Sport
Londonda derbi, «Siti» va «Liverpul»da qiyin raqiblar. Hafta o‘yinlari anonsi
Italiya va Germaniyada ham grandlar o‘zaro to‘qnashadi.
Bu haftadan Yevropada vaqt bir soatga suriladi va endi biz o‘yinlarni kechroq ko‘rishga, bir soat kamroq uxlashga majburmiz. Buni ilk bor «Liverpul» muxlislari o‘z tanasida sinab ko‘rishadi – «Aston Villa»ga qarshi o‘yin Toshkent vaqti bilan 2 noyabrga o‘tar kechasi soat birda boshlanadi. Shuningdek, bu hafta Angliyada London derbisi, Italiyada Milan va Rim to‘qnashuvi, Turkiyada esa Istanbul derbisi bor. Abduqodir Husanovni esa Angliyaning eng kuchli vingerlaridan biri sinovdan o‘tkazishi mumkin. Yoki Abduqodir uni sinovdan o‘tkazadi.
«TOTTeNHEM» – «CheLSI» (1 noyabr, 22:30)
Ikki jamoa turnir jadvalining turli burchaklarida turgandek tasavvur uyg‘otsa-da, zichlik shu qadar yuqoriki, orani birgina g‘alaba ajratib turibdi. «Chelsi» g‘alaba qozongan taqdirda, «Tottenhem»ga ochkolar bo‘yicha yetib olishi mumkin. Ushbu stadionda o‘tgan so‘nggi uchrashuvni ham eslasangiz kerak – mezbonlarning ikki tezkor goli bilan boshlangan o‘yin yakunda «Chelsi»ning 4:3 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangandi. Umuman olganda, o‘zaro uchrashuvlarda «Chelsi» yaqqol ustunlikka ega – oxirgi 30 o‘yinning 16 tasida aynan «ko‘klar»ning qo‘li baland kelgan.
Tomas Frank o‘tgan mavsumni juda yomon o‘tkazgan «Tottenhem»ni birdaniga turnir jadvali yuqori qismiga ko‘targan bo‘lsa-da, agar vaziyatga chuqurroq qaralsa, boshqa faktorlar ham rol o‘ynaganini payqash mumkin. Masalan, dastlabki turlarda jamoa ko‘proq turnir jadvalining pastki qismidagi raqiblarga qarshi o‘ynadi. «Tottenhem»ning APLdagi keyingi raqiblari esa «Chelsi», «Manchester Yunayted» va «Arsenal». Bu orada Chempionlar Ligasida «Kopenhagen» va «PSJ»ga qarshi o‘yinlar ham borligi e’tiborga olinsa, jamoa uchun haqiqiy sinov davri boshlanmoqda. Noyabr oyi oxirida, ya’ni mana shu uchrashuvlar natijasiga qarab, bu mavsumdagi «Tottenhem»ning haqiqiy istiqboli haqida aniqroq baho berish mumkin.
«Chelsi» esa mavsum boshida, ayniqsa, yozda klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidagi salohiyatdan kelib chiqib, hatto chempionlik uchun «Liverpul» va «Arsenal»ga raqobat ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan eng yaqin kuch sifatida tilga olinayotgandi. Ammo ham jarohatlar, ham o‘yindagi beqarorlik tufayli hozircha Enso Mareska shogirdlari kutilgan o‘rinlarda emas. To‘qqizinchi turda liga debyutanti «Sanderlend»ga qarshi o‘yin kutilmaganda so‘nggi daqiqalarda o‘tkazilgan gol tufayli mag‘lubiyat bilan yakunlangani bunga yaqqol misol. Klublar o‘rtasidagi jahon chempionati qahramonlaridan biri bo‘lgan hujumchi Joao Pedru yangi mavsumni ham zo‘r boshlagandi, ammo oxirgi 11 uchrashuvda unda atigi 4 ta aniq zarba bor. Birorta ham gol ura olmagan.
Darvoqe, jarohatlar borasida har ikki jamoada ham ahvol yaxshi emas. «Chelsi»da har bir chiziqda jarohatlar bor – himoyachi Kolluil, yarimhimoyachi Palmer va hujumchi Delap anchadan beri o‘ynay olmapyati. Delap jarohatdan tiklanib, Liga kubogida maydonga tushgandi, ammo qizil kartochka olib maydondan chetlatildi. Endi derbida u diskvalifikatsiya tufayli qatnasha olmaydi. «Tottenhem»da esa Meddison va Kulushevski kabi yetakchi futbolchilar mavsum boshidayoq safdan chiqishgan. Shuningdek, Grey, Devis, Romero, Udoji, Dragushin va Bissuma kabi asosiy tarkib futbolchilari ham sheriklariga yordam bera olishmayapti.
