Connect with us

Sport

«Liverpul» noxush seriyani to‘xtatdi, Vinisius Mbappeni het-triksiz qoldirdi. Kun o‘yinlari

Published

on


Shanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.

Angliya: «Arsenal»da yana quruq g‘alaba

«Byornli» – «Arsenal» 0:2

Gollar: Yokeresh, 14 (0:1). Rays, 35 (0:2)

«Byornli»: Dubravka, Hartman, Tuanzebe, Loran (Mejbri, 76), Kallen (Edvards, 82), Uoker, Ugochukvu (Brun Larsen, 62), Entoni (Chauna, 62), Esteve, Florentinu, Flemming (Broyya, 76)

«Arsenal»: Rayya, Saliba, Gabriel Magalyayns, Kalafiori (Inkapiye, 72), Timber, Subimendi (Nergor, 77), Rays, Eze (Nvaneri, 72), Trossar (Lyuis-Skelli, 90+1), Saka, Yokeresh (Merino, 46)

Ogohlantirishlar: Kallen, 27. Flemming, 55 –

Gabriel Magalyayns, 90

«Arsenal» yana burchak zarbasidan gol urdi – bu mavsum boshidan buyon sakkizinchi shunday gol urdi, APLda bungacha hech bir jamoa dastlabki o‘n turda bunday natijaga erishmagandi. «Havo qiroli» Gabriel Magalyans bu safar o‘zi gol urmadi, ammo jarima maydoni ichida yakkakurashda ustun kelib, to‘pni darvoza chizig‘i oldida turgan Yokereshga yetkazib berdi. Ko‘p o‘tmay mehmonlar qarshi hujumda ikkinchi golni urishdi, Saka boshlab bergan hujumni Yokeresh davom ettirib, narigi qanotda ochilgan Trossarni diagonal uzatma bilan ta’minladi, belgiyalik hujumchi esa to‘pni jarima maydoniga yetib kelgan Raysga yetkazdi va u ham boshda darvoza to‘rini ishg‘ol etdi. Shundan keyin Arteta shogirdlari tejamkor rejimga o‘tishdi va hisobni saqlab qolishdi. «Kanonirlar» butun oktyabr davomida darvozasidan gol o‘tkazmagandi va kuzning oxirgi oyi ham navbatdagi «quruq» o‘yin bilan boshlandi. Bu barcha turnirlar doirasidagi qatorasiga yetti o‘yinda darvoza daxlsizligi saqlab qolinishi bo‘ldi (barcha o‘yinlarda g‘alaba qozonilgan, to‘plar nisbati 14:0). Qolaversa, Arteta shogirdlari APLda uchinchi marta raqibga o‘z darvozasi sohasi tomon birorta ham zarba yo‘llashga qo‘ymadi.

«Nottinghem Forest» – «Manchester Yunayted» 2:2

Gollar: Kazemiru, 34 (0:1). Gibbs-Uayt, 48 (1:1). Savona, 50 (2:1). Diallo, 81 (2:2)

«Nottinghem Forest»: Sels, Murilio, Milenkovich, Uilyams, Savona, Anderson, Duglas Luis (Yyeyts, 14), Gibbs-Uayt, Hadson-Odoi (Sangare, 90+2), Ndoy, Igor Jyezus (Avoniyi, 78)

«Manchester Yunayted»: Lammens, de Ligt, Shou, Yoro (Mazraviy, 77), Brunu Fernandesh, Kazemiru, Dalot (Dorgu, 68), Diallo, Kunya, Mbemo, Sheshko

Ogohlantirishlar: Ndoy, 62 – Mazraviy, 85

«Manchester Yunayted» APLda g‘alabali seriyasini davom ettira olmadi. Amorim shogirdlari bungacha «Sanderlend», «Liverpul» va «Brayton» ustidan g‘alaba qozongandi, ammo Shon Daych kelganidan keyin yana ishonchli o‘ynay boshlagan «Nottinghem Forest»ga qarshi o‘yinda buning uddasidan chiqilmadi.

Avvaliga barchasi yaxshi ketayotgandi va birinchi bo‘lim Kazemironing goli evaziga «MYu» g‘alabasi bilan yakunlandi. Ammo Shon Daych tanaffusda o‘z jamoasini o‘ziga keltira oldi. Natijada ikkinchi bo‘lim boshidagi bir necha daqiqa ichida mezbonlar 0:1 hisobini 2:1 ko‘rinishiga o‘zgartirishdi.

