Connect with us

Sport

«Real» turnirni tark etdi, «Arsenal» yarimfinalda. Kun o‘yinlari

Published

on


YeChLda 4 jamoa qoldi: chorakfinalning javob uchrashuvlari doirasida madridliklar kambek qilishga yaqin edi, ammo Kamavinganing ahmoqona xatosi jamoaga qimmatga tushdi. «Arsenal» esa o‘z uyida kerakli hisobni ushlab qoldi va qatorasiga ikkinchi mavsum yarimfinalga yo‘l oldi.

Yarimfinalda «Bavariya» «PSJ», «Arsenal» «Atletiko»ga qarshi o‘ynaydi.

Myunxenda «otishma»

«Bavariya» – «Real» 4:3

Gollar: Arda Guler, 1 (0:1). Pavlovich, 6 (1:1). Arda Guler, 29 (1:2). Keyn, 38 (2:2). Mbappe, 42 (2:3). L. Dias, 89 (3:3). Olise, 90+4 (4:3)

«Bavariya»: Noyyer, Upamekano, Ta, Laymer, Stanishich (Deyvis, 46), Kimmih, Pavlovich, Gnabri (Musiala, 61), L. Dias, Olise, Keyn

«Real»: Lunin, Eder Militau, Ryudiger, Mendi, Aleksandr-Arnold (Mastantuono, 90), Bellinghem, Valverde, Arda Guler (Pitarch, 90), B. Dias (Kamavinga, 61), Vinisius Junior, Mbappe

Ogohlantirishlar: Stanishich, 29 – Eder Militau, 40. Ryudiger, 70. Kamavinga, 78. Sebalyos, 90. Arda Guler, 90

Chetlatishlar: Kamavinga, 86 (ikkinchi sariq). Arda Guler, 90 (ikkinchi sariq)

«Bavariya» va «Real» turnirning eng yaxshi o‘yinlaridan birini o‘tkazdi. Chempionlar ligasi chorakfinalidagi javob uchrashuvi muxlislarga ajoyib intriga va yetti gol taqdim etdi. Ammo ispanlar turnirni tark etdi, Germaniya grandi esa sovrin uchun kurashni davom ettiradigan bo‘ldi.

Myunxenliklar ustozi Vensan Kompani Madriddagi birinchi uchrashuv uchun tanlagan boshlang‘ich tarkibini o‘zgartirmadi, Alvaro Arbeloa esa birdaniga to‘rtta o‘zgarishga qo‘l urdi – o‘tgan o‘yinda zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Bellinghem, Militao va Braim Dias hamda sog‘ayib safga qaytgan Mendi ilk daqiqalardan maydonda harakat qildi. YeChL tarixida ilk bor «Real» o‘yinni birorta ispan futbolchisisiz boshladi.

O‘yin amalda 0:1 hisobidan boshlandi. Madriddagi birinchi o‘yin qahramoni bo‘lgan Noyyer 35-soniyada qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi. Ushbu 40 yoshli darvozabon o‘z odatiga ko‘ra jarima maydoni tashqarisiga chiqib, Kimmihdan pas qabul qilib oldi va keyin to‘pni Gulerga tashlab berdi. Turkiyalik havbek esa chap oyog‘ida to‘pni bo‘sh darvozaga aniq yo‘naltirdi. Bu madridliklarning YeChL tarixidagi eng tezkor goliga aylandi.

Ammo besh daqiqa o‘tib «Bavariya» hisobni tenglashtirdi va umumiy hisobda yana oldinga chiqib oldi. Vensan Kompani jamoasi ilk daqiqalardan pressing uyushtirdi va «Real» futbolchilarini xato qilishga majburladi. Madridliklar bosim ostida to‘pni maydon tashqarisiga chiqarib yubordi, Kimmih burchakdan uzatma berdi, Lunin to‘pga chiqishda xatoga yo‘l qo‘ydi va Pavlovich bosh bilan u qo‘riqlayotgan darvozani ishg‘ol etdi.

«Bavariya» kutilganidek o‘yinni nazorat qildi. Ammo 4-4-2 sxemasida himoyalangan «Real» istalgan vaqtda tezkor qarshi hujumlar uyushtirish imkoniga ega bo‘ldi – himoya chizig‘ini yuqori o‘rnatgan mezbonlar orqada buning uchun yetarlicha bo‘shliqlar qoldirdi.

20-daqiqada Mbappe jamoasini hisobda oldinga olib chiqishi mumkin edi – Laymer bu zarbani blokladi. Keyinroq Lunin ham Kimmihning yaqin masofadan yo‘llagan zarbasidan keyin mehmonlarni qutqardi.

