Sport
Holand «Siti»ni ikkinchi o‘ringa olib chiqdi, Yamal yana gol urishni boshladi
«Milan» «Roma» yakkapeshqadam bo‘lib olishiga yo‘l qo‘ymadi. Yakshanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.
Angliya: safar komplekslari
«Vest Hem» – «Nyukasl Yunayted» 3:1
Gollar: Myorfi, 4 (0:1). Lukas Paketa, 35 (1:1). Botman, 45+5 – v svoi vorota (2:1). Souchek, 90+7 (3:1)
«Vest Hem»: Areola, Kilman, Todibo, Diuf, Van-Bissaka, Lukas Paketa, Pots, Fernandesh (Igor, 85), Sammervill (Uoker-Piters, 79), Bouen, Uilson (Souchek, 61)
«Nyukasl Yunayted»: Poup, Botman (Barns, 65), Tshau, Bern, Kraft (Sher, 46), Tonali, Joelinton, Gimarayns, Gordon (Remsi, 46), Myorfi (Elanga, 77), Voltemade (Osula, 46)
Ogohlantirishlar: Lukas Paketa, 90 – Gimarayns, 30. Remsi, 90
«Vest Hem» o‘tgan oyda Grem Potterni ishdan bo‘shatib, uning o‘rniga Nunu Eshpiritu Santuni tayinladi. Portugaliyalik mutaxassis ilk o‘yinida «Everton» bilan safarda durangga erishgandi, ammo shundan keyingi uch o‘yinda anchadan buyon gol ham o‘tkazmayotgan «Arsenal», shuningdek, nisbatan oson raqiblar bo‘lgan «Brentford» va «Lids»ga yutqazdi. Lekin «bolg‘achilar» «Nyukasl»ga jiddiy muammo tug‘dira oldi.
Holbuki «qarg‘alar» uchun o‘yin ideal boshlangandi — Myorfi qarshi hujumda tezkor gol urdi. Ammo bo‘lim davomida Lukas Paketa jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan kuchli zarbasi bilan Poupni ilojsiz ahvolda qoldirdi, birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan beshinchi daqiqada esa londonliklar Botmanning avtogoli evaziga hisobda oldinga chiqib oldi. O‘yinning ikkinchi bo‘limida esa «Vest Hem» hisobni saqlab qolish uchun o‘ynadi. Jarima maydoni atrofida «avtobus» qo‘ygan mezbonlar qarshi hujumda imkon izladi. Avvaliga APLning joriy mavsumida ilk bor boshlang‘ich tarkibda tushgan Potsning goli hujumda ishtirok etgan Souchek ofsaydda qolib ketgani tufayli bekor qilindi, ammo aynan ushbu chexiyalik futbolchi o‘yin oxirida uchinchi golni urdi.
«Vest Hem» muxlislari nihoyat jamoaning uydagi ilk g‘alabasiga guvoh bo‘lishdi, turnir jadvalining ikkinchi qismidan chiqa olmayotgan «Nyukasl» esa safar o‘yinlaridagi noxush seriyani davom ettirmoqda: qatorasiga sakkiz safar o‘yinida 4 durang va to‘rt mag‘lubiyat – bunaqasi so‘nggi to‘rt yillikda kuzatilmagandi.
