Connect with us

Iqtisodiyot

Jahon banki O‘zbekiston iqtisodiyoti bo‘yicha prognozini oshirdi

Published

on


O‘zbekiston iqtisodiyoti 2025 yil yakunlariga ko‘ra 6,2 foizga o‘sishi mumkin, deyiladi Jahon banki hisobotida. Xalqaro tashkilotning iyun oyidagi prognozi 5,9 foiz edi. Kutilmaning ijobiylashishi pul o‘tkazmalarining o‘sishi, davlat va xususiy investitsiyalarning ko‘payishi bilan bog‘liq. Kimyo sanoati, AKT xizmatlari va meva-sabzavotchilik O‘zbekistonning ustuvor yo‘nalishlari ekani, lekin uchala sohani ham erkinlashtirish kerakligi qayd etilgan.

O‘zbekiston 2025 yilda iqtisodiy o‘sish sur’atlari bo‘yicha Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng tez o‘sayotgan beshta mamlakat qatoriga kirishi mumkin. Bu haqda Jahon banki e’lon qilgan “Yevropa va Markaziy Osiyo iqtisodiyoti: bandlik va farovonlik” hisobotida so‘z boradi.

YeMO mintaqasi iqtisodiyoti o‘sishi

YeMO mintaqasi iqtisodiyotlari orasida Markaziy Osiyo mamlakatlarida yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atlari ketma-ket uchinchi yil eng yuqori bo‘lib qolmoqda. Prognozlarga ko‘ra, ushbu submintaqada 2025 yilda o‘sish 5,9 foizni tashkil etadi. O‘sishga Qozog‘istonda neft qazib olishning ko‘payishi, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda pul o‘tkazmalari hajmining o‘sishi, shuningdek, submintaqa mamlakatlarida davlat va xususiy investitsiyalarining ko‘payishi yordam beradi.

Hisobotda keltirilishicha, 2025 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27 foizga oshib, 8,2 milliard dollarni tashkil etdi.

Prognozlarga ko‘ra, 2026 yilda Markaziy Osiyoda o‘sish 5 foizgacha sekinlashadi. Shunga qaramay, submintaqa mamlakatlari Yevropa va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari, jumladan, Markaziy va Sharqiy Yevropa, Janubiy Kavkaz, G‘arbiy Bolqon submintaqalari, shuningdek, Rossiya va Turkiya bilan taqqoslaganda YaIM o‘sish sur’atlari bo‘yicha yetakchi o‘rinni saqlab qoladi.

O‘zbekiston 2025 va 2026 yillarda YeMO mintaqasida eng yuqori o‘sish sur’atlariga ega beshta iqtisodiyot qatorida qolishi kutilyapti. Mamlakat yalpi ichki mahsulotining o‘sishi 2025 yilda 6,2 foizni, 2026 yilda esa 6 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

Qayd etish lozim, Jahon bankining iyun oyidagi hisobotida O‘zbekiston YaIM 2025 yilda ham, 2026 yilda ham 5,9 foizga o‘sishi prognoz qilingan. Yangi hisobotda ushbu kutilmalar ijobiy tomonga qayta ko‘rib chiqilgan.

Jahon bankining qayd etishicha, YeMO mintaqasida iqtisodiy o‘sish sur’ati bo‘yicha Qirg‘iziston yetakchilik qiladi: 2025 yilda 9,2 foiz, 2026 yilda 6,5 foizlik o‘sish kutilmoqda.

Tojikiston YaIM joriy yilda 7,6 foizga (kelasi yil 5,2 foiz), Gruziya iqtisodiyoti 7 foizga (5,5 foiz), Qozog‘iston 5,5 foizga (4,5 foiz) o‘sishi prognoz qilinyapti.

Hisobotda keltirilishicha, Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlarida (mintaqadagi 22 ta davlatni o‘z ichiga olgan) iqtisodiy o‘sish sur’atlari sekinlashdi. Shu bilan birga, ushbu mamlakatlar saqlanib qolayotgan global va mintaqaviy tahdidlarga qaramay, barqarorlik tendensiyalarini namoyish etishda davom etmoqda.

