Jamiyat
Buxoroga bosh ekolog tayinlandi
Buxoro viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga Abdullayev Jasurbek Ubaydullayevich tayinlandi.
Jasurbek Abdullayev 1981-yil 7-oktyabrda Buxoro viloyati Olot tumanida tug‘ilgan. 2002-yilda «Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish muhandislari instituti» milliy tadqiqot universitetining bakalavr bosqichini, 2004-yilda esa magistratura bosqichini tamomlagan.
Mehnat faoliyati davomida Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi, «Xavfsiz daryo» davlat unitar korxonasi va boshqa tashkilotlarda turli lavozimlarda ishlagan. Tayinlovga qadar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasida faoliyat yuritgan.
Jamiyat
“Qanot beradigan mehnat” – Toshkentda tashkil qilingan maxsus markazdan reportaj
Toshkentda o‘zgacha bolalarni birlashtirgan “Tabassum” markazi bor. Bu yerda bolalar sopol buyumlar yasaydi, qadam-baqadam jamiyatga foyda keltirish malakasini, faol hayot ilmini egallashadi. Markaz sopol idishlarga korporativ buyurtmalarni qabul qiladi.
– Bu markaz qanday tashkil qilindi?
– Bu markazning o‘z missiyasi bor. O‘g‘lim maxsus maktabni bitiradigan yillari menda ona sifatida savol bo‘lgan: bu yog‘iga nima bo‘ladi, bu yog‘iga qayerga boramiz? Qayerda o‘qiymiz, qayerda ishlaymiz, kelajagi qanday bo‘larkin deb o‘ylar edim. Nogironlik sohasida 20 yildan beri ishlab kelaman va farzandim Rustam tug‘ilgandan keyin, izlanishni boshladim. Bu farzandimni qanday qilsam, oyoqqa qo‘ya olaman? Nima qilsam jamiyatning to‘laqonli a’zosi bo‘ladi? Ko‘p izlanishlar olib bordim va o‘zimga o‘xshagan ota-onalarni qidirishni boshladim. Mutaxassislarni ham izladim.
Shahnoza Ikromova, markaz direktori
Endi u paytda mutaxassislardan “Bolangiz katta natijalarga erisha olmaydi, uyda o‘tiradi, ismini aytib chaqirsangiz ham sizni tanimasligi mumkin, oilaning bo‘ynidagi bir yuk”, degan gaplarni ham eshitganman.
2012 yilda bolalar markazini ochganman va shu bolalar markazi qoshida juda ham ko‘p ota-onalarni birlashtirganmiz. Qaysi davlatga borsam, o‘sha yerda qidirib topib, ko‘rib, o‘rganib kelishga harakat qildim. Misol uchun, Yaponiyada o‘zimiznikiga o‘xshagan ustaxonaga borganman. Juda ham qiziqarli tajribalari bor ekan. Qariyalar va aqliy nogironligi bo‘lgan bolalar bilan birgalikda chiroyli narsalar ishlab chiqishayotgan ekan. Bundan tashqari, Belgiyaga borganimda, premium restoranda ishlashayotganini ko‘rganman. Turkiyada “Tabassum” degan kafega borganimda ularning ishlashi, o‘sha yerda odamlar bilan muloqoti menga juda ham yoqqan. Shunda o‘zimga O‘zbekistonda ham “Tabassum” bo‘lishi kerak ekan, deb aytganman.
O‘quv mashg‘ulotlarimizning bir qismi art-terapiya bo‘lgan. Aynan kulolchilik, sham-sovunlar yasashni art-terapiya darsi sifatida kiritganmiz. Bunda juda ham katta hissa qo‘shadigan odamlar bu – jamoamiz. Bizning komandamiz, ustalarimiz, koordinatorimiz.
Asosiy maqsadimiz, bolalarimiz ishlab chiqqan qo‘l mehnatini achinish yoki nogironligi bo‘lgan bolalar yasagani uchun emas, aynan bozorda o‘ziga yarasha raqobatbardosh, sifatli bo‘lishiga intilib, shu narsani xalqqa yetkazish va eng katta maqsadimiz, bu bolalar ishlab, mehnat qilib, jamiyatga foyda keltirishi yoki o‘z oilasiga foyda keltirishi mumkinligi stereotipini shakllantirish va shu narsani targ‘ib qilish.