«Manchester Siti» – «Bornmut» 3:1
Gollar: Holand, 17 (1:0). Adams, 25 (1:1). Holand, 33 (2:1). O`Rayli, 60 (3:1)
«Manchester Siti»: Donnarumma, Ruben Diash, Gvardiol, O`Rayli, Mateus Nunes, Gonsales, Bernardu Silva (Ait Nuri, 90), Foden (Rodri, 90), Doku (Reynders, 73), Sherki (Savio, 73), Holand (Marmush, 82)
«Bornmut»: Petrovich, Senesi, Diakite, Tryuffer, Ximenes (Kuk, 62), Skott (Kristi, 73), Adams (Douk, 80), Bruks (Klyuyvert, 62), Semenyo, Taverniyer, Krupi (Evanilson, 62)
Ogohlantirishlar: Donnarumma, 26. Foden, 45 – Tryuffer, 65. Klyuyvert, 87
Erling Holand «Siti»ni yolg‘iz o‘zi oldinga boshlashda davom etmoqda. Bu safar uning gollari mavsum kashfiyoti, sakkiz o‘yindan buyon mag‘lubiyatsiz seriya qayd etayotgan «Bornmut»ni yengish uchun qo‘l keldi. Iraola shogirdlari bu tur arafasida ikkinchi o‘rinda, Gvardiola shogirdlari esa sakkizinchi o‘rinda edi. Ammo birinchi bo‘limda «olchalar» jamoasi Holanddek tezkor hujumchiga qarshi yuqori chiziqda himoyalanishi pand berdi. Norvegiyalik forvard ikki bor Sherkining uzatmalarini golga aylantirdi va Donnarummaning xatosi tufayli o‘tkazilgan gol ahamiyatini yo‘qqa chiqardi. U mavsumning 10 o‘yinida urgan gollari sonini 13 taga yetkazib oldi. Bu APLdagi boshqa istalgan futbolchining natijasidan yetttitaga ko‘proq.
Ikkinchi bo‘limda O’Rayli o‘zining bu mavsumdagi ilk goli bilan amalda o‘yin taqdirini hal qildi, unga shu kuni APLdagi yubiley 200-o‘yinida maydonga tushgan Foden assistentlik qildi. «Bornmut» safar o‘yinlarida o‘zi uchun o‘ta noqulay bo‘lgan raqibga bu safar ham yutqazdi, ushbu jamoa «Etihad»dagi so‘nggi to‘qqiz o‘yinining barchasida yutqazgan, to‘plar nisbati 4:34! Bu g‘alabadan keyin «Siti» ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi, ammo birinchi o‘rindagi «Arsenal» bilan farq olti ochkoni tashkil etmoqda. «Bornmut» esa qo‘shimcha ko‘rsatkichlar tufayli uchinchi o‘rinni ham «Liverpul»ga topshirib, to‘rtinchi o‘rinda joylashgan.
Ispaniya: «Barsa» klasikodan keyin tezda o‘ziga keldi
«Barselona» – «Elche» 3:1
Gollar: Yamal, 9 (1:0). Torres, 11 (2:0). Mir, 42 (2:1). Reshford, 61 (3:1)
«Barselona»: Shchensni, Arauxo, Garsiya, Balde (Martin, 74), Kunde, Kasado, Fermin Lopes (Olmo, 66), de Yong, Reshford (Levandovski, 74), Yamal (Fernandes, 88), Torres (Barji, 88)
«Elche»: Penya, Bigas (Fort, 70), Affengryuber, Nunes, Pedrosa (Donald, 82), Aguado, Febas, Neto (Mendosa, 46), Mir, Valera (Santyago, 70), Andre Silva (Rodriges, 74)
Ogohlantirish: Neto, 35
Kataloniyaliklarning yakshanba kungi o‘yinidan oldin insayderlar Yamal mash’uqasi bilan aloqalarini uzib, bor e’tiborini futbolga qaratmoqchi ekani haqida xabarlar tarqatdi. Bundan tashqari, u so‘nggi vaqtlarda og‘riq bilan o‘ynagani va bu uning harakatlariga ta’sir ko‘rsatgani, ammo endi maxsus dastur va tiklanish mashqlari uni bunday muammolardan xalos qilgani xabar qilindi.
«Elche»ga qarshi o‘yin boshlanganida esa futbolchi bu xabarlarni tasdiqlagandek, darvozani ishg‘ol qildi. Ammo amalda ko‘k-anorranglilar g‘alabaga oson erishmadi, «Elche» esa qarshi hujumda Fermin Lopes va Ferran Torresning kombinatsiyasidan keyin ikkinchi golni o‘tkazib yuborganida ham hujumkorlikni kamaytirmadi. Birinchi bo‘lim oxirida hisobni qisqartirgan Rafa Mir ikkinchi bo‘limda darvoza to‘sinini poyladi, Reshfordning goliga javoban uyushtirilgan qarshi hujumda esa uning zarbasi ustunga bordi. «Elche» to‘pga egalik qilish bo‘yicha ham «Barsa»dan ustunlik qildi (51 foiz), bunaqasi Segundadan chiqqan jamoalarning kataloniyaliklarga qarshi o‘yinlarida 20 yildan buyon kuzatilmagandi.