Bo‘yi u qadar baland bo‘lmagan Gibbs-Uayt (171 sm) «ikkinchi qavatdan» gol urishiga unga bu vaziyatda undan ham bo‘yi pastroq Diallo qarshilik ko‘rsatgani sabab bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay «o‘rmonchilar» qanotdan uzatma orqali ikkinchi golni urishdi. Lekin «qizil iblislar» bu bilan parokanda bo‘lib ketmadi va raqib darvozasini qamal qilishga kirishdi. Avvaliga Brunu Fernandeshning zarbasi ustunga borgandi, o‘yin oxirlariga borib Diallo havodagi to‘pga to‘xtatmay zarba berdi hamda Selsga hech qanday imkon qoldirmadi. 90+4-daqiqada «MYu» g‘alabani ilib ketishi mumkin edi, ammo «Forest» himoyachisi Murillo to‘pni darvoza chizig‘i ustida to‘xtatib qoldi. Shu tariqa, «MYu»ning g‘alabali seriyasi to‘xtadi va jamoaning oxirgi vaqtlarda tanilib ketgan bir muxlisi yana sochini oldira olmaydigan bo‘ldi (u jamoasi qatorasiga besh o‘yinda g‘alaba qozonmaguncha, sartaroshga bormaslikka va’da bergan).

«Tottenhem» – «Chelsi» 0:1

Gol: Joao Pedro, 34 (0:1)

«Tottenhem»: Vikario, Danso (Romero, 60), van de Ven, Spens, Porro (Udodji, 73), Palinya, Bentankur (Risharlison, 60), Sarr, Bergvall (Simons, 7, Jonson, 73), Quddus, Kolo Muani (Odober, 73)

«Chelsi»: Sanches, Chaloba, Fofana (Adarabioyo, 89), Kukurelya, Jyeyms, Kaysedo, Gyusto (Lavia, 76), Fernandes, Garnacho (Gittens, 66), Pedru Netu (Estevan, 85), Joao Pedro

Ogohlantirishlar: Bentankur, 45. Danso, 47. Simons, 59. Quddus, 74 – Chaloba, 45. Fernandes, 68

Shanba kunining markaziy bahsi Tottenhem» uchun noxush boshlandi. 7-daqiqadayoq jarohat tufayli Bergvalni almashtirishga to‘g‘ri keldi, o‘tkazib yuborilgan gol esa xatolar zanjiri natijasi bo‘ldi. Ko‘klar ikki marta raqib jarima maydoni atrofida to‘pni olib qo‘yishdi, van de Venning xatosi esa o‘yin taqdirini hal qildi. Undan to‘pni olib qo‘ygan Kaysedo Joau Pedruni golli pas bilan ta’minladi. Uzoq davom etgan golsiz (7 o‘yin) seriyasini yakunlagan braziliyalik hujumchi shu kuni yana bir necha gol urishi mumkin edi, ammo uning birinchi bo‘limda yana ikki zarbasi darvozabon tomonidan qaytarildi, uchinchisi to‘singa bordi. Umuman, shu kuni Vikario o‘yinda so‘nggi daqiqaga qadar intriga saqlanib turishi uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qildi.

Hisob ochilganidan keyin maydonda haqiqiy jang boshlandi: futbolchilar o‘zini ham, raqibni ham ayamay fol ishlata boshladi. Avvaliga Bentankur butsasining ostki qismi bilan Jyeymsning oyog‘iga zarba berdi va futbolchilar o‘rtasida janjal boshlandi. Yakunda hakam «Tottenhem» yarimhimoyachisiga faqat sariq kartochka ko‘rsatish bilan cheklandi, bunga e’tiroz bildirgani uchun Chaloba ham ogohlantiritldi.

60-daqiqada «Tottenhem» bosh murabbiyi o‘yinni o‘zgartirishga (bu vaqtga kelib mezbonlar zarbalar soni bo‘yicha 2:10 hisobida ortda, sariq kartochkalar soni bo‘yicha 3:1) harakat qilib, ikki futbolchini almashtirdi: sariq kartochka olib ulgurgan Danso va Bentankur o‘rniga Romero va Risharlison tushirildi.

