Connect with us

Iqtisodiyot

Kuchayib borayotgan energetika inqirozi. Bu kimga qanday ta’sir qiladi?

Published

on


Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashib, global iqtisodiyot va xavfsizlikka tahdidlar kuchayib boryapti. Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi energetika ta’minotida jiddiy uzilishlarga olib keldi. AQSh va Isroilning Eronga urush ochishidan oldin neftning Brent markasi barreliga o‘rtacha 72 dollar, WTI markasi esa 67 dollardan sotilgan bo‘lsa, bir necha kun ichida narxlar 100 dollarlik psixologik chegarani yorib o‘tdi.

Zaif davlatlar guruhi

Urushdan oldin Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadigan neftning taxminan 80 foizdan ko‘proq qismi Osiyo mamlakatlariga yo‘naltirilgan. Suv yo‘lining yopilishi esa bir qator mamlakatlarni strategik jihatdan juda zaif holatga keltirib qo‘ydi. Masalan, Yaponiya va Janubiy Koreya iqtisodiyoti import qilingan xomashyoni qayta ishlash va tayyor mahsulot eksporti asosiga qurilgan. Urush boshlanishiga qadar Yaponiya neftning 90 foizdan ortig‘ini, Janubiy Koreya esa 70 foizdan ortig‘ini Fors ko‘rfazidan import qilardi. Energetika narxlarining oshishi ushbu davlatlarda ishlab chiqarish tannarxining keskin oshishi va eksport raqobatbardoshligining pasayishiga olib kelishi mumkin.

Hindiston ham xavf ostidagi yirik iqtisodiyotlardan biri. Rasmiy Dehli neftning taxminan 90 foizi va suyultirilgan gazning 50 foizini import qiladi. Neftning yarmi va suyultirilgan gazning katta qismi aynan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadi. Mazkur yo‘nalishning yopilishi Hindistonga suyultirilgan gaz importining 40 foizga pasayishiga va umumiy neft yetkazib berishning 15 foizga qisqarishiga sabab bo‘ldi. Mart oyi boshida AQSh hukumati Rossiya neftiga nisbatan sanksiyalarni 30 kunga yumshatish haqida qaror qabul qilgandi. Bu esa Dehli uchun vaziyatni qisman normallashtirish imkonini berdi va fevralga nisbatan mart oyida Rossiyadan neft sotib olish 90 foizga ko‘paydi.

Xitoy dunyoning eng yirik neft importyori hisoblanadi va umumiy xaridning 50 foizdan ko‘proq qismi aynan ko‘rfaz mamlakatlaridan amalga oshiriladi. Rossiya bilan do‘stona munosabatlar Pekin uchun inqiroz sharoitida iqtisodiy buffer vazifasini bajarayotgan bo‘lsa-da, istiqbolda xomashyo uchun ko‘proq pul to‘lashga to‘g‘ri kelishi mumkin. Shu paytgacha sanksiyalar sabab Eron va Rossiya neftini Xitoy kompaniyalari chegirma narxlarda xarid qilib kelardi. Ushbu mamlakatlar xomashyosiga cheklovlarning yumshatilishi boshqa muqobil bozorlarga chiqish imkoniyatini beradi. Masalan, Sharqiy Sibir — Tinch okeani quvuri orqali Moskva nafaqat Xitoy, balki Janubiy Koreya, Yaponiya, Singapur, Tayvan kabi davlatlarga ham o‘z mahsulotini qimmatroq narxda sota boshlashi mumkin. Bu esa Xitoyni neft uchun ko‘proq pul to‘lashga majbur qiladi. Shunday bo‘lsa-da, inqiroz sharoitida Rossiya bilan yaqinlik Pekinga geosiyosiy ustunlik taqdim etyapti. Yaqin Sharq va raqobatchi mamlakatlarda neft-kimyo majmualarining to‘xtab qolishi fonida Xitoy eksport kvotalarini nazorat qilib, plastmassa va o‘g‘itlar yetkazib berish zanjirlarida monopoliya o‘rnatishi va global janubdagi ta’sirini kuchaytirishi mumkin.