Yakunda g‘alabali hisobni saqlab qolgan «Barsa» turnir jadvalida «Vilyarreal»ni quvib o‘tib, yana ikkinchi o‘ringa qaytdi. Peshqadam «Real» bilan oradagi farq 5 ochkoligicha qolmoqda.
Italiya: Menyandan mo‘jizaviy seyv va «Inter»ning xarakteri
«Verona» – «Inter» 1:2
Gollar: Zelinski, 16 (0:1). Jovane, 40 (1:1). Frese, 90+4 – avtogol (1:2)
«Verona»: Montipo, Nelsson, Frese, Bella-Kotchap, Akpa-Akpro (Arrui, 88), Berned (Nyass, 73), Galyardini, Bradarich, Belgali, Orban (Moskera, 73), Jovane (Sarr, 80)
«Inter»: Zommer, Bissek, Bastoni, Akanji, Zelinski (Dyumfris, 55), Suchich (Frattezi, 88), Hoqon Chalxono‘g‘li, Karlos Augustu (Dimarko, 65), Luis Enrike (Barella, 55), Martines, Bonni (Espozito, 55)
Ogohlantirishlar: Orban, 41. Bella-Kotchap, 90 – Bissek, 67
«Inter» yana «Yuventus»dan uzoqlashdi va qiyin g‘alabaga erishib, live rejimida uchinchi o‘ringa ko‘tarildi. Holbuki turnir jadvalining quyi qismidagi jamoaga qarshi o‘yinda neradzurrilar muammoga duch kelishi taxmin qilinmayotgandi. Amalda ham mehmonlar tezkor gol bilan hisobni ochishdi, 16-daqiqada Hoqon Chalxono‘g‘li burchakdan to‘p uzatdi, jarima maydoni chizig‘i yaqinida havodagi to‘pni to‘xtatmay zarba bergan Zelinski chempionatda mavsum hit-paradidan o‘rin oladigan gollardan birini urdi. Ammo «Verona» birinchi bo‘limdayoq hisobni tenglashtirdi, ikkinchi bo‘limda esa mardonavor himoyalandi. Faqat o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda Barella jarima maydoniga uzatgan to‘pni mezbonlar himoyachisi Frese o‘z darvozasiga kiritib qo‘ydi va jamoasining alamli mag‘lubiyatiga sababchi bo‘ldi.
«Milan» – «Roma» 1:0
Gol: Pavlovich, 39 (1:0)
Aniq ijro etilmagan penalti: Dibala, 82’
«Milan»: Menyan, Gabbia, Pavlovich, de Vinter, Richchi, Modrich, Fofana, Bartesagi, Salemakers (Atekame, 88), Leau (Tomori, 90+4), Nkunku (Loftus-Chik, 84)
«Roma»: Svilar, N`Dika, Ermoso (Tsimikas, 84), Manchini, Al-Aynaviy (Pellegrini, 52), Kone, Uesli Vinisius, Zeki Chelik (Dovbik, 77), Kristante, Soule (Beyli, 51), Dibala (Baldansi, 84)
Ogohlantirishlar: Fofana, 78 – Al-Aynaviy, 34. Uesli Vinisius, 74. Zeki Chelik, 75. Ermoso, 83. Manchini, 90
«Roma» uchun «San-Siro»dagi o‘yin turnir jadvalida yakkapeshqadam bo‘lib olish uchun jangga aylandi va rimliklar avvaliga raqibga qaraganda o‘tkirroq harakatlanishdi. Dibala shedevr gol muallifi bo‘lishi mumkin edi, ammo uning butsasining tashqi qismi bilan olis «to‘qqizlik»ka yo‘llagan zarbasi biroz xato ketdi. Raqib hujumchisi Rafael Leau esa chinakamiga chiroyli golli harakatni amalga oshirdi, u o‘z uslubida qanotda himoyachidan qochib ketdi va jarima maydoniga yorib kirib, to‘pni qulay nuqtada o‘zini taklif qilgan Pavlovichga oshirdi. Bir necha daqiqa o‘tib Fofana o‘yin taqdirini hal qilib qo‘yishi mumkin edi, ammo uning qulay pozitsiyadan yo‘llagan zarbasiga aniqlik yetishmadi.
