Connect with us

Siyosat

Geosiyosiy muvozanat san’ati va yangi mintaqaviy voqelik

Published

on


Xitoylarga nisbat beriladigan mashhur naql bor: «O‘tish davrida yashashdan Xudo saqlasin». Bu iboraning aniq manbasi bahsli bo‘lsa-da, uning mazmuni bugungi dunyo voqeligini juda aniq ifodalaydi. XXI asr xalqaro munosabatlari shunchalik murakkablashdiki, ertaga nima sodir bo‘lishini bashorat qilish tobora qiyinlashmoqda. Bir tomonda yirik davlatlar raqobati kuchaymoqda, boshqa tomonda yangi iqtisodiy va texnologik markazlar shakllanmoqda. Urushlar, sanksiyalar, savdo mojarolari va xavfsizlikka oid yangi tahdidlar xalqaro tizimni o‘zgartirib yubormoqda.

O‘zbekiston mustaqillikka erishganiga 35 yil bo‘ldi. Mamlakatning iqtisodiy yuksalish va tashqi ochiqlik yo‘li murakkab va ziddiyatli davrga to‘g‘ri kelmoqda. Bir qarashda atrofda xavf-xatarlar kam emas: shimolda geosiyosiy raqobat, janubda Afg‘oniston omili, sharq va g‘arbda esa turli iqtisodiy va siyosiy manfaatlar to‘qnashuvi mavjud. O‘zbekiston mana shunday murakkab muhitda muvozanatni saqlab qola olmoqda. Xo‘sh, bunga qanday erishmoqdamiz?

O‘zbekistonning geosiyosiy ahamiyati

Bugungi kunda Markaziy Osiyo muhim geosiyosiy hududlardan biri sifatida qaralmoqda. Mintaqa Sharq va G‘arbni, Shimol va Janubni bog‘lovchi strategik makonda joylashgan bo‘lib, tabiiyki, yirik davlatlar va iqtisodiy markazlarning diqqat markazida turibdi. O‘zbekiston mana shunday makonning markazida joylashgan davlatdir.

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda barcha qo‘shni davlatlar bilan chegaradosh bo‘lgan yagona mamlakat bo‘lib, bu holat unga mintaqaviy integratsiya jarayonlarida muhim o‘rin tutish imkonini beradi. Shu bilan birga, aholi soni, iqtisodiy salohiyat va transport kommunikatsiyalari nuqtai nazaridan ham mamlakat mintaqaning asosiy davlatlaridan biri hisoblanadi.

O‘zbekistonning geografik joylashuvi uni Rossiya, Xitoy, Yevropa Ittifoqi, Turkiya, AQSh va Yaqin Sharq davlatlari manfaatlari kesishgan nuqtaga aylantirgan. Shu sababli mamlakat tashqi siyosatda biror kuch markaziga ortiqcha bog‘lanib qolmasdan, barcha hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarni rivojlantirishga intilmoqda.

Geosiyosiy muvozanat siyosati

So‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi siyosatida ochiqlik va amaliy hamkorlik tamoyillari ustuvor ahamiyat kasb etdi. Mamlakat Rossiya bilan an’anaviy iqtisodiy va xavfsizlik sohalaridagi aloqalarni saqlab qolgan holda, Xitoy bilan investitsiya va infratuzilma loyihalarini kengaytirmoqda. Shu bilan birga, Yevropa davlatlari, Turkiya, Janubiy Koreya, Yaponiya hamda AQSh bilan ham munosabatlarni mustahkamlashga intilayotgani ko‘rinadi.

Bu yondashuvning asosiy maqsadi tashqi siyosiy manyovr imkoniyatlarini kengaytirish va milliy manfaatlarni himoya qilishdan iborat. Geosiyosiy muvozanat siyosati O‘zbekistonga xalqaro maydonda mustaqil qarorlar qabul qilish imkonini bermoqda.