«BAVARIYa» – «BAYYeR» (1 noyabr, 22:30)
Chorshanba kuni «Bavariya» Germaniya kubogida «Kyoln» mehmoni bo‘ldi va 4:1 hisobida g‘alaba qozondi. Bu Kompani shogirdlarining mavsum boshidan buyon qatorasiga 14-g‘alabasi edi. «Bavariya» hali biror marta ham mag‘lubiyatga uchramagan va durang qayd etmagan yagona jamoa bo‘lib turibdi. Mana shu 14 g‘alabaning 9 tasi yirik hisobida qo‘lga kiritilgani, umuman myunxenliklar allaqachon 51 gol urib bo‘lgani ham jamoa naqadar yuqori formada ekanini ko‘rsatadi. Bu ketishda «Bavariya» mavsum yarmidayoq yuzlik dovonni bosib o‘tishi mumkin. Harri Keyn esa Bundesliganing o‘zida 12 gol urishga ulgurda, bu liganing 9 jamoasinikidan ko‘proq.
«Bayyer» esa mavsumni biroz muvaffaqiyatsiz boshlagandi va 3 turdan keyinoq Erik ten Hag iste’foga chiqarildi. Yangi bosh murabbiy Hyulmand davrida ishlar ancha yurishib qoldi – 10 o‘yinda atigi bir mag‘lubiyat. U ham «PSJ»ga qarshi uchrashuvda. Bundesliganing o‘zida esa qatorasiga 4 g‘alaba qayd etildi. Qolaversa, so‘nggi yillarda leverkuzenliklar «Bavariya»ga qarshi muvaffaqiyatli o‘ynab kelmoqda. Bundesliga doirasidagi oxirgi 5 o‘yinda «Bayyer» mag‘lubiyatga uchramagan. Ya’ni agar «Bavariya»ning bu seriyasini kimdir to‘xtatishi kerak bo‘lsa, «Bayyer» eng yaxshi nomzod. To‘g‘ri, boshqa ikki omilni ham e’tiborga olish kerak. Birinchidan, yuqorida aytilgan muvaffaqiyatli o‘yinlar Xabi Alonso bosh murabbiy bo‘lgan paytda edi. Ikkinchidan, jamoalar o‘rtasidagi so‘nggi ikki uchrashuv Chempionlar Ligasi nimchorakfinaliga to‘g‘ri keladi. O‘shanda «Bavariya» umumiy 5:0 hisobida ikkala bahsni ham o‘z foydasiga hal qilgandi.
Ikki jamoada ham yo‘qotishlar bor. «Bavariya»da Devis ham, Musiala ham, Ito ham hali mavsum boshlanmasdan safdan chiqishgan edi, ya’ni Kompani to‘liq tarkibdan bemalol foydalana oladi. «Bayyer»da yo‘qotishlar ancha ko‘p. Tilman, Tare-Kobrissa, Vaskes, Fernandes va Tella maydonga tusha olishmaydi. Kelasi hafta Chempionlar Ligasida «Benfika»ga qarshi qiyin safar kutib turgani ham e’tiborga olinsa, bu yo‘qotishlar katta ahamiyat kasb etadi. Darvoqe, kelasi hafta «Bavariya»ni ham muhim safar o‘yini kutib turibdi. Kompani shogirdlari Parijda «PSJ»ga qarshi maydonga tushadi. G‘alabali seriya davom etarmikin?
«LIVeRPUL» – «ASTON VILLA» (2 noyabrga o‘tar kechasi, 01:00)
«Liverpul»da inqiroz davom etmoqda. Aslida, jamoa «Manchester Yunayted»ga qarshi juda yaxshi o‘ynagan, agar omad kelganda bemalol g‘alaba qozonishi ham mumkin edi. Ya’ni aslida o‘sha o‘yin «Liverpul» inqirozdan chiqayotganini ko‘rsatgandek edi. Frankfurtda «Ayntraxt» ustidan yirik hisobda g‘alaba qozonilgach, bu faraz tasdiqlandi ham. Lekin «Brentford»ga qarshi «Liverpul» mavsumdagi eng yomon o‘yinlaridan birini o‘tkazdi. Boshqa mag‘lubiyatlarda ko‘p jabhalarda Slot shogirdlari raqibdan yomon ko‘rinmagandi, «Brentford» esa har tomonlama ustunlik qildi va aynan shu o‘yindan keyin Slotning iste’fosi, Kloppning qaytishi mumkinligi gapirila boshlandi.
Buning ustiga «Brentford»ga qarshi o‘yinda «Liverpul» uchun noqulay o‘yin uslubi yaqqol namoyon bo‘ldi. Ya’ni «Chelsi» va «MYu» asosan yuqori saviyali ijrochilar va realizatsiya hisobiga g‘alaba qozongani aytilgan bo‘lsa, «Brentford» aynan ma’lum uslub evaziga ustunlik qildi – uzun paslar, standartlar. Bu endi yanada xavfli, zero endi raqiblar «Liverpul»ga qarshi aynan mana shu uslubga murojaat qilishni boshlashadi va Slot uchun noqulay ssenariylar yanada ko‘payadi. Yaqinda e’lon qilingan statistikaga ko‘ra, bu mavsumda uzun paslar bilan eng ko‘p aynan «Liverpul»ga qarshi o‘ynashmoqda.
