Sport
«Barsa» yutqazdi, «Siti» ochko yo‘qotdi. YeChLda 2-tur o‘yinlari
«Arsenal» greklardan qasos oldi, Holand rekord o‘rnatishda, «Qorabog‘» sensatsiya ko‘rsatishda davom etmoqda. Chorshanba oqshomida Chempionlar ligasining ikkinchi turi doirasidagi asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvalidagi vaziyat.
Mendesh yana Yamalga o‘yin bermadi
«Barselona» – «PSJ» 1:2
Gollar: Torres, 19 (1:0). Mayulu, 38 (1:1). Ramush, 90 (1:2)
«Barselona»: Shchensni, Kubarsi, Garsiya (Kristensen, 86), Martin (Balde, 72), Kunde, Pedri (Bernal, 79), de Yong, Olmo (Kasado, 72), Reshford (Levandovski, 72), Yamal, Torres
«PSJ»: Shevale, Zabarniy, Pacho, Nunu Mendesh, Hakimi, Vitinya, Zair-Emeri, Ruis (Ramush, 72), Barkolya (Li Kan In, 80), Mbay (Ernandez, 65), Mayulu (Ndjantu, 80)
Ogohlantirishlar: de Yong, 32. Olmo, 57. Kasado, 78. Yamal, 90 – Nunu Mendesh, 44. Hakimi, 87
«Barselona» va «PSJ» so‘nggi vaqtlarda bir-birining maydonida eng yaxshi o‘yinlarini ko‘rsatmoqda. Parijdagi so‘nggi o‘yinda kataloniyaliklar g‘alabaga erishgandi. Fransuzlar esa «Barsa»ni 2024 yil aprelida safarda mag‘lub etib qaytgandi. Bu an’ana davom etdi. «PSJ» qiyinchilik bilan bo‘lsa-da, irodali g‘alabaga erishdi. Tarkibdagi yo‘qotishlardan va jamoaning YeChLdagi taqvimidan kelib chiqilsa, bu o‘ta muhim g‘alaba bo‘ldi. Masalan, bu o‘yinni «Oltin to‘p» sohibi Usmon Dembele, «PSJ» sardori Markinios o‘tkazib yuborishdi, shuningdek, asosiy tarkib futbolchilaridan Xvicha va Due ham jarohatda. «Barselona» ham tarkib borasida muammolarga uchragan: Hansi Flik Rafinya, Joan Garsiya, Mark-Andre ter Shtegen, Fermin va Gavining xizmatlaridan foydalana olmayapti, Balde esa endigina jarohatidan tuzalgan va zaxira o‘rindig‘ida qoldirildi.
Shunga qaramay, mezbonlar o‘yinni kuchli boshlashdi va 19-daqiqada mantig‘iy gol urildi: Ferran Torres Lyuk Shevaleni aldab o‘tib, hisobni ochdi. «Barsa» hisobdagi ustunlikni oshirishi mumkin edi, ammo uddalay olmadi. «PSJ» esa o‘z vaziyatidan foydalandi va hisobni tenglashtirdi. 38-daqiqada Senni Mayulu Nunu Mendeshning pasidan keyin Voysex Shchensniga hech qanday imkon qoldirmadi.
Ikkinchi bo‘limda mehmonlar tashabbusni qo‘lga olishdi, o‘yin oxirida esa «Barsa» durangni ham saqlab qola olishmadi. 90-daqiqada yuqori chiziqda himoyalangan mezbonlar pand yeyishdi: qarshi hujumda Gonsalu Ramush Ashraf Hakimining pasidan keyin hech qanday qarshilikka uchramasdan g‘alaba golini urib ketdi.
Holandning dubli ham yetarli bo‘lmadi
«Monako» – «Manchester Siti» 2:2
Gollar: Holand, 15 (0:1). Teze, 18 (1:1). Holand, 44 (1:2). Dayyer, 90 – penalti (2:2)
«Monako»: Ken, Dayyer, Salisu (Kabral, 82), Kerer, Teze, Kulibali (Biyeret, 82), Diatta, Vanderson (Uttara, 22), Akliush, Fati (Idumbo, 64), Balogun (Ilenixenya, 82)
«Manchester Siti»: Donnarumma, Ruben Diash, Gvardiol, O`Rayli, Stouns (Mateus Nunes, 73), Rodri (Gonsales, 61), Reynders, Foden, Doku (Savio, 61), Bernardu Silva, Holand
Ogohlantirishlar: Diatta, 63 – Donnarumma, 39. Rodri, 57. Bernardu Silva, 88. Gonsales, 89. Savio, 90
O‘tgan turda «Bryugge» maydonida yirik hisobda mag‘lubiyatga uchragan (1:4) «Monako» «Manchester Siti» qarshisida juda ojiz ko‘ringandi. Holand tezkor goli bilan bu fikrni tasdiqladi, u o‘zining YeChLdagi 50-o‘yinida gol urmasligi qiyin ham edi. Monegaskliklar mudofaasi Gvardiolning uzun pasini o‘tkazib yuborishdi, norvegiyalik to‘purar esa to‘pga havoda zarba berib, darvozabon ustidan oshirib tashladi.
Ammo «Monako» sochilib ketmadi va tezda hisobni tenglashtirdi. Asli qanot himoyachisi bo‘lgan va bu o‘yinda markazda o‘ynashiga to‘g‘ri kelgan Teze uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi bilan Donnarummani ojiz qoldirdi. «Shaharliklar» yana oldinga o‘tishdi, avvaliga Fodenning zarbasidan keyin to‘p ustunga bordi, bo‘lim oxirida esa Holand bosh bilan ikkinchi golini urdi.
52-gol — Erlingning YeChLdagi o‘yinlari sonidan gollari soni ko‘pligicha qolmoqda. Ammo u shu bilan gol urishdan to‘xtadi, «Monako» esa 90-daqiqada mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. Niko Gonsales jarima maydoni ichida Erik Dayyerning yuziga tepib yubordi, belgilangan penaltini jabrlanuvchining o‘zi aniq ijro etdi. Adi Hyutter jamoasi turnirdagi ilk ochkoni qo‘lga kiritdi, «Manchester Siti» esa yetakchilar guruhiga qo‘shilib olish imkoniyatini qo‘ldan chiqardi.