Hamma bolalarimiz maktabni bitirgan. Masalan, o‘zimning o‘g‘lim kollejni ham bitirgan. Lekin o‘sha maktabdan keyingi yo‘l biz uchun mavhum edi. Ko‘p mahal ota-onalarga shunaqa savol beraman. “Bolangizni besh yildan keyin qayerda ko‘ryapsiz? 15 yildan keyin qayerda ko‘ryapsiz?” degan savolga ota-onalar ba’zida javob bera olmaydi.
Ustaxona ochilayotganda, boya aytib o‘tganimdek, 1500 dan oshiq ota-ona armiyasi orqamda turgan bo‘lsa ham, nima uchundir davlat hamma narsani qilib berishi kerak, hamma narsa tekin bo‘lishi kerak yoki hamma narsani kimdir qilishi kerak degan pozitsiya yo‘q emas.
Bu farzand ham boshqa bir oila a’zosi, boshqa farzandlaringiz kabi bir farzand. Uning ham oilada o‘z o‘rni, unga ajratilgan budjet, e’tibor bo‘lishi kerak deb hisoblayman. Shu bilan birga, davlat tomonidan tizimlashtirilgan yordam ham bo‘lishi kerak deb o‘ylayman.
Muammolarni muhokama qilganimizda, bolamizga sport yo‘q, ish yo‘q, uni olib boradigan joy yo‘q deb aytiladi. Lekin “Ochildik, kelinglar, 20 nafar bola olishga tayyormiz” deganda, millionta bahona bo‘ldi. Bu boshimizdan o‘tdi o‘tgan yili. Kelib-ketish, to‘garak sifatida emas, biz bu narsani, bu joyni to‘laqonli ustaxona va inklyuziv qilishga harakat qilyapmiz. Tashqaridan odamlar kelib, shu bolalarimiz bilan birga master-klasslar o‘tkazsak, hammaga ochiq bo‘lgan joy bo‘lishini xohlaymiz va istab qolardik.
– Moliyalashtirish hozir qaysi manbalardan bo‘lyapti?
– Jamoani ushlab turish, uni moliyaviy rag‘batlantirish, ijarasi, kommunal to‘lovlarini to‘lash uchun mablag‘ kerak, albatta. Birinchi bo‘lib O‘zbekistondagi YuNICeF tashkilotidan loyihamizni qo‘llab-quvvatlagan holda, uch oylik grant oldik o‘tgan yili. Shu grant doirasida yaxshi bir jamoani yig‘ishga muvaffaq bo‘ldik.
– Uch oy tugagandir-a?
– Uch oy tugadi. Uch oydan keyin nima qilamiz degan xavotir bo‘ldi. Keyin nima qilamiz? Ishlab chiqarayotgan mahsulotlarimiz hali o‘zini qoplash darajasida emas. Uning sotuviga harakat qilyapmiz. Imkon qadar daromad olib keladigan, bolalarimiz uyiga maosh olib boradigan holatga keltirish niyatimiz bor. Mana, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan shunaqa joy ochgan ekansiz, shunaqa joy bor ekan, deb qiziqish bildirishyapti.
– Bolalarda qanday o‘zgarish? Ota-onalar qanday e’tirof etyapti, nima deyapti?
– Ota-onalar bilan suhbatlashganimizda, bolalardagi o‘zgarish juda ham katta. Nima uchun? Mana, masalan, loy bilan ishlash bolaning aqliy, kognitiv qobiliyatlarini ham yaxshilaydi. Miya faoliyatini yaxshilaydi. Mayda motorikasi rivojlangani hisobiga kognitiv qobiliyatlari yaxshilanadi.
Yevropa davlatlarida xirurg yoki advokatlar yoki bir og‘ir, deylik, stress holatida ishlaydigan ishchilar ham bir haftada bir marta hozirgi dorilarsiz aynan shu kulolchilik bilan borib shug‘ullanadi. O‘zim xursand bo‘lib ketayotgan tarafim, bular bitta oila, jamoa bo‘lib olishdi. Birinchi boshlaganimizda o‘zimning o‘g‘lim ham, masalan, kelib, bir burchakda telefon o‘ynab o‘tirishi mumkin edi. Tur, ishingni qil deb aytardim. Ustalarimizga ham olib kelganimda aytardim-da, ayamasdan tepib-tepib ishlatinglar derdim. O‘tgan haftada Amerikadan 30 ga yaqin katta bir avtobusda mehmonlar keldi, shu joyimizni ham ko‘rishdi, mahsulotlarimizni sotib olishdi. Birorta bola turib chalg‘imadi, ishlarini qilib o‘tirdi. Ular o‘z ishiga juda ham mas’uliyat bilan yondashayotganiga men o‘zim hayron bo‘lib qoldim.