Bu safargi raqib ham anoyi emas. Unai Emeri alohida uchrashuvlarga tayyorlanish, raqibning ojiz nuqtalariga zarba berish orqali natijaga erishishga usta hisoblanadi. Qolaversa, «Villa» asta-sekin formasini tiklab oldi. Dastlabki 4 turda birorta ham gol ura olmagan, ilk g‘alabasiga 6-turga kelibgina erishgan birminghemliklar so‘nggi to‘rt o‘yindagi g‘alabali seriya evaziga ochkolar bo‘yicha «Liverpul»ga yetib ham oldi. So‘nggi turda «Manchester Siti» ustidan qozonilgan g‘alaba ham ko‘rsatib turibdi – jamoa ikkinchi raqamda o‘ynashda haliyam xavfli. Umuman, o‘zaro uchrashuvlarni olganda ham, masalan, «Enfild»dagi oxirgi 11 o‘yinning 5 tasida «Aston Villa» kamida 1 ochko olib ketishning uddasidan chiqqan. «Liverpul» mehmonlari uchun juda katta raqam.
Jarohatlarga keladigan bo‘lsak, Alison hali ham qaytgani yo‘q. Arne Slot matbuot anjumanida Isak va Ketrin Jons bu o‘yinda qatnasha olmasligini ma’lum qildi. Shuningdek, Frimpong kamida yana bir oydan keyin maydonga qaytishi mumkin. «Aston Villa» tarkibida esa «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinda assist muallifi bo‘lgan, lekin jarohat tufayli almashtirilgan Emiliano Buendiya o‘ynay olmaydi. Yuri Tilemansning qaytishiga ham kamida bir oy vaqt bor. Harvi Elliot esa aynan «Liverpul»dan sotib olish huquqi bilan ijara olingani tufayli, sobiq jamoasiga qarshi o‘ynay olmaydi.
«Liverpul» muvaffaqiyatsiz seriyasini uzish uchun bu uchrashuvda g‘alaba qozonishi shart. Zero, undan keyingi turda «Manchester Siti»ga qarshi safar o‘yini kutmoqda. Orada YeChL doirasida Madridda «Real»ga qarshi o‘yin ham bor.
«MANCheSTeR SITI» – «BORNMUT» (2 noyabr, 21:30)
«Bornmut» APLning yangi mavsumidagi kashfiyotlardan biri. To‘g‘ri, Iraola shogirdlari o‘tgan mavsumda ham yaxshi taassurot qoldirishgan, ammo yozning o‘zida uch nafar asosiy himoyachi (Kerkez, Zabarni, Hausen), shuningdek, yarimhimoyachi Uattara hamda darvozabon Kepani qo‘yib yuborgach, hatto ligani tark etish uchun nomzodlardan biri sifatida ko‘rila boshlangandi. Lekin jamoa ayni paytda turnir jadvalida ikkinchi o‘rinda bormoqda, birinchi turda «Enfild»da mag‘lubiyatga uchraganidan buyon hali biror marta yutqazmadi. Ya’ni ayni paytda APLda eng uzoq mag‘lubiyatsiz seriya ham aynan «Bornmut»ga tegishli – 5 g‘alaba va 3 durang. Endi esa jamoa qatorasiga ikki o‘yinni safarda o‘tkazadi – «Manchester Siti» va «Aston Villa» bilan. Ikkinchi o‘rin deyilgani bilan turnir jadvalining yuqori qismi ancha zich, 11-o‘rindagi «Brentford» bilan farq atigi 5 ochkoni tashkil qilmoqda. Ya’ni ikki mag‘lubiyat ham «Bornmut»ni ancha pastga tushirib yuborish xavfi bor.
Xuddi shunday xavf «Manchester Siti»ga ham taalluqli. «Liverpul»ning pasayishidan so‘ng, «Arsenal»ga chempionlik poygasida asosiy raqib kim, degan savolga aynan «shaharliklar»ni ko‘rsata boshlashgandi. Ammo «Aston Villa»dan mag‘lubiyat muammolarni ochib berdi. Aniqrog‘i, bitta katta muammo – Holandga bo‘lgan bog‘liqlik. «Manchester Siti» APL o‘yinlarida 17 gol urgan bo‘lsa, 11 tasi Erling Holandga tegishli. Yana bir necha futbolchi bittadan gol urgan, xolos. Ya’ni raqiblar hujumda asosiy xavf kimdan ekanini yaqqol bilishadi, kerakli paytda sermahsullikni o‘ziga olishi mumkin bo‘lgan futbolchilar ko‘rinmayapti.
Ikkinchi hujumchi Omar Marmush esa orada jarohat ham oldi, qolaversa, u Holand bilan bir vaqtda maydonda harakat qilganda u qadar foydali bo‘lmayapti. O‘tgan mavsumda ham Marmush ko‘p gollarini Holand jarohat olgan paytda, uning o‘rnida maydonga tushib urganini ham unutmaslik kerak. Umuman, Pep Gvardiola jamoasida gollar bu qadar bir futbolchiga bog‘lanib qolishi uning faoliyatida birinchi marta bo‘lsa kerak.