Londonda revansh
«Arsenal» – «Olimpiakos» 2:0
Gollar: Martinelli, 12 (1:0). Saka, 90+2 (2:0)
«Arsenal»: Rayya, Saliba, Gabriel Magalyayns (Moskera, 75), Lyuis-Skelli, Uayt (Timber, 58), Subimendi, Merino (Rays, 58), Edegor, Martinelli (Eze, 73), Trossar (Saka, 73), Yokeresh
«Olimpiakos»: Tzolakis, Pirola, Retsos (Byankon, 85), Ortega, Koshtinya, Dani Garsiya (Skipioni, 75), Esse (Muzakitis, 85), Shikinyu (Strefetssa, 86), Podense, Martinsh (Torimiy, 62), Al-Kaabi
Ogohlantirishlar: Gabriel Magalyayns, 58. Subimendi, 61. Rays, 78 – Strefetssa, 90
To‘rt yarim yil oldin «Olimpiakos» sensatsion ravishda «Arsenal»ni Yevropa ligasidan chiqarib yuborgan, ammo bu Mikel Artetaning ilk davrida ro‘y bergandi. Hozir esa «kanonirlar» butunlay boshqacha darajada va greklarda avvalboshdan hech qanday imkoniyat yo‘q edi. Gabriel Martinelli esa tanqidchilarining og‘zini yopishda davom etmoqda.
Braziliyalik futbolchini muxlislar butun yoz bo‘yi tanqid qilishgandi, u esa o‘tgan turda «Atletik» bilan o‘yinda goli va pasi bilan g‘alaba keltirdi, keyin esa «Manchester Siti» bilan o‘yinda jamoani mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi, endi esa hisobni ochuvchi gol muallifiga aylandi. Shu bilan birga, u Yokereshni goldan mahrum qilmaslikka urindi va faqat shvetsiyalik hujumchining zarbasi ustundan qaytgachgina to‘pni darvoza to‘riga kiritib yubordi. Ikkinchi bo‘limda mehmonlar jiddiy qarshilik ko‘rsatishdi va Rayya bir necha bor o‘zini ko‘rsatishga to‘g‘ri keldi, ammo yakunda shu kuni barcha jabhada raqibdan ustunlik qilgan «Arsenal» ikkinchi golni ham urdi — kuchli formasiga qaytgan Edegor va Saka birgalikda gol yuzaga keltirishdi.
«Yuventus»da yana durang
«Vilyarreal» – «Yuventus» 2:2
Gollar: Mikautadze, 18 (1:0). Gatti, 49 (1:1). Konseysau, 56 (1:2). Veyga, 90 (2:2)
«Vilyarreal»: Tenas, Marin, Veyga, Pedrasa (Kardona, 76), Mourinio, Parexo (Moleyro, 64), Gey, Komesanya, Byukenen (Oluvaseyi, 64), Mikautadze (Axomax, 76), Pepe
«Yuventus»: Perin, Gatti, Kelli, Kalyulyu, Lokatelli, Makkenni, Kabal (Joao Mariu, 16), Kambiyaso (Rugani, 80), Kopmeyners (Konseysau, 46), Kenan Yildiz (Adjich, 80), David (Vlahovich, 86)
Ogohlantirishlar: Axomax, 85 – Kabal, 6. Kambyaso, 77. Konseysau, 90
Turning natijasini oldindan taxmin qilish qiyin bo‘lgan o‘yini Ispaniyada bo‘lib o‘tdi. «Vilyarreal» bu turda «Yuventus»ni qabul qildi. Guruh bosqichini ochko yo‘qotish bilan boshlagan turinliklarga g‘alaba juda zarur edi, ammo Igor Tyudor shogirdlari oldiga qo‘yilgan vazifani bajara olishmadi. «Vilyarreal» uchun barchasi juda yaxshi boshlandi: 18-daqiqada gurjistonlik forvard Jorj Mikautadze hisobni ochdi. Mezbonlar bo‘lim davomida ikkinchi golni urishi ham mumkin edi, ammo darvozabon Perin avvaliga Pedrasaning o‘tkir burchakdan yo‘llagan kuchli zarbasidan keyin to‘pni ustunga yo‘naltirishga ulgurdi, keyin esa himoyachilar xatosidan keyin vaziyatni to‘g‘riladi.
Ikkinchi bo‘limda esa «Yuve» kambek amalga oshirdi. Avvaliga Federiko Gatti qaychi uslubidagi zarba bilan hisobni tenglashtirdi. Keyin esa Konseysau jarima maydoniga yorib kirib, Arnau Tenasga imkon qoldirmadi. Ammo mehmonlar g‘alabali hisobni ushlab qola olmadi. 90-daqiqada «Yuventus»ning sobiq futbolchisi Renatu Veyga burchak zarbasidan keyin muvozanatni tikladi. O‘tgan safar turinliklar so‘nggi daqiqalarda bir ochko ishlab olishgandi, bu safar esa ularning o‘zi o‘yin oxirida g‘alabani qo‘ldan boy berishdi.
Yorqin «Borussiya»
«Borussiya» – «Atletik» 4:1
Gollar: Svensson, 28 (1:0). Chukvuemeka, 50 (2:0). Guruseta, 61 (2:1). Girassi, 82 (3:1). Brandt, 90+1 (4:1)
«Borussiya» D: Kobel, Anton, Bensebaini, Zyule (Shlotterbek, 69), Bellingem (Nmecha, 69), Zabitser, Svensson, Ryuerson, Chukvuemeka (Brandt, 63), Adeyyemi (Bayyer, 63), Girassi (Silva, 87)
«Atletik»: Simon, Vivian (Lyaport, 46), Paredes, Lekue, Gorosabel, Xauregisar (Ruis de Galarreta, 46), Rego, Navarro, Gomes (Serrano, 63), Inyaki Uilyams (Guruseta, 46), Sannadi (Sanches, 80)
Ogohlantirishlar: Bayyer, 89 – Paredes, 43. Gorosabel, 59
«Borussiya» Chempionlar ligasining birinchi turida «Yuventus» bilan o‘yinda ikki gol ustunligini saqlab qololmagan va 90-daqiqadan keyin ikki gol o‘tkazib yuborgandi (4:4). Bu safar Niko Kovach shogirdlari «Atletik»ni osonlik bilan mag‘lub eta oldi. Mezbonlar 28-daqiqadayoq Daniel Svenssonning goli evaziga hisobni ochishdi. Tanaffusdan keyin esa Karni Chukvuemeka dortmundliklarning ustunligini oshirdi. «Atletik» taslim bo‘lmadi va 61-daqiqada Gorki Gurusetaning sa’y-harakatlari evaziga hisobni qisqartirdi. Ammo o‘yin oxirida Seru Girrasi va Yulian Brandt o‘yin masalasini hal qildi — 4:1.