YeMO mintaqasida iqtisodiy o‘sish prognozlari

2025 yilda Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’ati 2,4 foizni tashkil etishi prognoz qilinmoqda, bu asosan Rossiyada iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi tufayli 2024 yilda qayd etilgan 3,7 foiz darajasidan pasayish. Mintaqa umumiy ishlab chiqarishining qariyb 40 foizini tashkil etuvchi ushbu mamlakatni hisobga olmaganda, o‘sish sur’atlari deyarli o‘zgarishsiz qolishi mumkin – joriy va kelgusi yillarda 3,3 foiz atrofida.

YeMO mintaqasida kelajakdagi iqtisodiy o‘sish o‘rtacha sur’atlarda – 2026-2027 yillarda o‘rtacha 2,6 foizgacha bo‘lishi kutilmoqda. Rossiyada iqtisodiy o‘sishning keyingi yilda 0,8 foizgacha sekinlashishi, keyinchalik 2027 yilda 1 foizgacha biroz o‘sishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Turkiya iqtisodiyoti mustahkamlanishda davom etadi va 2027 yilda o‘sish sur’ati 4,4 foizga yetadi.

YeMO mamlakatlaridagi o‘sish, xususiy iste’mol, ish haqi, pul o‘tkazmalari va ijtimoiy to‘lovlar hajmining o‘sishi, infratuzilmaga investitsiyalar davom etishi, shuningdek, xalqaro savdoning bosqichma-bosqich tiklanishi bilan qo‘llab-quvvatlanishi kutilmoqda.

Shunga qaramay, 2026-2027 yillarda mintaqaviy o‘sish prognozlarining pasayishi bo‘yicha sezilarli xatarlar saqlanib qolmoqda. Xususan, tarkibiy islohotlarni amalga oshirishdagi sustkashlik YeMO mamlakatlarida unumdorlik o‘sishi sur’atlarini tiklash imkoniyatlarini cheklamoqda. Geosiyosiy noaniqlik, xalqaro savdodagi keskinlik, shuningdek, barqaror inflyatsion bosim mintaqa iqtisodiyotlarining zaifligini oshirmoqda.

Markaziy Osiyoda yangi ish o‘rinlarini yaratish uchun istiqbolli tarmoqlar

Jahon banki hisobotida qayd etilishicha, Markaziy Osiyo mamlakatlarida iqtisodiyotning ayrim tarmoqlarini rivojlantirish yo‘lidagi mavjud to‘siqlarni bartaraf etish yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi.

Xususan, O‘zbekistonning ustuvor yo‘nalishlari kimyo sanoati, AKT xizmatlari va meva-sabzavotchilikni qamrab oladi. Kimyo sanoatida raqobatbardoshlik va energiya samaradorligini oshirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, tartibga solish va nazorat funksiyalarini tijorat faoliyati bilan ajratish, shuningdek, kimyoviy mahsulotlarga subsidiyalar, narx cheklovlari va eksport nazoratini bosqichma-bosqich bekor qilishga bog‘liq.

O‘zbekistonda AKT sektori salohiyati keng polosali internet qamrovi va foydalanish imkoniyatining yetarli emasligi bilan cheklanmoqda. Meva-sabzavotchilik sohasida xalqaro standartlar va sertifikatlashni joriy etish, eksport qilishda oldindan to‘lov talablarini bekor qilish, shuningdek, zamonaviy sug‘orish tizimlariga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb qilish, qishloq xo‘jaligi ekinlari sohasida ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalarni amalga oshirish orqali eksportni ko‘paytirish mumkin.

Qozog‘istonda qishloq xo‘jaligida qayta ishlashni, eng avvalo, bug‘doy yetishtirish va chorvachilikda, yanada rivojlantirish uchun foydalanilmagan imkoniyatlar saqlanib qolmoqda.

Qirg‘izistonda katta gidroenergetika salohiyati mavjud va quyosh energetikasi sohasi rivojlanmoqda, shuningdek, moliya, turizm va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) sohalarida eksportga yo‘naltirilgan xizmatlar shakllantirilmoqda.