Yaxshi xabar – Abduqodir Husanov jarohatdan tiklandi va Liga kubogi nimchorakfinalida «Suonsi»ga qarshi o‘yinda asosiy tarkibda harakat qildi ham. Pep Gvardiola uni ilk daqiqalardan maydonga tushirib, keyin zaxiraga ham olganining o‘z sababi bo‘lishi mumkin. Ma’lumki, «Bornmut»ning eng xavfli hujumchisi Antuan Semenyo hisoblanadi va u mavsum boshida chempionatning eng yaxshilaridan biri bo‘lib turibdi. O‘tgan yili «Bornmut» boshqa ijrochilarga ham ko‘proq tayangan bo‘lsa, hozir aksariyat hujumlar aynan Semenyo orqali amalga oshirilmoqda. Shu tufayli unda allaqachon 6 gol va 3 assist bor – ligada Holandnikidan keyingi ko‘rsatkich. U asosan chap qanotda harakat qiladi va juda tezkor. Gvardiola himoyaning o‘ng qanotiga ancha hujumkor bo‘lgan Nunez yoki Lyuisni emas, aynan Abduqodirni tushirish ehtimoli kattaroq. Xullas, o‘zbekistonlik himoyachini yana bir yaxshi imtihon kutyapti, deyish mumkin.
O‘zaro o‘yinlarga qaralsa, «Manchester Siti» azaldan «Bormunt»ga qarshi muvaffaqiyatli to‘p suradi. APL doirasidagi oxirgi 8 uy uchrashuvining barchasida g‘alaba qozongan. Jami 16 o‘yindan atigi bir marta mag‘lub bo‘lgan, u ham o‘tgan mavsum jamoa inqirozga uchrab, hammaga yutqazayotgan davrga to‘g‘ri keladi.
«MILAN» – «ROMA» (3 noyabrga o‘tar kechasi, 00:45)
«Milan» bir muddat chempionlik uchun yaqqol favorit sifatida ko‘rilgandi. Tarkib jihatidan balki raqiblardan kuchsiz ko‘rinishi mumkin, ammo birinchidan, bu mavsum jamoa yevrokuboklarda qatnashmaydi. Bu faktor esa qanchalik muhim ekanini o‘tgan mavsum chempioni «Napoli» tasdiqlashi mumkin. Ikkinchidan, Luka Modrich – tajribali futbolchi mavsumda kutilgandan ham yaxshi boshladi, o‘tgan oy A Seriyaning eng zo‘r futbolchisi deb topildi. Shuningdek, «Napoli»ga qarshi ancha ishonchli o‘yin ham «Milan»ning salohiyati ko‘pchilik o‘ylaganidan ancha yuqori bo‘lishi mumkinligini namoyon qilgandi.
Lekin so‘nggi to‘rt turdagi uch durang juda yaxshi farqni yuzaga keltirish bo‘lgan tig‘iz davrda pand berdi. «Yuventus» va «Atalanta»ga qarshi safar uchrashuvlardagi durangni aslida Allegri shogirdlarining aktiviga yozish ham mumkin, lekin hammasini «Piza»ga qarshi uy uchrashuvidagi durang buzib turibdi. Ha, har qanday top-klubda ham shunday kunlar bo‘lib turadi, lekin «Milan» arang so‘nggi daqiqalarda mag‘lubiyatdan qutulib qolgani, vaziyatlar bo‘yicha «Piza» ham bo‘sh kelmagani e’tiborga olinsa, «Milan»da bunday yomon kunlar kelajakda yana ko‘proq bo‘lishi mumkinligidan dalolat qilmoqda. «Roma»ga qarshi o‘yin ortidan shu oyning o‘zida «Milan»ni «Inter» va «Latsio»ga qarshi bahslar ham kutib turibdi.
«Roma» ham o‘ziga xos jamoa. Gasperinining kelishi bilan rimliklar butunlay boshqacha o‘yin namoyish etishi kutilgandi, lekin natijalar ko‘proq Raniyerini eslatib yubormoqda. «Bo‘rilar» nafaqat A Seriya, balki kuchli beshlikda ham eng kam gol o‘tkazgan jamoalardan biri bo‘lib turibdi. Bu borada faqat «Arsenal» yaxshiroq, xolos. Jamoa ishtirokidagi juda ko‘p o‘yinlar 1:0 yoki boshqa minimal hisoblarda yakunlanmoqda. Shunday bo‘lsa-da, «Roma» ayni damda turnir jadvalini «Napoli» bilan birga boshqarmoqda va g‘alaba qozonsa, yagona peshqadamga aylanib olishi ham mumkin.
Aslida Milanda munosib qarshilik qilish «Roma» uchun u qadar katta syurpriz ham emas, so‘nggi 15 o‘zaro o‘yindan 6 marta mag‘lubiyatga uchrashgan. Shu bilan birga, «Roma»ning A Seriya doirasida «San Siro»dagi so‘nggi g‘alabasi 2017 yilga to‘g‘ri keladi. Bir yil oldingi 1:0 hisobidagi g‘alaba esa Yevropa Ligasida sodir bo‘lgandi.
Jarohatlarga kelsak, «Milan»ning durangli davri ikki yetakchi futbolchi – Pulishich va Rabioning safdan chiqishi bilan boshlangandi. Bu futbolchilar «Roma»ga qarshi o‘yinni ham o‘tkazib yuborishadi. Shuningdek, Fikayo Tomorining maydonga tushishi so‘roq ostida ekani aytilmoqda. Mehmonlar safida esa Evan Fergyuson va Anxelino sheriklariga yordam bera olishmaydi.
