Sport
Italiyada klassiko, “Real”da navbatdagi jiddiy sinov. Hafta o‘yinlari anonsi
Terma jamoalar bilan bog‘liq navbatdagi tanaffus oldidan klublar musobaqalari ayni qizg‘in pallaga kirmoqda. So‘nggi hafta omadsizlari “Chelsi” va “Liverpul” Londonda orani ochiq qilsa, Turinda Italiya Klassikosi bo‘lib o‘tadi. Barcha o‘yinlarni o‘z foydasiga hal qilgan kuchli beshlikdagi yagona jamoa “Bavariya” esa Frankfurtda sinovdan o‘tadi.
CheLSI – LIVeRPUL (4 oktyabr, 21:30)
Mavsumni juda yaxshi boshlagan bu ikki jamoa so‘nggi paytlarda muvaffaqiyatsizliklar girdobida qolishdi. “Liverpul” yuz foizlik natija bilan peshqadam bo‘lib turgandi, ammo so‘nggi turda Londonda “Kristal Pelas”dan mag‘lubiyatga uchradi. Keyin esa Chempionlar Ligasida “Galatasaray”ga qarshi uchrashuv ham mag‘lubiyat bilan tugadi. Shu tariqa mavsumni ideal boshlagan Slot jamoasi agar “Chelsi” ustidan g‘alaba qozona olmasa, ikkinchi o‘ringa tushib ketishi mumkin. Chunki “Arsenal” bu turda o‘z maydonida “Vest Hem”ni qabul qiladi va bu o‘yinda mezbonlarning imkoniyati ancha yuqori ekaniga hech kim shubha qilmasa kerak.
“Chelsi”ning holati yanada og‘irroq. Enso Mareska bir necha frontda kurashishda tajribasiz ekani ko‘rinib qolyapti. To‘g‘ri, o‘tgan yili ham jamoa yevrokuboklarda qatnashgan va hatto g‘olib ham chiqqan edi. Ammo Mareska Konferensiyalar ligasida butunlay boshqa tarkibni tushirib ham kerakli natijani qo‘lga kirita olardi. Chempionlar Ligasi esa ancha yuqori daraja. Mareska dastlab “Bavariya”ga tayyorgarlik sifatida Brentfordda rotatsiya qildi va ochko yo‘qotdi. Keyin “Bavariya”dan mag‘lubiyat “Old Trafford”dagi muvaffaqiyatsizlik bilan davom etdi. “Brayton”ga qarshi uy uchrashuvida ham jamoa hisobda oldinda borayotgan bo‘lsa-da, qizil kartochkadan keyin mehmonlar g‘alabani ilib ketishdi. O‘zi umuman “Chelsi”ning juda ko‘p mag‘lubiyatlari, xususan oxirgi 5 mag‘lubiyatidan 4 tasi qizil kartochka ta’sirida sodir bo‘lganini ta’kidlash kerak. Qizig‘i, “Chelsi” hafta o‘rtasida bo‘lib o‘tgan YeChL o‘yinida “Benfika”ni yengib, uch o‘yindan iborat omadsiz seriyaga chek qo‘ydi va shu o‘yinda ham Joao Pedro so‘nggi daqiqalarda qizil kartochka olib maydonni tark etdi. Xullas “Chelsi” turnir jadvalida 8 ochko bilan i8-o‘rinda bormoqda, ammo agar yana ochko yo‘qotadigan bo‘lsa, kuchli o‘nlikdan ham pastga qulashi mumkin.
Tarkiblarga keladigan bo‘lsak, mezbonlarda yo‘qotishlar juda ko‘p. Kolvil va Delap shundog‘am anchadan beri safda yo‘q, Palmer va Tosin ham ushbu o‘yinda qatnasha olishmaydi. “Brayton”ga qarshi o‘yinda Santos ham jarohat tufayli maydonni erta tark etgandi, maydon markaziga tushishi mumkin bo‘lgan Essuguda ham jarohat bor. Trevo Chaloba esa “Brayton”ga qarshi o‘yindagi qizil kartochkasi tufayli diskvalifikatsiyaga ega. Mehmonlar tarkibida asosiy yo‘qotish albatta, darvoza chizig‘ida. Istanbuldagi o‘yinda jarohat olgan Alison katta ehtimol bilan bir oydan ko‘p vaqt mobaynida maydonga tusha olmaydi. Shuningdek Ekitikening ham bu uchrashuvga tayyor bo‘lishi so‘roq ostida qolmoqda.