O‘yinda golli vaziyatlardan ko‘ra qo‘polliklar ko‘proq bo‘ldi. 68-daqiqada Enso Fernandes ham butsasining ostki qismi bilan Palinyaning tizzasiga zarba berdi. Arbitr bu yerda ham sariq kartochka bilan kifoyalandi. VAR bu vaziyatga ham aralashmadi.

Ko‘p o‘tmay Fernandesning o‘zi jabrlanuvchiga aylandi, Spens unga qarshi o‘ta qo‘pol harakat qildi. Futbolchilar jamoadoshlari uchun o‘ch olishga kirishib ketgandi. «Tottenhem» hisobda ortda borayotganiga qaramay, hujumda vaziyatlarga ega bo‘lmadi. So‘nggi 40 daqiqalikda mezbonlarda birgina zarba bo‘ldi va u ham darvoza sohasiga to‘g‘ri bormadi. Birinchi bo‘limda Bergval o‘rniga tushirilgan Simons esa o‘yin tugamasdan zaxiraga olindi.

Qo‘shimcha daqiqalarda Gittens va Joao Pedro yakkama-yakka vaziyatlardan foydalana olmadi, lekin «Chelsi» minimal g‘alabani saqlab qoldi. Endi Londonning bu ikki klubi 17 tadan ochkoga ega bo‘lgan holda 3 va 4-o‘rinlarni bo‘lishib turibdi.

«Liverpul» – «Aston Villa» 2:0

Gollar: Saloh, 45+1 (1:0). Gravenberh, 58 (2:0)

«Liverpul»: Mamardashvili, van Deyk, Konate, Roberson, Bredli, Makallister, Gravenberh, Soboslai, Gakpo, Saloh, Ekitike (Virs, 77)

«Aston Villa»: Martines, Konsa, Pau Torres (Mings, 74), Din (Matsen, 75), Kesh, Onana, Kamara, Rodjyers, Makginn (Barkli, 59), Gessan (Malen, 59), Uotkins (Sancho, 74)

Ogohlantirishlar: van Deyk, 54. Soboslai, 87 – Kesh, 57. Onana, 73. Rodjyers, 80

«Liverpul» APLda to‘rt o‘yin davom etgan noxush seriyasiga barham berdi va nihoyat g‘alaba qozondi. «Aston Villa» esa, aksincha, to‘rt o‘yindan iborat g‘alabali seriyasini to‘xtatdi.

Qayd etish kerakki, Unai Emeri shu kuni o‘yin uchun noto‘g‘ri taktika tanladi va himoyadan qisqa paslar bilan chiqishga harakat qildi. Holbuki, bungacha APLning qator jamoalari mersisaydliklarga qarshi uzun paslar bilan o‘ynab, muvaffaqiyatga erishgan, Arne Slotning o‘zi ham bunday uslub jamoa uchun muammoli bo‘layotganini tan olgandi. Natijada, pressingda kuchli bo‘lgan mezbonlar raqib jarima maydoni atrofida to‘p olib qo‘yib, birin-ketin xavfli vaziyatlar yaratdi.

Avvaliga bunday sovg‘adan Soboslai foydalana olmadi, birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Emiliano Martines to‘pni Salohning oyoqlariga tashlab berdi, misrlik hujumchi esa «Liverpul» safidagi 250-golni urdi. Shuningdek, u APLda bir jamoa safidagi golli harakatlar soni bo‘yicha Ueyn Runiga tegishli rekordni takrorladi. 188 gol va 88 uzatma – endi unda ham «MYu»ning sobiq yulduziniki kabi 276 ball.

Ikkinchi bo‘limda esa yana raqib futbolchisi qaytarib bergan to‘pni egallab olgan mersisaydliklar vaziyatdan foydalanishdi, Gravenberhning zarbasidan keyin to‘p Pau Torresga tekkan holda darvozabonni dog‘da qoldirib, to‘rga borib tushdi. Arne Slot uchun yoqimsiz xotiralar qoldirgan oktyabr tugashi bilan chempionatdagi mag‘lubiyatlar seriyasi ham ortda qoldi. Ammo jamoa chindan ham inqirozdan chiqib olgan olmaganini keyingi haftadagi o‘yinlar ko‘rsatadi. YeChLda «Real» va milliy birinchilikda «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinlar – jamoa uchun chinakamiga sinov vazifasini o‘taydi.

