Sport
Italiyada klassiko, “Real”da navbatdagi jiddiy sinov. Hafta o‘yinlari anonsi
Terma jamoalar bilan bog‘liq navbatdagi tanaffus oldidan klublar musobaqalari ayni qizg‘in pallaga kirmoqda. So‘nggi hafta omadsizlari “Chelsi” va “Liverpul” Londonda orani ochiq qilsa, Turinda Italiya Klassikosi bo‘lib o‘tadi. Barcha o‘yinlarni o‘z foydasiga hal qilgan kuchli beshlikdagi yagona jamoa “Bavariya” esa Frankfurtda sinovdan o‘tadi.
CheLSI – LIVeRPUL (4 oktyabr, 21:30)
Mavsumni juda yaxshi boshlagan bu ikki jamoa so‘nggi paytlarda muvaffaqiyatsizliklar girdobida qolishdi. “Liverpul” yuz foizlik natija bilan peshqadam bo‘lib turgandi, ammo so‘nggi turda Londonda “Kristal Pelas”dan mag‘lubiyatga uchradi. Keyin esa Chempionlar Ligasida “Galatasaray”ga qarshi uchrashuv ham mag‘lubiyat bilan tugadi. Shu tariqa mavsumni ideal boshlagan Slot jamoasi agar “Chelsi” ustidan g‘alaba qozona olmasa, ikkinchi o‘ringa tushib ketishi mumkin. Chunki “Arsenal” bu turda o‘z maydonida “Vest Hem”ni qabul qiladi va bu o‘yinda mezbonlarning imkoniyati ancha yuqori ekaniga hech kim shubha qilmasa kerak.
“Chelsi”ning holati yanada og‘irroq. Enso Mareska bir necha frontda kurashishda tajribasiz ekani ko‘rinib qolyapti. To‘g‘ri, o‘tgan yili ham jamoa yevrokuboklarda qatnashgan va hatto g‘olib ham chiqqan edi. Ammo Mareska Konferensiyalar ligasida butunlay boshqa tarkibni tushirib ham kerakli natijani qo‘lga kirita olardi. Chempionlar Ligasi esa ancha yuqori daraja. Mareska dastlab “Bavariya”ga tayyorgarlik sifatida Brentfordda rotatsiya qildi va ochko yo‘qotdi. Keyin “Bavariya”dan mag‘lubiyat “Old Trafford”dagi muvaffaqiyatsizlik bilan davom etdi. “Brayton”ga qarshi uy uchrashuvida ham jamoa hisobda oldinda borayotgan bo‘lsa-da, qizil kartochkadan keyin mehmonlar g‘alabani ilib ketishdi. O‘zi umuman “Chelsi”ning juda ko‘p mag‘lubiyatlari, xususan oxirgi 5 mag‘lubiyatidan 4 tasi qizil kartochka ta’sirida sodir bo‘lganini ta’kidlash kerak. Qizig‘i, “Chelsi” hafta o‘rtasida bo‘lib o‘tgan YeChL o‘yinida “Benfika”ni yengib, uch o‘yindan iborat omadsiz seriyaga chek qo‘ydi va shu o‘yinda ham Joao Pedro so‘nggi daqiqalarda qizil kartochka olib maydonni tark etdi. Xullas “Chelsi” turnir jadvalida 8 ochko bilan i8-o‘rinda bormoqda, ammo agar yana ochko yo‘qotadigan bo‘lsa, kuchli o‘nlikdan ham pastga qulashi mumkin.
Tarkiblarga keladigan bo‘lsak, mezbonlarda yo‘qotishlar juda ko‘p. Kolvil va Delap shundog‘am anchadan beri safda yo‘q, Palmer va Tosin ham ushbu o‘yinda qatnasha olishmaydi. “Brayton”ga qarshi o‘yinda Santos ham jarohat tufayli maydonni erta tark etgandi, maydon markaziga tushishi mumkin bo‘lgan Essuguda ham jarohat bor. Trevo Chaloba esa “Brayton”ga qarshi o‘yindagi qizil kartochkasi tufayli diskvalifikatsiyaga ega. Mehmonlar tarkibida asosiy yo‘qotish albatta, darvoza chizig‘ida. Istanbuldagi o‘yinda jarohat olgan Alison katta ehtimol bilan bir oydan ko‘p vaqt mobaynida maydonga tusha olmaydi. Shuningdek Ekitikening ham bu uchrashuvga tayyor bo‘lishi so‘roq ostida qolmoqda.