Tojikiston uchun asosiy imkoniyatlar mamlakatning katta gidroenergetika salohiyatidan foydalanish, transport yo‘laklari logistikasini yaxshilash va turizm sohasini rivojlantirishdan iborat.

Eslatib o‘tamiz, Jahon bankining avvalgi hisobotiga ko‘ra, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad bo‘yicha rivojlangan davlatlarga (14 ming dollar) yetib olish uchun O‘zbekistonga 100 yildan ortiqroq vaqt kerak bo‘lishi mumkin.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Iqtisodiyot

O‘zbekiston tashqi qarzi 2025 yilda 18 mlrd dollarga oshdi. Bu rekord ko‘rsatkich 

Published

on


2025 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston umumiy tashqi qarzi 82,2 mlrd dollarga yetdi. Bunda davlat tashqi qarzi 40,5 mlrd dollar (+6,6 mlrd), xususiy sektor va davlat kompaniyalarining tashqi qarzlari esa 41,7 mlrd dollarga (+11,5 mlrd) teng bo‘ldi. O‘tgan yil davomida qarz 18,1 mlrd dollarga oshdi, bu esa tarixdagi eng katta o‘sishdir. O‘z navbatida umumiy tashqi qarzning yalpi ichki mahsulotga nisbatan ulushi 55,8 foizni tashkil etyapti.

2025 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 82,2 mlrd dollarga yetdi. Bu – Markaziy bank hisobotida keltirilgan.

Umumiy tashqi qarz bir yil ichida 18,1 mlrd dollarga ko‘paygan. Tashqi qarzlarning 40,5 mlrd dollari – davlat qarzi, 41,7 mlrd dollari – korporativ tashqi qarzlardan iborat.

«Korporativ tashqi qarz tarkibida to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritgan xorijiy investorlardan jalb qilingan qarz mablag‘lari qoldig‘i 6,5 mlrd dollarni, xalqaro obligatsiyalar joylashtirish orqali jalb qilingan mablag‘lar qoldig‘i esa 7,3 mlrd dollarni tashkil etdi. Qolgan qismi esa xususiy sektor, jumladan, xo‘jalik sub’yektlari va banklar tomonidan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, aylanma mablag‘larni to‘ldirish va biznes faoliyatini kengaytirish maqsadlarida davlat kafolatisiz jalb qilingan kredit va qarzlar hisobiga shakllandi», deyiladi MB sharhida.

Tashqi qarz miqdori qanday o‘zgaryapti?

2025 yilda O‘zbekiston tarixida eng yuqori tashqi qarz o‘sishi qayd etildi – 18,1 mlrd dollar. Statistik ma’lumotlar yuritila boshlaganidan beri tashqi qarzning eng yuqori o‘sishi pandemiya davridagi 2020 yilda (9,2 mlrd dollar), 2023 yilda (9,8 mlrd dollar) hamda 2024 yilda (10,8 mlrd dollar) kuzatildi. Qonun bilan tartibga solish mexanizmlarining joriy qilinishi davlat tashqi qarzining oshishini nisbatan mo‘’tadilashtirdi. Masalan, davlat tashqi qarzining o‘sishi 2020 yilda 5,5 mlrd, 2021 yilda 2,3 mlrd, 2022 yilda 2,1 mlrd, 2023 yilda 3,9 mlrd, 2024 yilda 4,2 mlrd, 2025 yilda esa 6,6 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu davrda umumiy o‘sish qariyb 90 foiz bo‘ldi. Korporativ qarz miqdorida esa keskin o‘sish kuzatilyapti. Xususan, 2020-2025 yillar oralig‘ida bu ko‘rsatkich 3,3 barobarga yoki 12,5 mlrd dollardan 41,7 mlrd dollargacha oshdi.