Filippin, Pokiston, Malayziya, Singapur, Tailand, Bangladesh kabi mamlakatlar ham Yaqin Sharqdan amalga oshiriladigan energetika resurslari importiga kuchli darajada bog‘lanib qolgan. Narxlarning keskin oshib ketgani ushbu mamlakatlardagi ishlab chiqarish zanjirlariga ham jiddiy bosim o‘tkazyapti. Masalan, Filippin energetika sektorida favqulodda holat e’lon qildi. Indoneziyada esa yoqilg‘ini tejash maqsadida juma kunlari uydan ishlash rejimi joriy qilindi. Umuman olganda, Janubi-Sharqiy Osiyoning rivojlanayotgan bozorlarida yoqilg‘i inqirozi inflatsiyani tezlashtirishi bilan birga iqtisodiy o‘sishni ham sekinlashtirishi mumkin. Ish haftasi yoki ish kuni qisqarganda, bu talabni pasaytiradi, natijada ishlab chiqarish hajmlari va iste’molchilarning xarid qobiliyati kamayadi. 

Yevropada iqtisodiy turg‘unlik xavfi

Yaqin Sharqdagi urush fonida yuzaga kelgan energetika inqirozi Yevroittifoq uchun Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyingi og‘riqli xotiralarni qayta jonlantirdi. Harbiy mojaro allaqachon iste’molchilarning cho‘ntaklarida sezila boshladi. To‘g‘ri, Yevropa Yaqin Sharq xom neftiga Osiyo mamlakatlariga qaraganda kamroq qaram, biroq Fors ko‘rfazidan yevrohududga kuniga taxminan 280 ming barrel aviakerosin eksport qilinardi. Bu umumiy importning 60 foizini tashkil qiladi. Ta’minotdagi uzilishlar ortidan mart oyining oxirida aviakerosin narxi bir tonnasi uchun 1800 dollargacha qimmatlashdi. Natijada aviakompaniyalar reyslarni qisqartirib, chiptalar narxini oshira boshladi. Bu esa tashish va logistika narxlarini ko‘taryapti. Shuningdek, dizel yoqilg‘isi ta’minotida ham uzilishlar kuzatilyapti.

Gaz bilan bog‘liq vaziyat yanada dramatik tus olgan. Qatardagi infratuzilmaning vayron bo‘lishi va Ho‘rmuz bog‘ozining yopilishi sababli Yevropa bozorida narxlar mojarodan oldingi davrga nisbatan 45 foizga ko‘tarilgan. Bu esa qit’ada inflatsiya o‘sishi hamda iqtisodiyotlarning turg‘unlashuvi xavfini oshiryapti. Ayniqsa, Germaniya va Italiya kabi sanoatga tayangan davlatlar korxonalarning ommaviy yopilishi xavfi ostida qoldi.

AQSh dunyodagi eng yirik neft va gaz ishlab chiqaruvchisi bo‘lsa-da, mamlakatda benzin narxi keskin qimmatlashib ketdi. Bu jamiyatda kuchli norozilikni keltirib chiqaryapti. Tahlillarga ko‘ra, urush boshlangan 28 fevraldan beri amerikalik haydovchilar yoqilg‘i uchun qo‘shimcha 8,4 milliard dollar to‘lashga majbur bo‘lishgan va har kuni 240 million dollar yo‘qotishyapti.

Kimlar foyda ko‘ryapti?

Yaqin Sharqdagi energiya inqirozi global iqtisodiyotni tanazzulga yetaklayotgan bir paytda, sahna ortida bu vaziyatdan milliardlab dollar foyda ko‘rayotgan “g‘oliblar” ham bor. Masalan, Rossiya inqirozdan ham iqtisodiy, ham geosiyosiy jihatdan eng ko‘p yutadigan davlatlardan biri. G‘arb sanksiyalari ostida qolganiga qaramay, neft narxining 100 dollardan oshib ketishi Moskvaga o‘z xomashyosini qimmatroq pullash imkonini beradi. Bu budjet tushumlarini keskin oshirib, mamlakatning harbiy xarajatlarini qoplashga yordamlashadi.