Yangi mintaqaviy voqelik

Markaziy Osiyoda keyingi yillarda kuzatilayotgan muhim o‘zgarishlardan biri – mintaqa davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikning kuchayishidir. Ilgari mavjud bo‘lgan ayrim siyosiy va iqtisodiy kelishmovchiliklar o‘rnini muloqot va o‘zaro ishonch egallamoqda.

O‘zbekiston ushbu jarayonning asosiy tashabbuskorlaridan biri sifatida namoyon bo‘ldi. Qo‘shni davlatlar bilan chegara masalalarining hal etilishi, savdo hajmining o‘sishi, transport yo‘laklarining rivojlanishi va suv-energetika sohasidagi hamkorlik mintaqada yangi voqelikni shakllantirmoqda.

Shu bilan birga, Afg‘onistondagi vaziyat, global iqtisodiy beqarorlik, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi kabi muammolar Markaziy Osiyo davlatlaridan yanada yaqin hamkorlikni talab qilmoqda. Bu jarayonda O‘zbekiston mintaqaviy barqarorlik va iqtisodiy integratsiyani qo‘llab-quvvatlovchi muhim aktor sifatida ishtirok etmoqda.

Iqtisodiy diplomatiyaning ahamiyati

Hozirgi davrda geosiyosiy raqobat nafaqat harbiy va siyosiy sohada, balki iqtisodiy maydonda ham kechmoqda. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri iqtisodiy diplomatiya hisoblanadi.

Mamlakat xalqaro transport koridorlarini rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va tashqi savdoni diversifikatsiya qilishga katta e’tibor qaratmoqda. Trans-Afg‘on temir yo‘li, «Sharq-G‘arb» va «Shimol-Janub» transport yo‘laklari kabi loyihalar O‘zbekistonning tranzit salohiyatini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda. Garchi mazkur tashabbuslar turli geosiyosiy, moliyaviy va boshqa omillar tufayli kutilgan sur’atlarda rivojlanmayotgan bo‘lsa-da, ularning strategik ahamiyati kamaygani yo‘q. Aksincha, global iqtisodiy aloqalar qayta shakllanayotgan bir paytda ushbu transport yo‘laklari nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyoning jahon bozorlari bilan bog‘lanishida muhim o‘rin tutishi mumkin.

Mazkur loyihalarning to‘liq amalga oshirilishi nafaqat iqtisodiy, balki geosiyosiy nuqtai nazardan ham muhim ahamiyat kasb etadi. Demak, ularning ro‘yobga chiqishi faqat vaqt masalasi bilan bog‘liq, deb ayta olamiz.

Xulosa

Tarix shuni ko‘rsatadiki, o‘tish davrlari davlatlar uchun ham sinov, ham imkoniyat hisoblanadi. Kimdir o‘zgarishlar qurboniga aylansa, kimdir aynan shu o‘zgarishlar orqali yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tariladi.

Bugun O‘zbekiston ana shunday tarixiy chorrahada turibdi. Mamlakatning ko‘p vektorli diplomatiyasi, qo‘shnichilik munosabatlariga tayangan mintaqaviy siyosati va iqtisodiy ochiqlik strategiyasi unga turli geosiyosiy kuchlar o‘rtasida muvozanat saqlash imkonini bermoqda. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi ayniqsa tashqi siyosatda yaqqol ko‘rinyapti.

Yangi mintaqaviy voqelik sharoitida O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyoning muhim davlatlaridan biri, balki Yevroosiyo makonida turli manfaatlarni uyg‘unlashtirishga qodir strategik ko‘prik sifatida ham shakllanmoqda. Demak, mamlakatning kelajakdagi muvaffaqiyati aynan shu nozik geosiyosiy muvozanatni qay darajada saqlab qola olishiga ham bog‘liq bo‘ladi.

