Jamiyat
«Inson uchun» III an’anaviy festivali yakunlandi
Toshkent shahrida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan «Inson uchun» III an’anaviy festivali o‘z ishini yakunladi. 2026-yilning 12-13-may kunlari «O‘zekspomarkaz» milliy ko‘rgazmalar majmuasida o‘tkazilgan ushbu tadbir yillar davomida oddiy savdo yarmarkasidan yirik ijtimoiy platformaga aylanishga ulgurganini yana bir bor isbotladi.
Festival doirasida ijtimoiy himoya tizimidagi islohotlar, inklyuziv mehnat bozori va tadbirkorlik yo‘nalishidagi loyihalar keng namoyish etildi. Respublika bo‘ylab 120 ta tadbirkorlik subyekti, hunarmandlar, banklar, vazirlik va idoralar ishtirok etib, jami 100 mingga yaqin bo‘sh ish o‘rni taqdim etildi.
Bu yilgi festivalning eng muhim voqeasi O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilgan «Imkoniyatlar olimpiadasi» (Abilympics) milliy chempionati bo‘ldi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning kasbiy mahoratini rivojlantirishga qaratilgan ushbu global harakat doirasida ishtirokchilar turli professional sohalarda o‘z iqtidorlarini namoyish etdilar.
«Ijtimoiy himoya agentligi uchun nogironligi bo‘lgan insonlar nafaqat qo‘llab-quvvatlash olishlari, balki o‘rganishlari, ishlashlari, rivojlanishi va jamiyatga to‘liq qo‘shilganliklarini his qilishlari uchun sharoit yaratish ayniqsa muhimdir», — deya ta’kidladi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva.
Ikki kun davom etgan tadbir davomida bir qator ishlar amalga oshirildi — nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan tayyorlangan mahsulotlar ko‘rgazma-savdosi tashkil etildi, inklyuziv bandlikni qo‘llab-quvvatlovchi kompaniyalar va tadbirkorlar o‘z vakansiyalari bilan qatnashdi. Shuningdek, panel sessiyalari, ochiq muloqotlar va yoshlar uchun yangi imkoniyatlar taqdimotlari o‘tkazildi. Mehmonlar uchun qiziqarli viktorinalar va mahorat darslari namoyish etildi.