Jamiyat
Dubayga olib ketilayotgan qariyb 2 kg oltin to‘xtatib qolindi
“Toshkent–Dubay” yo‘nalishida uchmoqchi bo‘lgan shaxs qariyb 2 kg oltin quymalarini chamadonning ichki tayanch qismiga yashirib olib o‘tishga urindi.
Katta miqdordagi oltin quymalarning mamlakatdan noqonuniy olib ketilishiga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 46 yoshli shaxs Toshkent–Dubay yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilishni rejalashtirgan. Uning yuklari tekshiruvdan o‘tkazilganda, chamadoni ichidan 1 kg 923 gramm oltin quymalari topilgan.
Ushbu noqonuniy ishga 1992 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan shaxsning ham aloqadorligi aniqlangan.
Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan.
Avvalroq Farg‘onada noqonuniy ravishda olib chiqilishi rejalashtirilgan oltin musodara qilingandi.
Jamiyat
Kimlar qurbonlik qiladi? Uning hukm va odoblari
Kun.uz O‘zbekiston musulmonlari idorasi ma’lumotlariga tayanib, qurbonlik va uning hukmlari doir muhim ma’lumotlarni jamladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining axborotiga ko‘ra, yurtimizda 2026 yilda muborak Qurbon hayiti 27 may sanasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Nomidan ham ko‘rinib turibdiki, ushbu ulug‘ ayyomda musulmonlar qurbonlik qilishi bilan ajralib turadi. Kun.uz O‘zbekiston musulmonlari idorasi ma’lumotlariga tayanib, qurbonlik, uning hukmlari va odoblariga doir ma’lumotlarni taqdim qilmoqda.
Qurbonlik qanday amal?
Qurbonlik lug‘atda «yaqinlashmoq», «yaqin bo‘lmoq» ma’nolarini bildirib, istilohda bu so‘z Allohga qurbat hosil qilish maqsadida jonliq so‘yishni anglatadi.
Qurbonlik Islom dinining vojib bo‘lgan ulug‘ amallaridan biridir. Alloh taolo Qur’oni karimning Kavsar surasi 2-oyatida shunday marhamat qiladi: «Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling».
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam Qurbon hayiti kuni erta bilan o‘zlari qurbonlik qilardi va boshqalarni ham qurbonlik qilishga targ‘ib etardi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Imkoniyati bo‘la turib, qurbonlik qilmagan kimsa namozgohimizga yaqinlashmasin», degan.
Qurbonlikning tarixi
Qurbonlik hijriy ikkinchi yil vojib bo‘lgan. Ammo uning tarixi ancha uzoqlarga – Ibrohim alayhissalom zamonlariga borib taqaladi va u zotdan bizga qolgan amallardandir. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qurbonlik qilinglar! Albatta, u otamiz Ibrohim alayhissalomning sunnatlaridir», degan.
Qurbonlikdan maqsad nima?
Qurbonlik qilishdan maqsad banda o‘zining Alloh amriga itoatini, taqvosini namoyon etishdir. Alloh taolo banda so‘ygan hayvonning go‘shtiga ham, qoniga ham muhtoj emas. Haj surasining 37-oyatida shunday deyiladi: «Allohga (qurbonlik) go‘shtlari ham, qonlari ham yetib bormas. Lekin u Zotga sizlardan taqvo yetar. Alloh sizlarni hidoyat qilgani sababli – U zotni ulug‘lashlaringiz uchun – ularni sizlarga bo‘ysundirib qo‘ydi. Ezgu ish qiluvchilarga xushxabar bering!».
Shuningdek, qurbonlik qilish Alloh taoloning amrini ado etishga bandaning tayyor ekanini ko‘rsatadi va to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilgani uchun Alloh taologa shukr etish bo‘ladi.
Qurbonlik kimlarga vojib?
Qurbonlik zimmaga vojib bo‘lishi uchun 4 narsa topilishi shart.
