Iqtisodiyot
“Kuchlar muvozanati keskin o‘zgarmasligi muhim” – professor Akio Takahara bilan suhbat
Akio Takahara – Tokio ayollar xristian universitetining (Tokyo Woman’s Christian University) taklif etilgan professori, Yaponiya xalqaro munosabatlar institutining yetakchi ilmiy xodimi. Olim doktorlik dissertatsiyasini Buyuk Britaniyaning Sasseks universitetida yoqlab, bir qator nufuzli ilmiy dargohlarda faoliyat yuritgan.
Xabar.uz muxbiri Xitoy va Sharqiy Osiyo masalalari bo‘yicha yetakchi ekspert deb tan olingan Akio Takahara bilan Tokio shahrida suhbatlashdi.
– Hurmatli professor Takahara, Yaponiyaning bugungi xavfsizlik muhitini qanday baholaysiz? Mamlakat qanday jiddiy tahdidlarga ro‘baro‘ kelmoqda?
– Yaponiya xavfsizligi bilan bog‘liq holat o‘zgarmoqda. To‘g‘ri, o‘zgarish avval ham kuzatilgan, ammo ayni vaqtda o‘zgarishlar sur’ati ancha tezlashganini sezmoqdamiz. Yaponiya uchun ikki asosiy tahdidni alohida ta’kidlagan bo‘lardim. Birinchisi – Xitoy armiyasining dengizdagi qudrati oshib borayotgani, ikkinchisi – Shimoliy Koreyaning raketa va yadro dasturlarini kuchaytirayotgani. Nazarimda, bular Yaponiya xavfsizligi yo‘lidagi ikki asosiy xatardir.
– Yaponiya mudofaa budjetini sezilarli darajada oshirmoqda. Avvalroq milliy xavfsizlik strategiyasi ham yangilangan edi. Bu qadamlar mamlakatda barqarorlikni kuchaytirish va mintaqada ziddiyatlarning oldini olishda qanchalik samara beradi?
– Albatta, mudofaa budjetining oshirilishi mintaqada barqarorlikni mustahkamlash, tinchlikni dastaklashga xizmat qiladi degan umiddamiz. Ayni choqda, bu borada komil ishonch bilan gapirish dushvor. Ammo biz qo‘limizdan kelgancha harakat qilishimiz, kuchlar muvozanatini keskin o‘zgartirmaslikka va narigi tomondagi avantyuristlarni rag‘batlantirmaslikka intilishimiz joiz. Demak, biz qayta va qayta harakat qilishimiz kerak. Buning o‘zi kifoyami – aniq ayta olmayman. Balki kifoya emasdir, ammo biz ittifoqchimiz hamda boshqa hamfikr do‘stlarimiz bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash orqali mavjud bo‘shliqni to‘ldirishimiz mumkin. Sirasi, biz o‘z xavfsizlik tarmog‘imizni kuchaytirmog‘imiz lozim.
– Siz o‘z tadqiqotlaringizda Xitoy bilan muloqot qilish va xavflarni muvozanatlash (hedging) muhimligi haqida yozgansiz. Sharqiy Xitoy dengizidagi nizolarga qaramay, Tokio va Pekin o‘rtasida hamon konstruktiv muloqot uchun imkoniyat bor deb o‘ylaysizmi?
– Ha, buning uchun katta imkoniyat borligiga ishonchim komil. Bilasizmi, hatto Xitoy uchun ham kelishmovchiliklar yoki ixtiloflarni kuch ishlatish yoki shunga o‘xshash harakatlar orqali emas, balki muloqot yo‘li bilan hal qilish afzalroq. Ikkala tomon ham bu masalada hamfikr.
– Pekin ham muloqotga tayyor deb hisoblaysizmi?
– Albatta. Bir misol keltirsam. Ko‘p vaqt o‘tgani yo‘q, 2025 yil oktyabr oyi oxirida Koreyada o‘tgan Osiyo–Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammiti doirasida Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi va Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin uchrashgan edi. O‘shanda tomonlar ko‘p bosqichli muloqotni yo‘lga qo‘yish kerakligiga kelishib olishdi. Xususan, ikki davlat mudofaa vazirliklari o‘rtasida aloqa mexanizmini yaratish muhim degan to‘xtamga kelindi. Shunday qilib, biz to‘g‘ri yo‘lda edik. Keyin esa xitoyliklar munosabatlarimizni izdan chiqarib yuborishdi, lekin oktyabr oyi oxirida erishilgan kelishuvlarga qaytishimiz mumkinligiga ishonaman.
– So‘nggi vaqtlarda Xitoy tomonidan Yaponiyaga o‘tkazilayotgan iqtisodiy bosimlarni qanday izohlaysiz?
– Xitoyning Yaponiyaga nisbatan so‘nggi iqtisodiy bosimlari, albatta, hafsalani pir qiladi. Biz bundan juda afsusdamiz. Xitoyliklar hozirda Yaponiyaga o‘tkazayotgan iqtisodiy bosim, tabiiyki, hech kimga yoqmaydi. Biroq ularning hozirda qilayotgan ishlari avvalgilariga, masalan, 2010 yildagi voqealarga qaraganda u qadar yomon emas. O‘shanda ular Yaponiyaga nodir metallar eksportini to‘xtatib qo‘yishgan edi.