Tushlik paytida birga chiqib ovqatlanishadi, yana kirib ishlarini davom ettirishadi. Shu narsaga biz erishdikki, hamma bolalar birgalikda ish joylarini yig‘ishtirib, keyingi kunga tayyorlab ketish ko‘nikmalarini shakllantirdik.
Ota-onalar aynan aqliy nogironligi bo‘lgan bolalarni katta qilayotganda ularni kiyintirib, yedirib qo‘yishadi. Rus tilida aytganda ’giperopeka’ kuchli bo‘lgani uchun bolada o‘ziga o‘zi xizmat qilish, nafaqat o‘ziga, birovga yordam berish ko‘nikmalari juda sust rivojlanadi.
Mana hozirgi kunda bolalarning rivojlanishi, bu yerda birgalikda oila bo‘lib ishlashi meni juda ham xursand qilyapti. Moliyaviy ko‘mak tugasa, yopishga to‘g‘ri keladimi degan o‘ylar ham bo‘lib turadi. Lekin buni ko‘rgandan keyin grantlar yozishga va sotuvlarimizni yaxshilashga yanada ko‘p harakat qilyapmiz.
Buvi
– Bu yerda nabirangiz bormi?
– Ha, nabiram Abdullayev Ilya.
– U necha yoshda?
– U 23 yoshda. Unda shunday holat aniqlandi, bu kasallikmas, u o‘ziga xos inson. Hozir ularni o‘ziga xos insonlar deb atashadi. Autistik spektr buzilishi bor. Onasi — rassom. U loyni… u buni shunchaki ifloslik deb hisoblardi va “Qo‘llarimni kir qilaman” derdi, shuni yenga olmasdi. Lekin bu yerga kelgach, u bu loyni yaxshi ko‘rib qoldi. Uni his qila boshladi. Dastlab u har daqiqada borib qo‘llarini yuvar edi. Keyin esa, faqat ketayotganida: “Voy, qo‘limni yuvishni unutibman”, derdi. Bo‘ldi, faqat ketayotganida shunday qilardi.
– Unga bu yer yoqadimi?
– Unga juda yoqadi. Ha. Ba’zan erinaman, axir uni kuzatib qo‘yish, kutib olish kerak. Men: “Balki bugun bormassan?” deyman. U: “Yo‘q, men boraman”, deydi. O‘zi kiyinadi. Hatto bu yerga o‘zi kelib-ketishni o‘rgandi.
– Qandaydir o‘zgarishlar sezdingizmi?
– Ha, o‘zgarishlarni sezdim. Hatto bugun psixolog bilan gaplashdik, unda katta o‘zgarishlar ro‘y berganini aytdi. U so‘zlarning ma’nosiga qiziqa boshladi. U sergaproq, kirishimliroq bo‘lib qoldi. Chunki insonning hayotida ma’no bo‘lishi kerak. U avvaliga hatto: “Nega yashayapman? Nega tug‘ildim?” derdi. Unda shunaqa holatlar bo‘lardi… U boshqalar kabi muloqot qila olmasligini ko‘rardi. Hozir bu iboralar uning lug‘atidan yo‘qoldi. Shunday. Demak, u endi o‘z ishini biladi. Hozir u katta rasmlarga o‘tdi, chizmoqda. U masjidlarni ham, zamonaviy binolarni ham tasvirlaydi.
Ona
– O‘g‘lingiz bu yerga kelgandan keyin qanday o‘zgarish sezdingiz?
– Uyda zerikib qolayotgan edi. Bu yerga kelgandan keyin kayfiyati ham yaxshi bo‘ldi, xursand bo‘lib kelyapti. O‘rganishni boshladi, qiziqyapti.
Ota
– O‘g‘lingiz shu yerdami?
– Ha, o‘g‘lim shu yerda, ijodiy ustaxonada shug‘ullanadi.
– U bu yerga qatnay boshlaganidan keyin qanday o‘zgarishlarni his qildingiz?
– U mas’uliyatliroq, tartibliroq bo‘ldi. Bu yerda shug‘ullanayotgan boshqa bolalarga qarab, ulardan o‘rnak oladi, xuddi shunday shug‘ullanishga harakat qiladi va uyda ham mustaqil qarorlar qabul qiladi. Bu ishga mas’uliyat bilan yondashadi. U buni ish deb hisoblaydi.
