Connect with us

Jamiyat

«Chang qizlari» yoxud qishloq ayollari filmlarda

Published

on


Qishloq ayoli haqida juda ko‘p so‘z aytilgan. Garchi u jamiyatning turli jabhalarida mehnat qilsada, qiyin sharoitlarda yashasada na superqahramon, na drama qirolichasi. Biz qishloq ayollari deganda aynan doimo mehnat bilan band, qo‘llari qadoq ayollarni tushunamiz. Qishloq o‘z nomi bilan tirikchilik, og‘ir mehnat, orzuga erishish uchun doimiy kurash ketadigan maskandek.  

Ular haqida, qishloq hayoti haqida ko‘plab kitoblar yozilgan, kinofilmlar yaratilgan.  

Qishloq ayoli oddiy, lekin sinmas… xuddi «Chang qizlari» (Daughters of the dust — 1991-yil, AQSh) filmidagi qizlar kabi. Janubiy Karolina qirg‘oqlari yaqinidagi orolda yashovchi oila hikoyasiga asoslangan «Chang qizlari» filmida ayollar bir tomondan tashqi xavf — turli guruhlar, ochlik va chanqoqlik bilan kurashsa, ikkinchi tomondan, ichki qo‘rquv va insonlikni saqlab qolish muammosi bilan yuzma-yuz keladi.  Bu yerda ayollar nafaqat xonadonda, balki butun qishloqning tirgak ustuni sifatida tasvirlanadi. Ya’ni ayol mehnati yerda, dengizda, xonadonda — butun hayotni bog‘lab turadi.  Filmda avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan madaniy an’analarga ega oila ayollarining kurashlari va o‘z taqdirini o‘zi belgilashga intilishlari yoritilgan. Filmning asosiy g‘oyasi erkinlik va hayot uchun kurash, odamiylikni og‘ir sharoitda ham saqlab qolish, ayollarning ichki kuchi, birdamligi. Tabiat va jamiyat inqirozida kim haqiqiy «omon qoluvchi» ekanini ko‘rsatish.

«Chang qizlari» 

«Binafsha rang» (The Color Purple) 1985-yil ishlab chiqarilgan. 15 million dollar budjet sarflangan bu film 98,4 million dollar yig‘ib, kassada muvaffaqiyat qozondi.  Film 11 ta «Oskar» mukofotiga, jumladan, «Eng yaxshi film» nominatsiyasiga nomzod bo‘lgan, biroq birorta ham g‘alaba qozona olmagan.

«Binafsha rang»

Lekin «Oltin globus» mukofotining to‘rtta nominatsiyasini olgan. Film qishloq muhitidagi ayollarning og‘rig‘ini juda haqqoniy va samimiy ko‘rsatadi. Bu filmda ayol qishloqda ham o‘z ovoziga ega bo‘lishi mumkinligi namoyon qilinadi. Bosh qahramon Selli — bolaligidan zo‘ravonlik va kamsitishni boshidan kechirgan ayol. U «ayol gapirmaydi» degan qarashlarga qarshi qadamba-qadam bosh ko‘tara boshlaydi.  

«Norma Rey» (Norma Rae — 1979-yil, AQSh)

Bosh qahramonni Salli Fild ijro etgan ushbu filmda Norma kichik qishloqda tug‘ilib o‘sgan ayol. U fabrikada ishlaydi. Har kuni og‘ir mehnat, to‘xtovsiz ishlaydigan og‘ir stanok … uning oddiy hayoti shunday. Ammo bir kuni u shunchaki ishchi emasligini anglab, o‘z huquqlari uchun ovoz chiqara boshlaydi.

«Norma Rey»

Bu kinoni nega ko‘rish kerak? Qishloqda yashaydigan ayolning jismoniy va ruhiy og‘ir mehnati haqqoniy ochib berilgan.

«Qiu Ju qissasi» (The Story of Qiu Ju — 1992-yil, Xitoy)

Oddiy qishloq ayoli. Bu safar ayol traktorda emas, balki huquqiy tomondan o‘z haqini so‘rash uchun shaharga borishga qaror qiladi. Uning hayoti ham boshqalarnikidek: sahardan ish, bolalar va hech qachon tugamaydigan tashvishlar.  

Film Xitoyning qishloq hududida yashovchi ayol Qiu Ju haqida hikoya qiladi. Qishloq oqsoqoli uning turmush o‘rtog‘iga jarohat yetkazadi va ayol homilador bo‘lishiga qaramay oldin tumanga, keyin esa shaharga adolat topish uchun yo‘l oladi.

 

 «Qiu Ju qissasi»

Film kinofestivallarda xit bo‘lgan va 1992-yilda Venetsiya kinofestivalida «Oltin sher» mukofotini qo‘lga kiritgan.

Bu filmni nima uchun albatta tomosha qilish muhim: ayol «feminist shiorlar» bilan chiqmaydi. U shovqin qilmaydi. U faqat adolat talab qiladi. Bu — oddiy mehnatkash qishloq ayolining ichki kuchi.

Uning yurishi bu inqilob emas albatta,  ammo inson sifatida tan olinish uchun katta isyonni his qilishingiz mumkin. Qolaversa filmda qishloq ayolining og‘ir mehnati va byurokratiya bilan kurashi haqiqiy hayotdek berilgan.

Filmni ko‘rgach sizni qo‘zg‘atadigan fikr: qishloq ayoli sukutda yuradi, lekin adolat izlaganda to‘xtamaydi.

Umuman olganda kinolar bizga nimani o‘rgatadi:  «Norma Rae» adolat uchun ovoz chiqarishni o‘rgatadi. «The Story of Qiu Ju» — sukutda adolat izlashni ko‘rsatadi. «Daughters of the Dust» — ayol tarixni, an’analarni, qadriyatlarni qanday saqlab turganini eslatadi.

Bu filmlar turli mamlakatlarda, har xil tilda suratga olingan. Lekin barchasi orzu va erkinlik istagi  haqida so‘zlaydi.  Turli bosim, og‘ir muhit, tirikchilik… va shu bilan birga sinmas kuch, orzu va sukut  ularni birlashtiradi.

Bugun 15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni … 

Bugun nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyo qishloqlaridagi ayolning hayoti, orzulari, kechmishlari, mehnati eslanadigan kun.  

Bugun qishloq ayollari faqat o‘ziga vaqt ajratadigan kun, o‘zlari haqidagi filmlarni tomosha qilish uchun ajoyib imkoniyat berilgan kun.

Bu filmlar faqat ekrandagi hikoya emas — ular siz haqingizda.

Barno Sultonova



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi

Published

on


Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi. 

Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

​Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.

​Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.

​Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi

Published

on


«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.

Mukofotlanganlar ro‘yxati:

“Do‘stlik” ordeni bilan

Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari

Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi

Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori

Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori

Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri

II darajali “Salomatlik” ordeni bilan

Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri 

Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari 

“Shuhrat” medali bilan

Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi

Published

on


Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.

Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.

Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.

Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.

Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi

Published

on


Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.

Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.

Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.

Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.

Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.

Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.

Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?

Published

on


Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.

Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.

Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.

Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.

Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.

Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.

Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.

Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.

Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.