Musulmon bo‘lishi. Chunki qurbonlik – bandani Alloh taologa yaqin qiluvchi ibodat bo‘lib, g‘ayridinlar unga ahl emas;
Ozod bo‘lish. Chunki qulning mulki bo‘lmaydi;
Nisob egasi bo‘lish;
Muqim bo‘lish – musofirga qurbonlik vojib emas. Garchi safarda nisob miqdoriga ega bo‘lsa ham.
Qurbonlik qilinadigan hayvonlar
Qurbonlik quyidagi hayvonlardan birini so‘yish bilan ado topadi:
Qo‘yda yolg‘iz bir kishi, qoramol va tuyada esa bir kishidan yetti kishigacha sherik bo‘lib ado qilishlari mumkin. Qo‘y olti oylik va undan katta bo‘lishi shart. Qoramol ikki yosh va undan katta bo‘lishi shart, tuya besh yosh va undan katta bo‘lishi shart.
Shu bilan birga, qurbonlikka so‘yiladigan hayvon semiz, yo‘g‘on va yoshi katta bo‘lishi afzal sanaladi. Qurbonlikka yaramaydigan aybi yoki nuqsoni bor hayvonlarni so‘yishdan ehtiyot bo‘lish lozim.
Qurbonlik qilinadigan hayvon aybdan holi bo‘lishi lozim. Qurbonlik qilinadigan hayvonning qulog‘i, yoki dumi, yoki ko‘zining bir qismidan ko‘prog‘i yo‘q bo‘lsa, qurbonlikka so‘yish joiz emas.
Kasal, cho‘loq va ozg‘in hayvonlar so‘yadigan joyga o‘z oyog‘i bilan yurib bora olmasa, qurbonlikka so‘yish joiz emas.
Qurbonlik qilish vaqti
Qurbonlik qilish vaqti — Xayit namozi o‘qib bo‘lingandan keyin boshlanadi. Hayitning uchinchi kuni quyosh botishi bilan tugaydi.
Qurbonlikning qiymatini sadaqa qilish mumkinmi?
Qurbonlik talab etilgan jonliqlardan birini so‘yish orqali ado etiladi. Jonliqni so‘ymay, jonliqni yoki uning miqdoriga teng mablag‘ni berish qurbonlik hisoblanmaydi. Balki sadaqa hisoblanadi. Alouddin Kosoniy rohmatullohi alayh bunday deydi: «Bir kishi qurbonlik kunlarida qo‘yning o‘zini yoki qiymatini sadaqa qilsa, qurbonlik o‘rniga o‘tmaydi. Chunki qurbonlikning vojibligi qon oqizishga bog‘liqdir».
Qurbonlik odoblari
Qurbonlik qilish vojib bo‘lgan kishi quyidagi odoblarga rioya qilishi lozim:
Birinchidan – Qurbonlik qiluvchi shaxs niyati to‘g‘ri, amalini xolis Alloh taolo uchun qilgan bo‘lishi lozimdir. Boshqalar «ko‘rsin» yoki «eshitsin», degan niyatdan yiroq bo‘ladi.
Ikkinchi odob – qurbonlik qiluvchi soch, soqoliga va badaniga hech narsa tekkizmasligi. Qurbonlik qilishni iroda qilgan kishi zulhijja oyining birinchi kunidan boshlab, to hayit kuni qurbonlikni bajargunga qadar soch-soqolini olmaydi va badanining boshqa joylariga ham tig‘ tekkizmasligi mustahabdir.
Uchinchi odob – qurbonlik qilishda ayb va nuqsoni bor hayvonni qurbonlik qilishdan saqlanish.
To‘rtinchi odob – qurbonlikni o‘z qo‘li bilan qilish. Qurbonlik qiluvchi o‘z qo‘li bilan so‘yishi mustahabdir. Ammo o‘zi so‘yishni bilmasa yoki boshqa sabablarga ko‘ra o‘zi so‘ymasdan, boshqaga so‘ydirishning zarari yo‘q.
Beshinchi odob – qurbonlikning vaqtini rioya qilish.