Ziyodaxon Zuparova, keramika ustozi
– Qanday kelib qoldingiz bu markazga?
– To‘g‘risini aytsam, e’lon bo‘yicha. OLXʼdan topganman. Institutni kulolchilik yo‘nalishi bo‘yicha bitirganman. Keyin dizayn kollejida ham kulolchilik bo‘yicha ishlaganman, lekin onalik ta’tilidan keyin ishga chiqaman desam, u yoqda joy yo‘q edi ishlashga. Keyin o‘tirdim-da, rasm yo‘nalishi bo‘yicha ustozlik, shunaqa to‘garaklarda o‘qituvchilik qilishga joy qidirdim. Bir kuni qidirib o‘tirsam, kulolchilik chiqib qoldi. O‘zi kulolchilik qidirmayotgan edim, chunki ko‘p joylarda bunday yo‘nalishdagi kulolchilik yo‘q. Yoki bo‘lmasa, kulolchilik bo‘lsa ham ingliz tili, rus tili talab qilinadi. Keyin telefon qilsam, keling deyishdi. Yugurib keldim, boshqa odam olib qo‘yishmasin deb. Kelganimda menga tushuntirishdi ishni. Shunaqa, nogironligi bo‘lgan bolalar bilan ishlash. Shu kungacha o‘quvchilar bilan ishlaganman, kichkina, kattaroq, kollej yoshidagi o‘quvchilar bilan ham ishlaganman, lekin bunaqa yo‘nalishda, bunday bolalar bilan hech qachon ishlamaganman. U paytda bolalar ham uncha ko‘p emas edi. Bu yerda kulolchilik xuddi art-terapiya yo‘nalishida ishlatilardi. Birinchi o‘quvchim mana Ilya. U bilan ishlashni boshladim. Yoz bo‘yi faqat Ilya bilan ishladik. Undan oldin ham nogironligi bo‘lgan, autizm, Daun sindromli bolalar bilan ishlashga qiziqardim-da, masalan, maqolalar chiqib qolsa internetda o‘qib chiqardim. Masalan, qanday kelib chiqadi, ular qanaqa, ularga qanday dars o‘tish kerak, e’tibor berish kerak, qiziq….
Ular olamni qanaqa ko‘radi, qanday tushunishadi? Va uch oy yoz shular bilan ishladim. Ko‘p bolalar bilan ishlamadik. Keyin sentabrda 20 ta o‘quvchi oldik. Boshida yangi o‘quvchilar keldi. Biz ularga o‘rganmaganmiz, ular bizga o‘rganmagan. To‘g‘risini aytsam, biroz qiyin bo‘ldi boshida. Ularni o‘rganib olguncha, ularga tushguncha, masalan, hamma o‘quvchiga o‘ziga yarasha yo‘l topish kerak-da. Ba’zi bolalarga qattiqroq gapirib o‘rgatish kerak. Va bir xillarga yaxshi gapirish kerak. Bir xillarga yaxshi gapirsangiz umuman aytganingizni qilmaydi, urishish kerak joyi kelganda. Hozir kimga qanday gapirish kerakligini, kimga qanaqa ish berish kerakligini ham bilamiz.
– O‘zingizga yoqadimi?
– Ishim o‘zimga yoqadi. Mana, loy, shu bizning yo‘nalishimiz. O‘quvchilar bilan ishlash ham, o‘quvchilar ham agar qiziqib kelsa, bemalol ishlaymiz ular bilan. Agar qiziqmayman desa, boshidan, birinchi kunidan ma’lum bo‘ladi.
– Bu bolalar haqida nimalar deya olasiz? Nimalarni payqadingiz, nimalarni kashf qildingiz?
– Ko‘pincha bularning ko‘ziga qarayman-da. Ko‘rinishi katta bo‘lsa-da, lekin ko‘ziga qarasangiz, yuziga qarasangiz yosh bola. Ko‘zlaridan hamma narsa bilinib turadi: odam katta bo‘lganida uning xarakteri va ichki dunyosi ko‘zlarida namoyon bo‘ladi. Masalan, bu bolalarning ichida yomonlik ham, g‘arazlik ham yo‘q — ular bir-birini urmaydi, talashmaydi.
Shundoq qarasangiz, yosh bola. Ana, aytishadi-yu, o‘zining fitratini saqlab qolgan odamlar, katta ko‘rinishda bo‘lsa ham o‘z ichki tozaligini saqlab qolgan. Bularning ichida kiri yo‘q. Urishamiz, masalan, bir-biri bilan urishishadi, lekin o‘shani o‘zi xohlab, chin dildan qilmaydi. Yosh bolalar biroz qo‘pol bo‘ladi-yu, shunday bular.
