa, raqamli platformalar kengayib borayotgan sharoitda jurnalistlarning kiberxavfsizlik bo‘yicha bilimlarini oshirish, shaxsiy ma’lumotlar va manbalarni himoya qilish dolzarb vazifadir.

Ayni paytda, «Mintaqaviy birdamlik, raqamli xavfsizlik va jurnalistikaning inklyuziv kelajagi» II Markaziy Osiyo xalqaro ayol media-mutaxassislari konferensiyasida Markaziy Osiyoning besh mamlakatidan kelgan 100 dan ortiq ayol jurnalist, muharrir, media-menejer, raqamli kontent yaratuvchi va ekspertlar raqamli xavfsizlik, sun’iy intellekt, gender standartlari hamda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi (MJDC)  tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi OAV uchun kontent ishlab chiqarish markazi, Milliy ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston, Qozog‘iston va Tojikistondagi vakolatxonalari, Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori, YeXHTning Dushanbedagi dasturlar ofisi, YeXHTning Bishkekdagi dasturlar ofisi, YuNESKOning O‘zbekiston va Qozog‘istondagi vakolatxonalari hamda Qirg‘iziston ijodiy industriyalar parki hamkorligidagi konferensiyadan Markaziy Osiyo media sohasidagi ayollar faoliyatiga tobora kuchliroq ta’sir ko‘rsatayotgan dolzarb chaqiriqlar o‘rin olgan.

Shuningdek, raqamli zo‘ravonlik, dipfeyklar hamda sun’iy intellekt texnologiyalaridan suiiste’mol qilishning boshqa shakllari, dezinformatsiya, kasbiy toliqish, ayollarning media-menejmentga kirib borishidagi g‘ovlar va mintaqa mamlakatlari o‘rtasida barqaror kasbiy qo‘llab-quvvatlash borasida muzokaralar kechmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi direktori Saida Sulaymanovaga ko‘ra, bundan ikki yil ilgari Markaziy Osiyo ayol jurnalistlarini birlashtirish zarurati tug‘ilgan.

«Bugun esa navbatdagi qadamni tashlash — mintaqaviy hamkorlikni kasbiy aloqalar hamda o‘zaro qo‘llab-quvvatlashning amaldagi tizimiga aylantirish muhimdir. Media sohasidagi ayollar qaysi mamlakatda bo‘lishidan qat’i nazar, bir-biriga juda o‘xshash chaqiriqlarga — raqamli ta’qib va kasbiy bosimdan tortib, sun’iy intellekt olib kelayotgan shiddatli o‘zgarishlargacha bo‘lgan muammolarga duch kelishmoqda. Boshga tushayotgan bu chaqiriqlarga esa birgalikda javob berish ancha samaraliroqdir», — deya ta’kidlaydi Saida Sulaymonova.

Shtat va tahririyatlar ishida sun’iy intellektning ta’siri konferensiyaning markaziy mavzularidan biriga aylandi. Ekspertlar va ishtirokchilar tahririyat faoliyatida SIdan foydalanishning etik tamoyillari, uning axborotni tahlil qilish hamda jurnalistik surishtiruvlardagi imkoniyatlari, shuningdek, sintetik kontent va dipfeyklarning tarqalishi hamda axborot manipulyasiyasining yangi shakllari bilan bog‘liq muhokamalar qizg‘in kechdi.

Aytish joizki, dasturning salmoqli qismi raqamli xavfsizlik hamda kasbiy barqarorlik masalalariga bag‘ishlandi.  Markaziy Osiyo mediasida ayol jurnalistlar va media mutaxassislarning o‘rni tobora ortib bormoqda. Shunga qaramay, ularning rahbarlik lavozimlariga ko‘tarilishi, muhim qarorlar qabul qilish jarayonlarida ishtirok etishida turli to‘siqlar uchraydi. «Shisha shift» atamasi ana shu ko‘zga ko‘rinmas, biroq, kasbiy o‘sishni cheklaydigan to‘siqlarni anglatadi. Bunday holatlarni bartaraf etish uchun ayollarning professional salohiyatini qo‘llab-quvvatlash, teng imkoniyatlar yaratish va rahbarlik ko‘nikmalarini rivojlantirish muhim.

