Iqtisodiyot
Katta miqdorda soliq qarzi bo‘lgan qurilish kompaniyalari ma’lum qilindi
Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-aprel holatida qurilish sohasida soliq qarzi 100 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan 1 944 ta korxona aniqlangan. Ularning umumiy qarzdorligi 3,2 trln so‘mni tashkil etgan.
Shundan 1,3 trln so‘mi, ya’ni 40,4 foizi eng katta qarzdor 10 ta korxona hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa sohada soliq qarzining asosiy qismi ma’lum korxonalar hissasiga to‘g‘ri kelishini ko‘rsatadi.
Eng yirik qarzdorlar qatorida «NEW BUILDING TRADE SERVIS» MChJ — 362,7 mlrd so‘m, «KO PRIKQURILISH» AJ — 303,5 mlrd so‘m, «AZIYA INVEST FAVORIT» MChJ — 137 mlrd so‘m, «TASH BUILDING» MChJ — 119 mlrd so‘m va «TASH CONSTRUCTIONS HOUSE» MChJ — 101,4 mlrd so‘m qarz bilan yetakchilik qilmoqda.
Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, umumiy qarz 975,7 mlrd so‘mga yetgan. Ikkinchi o‘rinda Andijon viloyati — 714,5 mlrd so‘m bilan turibdi. Toshkent viloyati esa 229,1 mlrd so‘m qarz bilan uchinchi o‘rinni egallagan.
Iqtisodiyot
2026 yilda kamida 30 mingta xonadonni foydalanishga topshirish buyurildi
Prezident qo‘ygan vazifaga ko‘ra, bu yil O‘zbekistonda 140 mingta yangi xonadon foydalanishga topshirilishi, shundan kamida 30 mingtasi renovatsiya mahsuli bo‘lishi kerak. Shavkat Mirziyoyev “barak” tipidagi uylar joylashgan ayrim manzillarni misol qilib keltirdi.
2026 yilda O‘zbekiston bo‘ylab 140 ming xonadonli ko‘p qavatli uylarni topshirish zarur, dedi prezident Shavkat Mirziyoyev 14 aprel kungi selektorda.
Bunda renovatsiyaga alohida e’tibor qaratish muhimligi ta’kidlandi. Chunki shahar va shaharchalar eniga kengayib borsa, infratuzilmaga xarajat 4-5 karra oshadi; maktab, bog‘cha, poliklinikaga masofasi uzayadi; minglab gektar ekin yeri qisqaradi.
Masalan, Samarqand shahrining temiryo‘l orti hududi, Kattaqo‘rg‘on shahri, Oqtosh, Ishtixon, Bulung‘ur, Juma, Jomboy kabi shaharchalarda “barak” tipidagi uylar ko‘p. Shu bois eskirgan uylar o‘rnida renovatsiya asosida ko‘p qavatli uylar qurish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Umuman, bu yil renovatsiya zonalarida kamida 30 ming kvartirali ko‘p qavatli uylarni foydalanishga topshirish muhimligi qayd etildi.
Avvalroq Urbanqo‘m raisi Sherzod Qudbiyev renovatsiya loyihalarini boshlash uchun mulkdorlarning hammasi emas, 80 foizidan rozilik olish kifoya bo‘lishini aytgandi. Tegishli qonun Senat ma’qullovidan o‘tgan.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda 2026 yilda iqtisodiy o‘sish ham, inflatsiya ham tezlashadi – XVJ missiyasi
Xalqaro valuta jamg‘armasi 2026 yil uchun O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sish prognozini 6,2 foizdan 6,8 foizgacha oshirdi. Kutilmalarning yaxshilanishi barqaror investitsiyalar, yuqori pul o‘tkazmalari oqimi va oltin narxlarining oshishi bilan bog‘lanyapti. O‘z navbatida inflatsiya prognozi 6,5 foizdan 6,8 foizgacha ko‘tarildi. Bu Yaqin Sharqdagi mojarolar tufayli neft narxlarining qimmatlashgani bilan izohlanyapti. Inflatsiya bosimi tartibga solinadigan narxlarning sekinroq oshirilishi va transport sohasiga vaqtinchalik subsidiyalar berilishi hisobiga yumshatilishi kutilyapti.
Xalqaro valuta jamg‘armasi missiyasi O‘zbekistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha navbatdagi xulosalarini e’lon qildi.