BOShQA O‘YINLAR
1 noyabr. Nottingem Forest – MANCheSTeR YuNAYTeD (20:00), Byornli – ARSeNAL (20:00), ATLeTIKO – Sevilya (20:15), PSJ – Nitssa (21:00), NAPOLI – Komo (22:00) Kramoneze – YuVeNTUS (2 noyabrga o‘tar kechasi, 00:45), ReAL – Valensiya (2 noyabrga o‘tar kechasi, 01:00)
2 noyabr. Verona – INTeR (16:30), Vest Hem – NYuKASL (19:00), BeShIKTOSh – FANeRBAHChe (22:00), BARSeLONA – Elche (22:30)
Sport
Kamilla Rahimova «Rolan Garros» turnirini g‘alaba bilan boshladi
O‘zbekistonlik tennischi Fransiya ochiq chempionatining birinchi bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tdi.
Jahon tasnif jadvalida 89-pog‘onani egallab turgan tennischi Kamilla Rahimova «Rolan Garros» turnirida birinchi bosqich o‘yinini o‘tkazdi. Ruminiyalik Kristian Jaklinga (33-reyting) qarshi kortga chiqqan o‘zbekistonlik sportchi 3 set (6:3, 4:6, 6:4) davom etgan o‘yinda g‘alabaga erishdi. Rahimova ikkinchi davra bahsini chexiyalik Karolina Muxovaga qarshi o‘tkazadi.
«Katta dubulg‘a» turnirlariga kiruvchi «Rolan Garros» (Tennis bo‘yicha Fransiya ochiq chempionati) 24 maydan 7 iyungacha Parijdagi Stade Roland Garros grunt kortlarida bo‘lib o‘tadi. Musobaqa sovrin jamg‘armasi — taxminan 61,7 million yevro. 2025 yilda erkaklar o‘rtasidagi bahslarda ispaniyalik Karlos Alkaras, ayollar o‘rtasidagi bahslarda amerikalik Koko Gauff g‘alaba qozongan edi.
Asli rossiyalik bo‘lgan Kamilla Rahimova 2025 yil dekabr oyida sport fuqaroligini o‘zgartirib, xalqaro musobaqalarda O‘zbekiston bayrog‘i ostida ishtirok etishni boshladi.
Sport
O‘zbekiston milliy jamoasi ilk mundialda qatnashish uchun AQShga jo‘nab ketdi
Milliy jamoa Toshkent xalqaro aeroportida / Foto: O‘FA
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi 26 may tongida Toshkent – Nyu York reysi bilan o‘z tarixidagi ilk jahon chempionatida ishtirok etish uchun AQShga uchib ketdi.
Bosh murabbiy Fabio Kannavaro chempionatga 30 nafar futbolchini olib ketmoqda, yakuniy ro‘yxatga ulardan 26 nafari kiritiladi.
Uzbekistan Airways jamoa uchun Boeing 787 Dreamliner samolyotini “Olg‘a O‘zbekiston”, “ko‘k bo‘rilar” kabi yozuvlar tushirilgan maxsus livreya bilan jihozladi.
22 may kuni “Bunyodkor” stadionida prezident Shavkat Mirziyoyev jamoa a’zolari bilan uchrashib, ularga muvaffaqiyat tiladi; ilk mundial sharafiga bayramona tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston JChdagi birinchi o‘yinini 17 iyunda (Toshkent vaqti bilan 18 iyun tongida) Mexiko shahrida Kolumbiyaga qarshi o‘tkazadi.
Sport
O‘zbekiston terma jamoasi futbol bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etish uchun AQShga uchib ketdi (foto)
O‘zbekistonning futbol bo‘yicha milliy terma jamoasi FIFA jahon chempionatida ishtirok etish uchun AQShga uchib ketdi.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yilgi jahon chempionati AQSh, Meksika va Kanada hududida o‘tkaziladi.
Kannavaro boshchiligidagi jamoa 1 iyun kuni Kanadaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi, 8 iyunda esa Niderlandiya bilan bahs olib boradi.
«Oq bo‘rilar»ning jahon chempionatidagi ishtiroki esa Meksikadagi o‘yindan boshlanadi. Jamoa 18 iyun kuni Kolumbiyaga qarshi birinchi uchrashuvini Mexikodagi «Atsteka» stadionida o‘tkazadi.
23 iyun kuni jamoa Portugaliya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Bahs AQShning Xyuston shahridagi stadionida bo‘lib o‘tadi.
Guruh bosqichidagi so‘nggi o‘yin 28 iyun kuni Atlantadagi stadionda Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi o‘tkaziladi.
Avvalroq, Kongo terma jamoasi Ebola virusi tarqalganligi sababli Belgiyada karantin muddatini o‘tab, keyin AQShga kelishi talab etilgan, aks holda jamoa jahon chempionatidan chetlatilishi mumkinligi ma’lum qilingandi.
Sport
«Arsenal» kubok ko‘tardi, «Siti» va «Liverpul» afsonalari bilan xayrlashdi
APLda yakshanba kuni o‘tkazilgan so‘nggi tur o‘yinlaridan keyin qaysi jamoalar qaysi yevrokuboklarda ishtirok etishi va qaysi jamoalar chempionshipga tushib ketishi aniq bo‘ldi. Bundan tashqari, shu kuni «Siti» va «Liverpul» o‘z afsonalari bilan xayrlashdi.