O‘zaro o‘yinlarga kelsak, may oyida bo‘lib o‘tgan so‘nggi uchrashuvgacha “Chelsi” “Liverpul”ga qarshi qatorasiga 10 o‘yinni g‘alabasiz o‘tkazib kelayotgandi. Shu so‘nggi uchrashuvda “Chelsi”ning qo‘li baland keldi, ammo bu vaqtda “Liverpul” chempionlikni rasman hal qilib bo‘lganini ham ta’kidlash kerak. Ya’ni Slot shogirdlari “Chelsi” qadar bu o‘yinga jiddiy qaramagan bo‘lishi mumkin, demak muhim o‘yinlarda “Chelsi”ning g‘alabasiz seriyasi hali ham davom etmoqda, deb aytsak bo‘ladi.
AYNTRAXT – BAVARIYa (4 oktyabr, 21:30)
Kompanining “Bavariya”si ikkinchi mavsumdirki mavsumni juda kuchli boshlamoqda. Bu balkim to‘g‘ri strategiyadir, zero eng boshidan sezilarli farqni yuzaga keltirib olinsa, ham asosiy raqobatchilarga ruhiy zarba bo‘ladi, ham keyinroq boshqa musobaqalarga ham ko‘proq urg‘u qaratish imkoniyati yaratiladi. “Bavariya” ayni damda Yevropada yuz foizlik natija ko‘rsatgan yagona jamoa bo‘lib turibdi. Kompani shogirdlari 5 uchrashuvda 22 gol urishgan, shuningdek, Chempionlar Ligasidagi 2 o‘yinni ham qo‘shsak, jami 30 gol bo‘ladi. Mavsum boshidagi Superkubok o‘yinini aytmasa, keyingi 8 uchrashuvda “Bavariya” har o‘yinni kamida 3 gol urib tark etmoqda. Xarri Keyn esa umuman kosmos darajada sermahsullik ko‘rsatmoqda – 7 o‘yinda u gol+pas bo‘yicha 20 ochkoni qo‘lga kiritib bo‘ldi.
Qiziq tomoni, “Bavariya”ning navbatdagi raqibi aynan shu ssenariyning davom etishi uchun eng mos jamoadir. “Ayntraxt” bu mavsumda maydonga tushgan 8 o‘yinning hammasida to‘rttadan ortiq gol urilgan. Oxirgi 3 o‘yinda jamoa 13 gol o‘tkazib yubordi. Gol urish bo‘yicha ham yomon emas – Bundesligada 5 o‘yinda 17 gol. Faqat “Bavariya”da ko‘proq xolos. Qizig‘i, Chempionlar Ligasidagi natijalar ham g‘alati. Birinchi o‘yinda 5:1 hisobida g‘alaba, ikkinchisida xuddi shu hisobdagi mag‘lubiyat. So‘nggi turdagi Menxengladbaxda ham tarixiy ssenariy ro‘y berdi. “Ayntraxt” birinchi taymda 5:0 hisobida ustunlik bilan tugatib, ikkinchi taym boshida oltinchi golni ham urdi. Ammo o‘yin oxirigacha mezbonlar 4 gol bilan javob berishdi. Hatto bu jamoalarning o‘zaro o‘yinlariga qarasak ham yuqoridagi statistikaga o‘xshash natijalarni ko‘ramiz. Frankfurtdagi o‘tgan mavsumdagi uchrashuv 3:3 hisobida tugagan bo‘lsa, undan avvalgisida mezbonlar 5:1 hisobida g‘alaba qozonishgan. Uch yil oldin esa “Bavariya” mehmonda 6:1 hisobida ustun kelgan. Mana shunday quvnoq jamoaning “Bavariya”ga qarshi o‘yinini o‘tkazib yuborish aslo mumkin emas. Gollar juda ko‘p bo‘lishi shubhasiz va balkim har ikki darvozaga ham.
