Connect with us

Sport

Do‘stlar sharafiga Lamin Yamal deb nomlangan bola – jahon futbol yulduzi haqida

Published

on


Lamin Yamal… Bu nomni eshitmagan futbol ishqibozi bo‘lmasa kerak. O‘zining jozibali o‘yinlari bilan 16 yoshidayoq muxlislar e’tiboriga tushgan va ko‘plab rekordlarni yangilagan bu yigit futbol olamiga o‘zgacha zavq bilan kirib keldi. Hozirgi kunda Ispaniya terma jamoasi va “Barselona”ning almashtirib bo‘lmas o‘yinchisiga aylangan Laminning ham tarixi bor.

So‘nggi yigirma yilda jahonning eng kuchli futbolchilari bo‘lib turgan Messi va Ronaldu davri o‘z nihoyasiga yetmoqda. Biri 41 yoshda, boshqasi 24 iyunda 39 ga to‘lgan bu yulduzlarning o‘rnini yana kimlar bosa olishi aniqmas.

Yosh futbolchilar orasidan yangi Messi yoki yangi Ronaldu chiqish-chiqmasligi mavhum bo‘lib turgan paytda futbol olamiga 18 yoshga to‘lmasdan ajoyib natijalar ko‘rsatgan va bir qancha rekordlar o‘rnatgan Lamin Yamal ism sharifli o‘smir kirib keldi.

U 16 yoshidayoq Ispaniya birinchiligi – La liga chempioni, 17 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida Yevropa chempioni, La ligada mavsumning eng yaxshi yosh o‘yinchisi bo‘ladi. Shuningdek, Ispaniyaning asosiy terma jamoasiga chaqiriladi.

Lamin 17 yoshida Ispaniya terma jamoasi tarkibida o‘ynab, Yevropa chempioni bo‘ladi. Yevropaning eng iqtidorli futbolchisiga beriladigan Golden Boy mukofotini qo‘lga kiritadi.

Ko‘plab boshqa futbolchilar qatori Lamin Yamalning ham qiziqarli hayot yo‘li bor. Jumladan, uning Lamin Yamal deb nomlanishining ham o‘z tarixi bor. Hozir shular haqida gaplashamiz.

Do‘stlar sharafiga nomlangan bola

To‘liq ism-sharifi Lamin Yamal Nasroviy Ebana bo‘lgan futbolchi 2007 yil 13 iyulda Ispaniyaning muxtoriyat huquqiga ega bo‘lgan Kataloniya provinsiyasida afrikalik muhojirlar oilasida tug‘iladi.

Lamin Yamalning otasi kelib chiqishi marokashlik bo‘lgan Munir Nasroviy, onasi Ekvotorial gvineyalik Sheyla Ebana ism-sharifli ayol bo‘lgan.

Munir va Sheyla Ispaniyada tanishib oila quradi. O‘sha paytlarda oilaning moliyaviy vaziyati birmuncha og‘ir edi. Shu sababli ularga do‘stlari yordam berib turadi. Ayniqsa Munirning Lamin va Yamal ismli do‘stlari ularning oilasiga ko‘p yaxshiliklar qiladi.

Shu sababli xotini homilador bo‘lgan paytda Munir do‘stlariga agar o‘g‘il farzand ko‘rsa ularning nomini qo‘yishini aytadi. Ko‘p o‘tmay Munir va Sheyla o‘g‘il farzand ko‘rishadi. Ota do‘stlariga bergan va’dasini bajaradi va bolaga Lamin Yamal Nasroviy Ebana deb ism-sharif beradi.

Lamin Yamal uch yoshga to‘lganida oila ajrashib ketadi. O‘shanda u navbati bilan har ikki tomonda – otasi va onasi bilan birga yashaydi. Otasining oldiga kelganida uning tarbiyasi bilan asosan Munirning onasi shug‘ullanadi.

Messi cho‘miltirgan chaqaloq

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda futbol dahosi Messining qora tanli chaqaloqni ko‘tarib turgani, uni cho‘miltirayotgani aks etgan suratlar birmuncha mashhur.

