Sport
«Liverpul» Turkiyada yutqazdi, grandlardan gollar shousi. YeChLda kun o‘yinlari
Seshanba oqshomida Chempionlar ligasining ikkinchi tur o‘yinlari start oldi: tur doirasidagi asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvalidagi vaziyat.
Mbappe yana porladi – «Real» uchun navbatdagi het-trik
«Qayrat» – «Real» 0:5
Gollar: Mbappe, 25 – penalti (0:1). Mbappe, 52 (0:2). Mbappe, 74 (0:3). Kamavinga, 83 (0:4). Dias, 90+3 (0:5)
«Qayrat»: Kalmurza, Martinovich, Sorokin, Luish Mata, Tapalov (Baybek, 64), Kasabulat, Arad (Stanoyev, 64), Gromiko (Zariya, 80), Mrinskiy, Jorjinio (Edmilson, 64), Satpayev (Rikardinio, 80)
«Real»: Kurtua, Alaba, Hausen, F. Garsiya, Raul Asensio, Tshuameni (Bellinghem, 80), Sebalyos, Vinisius Junior (Dias, 70), Mastantuono (Rodrigu, 70), Mbappe (G. Garsiya, 81), Arda Guler (Kamavinga, 80)
Ogohlantirishlar: Gromiko, 48. Arad, 55
YeChLdagi debyutini Lissabonda «Sporting»dan 1:4 hisobida mag‘lub bo‘lish bilan boshlagan «Qayrat» turnir favoritlaridan biriga qarshi o‘z uyidagi o‘yinni dadil boshladi va ilk xavfli vaziyatga ham ega bo‘ldi, ammo 17 yoshli Satpayevning zarbasi Kurtuaga qiyinchilik tug‘dirmadi. Shundan keyin mehmonlar tashabbusni qo‘lga olishdi va mezbonlar ikkinchi o‘yinda ham yirik hisobda mag‘lubiyatga uchradi. «Real»ning Olmaotaga tashrifi butun mamlakat bo‘ylab katta ajiotaj keltirib chiqargandi, 26 minglik stadionni to‘ldirib o‘tirgan muxlislar esa Mbappening uch goliga guvoh bo‘lishdi. Kilian endi Madrid jamoasi safida YeChL o‘yinlarida qayd etilgan het-triklar soni bo‘yicha (4) Benzema bilan tenglashib oldi, safar o‘yinlaridagi het-triklar soni (3) bo‘yicha esa turnir tarixida unga teng keladigan futbolchi yo‘q, shuningdek, jami gollar soni (60 ta) bo‘yicha Tomas Myuller ortda qoldirildi.
Yo‘qotadigan narsasi qolmagan qozog‘istonliklar butun kuch bilan oldinga o‘tishdi, ammo hujumlar samara bermadi, Gromiko ishlagan penalti esa VAR aralashuvi bilan bekor qilindi. Ikkinchi bo‘limda zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Kamavinga va Braim ham bittadan gol urib, hisobni yanada yiriklashtirishdi. Bu o‘yin qozog‘istonliklarga katta futbol bayramini taqdim etdi, ammo «Real» – boshqa galaktika ekanini isbotladi.
Uchrashuvning asosiy haylayti Rodrigoning Qozog‘iston klubiga «transferi» bo‘ldi: final hushtagidan so‘ng braziliyalik futbolchi futbolchilardan biri bilan futbolkasini almashdi.