ReAL – VILYaReAL (4 oktyabr, 23:55)
Madrid derbisidagi og‘riqli mag‘lubiyatning alami “Qayrat” darvozasiga urilgan javobsiz 5 gol bilan chiqmagani aniq. Rostanam qaytish uchun jamoa kattaroq o‘yinda o‘zini ko‘rsatishi kerak va “Vilyareal” mana shunday statusga javob beradi. Zero “sariqlar” La Ligada yomon ketishmayapti – 7 o‘yinda 16 ochko bilan uchinchi o‘rinni egallab turishibdi. Ya’ni mabodo Madridda g‘alaba qozonadigan bo‘lishsa, hatto “Real”ni ham quvib o‘tib, 2-o‘ringa ko‘tarilib oladi.
Derbidagi yirik mag‘lubiyat juda yuqori kayfiyat bilan boshlangan Alonso loyihasiga kichik zarba bo‘ldi. Birinchidan, endi boshqa raqiblar ham mukammal ko‘ringan “Real”ga qarshi muvaffaqiyatli o‘ynash formulalarini o‘rganib olishlari mumkin, ikkinchidan, Alonso sistemasi, ba’zi futbolchilarning pozitsiyasi bo‘yicha savollar paydo bo‘la boshladi. Avvalroq, eng yaxshisini Alonso biladi, deb har qanday qarori to‘g‘ri o‘laroq qabul qilingan bo‘lsa, yirik mag‘lubiyatdan so‘ng savollar berilyapti. Nega Mastantuonoga ko‘proq imkoniyat berilyapti? Bellinhemning haqiqiy pozitsiyasi qaysi? Guler tortib keta oladimi? Yangi himoya chizig‘i qanchalik ishonchli? Endrik qani? Asensio qanotda eplay oladimi? End0i Alonso mana shunday yoqimsiz savollarga ham matbuot anjumanlarida javob berishga majbur bo‘lmoqda.
Tarkibdagi muammolarga kelsak, “Real” o‘ng qanotda muammolarga duch keldi. Avvaliga Trent Aleksandr-Arnold, keyin esa Dani Karvaxal jarohat oldi. Anchelotti bunday vaziyatlarda Valverdega ishongan bo‘lsa, Alonso Asensioni sinab ko‘rmoqda. Shuningdek yana boshqa himoyachi Antonio Ryudiger ham hali to‘liq tiklangani yo‘q va maydonga tushishga tayyor emas. Mehmonlar safida ham yo‘qotishlar asosan himoya chizig‘ida. Foyt va Kambvala o‘ynay olishmaydi. Yaqindagina tiklanib “Tottenhem”ga qarshi uchrashuvda maydonga tushgan Ayoze Peres ham yana jarohat oldi va katta ehtimol bilan terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffusdan so‘ng qaytsa kerak.
O‘zaro uchrashuvlarga qarasak, “Vilyareal” oxirgi 30 uchrashuvda atigi 4 marta g‘alaba qozongan, ammo bu g‘alabalarning yarmi aynan “Santyago Bernabeu”da bo‘lganini ham ta’kidlash kerak. Umuman Madriddagi o‘yinlarda “Vilyareal” o‘zini juda yaxshi his qiladi – oxirgi 14 uchrashuvdan 5 tasida mag‘lubiyatga uchramaslikni uddalagan. Peshqadam maydonida bu juda yaxshi natija deb aytish mumkin.
SeVILYa – BARSeLONA (5 oktyabr, 19:15)
Bu jamoalar o‘rtasidagi oxirgi 7 o‘yin “Barselona”ning g‘alabasi bilan tugagan bo‘lsa-da, baribir, “Sevilya” tarixan top raqiblarga qarshi, ayniqsa o‘z maydonida munosib qarshilik ko‘rsata olishini yaxshi bilamiz. Turnir jadvalida egallagan o‘rnidan qat’i nazar, andalusiyaliklar har qanday alohida uchrashuvda juda kuchli jamoaga aylana olishi sir emas. Bu safar ham nimadir bo‘lishidan umid qilsak bo‘ladi.