Ispaniya: Grizmanning yubiley goli

«Vilyarreal» – «Rayo Valekano» 4:0

Gollar: Moreno, 22 (1:0). Moleyro, 56 (2:0). Komesanya, 58 (3:0). Peres, 65 (4:0)

«Vilyarreal»: Luis Junior, Foyt, Veyga, Pedrasa, Mourinio, Komesanya (Parexo, 74), Parti, Moleyro (Byukenen, 63), Pepe (Axomax, 77), Moreno (Peres, 64), Mikautadze (Oluvaseyi, 46)

«Rayo Valekano»: Batalya, Lejyen, Mendi, Chavarriya, Ratsyu, Dias (Baliu, 79), Siss, Palazon (Valentin, 66), Alvaro Garsiya (Kamelo, 66), De Frutos (Fran Peres, 66), Alemao (Trexo, 79)

Ogohlantirishlar: Moleyro, 28 – Ratsyu, 76

Qatorasiga to‘rt o‘yinda g‘alaba qozongan «Rayo Valekano» avvaliga «sariq submarinalar»ga ham jiddiy muammolar tug‘dirdi. Ammo «asalarilar» saflari raqibning kuchli pressingi tufayli sochilib ketdi va bo‘lim o‘rtalarida Jyerar Moreno hisobni ochdi. «Vilyarreal» sardori jarohatdan keyin formasini tiklashda davom etmoqda va qatorasiga ikkinchi turda o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. Marselino Toral tanaffusda hujum chizig‘ini yangiladi va ikkinchi bo‘lim boshida o‘yin masalasi hal bo‘ldi. Avvaliga Moleyro to‘pni raqib jarima maydoniga qadar olib borib, darvoza burchagini aniq nishonga oldi va hisobdagi farqni oshirdi, keyin esa Santi Komesanya sobiq jamoadoshlari darvozasiga urgan golga assistentlik qildi. «Vilyarreal»ning o‘tgan mavsumdagi eng yaxshi to‘purari Ayose Peres yakuniy natijani o‘rnatdi, uzoq vaqt jarohatini davolash bilan mashg‘ul bo‘lgan hujumchi uchun bu mavsumdagi ilk gol bo‘ldi. Endi «sariq sumbarinalar» kamida «Barselona»ning yakshanba kuni o‘tkaziladigan o‘yiniga qadar turnir jadvalida ikkinchi o‘ringa chiqib oldi va ular tur yakunlariga ko‘ra kuchli uchlikni tark etmasligi aniq.

«Atletiko» – «Sevilya» 3:0

Gollar: Alvares, 64 – penalti (1:0). Almada, 77 (2:0). Grizmann, 90 (3:0)

«Atletiko»: Oblak, Ximenes, Rudjyeri, Gansko, Koke, Baena (Grizmann, 74), Liorente, Serlot (Almada, 68), Alvares (Molina, 86), Simeone (Raspadori, 86), N. Gonsales (Gallaxer, 69)

«Sevilya»: Vlaxodimos, Karmona, Aspilikueta (Nyanzu, 46), Suaso, Markan, Sanches (Adams, 72), Mendi (Gudel, 46), Sou, Romero (A. Gonsales, 79), Vargas, Peke Fernandes (Edjuke, 79)

Ogohlantirishlar: Romero, 54. Nyanzu, 63. Markan, 77

Turnir jadvalining to‘rtinchi o‘rnida kelayotgan «Atletiko» ham ishonchli o‘ynashda davom etmoqda va bu safar «Sevilya» ustidan yirik hisobda g‘alabaga erishdi. O‘yindagi hal qiluvchi vaziyat Nyanzu jarima maydoni ichida butsasining ostki qismi bilan Ximenesning oyog‘iga zarba berishi bo‘ldi. Natijada belgilangan penaltini Hulian Alvares aniq ijro etib, hisobni ochdi. Ikkinchi bo‘limda esa Juliano Simeone pressingda namunali ishladi va to‘pni olib qo‘yib, Almadeni qulay vaziyatga chiqardi. O‘yinning asosiy vaqti tugayotganida Grizmann hisobni yiriklashtirdi va «Metropolitano»ga yig‘ilganlar uning La ligadagi 200-golini nishonlashdi. Antuan turnir tarixida bunday nuqtaga yetgan o‘n birinchi futbolchiga aylandi (oltinchi xorijlik).