Sobiqlar bahsi
«Bayyer» – «PSV» 1:1
Gollar: Kofane, 65 (1:0). Saybari, 72 (1:1)
«Bayyer»: Flekken, Bade, Tapsoba, Kuansa, Fernandes, Garsiya, Grimaldo, Tap (Artur, 42), Tillman (Echeverri, 80), Poku (Ben Segir, 73), Kofane (Maza, 80)
«PSV»: Kovarj, Gaserovski, Obispo (Flamingo, 66), Salax-Eddin, Mauro Junior, Sxauten, Verman, Saybari, Perishich (Driosh, 73), Man (Bayraktarevich, 73), Til
Ogohlantirishlar: Til, 64. Saybari, 90
Peter Bosh 2018 yildan 2021 yilgacha «Bayyer»ni boshqargan. Endi u «PSV» bosh murabbiyi sifatida Leverkuzenga tashrif buyurdi. Mezbonlar sobiq ustoziga ortiqcha mulozamat ko‘rsatib o‘tirishmadi. «Bayyer» 65-daqiqada Kristian Kofanening goli bilan hisobni ochdi, ushbu forvard leverkuzenliklarning YeChLda gol urgan eng yosh futbolchisi bo‘ldi (19 yoshu 67 kunlik). Ammo niderlandlar 72-daqiqada Ismael Saybarining goli bilan javob qaytarishdi. Lekin eyndxovenliklar o‘yin davomida atigi olti bor zarba yo‘llab, so‘nggi uch mavsumda barcha turnirlar doirasidagi eng past ko‘rsatkichini qayd etishdi. Yakuniy durang esa ikki tomonni ham qoniqtirmaydi. «Bayyer»da qatorasiga ikkinchi durangdan keyin 2 ochko bor, «PSV» uchun bu ikki turdagi birinchi ochko.
Klass va xarakter
«Napoli» – «Sporting» 2:1
Gollar: Hoylund, 36 (1:0). Suares, 62 – penalti (1:1). Hoylund, 79 (2:1)
«Napoli»: Milinkovich-Savich, Juan Jyezus, Bekema, Guterres (Olivera, 81), Spinatssola, Lobotka, De Breyne (Gilmor, 81), Zambo Angissa, Maktominay (Neres, 69), Politano (Lang, 69), Xeylunn (Lukka, 90)
«Sporting»: Ruy Silva, Gonsalu Inasiu, Kuarejma (Debast, 67), Arauxo, Fresneda, Yulmann, Simoyes (Morita, 78), Trinkan (Gonsalvesh, 46), Katamu (Suares, 46), Kenda, Ioannidis (Santos, 67)
Antonio Konte jamoasi uchun uy o‘yini oson kechmadi va «Sporting» ketma-ket kombinatsiyalar uyushtirayotganida tribunalardagi muxlislar hushtakbozlik qilishdi. Ammo bo‘lim oxirlarida Zambo-Angissa va De Bryuynening pressingdan chiqib ketishdagi harakatlari belgiyalik yarimhimoyachi raqib futbolchilari orasidan o‘tkazgan pasi orqali Hoylundni qulay vaziyatga chiqarishi bilan yakunlandi. «MYu»da ishlari yurishmagan daniyalik hujumchi Italiyada top-formasiga qaytmoqda. U himoyachilardan qochib ketdi va to‘pni darvozabonning oyoqlari orasidan o‘tkazib darvoza to‘riga yo‘lladi.
Ikkinchi bo‘limda mehmonlar hujumchisi Luis Suares penaltidan hisobni tenglashtirdi, ammo mezbonlar yana De Bryuyne va Hoylundning sa’y-harakatlari evaziga vaziyatni o‘z tomoniga og‘dira oldi. Kevin YeChLdagi golli uzatmalari sonini 31 taga yetkazgan holda turnir tarixidagi eng yaxshi assistentlar ro‘yxatida Xavini ortda qoldirib, Giggz bilan beshinchi o‘rinni bo‘lishib turibdi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda shu yozda «Torino»dan sotib olingan darvozabon Vanya Milinkovicha-Savich Yulmanning xavfli zarbasini qaytarib, jamoasi g‘alabasini saqlab qoldi.
«Qorabog‘»da ideal start
«Qorabog‘» – «Kopenhagen» 2:0
Gollar: Zubir, 28 (1:0). Adday, 83 (2:0)
«Qorabog‘»: Koxalski, Mustafozoda, Medina, Jafarguliyev (Kuaku, 90), Silva, Borjyes, Pedru Bikalyu, Leandru Andrade (Bayramov, 78), Zubir (Gurbanli, 90), Kashchuk (Adday, 70), Duran (Oxunzoda, 78)
«Kopenhagen»: Kotarski, Gabriel Pereyra, Xatzidiakos (Ashuri, 69), Lopes, Ueskas (Zage, 15), Lerager, Dileyni (Madsen, 78), Robert (Sudzuki, 46), Larsson, Mukoko (Klasson, 46), Al-YunussiOgohlantirishlar: Silva, 74. Bayramov, 85.
Oxunzoda, 90 – Lopes, 50
«Qorabog‘» avvaliga «Benfika»ni safarda mag‘lub etib (3:2), Brunu Lajyening iste’fosiga sababchi bo‘lgandi. Endi Gurban Gurbanov shogirdlari Bokudagi o‘yinda «Kopenhagen» ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi. Ozarboyjonliklar birinchi bo‘limda o‘yinni nazorat qilishdi va 28-daqiqada o‘yin mantig‘idan kelib chiqqan gol urildi. Tanaffusdan keyin esa «Qorabog‘» hisobni saqlash uchun himoyalandi va daniyaliklarga hisobni tenglashtirishga imkon bermadi. 84-daqiqada Emmanuel Adday olis masofadan yo‘llagan zarbasi bilan hisobdagi ustunlikni oshirdi – 2:0.
Endi «Qorabog‘» 100 foizlik natija bilan umumiy jadvalda kuchli sakkizlikdan o‘rin olib turibdi. O‘tgan mavsumda sakkiz o‘yinda atigi uch ochko jamg‘argan ozarboyjonliklar so‘nggi – 36-o‘rinni egallashgandi, endi esa hozircha pley-offga da’vogar jamoalar qatorida turibdi. Lekin buyog‘iga jamoaning taqvimi oson emas, uchinchi turda Bilbaoda «Atletik» mehmoni bo‘ladi, undan keyingi raqiblar ham ochko berib qo‘yadigan jamoalar emas: «Ayntraxt», «Napoli», «Chelsi», «Ayaks» va «Liverpul».
