Iqtisodiyot
Katta miqdorda soliq qarzi bo‘lgan qurilish kompaniyalari ma’lum qilindi
Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-aprel holatida qurilish sohasida soliq qarzi 100 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan 1 944 ta korxona aniqlangan. Ularning umumiy qarzdorligi 3,2 trln so‘mni tashkil etgan.
Shundan 1,3 trln so‘mi, ya’ni 40,4 foizi eng katta qarzdor 10 ta korxona hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu esa sohada soliq qarzining asosiy qismi ma’lum korxonalar hissasiga to‘g‘ri kelishini ko‘rsatadi.
Eng yirik qarzdorlar qatorida «NEW BUILDING TRADE SERVIS» MChJ — 362,7 mlrd so‘m, «KO PRIKQURILISH» AJ — 303,5 mlrd so‘m, «AZIYA INVEST FAVORIT» MChJ — 137 mlrd so‘m, «TASH BUILDING» MChJ — 119 mlrd so‘m va «TASH CONSTRUCTIONS HOUSE» MChJ — 101,4 mlrd so‘m qarz bilan yetakchilik qilmoqda.
Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, umumiy qarz 975,7 mlrd so‘mga yetgan. Ikkinchi o‘rinda Andijon viloyati — 714,5 mlrd so‘m bilan turibdi. Toshkent viloyati esa 229,1 mlrd so‘m qarz bilan uchinchi o‘rinni egallagan.