Ayniqsa, “Barselona”ning “PSJ”ga qarshi muvaffaqiyatsiz o‘yinidan keyingi holati barcha uchun qiziq. Gap faqat mag‘lubiyatda emas, parijliklarga qarshi uchrashuvning ikkinchi taymi ko‘pchilikda savollar uyg‘otdi. Bu bir martalik taktik xatomi yoki navbatdagi inqirozning boshlanishimi? Esingizda bo‘lsa, Flik jamoasi o‘tgan mavsumni ham juda yaxshi boshlagan, ammo kuzning oxiriga kelib bir qator salbiy natijalarni qayd etgandi. Tarkib borasida “Barselona”da muammolar borligi aniq, klub yozgi transfer oynasida kutilganidek kuchaya olmadi. Turli jarohatlar tufayli qatorasiga bir necha o‘yinlarda deyarli ayni tarkibda tushishga to‘g‘ri kelyapti. “Kamp Nou”dagi qurilishlar bitmayotgani tufayli qatorasiga bir nechta o‘yinlarni safarda o‘tkazishga to‘g‘ri keldi. Tabiiyki, safardagi o‘yinlar og‘irroq kechadi va uchrashuv taqdirini ertaroq hal qilib yetakchilarga dam berish imkoni kamayadi. Xullas mana shunday juda ko‘p faktorlar birlashib, “Barselona”da mavsum boshi bo‘lishiga qaramasdan xorg‘inlik kuzatilyapti. Bu turdan keyin ro‘y beradigan terma jamoalar bilan bog‘liq tanaffus qaysidir ma’noda jamoa foydasiga ishlashi ham mumkin. Buning uchun esa avvalo “Sevilya”ga qarshi bahsni muvaffaqiyatli yakunlab olish lozim.
“Sevilya” bu mavsumda ham o‘ziga xos qandaydir paradoksal. Jamoa safardagi 4 o‘yinning 3 tasini o‘z foydasiga hal qilgan va bu borada La Liga peshqadamlaridan biri. Hatto “Barselona” ham ochko yo‘qotishga majbur bo‘lgan “Rayo Valekano” maydonidan ham g‘alaba bilan qaytishning uddasidan chiqishdi. Ammo uy uchrashuvlariga natijalar teskari – ikki mag‘lubiyat va bir durang. Mavsumdagi ilk g‘alabani mahalliy muxlislar nahotki “Barselona”ga qarshi uchrashuvda ko‘rishsa? Umuman olganda “Sevilya”ning “Barselona” ustidan aynan chempionat doirasidagi oxirgi g‘alabasi 10 yil oldin sodir bo‘lgandi. Neymarning penaltidan urgan goliga Kron Deyl va Iborra javob berishgandi.
Yuqorida aytilganidek, “Barselona”da jarohatlar ko‘p. Darvozabon Joan Garsiya, “PSJ”ga qarshi o‘yinda jarohat olgan Erik Garsiya, uzoq muddatga safdan chiqqan Gavi, hamda Rafinya va Fermin Lopeslar maydonga tusha olishmaydi. Tabiiyki, Flik yana YeChLda ham hafta o‘rtasida maydonga tushgan tarkibga murojaat qilishga majbur. So‘nggi o‘yinini bir hafta oldin o‘tkazgan “Sevilya”da albatta, bu borada biroz ustunlik bo‘ladi.
YuVeNTUS – MILAN (5 oktyabr, 23:45)
Italiyada esa bizni o‘ziga xos Klassiko kutib turibdi. Nafaqat “A Seriya”, balki barcha musobaqalarda bu yil hali mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan “Yuventus” o‘z maydonida turnir peshqadami “Milan”ni qabul qiladi. Mavsumni o‘z maydonida “Kremoneze”dan kutilmagan mag‘lubiyat bilan boshlagan Allegri shogirdlari keyingi 4 o‘yinni o‘z foydasiga hal qildi. O‘tgan turda esa peshqadam “Napoli”ni yengib 1-o‘ringa ko‘tarilib ham olishdi. Ayniqsa, “Napoli”ga qarshi o‘yin, jamoa deyarli bir taym bir kishi kam o‘ynab ham raqibga yetarlicha imkoniyat bermagani ko‘p mutaxassislar tomonidan ijobiy baholandi. Shuningdek, “Milan” bu mavsumda yevrokuboklarda ishtirok etmayotganini ham eslab o‘tish kerak. O‘tgan mavsumda xuddi shunday ustunlikka ega bo‘lgan “Napoli” yakunda chempion bo‘lgani ham milanlik muxlislarni umidlantirishi mumkin. Misol uchun “Yuventus” ushbu o‘yindan uch kun oldin “Vilyareal”ga qarshi safarda qiyin uchrashuv o‘tkazgan.