Sehrlangan raqib
«Galatasaroy» – «Liverpul» 1:0
Gol: Osimhen, 16 – penalti (1:0)
«Galatasaroy»: Ugurjan Chaqir, Sanches, Abdulkarim Bardakchi, Yakobs, Singo, Torreyra, Gundo‘g‘an (Sara, 75), Lemina, Barish Yilmaz (Eren Elmali, 85), Yunus Akgyun (Sholloi, 71), Osimhen (Ikardi, 71)
«Liverpul»: Alisson (Mamardashvili, 56), van Deyk, Konate, Kerkez, Frimpong (Bredli, 62), Gravenberh (Isak, 62), Jons, Soboslai, Gakpo (Saloh, 62), Virs, Ekitike (Makallister, 68)
Ogohlantirishlar: Lemina, 36. Abdulkarim Bardakchi, 61. Ikardi, 76. Yakobs, 76. Ugurjan Chaqir, 88 – Gravenberh, 45. Bredli, 73. Jons, 90
«Galatasaroy» tarkibiga jarohatidan to‘la forig‘ bo‘lgan Osimhen qaytdi va bu «sherlar»ni jiddiy kuchaytirdi. O‘yin debyutidayoq Alisson yakkama-yakka vaziyatga chiqib kelgan Barish Yilmazni to‘xtatishiga to‘g‘ri keldi. Javob hujumida esa mezbonlar posboni Ugurjan Chaqir ham seyv qilishiga to‘g‘ri keldi, u Ekitikening yaqin masofadan yo‘llagan zarbasini to‘sdi, qaytgan to‘pni Gakpo undan o‘tkazib darvoza tomon yo‘lladi, ammo himoyachi Yakobs to‘pni darvoza chizig‘i oldida to‘xtatib qoldi. Navbatdagi hujum esa turklarga muvaffaqiyat keltirdi, 15-daqiqada Yilmaz chap qanotdan jarima maydoniga kirib bordi va fint ishlatib, Soboslaini dog‘da qoldirdi, vengriyalik yarimhimoyachi esa unga fol ishlatishga majbur bo‘ldi va hakam 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi, nuqtaga yaqinlashgan Viktor Osimhen zarbani aniq ijro etdi.
Qizillar kutilganidek mezbonlar jarima maydonini qamal qilishdi, ikkinchi bo‘lim boshida javob gol urilishi mumkin edi, ammo Ekitike qulay pozitsiyada turib to‘pni tovonida darvoza to‘riga yo‘llashga urindi, bu zarba esa darvozabonga qiyinchilik tug‘dirmadi. Shundan keyin Arne Slot jamoasi jiddiy muammoga duch keldi. Yakkama-yakka vaziyatga chiqib kelayotgan Osimhenni qarshi olish uchun yugurib chiqqan Alisson jarohat olib, o‘rnini Mamardashviliga bo‘shatib berishiga to‘g‘ri keldi.
Darvozabonlar rokirovkasi natijaga ta’sir ko‘rsatmadi, o‘yin oxirida esa mehmonlar mag‘lubiyatdan qutulib qolishga yana bir bor yaqin kelishdi: avvaliga hakam Singo jarima maydoni ichida Isakni yiqitgan deb topdi, ammo videoassistentlar uning xatosini tuzatdi, aslida Uilfrid to‘pga birinchi bo‘lib ulgurgani oydinlashdi va «Liverpul» qatorasiga ikkinchi o‘yinda ham mag‘lubiyatni tan olishga majbur bo‘ldi.
«Liverpul» ushbu raqibga qarshi Istanbuldagi o‘yinlarda noxush seriyani davom ettirmoqda (=1-2). Qolaversa, Angliya chempionlari YeChL safar o‘yinlarida birinchi bo‘limda gol o‘tkazib, tanaffusga mag‘lub holda yo‘l olgan o‘yinlarida vaziyatni o‘nglashi qiyin bo‘lmoqda. Jamoa shunday o‘yinlardan oxirgi yigirmatasida faqat ikkitasida g‘alaba qozona olgan, o‘n olti o‘yinda esa yutqazgandi. Endi bu raqamlar mersisaydliklar uchun yanada qayg‘uli ko‘rinish oldi.
