Jamiyat
Brejnevga qo‘zichoq jo‘natgan cho‘pon ayol: Cho‘lda topilgan «xazina»
Cho‘l sharoitini faqatgina o‘sha yerda yashagan insonlar biladi. Cho‘l — shunchaki tabiat manzarasi emas, u bir olam sinovlar, bir dunyo saboqlar makoni. U yerda hayot ham, vaqt ham boshqacha o‘tadi. Cho‘lda tirikchilik sinov, yashash esa jasorat, har bir qatra suv qadrli, har bir soyabon xazina. Bunda bir kun jazirama imtihon qilsa, bir kun sovuq tanangizni titratadi. Ammo aynan shu qarama-qarshiliklar insonni toblaydi, uni chin ma’noda sabr va matonatga o‘rgatadi.
Ana shu dashtlar bag‘rida kamol topgan, tabiat bilan yuzma-yuz, hayot bilan bellashib yashaydigan fidoyi insonlar bor. Shunday qahramonlardan biri — Nurobod tumanida yashovchi cho‘pon ayol, mehnatkash inson Ra’no Xo‘shiyevadir. Ra’no opa bilan suhbat qurish maqsadida tumanning chekka hududlaridan biriga yo‘l oldik. Uzoq yo‘l, qum izlaridan dashtning sukutli kengliklari orasida ketarkanmiz, bu yerda yashovchi aholiga oson emasligini yana bir bor his qildik. Har qadamda tabiatning qattiqqo‘l qonunlari, har qarashda hayot uchun kurash ayon. Bu yerda yashash nafaqat jasorat, balki iroda va bag‘rikenglik talab qiladi.
Manzilga yetib kelsak, cho‘pon opamiz tandirda non yopayotgan ekan. Samimiy qarshi oldi.
— Xush kelibsizlar, marhamat, issiq nondan tatib ko‘ringlar, — deb, iliq tabassum bilan qizarib pishgan nondan tutqazdi. Butun atrofni yoqimli non isi tutib ketdi. Issiq nondan totinib turgan edik, opamiz sal naridagi qaynab turgan qumg‘ondan choy damlashga kirishdi.
Qadimgi qora qumg‘onga qarab, qiziqishimizni payqagan opamiz tabassum bilan so‘z boshladi: «Buni bizda «choydish» deyishadi, unda qaynagan choydan bir ichib ko‘ringizlar, ta’mi umuman boshqacha. Choydishda suv doim qaynoq turadi, buni tabiiy termos desa ham bo‘ladi. Uning siri esa, mana bu yantoq va qo‘y qiyida. Ikkalasini aralashtirib o‘choqqa qalasangiz, cho‘g‘i bir necha soatgacha saqlanib turadi».
Rostdan ham, qumg‘on choyi o‘zgacha ekan. Yo‘l charchog‘ini zumda bosdi.
Televizorga qarab, «ana, mening qo‘zichog‘im», derdim…
Chorva otarini aylandik. Qo‘y va qo‘zichoqlarning terisi nafis, bejirim, judayam chiroyli, har birida Ra’no opaning qo‘li, uning mehri, parvarishi seziladi.
— Har bir qo‘yga alohida mehr bilan qarayman. Yoshligimdan qo‘zichoqlarni juda yaxshi ko‘raman. Otam ham cho‘pon edi. Bolaligimda otarimizda har bir tug‘ilgan qo‘zichoqqa o‘zimcha ism qo‘yardim. Ular men uchun shunchalik qadrli ediki, hatto bir kuni juda yoqib qolgan bir qo‘zichoqni qorako‘l terichilarga bermayman deb, otam bilan qattiq tortishganim ham bor. O‘shanda otam «Qizim, seni qo‘zichog‘ingdan shaxsan Brejnevga telpak tikiladi», deb menga taskin bergan va o‘sha qo‘zichoqni topshirib yuborgan edi. Chindan ham o‘sha paytlarda, sobiq Ittifoq davlat rahbarlarining ko‘pchiligi aynan biz yetishtirgan qorako‘l teridan tikilgan telpaklarni kiyishardi. Shuning uchun har safar televizorda Brejnev yoki boshqa rahbarlarni qorako‘l telpakda ko‘rsam, «Ana, mening qo‘zichog‘im!» deb g‘urur bilan qarardim. Shu shu tevarak atrofdagi ko‘pchilik meni «Brejnevga qo‘zichoq jo‘natgan qiz» deydigan bo‘ldi.
