Jamiyat
«Inson uchun» III an’anaviy festivali yakunlandi
Toshkent shahrida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan «Inson uchun» III an’anaviy festivali o‘z ishini yakunladi. 2026-yilning 12-13-may kunlari «O‘zekspomarkaz» milliy ko‘rgazmalar majmuasida o‘tkazilgan ushbu tadbir yillar davomida oddiy savdo yarmarkasidan yirik ijtimoiy platformaga aylanishga ulgurganini yana bir bor isbotladi.
Festival doirasida ijtimoiy himoya tizimidagi islohotlar, inklyuziv mehnat bozori va tadbirkorlik yo‘nalishidagi loyihalar keng namoyish etildi. Respublika bo‘ylab 120 ta tadbirkorlik subyekti, hunarmandlar, banklar, vazirlik va idoralar ishtirok etib, jami 100 mingga yaqin bo‘sh ish o‘rni taqdim etildi.
Bu yilgi festivalning eng muhim voqeasi O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilgan «Imkoniyatlar olimpiadasi» (Abilympics) milliy chempionati bo‘ldi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning kasbiy mahoratini rivojlantirishga qaratilgan ushbu global harakat doirasida ishtirokchilar turli professional sohalarda o‘z iqtidorlarini namoyish etdilar.
«Ijtimoiy himoya agentligi uchun nogironligi bo‘lgan insonlar nafaqat qo‘llab-quvvatlash olishlari, balki o‘rganishlari, ishlashlari, rivojlanishi va jamiyatga to‘liq qo‘shilganliklarini his qilishlari uchun sharoit yaratish ayniqsa muhimdir», — deya ta’kidladi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva.
Ikki kun davom etgan tadbir davomida bir qator ishlar amalga oshirildi — nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar ko‘rgazma-savdosi tashkil etildi, inklyuziv bandlikni qo‘llab-quvvatlovchi kompaniyalar va tadbirkorlar o‘z vakansiyalari bilan qatnashdi. Shuningdek, panel sessiyalari, ochiq muloqotlar va yoshlar uchun yangi imkoniyatlar taqdimotlari o‘tkazildi. Mehmonlar uchun qiziqarli viktorinalar va mahorat darslari namoyish etildi.
Jamiyat
“Hayvondan yuqadi, tashqi muhitga chidamsiz”
SanEpid qo‘mitaga ko‘ra, hantavirusning O‘zbekistonga kirib kelish xavfi past. Virus 20 xil shtammga ega va ulardan bir xili hayvondan odamga yuqadi. Yuqish tezligi ham koronavirus kabi emas, havo-tomchi yo‘li bilan yuqmaydi. Kun.uz bilan suhbatlashgan Epidemiologiya va immunoprofilaktika bo‘limi ekspertiga ko‘ra, aholining vahima ko‘tarishiga hojat yo‘q.
Dunyo sog‘liqni saqlash tizimini yana bir xavfli virus -hantavirus tashvishga solmoqda. Mutaxassislarga ko‘ra, ushbu virus asosan kemiruvchilar, ularning najasi orqali yuqadi. Ayniqsa, sichqon va kalamushlar bor joyda ehtiyot bo‘lish talab etilmoqda.
Atlantika okeanidagi kruiz laynerida tarqagan hantavirusni yuqtirganlarga Ispaniya portidan kecha o‘z uylariga javob berildi. Avvaliga virus aniqlangan kemani qabul qilishdan bosh tortishgan. So‘ngra Ispaniya hukumati kemani Tenerife porti orqali qabul qilgan. U yerda jami to‘qqiz kishida virus aniqlangan. Uch kishi vafot etgani tasdiqlangan. Rasmiylarga ko‘ra, uyiga javob berilganlarda o‘tkazilgan test natijalari ijobiy chiqmoqda.
Buyuk Britaniyada 20 kishi hantavirus taxmini bilan 72 soatlik karantinga olingan. Ular uylariga qaytganidan keyin ham 42 kun davomida izolyatsiyada bo‘lishlari talab etiladi.
AQShdan bo‘lgan 18 nafar yo‘lovchi esa davlatiga yetib borgach, kuchli tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Biroq amerikalik rasmiylar virusning jamoatchilik uchun xavfini past baholamoqda.
Niderlandiyada esa hantavirusga taxmin qilinganlar olti hafta davomida izolyatsiya qilinishi belgilandi.
Kruiz laynerida bo‘lgan 14 nafar Ispaniya fuqarolari Madriddagi harbiy gospitalda majburiy karantinda saqlanmoqda. Ulardan bittasida allaqachon hantavirus aniqlangan.
Fransiyada ham birinchi holat aniqlandi. Ushbu shaxs bilan esa 22 ta kontakt holatlari aniqlangan.