Yelena To‘rayeva, loyiha menejeri
– Mening ismim Amira. Men “Tabassum” loyihasining menejeriman. Bugun biz siz bilan kulolchilik bo‘yicha mahorat darslari xonasidamiz. Sizga rivojlanishida o‘ziga xosliklari bo‘lgan bolalar yasayotgan buyumlar to‘laqonli mahsulotlar ekanligini ko‘rsatmoqchimiz.
Ulardan oshxonangizda foydalanish mumkin. Bizda korporativ kompaniyalar bilan ishlash tajribasi bor, korporativ buyurtmalarni bajarganmiz. Ustaxona to‘laqonli ishlashi va biz ijara, kommunal xizmatlar, o‘qituvchilarning maoshi kabi xarajatlarni to‘lay olishimiz uchun o‘z mahsulotlarimizni sotamiz. Bizda juda chiroyli buyumlar: vaza, krujka, likopchalar tayyorlanadi. Mana shunday ajoyib idishlarni yaqinlashib kelayotgan Hayit bayramiga tayyorladik. Biz har qanday hajmdagi korporativ buyurtmalarni bajaramiz va biznesni inklyuziv ustaxonani qo‘llab-quvvatlashga, maxsus ustalarning ishlari bilan tayyorlangan buyumlarga buyurtma berishga chorlaymiz. Bugun siz bu yerda ko‘rib turgan mahsulotlar juda xilma-xil. Bu, albatta, hozirda mavjud bo‘lgan narsalar, lekin biz mutlaqo har qanday korporativ buyurtmani bajara olamiz. O‘tgan yili bunday korporativ buyurtmalarda tajriba orttirib, biz bu borada mustahkamlandik va shuning uchun, albatta, biz biznesni aynan ijtimoiy loyihalarni tanlashga va bu ijtimoiy loyihalarning mavjud bo‘lishiga biznes ulardan buyurtma berishi orqali imkoniyat yaratishga chorlaymiz. Masalan, bu krujkaga Xitoydagi qaysidir nomsiz zavodda buyurtma berish yoki, misol uchun, “Tabassum”da yaqinlashib kelayotgan bayramlarga sovg‘a qilish va shu bilan birga bunday juda muhim loyihaning muhim missiyasini qo‘llab-quvvatlash mumkin.
Bolalar korporativ buyurtmalarni bajarish vaqtida o‘zlarini juda va juda mas’uliyatli tutishadi. Ular bu jarayonda ishtirok etayotganliklarini, ishga kelgandek kelayotganliklarini his qilishadi. Bu ularda mas’uliyat hissini, natijadan g‘ururlanish tuyg‘usini kuchaytiradi. O‘tgan yili ijtimoiy tarmoqlarimizda korporativ buyurtmalarni bajarganimizda, buni bolalar bilan to‘laqonli jamoa sifatida nishonlaganimizni ham ko‘rsatib o‘tdik. Shu sabab bu ular uchun juda muhim. Bu jamoamizning har bir a’zosi uchun muhim. Va biz bilan ishlaganlar – o‘tgan yili biz ishlagan kompaniyalar – ularning qalbidagi aks sadoni ko‘rdimki, biznes shunchaki pul sarflamabdi, balki yaxshi bir ish qilibdi. Bu esa butunlay boshqacha va har tomonlama o‘zgacha edi. Shuning uchun, albatta, biz ijtimoiy loyihalarni, ayniqsa, bizning “Tabassum” kabi loyihamizni qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz. Bu yerda siz yaqinlashib kelayotgan bayramlarga keramikadan yasalgan har qanday buyumga buyurtma berishingiz mumkin.
Jamiyat
12:18 Dovon ortidagi qishloq: Chetsuvda bir kun
12:18
Dovon ortidagi qishloq: Chetsuvda bir kun
Source link
Jamiyat
Toshkent viloyatida suvga oqizib yuborilgan jasad 80 kunda topildi
Bekobodda IIB xodimi mashinasida urib ketib, suvga tashlab yuborgan fuqaroning jasadi Do‘stlik kanalidan chiqqan.