Zafar QOSIMOV



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Siyosat

Shavkat Mirziyoyev rafiqasi hamrohligida Seulga keldi (foto)

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev rafiqasi hamrohligida davlat tashrifi bilan Seul shahriga keldi.

Koreya Respublikasi Harbiy-havo kuchlarining Seuldagi aviabazasida oliy martabali mehmonlarni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari sharafiga faxriy qorovul saf tortdi, artilleriya to‘plaridan salyut berildi.

O‘zbekiston Prezidentini Bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Ku Yun Chxol hamda boshqa rasmiylar kutib oldi.

Uch kunlik tashrif doirasida Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon bilan tor doirada va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar, Milliy Assambleya Spikeri Cho Chjon Shik, Bosh vazir Xan Son Suk, Koreyaning yirik kompaniyalari va moliya institutlari rahbarlari hamda ushbu mamlakatda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbari O‘zbekiston – Koreya biznes forumining ochilishida nutq so‘zlaydi.

16 sentyabr kuni Prezident birinchi «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» sammitida ishtirok etadi.

Tashrifning siyosiy va iqtisodiy kun tartibidagi tadbirlar bilan bir vaqtda Koreya poytaxti va boshqa shaharlarida O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkaziladi.

Tashrif avvalida Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasida mehnat qilayotgan va tahsil olayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi.

Davlat rahbari yurtdoshlarimiz bilan suhbatlashib, ularning faoliyati, o‘qishi va kelajak rejalari bilan qiziqdi.

Muloqot chog‘ida mamlakatimizda kechayotgan yangilanishlar, vatandoshlarimizning orzu-intilishlari hamda tashrif doirasida bo‘lajak tadbirlarning ahamiyati haqida fikr almashildi.

Prezident ularga ish va o‘qishida muvaffaqiyatlar tilab, Koreyada egallanayotgan zamonaviy bilim, ko‘nikma va tajriba kelgusida mamlakatimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.



Source link

Continue Reading

Siyosat

O‘zbekiston Saudiya Arabistoniga qilingan hujumlarni qoraladi

Published

on


O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Yaqin Sharqdagi vaziyat yanada keskinlashayotgani, jumladan, Saudiya Arabistoni hududiga raketa va uchuvchisiz uchish apparatlari bilan hujumlar uyushtirilayotganidan chuqur xavotir bildirdi.

Vazirlik bayonotida tinch aholi, fuqarolik va energetika infratuzilmasi obyektlariga qarshi kuch ishlatish, shuningdek, mintaqa davlatlari xavfsizligi va xalqaro kema qatnoviga tahdid soluvchi har qanday harakatlar keskin qoralanishi ta’kidlangan.

O‘zbekiston tomoni xalqaro huquq normalariga, jumladan, davlatlarning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qilish tamoyillariga qat’iy rioya etish zarurligini qayd etdi.

Shuningdek, mavjud kelishmovchiliklarni faqat siyosiy-diplomatik vositalar, muloqot va o‘zaro hurmat asosida hal etish lozimligi bildirildi.

O‘zbekiston BMT va mintaqa davlatlarining Yaqin Sharqda keskinlikni yumshatish, mojaroning yanada kengayishiga yo‘l qo‘ymaslik va barqaror tinchlik o‘rnatishga qaratilgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.



Source link

Continue Reading

Siyosat

Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Koreya Respublikasida bo‘ladi

Published

on


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myonning taklifiga binoan 13-16 sentyabr kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.

Davlatimiz rahbari Seul shahrida Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon bilan tor doirada va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar, Milliy Assambleya Spikeri Cho Chjon Shik, Bosh vazir Xan Son Suk, Koreyaning yirik kompaniyalari va moliya institutlari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi.

O‘zbekiston bilan Koreya o‘rtasidagi alohida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va kengaytirish, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida kooperatsiyani chuqurlashtirish hamda madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Prezidentimiz birinchi “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitida ham ishtirok etadi. Unda savdo, investitsiyalar, infratuzilma, raqamli transformatsiya, ilm-fan, texnologiyalar va boshqa ko‘plab sohalardagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilinadi.