Yuqorida “Yuventus”ning mavsumda mag‘lubiyat nimaligini bilmayotgan jamoalardan biri deb aytdik. Lekin boshqa tomoni ham bor. Turinliklar mavsumni uch g‘alaba bilan boshlagan bo‘lishsa-da, keyingi ikki o‘yin durang bilan yakunlandi. Safarda “Verona”, o‘z maydonidagi “Atalanta”ga qarshi uchrashuvlar bir xil 1:1 hisobida tugadi. Bunga Chempionlar Ligasidagi ikki durangni ham qo‘shing. Ya’ni “Yuventus” barcha musobaqalarda qatorasiga 4 o‘yinda g‘alaba nimaligini ham bilmayapti. Boshqa bir fakt – “Yuventus”ning mavsum boshidagi g‘alabalari ham asosan so‘nggi daqiqalarda, 2-taymdagi gollar evaziga yuzaga kelgan. Bu ham turinliklarning o‘yinlarni nazorat qilishda qiyinchilikka duch kelayotgani, juda ko‘p o‘yinlar durang va shunga yaqin ssenariyda kechayotganini ko‘rsatadi.
Ushbu o‘yindan keyin “Yuventus”ni uchta qiyin safar kutib turibdi. “A Seriya”da “Latsio” va Fabregasning “Komo”si. Ular orasida esa Madridda “Real”ga qarshi uchrashuv. Chempionlar Ligasida ikki o‘yindan atigi 2 ochko bilan qolayotganini e’tiborga olsak, juda muhim uchrashuv. Mana shu qiyin uch safar oldidan “Yuventus” o‘z maydonida g‘alabasiz seriyaga chek qo‘yib olishi shart. “Milan” esa agar mag‘lubiyatga uchraydigan bo‘lsa, nafaqat peshqadamlikni boy beradi, hatto 5-o‘ringa ham tushib ketishi mumkin. “Napoli”, “Inter” va “Roma” ham juda yaqin turishibdi.
Har ikki jamoada ham katta yo‘qotishlar yo‘q. “Yuventus” asosiy himoyachi Bremersiz, “Milan” esa Tomorisiz harakat qiladi. O‘z vaqtida “Yuventus”da ham ancha yillar ishlagan Allegrining yana “Milan” murabbiyi sifatida Turinga tashrifi ham shudog‘am katta o‘yinning intrigasini oshirsa kerak.
BOShQA O‘YINLAR
4 oktyabr. Lids – TOTTeNHEM (16:30), BAYYeR – Union (18:30), BORUSSIYa D – LeYPsIG (18:30), LATsIO – Torino (18:00), ARSeNAL – Vest Hem (19:00), MANCheSTeR YuNAYTeD – Sanderlend (19:00), Mets- MARSeL (20:00), INTeR – Kremoneze (21:00), ATALANTA – Komo (23:45),
5 oktyabr. NYuKASL – Nottingem Forest (18:00), Fiorentina – ROMA (18:00), Brentford – MANCheSTeR SITI (20:30), NAPOLI – Jyenoa (21:00), Lill – PSJ (23:45)
Sport
O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatida ishtirok etuvchi tarkibi e’lon qilindi
Milliy terma jamoa 26 may kuni AQShga yo‘l oladi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Jahon chempionatida ishtirok etuvchi 30 nafardan iborat futbolchilarning ro‘yxatini e’lon qildi.
Tarkib quyidagicha ko‘rinish oldi:
Darvozabonlar: O‘tkir Yusupov (“Navbahor”), Botirali Ergashev (“Neftchi”), Abduvohid Ne’matov (“Nasaf”).
