Iqtisodiyot
Prezident bozor va savdo majmualarida soliq nazorati to‘liq yo‘lga qo‘yilmaganini aytdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-aprel kuni soliq ma’murchiligini takomillashtirish va soliq organlari faoliyatini isloh qilishga doir taqdimot bilan tanishdi.
So‘nggi ikki yilda soliq bazasi kengaygani hisobiga budjetga tushumlar hajmi iqtisodiyot sur’atlariga nisbatan tezroq o‘smoqda. Xalqaro valyuta jamg‘armasi ham mazkur natijalarga soliq ma’murchiligini kuchaytirish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirish orqali erishilayotganini e’tirof etmoqda. Shu bilan birga, tizimni izchil isloh qilish orqali 2030-yilga borib, soliq tushumlarini 491,5 trillion so‘mga yetkazish, iqtisodiyotda kuzatilmaydigan ulushni esa 28 foizdan 19,6 foizgacha qisqartirish maqsad qilingan.
Yig‘ilishda soliq tushumlarini oshirishdagi eng katta zaxira yashirin iqtisodiyotni qisqartirish ekani ta’kidlandi.
Prezidentimiz raqamli tahlil va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanib, «aqlli» nazorat tizimini joriy etish orqali joriy yilda budjetga qo‘shimcha 30 trillion so‘m tushumni ta’minlash zarurligini ko‘rsatib o‘tdi. Bu savdo va xizmatlar, sanoat, qurilish, umumiy ovqatlanish hamda boshqa sohalarda P2P-operatsiyalar monitoringi, tovarlarni markirovkalash, raqamli nazoratni kuchaytirish, yuklarni hujjatsiz tashish faoliyatini avtomatik aniqlash va norasmiy bandlikni rasmiylashtirish kabi mexanizmlardan keng foydalanish hisobiga ta’minlanishi mumkin.
Bozorlar va savdo majmualarida nazorat to‘liq yo‘lga qo‘yilmagani, raqamlashtirish ishlari yetarli emasligi oqibatida ushbu yo‘nalishdagi imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotgani qayd etildi. Bugungi kunda bu yerlarda 72 mingdan ortiq chakana savdo sub’yekti faoliyat yuritmoqda. Biroq ularning 38 mingdan ortig‘i tovar aylanmasini oyiga 1 million so‘mdan kam ko‘rsatgan, 40 mingdan ziyodi esa kuniga atigi 2-3 ta chek bermoqda. Shuningdek, bozorlardagi 12 mingta savdo nuqtasi bo‘yicha ijara shartnomalari hisobga qo‘yilmagan. Natijada 37 ming tadbirkor oyiga 500 ming so‘mdan kam soliq to‘lagan.
Shu bois, bozorlar va savdo majmualarini to‘liq raqamlashtirish hisobiga qo‘shimcha tushum manbalarini ishga solish, nazorat, soliq xizmati va raqamli kuzatuvni o‘zaro integratsiya qilish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yig‘ilishda strategik bo‘lmagan yirik soliq to‘lovchilarga hududlarda xizmat ko‘rsatish masalasi haqida ham so‘z bordi.