Tadbir yakunlari bo‘yicha Seul deklaratsiyasi qabul qilinishi rejalashtirilgan.



Source link

Continue Reading

Siyosat

Shavkat Mirziyoyev Nikol Pashinyan bilan muloqot o‘tkazdi: tafsilotlar

Published

on


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-sentyabr kuni Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan telefon orqali muloqot qildi.

O‘zbekiston – Armaniston munosabatlarini, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot va investitsiya sohalarida yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Shu ma’noda, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha yangi qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish dolzarb ekani alohida qayd etildi.

Davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mintaqalarini bog‘laydigan logistika va transport yo‘laklarini rivojlantirish orqali o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.

Prezidentimiz mintaqaviy barqarorlik va izchil taraqqiyot uchun mustahkam asos bo‘ladigan Tinchlik shartnomasini tez fursatda imzolash borasidagi sa’y-harakatlarni yuksak baholadi.

Ikki va ko‘p tomonlama, shu jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi doirasidagi tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqildi.



Source link

Continue Reading

Siyosat

Prezidentning Toshkent shahri bo‘yicha yig‘ilishi boshlandi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya va bandlikni oshirish, mahallalarda zamonaviy infratuzilma yaratish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

​Yig‘ilish avvalida bugungi murakkab sharoitda har bir tuman va mahallaning mavjud imkoniyatlarini to‘liq ishga solish, qo‘shimcha qiymat, investitsiya va yuqori daromadli ish o‘rinlarini ko‘paytirishga yangicha yondashish zarurligi ta’kidlandi.

​Poytaxt tumanlarining har biri o‘z salohiyatidan kelib chiqib, aniq yo‘nalishlarga ixtisoslashishi lozimligi qayd etildi.

​Xususan, Sergeli, Yangihayot va Bektemir tumanlarida Toshkentga kirib kelayotgan yuklarni saralash, qadoqlash, taqsimlash va yetkazib berishga ixtisoslashgan yirik logistika majmualarini tashkil etish uchun katta imkoniyat bor.

​Shayxontohur, Mirzo Ulug‘bek, Mirobod, Yunusobod va Yakkasaroy tumanlarida zamonaviy biznes va moliyaviy markazlarni ko‘paytirish orqali 2 milliard dollarlik kapital bozorini shakllantirish hamda 20-25 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish mumkinligi ta’kidlandi.

​Olmazor, Chilonzor va Uchtepada esa ta’lim, tibbiyot, savdo va servis sohalarida kamida 1 milliard dollar investitsiya jalb qilish, 15-20 mingta ish o‘rni yaratish salohiyati mavjud.

Yig‘ilishda Toshkent shahrida investorlar bilan ishlash tizimi samaradorligi ham ko‘rib chiqildi.

​Joriy yilda poytaxtning 12 ta tumani bo‘yicha 9 milliard dollar investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan. Biroq ayrim hududlarda belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish uchun ishlarni yanada jadallashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

​Investorlarning masalalarini idorama-idora yurmasdan, bevosita joyida hal qilish uchun alohida ish tizimi joriy etilishi belgilandi. Respublika va shahar darajasidagi mas’ullar har hafta tumanlarga chiqib, tadbirkor va investorlar bilan uchrashib, ularning muammolarini tezkor hal qiladi.

​Yuqori darajada yechim talab qiladigan masalalar bo‘yicha shu kunning o‘zida asoslangan takliflar tayyorlanib, Prezident Administratsiyasiga kiritiladi. Mazkur tartib yil oxiriga qadar alohida nazoratda ishlaydi.

​Kelgusi yilda poytaxtga 10 milliard dollar investitsiya jalb qilish hamda 150-200 mingta yuqori daromadli doimiy ish o‘rni yaratish bo‘yicha aniq reja ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.