Jamiyat
“Badavlat ayol” loyihasi – boylik tomon yo‘lmi yoki illyuziya biznesi?
Raqobat qo‘mitasi ogohlantiradi: har xil kurslar sotish bilan shug‘ullanuvchi platformalar ustidan 1200 ga yaqin shikoyatlar tushgan. Mijozlar sifatsiz xizmat, ko‘rsatilmagan xizmat uchun to‘lov va pullarni qaytarmaslik holatlaridan arz qilmoqda. Ayollarni boy qilishni va’da bergan “Badavlat ayol” loyihasi ham shular jumlasidan.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
O‘tgan yili internetda “Badavlat ayol” nomi bilan yangi onlayn-loyiha paydo bo‘ldi. U o‘zini “ayollarni moliyaviy erkinlikka olib chiquvchi zamonaviy maktab” sifatida taqdim etdi. Reklamada taniqli aktrisa ishtirok etdi va u loyihani “baxt va boylik siri” deb ta’rifladi.
Ta’kidlanishicha, “Badavlat ayol” loyihasi eng zo‘r ekspertlar ishtirokida moliyaviy savodxonlik, shaxsiy o‘sish va onlayn biznesni o‘rgatadi. Bunday reklama ortidan minglab ayollar – uyda bola boqib o‘tirganlar, kichik biznes boshlashni orzu qilganlar, qarz yoki maishiy bosim ostida bo‘lganlar – kursga ro‘yxatdan o‘tdi. Biroq qisqa vaqt ichida bu illyuziya sindi. Bu haqda Kun.uz surishtiruv e’lon qilgandi.
Vaqtincha o‘z faoliyatini to‘xtatgan loyiha shu yilning avgustida yana o‘sha taniqli aktrisa Rayhon Ulasenova ishtirokida o‘z reklamalarini boshladi. Bizga esa murojaatlar kelishda davom etmoqda.
Kurs uchun Uzum Nasiya orqali qarz olib pul to‘lagan murojaatchilar darslar sifatsiz tashkil qilinganini aytmoqda. Ularning shikoyatiga ko‘ra, hech qanday dastursiz, va’da qilingan mutaxassislarsiz onlayn suhbat bo‘lgan xolos.
“Men bu loyihadan motivatsiya emas, stress oldim. Turmush o‘rtog‘im vafot etgan, o‘zim yolg‘iz boquvchiman. Hozir farroshlikdan oladigan maoshimdan Uzum Nasiya’ga to‘layapman. Hech kim javob bermaydi, chatlar yopilgan, pulim ham qaytarilmadi”, – deydi loyiha ishtirokchilaridan biri.
Yana bir ishtirokchi loyiha uning hayotini o‘zgartirishidan umid qilganini aytdi.
“Tijorat yoki boshqa yo‘nalishlarda yo‘l topishingiz uchun qulay imkoniyat deb reklama qilingan edi. Hech qanaqa imkoniyat ko‘rmadim. Shunchaki, Telegram orqali dars bo‘ldi. Rayhon Ulasenova har jumada bizga suhbat va’da qilgandi, lekin bo‘lmadi. Yaxshi narsa ko‘rmadik, shunchaki internet orqali dars, buni o‘zimiz internet orqali o‘rgansak ham bo‘lardi. Qo‘shilishda oson qo‘shildik, lekin chiqib ketishga imkoniyat bermadi.
Menga yoqmaganini, chiqarib yuborishlarini aytib, 4-5 odamga murojaat qildim. Hatto Rayhon Ulasenovaning o‘zigayam yozdim, javob bo‘lmadi. Darsda bor-yo‘g‘i bitta psixolog suhbat qildi, uyam keyin o‘zining kursini taklif qilib, to‘lov qilishga undadi”, – deydi u.