Xususan, 209 mingta QQS to‘lovchi soliq organlaridan uzoqda joylashgani sababli xizmat ko‘rsatish va nazorat samaradorligi pasaygani qayd etildi. Shu munosabat bilan 500 ta strategik bo‘lmagan korxona nazoratini viloyat darajasiga, 103 mingdan ziyod qishloq xo‘jaligi, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarini tuman darajasiga o‘tkazish taklif qilindi. Mazkur yondashuv soliq to‘lovchilarga joyida xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, muammolarni tezkor hal qilish va nazorat samaradorligini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Tadbirkorlar uchun soliq ma’murchiligini soddalashtirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
O‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, tadbirkorlarning aksariyati tekshiruvlar, hisobot topshirish va soliq to‘lash jarayonlarining murakkabligidan norozi ekani aytildi. Shu munosabat bilan «avtokameral» nazoratni jazolash vositasidan xatoni barvaqt aniqlab, tuzatishga xizmat qiladigan profilaktika tizimiga aylantirish, korxonalarni xavf darajasiga qarab,«yashil»,«sariq» va «qizil» toifalarga ajratib ishlash zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, 6 turdagi hisobotni inson aralashuvisiz avtomat shakllantirish va yagona soliq hisobvarag‘iga o‘tish ishlarining borishi haqida axborot berildi. Bugungi kunda 198 ming holatda hisobot muddati buzilgani, 14,7 ming soliq to‘lovchi hisobot bermagani uchun 396,6 milliard so‘m jarima qo‘llanilgani, soliqlarni to‘lashda hisobvaraqlar soni ortib ketgani bois, 20 mingta xatolikka yo‘l qo‘yilgani aytildi.
Yangi tizim joriy etilsa, asossiz soliq qarzi, ortiqcha to‘lov va penya qo‘llash amaliyoti qisqartirilib, tadbirkorlar 8,4 trillion so‘m mablag‘ni tejashi mumkinligi qayd etildi. Yangi yondashuv natijasida tekshiruvlar soni kamayishi, hisobotlardagi xatolar keskin qisqarishi, murojaatlarni ko‘rib chiqish tezlashishi hamda koll-markazlar faoliyati sezilarli yaxshilanishi kutilmoqda.
Taqdimotda soliq organlari faoliyatidagi eng asosiy masala kadrlar salohiyati ekani ham ko‘rsatib o‘tildi.
So‘nggi yillarda bu yo‘nalishdagi ishlar yetarli darajada tashkil etilmagani sababli kadrlar qo‘nimsizligi oshgan. Xodimlarning malakasini oshirish darajasi pastligi, moddiy rag‘batlantirish tizimi zamon talablariga javob bermasligi, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari yetarli emasligi qayd etildi. Xususan, 2022-yilda 3 mingdan ortiq xodim malaka oshirgan bo‘lsa, o‘tgan yili bor-yo‘g‘i 700 nafari qayta o‘qitilgan.
Shu munosabat bilan kadrlar malakasini oshirish, uzluksiz ta’limni yo‘lga qo‘yish, xodimlarni moddiy va ijtimoiy rag‘batlantirish bo‘yicha yangi takliflar taqdim etildi. Kadrlar salohiyatini mustahkamlash maqsadida Soliq qo‘mitasi huzuridagi Soliq akademiyasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash choralari belgilab olindi.
Davlatimiz rahbari soliq ma’murchiligida raqamli texnologiyalar, tahlil va sun’iy intellekt asosida mutlaqo yangi ish uslubini joriy etish, tadbirkorlar uchun qulay va adolatli soliq muhitini yaratish hamda sohada malakali kadrlar korpusini shakllantirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Soliq tizimi faoliyatini «tekshiruvdan – servisga» tamoyili asosida transformatsiya qilish, xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish va nazoratning zamonaviy, samarali mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Wabtec» kompaniyasi direktorlar kengashi raisi va bosh ijrochi direktori Rafael Santanani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda mamlakatda temir yo‘l infratuzilmasi va tranzit salohiyati rivojlanayotganini hisobga olib, lokomotivlar parkini yangilash va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
AQSh moliya institutlari ishtirokida lokomotivlarni uzoq muddatli servis xizmati bilan birga yetkazib berish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va mutaxassislar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Tog‘-kon korxonalari karer texnikasiga xizmat ko‘rsatuvchi servis markazini tashkil etish hamda dizel-generator qurilmalari bo‘yicha hamkorlik qilishga ham e’tibor qaratildi.
«Wabtec» lokomotivlar, temir yo‘l texnikasi, raqamli va servis yechimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha jahondagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham loyihalarni amalga oshirmoqda.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat4 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot1 day ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat22 hours ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat21 hours ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