«Real» – «Valensiya» 4:0

Gollar: Mbappe, 19 – penalti (1:0). Mbappe, 31 (2:0). Bellinghem, 44 (3:0). Karreras, 82 (4:0)

Aniq ijro etilmagan penalti: Vinisius Junior, 43’

«Real»: Kurtua, Eder Militau, Hausen (Raul Asensio, 68), Karreras, Valverde, Tshuameni (Kamavinga, 46), Bellinghem, Arda Guler (Sebalyos, 46), Vinisius Junior (Endrik, 79), Mastantuono, Mbappe (Rodrigu, 79)

«Valensiya»: Agirresabala, Kopete, Tarrega, Xose Gayya, Korreya (Vaskes, 55), Pepelu (Gerra, 87), Santamariya, Diyego Lopes (Eray Jyemert, 55), Rioxa (Duro, 55), Gruneveld, Beltran (Andre Almeyda I, 46)

Ogohlantirishlar: Tshuameni, 36 – Gerra, 88

Shu kunlarda «Oltin butsa» mukofotini qabul qilib olgan Mbappe o‘yindan oldin uni stadionga yig‘ilgan muxlislarga namoyish etdi. Kilianga La liganing oktyabr oyidagi eng yaxshi futbolchisi uchun mukofot ham topshirildi. Va u noyabrni ham juda yaxshi boshlab, avvaliga penaltini aniq ijro etdi, keyin esa Arda Gulerning uzatgan to‘pga havodaligida zarba berib, hisobdagi farqni oshirdi. Fransuz hujumchisi birinchi bo‘limning o‘zida het-trikni rasmiylashtirishi mumkin edi, ammo Karreras yiqitilgani uchun belgilangan penaltini ijro etish huquqini Vinisius Juniorga topshirdi. Klasikoda gol urishni qattiq xohlagan va barvaqt almashtirilganidan norozi bo‘lgan braziliyalik hujumchi baribir maqsadiga erisha olmadi, mehmonlar darvozaboni uning zarbasini osonlik bilan bartaraf etdi. Lekin ushbu darvozabon bir daqiqa o‘tib Bellinghem jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan zarba qarshisida ojiz qoldi.

Shu tariqa, o‘yin taqdiri ilk 45 daqiqalikdayoq hal bo‘ldi, Mbappe esa afsonaviy vatandoshi Jyust Fontenga tegishli bo‘lgan rekordni takrorladi. So‘nggi 75 yillikda faqat ikki fransuz klub safida bir kalendar yilida 48 gol urishga erishgan. «Santyago Bernabeu»dagilar darhol bayram qilishga kirishdi, Alonso yana Vinisiusni zaxiraga oldi, ammo u bu safar buni to‘g‘ri qabul qildi va o‘z o‘rniga tushirilgan Rodrigoni qattiq quchib qo‘yib, murabbiyga ham qo‘l berdi. O‘yin oxirida esa himoyachi Karreras olis masofadan yo‘llagan ajoyib zarbasi bilan Madriddagi ilk golini urdi. Qaymoqranglilar hafta o‘rtasida «Enfild»da kechadigan o‘yinga La liga peshqadami sifatida yo‘l olishadi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Sport

Krishtianu Ronaldu mavsum nihoyasida futbol bilan xayrlashishi mumkin

Published

on


Krishtianu Ronaldu joriy mavsum nihoyasida professional futboldagi faoliyatiga yakun yasashi mumkin. Bu haqda u Vogue jurnaliga intervyusida ma’lum qildi.

«Ehtimol, bu futboldagi so‘nggi yilim bo‘lishi mumkin, o‘zimdan ulkan meros qoldirishni istayman», — dedi Ronaldu.

Besh karra «Oltin to‘p» egasi ta’kidlashicha, bo‘sh vaqtini hordiq va sayohatlarga ajratmoqchi.

Krishtianu Ronaldu professional futbolga kirib kelganiga 25 yil bo‘ldi. Birinchi katta o‘yinini 2002-yil 14-avgustda Lissabonning «Sporting» klubi safida Milanning «Inter»iga qarshi o‘tkazgan.