Eron bilan urush boshlanishidan oldin Rossiya neft narxlarining pasayishi va Vashington bosimi tufayli Hindiston bilan savdosining katta qismini yo‘qotib, qiyinchiliklarga duch kelayotgandi. Eksport ham oxirgi 4 yillikdagi eng past darajaga tushib ketgandi. Urush fonida rasmiy Moskvaning kunlik qo‘shimcha daromadlari 150 mln dollargacha ko‘paygan bo‘lishi mumkin. AQSh moliya vaziri Skott Bessentning ma’lum qilishicha, qo‘shimcha maksimal daromadi 2 milliard dollargacha yetadi. Shuningdek, AQShning harbiy va moliyaviy resurslari Yaqin Sharqqa yo‘naltirilishi Ukraina frontida Kreml uchun strategik yengillik yaratadi va global kun tartibini ham o‘zgartiradi.

Garchi AQSh hukumati neft narxining oshishi va ichki inflatsiyadan jiddiy zarar ko‘rsa-da, bu Amerikaning xususiy energetika gigantlariga katta foyda olib kelyapti. Yuqorida aytib o‘tilganidek, Qo‘shma Shtatlar dunyodagi eng yirik neft qazib oluvchi hisoblanadi. Yaqin Sharqdan keladigan neft hajmi keskin kamaygach, Yevropa va Osiyo davlatlari muqobil manbalar qidirishga majbur bo‘ladi. Bu esa AQShning suyultirilgan tabiiy gazi va neftiga bo‘lgan talabni oshirib yubordi. Natijada Chevron, Exxon Mobil kabi korporatsiyalar, shuningdek, Texas va Nyu-Mexikodagi mustaqil burg‘ilash kompaniyalarining daromadlari keskin ko‘payyapti.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Iqtisodiyot

2026 yilning birinchi choragida elektr ishlab chiqarish 7 foizga oshdi

Published

on


Joriy yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekistonda jami 23 mlrd 317 mln kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1 mlrd 471 mln kVt⋅soat yoki 7 foizga ko‘p.

2026 yil yanvar-mart oylarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7 foizga ko‘p bo‘ldi, deya xabar berdi Energetika vazirligi.

Husobot davrida respublikada jami 23 mlrd 317 mln kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1 mlrd 471 mln kVt⋅soatga yuqori ko‘rsatkich.

Ushbu davrda iste’molchilariga 20 mlrd 163 mln kVt⋅soat elektr energiyasi yetkazib berildi. Ushbu ko‘rsatkich 2025 yilning shu davridagiga nisbatan 262 mln kVt⋅soatga yoki 1 foizga ko‘p.

«Murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha vazirlik shtabi tuzilib, tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi», deyiladi Energetika vazirligi xabarida.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

O‘zbekistonda “spin-off” korxonalari tashkil etiladi

Published

on


O‘zbekistonda yangi ishlanmalarni ishlab chiqarishga joriy etish va ilm-fan natijalarini tijoratlashtirish maqsadida oliy ta’lim hamda ilmiy muassasalar muassisligida “spin-off” korxonalari tashkil etiladi.

Bu prezidentning “Mamlakatda yangi ishlanmalar asosida ishlab chiqarishni tashkil etish tizimini joriy qilish hamda ilm-fanni qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan.

Hujjatga ko‘ra, 2026 yil 1 maydan boshlab mazkur korxonalar faoliyati uchun qator yengillik va qulay shartlar joriy etiladi. Jumladan, ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ustav fondidagi davlat ulushi miqdorini o‘zgartirishda qator qo‘shimcha kelishuvlar talab etilmaydi.