Ikkinchi bo‘lim boshida rossonerilar rimliklar darvozasini qamal qildi. Mehmonlar darvozaboni Svilar Leau o‘zi ham gol urishiga yo‘l qo‘ymadi, holbuki bu vaziyatda to‘p Manchinining oyog‘iga tekkan holda yo‘nalishini o‘zgartirib, uning vazifasini yanada qiyinlashtirgandi. Keyin esa «bo‘rilar»ni ustun qutqarib qoldi. Vaziyatlardan foydalana olmagan «Milan» jazolanishi mumkin edi, 84-daqiqada jonli devorda turgan Fofana to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi va mezbonlar darvozasiga penalti belgilandi. Ammo Menyan deyarli ilojsiz ishni amalga oshirib, Dibala ijrosidagi penaltini bartaraf etdi. Rimliklar uchun yanada alamlisi, argentinalik hujumchi zarba berish chog‘ida oyog‘ini qayirib oldi va maydonni erta tark etishga majbur bo‘ldi.
A Seriyaning bu mavsumida ham turnir jadvalining yuqori qismida jiddiy kurash ketmoqda. Bu turda golsiz durang qayd etganiga qaramay, «Napoli» birinchi o‘rinni o‘zida saqlab qoldi. Lekin «Inter», «Milan» va «Roma» bir ochkolik farq bilan ta’qib qilmoqda.
Sport
Top futbolchilarga ega Misrga qarshi o‘ynash oson bo‘lmadi – Kannavaro
O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Al Ain Cup 2025 turniri yarimfinalidan o‘rin olgan Misrga (2:0) qarshi o‘yindan keyin o‘z fikrlarini aytdi.
– Futbolchilarim uchun juda xursandman. Ular qo‘ldan kelgancha harakat qildi. Ular o‘rganishga, yaxshilanishga harakat qilishyapti. Ular qanchalik kuchli ekanini ko‘rsatishga harakat qilishyapti. Bunaqa jamoaga qarshi o‘ynash osonmas, ularning tarkibida top futbolchilar bor. Lekin boshidan e’tibor bilan yaxshi o‘ynashga harakat qildik. Ikkita gol urdik, barcha hududlarni yopishga harakat qildik. Natija biz uchun juda muhim, lekin xuddi shunday ishlashda davom etishimiz kerak.
– Men futbolchilarning jismoniy holati bo‘yicha xavotirdaman. Buni yaxshilashga harakat qilishimiz kerak. Bu natija bizga ko‘proq kuch beradi.
– O‘runovning almashtirilishi? U yaxshi harakat qildi, lekin charchadi. Jarohatdan tiklanganidan keyin uchinchi o‘yini, u albatta jismoniy holatini yaxshilashi kerak.
– BAA sharoitlari yaxshi, maydonlari sifati yaxshi bundan har doim xursand bo‘laman. Yangi stadion ham yoqdi, bu yerda bo‘lish har doim yoqimli.
– Sovrin uchun Eron bilan o‘ynaymiz, ularni juda hurmat qilamiz, Osiyodagi eng kuchlilaridan biri. Ularga muammo yaratishga harakat qilamiz.
– Darvozabonning o‘yini qanchalik qoniqtiryapti? To‘psiz holatda juda yaxshi ishlayapti. Bunday jamoaga qarshi o‘yin qiyin. Ba’zan raqibga tepish uchun imkoniyatlar berib qo‘ydik. Lekin raqib darvozamiz oldida yaqqol xavfli imkoniyatlar yarata olmadi.
– Muhammad Salohni to‘xtatish bo‘yicha alohida reja qilindimi? Bunday futbolchini to‘xtatib bo‘lmaydi, iloji yo‘q, ammo imkoniyatlarini kamaytirish mumkin.
– O‘zbekistonni tanlaganimni sababi bu yerda zo‘r iqtidorlar yetishmoqda, mahalliy futbolchilarga e’tibor qaratilmoqda. Ularni qanday ishlayotganini ko‘rdim va uxlosa chiqardim.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy jamoasi musobaqa finalida 18 noyabr kuni Eron bilan to‘qnash keladi.