O‘zaro o‘yinlarga kelsak, may oyida bo‘lib o‘tgan so‘nggi uchrashuvgacha “Chelsi” “Liverpul”ga qarshi qatorasiga 10 o‘yinni g‘alabasiz o‘tkazib kelayotgandi. Shu so‘nggi uchrashuvda “Chelsi”ning qo‘li baland keldi, ammo bu vaqtda “Liverpul” chempionlikni rasman hal qilib bo‘lganini ham ta’kidlash kerak. Ya’ni Slot shogirdlari “Chelsi” qadar bu o‘yinga jiddiy qaramagan bo‘lishi mumkin, demak muhim o‘yinlarda “Chelsi”ning g‘alabasiz seriyasi hali ham davom etmoqda, deb aytsak bo‘ladi.
AYNTRAXT – BAVARIYa (4 oktyabr, 21:30)
Kompanining “Bavariya”si ikkinchi mavsumdirki mavsumni juda kuchli boshlamoqda. Bu balkim to‘g‘ri strategiyadir, zero eng boshidan sezilarli farqni yuzaga keltirib olinsa, ham asosiy raqobatchilarga ruhiy zarba bo‘ladi, ham keyinroq boshqa musobaqalarga ham ko‘proq urg‘u qaratish imkoniyati yaratiladi. “Bavariya” ayni damda Yevropada yuz foizlik natija ko‘rsatgan yagona jamoa bo‘lib turibdi. Kompani shogirdlari 5 uchrashuvda 22 gol urishgan, shuningdek, Chempionlar Ligasidagi 2 o‘yinni ham qo‘shsak, jami 30 gol bo‘ladi. Mavsum boshidagi Superkubok o‘yinini aytmasa, keyingi 8 uchrashuvda “Bavariya” har o‘yinni kamida 3 gol urib tark etmoqda. Xarri Keyn esa umuman kosmos darajada sermahsullik ko‘rsatmoqda – 7 o‘yinda u gol+pas bo‘yicha 20 ochkoni qo‘lga kiritib bo‘ldi.
Qiziq tomoni, “Bavariya”ning navbatdagi raqibi aynan shu ssenariyning davom etishi uchun eng mos jamoadir. “Ayntraxt” bu mavsumda maydonga tushgan 8 o‘yinning hammasida to‘rttadan ortiq gol urilgan. Oxirgi 3 o‘yinda jamoa 13 gol o‘tkazib yubordi. Gol urish bo‘yicha ham yomon emas – Bundesligada 5 o‘yinda 17 gol. Faqat “Bavariya”da ko‘proq xolos. Qizig‘i, Chempionlar Ligasidagi natijalar ham g‘alati. Birinchi o‘yinda 5:1 hisobida g‘alaba, ikkinchisida xuddi shu hisobdagi mag‘lubiyat. So‘nggi turdagi Menxengladbaxda ham tarixiy ssenariy ro‘y berdi. “Ayntraxt” birinchi taymda 5:0 hisobida ustunlik bilan tugatib, ikkinchi taym boshida oltinchi golni ham urdi. Ammo o‘yin oxirigacha mezbonlar 4 gol bilan javob berishdi. Hatto bu jamoalarning o‘zaro o‘yinlariga qarasak ham yuqoridagi statistikaga o‘xshash natijalarni ko‘ramiz. Frankfurtdagi o‘tgan mavsumdagi uchrashuv 3:3 hisobida tugagan bo‘lsa, undan avvalgisida mezbonlar 5:1 hisobida g‘alaba qozonishgan. Uch yil oldin esa “Bavariya” mehmonda 6:1 hisobida ustun kelgan. Mana shunday quvnoq jamoaning “Bavariya”ga qarshi o‘yinini o‘tkazib yuborish aslo mumkin emas. Gollar juda ko‘p bo‘lishi shubhasiz va balkim har ikki darvozaga ham.