Shuningdek, korxonalar muassislarining professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlari, talabalari va izlanuvchilari mehnat jamoasi tarkibida faoliyat yuritishi shart etib belgilanmoqda.

Farmonga asosan, bunday korxonalarga investorlar tomonidan investitsiya kiritish bo‘yicha bitimlar, shartnoma va memorandumlar yuzasidan vakolatli davlat organining xulosasini olish talabi ham bekor qilinadi.

Bundan tashqari, Innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tashkil etilgan “spin-off” korxonalar qonunchilikda belgilangan tartibda venchur moliyalashtirishga tenglashtiriladi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

XVJ urush oqibatlarini sanab o‘tdi

Published

on


Yaqin Sharqdagi urush jahon iqtisodiyotiga zarba beradi, deya ma’lum qildi Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) rahbari Kristalina Georgiyeva. Jahon neft ta’minoti allaqachon 13 foizga qisqargan. Hatto mojaro tez orada yakunlansa ham, XVJ iqtisodiy o‘sish bo‘yicha prognozini pasaytiradi.

Foto: REUTERS/Valentyn Ogirenko

Yaqin Sharqdagi urush inflatsiyaning o‘sishiga va jahon iqtisodiy o‘sishining sekinlashishiga olib keladi. Bu haqda Xalqaro valuta jamg‘armasi rahbari Kristalina Georgiyeva dushanba, 6 aprel kuni, Reuters agentligiga bergan intervyusida, jamg‘armaning kelasi hafta e’lon qilinishi rejalashtirilgan yangi jahon iqtisodiyoti prognozi arafasida aytdi.

XVJ rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi urush energiya tashuvchilarning global ta’minotida “tarixdagi eng kuchli uzilish”ni keltirib chiqardi. Bunga Eron tomonidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozining amalda to‘sib qo‘yilishi sabab bo‘lgan. Mazkur bo‘g‘oz orqali jahondagi neft va gaz ta’minotining taxminan 20 foizi o‘tadi. Isroil, AQSh va Eron o‘rtasida bir oydan ortiq vaqtdan beri davom etayotgan mojaro allaqachon jahon neft ta’minotini 13 foizga qisqartirdi, deya qo‘shimcha qildi u.

Mojaro tez orada hal etilgan taqdirda ham, XVJ baribir jahon iqtisodiy o‘sishi bo‘yicha prognozini pasaytirish va inflatsiya bo‘yicha prognozini oshirish niyatida, dedi Georgiyeva.

Georgiyevaning aytishicha, agar Yaqin Sharqdagi urush bo‘lmaganida, XVJning jahon iqtisodiyoti o‘sishi bo‘yicha prognozi 2026 yil uchun 3,3 foiz, 2027 yil uchun esa 3,2 foizni tashkil etar edi. Ammo hozirda barcha yo‘llar narxlar oshishi va iqtisodiyot sekinlashishiga olib bormoqda, deya ta’kidladi u.

XVJ rahbari shuningdek, urushdan eng ko‘p energetika zaxiralari va aholiga yordam berish uchun budjet imkoniyatlari yetarli bo‘lmagan kambag‘al davlatlar jabr ko‘rayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, bu esa o‘z navbatida ijtimoiy-siyosiy beqarorlik xavfini kuchaytiradi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Qurilish bozorida asosiy ulush bino va inshootlar hissasiga to‘g‘ri keldi

Published

on


2026-yilning yanvar–fevral oylarida O‘zbekistonda 29,2 trln so‘mlik qurilish ishlari bajarildi. Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 10,6 foizga oshgan.

Qayd etilishicha, qurilish ishlari tarkibida eng katta ulush — 70,2 foiz binolar va inshootlar qurilishiga to‘g‘ri kelgan. Ushbu yo‘nalishda 20,5 trln so‘mlik ishlar amalga oshirilgan.