Oltinchi odob — so‘yish odoblariga rioya qilish.
Hayvonlarni so‘yishning o‘ziga xos odoblari, mustahablari bordir. Tuyani tik turgan holida oldingi chap oyog‘ini bog‘lab, bo‘ynining pastidan, ko‘kragi tomondan so‘yish, qoramol va qo‘ylarni esa chap tomoni bilan yotqizib, tomog‘ining tagidan so‘yish, pichoqning o‘tkir bo‘lishi, uni so‘yiladigan hayvonning oldida o‘tkirlamaslik, boshqa hayvonning ko‘z oldida so‘ymaslik shular jumlasidandir.
Jamiyat
Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi tashkil etiladi
Prezident farmoni bilan oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi sohasida yagona davlat boshqaruvi joriy etildi.
«Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohalarida yagona davlat boshqaruvi va nazorat tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar quyidagilar:
sohaga mas’ul idoralarning bir-birini takrorlovchi funksiyalarini maqbullashtirish orqali yagona davlat boshqaruvini tashkil etish;
«daladan dasturxongacha» tamoyili asosida xavf tahliliga asoslangan nazorat tizimini joriy etish;
amaldagi sanitariya qoidalarini Alimentarius kodeksi standartlari, Butunjahon hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish tashkiloti (WOAH), O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha xalqaro konvensiya (IPPC) talablariga muvofiqlashtirish.
Farmonga muvofiq, quyidagilar tashkil etiladi:
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi negizida Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi;
Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi.
2027 yil 1 yanvardan xususiy sektorga bosqichma-bosqich o‘tkaziladigan (turlari kengaytiriladigan) oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash sohasidagi funksiyalar ro‘yxati tasdiqlandi.
Shuningdek, Qo‘mita huzurida Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi instituti tashkil etiladi.
Qarorga muvofiq, tadbirkorlarning yukini ko‘rik uchun yo‘naltiriladigan omborlarda saqlash xarajatlari 60 mlrd so‘mgacha qisqartiriladi.
Olib kirilayotgan fitosanitar xavf darajasi o‘rta tovarlar nazoratiga vaqt sarfi o‘rtacha 3 ish kunidan 1 ish kuniga qisqartiriladi.
2026 yil 1 avgustdan karantindagi mahsulotlar fitosanitariya nazoratini amalga oshirishda xavflarni boshqarishga asoslangan tanlab olishning avtomatlashtirilgan mexanizmi joriy qilinadi.
Xavflarni boshqarish tizimi «E-Fitouz» elektron portalida shakllantiriladi hamda Bojxona qo‘mitasining «Yagona darcha» BAT bilan integratsiya qilinadi.
Shuningdek, 2026 yil avgustdan sinov tariqasida meva-sabzavotlarga ixtisoslashgan ayrim tumanlarda mahsulotlarni yetishtirishdan eksportgacha fitosanitar nazoratni amalga oshirishda jamoatchi inspektor faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
2029 yil 1 yanvardan meva-sabzavot mahsulotlarining eksporti faqat agrologistika markazlari orqali amalga oshiriladi.
Jamiyat
Qo‘riqlash xizmatiga ma’muriy huquqbuzarliklarni rasmiylashtirish vakolati berildi
Endi jamoat joylarida tamaki va alkogol mahsulotini iste’mol qilish, belgilanmagan joylarga chiqindilarni tashlash va to‘kish, mayda bezorilik kabi ishlar Qo‘riqlash xizmati mansabdorlari tomonidan ham ko‘rib chiqiladi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Unga ko‘ra, ba’zi ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlar ichki ishlar organlari huzuridagi Qo‘riqlash xizmati boshlig‘i va o‘rinbosarlari tomonidan ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi.
Jumladan:
– jamoat joylarida tamaki va alkogol mahsulotini iste’mol qilish;
– belgilanmagan joylarga chiqindilarni tashlash va to‘kish;
– voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish;
– maishiy shovqinga qarshi kurash talablarini buzish;
– oz miqdorda talon-toroj qilish;
– mayda bezorilik;
– diniy materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish;
– quroldan belgilangan tartibni buzgan holda foydalanish;
– sovuq qurolni olib olib yurish;
– voyaga yetmagan shaxsni ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishga jalb qilish va boshqalar.