Mourinioning omadsiz qaytishi
«Chelsi» – «Benfika» 1:0
Gollar: Rios, 18 – avtogol (1:0)
«Chelsi»: Sanches, Badiashile (Jyeyms, 80), Chaloba, Kukurelya, Gyusto (Achimpong, 80), Fernandes, Kaysedo, Buonanotte (Estevao, 54), Garnacho (Gittens, 61), Pedru Netu, Jorj (Joao Pedro, 61)
«Benfika»: Trubin, Silva (Arauju, 73), Otamendi, Dal, Dedich, Barrenechea, Rios (Barreyru, 77), Eursnes (Enrike Arauju, 89), Sudakov (Ivanovich, 77), Lukebakio (Shelderup, 77), Pavlidis
Ogohlantirishlar: Fernandes, 45. Buonanotte, 46. Joao Pedro, 62 – Barrenechea, 34. Rios, 49. Eursnes, 64. Otamendi, 83. Arauju, 88
Chetlatish: Joao Pedro, 90 (ikkinchi sariq)
Joze Mourinio «Benfika» bilan nafaqat qadrdon «Stemford Brij»ga, balki YeChLga ham qaytdi. U o‘zi uchun sevimli turnirda besh yarim yildan buyon qatnashmayotgandi – uning turnirdagi oxirgi o‘yini 2020 yil martiga to‘g‘ri keladi, o‘shanda uning boshqaruvidagi «Tottenhem» 1/8 finalda «Leypsig»dan mag‘lub bo‘lgandi.
Taqdir hazili shundaki, uning boshqaruvidagi «Fenerbahche» YeChL uchun o‘tish o‘yinlarida «Benfika»ga yutqazgandi va shundan keyin portugaliyalik mutaxassis turklar jamoasidan bo‘shatilgandi. Ammo
«Benfika» YeChLning birinchi turida kutilmaganda «Qorabog‘»ga yutqazib qo‘ygach, Brunu Lajye iste’foga chiqarildi va uning o‘rniga Mourinio chaqirildi.
Joze Mourinioni «Stemford Brij»da iliq qarshi olishdi: tribunalardagi muxlislar uning nomini olqishlashdi, portugaliyalik mutaxassis esa bunga javoban ularga havoda bo‘sa yo‘lladi. Maydonda esa «Benfika» raqibga jang taklif qildi, ammo «Chelsi» yakunda uch ochkoga ega bo‘ldi. Barchasini Richard Riosning avtogoli hal qildi, u 18-daqiqada Alexandro Garnachoning qanotdan uzatmasini to‘sishga urinib, o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi. Ikkinchi bo‘limda Fredrik Eursnes juda yaxshi vaziyatga ega bo‘lgandi, ammo mezbonlar darvozaboni top-seyv ijro etib, jamoasi g‘alabasini saqlab qoldi.
Lautaro tarix yozmoqda
«Inter» – «Slaviya» 4:0
Gollar: Martines, 30 (1:0). Dyumfris, 34 (2:0). Martines, 65 (3:0)
«Inter»: Zommer, Acherbi, Bastoni, Bissek (Akanji, 66), Zelinski (Barella, 66), Suchich, Hoqon Chalxono‘g‘li, Dimarko, Dyumfris (Darmian, 76), Tyuram (Bonni, 66), Martines (Espozito, 66)
«Slaviya»: Stanek, Xaloupek, Zima, Hasioka (Xitil, 83), Vlchek, Zafeyris, Dorli, Sadilek (Xori, 46), Provod (Cham, 70), Dudera (Mbodji, 49), Kushey (Shrans, 46)
Ogohlantirishlar: Bissek, 48. Martines, 61 – Shrans, 56
O‘tgan mavsum finalchisi yarim soat davomida «Slaviya» mudofaasining zaif nuqtasini qidirdi, keyin esa darvozabonning xatosi tufayli hisobni ochdi. Stanek Lautaro Martinesning bosimi ostida uzatma berishda muvaffaqiyatsiz harakat qildi, to‘pga ega chiqqan argentinalik hujumchi esa bo‘sh darvozani ishg‘ol etdi. «Inter» sardori karerasidagi eng oddiy gollardan biri evaziga tarixga kirdi. U neradzurrilarning Chempionlar ligasida qatorasiga yetti mavsum davomida gol urgan birinchi futbolchisiga aylandi.
Martines ikkinchi bo‘limda Bastonining uzatmasidan keyin dublni rasmiylashtirdi. Bu golli hujumda Bastoniga tovonda uzatma berish orqali qatnashgan Markus Tyuram birinchi bo‘limda Dyumfrisning goliga ham assistentlik qilgandi. Kristian Kivu YeChLni qatorasiga ikki g‘alaba bilan boshlamoqda.
