Jamiyat
Chirchiqda tug‘ilgan siam egizaklariga shifoxonadan uyiga javob berildi
Avgust oyida o‘zbek shifokorlari siam egizaklarini ajratishdek murakkab operatsiyaga qo‘l urib, uni muvaffaqiyatli yakunlashgan. Shundan keyin bir yarim oy shifoxonada qolgan chaqaloqlar hozirda uyiga qaytgan. Kun.uz muxbiri Ohangaronda bo‘lib, Fotima va Zuhraning holidan xabar oldi, ularni ajratgan professor Baxtiyor Ergashev bilan suhbatlashdi.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
25 avgust kuni professor Baxtiyor Ergashev boshchiligidagi shifokorlar noyob operatsiya o‘tkazdi. Ular Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Toshkent viloyati filialida muddatidan oldin tug‘ilgan siam egizaklarini muvaffaqiyatli ajratib olishdi.
9 oktyabr kuni Kun.uz muxbiri 1,5 oy shifoxonada bo‘lib uyiga qaytgan egizaklar holidan xabar oldi. Guvohi bo‘ldikki, qizaloqlarning holati yaxshi. Ular og‘iz orqali ham ovqatlana boshlashgan va asta-sekin vazn to‘plashyapti.
Egizaklarning onasi O‘g‘iloy Abdusamadovaning aytishicha, homilaning 20-22 haftaligida Olmaliqda skrining tekshiruvlaridan o‘tgan. Unda shifokorlar qorin bo‘shlig‘ida nimadir bo‘rtib turganini aytib, Toshkent shahrida qayta ko‘rikdan o‘tishni tavsiya qilgan.
“Keyin 23-24 haftaligida Toshkentga skriningga bordim. O‘sha paytda siam egizaklar ekanini bildim. To‘g‘risi, men shokka tushib qoldim.
Keyin Odil Alisherovichga (Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Toshkent viloyati filiali shifokori – tahr.) bordik. U farzandlaringiz ichaklari bir-biri bilan birlashgan, dedi. Siam egizaklarining ko‘p turlari yashamas ekan, yashamaydi deb ham aytishdi. To‘g‘risi, men boshqacha holatda edim. Kutdim ularni. Operatsiyadan yaxshi chiqdi. Oldirib tashla, deganlar ham bo‘ldi. Lekin katta bo‘lib qolgani uchun ko‘zim qiymadi”, – deydi Abdusamadova.
Egizaklarning otasi Farrux Abdusamadov ham ayrim shifokorlarning gaplariga qaramasdan, bolalarni saqlab qolishga intilgan.
“Odil Alisherovich Baxtiyor Berdaliyevichni tavsiya qildi. Baxtiyor akani bizga Xudoning o‘zi yetkazdi. Baxtiyor aka bilan uchraganimizda: “Avvalambor, buyog‘i Xudodan, lekin qilamiz, bundan oldin ham shunday operatsiyani qilganman”, dedi.
Tug‘ruq kuni Toshkentdagi shifoxonalarga olib borishning imkoni bo‘lmadi: Baxtiyor aka 3-4 ta shifoxonaga o‘zi telefon qildi, chaqaloqlarni hech kim olishni xohlamadi. Keyin shu yerda o‘sha Chirchiqning direktori Doniyor aka (Doniyor Asadov – Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Toshkent viloyati filiali direktori – tahr.): “Bizda qiling, nima sharoit kerak bo‘lsa, qilib beramiz”, dedi va bizga sharoitlarni yaratib berdi”, – deydi ota.
25 avgust kuni ertalab egizaklar homiladorlikning 33-34 haftasida kesarcha kesish yo‘li bilan olinadi. Oradan 9 soat o‘tib, ular muvaffaqiyatli ajratiladi. Abdusamadovning so‘zlariga ko‘ra, hozir egizaklarning ahvoli yaxshi, kesilgan joylari bityapti.
“O‘zbekistonda Baxtiyor akaga o‘xshagan doktorlar ko‘payaversin. Chirchiqdagi doktorlarga gap yo‘q. Chunki o‘zimizda to‘polon bo‘ldi-da. Bu bolani oldirib tashla, degan doktorlar ham bo‘ldi. “Bugun qoladi, olib tashlaymiz”, deyishdi. Qanday olib tashlaysiz, bu bolaning yuragi urib turgan bo‘lsa? To‘rt muchasi sog‘. Rostini aytsam, yuragim dosh bermadi. Oldirmaymiz deb qarshilik qildik”, – deydi u.