Darhaqiqat, loyihaning ijtimoiy sahifasidagi izohlarda buning isbotini ko‘rasiz. Shikoyatlar uchun qoldirilgan raqam esa deyarli javob bermaydi. Buni u yerda ishlagan ikki nafar operator qiz ham tasdiqlaydi. Ularning Kun.uz’ga aytishicha, loyihaning asosiy e’tibori faqat sotuvga qaratilgan, aniq reja yoki mas’ul shaxs bo‘lmagan. Shuningdek, “Badavlat ayol” loyihasi bir qancha oilalarning ajrashib ketishlariga sabab bo‘lgani aytildi.
Biz holat yuzasidan uni faol reklama qilgan aktrisa Rayhon Ulasenova bilan bog‘lanishga urindik. Uning turmush o‘rtog‘i Yodgor Ulasenov barcha savollarimizga o‘zi javob berishini aytdi. Undan loyiha kontenti va natijalari bilan qanchalik shaxsan tanishgani, shikoyatlar ko‘payganiga qaramasdan nega reklamani to‘xtatmagani, inflyuyenser sifatida reklamada qanchalik mas’uliyat his qilishini so‘radik. U aktrisa ishtirok etgan reklama ularning roziligisiz ommaga taqdim etilganini aytdi.
“Prokuraturaga chaqirilganimizdan keyin, ular bilan ishlashdan umuman voz kechdik. Prokuraturaga chaqirilganimiz uchun emas, u yerga faqat [turmush o‘rtog‘im] ikkalamiz borganimiz uchun. Vaholanki, ularni ham chaqirishgan edi. Ular bilan ishlashni to‘xtatdik, chunki lafzlari yo‘q”, – dedi Yodgor Ulasenov.
Ammo loyihaning ayni paytdagi menejeri Jamoliddin Olloqulov bu iddaolarni rad etdi.
“[Rayhon Ulasenova] shartnoma asosida, ma’lum gonorar evaziga ambassador qilib yollangan. Lekin siz aytayotgan ma’lumot noto‘g‘ri. Ma’lum bir joylarga chaqirishyapti. Norozi mijozlar bor. Imkon qadar yopib kelinyapti. Eng oxirgi yopganimiz – uzog‘i ikki kun oldin bo‘ldi”, – dedi Olloqulov.
Shu o‘rinda kim rost, kim yolg‘on gapirganini isbotlash shart emas. Chunki bugun “Badavlat ayol”ga o‘xshagan loyihalar juda ko‘p va ko‘pincha ular shubhali biznes model ekaniga guvoh bo‘lyapmiz.
Bunday loyihalarning ommalashishi – jamiyatdagi bir qancha muammolarning ko‘zgusi. Ayollarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimining yaxshi ishlamasligi, ishsizlik va iqtisodiy bosim sababli ular orzularini “onlayn imkoniyatlar” orqali izlay boshlashadi. “Badavlat ayol” voqeasi — bu faqat bir loyiha emas, balki ayollar ishonchining qanday oson suiiste’mol qilinayotganini ko‘rsatuvchi holat. Bu moliyaviy savodxonlikni rivojlantirishga bo‘lgan ehtiyoj qanchalik yuqori ekanini ham ko‘rsatadi.
Bugun, 17 dekabr kuni Raqobat qo‘mitasi bu kabi platformalarda xizmat sifati qoniqarsizligi, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun to‘lov undirib, shartnoma va pulni qaytarish shartlari bo‘yicha yetarli ma’lumot bermaslik holatlari ko‘payganidan ogohlantirdi. Shunday xizmatlar bo‘yicha qo‘mitaga 2024-2025 yilda 1200 ga yaqin murojaatlar tushgan. Ro‘yxatda eng ko‘p shikoyatlar tushayotganlar orasida “Badavlat ayol” loyihasi ham qayd etilgan.
Gulmira Toshniyozova tayyorladi.
Jamiyat
Qamchiqda yonilg‘i tashuvchi maxsus avtomobil YTHga uchradi
Qamchiq dovonida harakatlanayotgan yonilg‘i tashishga mo‘ljallangan maxsus yuk avtomobili haydovchisi boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida yo‘lni ajratuvchi temir to‘siqqa urilib, harakatni davom ettira olmay qolgan. Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qilishicha, hodisa 30 iyun kuni soat 13:59 da A-373 avtomobil yo‘lining Qamchiq dovoni hududida sodir bo‘lgan.