O‘yinning yarim soati ortda qolganida esa Guler dublni rasmiylashtirdi. U Braim Dias ishlagan jarima zarbasidan keyin to‘pni to‘sin ostidan darvoza to‘riga kiritdi.

Noyyer to‘pga chiziqni kesib o‘tganidan keyingina yeta oldi. Mehmonlarning darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan ikki zarbadan ikki gol urishdi.

Jamoalar shouni davom ettirishdi. «Bavariya»ning ikkinchi goli ham uzoq kuttirmadi. 38-daqiqada Yupamekano maydonning «Real» darvozasi joylashgan qismida to‘pni egallab oldi, uni raqiblardan hech kim qarshi olmadi. Himoyachi oldinga yurdi va jarima maydoni ichida bo‘sh qoldirilgan Keynga pas uzatdi. Ingliz hujumchisi esa bundan foydalanib, mavsumdagi 50-golini urdi.

42-daqiqada esa «Real» yana hisobda oldinga chiqib oldi. Kilian Mbappe himoyachilar ortiga ochildi va Noyyerga hech qanday imkon qoldirmadi. Jamoalar tanaffusga ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 4:4 hisobida yo‘l olishdi.

Tanaffusdan keyin o‘yin kartinasida jiddiy o‘zgarish ro‘y bermadi. Mezbonlar to‘pga egalik qilishdi va pozitsion hujumlar uyushtirishdi, mehmonlar esa qarshi hujumlarda imkoniyatini izladi. 55-daqiqada Mbappeda yana bir yaqqol golli vaziyat yuzaga keldi – Noyyer bu safar o‘z darajasini namoyish etdi va yaqin masofadan yo‘llangan zarbadan keyin yorqin seyv ijro etdi. Biroz o‘tib u Valvardening zarbasidan keyin ham qahramonlik ko‘rsatdi.

Bunga mezbonlar ham o‘z hujumlari bilan javob qaytardi. Olisening zarbasini Lunin bartaraf etdi, Upamekanoga esa aniqlik yetishmadi.

Ikkinchi bo‘limda Kompaniya himoya chizig‘ini ortga surdi va madridliklarda vaziyatlar kamaydi. Arbeloa esa yangi kuchlarni maydonga tashlashga shoshilmadi. U 61-daqiqada bitta o‘zgarish qilib, tayanch zonasiga Kamavingani tushirdi. Amalda bu o‘yin taqdirini hal qilgan o‘zgarishga aylandi. Fransuz yarimhimoyachisi 78-daqiqada raqib hujumini to‘xtatgani uchun sariq kartochka oldi.

8 daqiqa o‘tib esa ahmoqona vaziyatda maydondan chetlatildi. U avvaliga Keynni ushlab qoldi, hakam fol qayd etib hushtak chalganidan keyin esa nima uchundir to‘pni voqea joyidan olib keta boshladi.

Buni arbitr vaqt cho‘zishga urinish deb baholadi va cho‘ntagidan sariq kartochka chiqardi. Avvaliga arbitr bu undagi ikkinchi sariq kartochka ekanini ham payqamay qoldi va biroz o‘tib xatosini tushundi va ikkinchi sariq qizilga aylandi.

«Bavariya» son borasidagi ustunlikdan tezda foydalandi. Dias Musiala bilan devor uslubida o‘ynadi va olis burchakka qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi. Qo‘shimcha daqiqalarda esa «Real» yana bir gol o‘tkazib yubordi. Olise «qaymoqranglilar»ni uzil-kesil taslim etdi.

Endi «Bavariya»ni keyingi bosqichda «PSJ» kutmoqda.

«Real» futbolchilari esa turnirni tark etganiga chiday olishmadi. Ular o‘yin yakunlanganidan keyin hakamlarni o‘rab olib, o‘z e’tirozlarini qat’iy shaklda izhor etishdi.

Bu mojaro Ardaga ham qizil kartochka ko‘rsatilishi bilan yakunlandi.

«Arsenal» maqsadiga erishdi

«Arsenal» – «Sporting» 0:0

«Arsenal»: Rayya, Saliba, Gabriel Magalyayns, Inkapiye, Moskera, Subimendi, Rays, Eze (Gabriel Jyezus, 79), Martinelli (Trossar, 79), Madueke (Douman, 63), Yokeresh (Havers, 56)

«Sporting»: Ruy Silva, Gonsalu Inasiu, Diomande, Arauxo, Kuarejma (Vayannidis, 85), Morita (Simoyes, 77), Yulmann, Trinkau (Nel, 85), Gonsalvesh (Bragansa, 71), Katamu (Kenda, 71), Suares

Ogohlantirish: Arauxo, 79

Birinchi o‘yin: 1:0

Parallel kechgan o‘yinda «Arsenal» o‘z maydonida «Sporting»ni qabul qildi. Safardagi g‘alaba evaziga (1:0) londonliklarni durang natija ham qoniqtirardi. Bu esa o‘yinning tomoshabopligiga ta’sir ko‘rsatmay qolmadi.