Abdusamadovlarning egizaklardan tashqari 1,5 yoshli qiz farzandi ham bor. U o‘z muddatida, sog‘lom tug‘ilgan. Shu tariqa, oila endi uch nafar qiz farzandni ulg‘aytirmoqda.
O‘zbekistonda birinchisi emas
Tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor Ergashevning aytishicha, Chirchiqdagi siam egizaklari operatsiyasi O‘zbekistonda yagona emas.
Jarrohning so‘zlariga ko‘ra, birinchi operatsiya 2008 yilda Xirurgiya ilmiy-amaliy markazida rossiyalik mutaxassislar ishtirokida o‘tgan. Ammo jarrohlik amaliyotidan ko‘p o‘tmay, xorazmlik Hasan-Husanlardan biri vafot etgan. Navbatdagi operatsiya 2022 yil Respublika perinatal markazida qirg‘izistonlik siam egizaklarida olib borilgan. Qiz egizaklar 7 oylik muddatda bitta jigar bilan tug‘ilgan. A’zo muvaffaqiyatli ajratilgan bo‘lsa-da, egizaklarning Zuhrasi 2023 yilda shamollab, mahalliy shifoxonada hayotdan ko‘z yumgan. Fotima esa ayni paytda 3 yoshdan o‘tgan, u sog‘lom, Ergashev qabuliga kelib turadi.
“Mana bu uchinchi holat, bizning Respublika perinatal markaziga murojaat qilishdi. Unda siam egizaklarining omfalopag turini ko‘rdik: ichaklar bir-biriga yopishib turgan edi. Ota-onasiga o‘zimning fikrimni aytdim, ya’ni ajratish imkoni bor, lekin har qanday holat bo‘lishi mumkin. O‘lim holati ham. Ular uyida maslahatlashib, bolalarni saqlab qolishga qaror qilishdi.
Bizning markazimiz sanitar tozalash uchun vaqtinchalik yopilgan edi, o‘shanda homilaning 34 haftaligida ayolda suv ketib qolishi kuzatilgan va ular menga telefon qilishdi. Men hozir bizlar yopiqmiz, Chirchiq shahriga murojaat qiling, deb aytdim.
Ular u yerga borganidan keyin markaz direktori Doniyor Alisherovich menga telefon qilib, homilador ayolda haqiqatda suv ketayotgani va bolalarni kesarcha yo‘li bilan olish zarurligini aytdi. Shu kuni 25 avgust edi. Shuni hal qilinglar, men o‘zim boraman, dedim. Soat 10:00 larda operatsiyani amalga oshirishdi va men yetib bordim. Bolalarni tekshirganimda ahvoli og‘ir edi. Nafas yetishmovchilik belgilari borligi uchun ularni SIPAPga olishgandi. Bolalarni boshqa shifoxonaga o‘tkazish imkoniyati yo‘q edi”, – deydi Baxtiyor Ergashev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yo‘g‘on ichak ham, siydik qopi ham birligi murakkab holatni keltirib chiqargan.
“Yo‘g‘on ichak yana siydik qopining ichiga ochilgan, juda ham murakkab holat. Biz barchasini bartaraf etdik, shu qon tomirlarini qoldirib, operatsiyani muvaffaqiyatli tamomladik. U 5 soat davom etdi. Men o‘zim har kuni yoki kunora bemorlardan xabar olib turdim. Asta-sekin bolalar holati barqarorlashib, ular ovqatlanishga o‘tdi. Boshida zond orqali, keyin mustaqil ravishda. Bolalarning tug‘ilgandagi umumiy vazni 3 400 gramm edi. Hozirga kelib har birining vazni 2 800 grammni tashkil qiladi. Bolalarning ahvoli yaxshi”, – deydi shifokor.
Professorning ma’lum qilishicha, bolalar 6 oylik yoki 1 yoshga yetganda hayot sifatini yaxshilash uchun yana bir jarrohlik amaliyotini o‘tkazadi.
“Bunda anorektal anomaliyani bir paytning o‘zida operatsiya qilish bolalarga juda og‘irlik qiladi. Shuning uchun biz bu operatsiyani keyingi bosqichga qoldirdik”, – deydi u.