Qolgan qismda fuqarolik ob’yektlari qurilishi 5,5 trln so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, ixtisoslashtirilgan qurilish ishlari hajmi 3,2 trln so‘mga teng bo‘lgan.

Fuqarolik ob’yektlari qurilishi yo‘nalishdagi 5,5 trln so‘mlik hajm iqtisodiyotda infratuzilmaviy loyihalar ham izchil davom etayotganini ko‘rsatadi.

Ma’lumot uchun, so‘nggi yillarda qurilish sohasida barqaror o‘sish kuzatilmoqda. Xususan, 2022-yilda 12,7 trln so‘mlik ishlar bajarilgan bo‘lsa, 2023-yilda bu ko‘rsatkich 12,9 trln so‘mga yetgan. 2024-yilda hajm 16,2 trln so‘mgacha oshgan va 2025-yilda keskin sakrab, 25,1 trln so‘mni tashkil etgan. 2026-yilda esa bu raqam 29,2 trln so‘mga yetdi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Prezident bozor va savdo majmualarida soliq nazorati to‘liq yo‘lga qo‘yilmaganini aytdi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-aprel kuni soliq ma’murchiligini takomillashtirish va soliq organlari faoliyatini isloh qilishga doir taqdimot bilan tanishdi.

So‘nggi ikki yilda soliq bazasi kengaygani hisobiga budjetga tushumlar hajmi iqtisodiyot sur’atlariga nisbatan tezroq o‘smoqda. Xalqaro valyuta jamg‘armasi ham mazkur natijalarga soliq ma’murchiligini kuchaytirish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirish orqali erishilayotganini e’tirof etmoqda. Shu bilan birga, tizimni izchil isloh qilish orqali 2030-yilga borib, soliq tushumlarini 491,5 trillion so‘mga yetkazish, iqtisodiyotda kuzatilmaydigan ulushni esa 28 foizdan 19,6 foizgacha qisqartirish maqsad qilingan.

Yig‘ilishda soliq tushumlarini oshirishdagi eng katta zaxira yashirin iqtisodiyotni qisqartirish ekani ta’kidlandi.

Prezidentimiz raqamli tahlil va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanib, «aqlli» nazorat tizimini joriy etish orqali joriy yilda budjetga qo‘shimcha 30 trillion so‘m tushumni ta’minlash zarurligini ko‘rsatib o‘tdi. Bu savdo va xizmatlar, sanoat, qurilish, umumiy ovqatlanish hamda boshqa sohalarda P2P-operatsiyalar monitoringi, tovarlarni markirovkalash, raqamli nazoratni kuchaytirish, yuklarni hujjatsiz tashish faoliyatini avtomatik aniqlash va norasmiy bandlikni rasmiylashtirish kabi mexanizmlardan keng foydalanish hisobiga ta’minlanishi mumkin.

Bozorlar va savdo majmualarida nazorat to‘liq yo‘lga qo‘yilmagani, raqamlashtirish ishlari yetarli emasligi oqibatida ushbu yo‘nalishdagi imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotgani qayd etildi. Bugungi kunda bu yerlarda 72 mingdan ortiq chakana savdo sub’yekti faoliyat yuritmoqda. Biroq ularning 38 mingdan ortig‘i tovar aylanmasini oyiga 1 million so‘mdan kam ko‘rsatgan, 40 mingdan ziyodi esa kuniga atigi 2-3 ta chek bermoqda. Shuningdek, bozorlardagi 12 mingta savdo nuqtasi bo‘yicha ijara shartnomalari hisobga qo‘yilmagan. Natijada 37 ming tadbirkor oyiga 500 ming so‘mdan kam soliq to‘lagan.

Shu bois, bozorlar va savdo majmualarini to‘liq raqamlashtirish hisobiga qo‘shimcha tushum manbalarini ishga solish, nazorat, soliq xizmati va raqamli kuzatuvni o‘zaro integratsiya qilish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yig‘ilishda strategik bo‘lmagan yirik soliq to‘lovchilarga hududlarda xizmat ko‘rsatish masalasi haqida ham so‘z bordi.