Source link

Continue Reading

Sport

«Arsenal» «Manchester Siti»ni yirik hisobda yengib, Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi

Published

on


Londonning «Arsenal» klubi o‘z tarixida 18-marta Angliya superkubogini qo‘lga kiritdi. Jamoa Kardiffda «Manchester Siti»ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi.

O‘yinning 23-soniyasida Rikkardo Kalafiori hisobni ochdi. One Football nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, bu 1968 yildan beri superkubok o‘yinining birinchi daqiqasida urilgan birinchi va kubok tarixidagi eng tezkor gol bo‘ldi.

London jamoasi safida yana Kay Xaverts (28) va Martin Edegor (48) gol urishdi.

O‘tgan mavsumda «Arsenal» Premer ligada g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, manchesterliklar Angliya kubogini qo‘lga kiritdi. 

«Shaharliklar» safida Abduqodir Husanov to‘liq harakat qildi. 



Source link

Continue Reading

Sport

Ronaldu Messining oilasidagi yo‘qotishga munosabat bildirdi

Published

on


Portugaliyalik hujumchi Krishtianu Ronaldu otasi vafot etgan argentinalik futbolchi Lionel Messini qo‘llab-quvvatladi. U Messining Instagram sahifasidagi posti ostida izoh qoldirdi.

«Bu qiyin damlarda siz va yaqinlaringizni mahkam quchgan holda chuqur hamdardlik bildiraman, Leo. Bardoshli bo‘ling», deb yozgan Ronaldu.

Avval Messi «Inter Mayami»dagi o‘yinchilik faoliyatini to‘xtatgani e’lon qilingan edi. U oilasi va do‘stlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Argentinada qoldi.

Xorxe Messi 8-avgust kuni 68 yoshida vafot etdi. U uzoq davom etgan og‘ir kasallikdan so‘ng olamdan o‘tdi. Ko‘p yillar davomida argentinalik futbolchining otasi o‘z o‘g‘lining faoliyatida muhim o‘rin tutardi. 



Source link

Continue Reading

Sport

Dunyoning eng boy odamlaridan biri «Liverpul»ni sotib oladi

Published

on


Amazon asoschisi Jeff Bezos professional sportga sarmoya kiritish niyatida. The Guardian nashrining xabar berishicha, tadbirkor boshqa investorlar bilan birgalikda Angliyaning «Liverpul» futbol klubining kamida 30 foiz ulushini sotib olishni ko‘rib chiqmoqda. Kelishuv 1,35 milliard funt sterling yoki taxminan 1,8 milliard dollarga teng bo‘lishi mumkin.

«Liverpul» taxminan 6 milliard dollarga baholanadi va dunyodagi eng taniqli sport brendlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bezosning qiziqishi kengroq tendensiyaga mos keladi: badavlat amerikalik investorlar Angliya futbol klublarida faol ravishda ulushlarni sotib olmoqdalar. Amerikalik aksiyadorlar allaqachon «Chelsi», «Kristal Pelas», «Everton» va «Bornmut» kabi 20 ta Premer-liga jamoalaridan 13 tasiga egalik qilishadi.

Agar kelishuv amalga oshsa, Bezos ingliz futboliga faol ravishda sarmoya kiriyotgan amerikalik milliarderlar safiga qo‘shiladi.

Investorlar uchun ingliz futbolining jozibadorligi qisman sportning Qo‘shma Shtatlarda tobora ommalashib borayotgani bilan bog‘liq. Shu bilan birga, yetakchi Amerika sport franshizalari ko‘pincha yangi investorlar uchun juda qimmat yoki cheklangan, ingliz klubidagi ulush esa global auditoriyaga va eng tijorat jihatidan jozibador sport bozorlaridan biriga kirish imkonini beradi.

 



Source link

Continue Reading

Sport

Lionel Messining otasi vafot etdi

Published

on


Lionel Messining otasi Xorxe Messi 68 yoshida vafot etdi. Bu haqda Infobae xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Messining otasi juma kuni kechqurun Rosario shahrida olamdan o‘tgan.

Iyun oyida Xorxe Messi sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar sabab shifoxonaga yotqizilgani xabar qilingan edi. 2026-yilgi jahon chempionati yakunlanganidan so‘ng Lionel Messi otasini ko‘rish uchun Argentinaga yo‘l olgandi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.