ReAL – VILYaReAL (4 oktyabr, 23:55)
Madrid derbisidagi og‘riqli mag‘lubiyatning alami “Qayrat” darvozasiga urilgan javobsiz 5 gol bilan chiqmagani aniq. Rostanam qaytish uchun jamoa kattaroq o‘yinda o‘zini ko‘rsatishi kerak va “Vilyareal” mana shunday statusga javob beradi. Zero “sariqlar” La Ligada yomon ketishmayapti – 7 o‘yinda 16 ochko bilan uchinchi o‘rinni egallab turishibdi. Ya’ni mabodo Madridda g‘alaba qozonadigan bo‘lishsa, hatto “Real”ni ham quvib o‘tib, 2-o‘ringa ko‘tarilib oladi.
Derbidagi yirik mag‘lubiyat juda yuqori kayfiyat bilan boshlangan Alonso loyihasiga kichik zarba bo‘ldi. Birinchidan, endi boshqa raqiblar ham mukammal ko‘ringan “Real”ga qarshi muvaffaqiyatli o‘ynash formulalarini o‘rganib olishlari mumkin, ikkinchidan, Alonso sistemasi, ba’zi futbolchilarning pozitsiyasi bo‘yicha savollar paydo bo‘la boshladi. Avvalroq, eng yaxshisini Alonso biladi, deb har qanday qarori to‘g‘ri o‘laroq qabul qilingan bo‘lsa, yirik mag‘lubiyatdan so‘ng savollar berilyapti. Nega Mastantuonoga ko‘proq imkoniyat berilyapti? Bellinhemning haqiqiy pozitsiyasi qaysi? Guler tortib keta oladimi? Yangi himoya chizig‘i qanchalik ishonchli? Endrik qani? Asensio qanotda eplay oladimi? End0i Alonso mana shunday yoqimsiz savollarga ham matbuot anjumanlarida javob berishga majbur bo‘lmoqda.
Tarkibdagi muammolarga kelsak, “Real” o‘ng qanotda muammolarga duch keldi. Avvaliga Trent Aleksandr-Arnold, keyin esa Dani Karvaxal jarohat oldi. Anchelotti bunday vaziyatlarda Valverdega ishongan bo‘lsa, Alonso Asensioni sinab ko‘rmoqda. Shuningdek yana boshqa himoyachi Antonio Ryudiger ham hali to‘liq tiklangani yo‘q va maydonga tushishga tayyor emas. Mehmonlar safida ham yo‘qotishlar asosan himoya chizig‘ida. Foyt va Kambvala o‘ynay olishmaydi. Yaqindagina tiklanib “Tottenhem”ga qarshi uchrashuvda maydonga tushgan Ayoze Peres ham yana jarohat oldi va katta ehtimol bilan terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffusdan so‘ng qaytsa kerak.
O‘zaro uchrashuvlarga qarasak, “Vilyareal” oxirgi 30 uchrashuvda atigi 4 marta g‘alaba qozongan, ammo bu g‘alabalarning yarmi aynan “Santyago Bernabeu”da bo‘lganini ham ta’kidlash kerak. Umuman Madriddagi o‘yinlarda “Vilyareal” o‘zini juda yaxshi his qiladi – oxirgi 14 uchrashuvdan 5 tasida mag‘lubiyatga uchramaslikni uddalagan. Peshqadam maydonida bu juda yaxshi natija deb aytish mumkin.
SeVILYa – BARSeLONA (5 oktyabr, 19:15)
Bu jamoalar o‘rtasidagi oxirgi 7 o‘yin “Barselona”ning g‘alabasi bilan tugagan bo‘lsa-da, baribir, “Sevilya” tarixan top raqiblarga qarshi, ayniqsa o‘z maydonida munosib qarshilik ko‘rsata olishini yaxshi bilamiz. Turnir jadvalida egallagan o‘rnidan qat’i nazar, andalusiyaliklar har qanday alohida uchrashuvda juda kuchli jamoaga aylana olishi sir emas. Bu safar ham nimadir bo‘lishidan umid qilsak bo‘ladi.