2025 yil dekabrida Toshkent viloyati Bekobod tumanida ichki ishlar organi xodimi o‘z mashinasida urib yuborib, so‘ng turmush o‘rtog‘i yordamida suvga oqizib yuborgan jasad 80 kun deganda topildi. Bu ma’lumotni Kun.uz’ga Toshkent viloyati prokuraturasidagi manba tasdiqladi.
Dekabr oyida holat haqida ma’lum bo‘lgach, jasadni topishga qaratilgan keng ko‘lamli qidiruv harakatlari boshlangan, bu ishga ichki ishlar, milliy gvardiya, favqulodda vaziyatlar xizmatlarining tuzilmalari, shuningdek oddiy fuqarolardan iborat yuzlab ko‘ngillilar jalb qilingan edi.
80 kun davom etgan qidiruvlardan so‘ng murda 28 fevral kuni Do‘stlik kanalidan topilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning 11 dekabr kuni Bo‘ka—Bekobod avtomobil yo‘lida Nexia-3 da harakatlanib ketayotgan IIB xodimi 43 yoshli fuqaroni urib yuborgan, voqeani yashirish uchun turmush o‘rtog‘ining yordamida jasadni taxminan, 35-40 km uzoqlikdagi Farhod kanaliga oqizib yuborgandi.
Gumondor ushlanib, qamoqqa olingan, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati xavfsizligi qoidalarini buzish) va 117-moddasi 2-qismi (xavf ostida qoldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Jamiyat
Eron va Isroildagi vaziyat sabab O‘zbekiston aviareyslari jo‘nash aeroportlariga qaytarildi
Bugun, 28-fevral kuni Eron va Isroil havo hududi yopilganligi sababli, O‘zbekistondan arab davlatlariga va ortga uchayotgan bir nechta samolyot jo‘nash aeroportlariga qaytib keldi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekistonga tegishli quyidagi reyslar o‘zgarishga majbur bo‘ldi:
7Q4461 (Fly One Asia): Andijon – Madina yo‘nalishidagi reys Andijonga qaytdi.
7Q342 (Fly One Asia): Madina – Toshkent yo‘nalishidagi reys Madinaga qaytdi.
HH901 (Qanot Sharq): Toshkent – Dubay yo‘nalishidagi reys Toshkentga qaytdi.
2U7706 (Fly Khiva): Madina – Andijon yo‘nalishidagi reys Madinaga qaytdi.
9S3302 (Air Samarkand): Jidda – Toshkent yo‘nalishidagi reys Jiddaga qaytdi.
Eslatib o‘tamiz, 28-fevral kuni ertalab Isroil va AQSh Eronga hujum qildi, bunga javoban Tehron Isroil va AQShning Bahrayn, BAA, Qatar va Kuvaytdagi harbiy bazalariga ketma-ket zarbalar berdi. Vaziyat tangligicha qolmoqda.
Jamiyat
Jizzaxda dehqon xo‘jaligi yerini 950 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
U so‘ralgan pul mablag‘ining 35 ming AQSh dollari va 180 mln so‘m qismini olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Foto: Jizzax viloyati IIB
Baxmal tumani hududidagi dehqon xo‘jaligi uchun ajratilgan 0,50 ga yer maydonini o‘zganing nomiga rasmiylashtirib, keyinchalik kadastr hujjatlarini tayyorlab berish evaziga sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Jizzax viloyati IIB xabar qildi.
Xabarda aytilishicha, u buning uchun 950 mln so‘m talab qilgan.
DXX, IJQK departamenti hamda IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda u so‘ralgan pul mablag‘ining 35 ming AQSh dollari va 180 mln so‘m qismini olayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
-
Iqtisodiyot4 days agoO‘zbekiston Afg‘onistonda temir va mis konlarini qidirishni boshladi
-
Mahalliy4 days agoO‘zbekiston Jahon banki indeksida o‘z o‘rnini 43 pog‘onaga yaxshiladi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Wolt servisi O‘zbekistonda faoliyatini to‘xtatmoqda
-
Sport5 days ago«Budyo-Glimt» «Inter»ni, Syorlot «Bryugge»ni musobaqadan chiqarib yubordi
-
Dunyodan5 days ago
Kim Chen In qayta saylandi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Dollar va yevro anchagina arzonladi
-
Iqtisodiyot5 days agoO‘zbekiston davlat qarzining o‘sishi oxirgi yillarda qanday o‘zgardi?
-
Siyosat5 days agoDoc-1 Max qurbonlariga tibbiy yordam ko’rsatiladi, ammo kompensatsiya bizning javobgarligimiz emas