Germaniyada esa to‘rt kishi Frankfurtdagi kasalxonada karantinda saqlanmoqda. Federal sog‘liqni saqlash vazirligi ulardagi alomatlar doimiy kuzatib borilayotganini ma’lum qilgan.
Xo‘sh, hantavirus bo‘yicha O‘zbekistondagi epidemiologik vaziyat qanchalik barqaror? Kun.uz bilan suhbatlashgan Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Epidemiologiya va immunoprofilaktika bo‘limi eksperti Zulfiya G‘iyosovaga ko‘ra, yurtdoshlarimizning vahima ko‘tarishiga hojat yo‘q.
”Faqatgina Andes turi insonlarda kamdan kam holatlarda, demak, kasallikni keltirib chiqarishi mumkin. Bunda ham asosiy kasallik manbayi bo‘lib kemiruvchilar, ya’ni o‘sha kemiruvchilar bilan bevosita muloqot vaqtida, ulardan ajralib chiqayotgan biologik ajralmalar, ya’ni bular o‘sha hayvonlarning najasi, peshobi va so‘lagi orqali, agar bevosita kontaktda bo‘ladigan bo‘lsa, o‘sha paytda bu kasallikni yuqtirib olish ehtimoli mavjud”, – deydi u.
Mutaxassisning qo‘shimcha qilishicha, kasallik havo-tomchi yo‘li orqali yuqmaydi. Hantavirusdan COVID-19 dan qo‘rqqandek tashvishga tushishga hojat yo‘q.
“Bizda bu kasallik shu kungacha ro‘yxatga olinmagan. O‘zbekiston aholisi uchun bu juda katta xavf tug‘dirmaydi. Shuning uchun endi men o‘sha Amerika davlatini misol qilib oladigan bo‘lsam, Amerika va Yevropa davlatlarida ko‘proq ro‘yxatga olinadi. Faqatgina shu Andes shtammi hayvonlardan insonlarga yuqib, kasallik keltirib chiqaradi”, – deydi Zulfiya G‘iyosova.
Pandemiyadan keyingi davr bo‘lgani bois odamlarda yana karantin bo‘lishidan qo‘rquv va xavotirlar bor, bu tabiiy. Virusologga ko‘ra, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi va SanEpid qo‘mitasi potensial xavflarga allaqachon tayyor bo‘lib turibdi.
”Bu virus tashqi muhitga chidamsiz. Ya’ni 60 gradusli haroratda tezda nobud bo‘ladi. Bundan tashqari, o‘sha dezinfeksiyalovchi vositalar, xlorli vositalar, 70 foizlik spirt eritmasida tezda yo‘qolib ketadi. Demak, bundan qo‘rqmay aytib olishimiz mumkinki, agar infeksiya tashqaridan kelgan taqdirda ham, bu yerda hech qanaqa epidemik avj olishlar yoki pandemik holatlarni yuzaga keltirmaydi”, deydi mutaxassis.
Jamiyat
Koreya ish vizasi bilan bog‘liq holat fosh etildi
O‘zbekistonda Janubiy Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq yirik firibgarlik holati fosh etildi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchilar 63 nafar fuqaroni aldab, ulardan qariyb 409 ming dollar undirgan.
Sun’iy intellekt yaratgan surat
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda “K.M.” nomli nodavlat ta’lim muassasasi ta’sischisi X.Sh. va boshqalar o‘zaro til biriktirgani aniqlangan. Ular fuqarolarni Janubiy Koreyaga ishga jo‘natishni va’da qilib, pullarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Ma’lum qilinishicha, jabrlanganlar 6 ta viloyatda yashovchi fuqarolar bo‘lib, gumonlanuvchilar ularning ishonchiga kirgan holda jami 408 800 AQSh dollarini olgan. X.Sh. muqaddam sudlangani ham qayd etilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining firibgarlikka oid moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.
Jamiyat
O‘zbekistonda Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq korrupsion sxema fosh etildi
Migratsiya sohasidagi uyushgan jinoiy guruh Koreyaga ishga yuborish uchun rasmiy to‘lovlardan tashqari odamlardan 7-12 ming dollardan qariyb 90 mln dollar yig‘gani aniqlandi.
Sun’iy intellekt yaratgan surat
Bosh prokuratura huzuridagi Departament Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq yirik korrupsion sxemani fosh etdi.
Tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, xususiy bandlik agentliklarining sobiq mansabdorlari va boshqa shaxslar jinoiy guruh tuzib, Koreyaga mehnat migranti sifatida yuborishni va’da qilib, kamida 35 nafar odamdan 263,5 ming dollar olgan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergovda ma’lum bo‘lishicha, jinoiy guruh tomonidan Koreyaga ishga yuborish uchun rasmiy to‘lovlardan tashqari fuqarolardan 7-12 ming dollardan qariyb 90 mln dollar yig‘ilgan.