Bu gal, aniqrog‘i, 2026 yil 6 yanvar kuni Xitoy “ikki maqsadli mahsulotlar” eksportini cheklash to‘g‘risidagi siyosatni e’lon qildi. “Ikki maqsadli mahsulotlar” deganda nima nazarda tutilayotgani aniq emas. Bunga nodir metallar ham kiradimi? Aftidan, ular “Ha, agar bu metallar harbiy texnologiyalar uchun ishlatilsa” deb javob berishadi. Ammo bilasizmi, bu juda hassos masala. Tabiiy savol tug‘iladi: nima harbiy texnologiya-yu, nima harbiy bo‘lmagan texnologiya? Garchi Yaponiya gazetalari protseduralar ancha murakkablashgani haqida yozayotgan bo‘lsa-da, biz hamon Xitoydan nodir metallarni import qilyapmiz. Ammo endilikda biror korxona nodir ma’dan import qilmoqchi bo‘lsa, ko‘proq hujjat tayyorlashi kerak. Ya’ni qog‘ozbozlik ko‘paygan. Lekin shunga qaramay, ularning nuqtai nazaridan import yoki eksport to‘liq to‘xtab qolgani yo‘q.
Xo‘sh, nega ular bunday qilishmayapti? Menimcha, ular avvalgi qattiq eksport cheklovlari yoki iqtisodiy majburlash choralari nafaqat Yaponiya biznesiga, balki Xitoy biznesiga ham zarar yetkazganidan saboq chiqarishgan. Shuning uchun ular buni takrorlashni istashmaydi. Bilamizki, hozir Xitoy iqtisodiyoti inqiroz holatida. Shunday ekan, ular mavjud iqtisodiy muammolarini yanada og‘irlashtirishni xohlamaydilar.
– Xitoy jamoatchiligining Yaponiya tashqi siyosati haqidagi fikri borasida nima deya olasiz?
– Menimcha, munosabatlar turlicha. Kommunistik partiya propagandasiga ishonadiganlar, albatta, juda xafa va darg‘azab. Lekin propaganda haqiqatni aytmayotgan bo‘lishi mumkinligini yaxshi anglaydigan odamlar ham bor. Shunday ekan, menimcha, jamoatchilik fikri bo‘lingan. Hatto bir kishining o‘zida ham ziddiyatli his-tuyg‘ular bo‘lishi mumkin: deylik, unga Sanae Takaichining Tayvan haqidagi fikri yoqmasligi mumkin, lekin shu bilan birga, u Yaponiyani bag‘oyat yaxshi ko‘radi. Demak, Xitoy xalqi orasida Yaponiyaga nisbatan tuyg‘ular qorishiq.
– Tanganing ikkinchi tomoniga ham boqsak: yapon jamoatchiligining Xitoyga bo‘lgan munosabati qanday?
– Xitoyning harbiy harakatlari bizga mutlaqo yoqmaydi. Shu bois Xitoyning imiji ancha yomon. Ijtimoiy so‘rovnomalarga qaraydigan bo‘lsangiz, odatda ular yaponiyaliklarning taxminan 90 foizi Xitoy haqida yaxshi fikrda emasligini ko‘rsatadi. Ammo shu bilan birga, yaponiyaliklarning 60 foizdan ortig‘i, taxminan 60-70 foizi Yaponiya–Xitoy munosabatlarini muhim deb hisoblaydi. Demak, bu yerda mantiq ustun. Hissiyotlarga tayansak, xitoyliklar qilayotgan ishlar bizga xush kelmaydi. Lekin aql ila tafakkur yuritganda, biz oddiy bir haqiqatni tushunamiz: Xitoy – yonimizdagi ulkan davlat. Xavfsizlik va iqtisodiyot nuqtai nazaridan biz Xitoy bilan barqaror va yaxshi munosabatlarga ega bo‘lishimiz kerak.
– Mafkura nuqtai nazaridan-chi?..
– Mafkuraviy jihatdan biz mutlaqo kelishmaymiz. Inson huquqlari, demokratiya va shu kabi qadriyatlar uchun kurashayotgan xitoyliklarga juda ham xayrixohmiz. Madaniyat kabi sohalarda ham vaziyat boshqacha: yapon xalqi Xitoyning an’anaviy madaniyatini, tamaddunini yaxshi ko‘radi. Biz ulardan ko‘p narsa o‘rganganmiz. Shu bilan birga, hozirgi kunda yapon yoshlari o‘rtasida Xitoy kompyuter o‘yinlari, pop-musiqasi va shu kabi ommaviy madaniyat turlari ommalashib bormoqda. Xitoyda esa yoshlar yapon animelari kabi o‘ziga xosliklarni juda yaxshi ko‘rishadi.
– Xitoyning Yaponiyaga nisbatan salbiy mafkuraviy ta’siri bor deb o‘ylaysizmi?
– Menimcha, Xitoyning avtoritar tafakkuri yoki marksistik g‘oyalari bizga zarracha ta’sir qilmaydi. Hatto bu g‘oyalar Xitoy xalqiga ham to‘laqonli ta’sir o‘tkazyapti deb o‘ylamayman, chunki ular propaganda mohiyatini teran tushunishadi.
– Kommunistik mafkura ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda to‘siq bo‘lishi mumkinmi?