«Arsenal» g‘alaba bilan yakunladi
«Kristal Pelas» – «Arsenal» 1:2
Gollar: Jyezus, 42 (0:1), Madueke, 48 (0:2), Mateta, 89 (1:2).
Muddatidan oldin chempion bo‘lib ulgurgan «Arsenal» natijasi o‘zi uchun hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmagan o‘yinda ikkinchi tarkibni tushirib, g‘alaba qozondi. «Kristal Pelas» ham shu kuni aralash tarkibda o‘ynadi: jamoa uch kun o‘tib Konferensiyalar ligasi finalida «Rayo Valekano»ga qarshi o‘yin o‘tkazadi. O‘yinning 42-daqiqasida Gabriel Jyezus «Arsenal»ni hisobda oldinga olib chiqdi. Ikkinchi bo‘lim boshida Madueke burchak zarbasidan keyin ikkinchi golni urdi. Barcha o‘yin yakunini kutayotganida «Pelas» oldinga o‘tdi va 89-daqiqada Jan-Filipp Mateta hisobni qisqatirdi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda mezbonlar hisobni tenglashtirishgandi, ammo Pinoning goli Evann Gessandagi ofsayd tufayli bekor qilindi.
O‘yindan keyin esa chempionlar oltin medallarni va kubokni qabul qilib olishdi hamda 22 yil kutilgan chempionlikni yorqin nishonlashdi.
«Siti» «Bornmut»ni YeChLsiz qoldirdi
«Manchester Siti» – «Aston Villa» 1:2
Gollar: Semenyo, 23 (1:0). Uotkins, 47 (1:1). Uotkins, 61 (1:2)
«Manchester Siti»: Trafford, Ruben Diash, Stouns (Ayt Nuri, 77), Ake (Gvardiol, 77), Lyuis, Gonsales, Bernardu Silva (Kovachich, 59), Savio, Semenyo (Sherki, 58), Reynders (Doku, 77), Foden
«Aston Villa»: Bizot, Lindelyof (Pau Torres, 74), Mings, Matsen, Garsiya (Kesh, 46), Duglas Luis (Tilemans, 74), Bogard (Onana, 74), Barkli (Makginn, 86), Buendiya, Beyli, Uotkins
Ogohlantirish: Lyuis, 82
«Liverpul» – «Brentford» 1:1
Gollar: Jons, 58 (1:0). Shade, 64 (1:1)
«Liverpul»: Alisson, van Deyk, Konate (Gomes, 89), Roberson (Kerkez, 83), Jons, Makallister, Gravenberh (Nioni, 83), Soboslai, Ngumoha (Virs, 73), Saloh (Frimpong, 74), Gakpo
«Brentford»: Kelleher, van der Berg, Kollinz, Lyuis-Potter (Nelson, 89), Kayode, Henderson (Hiki, 60), Yanelt, Yyensen (Damsgor, 83), Shade, Uattara, Tiago
Ogohlantirishlar: Konate, 79. Makallister, 90 – Yanelt, 90. Kollinz, 90
Manchesterning ko‘k tomoni va Liverpulning qizil tomoni afsonalarini kuzatishdi. Xosep Gvardiola, Bernardu Silva, Jon Stounz, Endi Roberson va Muhammad Saloh endi «Siti» va «Liverpul» liboslarida boshqa o‘ynashmaydi. Lekin har ikki jamoa ham xayrlashuv uchrashuvlarini g‘alaba bilan yakunlay olishmadi.
«Manchester Siti» «Aston Villa»ga qarshi o‘yinda dastlab Semenyoning goli orqali hisobni ochganiga qaramay, ikkinchi bo‘limda Uotkinsning o‘zidan ikkita gol o‘tkazib yubordi. O‘yin oxirlarida Fodenning hisobni tenglashtiruvchi goli inobatga olinmadi va «shaharliklar» mavsumni mag‘lubiyat bilan yakunlaydigan bo‘lishdi. Shu bilan birga, jamoa bu orqali o‘zini chempionlik poygasidan chiqarib yuborgan «Bornmut»dan o‘ziga xos tarzda qasos olishdi. «Aston Villa»ning g‘alabasi Andoni Iraola shogirdlarini YeChL yo‘llanmasidan mahrum etdi.
«Liverpul» esa uyda «Brentford» bilan durang (1:1) o‘ynadi va keyingi mavsum YeChLda ishtirok etadigan bo‘ldi. O‘yinning birinchi bo‘limida hisob ochilmadi, ikkinchi bo‘lim boshida esa shu kuni klub safida so‘nggi o‘yinini o‘tkazayotgan Muhammad Saloh Jonsga assistentlik qilib, yana bir klub rekordini o‘rnatdi – u APL o‘yinlaridagi golli paslari sonini 93 taga yetkazib, bu borada Stiven Jyerrardning natijasini yaxshiladi. Mezbonlar g‘alabani saqlab qola olishmadi: Kevin Shade biroz o‘tib hisobni tenglashtirdi, qolgan daqiqalarda mersisaydliklar sobiq darvozaboni Kelleherga boshqa gol ura olishmadi.
