Iqtisodiyot

Kuchayib borayotgan energetika inqirozi. Bu kimga qanday ta’sir qiladi?

Published

on


Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashib, global iqtisodiyot va xavfsizlikka tahdidlar kuchayib boryapti. Ho‘rmuz bo‘g‘ozining yopilishi energetika ta’minotida jiddiy uzilishlarga olib keldi. AQSh va Isroilning Eronga urush ochishidan oldin neftning Brent markasi barreliga o‘rtacha 72 dollar, WTI markasi esa 67 dollardan sotilgan bo‘lsa, bir necha kun ichida narxlar 100 dollarlik psixologik chegarani yorib o‘tdi.

Zaif davlatlar guruhi

Urushdan oldin Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadigan neftning taxminan 80 foizdan ko‘proq qismi Osiyo mamlakatlariga yo‘naltirilgan. Suv yo‘lining yopilishi esa bir qator mamlakatlarni strategik jihatdan juda zaif holatga keltirib qo‘ydi. Masalan, Yaponiya va Janubiy Koreya iqtisodiyoti import qilingan xomashyoni qayta ishlash va tayyor mahsulot eksporti asosiga qurilgan. Urush boshlanishiga qadar Yaponiya neftning 90 foizdan ortig‘ini, Janubiy Koreya esa 70 foizdan ortig‘ini Fors ko‘rfazidan import qilardi. Energetika narxlarining oshishi ushbu davlatlarda ishlab chiqarish tannarxining keskin oshishi va eksport raqobatbardoshligining pasayishiga olib kelishi mumkin.

Hindiston ham xavf ostidagi yirik iqtisodiyotlardan biri. Rasmiy Dehli neftning taxminan 90 foizi va suyultirilgan gazning 50 foizini import qiladi. Neftning yarmi va suyultirilgan gazning katta qismi aynan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadi. Mazkur yo‘nalishning yopilishi Hindistonga suyultirilgan gaz importining 40 foizga pasayishiga va umumiy neft yetkazib berishning 15 foizga qisqarishiga sabab bo‘ldi. Mart oyi boshida AQSh hukumati Rossiya neftiga nisbatan sanksiyalarni 30 kunga yumshatish haqida qaror qabul qilgandi. Bu esa Dehli uchun vaziyatni qisman normallashtirish imkonini berdi va fevralga nisbatan mart oyida Rossiyadan neft sotib olish 90 foizga ko‘paydi.

Xitoy dunyoning eng yirik neft importyori hisoblanadi va umumiy xaridning 50 foizdan ko‘proq qismi aynan ko‘rfaz mamlakatlaridan amalga oshiriladi. Rossiya bilan do‘stona munosabatlar Pekin uchun inqiroz sharoitida iqtisodiy buffer vazifasini bajarayotgan bo‘lsa-da, istiqbolda xomashyo uchun ko‘proq pul to‘lashga to‘g‘ri kelishi mumkin. Shu paytgacha sanksiyalar sabab Eron va Rossiya neftini Xitoy kompaniyalari chegirma narxlarda xarid qilib kelardi. Ushbu mamlakatlar xomashyosiga cheklovlarning yumshatilishi boshqa muqobil bozorlarga chiqish imkoniyatini beradi. Masalan, Sharqiy Sibir — Tinch okeani quvuri orqali Moskva nafaqat Xitoy, balki Janubiy Koreya, Yaponiya, Singapur, Tayvan kabi davlatlarga ham o‘z mahsulotini qimmatroq narxda sota boshlashi mumkin. Bu esa Xitoyni neft uchun ko‘proq pul to‘lashga majbur qiladi. Shunday bo‘lsa-da, inqiroz sharoitida Rossiya bilan yaqinlik Pekinga geosiyosiy ustunlik taqdim etyapti. Yaqin Sharq va raqobatchi mamlakatlarda neft-kimyo majmualarining to‘xtab qolishi fonida Xitoy eksport kvotalarini nazorat qilib, plastmassa va o‘g‘itlar yetkazib berish zanjirlarida monopoliya o‘rnatishi va global janubdagi ta’sirini kuchaytirishi mumkin.

Filippin, Pokiston, Malayziya, Singapur, Tailand, Bangladesh kabi mamlakatlar ham Yaqin Sharqdan amalga oshiriladigan energetika resurslari importiga kuchli darajada bog‘lanib qolgan. Narxlarning keskin oshib ketgani ushbu mamlakatlardagi ishlab chiqarish zanjirlariga ham jiddiy bosim o‘tkazyapti. Masalan, Filippin energetika sektorida favqulodda holat e’lon qildi. Indoneziyada esa yoqilg‘ini tejash maqsadida juma kunlari uydan ishlash rejimi joriy qilindi. Umuman olganda, Janubi-Sharqiy Osiyoning rivojlanayotgan bozorlarida yoqilg‘i inqirozi inflatsiyani tezlashtirishi bilan birga iqtisodiy o‘sishni ham sekinlashtirishi mumkin. Ish haftasi yoki ish kuni qisqarganda, bu talabni pasaytiradi, natijada ishlab chiqarish hajmlari va iste’molchilarning xarid qobiliyati kamayadi. 

