Jamiyat

Hokim yordamchilarining 9 ta asosiy vazifasi belgilab berildi

Published

on


Hokim yordamchilarining asosiy vazifalarini belgilab beruvchi yo‘riqnoma tasdiqlandi. Unda aholi bandligini ta’minlashdan tortib, mahalla ixtisoslashuvini rivojlantirish va norasmiy bandlikni qisqartirishgacha bo‘lgan yo‘nalishlar qamrab olingan.

Yo‘riqnomaga ko‘ra, hokim yordamchilari har chorakda ishsizlar va daromadini oshirish istagida bo‘lgan fuqarolar haqida ma’lumot shakllantiradi. Shuningdek, mahalladagi ish beruvchilar va bo‘sh ish o‘rinlari ro‘yxatini tuzib, ishsizlarni mavjud vakansiyalarga yo‘naltiradi hamda ularning keyingi bandlik holatini kuzatib boradi.

Aholini kasb-hunar va xorijiy tillarga o‘qitish ham hokim yordamchilarining vazifalaridan biri bo‘ladi. Ular o‘qish istagidagi fuqarolarni aniqlab, kasbiy ta’lim tashkilotlariga yo‘naltiradi va o‘qishni tamomlaganlarning bandligini ta’minlash choralarini ko‘radi.

Kambag‘al oilalar uchun esa oilaning imkoniyati, ko‘nikmasi va qiziqishidan kelib chiqqan holda individual reja ishlab chiqiladi. Unga muvofiq barqaror bandlik xizmatlari ko‘rsatiladi va oila daromadining o‘sishi doimiy monitoring qilinadi.

Hokim yordamchilari mahallalarda mikroloyihalar tashabbuskorlarini aniqlash, ularni moliyalashtirish va ishga tushirish, shuningdek, loyihalar faoliyatini kuzatib borish bilan ham shug‘ullanadi. Mahallaning iqtisodiy salohiyati va resurslaridan kelib chiqib, «o‘sish nuqtalari» aniqlanadi va har yili ikki marta mahalla ixtisoslashuvi yo‘nalishi belgilab boriladi.

Tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish bo‘yicha «Bir kontur — bir mahsulot» va «Bir mahalla — bir mahsulot» tamoyillari asosida mahsulot yetishtirish tashkil etiladi. Tomorqa egalari va dehqonlarni o‘qitish, kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish, subsidiya va grantlar ajratishga ko‘maklashish ham nazarda tutilgan. Tomorqa va ijara yerlari yiliga uch marta xatlovdan o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, hokim yordamchilari mahalladagi bo‘sh bino va yer uchastkalarini aniqlab, ularni elektron savdoga chiqarishga ko‘maklashadi. Quyosh panellari, geliokollektor va nasos kabi energiya samarador qurilmalarni o‘rnatish istagidagi fuqarolar bilan ishlash ham ularning vazifasiga kiradi.

Yo‘riqnomada norasmiy bandlikni qisqartirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Hokim yordamchilari norasmiy ishlayotgan fuqarolar va tadbirkorlarni aniqlab, ular haqidagi ma’lumotlarni «Onlayn mahalla» platformasiga kiritadi hamda faoliyatini rasmiylashtirishga ko‘maklashadi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version