Himoyachilar: Avazbek O‘lmasaliyev (OKMK), Jahongir O‘rozov (“Dinamo”), Rustam Ashurmatov (“Istiqlol”, Eron), Umar Eshmurodov (“Nasaf”), Abduqodir Husanov (“Manchester Siti”, Angliya), Abdulla Abdullayev (“Dibba”, BAA), Farruh Sayfiyev (“Neftchi”), Hojiakbar Alijonov (“Paxtakor”), Sherzod Nasrullayev (“Paxtakor”), Behruz Karimov (“Surxon”)
Yarim himoyachilar: Sherzod Esanov (“Buxoro”), Odil Hamrobekov (“Traktor”, Eron), Akmal Mozgovoy (“Paxtakor”), Otabek Shukurov (“Baniyas”, BAA), Jamshid Iskanderov (“Neftchi”), Jasur Jaloliddinov (“So‘g‘diyona”), Aziz G‘aniyev (“Al Batayeh”, BAA), Umarali Rahmonaliyev (Sabah, Ozarbayjon)
Hujumchilar: Abbos Fayzullayev (“Istanbul Boshoqshehir”, Turkiya), Jaloliddin Masharipov (“Istiqlol”, Eron), Doston Hamdamov (“Paxtakor”), Oston O‘runov (“Persepolis”, Eron), Ruslan Jiyanov (“Navbahor”), Aziz Amonov (“Dinamo”), Sherzod Temirov (“Erbil”, Iroq), Igor Sergeyev (“Persepolis”, Eron), Eldor Shomurodov (“Istanbul Boshoqshehir”, Turkiya)
Jamoamiz 26 may kuni tongda Toshkent – Nyu-York yo‘nalishi bo‘yicha Amerika Qo‘shma Shtatlariga yo‘l oladi.
Sport
O‘zbekistonning JChga boradigan tarkibi aniq bo‘ldi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi 26 may kuni qaysi tarkib bilan AQShga yo‘l olishi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Championat.asia xabar berdi.
Tarkib quyidagicha ko‘rinish oldi:
Darvozabonlar: O‘tkir Yusupov (“Navbahor”), Botirali Ergashev (“Neftchi”), Abduvohid Ne’matov (“Nasaf”).
Himoyachilar: Avazbek O‘lmasaliyev (OKMK), Jahongir O‘rozov (“Dinamo”), Rustam Ashurmatov (“Istiqlol”, Eron), Umar Eshmurodov (“Nasaf”), Abduqodir Husanov (“Manchester Siti”, Angliya), Abdulla Abdullayev (“Dibba”, BAA), Farruh Sayfiyev (“Neftchi”), Hojiakbar Alijonov (“Paxtakor”), Sherzod Nasrullayev (“Paxtakor”), Behruz Karimov (“Surxon”)
Yarim himoyachilar: Sherzod Esanov (“Buxoro”), Odil Hamrobekov (“Traktor”, Eron), Akmal Mozgovoy (“Paxtakor”), Otabek Shukurov (“Baniyas”, BAA), Jamshid Iskanderov (“Neftchi”), Jasur Jaloliddinov (“So‘g‘diyona”), Aziz G‘aniyev (“Al Batayeh”, BAA), Umarali Rahmonaliyev (Sabah, Ozarbayjon)
Hujumchilar: Abbos Fayzullayev (“Istanbul Bashakshehir”, Turkiya), Jaloliddin Masharipov (“Istiqlol”, Eron), Doston Hamdamov (“Paxtakor”), Oston O‘runov (“Persepolis”, Eron), Ruslan Jiyanov (“Navbahor”), Aziz Amonov (“Dinamo”), Sherzod Temirov (“Erbil”, Iroq), Igor Sergeyev (“Persepolis”, Eron), Eldor Shomurodov (“Istanbul Bashakshehir”, Turkiya)
Yig‘inda qatnashgan quyidagi futbolchilar AQShga bormaydi: Vladimir Nazarov, Muhammadrasul Abdumajidov, Diyor Ortiqboyev, Quvondiq Ro‘ziyev, Nodir Abdurazzoqov, Alisher Odilov, Sardor Bahromov, Husayn Norchayev, Muhammadqodir Hamraliyev.
Oldinroq O‘FA Ibrohimhalil Yo‘ldoshevning jarohati sababli JChga bora olmasligini ma’lum qilgandi.
Sport
Shahram G‘iyosov professional boksda ilk bor mag‘lubiyatga uchradi
12 raund davom etgan jang yakuniga ko‘ra, britaniyalik Jyek Katterol hakamlarning yakdil qarori bilan g‘olib deb topildi.