Noyyerning rekordi
«Pafos» – «Bavariya» 1:5
Gollar: Keyn, 15 (0:1). Rafael Gerreyru, 20 (0:2). Jyekson, 31 (0:3). Keyn, 34 (0:4). Orshich, 45 (1:4). Olise, 68 (1:5)
«Pafos»: Mixail, Goldar, David Luiz (Langa, 59), Lyukkassen, Shunich, Pepe, Pileas (Sema, 79), Jaja (Bassauamina, 59), Dragomir (Kina, 66), Orshich, Anderson Silva (Dimata, 59)
«Bavariya»: Noyyer, Upamekano (Ta, 72), Kim Min Je, Rafael Gerreyru, Laymer (Bishof, 83), Kimmix, Pavlovich, Keyn (Boe, 64), Dias (Gnabri, 46), Olise (Karl, 72), Jyekson
Ogohlantirish: Orshich, 46
Seshanba kuni nafaqat «Qayrat» balki Kiprning «Pafos» klubi ham tarixiy o‘yinda maydonga tushdi. Yevrokuboklar debyutanti o‘z maydonidagi ilk yevrokubok o‘yinini «Bavariya»ga qarshi o‘tkazdi. Lekin birinchi turda «Olimpiakos» maydonida kiprliklar golsiz durang qayd eta olgan bo‘lsa-da, bu safar ularda hech qanday imkoniyat yo‘q edi.
Keynning chalqancha uslubda bergan ilk zarbasi darvoza ustuniga tegdi, lekin u to‘xtash haqida o‘ylamadi va keyingi zarbasi bilan olis burchakni aniq nishonga oldi. Unga assistentlik qilgan Olise bir necha daqiqa o‘tib ikkinchi golni ham tashkillashtirib berdi: uning markazga ko‘chishi va «devor» uslubida o‘ynashi Jyeksonning Rafael Gerreyruga golli pas berishi bilan yakunlandi. Biroz o‘tib Olise Jyeksonning o‘ziga ham «Bavariya»dagi ilk golini urishda yordam berdi. Bo‘lim davomida Keyn dublni nishonladi. Bu vaqtda esa Noyyer ochiqchasiga zerikib o‘tirdi va biroz bo‘shashdi ham, natijada bo‘lim oxirida Orshichdan gol o‘tkazib yubordi. Lekin shu kuni Manuel Iker Kasilyasning rekordini takrorlagan holda Chempionlar ligasida 101-g‘alabasiga erishdi. Ikkinchi bo‘limda esa tinib-tinchimas Olisening o‘zi ham gol urib, yakuniy hisobni o‘rnatdi.
«Tottenhem»da kambek
«Bude-Glimt» – «Tottenhem» 2:2
Gollar: Hauge, 53 (1:0). Hauge, 66 (2:0). van de Ven, 68 (2:1). Gundersen, 89 – avtogol (2:2)
Aniq ijro etilmagan penalti: Heg, 35’
«Bude-Glimt»: Xaykin, Bertuft, Aleyesami (Klyunge, 90+7), Berkan, Sevold, Berg, Fet, Even (Gundersen, 87), Xauge, Euklenn (Blomberg, 80), Heg (Helmersen, 80)
«Tottenhem»: Vikario, Danso, van de Ven, Spens (Udodji, 82), Porro, Bentankur (Grey, 82), Sarr (Palinya, 69), Bergvall (Simons, 60), Odober, Jonson (Quddus, 60), Risharlison
Ogohlantirishlar: Berg, 68. Euklenn, 72 – van de Ven, 58. Porro, 90
«Bude-Glimt» va «Tottenhem» may oyida Yevropa ligasi yarimfinalida o‘zaro to‘qnashgandi. O‘shanda norvegiyaliklar jamoasi jiddiy qarshilik ko‘rsatgan bo‘lsa-da, finalga chiqa olmagandi. Bu safar «Budyo-Glimt» revansh olish uchun maydonga chiqqandi va ilk daqiqalardan hujumga o‘tdi, ammo mezbonlar birinchi bo‘limda yaqqol vaziyatdan foydalana olishmadi – jamoa sardori Heg bu safar ham 11 metrdan gol ura olmadi, u birinchi turda «Slaviya»ga qarshi o‘yinda ham penaltini yo‘qqa chiqargandi. Ikkinchi bo‘limda esa Hauge qisqa vaqt ichida dublni rasmiylashtirdi va amalda o‘yin taqdirini hal qilgandek ko‘ringandi. Ammo londonliklar diqqatni jamlab, kambek qilishga o‘zida kuch topa oldi. Avvaliga himoyachi Van de Ven 68-daqiqada hisobni qisqartirdi, so‘nggi daqiqalarda esa mezbonlar alamli gol o‘tkazib yuborishdi: darvozabon Nikita Xaykin Risharlisonning yaqin masofadan yo‘llagan zarbasini qaytargandi, ammo to‘p bir necha daqiqa oldin hisobni ushlash uchun maydonga tushirilgan himoyachi Gundersenga tekkan holda darvoza to‘riga kirib ketdi.