«Nyukasl»da rekord
«Yunion» – «Nyukasl» 0:4
Gollar: Voltemade, 17 (0:1). Gordon, 43 – penalti (0:2). Gordon, 64 – penalti (0:3). Barns, 80 (0:4)
«Yunion»: Sxerpen, Berdjyess, Leysen, Makallister (Sayks, 67), van de Perre (Rasmussen, 67), Zorgan, Nyang, Xalaili (Patris, 78), Ait Al-Haj, Devid (Jiger, 46), Rodriges (Bufal, 74)
«Nyukasl»: Poup, Botman, Tshau, Bern, Tripper (Sher, 83), Tonali, Joelinton (Mayli, 59), Gimarayns (Xoll, 73), Gordon, Elanga (Barns, 73), Voltemade (Osula, 73)
Ogohlantirishlar: van de Perre, 39. Berdjyess, 51. Makallister, 57. Jiger, 60 – Joelinton, 36
«Nyukasl» 1-turda «Barselona»ga yutqazgan (1:2), «Yunion» esa kutilmaganda «PSV» bilan safar o‘yinida oson g‘alabaga erishgandi (3:1). Lekin belgiyaliklar o‘z maydonida «Nyukasl»ga jiddiy qarshilik ko‘rsata olmadi, mehmonlar birinchi bo‘limning o‘zida ikki gol farqi bilan ustunlikka erishishdi. Angliyadagi o‘yinlarda faqat boshda gol urayotgan Voltemade bu safar Tonalining zarbasini hokkeycha uslubda yo‘l-yo‘lakay darvozaga to‘g‘rilab yubordi. Birinchi bo‘lim oxirida esa Elanga jarima maydoni ichida yiqitildi, belgilangan penaltini aniq ijro etgan Gordon «qarg‘alar»ning YeChLda qatorasiga ikki o‘yinda gol urgan uchinchi futbolchisi bo‘ldi (Alan Shirer va Shol Ameobidan keyingi). Yakuniy 4:0 hisobidagi natija esa — «Nyukasl» uchun asosiy yevrokubokdagi eng yirik g‘alabaga aylandi.
Sport
Abduqodir Husanov «Manchester City» bilan shartnomasini 2031 yilgacha uzaytirdi
«Manchester City» O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov bilan yangi besh yillik shartnoma imzolaganini rasman e’lon qildi. Yangi kelishuvga ko‘ra, futbolchi klub safida 2031 yilgacha to‘p suradi.
Husanov Angliya klubiga 2025 yil yanvar oyida kelib qo‘shilgan bo‘lib, qisqa vaqt ichida jamoaning asosiy futbolchilaridan biriga aylandi. 2025/26 yilgi mavsumning ikkinchi yarmida u Mark Geyi bilan markaziy himoyada ishonchli tandem hosil qilib, jamoaning so‘nggi 19 ta APL uchrashuvidan 16 tasida maydonga tushdi. Shuningdek, Angliya kubogi va Liga kubogi finallarida ham muhim rol o‘ynadi, deyiladi klub matbuot xizmatining xabarida.
Ta’kidlanishicha, 22 yoshli himoyachi «Manchester City» safida atigi 47 ta o‘yin o‘tkazganiga qaramay, yuqori tezligi va samarali himoyaviy harakatlari bilan Premyer-liganing eng istiqbolli yosh futbolchilaridan biri sifatida e’tirof etildi. U, shuningdek, klubning 2025/26 yilgi mavsumdagi eng yaxshi futbolchisi sovrini uchun nomzodlar uchligidan ham joy olgan edi.
Bundan tashqari, Husanov O‘zbekiston terma jamoasining tarixda ilk bor Jahon chempionatiga yo‘llanma olishi yo‘lida ham muhim hissa qo‘shdi.
Yangi shartnoma imzolangach, Abduqodir Husanov klubda qolayotganidan mamnunligini bildirib, «Manchester City»da har kuni rivojlanayotganini ta’kidladi.
«Bu men va oilam uchun juda quvonchli kun. Manchesterga kelganimdan buyon har bir lahzadan zavq oldim va futbolchi sifatida ko‘p narsani o‘rgandim. Endi yangi vazifam — Enso Mareska va uning murabbiylar shtabiga o‘zimni namoyon etish hamda jamoada muntazam o‘rin egallash. Muxlislarga qo‘llab-quvvatlagani uchun rahmat. Endi bor e’tiborim klub muvaffaqiyati uchun bor kuchimni berishga qaratilgan», — dedi Husanov.
Klubning futbol bo‘yicha direktori Ugu Viana esa Husanovning Angliyaga kelganidan buyon rivojlanishidan mamnun ekanini bildirib, uning jahon darajasidagi markaziy himoyachiga aylanishi uchun barcha imkoniyatlarga ega ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 22 yoshli futbolchining eng yaxshi yillari hali oldinda va u Enso Mareskaning rejalarida muhim o‘rin tutadi.
Sport
Fransiya va Germaniya birgalikda jahon chempionatini o‘tkazishi mumkin
Kelasi mundiallardan biri Fransiya va Germaniya o‘tishi mumkin.
«Le Parisien» nashrining xabar berishicha, Fransiya va Germaniya Jahon chempionatini birgalikda o‘tkazishni ko‘rib chiqmoqda.
Ikki mamlakat 2038 yoki 2042-yilgi Jahon chempionatini o‘tkazish uchun qo‘shma ariza topshirishi kutilyapti. 2030-yilgi Jahon chempionati Ispaniya, Portugaliya va Marokashda bo‘lib o‘tadi.
Ochilish o‘yinlari Urugvay, Argentina va Paragvayda bo‘lib o‘tadi. 2034-yilgi Jahon chempionati Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadi.
Sport
O‘zbekiston terma jamoasining Osiyo o‘yinlaridagi raqiblari aniq bo‘ldi
Yaponiyada o‘tkaziladigan Aichi-Nagoya-2026 yozgi Osiyo o‘yinlarining jamoaviy sport turlariga qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tmoqda.
Unga ko‘ra, futbol bo‘yicha O‘zbekiston U23 terma jamoasi S guruhida Vetnam, Filippin va Kuvayt bilan bahs olib boradigan bo‘ldi.
A guruhi: Yaponiya, Tailand, Qirg‘iz Respublikasi, Gongkong
B guruhi: Xitoy, BAA, Eron, KXDR
C guruhi: Vetnam, O‘zbekiston, Filippin, Kuveyt
D guruhi: Koreya Respublikasi, Saudiya Arabistoni, Qatar.
Sport
Yamal Messiga qarshi. JCh finali intrigalari
Bugun tunda Ispaniya va Argentina keyingi to‘rt yillikning eng kuchli jamoasini aniqlaydi.
JCh-2026 finali
Ispaniya – Argentina
20 iyulga o‘tar kechasi, 00.00. New York/New Jersey Stadium (Nyu York)
Shunchaki eng kuchlilar
Bunday afishadagi final jahon chempionatiga ideal darajada mos keladi, chunki bu sayyoraning eng yaxshi ikki jamoasi o‘rtasidagi murosasiz to‘qnashuvdir.