Qayd etilishicha, 2025 yilda kuchli iste’mol va investitsiyalar ta’sirida O‘zbekiston iqtisodiyotining real o‘sishi 7,7 foizga yetdi, ishsizlik darajasi 0,7 foiz punktga kamayib, 4,8 foizni tashkil etdi. O‘sish keng qamrovli bo‘lib, xizmatlar va qurilish sohalari eng tez sur’atlarda kengaygan.
Yuqori ichki talabga qaramay, 2025 yil oxiriga kelib umumiy inflatsiya 7,3 foizgacha sekinlashdi (2024 yilda — 9,8 foiz edi). Bunga 2024 yil may oyida energiya resurslari narxining oshishi ta’sirining pasayishi, so‘mning AQSh dollariga nisbatan 6,9 foizga mustahkamlanishi va qat’iy pul-kredit siyosati ta’sir ko‘rsatgan. Shuningdek, bazaviy inflatsiya ham 1,5 foiz punktga pasaydi.
Joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3,9 foizgacha qisqardi. Bunga xomashyo va xomashyo bo‘lmagan tovarlar eksporti, shuningdek pul o‘tkazmalari hajmining importdan yuqori bo‘lgani ta’sir ko‘rsatdi. Xalqaro zaxiralar taxminan 13 oylik importni qoplay oladigan darajada saqlanib qoldi. Iqtisodiy faollikning yuqori sur’atlarda o‘sishi va xomashyo narxlarining yuqoriligi budjet taqchilligini YaIMga nisbatan 2,1 foizgacha kamaytirishga yordam berdi, bu esa 3 foizlik maqsadli ko‘rsatkichdan past.
2026 yil uchun kutilmalar
XVJ baholashiga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi urush tufayli jahon iqtisodiyotida noaniqliklar kuchaygan bo‘lsa-da, O‘zbekistonning rivojlanish istiqbollari ijobiyligicha qolyapti.
«Davom etayotgan islohotlar, barqaror investitsiyalar, yuqori pul o‘tkazmalari oqimi va oltin narxlarining oshishi sababli real YaIM o‘sishi 2026 yilda 6,8 foiz bo‘lishi prognoz qilinyapti. Ichki talab asta-sekin pasayishi hisobiga o‘sish 2027 yilda taxminan 6 foizgacha sekinlashishi kutilyapti», deyiladi XVJ xulosasida.
Joriy hisob taqchilligi 2026 yilda qisqarishi, biroq 2027 yilda pul o‘tkazmalari oqimining sekinlashuvi va oltin narxlari o‘sishining pasayishi sababli biroz kengayishi mumkin.
O‘z navbatida inflatsiya prognozi 6,5 foizdan 6,8 foizgacha oshirildi. Bu u Yaqin Sharqdagi mojarolar tufayli neft narxlarining qimmatlashgani bilan izohlanyapti. Inflatsiya bosimi tartibga solinadigan narxlarning sekinroq oshirilishi va transport sohasiga vaqtinchalik subsidiyalar berilishi hisobiga yumshatilishi kutilyapti.
«Inflatsiya 2027 yilda Markaziy bank maqsadli ko‘rsatkichiga tushishi mumkin, bunga qat’iy pul-kredit siyosati, davom etayotgan tarkibiy islohotlar va neft narxlarining pasayishi yordam beradi», deyiladi hisobotda.
Ma’lumot uchun, 2025 yilning noyabr oyida e’lon qilingan hisobotida 2026 yilda O‘zbekiston YaIM 6,2 foizga oshishi prognoz qilingandi.
Ichki va tashqi xatarlar
XVJning qayd etishicha, O‘zbekiston uchun noaniqliklar darajasi yuqoriligicha qolyapti, ayni paytda rivojlanish istiqbollarining yomonlashishi xatarlari saqlanyapti, ijobiy kutilmalar uchun imkoniyatlar esa cheklangan.
«Yaqin Sharqdagi urushning oqibatlari uning davomiyligi va shiddatiga bog‘liq bo‘ladi. Urushning O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’siri, nisbatan cheklangan bo‘ladi, chunki urush ta’siridagi mamlakatlar bilan savdo hajmlari va bu mamlakatlardan pul o‘tkazmalari nisbatan kam, ammo global kon’yunkturaning yomonlashishi natijasida asosiy savdo hamkorlari jabr ko‘rsa, bilvosita kanallar vaziyatga ancha jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin», deyiladi hisobotda.