Sport
O‘zbekiston o‘rtoqlik o‘yinida Muhammad Saloh sardorligidagi Misrni mag‘lub etdi
Abu-Dabi shahridagi xalqaro turnirning yarimfinalida hujumchi Oston O‘runovning ikkita goli o‘zbekistonliklarga g‘alaba keltirdi. 18 noyabr kuni finalda Eron – O‘zbekiston o‘yini o‘tkaziladi.
Birlashgan Arab Amirliklarning Abu-Dabi shahrida 4 ta milliy jamoa ishtirokida Al Ain Cup xalqaro turniri o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston milliy jamoasi 14 noyabr kuni yarimfinalda Misr bilan o‘ynadi va 2:0 hisobida g‘alaba qozondi.
Ikkala gol ham Oston O‘runov tomonidan urildi. 4-daqiqada u chaqqon harakatlar bilan misrlik himoyachilar orasidan o‘tib, qulay vaziyatga chiqdi va darvozani ishg‘ol etdi. 43-daqiqada Otabek Shukurov oshirgan to‘pni egallab olib, darvozabonni ham aldab o‘tib, gol urishga erishdi.
Ikkinchi bo‘limda Misr to‘p nazoratida ustunlik qildi. Biroq, darvozabon Abduvohid Ne’matov bir necha vaziyatda ishonchli harakat qilib, muhim seyvlarni amalga oshirdi.
Bu g‘alaba Fabio Kannavaro shogirdlariga turnir finaliga chiqish imkonini berdi.
Avvalroq, dastlabki yarimfinalda Eron va Kabo-Verde to‘qnash kelgan edi. O‘yinda hisob ochilmadi, penaltilar seriyasida eronliklar g‘alaba qozondi.
18 noyabr kuni musobaqa finali bo‘lib o‘tadi. Unda Eron va O‘zbekiston to‘qnash keladi. 17 noyabr kuni uchinchi o‘rin uchun bahsda Kabo-Verde va Misr o‘ynaydi.
Al Ain Cup – 2025, 1/2 final
14 noyabr, Abu-Dabi, «Hazza bin Zayd» stadioni
O‘ZBeKISTON – MISR 2:0
Gollar: Oston O‘runov (3, 44)
O‘zbekiston: Abduvohid Ne’matov, Abduqodir Husanov, Hojiakbar Alijonov (Farruh Sayfiyev 89), Otabek Shukurov (Dostonbek Hamdamov 69), Odil Hamrobekov, Aziz G‘aniyev (Akmal Mozgovoy 53), Oston O‘runov (Hojimat Erkinov 53), Sherzod Nasrullayev, Eldor Shomurodov, Abdulla Abdullayev, Husniddin Aliqulov (Rustam Ashurmatov 89).
Bosh murabbiy: Fabio Kannavaro
Misr: Muhammad Elshenavi, Ramiy Robia, Muhammad Honiy, Mustafo Abdulla, Muhammad Sharofiddin, Hamdi Abdulfattoh, Marvon Attia, Ahmad Said, Muhammad Daader, Marvon Muhammad, Muhammad Saloh
Bosh murabbiy Hussam Hasan
Sport
O‘zbekiston Saloh boshchiligidagi Misrni mag‘lub etdi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi Misrga qarshi xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi va g‘alaba qozondi.
Oston O‘runovning 4 va 44-daqiqada kiritgan gollari O‘zbekistonga g‘alaba keltirdi. Tarkibida Muhammad Saloh kabi tajribali futbolchilar o‘ynagan Misrga O‘zbekiston darvozasiga yo‘l topish nasib etmadi.
Endi vakillarimiz 18-noyabr kuni Eronga qarshi o‘ynaydi.
Al Ayn xalqaro kubogi – 2025.
O‘zbekiston – Misr 2:0
Gollar: Oston O‘runov (4, 44).
Sport
Lazizbek Mullajonov uch yilga diskvalifikatsiya qilindi
Olimpiya chempioni Lazizbek Mullajonov doping-testning ijobiy natijasi sabab musobaqalarda ishtirok etishdan uch yilga chetlatildi.