– Ma’lum ma’noda, ha. Nima uchun bunday deyapman? Chunki Xitoy odatda juda chiroyli gaplarni gapiradi. Gap-so‘zlari go‘zal, lekin amallari… “Biz xalqaro huquqqa rioya qilamiz, ko‘p qutbli dunyoni qo‘llab-quvvatlaymiz, inson huquqlari ustuvorligini ta’minlaymiz, biz mukammalmiz”, deyishadi. Lekin amallari butunlay o‘zgacha.
Demokratik jamiyatda bunday holatlar muxolif partiya, OAV va xalq tomonidan qattiq tanqid qilinadi. Ammo Xitoyda bunday bo‘lmaydi. “Yolg‘on gapiryapsizlar” degan zahotingiz sizni mahv etishadi.
– Professor Takahara, Ukrainadagi urush hamda Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi harbiy aloqalar Yaponiyaning strategik tafakkurini qay darajada o‘zgartirdi? Yevropa xavfsizligi va Sharqiy Osiyo xavfsizligi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik bor deb hisoblaysizmi?
– Hatto Shimoliy Koreya janglarga qo‘shilmasdan oldin ham, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirgani bizni qattiq shokka tushirdi. XXI asrda shunday voqea sodir bo‘lishi mumkin ekan-a?! Menimcha, bu hol ko‘plab yaponiyaliklarning dunyoqarashini o‘zgartirib yubordi. Biz ehtiyot bo‘lishimiz, ilgari hech qachon tasavvur qilmagan vaziyatlarga tayyor turishimiz lozimligini tushundik. Keyin esa shimoliy koreyaliklarning Ukrainada jang qilayotgani haqida xabarlar keldi. Bu Yevropa xavfsizligi masalalari va Osiyo xavfsizligi masalalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanishidir. Mazkur holat yapon xalqining sergaklik darajasini yanada oshirdi.
– Ko‘p yillardan buyon Pekin siyosatini o‘rganib kelayotgan ekspert sifatida ayting-chi, Xitoy Tayvan masalasida yanada agressiv qadamlar tashlashga tayyormi?
– Xitoy bunga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bizning ishonishimizcha, Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin o‘z qo‘l ostidagilarga agar 2027 yilda urush kelib chiqsa, g‘alaba qozonishga tayyor turish haqida buyruq bergan. Bu muddatga atigi bir yil qoldi. Ammo u harbiylarni ushbu buyruqni bajarishga majbur qila oladimi yoki yo‘qmi – noma’lum. Katta ehtimol bilan ular 2027 yilgacha tayyor bo‘lishmaydi. Biroq, menimcha, avvalgi rahbarlarga qaraganda, Si Szinpin Tayvanni Xitoyga birlashtirish masalasiga ancha jiddiy yondashmoqda. Albatta, agar u harbiy kuch ishlatishdan qocha olsa, bu u uchun va biz uchun ham yaxshiroq. Biz bugun Tayvan atrofida nima sodir bo‘lishini aniq bilmaymiz. Masalan, agar biror tasodifiy hodisa yuz bersa va shu sababli u yer-bu yerda kichik to‘qnashuvlar kelib chiqsa, bu vaziyat qanday avj oladi va ikki hukumatning munosabati qanday bo‘ladi? Bu yerda mavhumotlar ko‘p. Shu bois Tayvan atrofida harbiy harakatlar boshlanganda “biz unday qilamiz, biz bunday qilamiz” deb uzil-kesil aytish amrimahol.
– Joriy yil yanvar oyida Xitoy oliy mudofaa rahbariyati tizimida amalga oshirilgan “tozalash”ni qanday baholaysiz?
– Albatta, Si Szinpin nima uchun bunday qilayotganini hech kim aniq bilmaydi. Lekin buning oqibati, menimcha, ikkita asosiy nuqtaga borib taqaladi. Birinchidan, bu ularning jangovar qobiliyatini hech bo‘lmaganda qisqa muddatga pasaytiradi. Yangi generallarni tayyorlab, ularni muhim lavozimlarga tayinlash va vaziyatni to‘liq nazoratga olishlari uchun vaqt kerak bo‘ladi. Demak, hozircha jangovar qobiliyat sustroq. Ikkinchi tomondan, bu safar Si Szinpin juda muhim general – Markaziy harbiy kengash raisi o‘rinbosari bo‘lgan yuqori martabali harbiy Chjan Yusyani lavozimidan chetlatdi. U Si Szinpindan uch yosh katta va bir vaqtlar Si unga e’timod qo‘ygan. Aftidan, bu general harbiy kuch ishlatish masalasida ancha ehtiyotkor bo‘lgan. Endi esa u yo‘q. Bu holat Si Szinpin uchun harbiy jabhada olg‘a yurish haqida amru farmon berishni osonlashtirishi mumkin.
– Suhbatimiz avvalida Yaponiya xavfsizligiga tahdidlar haqida gapirdingiz. Xo‘sh, Yaponiya mavjud tahdidlarga javoban qanday yo‘l tutishi kerak?