O‘yin oxirlarida Saloh va Roberson «Enfild»da yig‘ilgan muxlislarning olqishlari ostida zaxiraga olindi.
Fernandeshda rekord
«Brayton» – «Manchester Yunayted» 0:3
Gollar: Dorgu, 33 (0:1). Mbemo, 44 (0:2). Brunu Fernandesh, 48 (0:3)
«Brayton»: Verbryuggen, Dank, van Hekke, Ferdi Kadio‘g‘li, Viffer, Milner (Baleba, 59), Gros, Hinshelvud (Ryutter, 74), De Keyper (Minte, 46), Gomes (March, 59), Uelbek (Kostulas, 59)
«Manchester Yunayted»: Lammens, Maguayr, Martines, Shou (Malasia, 82), Mazraviy (Yoro, 74), Maunt (Fletcher, 74), Maynu, Brunu Fernandesh, Dorgu (Leysi, 62), Diallo, Mbemo (Zirkze, 74)
Ogohlantirishlar: Maynu, 45
«MYu» allaqachon uchinchi o‘rinni kafolatlagandi va «Brayton»ga qarshi o‘yin oldidan jamoa uchun bitta intriga bor edi – jamoa sardori Brunu Fernandesh APL tarixidagi eng yaxshi assistentga aylanadimi? Va bu maqsadga erishildi: portugaliyalik yarimhimoyachi birinchi bo‘limdayoq Dorguning goliga uzatma berdi va bu mavsumdagi golli uzatmalari sonini 21 taga yetkazib, APL rekordchisiga aylandi. U ikkinchi bo‘limda o‘z nomiga ham gol yozdirib qo‘yib, Angliya chempionatidagi golli harakatlar soni (143) bo‘yicha Devid Bekhemni ortda qoldirdi. Shu ritmda davom etadigan bo‘lsa, Brunu keyingi mavsumda Pol Skoulzni (162) ortda qoldirib, uchinchi o‘ringa ko‘tarilishi ham mumkin. Ammo unga Ueyn Runi (276) va Rayan Giggzga (271) yaqinlashib olish uchun ham ko‘p yillar kerak bo‘ladi.
«Brayton» esa bu mag‘lubiyatdan keyin turnir jadvalida «Sanderlend»ni oldinga o‘tkazib yubordi va keyingi mavsumda Yevropa Ligasida emas, Konferensiyalar ligasida qatnashadigan bo‘ldi.
«Chelsi» 10-o‘rinda
«Sanderlend» – «Chelsi» 2:1
Gollar: Hyum, 25 (1:0). Gyusto, 50 – avtogol (2:0). Palmer, 56 (2:1)
«Sanderlend»: Rufs, O`Nayyen, Mukiyele, Mandava, Gertreyda, Sadiki, Jaka, Le Fe (Rigg, 90), Angulo (Diarra, 61), Hyum, Brobbi (Izidor, 61)
«Chelsi»: Sanches, Kolvill, Xato (Jyeyms, 53), Fofana, Fernandes, Kaysedo (Achimpong, 85), Kukurelya, Gyusto (Delap, 85), Palmer, Pedru Netu (Chaloba, 65), Joao Pedro
Ogohlantirishlar: Angulo, 42. Gertreyda, 52. Jaka, 73. Diarra, 81. Sadiki, 89 – Fofana, 54. Fernandes, 69. Joao Pedro, 90. Palmer, 90
Chetlatish: Fofana, 62 (ikkinchi sariq)
Shu kuni yevrokuboklar yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan yana bir baxtiyor jamoa – chempionshipdan chiqqan «Sanderlend» bo‘ldi. «Qora mushuklar» o‘zaro bahsda «Chelsi»ni mag‘lub etgan holda, o‘z tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etdi va yettinchi o‘rin bilan Yevropa ligasida qatnashadigan bo‘ldi.
O‘tgan mavsumda Konferensiyalar ligasida va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib bo‘lgan londonliklar esa bu mavsumni APLda 10-o‘rin bilan yakunlab, keyingi mavsumda hech qaysi yevrokubokda qatnashmaydigan bo‘ldi. Bu bir tomondan yozda jamoani qabul qilib oladigan Habi Alonso uchun ayni muddao. U«Stemford Brij»da o‘z o‘yinini qurish uchun ideal sharoitga ega bo‘ladi.