Jamiyat
Farg‘onada voyaga yetmagan shaxs Malibu’da uchta bolani urib ketdi. Ulardan biri vafot etdi
20 may kuni Qo‘qon shahrida voyaga yetmagan shaxs Malibu avtomobilini boshqarib, piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan 3 nafar qizni (ularning barchasi 10 yoshda) urib ketgan. Jabrlanuvchilardan biri shifoxonada vafot etgan. IIB xabarida qolgan ikki qizning holatiga aniqlik kiritilmagan.
Foto: Farg‘ona viloyati IIB
Farg‘onada inson o‘limi bilan bog‘liq YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, YTH 20 may kuni Qo‘qon shahrida sodir bo‘lgan. Voyaga yetmagan Z.A. Malibu mashinasini boshqarib ketayotib, piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan 2016 yilda tug‘ilgan 3 nafar qizni urib yuborgan.
Oqibatda voyaga yetmagan M.K. olgan tan jarohatlari tufayli shifoxonada vafot etgan.
Holat yuzasidan voyaga yetmagan Z.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. U protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Avvalroq Toshkentda maktab o‘quvchisi YTH sodir etgandi.
Jamiyat
Toshkentda o‘qituvchi o‘quvchini kaltakladi
Tarmoqlarda videosi tarqalayotgan voqea 19 may kuni Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 275-maktabda ro‘y bergan. IIBBga ko‘ra, 9-sinf o‘quvchisi o‘qituvchining ko‘rsatmalarini bajarmay, darsga xalal bergan. Kaltaklangan bola jarohat bilan shifoxonaga murojaat qilgan. O‘qituvchiga nisbatan jinoyat ishi ochildi.
Tarmoqlarda tarqalgan videodan kadrlar
Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 275-maktabda o‘qituvchi 9-sinf o‘quvchisini kaltakladi. 19 may kungi voqea videosi internetda tarqalmoqda.
Poytaxt IIBB xabariga ko‘ra, 2010 yilda tug‘ilgan R.R. va shu maktab o‘qituvchisi 2002 yilda tug‘ilgan Z.O. tortishib qolib, o‘zaro janjallashib ketgan.
“O‘quvchi dars jarayonida o‘qituvchi tomonidan berilgan ko‘rsatmani bajarmasdan, dars mashg‘ulotlari o‘tkazilishiga xalaqit bergan. Janjal vaqtida o‘qituvchi o‘quvchiga tan jarohati yetkazgan. Natijada jabrlanuvchi tibbiy yordam uchun shifoxonaga murojaat qilgan”, – deyiladi xabarda.
Holat yuzasidan o‘qituvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 105-moddasi (“Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov boshlangan.
-
Jamiyat4 days agoO‘zbekistonga qaytarilgan noyob tarixiy buyumlar ilk bor ilmiy jamoatchilik e’tiboriga havola etildi
-
Jamiyat5 days ago“2 kishiga 165 mln so‘m” – Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh qilindi
-
Dunyodan5 days agoYaponiya atom elektr stansiyasida radioaktiv zarrachalar bilan bug ‘chiqishi kuzatildi
-
Jamiyat4 days agoAfg‘onistondan olib kelingan qariyb 600 kg narkotik modda to‘xtatib qolindi
-
Siyosat3 days agoOʻzbekiston urbanizatsiya darajasini 2040-yilga borib 65 foizga yetkazishni maqsad qilgan – Prezident Mirziyoyev
-
Jamiyat3 days ago
Bugun O‘zbekistonda quruq va juda issiq ob-havo kutilmoqda
-
Siyosat4 days ago
Prezident Bokuga yetib keldi
-
Jamiyat4 days agoJizzaxdagi savdo majmuasida yong‘in sodir bo‘ldi