– Biz bir vaqtning o‘zida ko‘plab yo‘nalishlarda ishlashimiz kerak. Xavfsizlik muhiti o‘zgarib borayotgani, Xitoy esa faqat kuchga ishonayotgani haqida gapirdik. Bunday vaziyatda biz ham o‘z kuchimizni oshirishga harakat qilishimiz kerak – bu bizning muvozanatlash strategiyamizning bir qismidir. Buni qanday amalga oshiramiz? Birinchidan, mudofaa budjetini oshirish orqali. Ayni choqda, iqtisodiyotimizni yanada rivojlantirishimiz kerak deb o‘ylayman. Bunga qanday erishamiz? Ta’lim tizimimizni yanada takomillashtirish orqali. Yaponiyaning ichida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p. XIX asrda, Meydzi restavratsiyasi boshlangan kezlardagi ancha zaif bo‘lgan vaqtlarimizni eslasak, o‘shanda odamlar jamiyatni isloh qilish, mamlakat va jamiyat iqtisodiyoti hamda qudratini yuksaltirish zarurligini, bu kechiktirib bo‘lmas ehtiyoj ekanini tushunib yetganlar. Biz qilishimiz kerak bo‘lgan birinchi vazifa bu!
Ikkinchidan, yuqorida ta’kidlaganimdek, ittifoqchimiz bo‘lgan AQSh, shuningdek, Amerikaning boshqa ittifoqchilari – Koreya, Avstraliya, Filippin bilan aloqalarni yanada mustahkamlashimiz lozim. Bu – yana bir yo‘nalish.
Uchinchidan, biz Xitoy, hatto Shimoliy Koreya bilan ham ko‘proq muloqot qilishga intilishimiz kerak.
Diplomatik jihatdan esa, nafaqat Xitoy va Shimoliy Koreya bilan aloqa o‘rnatish, balki biz kabi xavotirda bo‘lgan boshqa davlatlar bilan ham yaqinlashishimiz zarur.
– Yaponiya tashqi siyosatida O‘zbekistonning o‘rni qanday deb o‘ylaysiz?
– O‘zbekiston – Markaziy Osiyodagi eng muhim davlat. Mamlakatingiz aynan mintaqa markazida joylashgan. Biz buni juda yaxshi anglaymiz. Menimcha, buyuk davlatlar o‘rtasidagi raqobatda, strategik kurashda butun Markaziy Osiyoning ahamiyati tobora ortib bormoqda. Bu nafaqat tabiiy resurslar, balki mintaqadan ishonchli do‘st qidirish nuqtai nazaridan ham muhimdir. Shu bois O‘zbekistonning Yaponiya uchun ahamiyati kelajakda faqat oshib boradi, aslo kamaymaydi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston tashqi qarzi 2025 yilda 18 mlrd dollarga oshdi. Bu rekord ko‘rsatkich
2025 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston umumiy tashqi qarzi 82,2 mlrd dollarga yetdi. Bunda davlat tashqi qarzi 40,5 mlrd dollar (+6,6 mlrd), xususiy sektor va davlat kompaniyalarining tashqi qarzlari esa 41,7 mlrd dollarga (+11,5 mlrd) teng bo‘ldi. O‘tgan yil davomida qarz 18,1 mlrd dollarga oshdi, bu esa tarixdagi eng katta o‘sishdir. O‘z navbatida umumiy tashqi qarzning yalpi ichki mahsulotga nisbatan ulushi 55,8 foizni tashkil etyapti.
2025 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 82,2 mlrd dollarga yetdi. Bu – Markaziy bank hisobotida keltirilgan.
Umumiy tashqi qarz bir yil ichida 18,1 mlrd dollarga ko‘paygan. Tashqi qarzlarning 40,5 mlrd dollari – davlat qarzi, 41,7 mlrd dollari – korporativ tashqi qarzlardan iborat.
«Korporativ tashqi qarz tarkibida to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritgan xorijiy investorlardan jalb qilingan qarz mablag‘lari qoldig‘i 6,5 mlrd dollarni, xalqaro obligatsiyalar joylashtirish orqali jalb qilingan mablag‘lar qoldig‘i esa 7,3 mlrd dollarni tashkil etdi. Qolgan qismi esa xususiy sektor, jumladan, xo‘jalik sub’yektlari va banklar tomonidan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, aylanma mablag‘larni to‘ldirish va biznes faoliyatini kengaytirish maqsadlarida davlat kafolatisiz jalb qilingan kredit va qarzlar hisobiga shakllandi», deyiladi MB sharhida.
Tashqi qarz miqdori qanday o‘zgaryapti?
2025 yilda O‘zbekiston tarixida eng yuqori tashqi qarz o‘sishi qayd etildi – 18,1 mlrd dollar. Statistik ma’lumotlar yuritila boshlaganidan beri tashqi qarzning eng yuqori o‘sishi pandemiya davridagi 2020 yilda (9,2 mlrd dollar), 2023 yilda (9,8 mlrd dollar) hamda 2024 yilda (10,8 mlrd dollar) kuzatildi. Qonun bilan tartibga solish mexanizmlarining joriy qilinishi davlat tashqi qarzining oshishini nisbatan mo‘’tadilashtirdi. Masalan, davlat tashqi qarzining o‘sishi 2020 yilda 5,5 mlrd, 2021 yilda 2,3 mlrd, 2022 yilda 2,1 mlrd, 2023 yilda 3,9 mlrd, 2024 yilda 4,2 mlrd, 2025 yilda esa 6,6 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu davrda umumiy o‘sish qariyb 90 foiz bo‘ldi. Korporativ qarz miqdorida esa keskin o‘sish kuzatilyapti. Xususan, 2020-2025 yillar oralig‘ida bu ko‘rsatkich 3,3 barobarga yoki 12,5 mlrd dollardan 41,7 mlrd dollargacha oshdi.