Hozirda, Koreyaga ishga yuborilmagan 600 dan ziyod fuqarodan kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha yetkazilgan zarar miqdori aniqlanib, undirish choralari ko‘rilmoqda.
Rasmiy xabarda qo‘shimcha qilinishicha, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, xususiy bandlik agentliklari sobiq mansabdorlari va boshqalari 230 nafar fuqaroni Koreyaga ishga yuborishlari evaziga 580 ming AQSh dollari, Koreyaga yuborilgan 1 000 nafar fuqarodan noqonuniy ravishda 5,6 mln AQSh dollari, jami 45 mln AQSh dollarini olganliklari ma’lum bo‘lgan.
Departament ushbu sxema ortidan jabr ko‘rgan fuqarolarni maxsus ishonch telefoni orqali murojaat qilishga chaqirdi: 71-233-10-07.
Jamiyat
«Men G‘olib Run» vatanparvarlik yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tdi
Bugun mamlakat bo‘ylab «Men G‘olib Run» vatanparvarlik yugurish musobaqasining bosqichlari bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasining 14 ta shahrida o‘tkazilib, unda qariyb 40 ming nafar ishtirokchi qatnashdi.
Ommaviy startlarda harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qiluvchi va kuch tuzilmalari xodimlari, vazirlik va idoralar huzuridagi ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari kursantlari, viloyatlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahri hokimliklari xodimlari, professional sportchilar, yugurish ixlosmandlari hamda mamlakatning turli hududlaridan kelgan aholi vakillari ishtirok etdi. Yugurish musobaqalari qahramonlar xotirasini e’zozlash va sog‘lom turmush tarzini ommalashtirishga bag‘ishlandi.
Tadbirda Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qo‘mitasi jamoalari, shuningdek, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi vakillari ishtirok etdi.
Musobaqa yakunlariga ko‘ra, 10 kilometr masofada jamoaviy birinchilikda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoasi 32:52 o‘rtacha natija bilan g‘olib bo‘ldi. 10 kilometr masofada shaxsiy hisobda esa Ichki ishlar vazirligi vakili Andrey Petrov 29:15 natija bilan g‘alaba qozondi.
«Men G‘olib Run» O‘zbekistondagi eng yirik ommaviy sport-vatanparvarlik loyihalaridan biriga aylanib, minglab insonlarni xotira, kuch, birdamlik va Vatan himoyachilari jasoratiga hurmat g‘oyasi atrofida birlashtirdi.
Tadbirlar Sport vazirligining umumiy muvofiqlashtiruvi hamda O‘zbekiston Respublikasi Yengil atletika federatsiyasining faol ko‘magi bilan tashkil etildi.
Jamiyat
Rossiyada qurilishda baxtsiz hodisa: o‘zbekistonlik halok bo‘ldi
Rossiyaning Buryatiya respublikasida qurilayotgan ko‘p qavatli uyda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisa oqibatida bir nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi, yana biri og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizildi.
Hodisa 8 may kuni Ulan-Ude shahridagi qurilish maydonida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, minorali kran operatori ehtiyotsizlik qilib, qurilish havozasiga shikast yetkazgan. Oqibatda xavfsizlik kamarisiz ishlayotgan ikki nafar o‘zbekistonlik ishchi 7-qavat balandligidan pastga qulagan.
Jabrlanganlardan biri og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga olib ketilgan. Ikkinchi fuqaro esa olgan jarohatlari sabab voqea joyida vafot etgan.
O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lum qilishicha, hodisa ortidan Buryatiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan doimiy aloqa o‘rnatilgan va vaziyat alohida nazoratga olingan.
Mazkur holat bo‘yicha Rossiya Jinoyat kodeksining mehnat xavfsizligi talablarini buzish bilan bog‘liq moddasi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ayni paytda O‘zbekiston diplomatlari va Migratsiya agentligining Novosibirskdagi vakolatxonasi hamkorligida halok bo‘lgan fuqaroning jasadini O‘zbekistonga olib kelish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.
-
Jamiyat3 days agoНавоийда бир неча кун қизғин давом этган «Медиа ҳафталик» якунланди
-
Dunyodan2 days ago
Prezident Tramp 13-15 may kunlari Xitoyga tashrif buyuradi.
-
Jamiyat5 days agoYer maydonlarini sotish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi
-
Sport3 days agoO‘zbekiston o‘smirlar futbol terma jamoasi JCh yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi
-
Sport4 days ago“Barselona” bosh murabbiyining otasi “El Klasiko” kunida vafot etdi
-
Sport3 days agoDenovdagi kurash musobaqasi qotillik bilan yakunlandi: Taniqli polvon pichoqlab o‘ldirildi
-
Siyosat5 days agoQozog‘iston prezidenti ham Moskvaga boradi
-
Sport4 days ago“Barselona” ilk bor “Real”ni yengib, Ispaniya chempioni bo‘ldi
