Jamiyat
Sudyalikka nomzodlar uchun yosh senzi 30 yoshga tushirilishi mumkin
Qonunchilik palatasi majlisida «Sudyalarning maqomi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Loyiha sudyalarning maqomini alohida qonun bilan belgilash va sud hokimiyati mustaqilligini yanada mustahkamlashga qaratilgan.
Hujjatga ko‘ra, sudyalik lavozimiga nomzodlar uchun ayrim talablarni qayta ko‘rib chiqish taklif etilmoqda. Jumladan, sudya va xalq maslahatchilari uchun yosh senzini 35 yoshdan 30 yoshga tushirish nazarda tutilgan.
Shuningdek, sudyani dastlab 5 yil muddatga, keyin esa muddatsiz davrga tayinlash tartibini joriy etish rejalashtirilmoqda. Sudya, sud raisi va rais o‘rinbosari lavozimlariga qo‘yiladigan talablar ham kuchaytirilishi ko‘zda tutilgan.
Loyihada sudyalar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy himoya qilishga oid normalar ham belgilanmoqda.
Bundan tashqari, milliy qonunchilikka «iste’fodagi sudya» instituti kiritilishi taklif etilgan. Iste’fodagi sudyalarga professional mediator sifatida faoliyat yuritish huquqi berilishi mumkin.
Majlis yakunida qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilinib, deputatlarning taklif va tavsiyalari asosida ikkinchi o‘qishga tayyorlanishi belgilandi.