Ma’lumotga ko‘ra, yonilg‘i tashishga mo‘ljallangan maxsus yuk avtomobili haydovchisi boshqaruvni yo‘qotgan va transport vositasi yo‘lni ajratuvchi temir to‘siqqa urilib, harakatdan to‘xtagan.
Xabar kelib tushgach, «Qamchiq» maxsus qutqaruv boshqarmasi qutqaruvchilari voqea joyiga tezkorlik bilan yetib borgan. Maxsus texnikalar yordamida avtomobil xavfsiz hududga olib chiqilgan.
Qayd etilishicha, yo‘l-transport hodisasi oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.
Jamiyat
Gaz ta’minoti va kadastr tizimida korrupsion jinoyatlar aniqlandi
Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida gaz ta’minoti hamda kadastr tizimida sodir etilgan korrupsion jinoyatlar fosh etildi. Har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida korrupsiya bilan bog‘liq ikki holatga chek qo‘yildi.
Ma’lum qilinishicha, Samarqand viloyatidagi «Urguttumangaz» gaz ta’minoti bo‘limining mansabdor xodimi hamda ushbu tashkilotning sobiq xodimi mahalliy MChJga qarashli ishlab chiqarish sexiga yangi tabiiy gaz taqsimlash uskunasini o‘rnatish uchun loyiha hujjatlarini rasmiylashtirish va texnik shart ruxsatnomasini olib berish evaziga 2 ming AQSh dollari talab qilgan. Ular so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Qashqadaryo viloyatida esa Kadastr agentligining tuman bo‘limi boshlig‘i mahalliy fuqaroga issiqxona qurish uchun ajratilgan 50 sotix sug‘oriladigan yer maydonini boshqa shaxs nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilib, buning uchun muqaddam 11 600 AQSh dollari olgani aniqlangan.
Tergovga qadar tekshiruvda mansabdor shaxs olgan mablag‘ining bir qismini — 49,7 mln so‘mni qaytarib bergan vaqtida uning noqonuniy harakatlari fosh etilgan. Keyinchalik qolgan 89,5 mln so‘m ham jabrlanuvchiga qaytarilgan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.
DXX fuqarolarga murojaat qilib, kundalik hayotda korrupsiya va boshqa qonunbuzilish holatlariga duch kelganda, idoraning 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib xabar berishni so‘radi. Qayd etilishicha, murojaat etuvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
Jamiyat
Navoiyda 7 yoshli bolaga yuk mashinasi boshqaruvini bergan shaxsga chora ko‘rildi
Bolaga Howo yuk mashinasi boshqaruvini ammasining o‘g‘li ishonib topshirgan. “Mashina boshqarishni o‘rgatmoqchi edim”, degan u. Mashina jarima maydoniga joylashtirilgan, huquqbuzarlarga esa ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Navoiyda Howo yuk mashinasi boshqaruvini 7 yoshli bolaga ishonib topshirgan shaxs aniqlandi. Bu haqda viloyat YHXB axborot xizmati xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda yosh bola yuk mashinasini boshqarib borayotgani aks etgan videolavha tarqaldi. Qoidabuzarlik yuzasidan tezkorlik bilan surishtiruv harakatlari olib borilgan. Jarayonda voqea 2025 yil sentabr oyida bo‘lgani aniqlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, bolaga boshqaruvchi uning ammasini o‘g‘li ishonib topshirgan. “Akam menga katta mashinasini berdi. Men uni boshqardim. Endi qaytib qilmayman”, degan bola.
Huquqbuzar qilgan ishidan afsusda ekanini aytib, jiyaniga mashina boshqarishni o‘rgatmoqchi bo‘lganini bildirgan.
Karmanalik ushbu shaxsning xatti-harakati va ota-onaning farzandini nazoratsiz qoldirgani yuzasidan MJtKning tegishli bandlari bilan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. Yuk mashinasi esa jarima maydoniga joylashtirilgan.