Ayniqsa, “Barselona”ning “PSJ”ga qarshi muvaffaqiyatsiz o‘yinidan keyingi holati barcha uchun qiziq. Gap faqat mag‘lubiyatda emas, parijliklarga qarshi uchrashuvning ikkinchi taymi ko‘pchilikda savollar uyg‘otdi. Bu bir martalik taktik xatomi yoki navbatdagi inqirozning boshlanishimi? Esingizda bo‘lsa, Flik jamoasi o‘tgan mavsumni ham juda yaxshi boshlagan, ammo kuzning oxiriga kelib bir qator salbiy natijalarni qayd etgandi. Tarkib borasida “Barselona”da muammolar borligi aniq, klub yozgi transfer oynasida kutilganidek kuchaya olmadi. Turli jarohatlar tufayli qatorasiga bir necha o‘yinlarda deyarli ayni tarkibda tushishga to‘g‘ri kelyapti. “Kamp Nou”dagi qurilishlar bitmayotgani tufayli qatorasiga bir nechta o‘yinlarni safarda o‘tkazishga to‘g‘ri keldi. Tabiiyki, safardagi o‘yinlar og‘irroq kechadi va uchrashuv taqdirini ertaroq hal qilib yetakchilarga dam berish imkoni kamayadi. Xullas mana shunday juda ko‘p faktorlar birlashib, “Barselona”da mavsum boshi bo‘lishiga qaramasdan xorg‘inlik kuzatilyapti. Bu turdan keyin ro‘y beradigan terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffus qaysidir ma’noda jamoa foydasiga ishlashi ham mumkin. Buning uchun esa avvalo “Sevilya”ga qarshi bahsni muvaffaqiyatli yakunlab olish lozim.
“Sevilya” bu mavsumda ham o‘ziga xos qandaydir paradoksal. Jamoa safardagi 4 o‘yinning 3 tasini o‘z foydasiga hal qilgan va bu borada La Liga peshqadamlaridan biri. Hatto “Barselona” ham ochko yo‘qotishga majbur bo‘lgan “Rayo Valekano” maydonidan ham g‘alaba bilan qaytishning uddasidan chiqishdi. Ammo uy uchrashuvlariga natijalar teskari – ikki mag‘lubiyat va bir durang. Mavsumdagi ilk g‘alabani mahalliy muxlislar nahotki “Barselona”ga qarshi uchrashuvda ko‘rishsa? Umuman olganda “Sevilya”ning “Barselona” ustidan aynan chempionat doirasidagi oxirgi g‘alabasi 10 yil oldin sodir bo‘lgandi. Neymarning penaltidan urgan goliga Kron Deyl va Iborra javob berishgandi.
Yuqorida aytilganidek, “Barselona”da jarohatlar ko‘p. Darvozabon Joan Garsiya, “PSJ”ga qarshi o‘yinda jarohat olgan Erik Garsiya, uzoq muddatga safdan chiqqan Gavi, hamda Rafinya va Fermin Lopeslar maydonga tusha olishmaydi. Tabiiyki, Flik yana YeChLda ham hafta o‘rtasida maydonga tushgan tarkibga murojaat qilishga majbur. So‘nggi o‘yinini bir hafta oldin o‘tkazgan “Sevilya”da albatta, bu borada biroz ustunlik bo‘ladi.
