Iqtisodiyot
Quvasoydagi korxona 25 mln dollarlik mahsulotni tashqi bozorga chiqaradi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida «Quva Agrostar» korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida mahsulotni yetishtiribgina qolmay, yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish, qayta ishlash va eksportga yo‘naltirish hajmlarini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda «Uzagrostar xolding» kompaniyasi tashkil etilib, uning ta’sischiligida 21 ta tumanda ixtisoslashtirilgan agrar majmualar ish boshladi.
Sohadagi asosiy muammolardan biri ishlab chiqarish zanjirining tarqoqligi edi. Dehqon mahsulot yetishtirar, ammo uni saqlash, saralash, qadoqlash va tashqi bozorga chiqarish imkoniyati cheklangan edi. Ixtisoslashgan agrokomplekslar esa aynan shu bo‘shliqni to‘ldirmoqda.
Ulardan biri «Quva Agrostar» korxonasi. Quva tumanida joylashgan majmua yiliga 12 turdagi 5 ming tonna mahsulotni yetishtirishdan tortib, saqlash, qayta ishlash, qadoqlash va eksportgacha bo‘lgan jarayonlarni yagona zanjirda birlashtirgan.
Korxonaning Italiya, Ispaniya, Germaniya va Xitoydan keltirilgan zamonaviy texnologiyalari va Global GAP, ISO 22000, Halal va HACCP kabi xalqaro sertifikatlari mahsulot sifati va milliy brendga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Tizimli yondashuv natijasida 2025-yilda ilk bor Yaponiya va Janubiy Koreya kabi talabchan bozorlarga aviatransport orqali mahsulot eksport qilindi. Joriy yilda 25 million dollarlik mahsulotni tashqi bozorga yetkazish rejalashtirilgan.
Tumandagi 33 ta mahalladan 3 mingta xonadon va 1 mingta dehqon xo‘jaligi bilan kooperatsiya aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Odamlarga 10 sotix tomorqadan 250 million so‘mgacha daromad olish amaliyoti o‘rgatilmoqda.
Shu yerning o‘zida aholiga tomorqadan samarali foydalanishni o‘rgatish va mahallalarni chuqur ixtisoslashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdimot qilindi.
Tomorqa shunchaki qo‘shimcha daromad manbai emas, balki oilaviy tadbirkorlikning samarali yo‘nalishiga aylanishi muhim ekani ta’kidlandi. Aholiga urug‘ tanlash, agrotexnik tadbirlarni to‘g‘ri bajarish, sifatli hosil olish, mahsulotni bozor talabiga mos holda tayyorlash va eksport standartlariga muvofiq qadoqlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar berish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Davlatimiz rahbari «Quva Agrostar» erishgan natijalarni yuqori baholab, yerdan samarali foydalanish, mahsulotni chuqur qayta ishlash va eksportga yo‘naltirish orqali yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish, eng muhimi, dehqon va tomorqa egalari daromadini sezilarli darajada oshirish muhim ekanini ta’kidladi. Shu maqsadda Farg‘ona viloyatida 50 ming gektar yer maydonida tajriba tariqasida ilg‘or agrotexnologiyalarga asoslangan qishloq xo‘jaligi tizimi joriy etilishi belgilandi.
Iqtisodiyot
Dollar va yevro kursi birdan ko‘tarildi
Markaziy bank 2026-yil 28-apreldan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 52,48 so‘mga oshib, 12 072,96 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 128,95 so‘mga oshdi va 14 177,28 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 16 360,07 so‘m bo‘ldi (+152,86).
Rossiya rubli 161,17 so‘m etib belgilandi (+2,40).
Iqtisodiyot
Raqobat qo‘mitasi tezkor «arbitraj» tizimini yaratishni taklif qilmoqda
Elektron tijoratda shikoyatlar soni ortib bormoqda. Raqobat qo‘mitasi vaziyatni tahlil qilib, nizolarni tezkor hal etish uchun yangi mexanizmni taklif qildi.