Mazkur vaziyatda tashqi xavflar birinchi navbatda geosiyosiy taranglikning yuqori darajasi, savdodagi uzilishlar, xomashyo tovarlari narxlarining o‘zgaruvchanligi va global iqtisodiyotning rivojlanish istiqbollari noaniqligi bilan bog‘liq.
Ichki xatarlar qatoriga xarajatlarning davriyligi hamda direktiv va imtiyozli kreditlash dasturlari orqali talabni rag‘batlantirish uchun bosim o‘tkazish, davlat korxonalari, davlat tijorat banklari va davlat-xususiy sheriklik faoliyati bilan bog‘liq balanslarning potensial yomonlashuvi va shartli majburiyatlarning mavjudligi kiritilgan.
Imkoniyatlar nuqtai nazaridan esa tarkibiy islohotlarning tezkor amalga oshirilishi rivojlanish istiqbollarini qo‘shimcha ravishda qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Kapital oqimi va pul o‘tkazmalarining o‘sishi yoki oltin narxlarining yuqori bo‘lishi hisobiga o‘sish imkoniyatlari ularning hozirgi qulay darajalarini hisobga olgan holda nisbatan cheklangan.
Iqtisodiyot
Prezident shaharlarning bosh rejalari yo‘qligi ortidan kelib chiqayotgan muammolar haqida gapirdi
2025 yilda yerni xususiylashtirish bo‘yicha 112 mingta ariza kelib tushgan, shundan 14 foizi bosh reja yo‘qligi uchun rad etilgan. Prezident topshirig‘i bilan, yerlarni xususiylashtirish bo‘yicha arizalarga inson omilisiz 5-10 daqiqa ichida onlayn javob beradigan tizimga o‘tiladi. Yil oxirigacha 200 tadan ortiq aholi punktining bosh rejasi yoki master rejasini oxiriga yetkazish buyurildi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston prezidenti urbanizatsiya mavzusidagi 14 aprel kungi yig‘ilishda bosh rejalar masalasiga to‘xtalib o‘tdi.
Ma’lum qilinishicha, bosh rejalarni ishlab chiqish uchun budjetdan yiliga 200-250 milliard so‘m berilmoqda. Shavkat Mirziyoyev bu mablag‘lar bosh rejasi bo‘lmagan yoki eskirgan hududlarga sarflanishi shartligini ta’kidladi.
Kichik shahar va shaharchalarda ham katta loyiha qilaman degan tadbirkorlar borligi, shaharsozlik hujjati yo‘qligi uchun ularning ishi to‘xtab turgani qayd etildi. O‘zi mablag‘ tikib, tezroq bosh reja ishlab chiqilishidan manfaatdor tadbirkorlar ham ko‘p.
Viloyat hokimlari va Urbanizatsiya qo‘mitasiga joriy yilda budjet mablag‘i hisobidan 6 ta shahar, 44 ta shaharcha bo‘yicha bosh reja, yana 104 ta qishloq bo‘yicha master rejani oxiriga yetkazish, bunga qo‘shimcha tashabbuskor biznes vakillari bilan yana 50 ta aholi punkti bo‘yicha shaharsozlik hujjatini ishlab chiqishni boshlash topshirildi.
Qayd etilishicha, “bosh rejasi yo‘q” degan bahona bilan 2025 yilda yerni xususiylashtirish bo‘yicha 112 ming arizaning 14 foizi rad etilgan. Hokimlarga buning oqibatida 4 ming gektar yerni aktivga aylantirish, xususiylashtirish hisobidan budjetga 550 milliard so‘m qo‘shimcha tushum boy berilgani ko‘rsatib o‘tildi. Uch oyda yerlarni xususiylashtirish bo‘yicha arizalarga inson omilisiz 5-10 daqiqa ichida onlayn javob beradigan tizimga o‘tish topshirildi.
Ta’kidlanishicha, bosh rejalarni tasdiqlash orqali juda katta maqsad va vazifalar belgilanmoqda, lekin bosh rejada ko‘rsatilgan suv, kanalizatsiya, issiqlik, gaz, elektr liniyalari, yo‘llar qachon, qaysi navbatda va qanday manbalar hisobidan quriladi degan savolga javob yo‘q.