— Endi esa hammasi o‘zgardi. Yangi tug‘ilgan qo‘zichoqlar terichilarga berib yuborilmaydi, aksincha, ularni o‘stirishga qoldiramiz. Bu ham iqtisodiy, ham ma’naviy jihatdan to‘g‘ri yo‘l. Qo‘ylar tabiiy yo‘l bilan ko‘payib, otarimiz yil sayin kengaymoqda, — dedi opa.
Atrofda yem-xashak va yantoq g‘aramlari piramida shaklida taxlangan ekan. Yantoqni ayni paytda tikoni qattiq bo‘lsa-da, qishda ochiq maydonda qor-yomg‘irda turib yumshaydi. Qishda qo‘ylarning joniga oro kiradigan ne’mat.
— Hozir cho‘ponning g‘ami yem-xashak yig‘ish, qishga tayyorgarlikda. Bu yil bahor sinovli keldi. Shu bois yem-xashakni qancha ko‘p zaxira qilib qo‘ysak, qo‘ylarimiz qishdan qiynalmay chiqadi, — dedi opa xashak g‘aramlarini ko‘rsatib.
Cho‘lda «xazina» topganman
— Mening ham, xo‘jayinimning ham ajdodimiz cho‘ponlar bo‘lgan. Dashtning ham o‘ziga xos hikmati, jonli hayoti bor. Sizlarga sukunatdek tuyuladigan bu keng qirliklar men uchun tirik bir olam. Qo‘y-qo‘zilar esa mening azaliy sirdoshlarim. Bu yerda qo‘y boqaman, ovqat tayyorlayman, kuni bilan harakatdaman — zerikishga umuman fursat yo‘q, — deb samimiy so‘zlaydi cho‘pon opamiz.
Rostdan ham, ba’zi ilmiy manbalarda qayd etilganidek, hayvonlarni parvarishlash insonning salbiy aurasi va ruhiy zo‘riqishini kamaytiradi. Bunday mashg‘ulot inson qalbiga osoyishtalik baxsh etib, uni ruhiy sokinlik sari yetaklaydi. Shuningdek, inson o‘zi sevgan ish bilan mashg‘ul bo‘lsa, hayotdagi turli muammo va stresslardan tezroq xalos bo‘lishi mumkin ekan. Xususan, nafaqa yoshida bo‘lsa-da, opaning shijoatli, tetik yurishi ham aynan mana shu sevimli mashg‘uloti — cho‘ponlik bilan bog‘liq ekani shubhasiz.
— Ko‘pchilik mendan: «Cho‘lda xazina topganmisiz? Ayol kishiga cho‘ponlik qiyinmasmi?» — deb so‘raydi. Yo‘q, qiynalmayman. Chunki bu yerda tabiatning o‘zi menga hamroh: hayvonlar, dov-daraxtlar — barchasi men bilan. Rostdan ham, bularning o‘zi xazina emasmi? Men odamlar orasida, atrofda yuzlab insonlar bo‘la turib, qalban yolg‘iz qolishdan ko‘proq qo‘rqaman. Shuncha yil cho‘ponlik qilib, olis dashtda bo‘lsam-da, qo‘y-qo‘zilardan ortib, farzandlarimning ta’lim-tarbiyasi bilan shug‘ullandim. To‘g‘ri, cho‘pon bo‘lib, balki ularga dunyo berolmadim, lekin to‘g‘ri tarbiya berdim, endi o‘zlari dunyoni topdi. Cho‘lda yashashimdan, cho‘pon ekanimdan hech afsuslanmayman. Aksincha, faxrlanaman. Bir ayol nimani orzu qilsa, shularga erishdim deb o‘ylayman. Hozir farzandlarim yonimga kirgan, ro‘zg‘orni olgan. «Ona, endi dam oling, sanatoriyalarga boring» deyishadi. Lekin hech bekor o‘tira olmayman, — deydi Ra’no opa.