Ma’lum bo‘lishicha Messi cho‘miltirayotgan chaqaloq aynan Lamin Yamal. Xo‘sh, futbol yulduzi nega Laminni cho‘miltiradi, uni ko‘tarib suratga tushadi?

Gap shundaki, 2007 yil dekabrda, hali Lamin Yamal olti oylik chaqaloq bo‘lgan kezda “Barselona”ning o‘sha vaqtdagi titul homiylari Diario Sport va YUNISEF maxsus fotosessiya uyushtirishga qaror qiladi

O‘shanda bolalar himoyasi bilan shug‘ullanuvchi YUNISEF fotosessiyada ishtirok etadigan chaqaloqlarni Kataloniyaning nisbatan qashshoq odamlar yashovchi hududlaridan qidirib topadi.

Bolalar orasida qahramonimiz Lamin Yamal ham bor edi. Bolaning ota-onasi fotosessiyada ishtirok etishga nomzodlar tanlovida g‘olib chiqqandi.

Fotosessiyada Barselona yulduzlari va tanlab olingan bolalar ishtirok etadi. Tasodifni qarangki, Messining chekiga aynan Lamin Yamal tushadi va futbolchi u bilan turli ko‘rinishlarda suratga tushadi.

Qisqasi, Messi mitti Laminni bolalar vannasida cho‘miltirayotgani aks etgan surat shunday yaraladi. O‘shanda bu katta futbolga “Barselona” orqali kirib kelgan eng iste’dodli ikki o‘yinchining ajabtovur uchrashuvi bo‘ladi.

Lamin Yamal “La-Masiya”da

Lamin Yamal futbol o‘ynashni to‘rt yoshida mahalliy “La Torreta” havaskor jamoasida boshlaydi. U olti yoshga to‘lganda “Barselona” skautlari e’tiboriga tushadi. Laminni “Barselona” futbol akademiyasi – “La-Masiya”ga mashg‘ulot o‘tkazishga chaqirishadi.

Bola dastlabki mashg‘ulotdanoq “La-Masiya” murabbiylarida ijobiy taassurot qoldiradi va ko‘p o‘tmay Lamin bilan dastlabki shartnoma imzolanadi. U “La-Masiya”da shug‘ullana boshlaydi.

O‘sha paytlarda Laminning kumirlari Ronaldino, Messi va Neymar bo‘lgan. Shu tariqa kechagina qashshoq kvartalda to‘p tepib yurgan bola 7 yoshga to‘lmasdan dunyodagi eng zo‘r futbol akademiyasiga qabul qilinadi.

Lamin “La-Masiya”dagi mashg‘ulotlarda qatnashish bilan birga bolalar o‘rtasidagi turli musobaqalarda qatnashadi va ko‘plab gollar urib, o‘zining qanchalik mahoratli ekanini isbotlaydi.

Lamin “Barselona” va Ispaniya terma jamoasida

Ko‘p o‘tmay Lamin Yamal akademiyadagi eng iqtidorli futbolchiga aylanadi. Bu “Barselona” murabbiylarini befarq qoldirmaydi va 2022 yilga kelib 15 yoshli Lamin asosiy jamoa bilan mashg‘ulotlarda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

O‘sha paytda “Barselona”ni boshqarib turgan Xavi Laminni ilk bor 2023 yil bahorda La Liga doirasidagi o‘yinlarning birida maydonga tushiradi.

Bu 29 aprel kuni “Real Betis” jamoasiga qarshi o‘yinda sodir bo‘ladi. O‘sha kuni Lamin 15 yosh 291 kunlik edi.

15 va 16 yoshlarida Ispaniyaning turli yoshdagi terma jamoalarida o‘ynagan Lamin Yamal 2023 yil 1 sentabr kuni asosiy terma jamoaga chaqiruv oladi.

So‘ng 8 sentabr kuni murabbiy Luis de la Fuente uni Yevro-2024 musobaqasi doirasida o‘tkazilgan Gurjistonga qarshi o‘yinda maydonga tushiradi. O‘shanda Lamin Yamal 16 yosh 50 kunlik edi. Mahoratli o‘yinchi bu o‘yinda gol urishga muvaffaq bo‘ladi.