Aslida, har bir bosh rejani ro‘yobga chiqarish bo‘yicha yilma-yil kompleks dastur qilinib, aholi, tadbirkor va mas’ullarga yetkazilishi kerakligi qayd etildi. Bunday dasturlar yo‘qligi uchun ham infratuzilmaga 1 so‘mlik xarajat ketadigan joyga 2-3 karra ko‘p mablag‘ sarflanayotgani, pala-partish qurilishlar haligacha davom etayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Har bir viloyat hokimiga ikki oyda viloyat va tuman markazlarining tasdiqlangan bosh rejalarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha kompleks dasturlarni ishlab chiqish topshirildi.
Mutasaddilarga kompleks dasturlardagi tadbirlarning qaysi biri respublika va mahalliy budjetdan, qaysilari xalqaro moliya tashkilotlari hisobidan bo‘lishini aniq belgilab berish vazifasi qo‘yildi.
Iqtisodiyot
UZEX birjasida 3 oyda 2,3 tonnadan ortiq oltin va kumush sotildi
2026-yilning birinchi choragida O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi orqali 2 tonna 342,9 kilogramm oltin va kumush sotildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, umumiy hajmning asosiy qismi oltin hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Xususan, birja savdolarida 1 tonna 920,2 kilogramm oltin sotilgan bo‘lib, uning o‘rtacha kotirovkasi 1 gramm uchun 1 mln 779,9 ming so‘mni tashkil etgan.
Shu bilan birga, kumush savdosi hajmi 422,7 kilogramni tashkil etib, uning o‘rtacha narxi 1 gramm uchun 31 408,3 so‘mga teng bo‘lgan.
Qimmatbaho metallar narxi xalqaro bozor ko‘rsatkichlariga bog‘liq holda belgilanadi. Xususan, boshlang‘ich narx O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki kursi asosida milliy valyutada hisoblanadi. Bunda asos sifatida London qimmatbaho metallar bozori uyushmasining tonggi fiksing ko‘rsatkichlari qo‘llaniladi.
Birja savdolarida asosiy sotuvchilar sifatida «Olmaliq KMK» va «Navoiy KMK» ishtirok etmoqda. Qimmatbaho metallarning asosiy xaridorlari esa sanoatda qayta ishlash quvvatiga ega korxonalar hamda zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilar hisoblanadi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda ikki oyda 3,7 trln so‘mlik elektr uskunalar ishlab chiqarildi
2026-yilning yanvar–fevral oylarida O‘zbekistonda 3,7 trln so‘mlik elektr uskunalar ishlab chiqarildi. Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 10,8 foizga oshgan.
Qayd etilishicha, eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelib, 2,2 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Shuningdek, Toshkent viloyatida 740,3 mlrd so‘mlik elektr uskunalar ishlab chiqarilgan.
Boshqa hududlar orasida Namangan viloyati 234,6 mlrd so‘m, Samarqand viloyati 177,1 mlrd so‘m va Andijon viloyati 162,7 mlrd so‘m ko‘rsatkich bilan yetakchi o‘rinlarni egallagan.
Qolgan hududlarda ishlab chiqarish hajmi nisbatan past. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 0,5 mlrd so‘m, Surxondaryo viloyatida 1 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan.
-
Iqtisodiyot5 days agoAmir Temur yubileyiga bag‘ishlangan oltin va kumush tangalar chiqarildi
-
Sport5 days agoJavohir Sindorov navbatdagi g‘alaba bilan da’vogarlar turniridagi peshqadamlikni mustahkamladi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Keyingi haftada ham dollar pasayadi
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev chakana savdoda elektron tijorat ulushini uch baravar oshirishni maqsad qilib qo‘ygan
-
Sport3 days ago
«Real Madrid» chempionlik uchun kurashlardan chiqdimi?
-
Dunyodan4 days ago
Kim Chen In Janubiy Koreya prezidentining kechirim so‘rashiga javob berdi
-
Jamiyat5 days ago
Qo‘riqlash xodimlariga ayrim qoidabuzarliklar uchun jarima yozish huquqi berilmoqda
-
Sport5 days ago
Jahon chempionatiga boradigan o‘zbekistonlik hakamlar ma’lum bo‘ldi