Arteta tarkibdagi muammolardan kelib chiqib harakatlanishiga to‘g‘ri kelardi – Saka, Timber va Merino anchadan buyon o‘ynamayapti, Lissabondagi o‘yinda maydonda bo‘lgan Edegor va Kalafiori ham javob o‘yini qaydnomasiga kiritilmadi.

Birinchi bo‘limni jamoalar ehtiyotkorlik bilan o‘tkazishdi va ikki jamoaning birgina zarbasi darvoza sohasiga to‘g‘ri bordi (umumiy zarbalar soni bo‘yicha 8:3 mezbonlar foydasiga). Shu bilan birga, birinchi bo‘limdagi eng xavfli vaziyatlar «Arsenal» darvozasi tomonda yuzaga keldi. Avvaliga Yulmann Salibaning qanotdan markazga uzatgan pasini egallab olib, Trinkauni xavfli vaziyatga chiqarib yubordi, ammo portugaliyalik yarimhimoyachi olis burchakni aniq nishonga ololmadi. Keyin esa Rayya himoyadan chiqishda xatoga yo‘l qo‘ydi, ammo Gonsalvesh buning uchun uni jazolay olmadi: u o‘ziga kelib qolgan to‘pni nima qilishni bilmadi va to‘pni qaytarib berdi. Tanaffus arafasida esa mehmonlarning qarshi hujumi Katamoning zarbasidan keyin to‘p ustunga borishi bilan yakunlandi. 

Ikkinchi bo‘lim boshida portugallar yana bir imkoniyatni qo‘ldan chiqardi: 48-daqiqada uyushtirilgan qarshi hujum Arauxoning zarbasi bilan yakunlandi, ammo bu zarbadan keyin to‘p xato ketdi.

Shundan keyin Mikel Arteta hujumda o‘yini qovushmagan Viktor Yokereshni 56-daqiqadayoq zaxiraga oldi va uning o‘rniga Kay Haversni tashladi. Biroz o‘tib Madueke jarohatlanib, 16 yoshli Maks Douman ham maydonga tushdi. Bu o‘zgarishlardan keyin londonliklar o‘yinni o‘z jarima maydonidan uzoqlashtirishdi va raqibda ham kuch tugab qoldi. Zaxiradan o‘yinchilar tushirilishi esa kartinani o‘zgartirmadi.

83-daqiqada «Arsenal» safida zaxiradan tushgan yana bir futbolchi Trossar o‘yin masalasini hal qilib qo‘yishi mumkin edi, ammo uning yaqin masofadan boshda yo‘llagan zarbasidan keyin to‘p ustundan qaytdi. Qolgan vaqt davomida «kanonirlar» kerakli hisobni ushlab qolishdi va safardagi g‘alaba evaziga YeChL yarimfinaliga yo‘l olishdi.

Bu «Arsenal» o‘z tarixida to‘rtinchi bor ushbu nufuzli turnirda kuchli to‘rtlikdan joy olishi bo‘lmoqda. Shundan ikki martasi Mikel Arteta davrida kuzatilmoqda. O‘tgan mavsumda uning shogirdlari yarimfinalda «PSJ» to‘sig‘idan o‘ta olmagandi (0:1, 1:2), bu safargi raqib esa «Atletiko» bo‘ladi. Ushbu bosqich doirasidagi o‘yinlar 30 aprel (Madrid) va 6 mayga o‘tar kechasi (London) bo‘lib o‘tadi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Sport

Prezident shaxmatchilar haqida kitob va filmlar yaratilishiga ishonch bildirdi

Published

on


Shavkat Mirziyoyev shaxmatchilar bilan uchrashuvda Javohir Sindorov, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidovning Olimpiadadagi o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.

Prezident Javohir Sindorovga murojaat qilib, bir necha oy avval uning Nomzodlar turniridagi tarixiy g‘alabasi nishonlanganini esladi. Olimpiadada ham Javohir Sindorov sovuqqonlik va barqarorlik ko‘rsatib, kuchli raqiblar oldida ortga chekinmagani ta’kidlandi.

«Endi oldingda yana bir ulkan marra — jahon toji uchun bellashuv turibdi. Bugun ortingda nafaqat jamoadoshlaring va ustozlaring, balki qirq millionga yaqin O‘zbekiston xalqi turibdi. Biz senga ishonamiz!» — dedi davlat rahbari.