Baxtiyor Ergashevning so‘zlariga ko‘ra, qizaloqlar jamiyatning to‘laqonli a’zosiga aylanib keta olishadi, chunki ulardagi mavjud nuqsonlarni butunlay korreksiya qilish mumkin.
Professor siam egizaklari vujudga kelishiga sabab bo‘ladigan omillarni sanab berdi.
Unga ko‘ra, yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh, ekologiya, viruslar, TORCh infeksiyalar, homiladorlikning ilk haftalaridagi stress holatlari oqibatida homiladorlikning birinchi uch oyligida hujayralarning bo‘linish davri buzilishi mumkin.
Shifokor olmaliqlik siam egizaklarining avlodida egizaklar ko‘pligi, xususan ularning buvisi ham egizak bo‘lganini aytadi.
Homiladorlikka alohida tayyorgarlik kerak
Farzand ko‘rish niyatidagi oilalar tug‘ilajak farzandning salomatligi haqida ayol hali homilador bo‘lmagan paytdanoq o‘ylay boshlashi kerak, deydi Baxtiyor Ergashev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, foliy kislotasi, yod preparatlari va “Elevit” kabi vitaminlar majmuasi homiladorlikka tayyorgarlik bosqichidayoq foydali bo‘lishi mumkin. “Men doimo aytaman, homilador ayol umuman boshqa ayol”, deydi Ergashev.
Tug‘ma nuqson – nogironlik emas
Baxtiyor Ergashev suhbat davomida tug‘ma nuqsonlar haqida gapirdi.
“Yevropada ham, boshqa rivojlangan davlatlarda ham bolalar jarrohligining asosida tug‘ma nuqsonlar operatsiyasi yotadi. Tug‘ma nuqson degani bu bola nogiron degani emas. Tug‘ma nuqsonlarning bor-yo‘g‘i 10 foizi bor, o‘shalar bolani nogironlikka olib kelishi mumkin. Qolgan 90 foizi o‘z vaqtida operatsiya qilinsa, ular jamiyatning to‘laqonli a’zosi bo‘ladi.
Butun dunyoda bolalar jarrohligida o‘tkazilayotgan operatsiyalarning deyarli 80 foizi tug‘ma nuqsonlardan amalga oshiriladi. 20 foizi bu orttirilgan bo‘lishi mumkin”, – deydi tibbiyot fanlari doktori.
Ergashevning qayd etishicha, agar homilada anensefaliya (bosh miya yo‘qligi), Potter sindromi (buyraklar mavjud emasligi) kabi fatal nuqsonlar bo‘lsa, ularni operatsiya qilib tuzatib bo‘lmaydi. Bunday holatlar homilaning 23-haftasigacha aniqlanib, to‘xtatilishi kerak.
Bu muddatdan o‘tib ketsa, farzand tug‘ma nuqsonlar bilan tug‘ilishi mumkin. “Bunday holatlarda oxirgi qarorni ota-ona qabul qiladi. Bizning haqqimiz yo‘q uni majburlab oldirib tashlashga. Ayrim bolalarni operatsiya qilish imkoni bor, lekin operatsiyadan keyin uzoq davrlik reabilitatsiya talab etiladi. Yoki butun umrga nogiron bo‘lishi mumkin. Ba’zi holatlarda qanaqa nuqson bo‘lsa ham, “oldirib tashla, oldirib tashla”, deydiganlar bor. Men bunga qarshiman. Har bitta holatga individual yondashish kerak”, – deydi shifokor.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda uchragan bir holatda homilaning 28 haftaligida Daun sindromi topilgan.
“Aslida bu juda kech, 23 haftagacha bu kabi nuqsonlarni aniqlash kerak. 28 haftada aniqladik. U tirik-ku, to‘xtatib qo‘ymaysiz, bu jinoyat. Endi u tug‘ilishi kerak. Nima uchun skrining tekshiruvlarida erta aniqlanmagan, degan savolni qo‘yish kerak”, – deydi Baxtiyor Ergashev.
Professor siam egizaklarga xavf sifatida qaramaslikni tushuntirdi. Shunday chaqaloqlar tug‘ilsa, ularni operatsiya qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish va skrining tekshiruvlarini yaxshi yo‘lga qo‘yish kerak, deydi u.
Shahzod O‘roqboyev suhbatlashdi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat5 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Iqtisodiyot4 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Iqtisodiyot4 days agoPrezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
-
Siyosat18 hours ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Sport3 hours ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