«Amaliy sessiyalarda ishtirokchi ayollar akkauntlar va ma’lumotlarni muhofaza qilish vositalari bilan ishlaydilar, onlayn-hujumlar ssenariylarini tahlil qiladilar hamda tezkor kasbiy yordam ko‘rsatishning ehtimoliy mexanizmlarini muhokama etadilar. Ayol jurnalistlar OAV voqealarni haqiqatda bo‘lgani kabi aks ettirishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. «Shisha shift»ni yengib o‘tayotgan ayollardan ko‘pincha murakkab yoki notinch sharoitlarda ham muvaffaqiyatga erishish kutiladi. Haqiqiy tenglik muntazam mentorlik, institutsional qo‘llab-quvvatlash va uzoq muddatli investitsiyalarni talab qilgani bois, Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo mintaqasidagi mustaqil OAVni o‘qitish dasturlari, jumladan, gender-sezgir jurnalistika va jurnalistlar xavfsizligi bo‘yicha, shuningdek, jurnalistlar uchun grant va stipendiyalar ajratish orqali qo‘llab-quvvatlashni davom ettirmoqda»,-dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toyvo Klaar.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i pora bilan qo‘lga olindi

Published

on


Xorazm viloyatida qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i ushlandi. 

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Unda Qo‘shko‘pir tumani qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i R.A. 1 000 AQSh dollari evaziga viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasida ishlovchi tanishlari orqali fuqaro J.P.ning noturar binosini turar joy toifasiga o‘tkazib berishini aytib, ushbu pullar hisobidan 700 AQSh dollari va 3,6 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Prezident O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishini ko‘zdan kechirdi (foto)

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimiz markazida barpo etilayotgan O‘zbekiston Milliy muzeyining qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi.

Ushbu yirik loyiha Prezidentimizning 2025-yil 1-iyuldagi tegishli qaroriga asosan amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari o‘tgan yil avgust oyida mazkur inshoot qurilishiga tamal toshi qo‘ygan edi.

Mamlakatimiz yetakchisi muzey hududida olib borilayotgan keng ko‘lamli qurilish-montaj ishlari, obyektlar poydevori va muhandislik infratuzilmasini barpo etish jarayoni bilan tanishdi. Majmua yurtimizning boy tarixi, madaniyati va kelajak intilishlarini namoyon etadigan muhim madaniy maskan bo‘lishi ta’kidlandi.

Muzeyning me’moriy qiyofasi va mazmun-mohiyati dunyodagi ilg‘or tajribalar asosida shakllantirilgan. Loyiha mashhur yaponiyalik me’mor Tadao Ando tomonidan yaratilgan, ekspozitsiya konsepsiyasi esa Germaniyaning “Atelier Brückner” tashkiloti tomonidan tayyorlangan.

Majmuaning umumiy maydoni 3,9 gektarni, bino maydoni esa 40 ming kvadrat metrdan ortiqni tashkil etadi. Inshoot 3 qavatli asosiy bino hamda 2 qavatli yer osti qismidan iborat bo‘ladi.

Muzey maydonining 60 foizi ta’lim va ilmiy faoliyatga ajratiladi. Bu yerda ko‘rgazma zallari, boy kutubxona, restavratsiya laboratoriyalari va konferensiya zallari joylashadi. Oilalar va yoshlarning mazmunli hordiq chiqarishi uchun restoranlar hamda bolalar maydonchalari ham tashkil etiladi.

Ushbu madaniy maskan bir vaqtning o‘zida 3 ming 500 nafargacha tashrif buyuruvchini qabul qila oladi. Bu yerda 10 mingga yaqin tarixiy va san’at eksponatlari namoyish etiladi.

Bino qurib bitkazilgach, atrofidagi Abulqosim madrasasi, Xalqlar do‘stligi saroyi va Milliy bog‘ bilan birgalikda yaxlit me’moriy ansamblni hosil qiladi.

Fransiyaning Luvr, AQShning Metropoliten va Britaniya muzeylari kabi dunyoning nufuzli madaniy muassasalari bilan qo‘shma ko‘rgazmalar o‘tkazish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Prezidentimiz mutasaddilarga qurilish ishlarini belgilangan muddatlarda va yuqori sifat standartlari asosida bajarish bo‘yicha topshiriqlar berdi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Qichqiriq mahallasidagi o‘zgarishlar ko‘zdan kechirildi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Olmazor tumanidagi Qichqiriq mahallasida amalga oshirilgan obodonlashtirish ishlari va aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Tashkil topganiga o‘ttiz yildan oshgan ushbu mahallada 23 ta ko‘p qavatli uy joylashgan. 1 ming 416 ta xonadonda 5 ming 400 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi.

Prezidentimizning 2024-yil 25-iyundagi “Mahallalarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish va qiyofasini tubdan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilgan o‘zgarishlar natijasida mahalla bugun butunlay yangi qiyofa kasb etdi.

“Obod mahalla” davlat dasturi doirasidagi ushbu loyihaga mahalliy budjetdan 71,4 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Natijada hudud zamonaviy “yashil” shaharsozlik muhitini o‘zida mujassam etgan haqiqiy ekologik mahallaga aylandi.