Grizmanning yubileyi
«Atletiko» – «Ayntraxt» 5:1
Gollar: Raspadori, 4 (1:0). Le Norman, 33 (2:0). Grizmann, 45+1 (3:0). Burkardt, 57 (3:1). Simeone, 70 (4:1). Alvares, 82 – penalti (5:1)
«Atletiko»: Oblak, Langle, Le Norman, Rudjyeri, Lorente, Gallaher, Barrios (Molina, 75), Grizmann (Baena, 90), Simeone (Gonsales, 75), Alvares (Martin, 90), Raspadori (Koke, 55)
«Ayntraxt»: Santos, Teat, Kox, Braun (Baoyya, 71), Kollinz (Amenda, 58), Shaibi, Sxiri (Hoylund, 58), Uzun (Larsson, 58), Knauff, Doan (Getse, 74), Burkardt
Ogohlantirishlar: Langle, 13 – Braun, 41
Dam olish kunlarida Madrid derbisida besh gol urgan «Atletiko» YeChLda ham bu ishni davom ettirib, o‘yindagi birinchi zarbasiniyoq golga aylantirdi – Raspadori Ispaniyadagi ilk golini urdi. «Matraschilar» uchun bu golning o‘zi yubiley bo‘ldi – YeChLdagi 200-gol. Va Diyego Simeone shogirdlari to‘xtash haqida o‘ylashmadi. Le Norman burchak zarbasidan keyin hisobni ikkitaga oshirdi. Birinchi turda «Galatasaroy» darvozasiga beshta gol urgan, dam olish kunlarida «Borussiya» M bilan gollar shousini uyushtirgan (6:4) «Ayntraxt» esa shu kuni maydonda yo‘qolib qoldi.
Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda madridliklar faxriysi Antuan Grizmann ham «Atletiko» safidagi yubiley 200-golini urishga erishdi va oldindan tayyorlangan maxsus futbolkani muxlislarga namoyish etdi.
Ikkinchi bo‘limda esa juda yuqori sport formasidagi Xulian Alvares o‘zini ko‘rsatdi. Argentinalik hujumchi avvaliga penaltidan panenka uslubida zarba berib, hisobdagi farqni oshirdi, keyin esa dublni rasmiylashtirdi.