Ispaniya – Yevropaning amaldagi chempioni, Argentina – amaldagi jahon chempioni va Amerika kubogi sohibi. Bundan tashqari, aynan shu ikki jamoa hozirda FIFA reytingida eng yuqori ikki o‘rinni egallab turibdi: janubiy amerikaliklar birinchi, yevropaliklar ikkinchi o‘rinda. Bu reyting yuritilishi boshlangan 1992 yildan buyon jahon chempionati finalida uning ikki yetakchisi o‘zaro o‘ynamoqda. Qo‘shimcha intriga – bunga qadar biror marta turnir arafasida reytingda birinchi o‘rinda bo‘lgan jamoa yakunda chempionlikni qo‘lga kiritmagan, shunday ekan, bu oqshom Argentina statistikaga ham qarshi borishiga to‘g‘ri keladi.
Bundan tashqari, tarixda birinchi bor jahon birinchiligining hal qiluvchi o‘yinida ikki qit’a chempionlari to‘qnashadi. Shu yil martida Ispaniya va Argentina Qatarda bitta o‘yindan iborat turnir – Finalissimada o‘zaro kuch sinashishi rejalashtirilgandi. Ammo AQSh va Isroil Eronga qarshi urush boshlagach, bu o‘yin bekor qilingandi. Endi bu ikki jamoa baribir yanada muhimroq sovrin uchun kuch sinashadigan bo‘ldi.
Leo va u cho‘miltirgan Lamin
Argentina finalga chiqishi bilan ijtimoiy tarmoqlarda 2007 yilgi fotosurat virusdek tarqaldi, unda 20 yoshli Lionel Messi tog‘orada Lamin Yamal ism-sharifli chaqaloqni cho‘miltirayotgani aks etgan – o‘shanda u hali yarim yosh ham emasdi. Bu 2008 yilgi xayriya taqvimi uchun olingan real kartinadir.
Tabiiyki, o‘shanda hech kim bu ikki shaxs 19 yil o‘tib jahon chempionati finalida bir-biriga qarshi o‘ynashini tasavvur qila olmasdi. Qolaversa, Yamal va Messi o‘ynayotgan jamoalarning yo‘li shu vaqtgacha kesishmagandi, shunday ekan, bu ularning ilk uchrashuvi bo‘ladi.
Bu dueldagi asosiy intriga fotosuratda ham emas. Leo uchun bu o‘yin katta ehtimol bilan, jahon chempionatlaridagi so‘nggi o‘yin bo‘lib qoladi. Argentinalik futbolchi – hozirgi asrning dastlabki choragida futbolning asosiy ramzlaridan biri. Lamin esa, aksincha, yangi davr yuzlaridan va «Barselona»da Messining vorisi. Pafosli qilib aytganda, buni ikki davr to‘qnashuvi deyish ham mumkin.
Yamalning yangi rekordi
13 iyul kuni Yamal 19 yoshga to‘ldi. U endi tarixdagi eng yosh jahon chempioni bo‘la olmaydi – bu titul 1958 yilgi mundialda 17 yoshda bo‘lgan Peleda qolmoqda. U jahon birinchiliklarida oltin medal qo‘lga kiritgan eng yosh yevropalik ham bo‘la olmaydi – italiyalik Juzeppe Bergomi 1982 yil 18 yoshida chempion bo‘lgandi.
Ammo Yamal yanada yuqoriroq darajadagi maqomga erishishi mumkin – jahon va Yevropa chempionatlarida g‘olib chiqqan eng yosh futbolchi. Ikki yil oldin ushbu vinger Ispaniya milliy jamoasi bilan 17 yoshga kirganini nishonlaganidan bir kun o‘tib qit’a chempionligini ham nishonlagandi, bugun tunda esa u yana bir katta sovrinni qo‘lga kiritishi mumkin. Bungacha hech kim 19 yoshida ham Yevropa va ham jahon chempionatlarida g‘olib bo‘la olmagan.
De la Fuente yoki Skaloni: ulardan biri tarixga kiradi
Ispaniya milliy jamoasi safida ikki yil oldin Yevro g‘olibi bo‘lgan 16 nafar futbolchi bor. Ammo asosiy intriga murabbiylar shtabida. Luis de la Fuente jamoani 2022 yilgi jahon chempionatidan keyin qabul qilib olib, avvaliga qit’a birinchiligida g‘olib bo‘ldi, endi navbat jahon birinchiligiga.
Agar jamoasi bu finalda ham g‘alaba qozonsa, unda de la Fuente Yevropa chempionati va jahon chempionatida g‘olib chiqqan uchinchi murabbiyga aylanadi. Bu borada birinchisi Helmut Shen bo‘lgandi, u bu natijaga GFR termasi bilan erishgan (Yevro-1972, JCh-1974), ikkinchisi esa – ispanlarning sobiq ustozi Visente del Boskedir (JCh-2010, Yevro-2012).
Argentina milliy jamoasi ustozi Lionel Skaloni ham tarixga kirish imkoniga ega. U allaqachon Amerika kubogida ikki bor g‘alaba qozondi, Finalissimada g‘olib chiqdi, eng asosiysi, jahon chempioni bo‘lishga ham ulgurgan. Hozircha o‘z jamoasi bilan ikki bor jahon chempioni bo‘lgan yagona murabbiy – 1934 va 1938 yillarda o‘z vatani jamoasini jahon chempioniga aylantirgan italiyalik Vittorio Potsso bo‘lib qolmoqda. Boshqa so‘z bilan aytganda, Skaloni qariyb bir asrdan buyon hech kim erisha olmayotgan natijaga erishishi mumkin.
17 nafar argentinalikda ikki karra jahon chempioni bo‘lish imkoni bor
Argentina milliy jamoasi tarkibi so‘nggi to‘rt yilda deyarli o‘zgarmadi. Qaydnomadagi 26 futbolchidan 17 nafari Qatardagi mundialda ham jahon chempioni bo‘lgandi. Yakshanba oqshomidagi o‘yinda ular ikki karra jahon chempioni bo‘lish va ikki karra JCh chempioni bo‘lgan futbolchilar ro‘yxatini jiddiy darajada kengaytirish imkoniga ega – hozirda bunday ro‘yxatda 20 kishi bor. Bular asosan brazillar va italyanlardir, ammo u yerda bitta argentinalik – 1978 va 1986 yilgi mundiallarda Argentina milliy jamoasi safida bo‘lgan Daniel Passarella ham bor.