Eng katta yangiliklardan biri Qichqiriq kanali qirg‘og‘i bo‘ylab barpo etilgan sayilgoh bo‘ldi. Uning uzunligi 2,4 kilometrni tashkil etadi. Suv bo‘yi hududi aholi tunu kun hordiq chiqaradigan shinam va ozoda maskanga aylantirildi.

Bu yerda 12,4 kilometr uzunlikda piyodalar yo‘lagi yotqizildi, qo‘shimcha yashil hudud tashkil etildi. Suv havzasi ustida muhtasham ayvon, 14 ta shiypon, charxpalak va favvoralar qurildi.

Bugun mahallada 6,5 mingga yaqin manzarali va mevali daraxt parvarish qilinmoqda. Turar joylarning tashqi ko‘rinishi ham yangilandi. Aholi dam olishi uchun yuzlab o‘rindiqlar, yoritish chiroqlari o‘rnatildi.

Bu yerda yoshlar uchun ham barcha sharoit yaratildi. 12 ta vorkaut maydonchasi va 3 ta futbol maydoni barpo etildi, kutubxonalar foydalanishga topshirildi.

Tadbirkorlik ham jadal rivojlanib, 47 ta tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. Yangi loyihalar hisobiga 61 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Davlatimiz rahbari shu yerning o‘zida aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allik bilan ishlash bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatmalar berdi.

Qichqiriq mahallasida ham bu borada o‘ziga xos tizim yo‘lga qo‘yilmoqda.

Masalan, mahalla fuqarosi Gulnora G‘oyipova kulolchilik to‘garagi va to‘quvchilik sexi faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Bu yerga mahalladagi ishsiz yoshlar va xotin-qizlar jalb etilib, “Usta-shogird” an’anasi asosida hunar o‘rganmoqda.

Shuningdek, hududda respublikada birinchilardan bo‘lib zamonaviy minorali avtoturargoh o‘rnatildi. Ushbu 8 qavatli inshoot lift prinsipida ishlaydi. Markazdagi lift avtomobilni qabul qilib, uni o‘ng va chap tomondagi bo‘sh joylarga joylashtiradi. Natijada atigi bir juft mashina sig‘adigan kichik yer maydonida 16 ta avtomobilni bemalol saqlash imkoni yaratildi.

Bundan tashqari, madaniy hordiq chiqarish, turli jamoatchilik tadbirlarini o‘tkazish va mahalla ahlini birlashtirish maqsadida shinam amfiteatr ham barpo etildi.

Bu yerda mavjud 2 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida ham keng ko‘lamli qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.

Davlatimiz rahbari ushbu muassasalardan biri – 441-bog‘chada yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishdi.

Ushbu maskan 1976 yilda qurilgan bo‘lib, uning hududi tubdan kengaytirildi. Muassasaning bo‘sh turgan maydonida jami 450 o‘rinli 2 ta yangi bino barpo etildi. Natijada bog‘chaning umumiy quvvati 835 o‘ringa yetkazildi.

Muassasada bolajonlar salomatligiga alohida e’tibor qaratilgan. Bolalar immunitetini mustahkamlash va nafas yo‘llari kasalliklarining oldini olish maqsadida maxsus tuz xonasi tashkil etildi.

Bundan tashqari, kichkintoylarning har tomonlama rivojlanishi uchun ingliz tili, mental arifmetika, tasviriy san’at, musiqa, badiiy gimnastika, shaxmat hamda taekvondo bo‘yicha qo‘shimcha to‘garaklar yo‘lga qo‘yilmoqda.

Prezidentimizga muassasada bolalar uchun yaratilgan “O‘zbek tilini o‘ynab o‘rganamiz” maxsus interaktiv platformasining imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.

Ushbu maxsus interaktiv platforma bolajonlarning davlat tilini qiziqarli o‘yinlar va raqamli texnologiyalar orqali oson o‘zlashtirishi uchun katta imkoniyat yaratadi. Platformadan mashg‘ulot jarayonida bolalarda mustaqil fikrlash, hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirish, kasblar bilan tanishishda ham foydalanish mumkin.

Shuningdek, bog‘chada tashkil etilgan yo‘l harakati xavfsizligi to‘garagi faoliyati bilan ham tanishildi. Bu kabi to‘garaklar faoliyatini boshqa maktabgacha ta’lim muassasalarida ham ommalashtirish, bolalarni yo‘l harakati xavfsizligi madaniyatiga bog‘cha paytidanoq o‘rgatib borish muhimligi ta’kidlandi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.