«Atalanta» muxlislar oldida aybini yuvdi
«Atalanta» – «Bryugge» 2:1
Gollar: Tzolis, 38 (0:1). Samarjich, 74 – penalti (1:1). Pashalich, 87 (2:1)
«Atalanta»: Karnesekki, Jimsiti, Axanor, Kossunu (Musa, 53), Ederson (Samarjich, 61), de Ron, Bernaskoni, Bellanova (Dzappakosta, 46), Pashalich, Lukman (Sulemana, 61), Krstovich (Breshanini, 89)
«Bryugge»: Yakkers, Ordones (Romero, 89), Mexele, Seys, Sabbe (Meyyer, 89), Stankovich, Vanaken, Sandra (Kempbell, 89), Tzolis, Borjyesh (Vetlesen, 75), Tresoldi (Verman, 63)
Ogohlantirishlar: Musa, 58. de Ron, 81
Kunning natijasini taxmin qilish qiyin bo‘lgan o‘yini «Atalanta» g‘alabasi bilan yakunlandi. Bu jamoalar fevralda ham YeChL pley-off bosqichining o‘tish o‘yinlarida to‘qnashgan va «Atalanta» kutilmaganda ikki o‘yinda ham yutqazgandi (1:2, 1:3). Bu safar ham bergamoliklarning g‘alabasiga ko‘pchilik ishonmayotgandi. Jamoa jarohatlar girdobida qolgan, jumladan, «Bryugge»ning sobiq yulduzi De Ketelare ham hozirgi jamoasiga yordam bera olmayapti, birinchi bo‘limda esa mehmonlar Tsolisning zarbasi evaziga hisobda oldinga chiqib olishdi. Ammo ikkinchi bo‘limning ikkinchi yarmida mezbonlar vaziyatni o‘nglashga erishishdi, avvaliga zaxiradan tushgan Samarjich penaltini aniq ijro etdi, keyin esa boshqa bir joker, yozda «Milan» safidan kelib qo‘shilgan Musa burchak zarbasidan keyin qulay vaziyatda turgan Pashalichni golli pas bilan ta’minladi. Ivan Yurich shogirdlari birinchi turda «PSJ»dan uchralgan 0:4 hisobidagi yirik mag‘lubiyat uchun muxlislar qarshisida o‘zini oqlab oldi.
Obameyangda yana bir yorqin o‘yin
«Marsel» «Ayaks» – 4:0
Gollar: Payshao, 6 (1:0). Payshao, 12 (2:0). Grinvud, 26 (3:0). Obameyang, 52 (4:0)
«Marsel»: Ruli, Agerd, Pavar, Emerson, Medina (Igan-Rayli, 36), O`Rayli (Gomesh, 62), Vermeren (Murilo, 82), Nadir (Vea, 46), Payshao (Heyberg, 62), Grinvud, Obameyang
«Ayaks»: Yarosh, Itakura, Bas (Goei, 55), Vayndal (Shutalo, 55), Roza, Glux, Klassen, Teylor, Reger (Mokio, 23), Gods (Moro, 84), Bergeys (Edvardsen, 46)
Ogohlantirishlar: Heyberg, 79. Agerd, 88 – Roza, 34. Itakura, 66. Goei, 76
«Ayaks»ning eng yaxshi davri ortda qolgani ayon bo‘lmoqda. Birinchi turda o‘z uyida «Inter»ga qarshi hech narsa qila olmagan amsterdamliklar «Marsel» maydonida yirik hisobda mag‘lub bo‘ldi. Faoliyatining so‘nggi damlarini o‘tkazayotgan Obameyang o‘yin startidayoq to‘pga bir teginishda Igor Payshaoni golli pas bilan ta’minladi, «Feyyenoord»ning sobiq vingeri jarima maydoni chizig‘i ustidan yo‘llagan zarbasi bilan o‘ziga yaxshi tanish bo‘lgan raqib darvozasini ishg‘ol etdi. Mehmonlar marselliklar pressingi qarshisida ojiz qolishdi va 13-daqiqada tajribali Klassen to‘p yo‘qotishidan keyin Payshao dublni rasmiylashtirdi. Grinvudning goli ham Roberto De Dzerbi shogirdlari uyushtirgan pressing mahsuli bo‘ldi. Ammo, kechaning asosiy qahramoni – baribir Obameyang bo‘ldi. Birinchi bo‘limda ikki golga assistentlik qilgan gabonlik hujumchi ikkinchi bo‘limda mehmonlarning standart vaziyatidan keyin boshlangan qarshi hujumda o‘z golini ham urdi, bu hujumda Payshao unga qarzini qaytardi. Saudiya Arabistonida o‘ynab kelishga ulgurgan qariya hujumchi YeChL o‘yinida 1+2 qayd etmoqda.
«Marsel» yaxshi taassuot qoldirmoqda, «Ayaks» esa startdagi ikki o‘yinda jami 0:6 hisobida yutqazdi. Amsterdamliklar YeChLda 2012 yildan buyon bu qadar yomon start qilmagandi.