Pele esa uch karra jahon chempioni bo‘lishga muvaffaq bo‘lgan yagona futbolchidir. Ammo agar bu tunda Argentina g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, uning rekordini ham keyingi mundiallarda qaysidir argentinalik takrorlashi mumkin bo‘ladi.
Rodri tarixga kirishi mumkin
Shu vaqtgacha faqat o‘n kishi «Oltin to‘p», jahon chempionati va Chempionlar ligasi/Yevropa chempionlari kubogini qo‘lga kiritgan:
Bobbi Charlton
Gerd Myuller
Frans Bekkenbauer
Paolo Rossi
Zinedin Zidan
Rivaldo
Ronaldinio
Kaka
Lionel Messi
Usmon Dembele
Ko‘rinib turibdiki, bu ro‘yxatda ispanlar yo‘q, shunday ekan, Rodri birinchisi bo‘lishi mumkin. 30 yoshli ushbu yarimhimoyachi 2023 yilda «Manchester Siti» bilan Chempionlar ligasi g‘olibi bo‘lgan, 2024 yilda «Oltin to‘p» uchun kurashda Vinisiusni ortda qoldirgan. Jahon chempionatida ham g‘olib chiqish uning nomini abadiylashtiradi.
Ispaniya rekordga qarab ketmoqda
Yarimfinalda Fransiya ustidan qozonilgan g‘alaba shuni anglatadiki, Ispaniya milliy jamoasi mag‘lubiyatsiz o‘yinlar seriyasini 37 o‘yinga yetkazgan. Luis de la Fuente shogirdlari oxirgi bor 2024 yil 22 mart kuni Kolumbiyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida yutqazgandi (0:1). O‘tgan yil Millatlar ligasi finalida Portugaliyaga penaltilar seriyasida boy berilgan o‘yin bu o‘rinda mag‘lubiyat deb hisoblanmaydi, chunki o‘yinning asosiy vaqti durang hisob bilan tugagan.
37 o‘yin – 2018 yildan 2021 yilga qadar bo‘lgan oraliqda umuman yutqazmagan Italiya milliy jamoasi rekordini takrorlashdir. Agar jahon chempionati finalida Ispaniya g‘alaba qozonsa yoki o‘yinni penaltilar seriyasigacha olib borsa, unda «Qizil furiya» jahon rekordini yangilaydi.
Kim eng yaxshi to‘purar bo‘ladi?
Bu safargi mundialda to‘purarlar o‘rtasida fantastik poyga kuzatilib, bir vaqtning o‘zida bir necha yulduzlar birinchilik uchun kurash olib borishdi. Uchinchi o‘rin uchun Fransiya va Angliya o‘rtasida kechgan bahsdan (4:6) keyin to‘purarlar ro‘yxati (gol+pas tizimida) quyidagi ko‘rinishda:
Kilian Mbappe (Fransiya) – 10+4
Lionel Messi (Argentina) – 8+4
Jud Bellinghem (Angliya) – 7+1
Erling Holand (Norvegiya) – 7+0
Usmon Dembele (Fransiya) – 6+2
Harri Keyn (Angliya) – 6+1
Mikel Oyyarsabal (Ispaniya) – 5+1
Gollar soni teng bo‘lib qolgan taqdirda «Oltin butsa» golli uzatmalar soni ko‘p bo‘lgan futbolchiga beriladi. Uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda Mbappe 2 gol urdi va bir golga uzatma berib, poygada yaqqol birinchi o‘ringa chiqib oldi. Hozirda faqat Messi va Oyyarsabalda unga yetib olish uchun nazariy imkoniyat mavjud.
Uni quvib o‘tish uchun Messi finalda yoki het-trik qayd etishi yoki 2 gol va 1 golli uzatma muallifi bo‘lishi talab etiladi. Ispaniyalik hujumchida esa amalda imkoniyat yo‘q: u finalda kamida beshta gol urishiga hech kim ishonmaydi.
Qolaversa, Messi JCh tarixidagi eng yaxshi to‘purar maqomini ham boy bergan: o‘tgan tundagi o‘yindan keyin Mbappe 22 gol bilan birinchi o‘ringa chiqib oldi, Messi undan bitta kam gol urgan.
«Oltin to‘p»ni kim oladi?
Yana bir muhim masala – «Oltin to‘p»ni kim qabul qilishi. Gap har ikki sovrin haqida ketmoqda – jahon chempionatining eng yaxshi futbolchisiga beriladigan va France Football tomonidan har yili topshiriladigan sovrinlar.
E’tiborli jihati, Messi 39 yoshida ham ushbu sovrinlar uchun real da’vogarlik qilmoqda. Yarimfinal o‘yinlaridan keyin argentinalik hujumchi ko‘p versiyalar bo‘yicha favoritga aylandi. Agar Argentina jahon chempioniga aylansa, uni turnirning eng yaxshi futbolchisi sifatida tan olmaslikning imkoni yo‘q. Agar Ispaniya g‘olib bo‘lsa, boshqa variantlar ham paydo bo‘ladi va ko‘p narsa final o‘yiniga bog‘liq.
Sport
JCh kundaligi. Bronza uchun triller va Tuxelni tanqid qilgan Tramp
Mbappe Messining, Olise Pelening rekordini yangiladi; Argentina va Ispaniya murabbiylari bir-birining futbolchilarini maqtamoqda, Messi Yamalning chaqaloqlikdagi mashhur suratini esladi.
Angliya va Fransiya milliy jamoalari JCh-2026 bronza medallari uchun bahsda haqiqiy shou uyushtirib berishdi. Jamoalar birgalikda 10 ta gol urishdi, bu bahsda Tomas Tuxel shogirdlari baribir g‘alabani ushlab qolishdi – 6:4.
Maydon tashqarisida ham qiziqarli voqealar davom etmoqda. Xalqaro olimpiya qo‘mitasi «Balogun ishi» bo‘yicha FIFA prezidenti Janni Infantinoni jazolamaydigan bo‘ldi, AQSh prezidenti Donald Tramp Tuxelning Argentina bilan o‘yindagi (1:2) taktikasini tanqid qildi, Ispaniya milliy jamoasi ustozi Luis de la Fuente esa finalda Lionel Messini personal qo‘riqlash yordam bermasligini tan oldi.