O‘zbekistonlik bokschi Shahram G‘iyosov yarim o‘rta vaznda (66,7 kg) WBA Regular kamari uchun jang o‘tkazdi.
U Misrning Giza shahridagi Pyramids of Giza arenasida britaniyalik Jyek Katterolga qarshi ringga chiqdi. Jang 12 raund davom etdi va Jyek Katterol hakamlarning yakdil qarori bilan g‘olib deb topildi.
Bu Shahram G‘iyosovning professional boksdagi ilk mag‘lubiyati bo‘ldi. U bunga qadar 17ta jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba qozongan va 10ta jangda raqiblarini nokautga uchratgandi.
Uning raqibi esa bugunga qadar 34ta jang o‘tkazgan bo‘lib, 32 g‘alabaga erishgan, 2ta jangda mag‘lub bo‘lgan, 14ta jangni nokaut bilan yakunlagan.
Shahram G‘iyosovning so‘nggi jangi 2025 yil 12 aprel kuni bo‘lib o‘tgandi. O‘shanda o‘zbekistonlik bokschi argentinalik Franko Okamponi 4-raundda nokautga uchratgandi.
Sport
O‘zbekiston terma jamoasini JCh–2026 ga kuzatish marosimi qanday o‘tdi?
Coca-Cola kompaniyasi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston milliy terma jamoasini 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga tantanali kuzatish marosimini o‘tkazdi. Tadbir butun mamlakatdan o‘n minglab muxlislar, media vakillari, hamkorlar va futbol ishqibozlarini bir joyga jamladi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ishtirok etib, tadbirni rasman ochib berdi. Davlat rahbari milliy terma jamoani futbol bo‘yicha Jahon chempionatidagi ishtiroki oldidan shaxsan qo‘llab-quvvatlashini bildirar ekan, bu tarixiy yutuqning butun mamlakat uchun alohida ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
“Kelinglar, bugun hammamiz yaxshi niyat qilaylik. Jahon chempionatida futbolchilarimizni Yaratganning o‘zi qo‘llasin! Har bir o‘yinda xalqimizning duosi madadkor bo‘lsin!
Yashasin o‘zbek futboli! Yashasin Yangi O‘zbekiston yoshlari! Yashasin bunyodkor O‘zbekiston xalqi!” – deya nutqini yakunladi Shavkat Mirziyoyev.
Marosim arafasida milliy terma jamoa o‘yinchilari va murabbiylar shtabi O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev bilan uchrashdi. Bu bo‘lajak turnir oldidan jamoa uchun muhim va ruhlantiruvchi voqea bo‘ldi.
Oqshomning asosiy voqeasi O‘zbekiston milliy terma jamoasining “Bunyodkor” stadionidagi o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘ldi. Stadion o‘rindiqlari jamoani bayroqlar, hayqiriqlar va qarsaklar bilan qo‘llab-quvvatlagan muxlislar bilan to‘lib-toshdi. Bu ko‘plab mehmonlar uchun terma jamoani 2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatidagi tarixiy ishtiroki oldidan aynan shu tarkibda ko‘rish uchun ajoyib imkoniyatga aylandi.
“The Coca-Cola Company uchun bugun, ana shunday tarixiy bir pallada O‘zbekiston terma jamoasi yonida turish katta sharafdir. Coca-Cola — o‘zi ishlab chiqariladigan mamlakat qalbi bilan yashaydigan jahon brendidir. Biz muhim bir voqea — O‘zbekiston milliy terma jamosini futbol bo‘yicha 2026 yilgi Jahon chempionatiga kuzatish marosimining bir qismi bo‘lganimizdan chin dildan faxrlanamiz.
O‘zbekistonning har bir g‘alabasi nafaqat millat zafari, balki butun dunyodagi Coca-Cola tizimi uchun ham iftixor manbaidir. Bugun biz shunchaki hamkor emas, balki jamoamizni butun qalbimiz bilan qo‘llab-quvvatlaydigan muxlislarmiz. Futbolchilarimizga chin yurakdan kuch-quvvat, o‘ziga ishonch va jahon arenasida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz. Faxr bilan olg‘a — Olg‘a, O‘zbekiston!” deya ta’kidladi Coca-Cola kompaniyasining O‘zbekistondagi bosh direktori Kazumasa Mukaye.