Markaziy bank ma’lumotlari asosidagi Kun.uz infografikasi

Joriy operatsiyalar hisobi

2025 yilda joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi YaIMga nisbatan 3,9 foizni (5,8 mlrd dollar) tashkil etib, 2024 yildagi 4,7 foizga (5,7 mlrd dollar) nisbatan 0,8 foiz bandga qisqardi. Hisobot davrida eksportning importga nisbatan yuqoriroq sur’atlarda o‘sishi kuzatilgan bo‘lsa-da, import hajmining eksportga nisbatan katta bo‘lgani sabab tovar va xizmatlar savdosi balansi manfiy shakllanib, 19,9 mlrd dollarni tashkil etdi.

Ikkilamchi daromadlar bo‘yicha joriy transfertlarning sof hajmi sezilarli darajada oshishi natijasida mazkur komponent 13,7 mlrd dollar miqdorida ijobiy saldo bilan shakllanib, birlamchi daromadlar bo‘yicha sof tushumlar (371,4 mln dollar) bilan birgalikda savdo balansidagi manfiy saldoni qisman qopladi.

2025 yilda xalqaro bozorlarda xomashyo narxlarining yuqori darajada saqlanib qolishi, shuningdek, eksportbop mahsulotlarga tashqi talabning ortishi va norezidentlarga ko‘rsatilgan xizmatlar ko‘lamining kengayishi ta’sirida jami eksport hajmi 2024 yilga nisbatan 23 foizga o‘sib, 32,3 mlrd dollarni tashkil etdi (oltinsiz eksport – 22,5 mlrd dollar, o‘sish 20 foiz).

«Asosiy eksport xomashyo mahsulotlarining jahon bozoridagi narxlari tahliliga ko‘ra, 2025 yil davomida oltin narxi yil boshiga nisbatan 63 foizga, kumush narxi 2 barobarga, mis narxi 32 foizga va uran narxi 5 foizga oshgan. Shu bilan birga, to‘qimachilik sanoatining asosiy xomashyosi hisoblangan paxtaning jahon narxi 7 foizga pasaygan», deyiladi MB shahrida.

2025 yilda jami import hajmi 2024 yilga nisbatan 20 foizga ko‘payib, 52,2 mlrd dollarga yetdi. Bu mamlakatda investitsiyaviy faollik va ichki iste’mol talabi yuqori darajada saqlanib qolishi sharoitida mashina va uskunalar, kimyoviy va mineral mahsulotlar, shuningdek, maishiy va oziq-ovqat tovarlari hamda boshqa xomashyo importining davom etishi bilan izohlanadi. Shuningdek, importning eng yuqori hajmi o‘tgan yilning IV choragiga to‘g‘ri kelib, 15,3 mlrd dollarni tashkil etdi.

Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof kiritilishi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobarga o‘sib, 4,4 mlrd dollarga teng bo‘ldi.

Portfel investitsiyalarning sof jalb qilinishi asosan xalqaro obligatsiyalar bilan bog‘liq operatsiyalar hisobiga o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 40 foizga oshib, 4,4 mlrd dollarga teng bo‘ldi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Biznesni bezdirayotgan QQS va markirovka muammolari. Ekspertlar sharhi

Published

on


Nega ko‘p tadbirkorlar QQS to‘lovchisi bo‘lib qolishdan shunchalik qo‘rqadi? Markirovka bo‘yicha talablar biznesda bunchalik katta e’tiroz uyg‘otayotganiga sabab nima? Soliq qonunchiligi va amaliyoti qanday qilib biznesni bo‘laklarga bo‘lishga rag‘bat yaratyapti? Shu kabi savollarga Kun.uz studiyasidagi suhbatda soliq maslahatchilari Murod Muhammadjonov va Nodirbek Xo‘jabekov javob berdi.

Soliq qo‘mitasi raisi Farrux Po‘latov umumiy ovqatlanish sohasida ayrim tadbirkorlar QQS to‘lamaslik uchun mijozlarga yakka tartibdagi tadbirkor sifatida chek berayotganini aytdi.

“Buni ko‘rib-bilib turibmiz. Ertaga tekshirish borsa, xafa bo‘lasizlar. Iltimos, qonuniy ishlanglar”, dedi u 21 aprel kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda.