O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyot rivoji bilan elektron tijorat jadal kengayib, onlayn xaridlar aholi hayotining muhim qismiga aylandi. Shu bilan birga, iste’molchilar va tadbirkorlar o‘rtasidagi munosabatlarda turli nizolar ham ko‘paymoqda.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yil birinchi choragi yakuniga ko‘ra, elektron tijorat platformalari bo‘yicha 111 ta sub’yektga nisbatan jami 1 657 ta murojaat kelib tushgan. Ularning asosiy qismi tovar sifati — 602 ta holat (36,3 foiz), to‘lov munosabatlari — 278 ta (16,8 foiz) va yetkazib berish jarayonlari — 188 ta (11,3 foiz) bilan bog‘liq.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish natijasida 983 ta yoki 60 foizi ijobiy hal etilgan. Shuningdek, iste’molchilar foydasiga 350 mln so‘mga yaqin mahsulotlar almashtirilgan yoki qayta hisob-kitob qilingan.
Tahlillarga ko‘ra, shikoyatlarning katta qismi bozor yetakchilari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Xususan, Uzum Market bo‘yicha 490 ta murojaat qayd etilgan bo‘lib, asosiy muammolar tovar sifati va yetkazib berish bilan bog‘liq. Uzum Nasiya bo‘yicha 391 ta, Alif xizmatlari bo‘yicha 52 ta murojaat moliyaviy hisob-kitoblar va qarzdorlik masalalari bilan bog‘liq ekani aniqlangan.
Ijtimoiy tarmoqlarda rasmiy murojaatlar kamroq bo‘lsa-da, bu segmentda firibgarlik va qaytarib bo‘lmaydigan to‘lovlar xavfi yuqori ekani qayd etilmoqda. Ayniqsa, tovarning tavsifga mos kelmasligi, to‘lov shaffofligi va logistikadagi uzilishlar asosiy muammo bo‘lib qolmoqda.
Raqobat qo‘mitasi ushbu muammolarni bartaraf etish uchun xalqaro tajribalarga tayanilgan qator yechimlarni taklif qildi. Jumladan, xaridor tovarni tasdiqlamaguncha mablag‘ni ushlab turuvchi «escrow» to‘lov tizimini joriy etish muhim deb baholanmoqda.
Shuningdek, platformalarda avtomatlashtirilgan nizolarni hal qilish — tezkor «arbitraj» tizimini yaratish, hamda sotuvchilar reytingi va javobgarligini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda 2 mingdan ortiq tadbirkor barqarorlik reytingiga kirdi
O‘zbekistonda 2026-yil 24-aprel holatida 2,1 ming nafar tadbirkorga yuqori barqarorlik reytingi berilgan. Ulardan 335 ta sub’yekt eng yuqori AAA darajasini olgani ma’lum bo‘ldi.
Qayd etilishicha, barqarorlikni baholash tizimi joriy etilganidan beri yuqori reytingga ega tadbirkorlar soni 1,3 barobarga oshgan. Bu biznes muhitida muayyan ijobiy siljishlar kuzatilayotganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, umumiy manzarada farqlar saqlanib qolmoqda. Xususan, 64,4 ming tadbirkor o‘rta barqarorlik toifasiga kiritilgan bo‘lsa, 226,2 mingta sub’yekt qoniqarli darajada baholangan. 294,7 mingta tadbirkor esa past reytingga ega deb topilgan.
Yuqori reytingga ega tadbirkorlarning eng katta qismi savdo sohasiga to‘g‘ri keladi. Bu yo‘nalishda 690 ta korxona yuqori barqarorlik ko‘rsatkichiga erishgan.
Undan keyin xizmat ko‘rsatish sohasi 654 ta korxona bilan ikkinchi o‘rinni egallagan. Sanoat sohasida 506 ta tadbirkor yuqori reyting olgani qayd etilgan. Qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalarida esa bu ko‘rsatkich ancha past. Mos ravishda 106 ta va 59 ta korxona yuqori barqarorlik toifasiga kiritilgan. Bu sohalarda tizimli muammolar saqlanayotganini anglatadi.