Markaziy bank ma’lumotlari asosidagi Kun.uz infografikasi
Joriy operatsiyalar hisobi
2025 yilda joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi YaIMga nisbatan 3,9 foizni (5,8 mlrd dollar) tashkil etib, 2024 yildagi 4,7 foizga (5,7 mlrd dollar) nisbatan 0,8 foiz bandga qisqardi. Hisobot davrida eksportning importga nisbatan yuqoriroq sur’atlarda o‘sishi kuzatilgan bo‘lsa-da, import hajmining eksportga nisbatan katta bo‘lgani sabab tovar va xizmatlar savdosi balansi manfiy shakllanib, 19,9 mlrd dollarni tashkil etdi.
Ikkilamchi daromadlar bo‘yicha joriy transfertlarning sof hajmi sezilarli darajada oshishi natijasida mazkur komponent 13,7 mlrd dollar miqdorida ijobiy saldo bilan shakllanib, birlamchi daromadlar bo‘yicha sof tushumlar (371,4 mln dollar) bilan birgalikda savdo balansidagi manfiy saldoni qisman qopladi.
2025 yilda xalqaro bozorlarda xomashyo narxlarining yuqori darajada saqlanib qolishi, shuningdek, eksportbop mahsulotlarga tashqi talabning ortishi va norezidentlarga ko‘rsatilgan xizmatlar ko‘lamining kengayishi ta’sirida jami eksport hajmi 2024 yilga nisbatan 23 foizga o‘sib, 32,3 mlrd dollarni tashkil etdi (oltinsiz eksport – 22,5 mlrd dollar, o‘sish 20 foiz).
«Asosiy eksport xomashyo mahsulotlarining jahon bozoridagi narxlari tahliliga ko‘ra, 2025 yil davomida oltin narxi yil boshiga nisbatan 63 foizga, kumush narxi 2 barobarga, mis narxi 32 foizga va uran narxi 5 foizga oshgan. Shu bilan birga, to‘qimachilik sanoatining asosiy xomashyosi hisoblangan paxtaning jahon narxi 7 foizga pasaygan», deyiladi MB shahrida.
2025 yilda jami import hajmi 2024 yilga nisbatan 20 foizga ko‘payib, 52,2 mlrd dollarga yetdi. Bu mamlakatda investitsiyaviy faollik va ichki iste’mol talabi yuqori darajada saqlanib qolishi sharoitida mashina va uskunalar, kimyoviy va mineral mahsulotlar, shuningdek, maishiy va oziq-ovqat tovarlari hamda boshqa xomashyo importining davom etishi bilan izohlanadi. Shuningdek, importning eng yuqori hajmi o‘tgan yilning IV choragiga to‘g‘ri kelib, 15,3 mlrd dollarni tashkil etdi.
Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof kiritilishi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobarga o‘sib, 4,4 mlrd dollarga teng bo‘ldi.
Portfel investitsiyalarning sof jalb qilinishi asosan xalqaro obligatsiyalar bilan bog‘liq operatsiyalar hisobiga o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 40 foizga oshib, 4,4 mlrd dollarga teng bo‘ldi.
Iqtisodiyot
Biznesni bezdirayotgan QQS va markirovka muammolari. Ekspertlar sharhi
Nega ko‘p tadbirkorlar QQS to‘lovchisi bo‘lib qolishdan shunchalik qo‘rqadi? Markirovka bo‘yicha talablar biznesda bunchalik katta e’tiroz uyg‘otayotganiga sabab nima? Soliq qonunchiligi va amaliyoti qanday qilib biznesni bo‘laklarga bo‘lishga rag‘bat yaratyapti? Shu kabi savollarga Kun.uz studiyasidagi suhbatda soliq maslahatchilari Murod Muhammadjonov va Nodirbek Xo‘jabekov javob berdi.
Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latov umumiy ovqatlanish sohasida ayrim tadbirkorlar QQS to‘lamaslik uchun mijozlarga yakka tartibdagi tadbirkor sifatida chek berayotganini aytdi.
“Buni ko‘rib-bilib turibmiz. Ertaga tekshirish borsa, xafa bo‘lasizlar. Iltimos, qonuniy ishlanglar”, dedi u 21 aprel kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda.
Kun.uz studiyasidagi suhbatda soliq maslahatchilari tadbirkorlarni QQSdan qochishga undayotgan omillar haqida so‘z yuritdi.
Murod Muhammadjonov: “Faqat jazoning o‘zi yechim bo‘lolmaydi”
— Jarima solish bilan natijaga erishib bo‘lmaydi. Ya’ni soliq to‘lash uchun tadbirkorlarga qulay zona yaratilmasa, jarima bilan qo‘rqitib, faqatgina yo korrupsiyani rivojlantirib yuborish mumkin, yoki tadbirkorlikni odamlar uchun diskomfort bir zonaga aylantirib qo‘yiladi. Ya’ni tadbirkorlik qilish qiyin joyga aylanib qolishi mumkin xolos. Shuning uchun, menimcha, “Qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tmaslik sabablari nima?” degan savol bizni ko‘proq qiziqtirishi kerak.
Juda ko‘p holatlarda tovarlar naqd oldi-berdi qilinishi, kirim qilish imkoniyati yo‘qligi, QQSda ishlash tadbirkorlarga diskomfort bo‘layotgani asosiy sabablardan deb bilaman.