Kun.uz studiyasidagi suhbatda soliq maslahatchilari tadbirkorlarni QQSdan qochishga undayotgan omillar haqida so‘z yuritdi.

Murod Muhammadjonov: “Faqat jazoning o‘zi yechim bo‘lolmaydi”

— Jarima solish bilan natijaga erishib bo‘lmaydi. Ya’ni soliq to‘lash uchun tadbirkorlarga qulay zona yaratilmasa, jarima bilan qo‘rqitib, faqatgina yo korrupsiyani rivojlantirib yuborish mumkin, yoki tadbirkorlikni odamlar uchun diskomfort bir zonaga aylantirib qo‘yiladi. Ya’ni tadbirkorlik qilish qiyin joyga aylanib qolishi mumkin xolos. Shuning uchun, menimcha, “Qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tmaslik sabablari nima?” degan savol bizni ko‘proq qiziqtirishi kerak.

Juda ko‘p holatlarda tovarlar naqd oldi-berdi qilinishi, kirim qilish imkoniyati yo‘qligi, QQSda ishlash tadbirkorlarga diskomfort bo‘layotgani asosiy sabablardan deb bilaman.

Hamma uchun emas, muayyan qatlamdagi tadbirkorlar borki, ularda QQSga o‘tish imkoniyati yo‘q. Oddiy aytganda, QQS va foyda solig‘i to‘lash sharoitida ularning biznesi yashab qololmaydi, tirikchiligi o‘tmaydi. Aylanmadan 4 foiz soliq to‘lab kelgan tadbirkor uchun soliq yuki birdaniga karrasiga oshib ketadi (12 foiz QQS + 15-20 foiz foyda solig‘i). Shuning uchun 1 milliardlik chegaraga yaqinlashganda, biznesni bo‘lib tashlashga majbur bo‘lyapti.

Faqatgina jarima degan narsa bilan qo‘rqitilsa, kimlardir QQSga o‘ta oladi, kimlardir o‘ta olmaydi. O‘ta olmaganlar yechim sifatida korrupsiyaga murojaat qiladi. Ko‘p holatlarda aylanmadan qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tmaslik uchun tushumni kamaytirib ko‘rsatish kerak bo‘ladi. Kamaytirib ko‘rsatish esa, tabiiyki, kassaga urmaslikka, tushumni yashirishga olib keladi. Tushumni yashirish holatlari bu tekshiruvlarda aniqlanadi va jarima qo‘llanadi. Ya’ni agar yirik soliq to‘lovchisi, ya’ni qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lib o‘tmasang, jazolayman, lekin o‘tsang ko‘proq soliq to‘laysan – oldiga yursang ham, orqaga yursang ham jazolayman, degani bu. Hamma joy jazo mexanizmi bo‘lib qolyapti.

Bu yerda aynan nima uchun biznesni bo‘lib ishlashyapti, degan savol muhim. Haqiqatda qorabozor yo‘q emas, bor va ko‘p tovarlarni kirim qilish imkoniyati yo‘q. Odamlar haligacha qonuniy ishlash formatlariga to‘liq moslashmagan va qonuniy ishlash qanaqa deganda umuman “perechisleniye”ga sotib olish kerakligini bilmaydi. “Perechisleniye”ga sotib olaman deydigan bo‘lsa, qimmatroqqa aylanadi va hokazo. Har bir holatda raqobat hisobiga ham maksimal darajada aylanmadan olinadigan soliqda qolishga harakat qilaveradi. Menimcha, bu narsaga jazodan ko‘ra yechimini topish kerak. Jazo bu yechim emas, jazo bu – chora.

Agar hamma QQSga o‘tsin deydigan bo‘lsa, unda aylanmadan olinadigan soliqni to‘xtatish kerak. Aylanmadan olinadigan soliqqa sharoit yaratildimi, demak unda ishlay oladigan odamlar kategoriyasi bor. O‘zi biznesning shunaqa doirasi borki, o‘sha aylanmadan olinadigan soliqqa moslashgan. O‘sha 4 foizlik soliqda qolib yashashga ko‘nikkan. Qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tsa, yashab qola olmaydi.

