Iqtisodiyot
Ko‘chmas mulk bo‘yicha soliqni bozor narxi asosida hisoblash tartibi belgilandi
Agar ko‘chmas mulk obektlari rasmiy hisoblangan bozor narxidan 20 foizga farqli narxda oldi-sotdi qilinsa, bu sotuv bo‘yicha soliq bazasi bozor narxidan kelib chiqib aniqlanadi. Xuddi shunday tartib yog‘och mahsulotlariga nisbatan ham qo‘llanadi. Hukumat qarori bilan, bu ikki turdagi tovarlarning bozor narxini aniqlash tartibi tasdiqlandi.
Vazirlar Mahkamasining 18 may kungi qarori bilan, “Soliq bazasini ayrim tovarlarning bozor narxidan kelib chiqqan holda aniqlash tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Nizom Soliq kodeksiga muvofiq soliq bazasini ko‘chmas mulk obektlari hamda yog‘och mahsulotlarining bozor qiymatidan kelib chiqqan holda aniqlash tartibini belgilaydi.
Nizom talablari soliq to‘lovchilar tomonidan sotilgan tovarlarning hisob hujjatlarida aks ettirilgan narxi shunday tovarlar bo‘yicha aniqlangan bozor narxidan 20 foizga past yoki yuqori bo‘lganida qo‘llanadi.
Nizomga ko‘ra, soliq organlari soliq bazasini aniqlashda taqqoslanadigan bozor narxlari usulidan foydalanadi.
Ko‘chmas mulk obektlarining bozor narxi ko‘chmas mulkni ommaviy baholash sohasida maxsus vakolatli organ tomonidan aniqlanadi.
Soliq organlari soliq bazasini bozor narxidan kelib chiqqan holda aniqlashda quyidagi ma’lumotlardan ham foydalanishi mumkin:
notariatning yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi;
auksion va davlat xaridlari platformalari;
sotuvchilarning narxnomalari (preyskurant) ma’lumotlari va boshqalar.
Yog‘och mahsulotlarining bozor narxi birja savdolarida sotilayotgan aynan o‘xshash (ular mavjud bo‘lmaganda, bir turdagi) tovarlar narxlaridan kelib chiqib aniqlanadi.
Qarorda keltirilgan shartli misol
Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan “A” MChJ tomonidan 2025 yil 5 aprelda tuzilgan shartnomaga asosan 3-qavatda joylashgan, maydoni 216,04 m²dan iborat bo‘lgan turar joy fuqaro N.X.ga 1 m² uchun 1,07 mln so‘mdan – jami 231,2 mln so‘mga sotilgani to‘g‘risida notarial idoralar tomonidan shartnoma tasdiqlangan (elektron hisobvaraq-faktura rasmiylashtirilgan).
Yuqoridagi nizomning 14-bandida nazarda tutilgan formula asosida Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan yangi qurilgan ko‘chmas mulk obektlarining 1 m² uchun o‘rtacha bozor narxi 2025 yil aprel oyida shakllantirilgan elektron hisobvaraq-fakturalardan foydalanib aniqlanganda, 1 m² uchun 6,1 mln so‘mni tashkil etadi.
Ko‘chmas mulkning o‘rtacha bozor narxi va sotish narxi o‘rtasidagi farq 20 foizlik og‘ishdan ko‘p (6,1 – 1,07=4,7 (5,03/1,07)*100=470,1 foiz > 20 foiz).
Shundan kelib chiqib, soliq bazasi tovarlarning bozor narxi asosida hisoblanganda, 6,1 mln so‘m * 216,04 m² = 1 317,8 mln so‘mni tashkil qiladi.
Korxona tomonidan hisobotda ko‘rsatilgan soliq bazasi: 1,07 mln so‘m (EXF bo‘yicha) * 216,04 m² = 231,2 mln so‘mni tashkil qiladi.
Bunda kamaytirib ko‘rsatilgan soliq bazasi: 1 317,8 mln so‘m − 231,2 mln so‘m = 1 086,6 mln so‘mni yoki QQSsiz 970,2 mln so‘mni tashkil qiladi.
Kamaytirib ko‘rsatilgan tushumdan soliqlar qo‘shimcha hisoblanadi:
QQS = 970,2 mln so‘m * 12 foiz stavka = 116,4 mln so‘m;
foyda solig‘i = 853,8 mln so‘m (970,2-116,4)*15 foiz stavka = 128,1 mln so‘m.
Ushbu misolda jami 244,5 mln so‘m qo‘shimcha soliq hisoblanadi.