Tadbirning asosiy qismi boshlanishidan avval mehmonlarni stadion hududida interaktiv va mavzuli fotozonalar, tanlovlar hamda ko‘ngilochar mashg‘ulotlar kutib turardi. Coca-Cola tizimining O‘zbekistondagi ko‘p yillik va ishonchli hamkori, shuningdek, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining hamkori bo‘lgan Korzinka kompaniyasi tadbir mehmonlari uchun maxsus hududlar tashkil etdi. Bu yerda mehmonlar Coca-Cola mahsulotlarini hamda milliy terma jamoaning “Oq bo‘rilar” ramzini ifodalovchi “Bek maskot”larni xarid qilish imkoniga ega bo‘ldi.
“Coca-Cola” kompaniyasi ko‘magida mamlakatning barcha hududlarida milliy terma jamoani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Collecting Voices” nomli keng ko‘lamli flesh-mob loyihasi yo‘lga qo‘yildi. Marosim vaqtida stadion ekranlarida butun mamlakat muxlislarining ovozlarini jamlagan va milliy birlik ramziga aylangan maxsus rolik namoyish etildi.
Dastur yakunida o‘zbek estradasi yulduzi Sevara Nazarxon “Olg‘a O‘zbekiston!” sadosi ostida stadion maydoniga chiqdi va bu kechaning eng hayajonli daqiqalaridan biriga aylandi.
Mazkur marosim nafaqat muhim sport tadbiri, balki O‘zbekiston terma jamoasini qo‘llab-quvvatlash yo‘lida muxlislarni birlashtirgan chinakam milliy iftixor bayrami bo‘ldi. Mamlakatimizning FIFA 2026 Jahon chempionatiga tarixiy yo‘llanmani qo‘lga kiritishi milliy futbolimiz va butun mamlakat bo‘ylab millionlab o‘yin ishqibozlari uchun muhim bir marra bo‘ldi.
“Coca-Cola” kompaniyasi va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi ushbu esda qolarli kechaning bir qismiga aylangan barcha mehmonlar va muxlislarga minnatdorchilik bildiradi hamda milliy terma jamoamizga bo‘lajak mundialda muvaffaqiyatli ishtirok etishini tilab qoladi.
Reklama huquqi asosida
Sport
Yevropada mavsumning eng yaxshi futbolchilari aniqlandi
The Athletic nashri Yevropada bu yilgi mavsumning eng yaxshi futbolchilarini aniqladi.
«Bavariya» hujumchisi Harri Keyn «Yil futbolchisi» deya e’tirof etildi. «Barselona» vingeri Lamin Yamal esa «Eng yaxshi yosh futbolchi» bo‘ldi.
Mavsumning ramziy jamoasiga quyidagi futbolchilar kiritildi.
Darvozabon: David Rayya («Arsenal»);
Himoyachilar: Nunu Mendesh («PSJ»), Gabriel Magalyaes («Arsenal»), Markinios («PSJ»), Ashraf Hakimi («PSJ»);
Yarimhimoyachilar: Joau Nevesh («PSJ»), Vitinya («PSJ»), Federiko Valverde («Real»);
Hujumchilar: Lamin Yamal («Barselona»), Harri Keyn («Bavariya»), Maykl Olise («Bavariya»).
-
Siyosat4 days agoBirlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi Markaziy Osiyodagi chegaralarni tinch yoʻl bilan tartibga solish boʻyicha rezolyutsiyani qabul qildi
-
Iqtisodiyot5 days agoHayot Bank O‘zbekiston moliya sektorida o‘z o‘rnini mustahkamlashda davom etmoqda
-
Iqtisodiyot5 days agoKo‘chmas mulk bo‘yicha soliqni bozor narxi asosida hisoblash tartibi belgilandi
-
Siyosat5 days agoO’zbekistonda banklardan oltin quymalarini qanday sotib olish mumkin
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyev YeXHT bosh kotibini qabul qildi
-
Jamiyat3 days ago
Kontent markazida «Yurt qayg‘usida 365 kun» nomli kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekistonda IPO investorlari huquqini himoya qilish bo‘yicha qonun ishlab chiqilmoqda
-
Dunyodan1 day agoPrezident Trampning Gʻazo boʻyicha 15 banddan iborat rejasi eʼlon qilindi