Opaning samimiy so‘zlarida iftixor bilan tavozening uyg‘unligi namoyon bo‘ladi. Uning sabotli hayoti — cho‘l bag‘rida yashagan, lekin ertangi kunga ishongan, mehnatdan tiyilmagan, oilaga sadoqat va muhabbat bilan yashagan ayolning yorqin timsolida namoyon bo‘ladi.
— Biz cho‘ponlarda bolani qo‘y-qo‘zilar bilan tug‘ilgandan do‘st tutintirish odatimiz bor. Masalan, bola hali og‘zida tishi chiqmasidan, uni suruvdagi eng baquvvat, eng chiroyi qo‘zichoqning ustiga mindirib olish urfi bor. Bu bekorga emas. Chunki xalqimiz ishonadi: shunday qilinsa, bolaning tishi chiroyli, sog‘lom chiqadi, o‘zi esa rizqli bo‘ladi, barakali hayot kechiradi. Bola esini tanigandan boshlab, unga qo‘radagi o‘ziga yoqqan qo‘yni ko‘rsatib, «bu seniki», deymiz. Shundan boshlab bola o‘sha qo‘yni o‘ziniki deb bilib, unga mehr qo‘yadi. O‘zi qaraydi. Ana shunday mehr bilan ulg‘aygan bola chorvaga, mehnatga beg‘araz muhabbat bilan ulg‘ayadi.
Cho‘l qo‘ylarining go‘shti nega judayam totli?
Cho‘pon uyi atrofida e’tiborimizni tortgan narsa tarvaqaylab, beg‘am o‘sib yotgan isiriqlar bo‘ldi. Dashtda ular rosa ko‘p ekan.
— Qo‘ylarimizning go‘shti shirin bo‘lishining siri nimada, bilasizmi? — suhbatimizga qo‘shiladi Ra’no opaning turmush o‘rtog‘i O‘rol aka. — Qo‘ylar kuniga shu isiriqdan va boshqa dorivor o‘tlardan yeydi. Rizqini yaylovdan, qirlardan terib yeydi. Qo‘ldan yem berilmaydi. Shuning uchun ham qo‘ylarimizning go‘shti nafaqat shirin, balki shifobaxsh ham bo‘ladi.
Ra’no opa bilan maroqli suhbatimiz uzoq davom etdi. Bu mehnatkash ayolning samimiy so‘zlarida chuqur hayot tajribasi, fe’l-atvorida shijoat, dilida esa hayot haqiqatlari, sabot va bardoshdan shakllangan baxt mujassam.
Ha, ba’zan inson baxtni yirik shaharlar, yuksak lavozimlar yoki molu davlatda deb bilgan holda, qo‘l ostidagi oddiy go‘zalliklarni anglay olmaydi. Aslida esa baxt — qayerda yashashingda yoki qanday kasbda faoliyat olib borishingda emas. Baxt — insonning qalbidagi shukronalikda, hayotdan rozi bo‘lishda, yaqinida sevimli insonining mavjudligida, o‘z kasbiga bo‘lgan mehru e’tiborida mujassamdir. Ra’no Xo‘shiyeva timsolida biz aynan ana shunday hayot falsafasini ko‘rdik. U baxtni mehnatda, halollikda, halovatda deb biladi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat4 days ago
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Abadiy do‘stlik shartnomasi imzolandi
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi
-
Siyosat4 days ago
Илҳом Алиев Тошкентда тантанали кутиб олинди
-
Siyosat3 days ago
Ўзбекистон ва Озарбайжон раҳбарлари Бухоронинг машҳур обидаларини зиёрат қилдилар (фото)
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
-
Siyosat2 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyev AQSh kongressmenlari delegatsiyasini qabul qildi