«Tottenhem» APLda qoldi
«Tottenhem Hotspur» – «Everton» 1:0
Gol: Palinya, 43 (1:0)
«Tottenhem Hotspur»: Kinski, Danso, van de Ven, Udodji (Dregushin, 90), Porro, Palinya, Bentankur (Meddison, 82), Gallaher (Grey, 82), Tel (Sarr, 73), Spens, Risharlison (Kolo Muani, 73)
«Everton»: Pikford, Kin, Tarkovski, Mikolenko, O`Brayyen (Armstrong, 62), Garner, Iroegbunam (Koulman, 84), Ndiay, Dyusberi-Holl (Alkaras, 84), Rel (Jorj, 62), Barri (Betu, 84)
Ogohlantirishlar: Sarr, 80. Palinya, 87 – O`Brayyen, 13. Tarkovski, 89
«Vest Hem» – «Lids» 3:0
Gollar: Kastelyanos, 67 (1:0). Bouen, 79 (2:0). Uilson, 90 (3:0)
«Vest Hem»: Hermansen, Disasi, Mavropanos, Diuf, Uoker-Piters, Fernandesh, Souchek, Pablo (Uilson, 46), Sammervill, Bouen, Kastelyanos (Kante, 88)
«Lids»: Darlou, Biyol (Jyeyms, 70), Streyk, Rodon, Ampadu, Aaronson (Bornau, 90), Tanaka (Buonanotte, 78), Jastin, Bogl (Piru, 78), Kalvert-Lyuin (Nionto, 69), Nmecha
Ogohlantirishlar: Biyol, 10. Aaronson, 25. Ampadu, 88
Bir yil muqaddam ham chempionatni muvaffaqiyatsiz o‘tkazgan «Tottenhem» Yevropa Ligasida g‘olib chiqqan va YeChLga yo‘llanma olgandi. Bu safar so‘nggi turda Joau Palinyaning yagona goli «shporlar» joniga ora kirdi. Roberto De Dzerbi qatorasiga ikkinchi mavsumda turnir jadvalida 17-o‘rinni egalladi va ligada jon saqlab qoldi. «Vest Hem» esa so‘nggi turda «Lids» ustidan yirik hisobda g‘alaba qozonganiga qaramay, «Byornli» va «Vulverhempton» bilan birga chempionshipga tushib ketdi. «Bolg‘achilar» 39 ochko jamg‘arishdi, bu esa so‘nggi 15 yillikda 18-o‘rin egalari uchun maksimal ko‘rsatkichdir. Oxirgi bor bu qadar ko‘p ochko jamg‘arib ham ligani tark etgan jamoalar «Birminghem» va «Blekpul» bo‘lgandi.
Yakuniy turnir jadvali
Sport
O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatida ishtirok etuvchi tarkibi e’lon qilindi
Milliy terma jamoa 26 may kuni AQShga yo‘l oladi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Jahon chempionatida ishtirok etuvchi 30 nafardan iborat futbolchilarning ro‘yxatini e’lon qildi.
Tarkib quyidagicha ko‘rinish oldi:
Darvozabonlar: O‘tkir Yusupov (“Navbahor”), Botirali Ergashev (“Neftchi”), Abduvohid Ne’matov (“Nasaf”).
Himoyachilar: Avazbek O‘lmasaliyev (OKMK), Jahongir O‘rozov (“Dinamo”), Rustam Ashurmatov (“Istiqlol”, Eron), Umar Eshmurodov (“Nasaf”), Abduqodir Husanov (“Manchester Siti”, Angliya), Abdulla Abdullayev (“Dibba”, BAA), Farruh Sayfiyev (“Neftchi”), Hojiakbar Alijonov (“Paxtakor”), Sherzod Nasrullayev (“Paxtakor”), Behruz Karimov (“Surxon”)
Yarim himoyachilar: Sherzod Esanov (“Buxoro”), Odil Hamrobekov (“Traktor”, Eron), Akmal Mozgovoy (“Paxtakor”), Otabek Shukurov (“Baniyas”, BAA), Jamshid Iskanderov (“Neftchi”), Jasur Jaloliddinov (“So‘g‘diyona”), Aziz G‘aniyev (“Al Batayeh”, BAA), Umarali Rahmonaliyev (Sabah, Ozarbayjon)
Hujumchilar: Abbos Fayzullayev (“Istanbul Boshoqshehir”, Turkiya), Jaloliddin Masharipov (“Istiqlol”, Eron), Doston Hamdamov (“Paxtakor”), Oston O‘runov (“Persepolis”, Eron), Ruslan Jiyanov (“Navbahor”), Aziz Amonov (“Dinamo”), Sherzod Temirov (“Erbil”, Iroq), Igor Sergeyev (“Persepolis”, Eron), Eldor Shomurodov (“Istanbul Boshoqshehir”, Turkiya)
Jamoamiz 26 may kuni tongda Toshkent – Nyu-York yo‘nalishi bo‘yicha Amerika Qo‘shma Shtatlariga yo‘l oladi.
-
Mahalliy4 days ago
Yoshlar umrini sotgan jinoyatchilar qo‘lga olindi
-
Mahalliy4 days ago
Prezident davlat boshqaruvidagi eng yaxshi kadrlarni e’tirof etdi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev YeXHT bosh kotibini qabul qildi
-
Jamiyat5 days ago
Kontent markazida «Yurt qayg‘usida 365 kun» nomli kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi
-
Mahalliy2 days agoSizni maktabda aldashgan! So‘nggi qo‘ng‘iroq haqida siz bilmagan haqiqat
-
Dunyodan3 days agoPrezident Trampning Gʻazo boʻyicha 15 banddan iborat rejasi eʼlon qilindi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda har 100 ta uyga nechta kompyuter to‘g‘ri kelishi ma’lum bo‘ldi
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekistonda IPO investorlari huquqini himoya qilish bo‘yicha qonun ishlab chiqilmoqda