YuVeNTUS – MILAN (5 oktyabr, 23:45)
Italiyada esa bizni o‘ziga xos Klassiko kutib turibdi. Nafaqat “A Seriya”, balki barcha musobaqalarda bu yil hali mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan “Yuventus” o‘z maydonida turnir peshqadami “Milan”ni qabul qiladi. Mavsumni o‘z maydonida “Kremoneze”dan kutilmagan mag‘lubiyat bilan boshlagan Allegri shogirdlari keyingi 4 o‘yinni o‘z foydasiga hal qildi. O‘tgan turda esa peshqadam “Napoli”ni yengib 1-o‘ringa ko‘tarilib ham olishdi. Ayniqsa, “Napoli”ga qarshi o‘yin, jamoa deyarli bir taym bir kishi kam o‘ynab ham raqibga yetarlicha imkoniyat bermagani ko‘p mutaxassislar tomonidan ijobiy baholandi. Shuningdek, “Milan” bu mavsumda yevrokuboklarda ishtirok etmayotganini ham eslab o‘tish kerak. O‘tgan mavsumda xuddi shunday ustunlikka ega bo‘lgan “Napoli” yakunda chempion bo‘lgani ham milanlik muxlislarni umidlantirishi mumkin. Misol uchun “Yuventus” ushbu o‘yindan uch kun oldin “Vilyareal”ga qarshi safarda qiyin uchrashuv o‘tkazgan.
Yuqorida “Yuventus”ning mavsumda mag‘lubiyat nimaligini bilmayotgan jamoalardan biri deb aytdik. Lekin boshqa tomoni ham bor. Turinliklar mavsumni uch g‘alaba bilan boshlagan bo‘lishsa-da, keyingi ikki o‘yin durang bilan yakunlandi. Safarda “Verona”, o‘z maydonidagi “Atalanta”ga qarshi uchrashuvlar bir xil 1:1 hisobida tugadi. Bunga Chempionlar Ligasidagi ikki durangni ham qo‘shing. Ya’ni “Yuventus” barcha musobaqalarda qatorasiga 4 o‘yinda g‘alaba nimaligini ham bilmayapti. Boshqa bir fakt – “Yuventus”ning mavsum boshidagi g‘alabalari ham asosan so‘nggi daqiqalarda, 2-taymdagi gollar evaziga yuzaga kelgan. Bu ham turinliklarning o‘yinlarni nazorat qilishda qiyinchilikka duch kelayotgani, juda ko‘p o‘yinlar durang va shunga yaqin ssenariyda kechayotganini ko‘rsatadi.
Ushbu o‘yindan keyin “Yuventus”ni uchta qiyin safar kutib turibdi. “A Seriya”da “Latsio” va Fabregasning “Komo”si. Ular orasida esa Madridda “Real”ga qarshi uchrashuv. Chempionlar Ligasida ikki o‘yindan atigi 2 ochko bilan qolayotganini e’tiborga olsak, juda muhim uchrashuv. Mana shu qiyin uch safar oldidan “Yuventus” o‘z maydonida g‘alabasiz seriyaga chek qo‘yib olishi shart. “Milan” esa agar mag‘lubiyatga uchraydigan bo‘lsa, nafaqat peshqadamlikni boy beradi, hatto 5-o‘ringa ham tushib ketishi mumkin. “Napoli”, “Inter” va “Roma” ham juda yaqin turishibdi.
Har ikki jamoada ham katta yo‘qotishlar yo‘q. “Yuventus” asosiy himoyachi Bremersiz, “Milan” esa Tomorisiz harakat qiladi. O‘z vaqtida “Yuventus”da ham ancha yillar ishlagan Allegrining yana “Milan” murabbiyi sifatida Turinga tashrifi ham shudog‘am katta o‘yinning intrigasini oshirsa kerak.
BOShQA O‘YINLAR
4 oktyabr. Lids – TOTTeNHEM (16:30), BAYYeR – Union (18:30), BORUSSIYa D – LeYPsIG (18:30), LATsIO – Torino (18:00), ARSeNAL – Vest Hem (19:00), MANCheSTeR YuNAYTeD – Sanderlend (19:00), Mets- MARSeL (20:00), INTeR – Kremoneze (21:00), ATALANTA – Komo (23:45),
5 oktyabr. NYuKASL – Nottingem Forest (18:00), Fiorentina – ROMA (18:00), Brentford – MANCheSTeR SITI (20:30), NAPOLI – Jyenoa (21:00), Lill – PSJ (23:45)
Sport
Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi
Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.
«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.
Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.
Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.
Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.
Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.
«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.
Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.
Sport
Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi
Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.
FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.
Sport
O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi
O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.
Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.
Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.
Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.
Sport
O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.
Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.
Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.
Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.
Sport
O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi
Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.
Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.
O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.
27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.