Bu haqda World Boxing federatsiyasining mustaqil antidoping dasturi uchun mas’ul bo‘lgan Xalqaro test agentligi ma’lum qildi.
Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, sportchi musobaqadan tashqari olingan namuna metasteron metabolitlariga ijobiy natija ko‘rsatganidan so‘ng diskvalifikatsiyaga rozilik bildirgan. Bu — mushaklarning tez o‘sishi, kuch va chidamlilikning oshishiga yordam beradigan sintetik anabolik androgen steroid hisoblanadi. U musobaqa paytida ham, musobaqadan tashqarida ham taqiqlangan.
Namuna joriy yil 11 iyun kuni musobaqadan tashqari doping nazorati doirasida olingan. Iyul oxirida Mullajonov vaqtincha diskvalifikatsiya qilingan edi.
Lazizbek Mullajonov 92 kg vazn toifasida Parij-2024 Olimpiadasi g‘olibi sanaladi.
Sport
Olimpiada chempioni Lazizbek Mullajonov doping tufayli 3 yilga chetlatildi
Bokschining 2025 yil 11 iyun kuni musobaqadan tashqari paytda topshirgan namunasida taqiqlangan metasteron metabolit moddasi aniqlandi.
Jahon boksida mustaqil antidoping dasturiga rahbarlik qiluvchi Xalqaro test agentligi (ITA) xabariga ko‘rga, o‘zbekistonlik bokschi Lazizbek Mullajonov taqiqlangan modda – metasteron metabolitiga topshirgan testi musbat natija berganidan so‘ng 3 yillik diskvalifikatsiyaga rozi bo‘ldi.
Sportchi 2025 yil 11 iyun kuni musobaqadan tashqari paytda namunani topshirgandan so‘ng, taqiqlangan metasteron metabolit moddasi uchun testi musbat bo‘lib chiqdi.
Metasteron Jahon antidoping agentligi (WADA) tomonidan taqiqlangan va nospetsifik moddalar qatoriga kiritilgan. U mushak massasi va kuchini oshiradigan sintetik anabolik steroid hisoblanadi.
Sportchi antidoping qoidalarini (ADRV) buzgani bo‘yicha qarorga e’tiroz bildirmadi va bahslashmadi. Qoidaga ko‘ra, shu sababli u 4 yilga emas, balki 3 yilga diskvalifikatsiya qilindi. Uning diskvalifikatsiya muddati 2025 yil 22 iyuldan 2028 yil 21 iyulgacha amal qiladi. Shuningdek, 2025 yil 11 iyundan (sinov topshirilgan sana) 2025 yil 22 iyulgacha (vaqtincha chetlatilgan sana) bo‘lgan musobaqalardagi barcha natijalari bekor qilinadi.
Lazizbek Mullajonov 26 yoshda. 2024 yilgi yozgi Olimpiadada u 92 kg vazn toifasida oltin medalni qo‘lga kiritgan edi. Shuningdek, 2023 yilgi jahon chempionatining bronza medali sovrindori hisoblanadi.
-
Jamiyat3 days agoIsh vaqtidan tashqari ishlaganlarga ikki hissagacha haq to‘lanadi
-
Jamiyat3 days agoToshkent uchun yana 56 dona zamonaviy metro vagonlari xarid qilinadi
-
Jamiyat3 days agoTezkor tadbirlarda valuta ayirboshlashning noqonuniy sxemalari aniqlandi
-
Jamiyat4 days agoPrezident huzurida ekologiya bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi
-
Dunyodan3 days agoIsroil ko’chmanchilari G’arbiy Siqilning hujumi sifatida Falastin omborlari va erlariga o’t qo’yishdi
-
Iqtisodiyot1 day agoO‘zbekistonda qariyb yarim million korxona va tashkilot faoliyat ko‘rsatmoqda
-
Jamiyat4 days agoSamarqand va Qashqadaryoda yer maydonlarini noqonuniy sotishga urinishlar fosh etildi
-
Dunyodan3 days agoVenesuela biz bilan taranglik sharoitida harbiy mashqlarni boshlaydi