Yirik musobaqada ilk bor ishtirok etgan Muhiddin Madaminov hal qiluvchi kunda ukrainalik Roman Dextyarovni qora donalarda mag‘lub etdi.

Uning g‘alabasi jamoaga oltin medal uchun zarur ochkoni olib keldi. Prezident uning g‘ayrati va g‘alabalari muxlislar ko‘nglidan joy olganini ta’kidladi.

Shamsiddin Vohidov ham umumiy natijaga munosib hissa qo‘shdi. U amaldagi jahon chempioni Gukeshga qarshi qora donalarda tengma-teng kurashib, o‘z salohiyatini namoyon etdi.

Prezident oltin medal jamoaning har bir a’zosi mehnati va hissasi natijasi ekanini ta’kidladi.

«Bu oltin medalda jamoaning har bir a’zosining mashaqqatli mehnati va ulkan hissasi bor», — dedi Prezident.

Davlat rahbari shaxmatchilar haqida hali kitoblar yozilishi, filmlar yaratilishi va ularning o‘yin uslubi darsliklarga kirishiga ishonch bildirdi.



Source link

Continue Reading

Sport

Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining uchta mintaqaviy filiali ochiladi

Published

on


Yosh shaxmatchilarni tayyorlash imkoniyatlarini kengaytirish uchun Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining Samarqand, Xorazm va Farg‘onada uchta mintaqaviy filiali tashkil etiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash ham yo‘lga qo‘yiladi.

FIDE reytingida 1 ming 500 dan yuqori ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda o‘qish xarajatlarining yarmi davlat tomonidan qoplanadi. Bu yosh iste’dodlarning tayyorgarligini davom ettirishiga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.

Mamlakatimizda “O‘zbekiston Grand Chess” milliy brendi ostida xalqaro turnirlar muntazam o‘tkazib boriladi. Bu shaxmatchilarimizga kuchli raqiblar bilan o‘z yurtimizda bellashish imkonini beradi.

Prezidentimiz Yangi Toshkentda 500 kishilik o‘yin zali, yotoqxona va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.



Source link

Continue Reading

Sport

O‘zbekiston Osiyo o‘yinlari turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarildi

Published

on


O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyadagi Osiyo o‘yinlarining bugungi kunini oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritish bilan boshladi.

Shahriyor Mahkamov baydarkachilar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik poygalarida marrani birinchi bo‘lib zabt etib, Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi.

Terma jamoamizning yana bir a’zosi Arina Tanatmisheva esa kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.

Shuningdek, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Hozirgacha o‘tkazilgan musobaqalardan so‘ng, O‘zbekiston delegatsiyasi turnir jadvalida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jami 34 ta medal qo‘lga kiritildi: 8 ta — oltin, 17 ta — kumush, 9 ta — bronza.

Aichi-Nagoya-2026 musobaqalarida medallar jamg‘arish bo‘yicha Xitoy peshqadamlik qilmoqda, Yaponiya — ikkinchi, Janubiy Koreya — uchinchi o‘rinda.



Source link

Continue Reading

Sport

O‘zbekiston U-23 yarim finalda Yaponiyaga qarshi o‘ynaydi

Published

on


O‘zbekiston U-23 terma jamoasining Osiyo o‘yinlari yarim finalidagi raqibi ma’lum bo‘ldi.

Chorak finalda Yaponiya terma jamoasi KXDRni 1:0 hisobida mag‘lub etib, yarim finalga yo‘l oldi.

Shu tariqa, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi final yo‘llanmasi uchun musobaqa mezboni Yaponiyaga qarshi maydonga tushadi.

Uchrashuv 30-sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da “Nagai” stadionida boshlanadi.



Source link

Continue Reading

Sport

O‘zbekiston shaxmatchilari Armanistonni mag‘lub etib, yetakchilikni saqlab qoldi

Published

on


Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-turi O‘zbekistonning birinchi jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.

Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev va Muhiddin Madaminov ishtirok etgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armanistonni mag‘lub etdi.

Abdusattorov, Sindarov va Madaminov o‘z raqiblaridan ustun keldi. Shu tariqa, O‘zbekiston-1 jamoasi 18 ochko bilan musobaqada yetakchilikni saqlab qoldi.

O‘zbekiston-2 jamoasi Hindistonga imkoniyatni boy berdi. O‘zbekiston-3 esa Isroilga qarshi keskin bahsda kichik hisobda mag‘lub bo‘ldi.

Xotin-qizlar o‘rtasidagi 10-turda O‘zbekiston-1 jamoasi Peru vakillarini yirik hisobda mag‘lub etdi.

27-sentyabr kuni Olimpiadaning so‘nggi — 11-tur bahslari o‘tkaziladi. Uning yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindor jamoalar aniqlanadi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.