Keyingi holat bor: bir nechta savdo nuqtalarini qilib, brend darajasi yoki tizimli rivojlanishga qarab ketganlar bor. Ya’ni keyingi bosqichga o‘tgan, o‘z mijozlariga, obro‘siga ega bo‘lgan va keyingi bosqichga o‘tgan kategoriya haqida gapiryapman. Ularning bir nechta savdo nuqtalari bo‘lgani uchun biznesni bo‘lishdan ko‘ra, “100 so‘m emas, 50 so‘m qolsa ham, endi qonuniy o‘tganim yaxshi”, deb hisoblaydi. Lekin u darajaga bora olmaydiganlar-chi?

Qo‘shningiz aylanmadan olinadigan soliqda bitta porsiya ovqatni 30 ming so‘mga sotayotgan bo‘lsa, xuddi shu porsiya ovqatni siz 36 ming so‘m deydigan bo‘lsangiz, bo‘ldi, sizning biznesingiz to‘xtadi. O‘sha narsaga bormaslik uchun, tabiiyki, kichik korxonalar aylanmadan olinadigan soliqda qolishga maksimal darajada harakat qiladi. Shuning uchun biznesni bo‘lmasin deydigan bo‘lsak, unda QQSga o‘tish mezonini oshirib beraylik, 1 milliardni 5 milliard qilib beraylik. Chunki 1 milliardlik chegara hozirgi kunda bir tirikchilikdek narsa-da, bu biznes darajasida baholab bo‘ladigan summa emas.

Endi jarimalar masalasiga keladigan bo‘lsak, QQSga o‘tgandan keyin u davlat soliq boshqarmalari nazoratiga o‘tadi va u yerda aylanmadan olinadigan soliqlardan ko‘ra QQS to‘lovchiga nisbatan tekshiruvlar, uning nazorat tartiblari juda ko‘p. Sen uni kalkulyatsiyasini qilding-qilmadingdan boshlab, QQS bilan olding, kontragenting obnalchi ekan va hokazo – tekshiruv va nazorat juda ham ko‘p.

Hozirgi kunda obnalchi bo‘lishi ham shart emas, umuman kontragentni boshqa sabablar bilan QQS guvohnomasi nofaol holatga keltirib qo‘yadigan bo‘lsa, farqi yo‘q, shunchaki sizni boshqa bir tovaringiz uchun QQS guvohnomangiz nofaol bo‘lib qoladigan bo‘lsa, hamma kontragentingizdan sizni to‘lab qo‘ygan QQSingizni ham undiryapti.

Birinchidan, biznesga QQSda ishlashda soliq yuki 300 foizgacha oshadi. Ikkinchidan, endi nafaqat o‘zi uchun, birov uchun ham javob berishi kerak, yetmaganiga jarimasini ham to‘lash kerak va jinoyatchiga ham aylanib ketishi kerak.

Nodirbek Xo‘jabekov: “AOS o‘rniga, “zachet” imkoniyatisiz 6 foizlik QQS joriy etilishi kerak”

— Ko‘p yillardan beri tadbirkorlar aynan shu 1 milliardlik pog‘onani 3 milliardga yo 5 milliardga ko‘tarib beringlar degan so‘rovga, “1 mlrd so‘mlik pog‘ona qo‘yilganda uni keyinchalik ko‘tarish maqsad qilinmagan”, degan javobni olishadi. Bundan maqsad – tezroq hammani aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchisidan QQS to‘lovchisiga o‘tkazib yuborish bo‘lgan. Shu sababdan bu 1 milliardlik pog‘ona o‘zgarmaydi deb, doimiy ravishda aytib kelinadi.