Hududlar bo‘yicha tahlil qilinganda, eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi. Poytaxtda 709 ta tadbirkor yuqori reytingga ega. Toshkent viloyatida bu ko‘rsatkich 258 tani tashkil etgan. Samarqand viloyatida 180 ta, Farg‘ona viloyatida esa 152 ta tadbirkor yuqori barqarorlik darajasini qo‘lga kiritgan.
Iqtisodiyot
Humo kartalari bo‘yicha SMS-xabarnomalar narxi oshirilmaydi
Humo kartalari bo‘yicha 13131 raqamidan kiruvchi SMS-xabar narxi 84,2 so‘m miqdorida saqlanib qolinadi. Avvalroq, 1 maydan boshlab narxlar 168,4 so‘mga oshirilishi haqida xabar berilgandi.
Foto: Sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan surat
Octotelecom kontent-provayderi Humo kartalari bo‘yicha 13131 qisqa raqamidan yuboriladigan SMS-xabarnomalar narxi 1 maydan boshlab 168,4 so‘mga oshirilishi haqida xabar bergandi. Bu iste’molchilarning e’tirozlariga sabab bo‘ldi.
Shundan so‘ng Humo to‘lov tizimi operatori bo‘lgan Milliy banklararo protsessing markazi narx avvalgi darajada saqlanib qolinishini e’lon qildi.
Kompaniya foydalanuvchilar murojaatlari va xizmat ahamiyatini inobatga olib, Octotelecom’ga amaldagi tarifni saqlab qolish bo‘yicha rasmiy xat yuborgan. Qo‘shimcha tahlil natijasida uni o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
«Qo‘shimcha tahlillar va Octotelecom bilan konstruktiv muloqot yakunlariga ko‘ra, amaldagi tarifni saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. 2026 yil 1 maydan boshlab 13131 raqamidan keluvchi bitta kiruvchi SMS-xabar narxi o‘zgarmaydi va 84,2 so‘mni tashkil etadi», deyiladi xabarda.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hudud yetakchi?
2026-yil yanvar–fevral oylarida O‘zbekistonda yirik korxonalar tomonidan jami 4,1 trln so‘mlik kiyim-kechak ishlab chiqarildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Andijon viloyatiga to‘g‘ri keldi. Ushbu hududda 1,8 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, respublikada mutlaq yetakchiga aylandi.
Shuningdek, Toshkent viloyatida 524,6 mlrd so‘m, Namangan viloyatida 438,6 mlrd so‘mlik kiyim ishlab chiqarilgan. Bu hududlar ham yuqori ko‘rsatkichlar bilan ajralib turibdi.
Farg‘ona viloyatida 371,4 mlrd so‘mlik, Toshkent shahrida esa 310,3 mlrd so‘mlik kiyim ishlab chiqarilgan.
So‘nggi o‘rinlarda esa Surxondaryo viloyati 10,4 mlrd so‘m va Jizzax viloyati 19,3 mlrd so‘mlik ko‘rsatkich bilan qayd etilgan.
Boshqa hududlar orasida Samarqand viloyati 158 mlrd so‘m, Buxoro viloyati 117,4 mlrd so‘m, Qashqadaryo viloyati 89 mlrd so‘mlik mahsulot ishlab chiqargan.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Markaziy bank: 24-aprelda dollar pasayadi
-
Iqtisodiyot4 days ago“QQSni oson qaytarib olish ta’minlanmasa, stavkani 6 foizga tushirishni taklif qilamiz” – Davron Vahobov
-
Dunyodan4 days ago
Buyuk Britaniyada “chekmaydigan avlod” dunyoga keldi
-
Dunyodan4 days ago
Eron oliy rahbari yuzi va oyog‘idan jiddiy jarohat oldi
-
Iqtisodiyot4 days agoQirg‘iziston ilk marta Yevropa Ittifoqining sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurashish mexanizmiga tushdi
-
Siyosat3 days agoYevropa Ittifoqi Rossiya mudofaa sanoatiga xomashyo yetkazib bergan ikki O‘zbekiston shirkatiga sanksiyalar kiritdi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Ikki oyda xorijga 466,6 mln dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari sotildi
-
Jamiyat5 days agoKoreyada vafot etgan o‘zbekistonlik qiz haqida rasmiy bayonot berildi