Hamma uchun emas, muayyan qatlamdagi tadbirkorlar borki, ularda QQSga o‘tish imkoniyati yo‘q. Oddiy aytganda, QQS va foyda solig‘i to‘lash sharoitida ularning biznesi yashab qololmaydi, tirikchiligi o‘tmaydi. Aylanmadan 4 foiz soliq to‘lab kelgan tadbirkor uchun soliq yuki birdaniga karrasiga oshib ketadi (12 foiz QQS + 15-20 foiz foyda solig‘i). Shuning uchun 1 milliardlik chegaraga yaqinlashganda, biznesni bo‘lib tashlashga majbur bo‘lyapti.
Faqatgina jarima degan narsa bilan qo‘rqitilsa, kimlardir QQSga o‘ta oladi, kimlardir o‘ta olmaydi. O‘ta olmaganlar yechim sifatida korrupsiyaga murojaat qiladi. Ko‘p holatlarda aylanmadan qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tmaslik uchun tushumni kamaytirib ko‘rsatish kerak bo‘ladi. Kamaytirib ko‘rsatish esa, tabiiyki, kassaga urmaslikka, tushumni yashirishga olib keladi. Tushumni yashirish holatlari bu tekshiruvlarda aniqlanadi va jarima qo‘llanadi. Ya’ni agar yirik soliq to‘lovchisi, ya’ni qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lib o‘tmasang, jazolayman, lekin o‘tsang ko‘proq soliq to‘laysan – oldiga yursang ham, orqaga yursang ham jazolayman, degani bu. Hamma joy jazo mexanizmi bo‘lib qolyapti.
Bu yerda aynan nima uchun biznesni bo‘lib ishlashyapti, degan savol muhim. Haqiqatda qorabozor yo‘q emas, bor va ko‘p tovarlarni kirim qilish imkoniyati yo‘q. Odamlar haligacha qonuniy ishlash formatlariga to‘liq moslashmagan va qonuniy ishlash qanaqa deganda umuman “perechisleniye”ga sotib olish kerakligini bilmaydi. “Perechisleniye”ga sotib olaman deydigan bo‘lsa, qimmatroqqa aylanadi va hokazo. Har bir holatda raqobat hisobiga ham maksimal darajada aylanmadan olinadigan soliqda qolishga harakat qilaveradi. Menimcha, bu narsaga jazodan ko‘ra yechimini topish kerak. Jazo bu yechim emas, jazo bu – chora.
Agar hamma QQSga o‘tsin deydigan bo‘lsa, unda aylanmadan olinadigan soliqni to‘xtatish kerak. Aylanmadan olinadigan soliqqa sharoit yaratildimi, demak unda ishlay oladigan odamlar kategoriyasi bor. O‘zi biznesning shunaqa doirasi borki, o‘sha aylanmadan olinadigan soliqqa moslashgan. O‘sha 4 foizlik soliqda qolib yashashga ko‘nikkan. Qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tsa, yashab qola olmaydi.
Keyingi holat bor: bir nechta savdo nuqtalarini qilib, brend darajasi yoki tizimli rivojlanishga qarab ketganlar bor. Ya’ni keyingi bosqichga o‘tgan, o‘z mijozlariga, obro‘siga ega bo‘lgan va keyingi bosqichga o‘tgan kategoriya haqida gapiryapman. Ularning bir nechta savdo nuqtalari bo‘lgani uchun biznesni bo‘lishdan ko‘ra, “100 so‘m emas, 50 so‘m qolsa ham, endi qonuniy o‘tganim yaxshi”, deb hisoblaydi. Lekin u darajaga bora olmaydiganlar-chi?
Qo‘shningiz aylanmadan olinadigan soliqda bitta porsiya ovqatni 30 ming so‘mga sotayotgan bo‘lsa, xuddi shu porsiya ovqatni siz 36 ming so‘m deydigan bo‘lsangiz, bo‘ldi, sizning biznesingiz to‘xtadi. O‘sha narsaga bormaslik uchun, tabiiyki, kichik korxonalar aylanmadan olinadigan soliqda qolishga maksimal darajada harakat qiladi. Shuning uchun biznesni bo‘lmasin deydigan bo‘lsak, unda QQSga o‘tish mezonini oshirib beraylik, 1 milliardni 5 milliard qilib beraylik. Chunki 1 milliardlik chegara hozirgi kunda bir tirikchilikdek narsa-da, bu biznes darajasida baholab bo‘ladigan summa emas.
Endi jarimalar masalasiga keladigan bo‘lsak, QQSga o‘tgandan keyin u davlat soliq boshqarmalari nazoratiga o‘tadi va u yerda aylanmadan olinadigan soliqlardan ko‘ra QQS to‘lovchiga nisbatan tekshiruvlar, uning nazorat tartiblari juda ko‘p. Sen uni kalkulyatsiyasini qilding-qilmadingdan boshlab, QQS bilan olding, kontragenting obnalchi ekan va hokazo – tekshiruv va nazorat juda ham ko‘p.
Hozirgi kunda obnalchi bo‘lishi ham shart emas, umuman kontragentni boshqa sabablar bilan QQS guvohnomasi nofaol holatga keltirib qo‘yadigan bo‘lsa, farqi yo‘q, shunchaki sizni boshqa bir tovaringiz uchun QQS guvohnomangiz nofaol bo‘lib qoladigan bo‘lsa, hamma kontragentingizdan sizni to‘lab qo‘ygan QQSingizni ham undiryapti.