O‘tgan yilgi majlisda men o‘zim shunaqa taklif bergan edim: agar 1 milliardlik pog‘ona o‘zgartirilmasa, hammani birato‘la qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tkazish maqsad bo‘ladigan bo‘lsa, unda kelinglar, QQSni 6 foiz deylik va hamma o‘sha 6 foizlik QQSga o‘tsin. Ya’ni nomi qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘lsin, imtiyozli 6 foiz stavka qo‘llansin va 6 foizlik imtiyozli stavkani qo‘llaydiganlarda kiruvchi qo‘shilgan qiymat solig‘ini “zachet”ga olish imkoni bo‘lmasin. Bu o‘sha aylanmadan olinadigan 4 foiz bilan qo‘shilgan qiymat solig‘i 6 foiz o‘rtasida deyarli o‘zgarish yo‘q. Bu – soliq to‘lovchilarga ko‘nikma hosil qiladi, QQSga o‘tdim degan tushuncha bo‘ladi.

Ya’ni tadbirkorga bugungi to‘lab turgan solig‘i qulay bo‘ladigan bo‘lsa, unga birdaniga sezilarli farq bo‘lgan boshqa soliq turini belgilab berib hammani shunga o‘tishga majburlasak, tadbirkor osonroq yo‘lini qidirishni boshlaydi. Agar soliq to‘lash soliq to‘lovchiga qiyinlik qilsa, u, albatta, kamaytirib to‘lash yo‘llarini qidirishni boshlaydi

4 foizlik aylanmadan soliq o‘rniga 6 foizlik QQSga o‘tsak, o‘z-o‘zidan 1 milliardlik pog‘ona unutiladi. 10 milliard bo‘lsa ham, 100 milliard bo‘lsa ham o‘sha imtiyozli stavkada 6 foiz to‘layveradi. Uni hisobga olish imkoni bo‘lmaydi, lekin men 6 foiz stavkadan kimgadir realizatsiya qiladigan bo‘lsam, mendan xarid qilib olgan o‘sha 6 foizlik QQSning o‘zini hisobga olaveradi. Uyog‘i zanjir uzilmasdan ketaveradi. Sababi, menga kelib tushgan pul yoki men realizatsiya qilgan yoki chekimda ko‘rsatilgan summaning 6 foizini budjetga to‘lab yuboraman, bo‘ldi. Misol uchun menda 94 foiz qoladi, uni hech kim hisob-kitob qilmaydi.

Hozirgi holatda qanaqa? Men QQS to‘laganimda budjetga to‘lamayman-da, men xarid qilayotganda kontragentga to‘lab beraman. Endi men kontragentim u QQSni budjetga to‘lab beradimi-yo‘qmi, men nazorat qilishim kerak.

Bundan tashqari, QQSdan tashqari o‘sha sotib olgan xarajatimning endi foyda solig‘i bor. Bizda foyda solig‘ini hisoblaganda tushum bilan xarajat o‘rtasidagi farq – foyda solig‘i bazasini tashkil etadi. Men o‘sha qilgan xarajatim iqtisodiy oqlanganmi-yo‘qligini ham o‘zim nazorat qilishim kerak. Ya’ni ertaga foyda solig‘ini to‘layotganda hisobotda ko‘rsatgan xarajatimni iqtisodiy tarafdan oqlanganini isbotlab berishim kerak. Bu bir qator noqulayliklarni yuzaga keltiradi.

To‘liq suhbatni Kun.uz’ning YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Tadbirkorlik imtiyozlarini qo‘llamagan mansabdor shaxslar javobgarlikka tortildi

Published

on


Namangan viloyatida to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sohasi tadbirkorlariga berilgan imtiyozlarning qo‘llanilishi yuzasidan Biznes-ombudsman devoni tomonidan o‘rganish o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-yanvardagi PF-2-sonli Farmoniga muvofiq, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj yo‘nalishida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar uchun elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha bir oylik oldindan to‘lov talabi bekor qilinganligi va bu tartib qo‘llanilishi Namangan viloyati misolida tahlil qilinganda 140 ta korxonaga nisbatan mazkur imtiyoz qo‘llanilmasdan, ulardan elektr energiyasi uchun oldindan to‘lov undirib kelinganligini ko‘rsatdi.

Ko‘rilgan choralar natijasida 140 ta tadbirkorlik sub’yektiga nisbatan imtiyoz qo‘llanilishi ta’minlandi. Oldindan to‘lov undirish amaliyoti to‘liq to‘xtatildi.