Hokkeycha hisob
Fransiya – Angliya 4:6
Gollar: Rays, 3 (0:1). Konsa, 18 (0:2). Saka, 37 (0:3). Saka, 45+1 (0:4). Mbappe, 48 (1:4). Barkolya, 54 (2:4). Mbappe, 66 (3:4). Saka, 87 – penalti (3:5). Dembele, 90+6 (4:5). Bellinghem, 90+8 (4:6)
Fransiya: Menyan, Konate (Din, 46), Lakrua, Ernandez (Upamekano, 46), Gyusto (Kunde, 90), Rabio, Zair-Emeri, Sherki (Dembele, 46), Due (Barkolya, 46), Olise, Mbappe
Angliya: Henderson, Konsa, Geyi (Chaloba, 90), Kuansa (Jyeyms, 83), Spens, Rays, Rodjyers, Eze (Anderson, 79), Saka, Reshford (Uotkins, 46), Toni (Bellinghem, 79)
Tashqaridan qaraganda Fransiya – Angliya to‘qnashuvi jahon chempionatining eng yorqin afishasi edi. Ammo ushbu jamoalarning o‘zi o‘zaro o‘yinga jiddiy yondashgani yo‘q. Bir necha kun oldin ular finalni orzu qilishayotgandi, endi esa atigi uchinchi o‘rin uchun kurashishga to‘g‘ri kelardi. Tuxel ham oldindan aniq qilib aytdi: bu o‘yin uning futbolchilari uchun qiziq emas. Fransuzlardagi kabi.
«Bizning ham, Fransiya milliy jamoasining ham biror futbolchisi bu o‘yinda ishtirok etishni xohlamayapti. Barcha finalda o‘ynashni xohlagandi. Ammo qoida shunday, shuning uchun biz o‘yinga professionallarcha yondashamiz», – degandi murabbiy jurnalistlarga.
Shunga qaramay, bu o‘yin JCh tarixida qoladigan bo‘ldi. Sermahsullik bo‘yicha bu o‘yin kutilmalarni ortig‘i bilan oqladi. Murabbiylar rotatsiyaga qo‘l urgan bo‘lishsa-da, ikki tomondan Mbappe, Olise, Saka va Rays kabi yulduz futbolchilar ilk daqiqalardan harakat qilishdi.
Britanlar ilk daqiqalardan hujumkor harakat qilishdi va birinchi bo‘limning o‘zida raqib darvozasini to‘rt bor ishg‘ol etishdi. Rays 3-daqiqada hisobni ochgan, keyinroq Ezri Konsaga gol urishda yordam bergan bo‘lsa, Bukayo Saka dublni rasmiylashtirdi.
Fransuzlar esa ikkinchi bo‘limda bunday sharmandalikka rozi bo‘lishmadi va darhol javob qaytarishni boshlashdi. 66-daqiqaga kelib Dide Desham shogirdlari (bu uning jamoa boshqaruvidagi so‘nggi o‘yini edi) uchta gol urishdi: Mbappe dublni rasmiylashtirib, hozirgi turnirda ham, butun jahon chempionati tarixida ham Messini ortda qoldirdi (Kilianda endi bu turnirdagi gollar soni 10 ta, Leoda esa 8 ta, shuningdek, turnir tarixidagi barcha gollar bo‘yicha nisbat 22:21 fransuz hujumchisi foydasiga), yana bir golni uning assisti bilan Bredli Barkolya urdi.
Hisobni minimumgacha qisqatirgach, fransuzlar hisobni tenglashtirish uchun bosim qilishda davom etishdi va o‘z maqsadiga erishishi ham mumkin edi, ammo Maykl Olise qulay vaziyatdan foydalana olmadi.
Ko‘p o‘tmay Saka penaltini aniq ijro etib, het-trikni nishonladi. Ammo bu bilan o‘yindagi intrigaga barham berilmadi: o‘yin yakunigacha jamoalar yana bittadan gol urishdi. 96-daqiqada Usmon Dembele, 98-daqiqada Jud Bellinghem o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘yishdi.
Dembelening goliga uzatma bergan Olise esa birato‘la Pelening rekordini yangilab qo‘ydi: u bir turnirdagi assistlari sonini 7 taga yetkazib, braziliyalik afsonaviy hujumchining 1970 yildagi ko‘rsatkichini yaxshiladi.
Yakuniy hisob hokkeycha ko‘rinish oldi. Jami zarbalar ko‘rsatkichi ham anomal ko‘rinishda edi – 19:19 (darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar bo‘yicha 11:9, xG – 2,89 ga qarshi 2,77 inglizlar foydasiga).
Tuxel esa o‘yindan oldingi fikrlariga ters o‘laroq, o‘yindan keyin baxtiyor edi va maydon bo‘ylab yurib, o‘z shogirdlarini bronza bilan tabrikladi. Bu Angliya milliy jamoasi uchun 1960 yilgi mundialdan buyon ilk medal bo‘ldi.
XOQ Infantinoni jazolamaydi
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi AQSh milliy jamoasi hujumchisi Folarin Balogunning diskvalifikatsiyasi kechiktirilgani bilan bog‘liq vaziyat uchun FIFA prezidenti Janni Infantinoga sanksiya qo‘llamoqchi emas.
Avvalroq FairSquare notijorat tashkiloti FIFA rahbarining harakatlari yuzasidan qo‘mitaga shikoyat yo‘llagani ma’lum bo‘lgandi. Ammo The Guardian manbasiga ko‘ra, XOQ xalqaro federatsiyalarning o‘z qoidalarini qo‘llash xususiyatlariga aralashishni istamaydi.
Nashrning boshqa suhbatdoshi so‘zlariga ko‘ra, XOQ va FIFA o‘rtasidagi kuchlar muvozanati so‘nggi yigirma yil ichida futbol tashkiloti foydasiga sezilarli darajada o‘zgargan – uning ta’siri tijorat daromadlari va yosh auditoriyani jalb qilish borasida ortib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, Balogun JCh 1/16 finalida Bosniya va Hersegovinaga qarshi o‘yinda (2:0) «jiddiy qoidabuzarlik» uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka olgandi va kamida ikkita o‘yinni o‘tkazib yuborishi kerak edi.
Ammo FIFA intizomiy qo‘mitasi diskvalifikatsiya amal qilishini bir yillik sinov muddati uchun to‘xtatdi va futbolchi 1/8 finalda Belgiyaga qarshi kechgan o‘yinda (1:4) maydonga tushdi. Keyinroq AQSh prezidenti Donald Tramp ushbu masalada Infantino bilan gaplashganini tan oldi.
Nyu Yorkdagi smog JCh finaliga xalal bermaydi
Hafta davomida Ole nashri Ispaniya va Argentina o‘rtasidagi hal qiluvchi Kanadada avj olgan o‘rmon yong‘inlari tufayli boshqa joyga ko‘chirilishi mumkinligi haqida xabar tarqatgandi. Qo‘shni mamlakatda ko‘tarilgan tutun AQSh shimoli-sharqigacha kelgan va yirik shaharlarga yaqinlashgan – payshanba kuni havo ifloslanishi tufayli Chikagoda MLS o‘yini ko‘chirilgandi.
