Iqtisodiyot
Keyingi yillarda O‘zbekistonda gaz qazib olish ko‘rsatkichi qanday bo‘ladi?
Yangilangan hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda 2026-2030 yillar oralig‘ida gaz qazib olishni 20,6 foizga yoki 8,3 mlrd kub metrga oshirish rejalashtirilyapti. 2027 yildan boshlab barqaror ko‘p yillik o‘sish prognoz qilinayotgan bo‘lsa-da, 2030 yilga borib ham gaz qazib olish hajmi 2022 yilgi ko‘rsatkichdan sezilarli darajada: 6,1 foizga yoki 3,2 mlrd kub metrga kam bo‘lib qoladi.
O‘zbekistonda gaz qazib olish miqdori 2026 yilda ham qisqarib, keyingi 4 yil davomida bosqichma-bosqich o‘sib borishi prognoz qilinyapti. Bu O‘zbekiston-2030 strategiyasida ko‘zda tutilgan.
Yangilangan hujjatga ko‘ra, joriy yilda 40,2 mlrd kub metr gaz qazib olinishi kutilyapti. Bu 2025 yilga nisbatan 3,6 foizga yoki 1,5 mlrd kub metrga kam. E’tiborga molik yana bir jihat: o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra Milliy statistika qo‘mitasi gaz qazib olish hajmini 42,3 mlrd kub metr sifatida ko‘rsatgandi. Bu natija 41,7 mlrd kub metrga pasaytirilgan.
Avvalroq, 2024 yilda ham O‘zbekistonda gaz qazib olish hajmi 44,6 mlrd kubdan 41,3 mlrd kubga kamaytirilgani xabar qilingandi. Raqamlarning birdan o‘zgarib qolgani bo‘yicha rasmiylardan izoh bo‘lmadi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, keyingi 4 yil davomida gaz qazib olish ko‘rsatkichlari quyidagicha o‘zgaradi:
2027 yil – 42,9 mlrd kub (+6,7 foiz);
2028 yil – 44,5 mlrd kub (+3,7 foiz);
2029 yil – 45,5 mlrd kub (+2,2 foiz);
2030 yil – 48,5 mlrd kub (+6,6 foiz).
Umuman olganda, 2026-2030 yillar oralig‘ida gaz qazib olish hajmini 20,6 foizga yoki 8,3 mlrd kub metrga oshirish rejalashtirilyapti.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida “tabiiy gaz qazib olish hajmini yiliga 62 mlrd kubga yetkazish” vazifasi qo‘yilgandi.
Gaz qazib olish
Har qanday mamlakat, shu jumladan O‘zbekiston uchun ham tabiiy gaz resurslari strategik ahamiyatga ega. Bu mamlakat iqtisodiyoti, energetik xavfsizligi va tashqi savdo balansiga juda katta ta’sir ko‘rsatadi. Oxirgi yillarda gaz qazib olish dinamikasi quyidagicha o‘zgardi:
Gaz eksporti
O‘zbekiston uzoq yillar xorijga yirik hajmlarda gaz eksport qilib keladi. Qazib olish ko‘rsatkichlarining pasayishi fonida eksport ham oldingiga qaraganda kamaydi, ammo to‘xtagani yo‘q. Masalan, 2025 yilda 629 mln dollarlik gaz sotilgan bo‘lib, bu qiymat jihatdan 2024 yilning mos davriga nisbatan 1,4 foizga ko‘p.
O‘zbekiston gazi asosan Rossiya, Xitoy, Qirg‘iziston kabi mamlakatlarga eksport qilib kelingan. 2020 yilda Rossiyaga eksport to‘xtatildi, Xitoyga yetkazib berish hajmi ham kamaya boshladi. O‘zbek gazini xorijga sotish narxi biror marta ochiqlanmagan va bu “tijoriy sir” sifatida tavsiflanadi. Shu sababdan eksportning miqdor jihatdan qanday o‘zgarayotganini tahlil qilish imkonsiz.
Gaz importi
2023 yildan boshlab qazib olishdagi taqchillik Turkmaniston va Rossiyadan gaz import qilishni oshirish hisobiga qoplana boshlandi. Bu esa O‘zbekistonning tabiiy gaz eksportchisidan, tabiiy gazning sof importyoriga aylanib qolishiga sabab bo‘ldi.
2020-2025 yillar oralig‘ida O‘zbekistonga import qilingan gaz hajmi qiymat jihatdan 33 barobarga oshdi.
O‘zbekistonning gaz zaxiralari qancha?
2021 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda tasdiqlangan tabiiy gaz zaxiralari 1 trln 867 mlrd kub metrga baholangan edi va joriy qazib chiqarish hajmlarida bu zaxiralar kamida 34 yilga yetishi ma’lum qilingandi. 2023 yilning avgust oyida O‘zbekistonda 296 ta neft-gaz koni mavjudligi, ularda jami 1 trln 854 mlrd kub metr gaz zaxiralari borligi ma’lum qilingan. 296 ta neft-gaz konidan 122 tasi “O‘zbekneftgaz”ga tegishli bo‘lib, respublika umumiy gaz zaxirasining teng yarmi – 933 mlrd kub metri ushbu konlar hissasiga to‘g‘ri kelishi keltirib o‘tilgandi.
OPEK tashkiloti tomonidan tuzilgan reytingda O‘zbekistondagi gaz zaxirasi 1 trln 522 mlrd kub metrga baholangan va dunyodagi umumiy gaz hajmining 0,74 foizi bilan 22-o‘ringa joylashtirilgan. Boshqa bir xalqaro manbada esa bu ko‘rsatkich 1 trln 840,5 mlrd kub metr ekani ko‘rsatilib, O‘zbekiston eng ko‘p tabiiy gaz zaxirasiga ega davlatlar qatorida 17-o‘rinda qayd etilgan.