Avvalroq Farg‘onada voyaga yetmagan shaxs Malibu’da uchta bolani urib ketgan edi. Ulardan biri vafot etgandi.
Jamiyat
Deputatlarga «Tashabbusli budjet» loyihalari bo‘yicha yangi imkoniyatlar berildi
«Tashabbusli budjet jarayonlari doirasida mahallalardagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishda xalq vakillari va jamoatchilik uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratish to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi.
Sun’iy intellekt yaratgan surat
Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 avgustdan tashabbusli budjet jarayonida deputatlar tomonidan loyihalarni qo‘shimcha ravishda g‘olib deb e’lon qilish uchun imkoniyatlar yanada kengaytiriladi.
Bunda:
har bir deputat tomonidan «Ochiq budjet» axborot portalida (portal) bir mavsum uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida bir yoki bir nechta loyihalar tanlanib, qo‘shimcha ravishda g‘olib deb e’lon qilinadi;
deputat vakolati muddatidan ilgari tugatilgan hollarda «Tashabbusli budjet» jarayonlarida parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha komissiya qaroriga ko‘ra boshqa deputatlar tomonidan tashabbusli budjet jarayonlarining tegishli saylov okrugidagi qo‘shimcha g‘oliblari aniqlanadi.
2027 yil 1 yanvardan sheriklik loyihalarini qo‘shimcha ravishda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, to‘lov tashkilotlari va tijorat banklarining mobil ilovalari orqali moliyalashtirish imkoniyatlari yaratiladi.
Mobil ilovalarda portal bilan integratsiya ta’minlangan holda barcha sheriklik loyihalarining ro‘yxati va tashabbusli budjet jarayonining onlayn statistikasi aks ettiriladi.
Qiymati BHM 2000 baravarigacha (taxminan 824 mln so‘m) bo‘lgan ichki yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha sheriklik loyihalarini tuman (shahar) obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan amalga oshirish tartibi joriy etiladi.
Jamiyat
Toshkentda YTH oqibatida Lacetti ikkiga bo‘linib ketdi
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Kia rusumli avtomobil chorrahada katta tezlikda harakatlangani va qayrilib olayotgan Lacetti’ni urib o‘tganini ko‘rish mumkin. Jabrlanuvchilar haqida hozircha ma’lumot berilmadi.
Toshkent shahri Yunusobod tumanida Lacetti va Kia K5 rusumli avtomobillar ishtirokida ayanchli avariya ro‘y berdi.
Poytaxt YHXB matbuot xizmati ma’lum qilishicha, hodisa 30 iyun kuni soat 05:10 larda Amir Temur–Bog‘ishamol ko‘chalari chorrahasida sodir bo‘lgan. Lacetti Amir Temur ko‘chasi bo‘ylab harakatlanib ketayotgan vaqtida, o‘zidan o‘ng tomondan harakatlanib kelgan Kia K5 rusumli avtomobil bilan to‘qnashgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Kia katta tezlikda harakatlanib, Lacetti’ning orqa qismini urib o‘tganini ko‘rish mumkin.
Xabarda avtomobilda bo‘lganlarning ahvoli haqida ma’lumot berilmagan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
-
Dunyodan2 days agoEron Hormuz boʻgʻozi orqali oʻtayotgan kemalarni ogohlantirdi
-
Dunyodan4 days agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Sport5 days agoDo‘stlar sharafiga Lamin Yamal deb nomlangan bola – jahon futbol yulduzi haqida
-
Iqtisodiyot5 days ago
Ertaga dollar tushib, yevro biroz ko‘tariladi
-
Turk dunyosi5 days agoJahon chempionati: Amerika Turkiyaga yutqazganiga qaramay “yuqori darajada”. pulsic salomatlik
-
Jamiyat5 days agoVatanparvar jurnalistlarni o‘zimga do‘st va maslakdosh deb bilaman
-
Iqtisodiyot3 days ago“Xohlagan ekinni ekish mumkin” – Yangi tartib fermerga nima beradi?
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston kivilarni asosan Erondan import qilmoqda