Shundan so‘ng Lamin Yamal Ispaniya terma jamoasining asosiy o‘yinchisiga aylanadi va yana gollar urishda davom etadi. Shuningdek, u “Barselona”da ham almashtirib bo‘lmas futbolchiga aylanadi.

Lamin Yamal hozirgacha “Barselona” tarkibida barcha rasmiy musobaqalarda 151 ta o‘yin o‘tkazgan va 48 gol urib, 45 ta golli uzatma bergan. Ispaniya terma jamoasi safida esa 26 ta rasmiy o‘yinda qatnashgan va 6 ta gol urib, 12 ta golli uzatma bergan. Hali 19 ga ham to‘lmagan futbolchi uchun yuqoridagi ko‘rsatkichlar juda zo‘r natija hisoblanadi.

Lamin Yamalning rekordlari

Lamin Yamalning rekordlari bir necha yo‘nalishda amalga oshirilgan. Jumladan, U “Barselona”da, terma jamoada va Yevropa Chempionlar Ligasida alohida rekordlar qayd etgan.

“Barselona”dagi rekordlar

·       “Barselona”da o‘ynagan eng yosh o‘yinchi – 15 yosh 291 kunligida (2003 yil aprel, “Real Betis”ga qarshi o‘yin).

·       XXI asrda La Ligada boshlang‘ich tarkibda maydonga tushgan eng yosh o‘yinchi – 16 yosh 38 kunligida (“Kadis” jamoasiga qarshi bahs).

·       La Ligada golli uzatma bergan eng yosh futbolchi – 16 yosh 45 kunligida (“Vilyareal”ga qarshi o‘yinda).

·       La Ligada gol urgan eng yosh o‘yinchi – 16 yosh 87 kunligida (“Granada” jamoasiga qarshi bahsda).

·       “El-klassiko” tarixidagi eng yosh futbolchi – 16 yosh 107 kunligida.

·       Ispaniya superkubogida o‘ynagan eng yosh futbolchi – 16 yosh 182 kunligida.

·       La Ligada dubl qayd etgan eng yosh futbolchi – 16 yosh 213 kunligida (bu hodisa 2024 yil yanvarda “Atletik” jamoasiga qarshi o‘yinda sodir bo‘ladi).

·       “Barselona” tarixida rasmiy o‘yinlarda 50, 100 va 150 ta o‘yin o‘tkazgan eng yosh futbolchi.

·       “Barselona”da La Liga doirasida 100 ta o‘yin o‘tkazgan eng yosh o‘yinchi.

·       “Barselona” bilan 100 ta g‘alabaga erishgan eng yosh o‘yinchi.

·       “Barselona” tarkibida 40 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgan eng yosh o‘yinchi.

Chempionlar Ligasidagi rekordlari

·       Chempionlar Ligasida debyut qilgan “Barselona”ning eng yosh o‘yinchisi – 16 yosh 68 kunligida (Belgiyaning “Antverpen” jamoasiga qarshi).

·       Chempionlar Ligasida boshlang‘ich tarkibda maydonga tushgan eng yosh o‘yinchi – 16 yosh 83 kunligida (2023 yil 4 oktyabr, Portuga qarshi o‘yinda).

·       Chempionlar Ligasida golli uzatma bergan eng yosh futbolchi – 16 yosh 153 kunligida.

·       Chempionlar Ligasida bir o‘yinda gol urgan va golli uzatma bergan eng yosh o‘yinchi – 16 yosh 287 kunligida (2024 yil 16 aprel, PSJga qarshi o‘yinda).

·       Chempionlar Ligasida dastlabki 10, 20 va 30 ta o‘yin o‘tkazgan eng yosh futbolchi.

Ispaniya terma jamoasidagi rekordlari

·       Ispaniya terma jamoasida debyut qilgan eng yosh futbolchi – 16 yosh 57 kunligida (2023 yil sentabr, Gurjistonga qarshi o‘yinda).

·       Ispaniya terma jamoasida gol urgan eng yosh futbolchi – 16 yosh 57 kunligida (2023 yil sentabr, Gurjistonga qarshi o‘yinda).