Shu bilan birga, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj yo‘nalishida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar sub’yektlariga qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan imtiyozlarni qo‘llamagan 5 nafar mansabdor shaxs Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 241-6-moddasiga asosan ma’muriy javobgarlikka tortildi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

O‘zbekiston tashqi savdosi o‘sdi. Qaysi davlatlar asosiy hamkorlar?

Published

on


2026-yilning yanvar–mart oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 18 mlrd AQSh dollariga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 471 mln dollarga yoki 2,7 foizga ko‘pdir.

Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, eksport hajmi 5,8 mlrd dollarga tushib, 29,3 foizga qisqargan. Import esa aksincha, 12,2 mlrd dollarga yetib, 30,8 foizga oshgan. Natijada tashqi savdo balansi 6,4 mlrd dollar manfiy saldo bilan shakllangan.

Maxsus eksport hisobga olinmaganda, tovarlar eksporti 26,2 foizga o‘sib, 3,48 mlrd dollarga yetgan.

O‘zbekiston hozirda jahonning 170 dan ortiq mamlakati bilan savdo aloqalarini olib bormoqda. Tashqi savdoda asosiy ulush Xitoy hissasiga to‘g‘ri keldi — 25,6 foiz. 2026 yilning uch oyida bu mamlakat bilan savdo hajmi 4,6 mlrd dollarga yetdi.

Rossiya Federatsiyasi bilan savdo 3,28 mlrd dollar, Qozog‘iston bilan 1,3 mlrd dollar, Turkiya bilan 653 mln dollar va Afg‘oniston bilan 508 mln dollarga yetgan.

Shuningdek, Fransiya (488,9 mln), Koreya Respublikasi (463,6 mln), BAA (458,7 mln) kabi davlatlar bilan ham savdo hajmi o‘sgan. Turkmaniston bilan savdo 357,5 mln, Germaniya bilan 304,8 mln dollarga yetgan.

Hindiston (299,8 mln), Belarus (259,7 mln), AQSh (258,4 mln), Qirg‘iziston (221,7 mln) va Tojikiston (188,8 mln) bilan ham faol aloqalar saqlanib qolmoqda. Gonkong bilan savdo 155,7 mln, Eron — 151,4 mln, Italiya — 116,5 mln, Irlandiya — 102,7 mln va Ukraina — 94,4 mln dollarga yetgan.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Mart oyida qaysi hududlarda iste’molchilar eng ko‘p keshbek olgan?

Published

on


2026-yil mart oyida O‘zbekistonda iste’molchilarga 216,8 mln chek uchun 168 mlrd so‘mdan ortiq keshbek to‘langan. Bu Soliq qo‘mitasi ma’lumotlarida qayd etilgan.

Umuman olganda, 2026-yilning yanvar–mart oylarida 611,7 mln chek rasmiylashtirilib, ular bo‘yicha 447,3 mlrd so‘m keshbek qaytarilgan. Mart oyining o‘zida esa 6,1 mln nafardan ortiq foydalanuvchi ushbu tizimdan foydalangan.

Qayd etilishicha, mart oyida eng katta keshbek Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keldi — 49,7 mlrd so‘m. Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona (22,9 mlrd so‘m), Andijon (20,2 mlrd so‘m) va Toshkent viloyati (17,1 mlrd so‘m) qayd etildi.

Shuningdek, Samarqand viloyatida 9,3 mlrd so‘m keshbek qaytarilgan. Qoraqalpog‘istonda bu ko‘rsatkich 8,5 mlrd, Xorazmda 8,9 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Navoiyda 3,5 mlrd, Jizzaxda 2,4 mlrd, Sirdaryoda 2,2 mlrd so‘m keshbek to‘langan. Qashqadaryoda 6,0 mlrd, Buxoroda 5,5 mlrd, Surxondaryoda 4,3 mlrd so‘m qaytarilgan. Namanganda 6,9 mlrd so‘mlik keshbek qayd etilgan.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.