Birinchidan, biznesga QQSda ishlashda soliq yuki 300 foizgacha oshadi. Ikkinchidan, endi nafaqat o‘zi uchun, birov uchun ham javob berishi kerak, yetmaganiga jarimasini ham to‘lash kerak va jinoyatchiga ham aylanib ketishi kerak.
Nodirbek Xo‘jabekov: “AOS o‘rniga, “zachet” imkoniyatisiz 6 foizlik QQS joriy etilishi kerak”
— Ko‘p yillardan beri tadbirkorlar aynan shu 1 milliardlik pog‘onani 3 milliardga yo 5 milliardga ko‘tarib beringlar degan so‘rovga, “1 mlrd so‘mlik pog‘ona qo‘yilganda uni keyinchalik ko‘tarish maqsad qilinmagan”, degan javobni olishadi. Bundan maqsad – tezroq hammani aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchisidan QQS to‘lovchisiga o‘tkazib yuborish bo‘lgan. Shu sababdan bu 1 milliardlik pog‘ona o‘zgarmaydi deb, doimiy ravishda aytib kelinadi.
O‘tgan yilgi majlisda men o‘zim shunaqa taklif bergan edim: agar 1 milliardlik pog‘ona o‘zgartirilmasa, hammani birato‘la qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tkazish maqsad bo‘ladigan bo‘lsa, unda kelinglar, QQSni 6 foiz deylik va hamma o‘sha 6 foizlik QQSga o‘tsin. Ya’ni nomi qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘lsin, imtiyozli 6 foiz stavka qo‘llansin va 6 foizlik imtiyozli stavkani qo‘llaydiganlarda kiruvchi qo‘shilgan qiymat solig‘ini “zachet”ga olish imkoni bo‘lmasin. Bu o‘sha aylanmadan olinadigan 4 foiz bilan qo‘shilgan qiymat solig‘i 6 foiz o‘rtasida deyarli o‘zgarish yo‘q. Bu – soliq to‘lovchilarga ko‘nikma hosil qiladi, QQSga o‘tdim degan tushuncha bo‘ladi.
Ya’ni tadbirkorga bugungi to‘lab turgan solig‘i qulay bo‘ladigan bo‘lsa, unga birdaniga sezilarli farq bo‘lgan boshqa soliq turini belgilab berib hammani shunga o‘tishga majburlasak, tadbirkor osonroq yo‘lini qidirishni boshlaydi. Agar soliq to‘lash soliq to‘lovchiga qiyinlik qilsa, u, albatta, kamaytirib to‘lash yo‘llarini qidirishni boshlaydi
4 foizlik aylanmadan soliq o‘rniga 6 foizlik QQSga o‘tsak, o‘z-o‘zidan 1 milliardlik pog‘ona unutiladi. 10 milliard bo‘lsa ham, 100 milliard bo‘lsa ham o‘sha imtiyozli stavkada 6 foiz to‘layveradi. Uni hisobga olish imkoni bo‘lmaydi, lekin men 6 foiz stavkadan kimgadir realizatsiya qiladigan bo‘lsam, mendan xarid qilib olgan o‘sha 6 foizlik QQSning o‘zini hisobga olaveradi. Uyog‘i zanjir uzilmasdan ketaveradi. Sababi, menga kelib tushgan pul yoki men realizatsiya qilgan yoki chekimda ko‘rsatilgan summaning 6 foizini budjetga to‘lab yuboraman, bo‘ldi. Misol uchun menda 94 foiz qoladi, uni hech kim hisob-kitob qilmaydi.
Hozirgi holatda qanaqa? Men QQS to‘laganimda budjetga to‘lamayman-da, men xarid qilayotganda kontragentga to‘lab beraman. Endi men kontragentim u QQSni budjetga to‘lab beradimi-yo‘qmi, men nazorat qilishim kerak.
Bundan tashqari, QQSdan tashqari o‘sha sotib olgan xarajatimning endi foyda solig‘i bor. Bizda foyda solig‘ini hisoblaganda tushum bilan xarajat o‘rtasidagi farq – foyda solig‘i bazasini tashkil etadi. Men o‘sha qilgan xarajatim iqtisodiy oqlanganmi-yo‘qligini ham o‘zim nazorat qilishim kerak. Ya’ni ertaga foyda solig‘ini to‘layotganda hisobotda ko‘rsatgan xarajatimni iqtisodiy tarafdan oqlanganini isbotlab berishim kerak. Bu bir qator noqulayliklarni yuzaga keltiradi.
To‘liq suhbatni Kun.uz’ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Iqtisodiyot
Tadbirkorlik imtiyozlarini qo‘llamagan mansabdor shaxslar javobgarlikka tortildi
Namangan viloyatida to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sohasi tadbirkorlariga berilgan imtiyozlarning qo‘llanilishi yuzasidan Biznes-ombudsman devoni tomonidan o‘rganish o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-yanvardagi PF-2-sonli Farmoniga muvofiq, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj yo‘nalishida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar uchun elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha bir oylik oldindan to‘lov talabi bekor qilinganligi va bu tartib qo‘llanilishi Namangan viloyati misolida tahlil qilinganda 140 ta korxonaga nisbatan mazkur imtiyoz qo‘llanilmasdan, ulardan elektr energiyasi uchun oldindan to‘lov undirib kelinganligini ko‘rsatdi.