Xususan, 209 mingta QQS to‘lovchi soliq organlaridan uzoqda joylashgani sababli xizmat ko‘rsatish va nazorat samaradorligi pasaygani qayd etildi. Shu munosabat bilan 500 ta strategik bo‘lmagan korxona nazoratini viloyat darajasiga, 103 mingdan ziyod qishloq xo‘jaligi, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarini tuman darajasiga o‘tkazish taklif qilindi. Mazkur yondashuv soliq to‘lovchilarga joyida xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, muammolarni tezkor hal qilish va nazorat samaradorligini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Tadbirkorlar uchun soliq ma’murchiligini soddalashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

O‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, tadbirkorlarning aksariyati tekshiruvlar, hisobot topshirish va soliq to‘lash jarayonlarining murakkabligidan norozi ekani aytildi. Shu munosabat bilan «avtokameral» nazoratni jazolash vositasidan xatoni barvaqt aniqlab, tuzatishga xizmat qiladigan profilaktika tizimiga aylantirish, korxonalarni xavf darajasiga qarab,«yashil»,«sariq» va «qizil» toifalarga ajratib ishlash zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, 6 turdagi hisobotni inson aralashuvisiz avtomat shakllantirish va yagona soliq hisobvarag‘iga o‘tish ishlarining borishi haqida axborot berildi. Bugungi kunda 198 ming holatda hisobot muddati buzilgani, 14,7 ming soliq to‘lovchi hisobot bermagani uchun 396,6 milliard so‘m jarima qo‘llanilgani, soliqlarni to‘lashda hisobvaraqlar soni ortib ketgani bois, 20 mingta xatolikka yo‘l qo‘yilgani aytildi.

Yangi tizim joriy etilsa, asossiz soliq qarzi, ortiqcha to‘lov va penya qo‘llash amaliyoti qisqartirilib, tadbirkorlar 8,4 trillion so‘m mablag‘ni tejashi mumkinligi qayd etildi. Yangi yondashuv natijasida tekshiruvlar soni kamayishi, hisobotlardagi xatolar keskin qisqarishi, murojaatlarni ko‘rib chiqish tezlashishi hamda koll-markazlar faoliyati sezilarli yaxshilanishi kutilmoqda.

Taqdimotda soliq organlari faoliyatidagi eng asosiy masala kadrlar salohiyati ekani ham ko‘rsatib o‘tildi.

So‘nggi yillarda bu yo‘nalishdagi ishlar yetarli darajada tashkil etilmagani sababli kadrlar qo‘nimsizligi oshgan. Xodimlarning malakasini oshirish darajasi pastligi, moddiy rag‘batlantirish tizimi zamon talablariga javob bermasligi, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yetarli emasligi qayd etildi. Xususan, 2022-yilda 3 mingdan ortiq xodim malaka oshirgan bo‘lsa, o‘tgan yili bor-yo‘g‘i 700 nafari qayta o‘qitilgan.

Shu munosabat bilan kadrlar malakasini oshirish, uzluksiz ta’limni yo‘lga qo‘yish, xodimlarni moddiy va ijtimoiy rag‘batlantirish bo‘yicha yangi takliflar taqdim etildi. Kadrlar salohiyatini mustahkamlash maqsadida Soliq qo‘mitasi huzuridagi Soliq akademiyasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash choralari belgilab olindi.

Davlatimiz rahbari soliq ma’murchiligida raqamli texnologiyalar, tahlil va sun’iy intellekt asosida mutlaqo yangi ish uslubini joriy etish, tadbirkorlar uchun qulay va adolatli soliq muhitini yaratish hamda sohada malakali kadrlar korpusini shakllantirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Soliq tizimi faoliyatini «tekshiruvdan – servisga» tamoyili asosida transformatsiya qilish, xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish va nazoratning zamonaviy, samarali mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.