Jamiyat
Murojaatlar bilan ishlashdagi kamchiliklar uchun 151 nafar xodim lavozimidan ozod etildi
2026-yilning yanvar–avgust oylarida Prezident Xalq qabulxonalari tomonidan aholi murojaatlari bilan ishlashda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan davlat organlari va tashkilotlariga nisbatan ta’sir choralarini ko‘rish bo‘yicha jami 5 ming 486 ta hujjat kiritildi.
Shundan 1 ming 386 tasi taqdimnoma, 642 tasi talabnoma, 495 tasi axborot va 2 ming 963 tasi ko‘rsatmadan iborat.
Ko‘rilgan choralar natijasida 151 nafar xodim lavozimidan ozod etilgan, 833 nafariga hayfsan berilgan, 150 nafar xodim ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, 89 nafar xodim jarimaga tortilgan, 8 nafarining lavozimi pasaytirilgan, 3 holatda ma’naviy ziyon uchun kompensatsiya undirilgan, 1 holatda moddiy zarar qoplangan va 1 ming 335 nafar xodim rasman ogohlantirilgan.
Eng ko‘p taqdimnoma Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimiga — 233 ta, Mahallalar uyushmasi tizimiga — 218 ta hamda Majburiy ijro byurosi tizimiga — 158 ta kiritilgan.
Eng ko‘p ko‘rsatma esa Mahallalar uyushmasi tizimiga — 246 ta, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tizimiga — 212 ta va Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimiga — 210 ta berilgan.
Xalq qabulxonalari ma’lumotiga ko‘ra, kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida eng ko‘p murojaat tushayotgan 10 ga yaqin tashkilotda amaliy o‘quv seminarlari ham tashkil etilgan. Aholi murojaatlari bilan ishlashda ijro intizomini nazorat qilish davom ettiriladi.