Ko‘rilgan choralar natijasida 140 ta tadbirkorlik sub’yektiga nisbatan imtiyoz qo‘llanilishi ta’minlandi. Oldindan to‘lov undirish amaliyoti to‘liq to‘xtatildi.
Shu bilan birga, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj yo‘nalishida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar sub’yektlariga qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan imtiyozlarni qo‘llamagan 5 nafar mansabdor shaxs Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 241-6-moddasiga asosan ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston tashqi savdosi o‘sdi. Qaysi davlatlar asosiy hamkorlar?
2026-yilning yanvar–mart oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 18 mlrd AQSh dollariga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 471 mln dollarga yoki 2,7 foizga ko‘pdir.
Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, eksport hajmi 5,8 mlrd dollarga tushib, 29,3 foizga qisqargan. Import esa aksincha, 12,2 mlrd dollarga yetib, 30,8 foizga oshgan. Natijada tashqi savdo balansi 6,4 mlrd dollar manfiy saldo bilan shakllangan.
Maxsus eksport hisobga olinmaganda, tovarlar eksporti 26,2 foizga o‘sib, 3,48 mlrd dollarga yetgan.
O‘zbekiston hozirda jahonning 170 dan ortiq mamlakati bilan savdo aloqalarini olib bormoqda. Tashqi savdoda asosiy ulush Xitoy hissasiga to‘g‘ri keldi — 25,6 foiz. 2026 yilning uch oyida bu mamlakat bilan savdo hajmi 4,6 mlrd dollarga yetdi.
Rossiya Federatsiyasi bilan savdo 3,28 mlrd dollar, Qozog‘iston bilan 1,3 mlrd dollar, Turkiya bilan 653 mln dollar va Afg‘oniston bilan 508 mln dollarga yetgan.
Shuningdek, Fransiya (488,9 mln), Koreya Respublikasi (463,6 mln), BAA (458,7 mln) kabi davlatlar bilan ham savdo hajmi o‘sgan. Turkmaniston bilan savdo 357,5 mln, Germaniya bilan 304,8 mln dollarga yetgan.
Hindiston (299,8 mln), Belarus (259,7 mln), AQSh (258,4 mln), Qirg‘iziston (221,7 mln) va Tojikiston (188,8 mln) bilan ham faol aloqalar saqlanib qolmoqda. Gonkong bilan savdo 155,7 mln, Eron — 151,4 mln, Italiya — 116,5 mln, Irlandiya — 102,7 mln va Ukraina — 94,4 mln dollarga yetgan.
Iqtisodiyot
Mart oyida qaysi hududlarda iste’molchilar eng ko‘p keshbek olgan?
2026-yil mart oyida O‘zbekistonda iste’molchilarga 216,8 mln chek uchun 168 mlrd so‘mdan ortiq keshbek to‘langan. Bu Soliq qo‘mitasi ma’lumotlarida qayd etilgan.
Umuman olganda, 2026-yilning yanvar–mart oylarida 611,7 mln chek rasmiylashtirilib, ular bo‘yicha 447,3 mlrd so‘m keshbek qaytarilgan. Mart oyining o‘zida esa 6,1 mln nafardan ortiq foydalanuvchi ushbu tizimdan foydalangan.
Qayd etilishicha, mart oyida eng katta keshbek Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keldi — 49,7 mlrd so‘m. Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona (22,9 mlrd so‘m), Andijon (20,2 mlrd so‘m) va Toshkent viloyati (17,1 mlrd so‘m) qayd etildi.
Shuningdek, Samarqand viloyatida 9,3 mlrd so‘m keshbek qaytarilgan. Qoraqalpog‘istonda bu ko‘rsatkich 8,5 mlrd, Xorazmda 8,9 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Navoiyda 3,5 mlrd, Jizzaxda 2,4 mlrd, Sirdaryoda 2,2 mlrd so‘m keshbek to‘langan. Qashqadaryoda 6,0 mlrd, Buxoroda 5,5 mlrd, Surxondaryoda 4,3 mlrd so‘m qaytarilgan. Namanganda 6,9 mlrd so‘mlik keshbek qayd etilgan.
-
Siyosat5 days agoFransiya va Oʻzbekiston taʼlim va madaniyat yoʻli bilan aloqalarni chuqurlashtirmoqda – Elchi Valid Xouk
-
Siyosat3 days agoOʻzbekistonda yashirin forumda davlat xizmatchilariga oid maʼlumotlarning sizib chiqib ketishini tekshirmoqda
-
Siyosat3 days agoOʻzbekiston Davlat investitsiya jamgʻarmasi Toshkent va Londonda ikki tomonlama IPO oʻtkazdi
-
Jamiyat3 days agoMashina olib berish va’dasida yuzlab odamni chuv tushirgan “Umid avto”chilarga hukm o‘qildi
-
Mahalliy4 days ago
Gulga shaydo onaxon, kitob “ovchisi” va chemodansiz sayyoh…
-
Siyosat5 days agoSaida Mirziyoeva Xorazm viloyatini ijtimoiy rivojlantirish loyihalarini nazorat qiladi
-
Iqtisodiyot3 days ago«Kursga sun’iy ta’sir o‘tkazish tarafdori emasmiz»
-
Dunyodan3 days ago
Ukraina va Yevropa Ittifoqi Isroilga qarshi sanksiyalar kiritmoqchi