Smog 19 iyul kuni kechqurun jahon chempionati finali o‘tkaziladigan Nyu York shahriga ham yopirilgan. Ammo Bloomberg agentligi o‘z manbalariga tayanib xabar berishicha, FIFA o‘yin vaqti va joyini ko‘chirmoqchi emas.
Materialda xabar qilinishicha, futbol federatsiyalari vakillari bu haqda Oq uyning turnirga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha ishchi guruhi rahbari Endryu Juliani bilan norasmiy suhbat o‘tkazgan. Ular o‘rtasida iqlim masalasi bo‘yicha rasmiy uchrashuvlar rejalashtirilmagan.
Ispaniya va Argentina murabbiylari Messi va Yamalni maqtamoqda
JCh hal qiluvchi o‘yini arafasida Argentina va Ispaniya milliy jamoalari ustozlari bir-birining futbolchilariga kompliment yog‘dirdi. Lionel Skaloni «Qizil furiya» vingeri Lamin Yamalga yuqori baho bergan, Luis de la Fuente – «Albiseleste» sardori Lionel Messi sha’niga maqtov yog‘dirgan.
«Yamal – futbol xazinasi, – deya Skalonining so‘zlarini keltiradi Ole. – Unga qarshi himoyalanish juda qiyin, u Ispaniyaga katta quvonch keltirishi mumkin bo‘lgan futbolchi. Umid qilamanki, yakshanba kuni bunday bo‘lmaydi. Albatta, uni mehmonxonaga qamab, maydonga chiqarmaslikni istardim».
De la Fuente esa ispanlar Messiga qarshi personal himoyalanmasligi, chunki bundan naf yo‘qligini aytdi.
«Men Leoni «Sevilya» yoshlar jamoasini shug‘ullantirib yurgan davrimdan buyon bilaman. Biz uning yoniga bir futbolchi qo‘ydik, keyin u kartochka oldi, men uni almashtirdim va Messi bizga uchta gol urdi. Uni personal qo‘riqlashni tashkil qilmaymiz, ammo diqqatli bo‘lamiz.
Messining o‘zi – alohida bir tarix. Afsona. 39 yoshda finalga chiqish – aql bovar qilmas ish! U shu yerdaligida o‘yinidan zavqlanish kerak. Diyego Maradonaning yo‘qligi bilinadi, chunki u endi biz bilan emas. Ammo Messi hamon shu yerda», – deya uning so‘zlarini keltiradi Marca.
Messi o‘zi va Yamalning chaqaloqlikdagi fotosini esladi
2007 yilda Leo Sport gazetasining YUNISEF bilan (o‘shanda «Barselona» homiylaridan edi) hamkorlikda tayyorlangan xayriya taqvimi uchun suratga tushgan. Bu loyiha doirasida klub futbolchilari bolalar bilan suratga tushardi: yosh ishtirokchilarni tanlash uchun tashkilot lotereya o‘tkazadi – va g‘oliblardan biri Yamalning ota-onasi bo‘ladi.
20 yoshli Messi plastik vannada besh oylik Laminni cho‘miltirayotgani aks etgan surat shu taxlit paydo bo‘lgan. 19 yil o‘tib futbolchilar JCh-2026 finalida bir-biriga qarshi o‘ynaydi. Turnirning hal qiluvchi o‘yini oldidan argentinalik hujumchi ushbu fakt haqida esladi va uni aql bovar qilmas hodisa deb atadi.
«To‘g‘risini aytsam, bu suratimiz juda ajoyib. Hayot shunaqa, to‘g‘rimi? Men u bilan go‘dakligida suratga tushganman, mana endi ikkimiz jahon chempionati finalida yuzma-yuz turibmiz.
Lamin – juda iste’dodli futbolchi, men uni ko‘p kuzataman, chunki u men sevgan klub – «Barselona»da o‘ynaydi va men unga doimo eng yaxshi tilaklarni tilayman. 19 yoshida u dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biri hisoblanadi va uning butun karerasi hali oldinda», – deya Messining so‘zlarini keltiradi The Athletic.
Tuxelni Tramp ham tanqid qildi
Inglizlar JCh yarimfinalida Argentinaga qarshi o‘yinda birinchi bo‘lib hisob ochgan, ammo shundan keyin to‘liq himoyalangan va o‘yin oxirida ikki gol o‘tkazib, yutqazib qo‘ygandi (1:2).
O‘yindan keyin faqat dangasa kishilargina «Uch sherlar» ustozi Tomas Tuxelning bu o‘xshamagan rejasini tanqid qilmadi. Bunga hatto AQSh prezidenti Donald Tramp ham qo‘shildi.
«Angliya milliy jamoasida biz birga golf o‘ynaydigan ajoyib futbolchi bor – Harri Keyn. U ajoyib. Menimcha, ular uni himoyaga o‘tkazib, xatoga yo‘l qo‘yishdi. Ammo men futbolda nimani ham bilardim? Ular hisobda oldinga chiqishdi va eng yaxshi o‘yinchisini himoyaga qo‘yishdi.
Axir biroz hujum qilish kerak edi, shunday emasmi? Bu noodatiy qaror bo‘ldi», – degan Oq uy egasi FIFA rahbari Janni Infantino bilan birgalikdagi matbuot anjumanida.
Navbatdagi o‘yin
Jahon chempionatida atigi bitta o‘yin qoldi – eng muhimi – final.
20 iyulga o‘tar kechasi, 00.00. Ispaniya – Argentina
-
Mahalliy5 days ago
Yangi o‘quv yili uchun davlat stipendiyalari kvotalari tasdiqlandi
-
Sport4 days ago
O‘zbekiston terma jamoasining Osiyo o‘yinlaridagi raqiblari aniq bo‘ldi
-
Turk dunyosi5 days agoTurkiyaga sayohat qilgan britaniyalik sayyohlar uchun pasport ogohlantirishi
-
Mahalliy4 days ago
Test kitobini yirtgan abituriyent, «shpargalka» sabab yo‘qotilgan 3 yil: imtihon manzaralari
-
Dunyodan5 days ago
Gretsiyada issiq tufayli ochiq havoda faoliyat yuritish taqiqlangan
-
Iqtisodiyot4 days ago
Toshkent yarim yilda 1,5 mlrd dollarlik mahsulot va xizmatlarni eksport qildi
-
Sport2 days ago
Abduqodir Husanov «Manchester City» bilan shartnomasini 2031 yilgacha uzaytirdi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Dollar kursida anchagina o‘sish yuz berdi