Yevropada iqtisodiy turg‘unlik xavfi

Yaqin Sharqdagi urush fonida yuzaga kelgan energetika inqirozi Yevroittifoq uchun Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyingi og‘riqli xotiralarni qayta jonlantirdi. Harbiy mojaro allaqachon iste’molchilarning cho‘ntaklarida sezila boshladi. To‘g‘ri, Yevropa Yaqin Sharq xom neftiga Osiyo mamlakatlariga qaraganda kamroq qaram, biroq Fors ko‘rfazidan yevrohududga kuniga taxminan 280 ming barrel aviakerosin eksport qilinardi. Bu umumiy importning 60 foizini tashkil qiladi. Ta’minotdagi uzilishlar ortidan mart oyining oxirida aviakerosin narxi bir tonnasi uchun 1800 dollargacha qimmatlashdi. Natijada aviakompaniyalar reyslarni qisqartirib, chiptalar narxini oshira boshladi. Bu esa tashish va logistika narxlarini ko‘taryapti. Shuningdek, dizel yoqilg‘isi ta’minotida ham uzilishlar kuzatilyapti.

Gaz bilan bog‘liq vaziyat yanada dramatik tus olgan. Qatardagi infratuzilmaning vayron bo‘lishi va Ho‘rmuz bog‘ozining yopilishi sababli Yevropa bozorida narxlar mojarodan oldingi davrga nisbatan 45 foizga ko‘tarilgan. Bu esa qit’ada inflatsiya o‘sishi hamda iqtisodiyotlarning turg‘unlashuvi xavfini oshiryapti. Ayniqsa, Germaniya va Italiya kabi sanoatga tayangan davlatlar korxonalarning ommaviy yopilishi xavfi ostida qoldi.

AQSh dunyodagi eng yirik neft va gaz ishlab chiqaruvchisi bo‘lsa-da, mamlakatda benzin narxi keskin qimmatlashib ketdi. Bu jamiyatda kuchli norozilikni keltirib chiqaryapti. Tahlillarga ko‘ra, urush boshlangan 28 fevraldan beri amerikalik haydovchilar yoqilg‘i uchun qo‘shimcha 8,4 milliard dollar to‘lashga majbur bo‘lishgan va har kuni 240 million dollar yo‘qotishyapti.

Kimlar foyda ko‘ryapti?

Yaqin Sharqdagi energiya inqirozi global iqtisodiyotni tanazzulga yetaklayotgan bir paytda, sahna ortida bu vaziyatdan milliardlab dollar foyda ko‘rayotgan “g‘oliblar” ham bor. Masalan, Rossiya inqirozdan ham iqtisodiy, ham geosiyosiy jihatdan eng ko‘p yutadigan davlatlardan biri. G‘arb sanksiyalari ostida qolganiga qaramay, neft narxining 100 dollardan oshib ketishi Moskvaga o‘z xomashyosini qimmatroq pullash imkonini beradi. Bu budjet tushumlarini keskin oshirib, mamlakatning harbiy xarajatlarini qoplashga yordamlashadi.

Eron bilan urush boshlanishidan oldin Rossiya neft narxlarining pasayishi va Vashington bosimi tufayli Hindiston bilan savdosining katta qismini yo‘qotib, qiyinchiliklarga duch kelayotgandi. Eksport ham oxirgi 4 yillikdagi eng past darajaga tushib ketgandi. Urush fonida rasmiy Moskvaning kunlik qo‘shimcha daromadlari 150 mln dollargacha ko‘paygan bo‘lishi mumkin. AQSh moliya vaziri Skott Bessentning ma’lum qilishicha, qo‘shimcha maksimal daromadi 2 milliard dollargacha yetadi. Shuningdek, AQShning harbiy va moliyaviy resurslari Yaqin Sharqqa yo‘naltirilishi Ukraina frontida Kreml uchun strategik yengillik yaratadi va global kun tartibini ham o‘zgartiradi.

Garchi AQSh hukumati neft narxining oshishi va ichki inflatsiyadan jiddiy zarar ko‘rsa-da, bu Amerikaning xususiy energetika gigantlariga katta foyda olib kelyapti. Yuqorida aytib o‘tilganidek, Qo‘shma Shtatlar dunyodagi eng yirik neft qazib oluvchi hisoblanadi. Yaqin Sharqdan keladigan neft hajmi keskin kamaygach, Yevropa va Osiyo davlatlari muqobil manbalar qidirishga majbur bo‘ladi. Bu esa AQShning suyultirilgan tabiiy gazi va neftiga bo‘lgan talabni oshirib yubordi. Natijada Chevron, Exxon Mobil kabi korporatsiyalar, shuningdek, Texas va Nyu-Mexikodagi mustaqil burg‘ilash kompaniyalarining daromadlari keskin ko‘payyapti.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version