·       Ispaniya termasi safida Yevropa chempionatida to‘p surgan eng yosh o‘yinchi – 16 yosh 339 kunligida.

·       Ispaniya termasi safida Yevropa chempionatida golli uzatma bergan eng yosh o‘yinchi – 16 yosh 339 kunligida.

·       Yevropa chempionati pley-off bosqichida o‘ynagan eng yosh o‘yinchi – 16 yosh 354 kunligida.

·       Yevropa chempionatida gol urgan eng yosh o‘yinchi – 16 yosh 362 kunligida.

·       Yevropa chempionati finalida to‘p surgan eng yosh o‘yinchi – 17 yosh 1 kunligida.

·       Xalqaro darajadagi musobaqa (Yevropa chempionati)da g‘olib bo‘lgan eng yosh o‘yinchi – 17 yosh 1 kunligida.

Lamin Yamal qo‘lga kiritgan sovrinlar va mukofotlar

Lamin Yamal 18 yoshda bo‘lishiga qaramasdan juda ko‘plab shaxsiy va jamoaviy sovrinlar hamda mukofotlarni qo‘lga kiritgan. Jumladan u:

·       3 karra La Liga chempioni;

·       1 marta Ispaniya kubogi sohibi;

·       2 marta Ispaniya Superkubogi egasi;

·       1 marta Yevropa chempioni;

·       17 yoshlilar o‘rtasidagi Yevropa chempionati to‘purari;

·       Yevro-2024da eng yaxshi yosh o‘yinchi;

·       Yevro-2024 da eng chiroyli gol sohibi;

·       La Liga 2025/2026 mavsumda eng yaxshi o‘yinchi;

·       2024 yilda Yevropaning eng yaxshi yosh o‘yinchisiga beriladigan Golden Boy mukofoti sohibi;

·       Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasi – IFFHS versiyasiga ko‘ra 2024 yilda jahonning eng yaxshi yosh o‘yinchisi;

·       “Frans futbol” nashriga ko‘ra 2024 va 2025 yillarda jahonning eng yaxshi yosh o‘yinchisi;

·       2025 yilda Maradona mukofoti va boshqa yana ko‘plab sovrinlar sohibi bo‘lgan.

Lamin Yamal ikkinchi Messi bo‘la oladimi?

Bugun ayrimlar Yamal shu tarzda to‘p surishda davom etsa, juda ko‘p ko‘rsatkichlar bo‘yicha Messidan ham o‘tib ketishi mumkinligini aytmoqda. Boshqalar esa u Messini ortda qoldirishi uchun argentinalikka o‘xshab 20 yil davomida barqaror to‘p surishi lozimligini ta’kidlaydi.

Albatta, Messiga o‘xshab 20 yil davomida barqaror o‘ynash, o‘ynaganda ham gollarni va golli uzatmalarni qalashtirib tashlash osonmas.

Shu paytgacha ko‘rsatgan o‘yiniga qarab aytadigan bo‘lsak va yosh ko‘rsatkichiga qarab baholansa, hozircha Lamin Yamal Messidan oldinda ketmoqda.

Biroq Messi ulg‘aygan sari kuchayib borgan, o‘yin uslubini o‘zgartirgan va takomillashtirgan. 16 yoshidayoq o‘ta iste’dodli bo‘lgan Yamal argentinalik dahoga o‘xshab kelajakda o‘yinini kuchaytirib, takomillashtira oladimi-yo‘qmi hozircha bu mavhum masala.

Laminga kelajakda buyuk futbolchi bo‘lishiga to‘siq bo‘lishi mumkin bo‘lgan bir qancha omillar bor. Ular orasida futbolchilarning doimiy hamrohi sanaladigan jarohatlar birinchi o‘rinda turadi.

Uzoqqa bormaylik, bir necha yil oldin “Barselona”ning va jahon futbolining bo‘lajak yulduzi deb ta’riflangan Ansu Fatining faoliyati aynan jarohatlar tufayli barbod bo‘ldi.

Shu jihatdan olganda Lamin Yamal kelajakda o‘yinlar davomida keskin to‘qnashuvlardan qochib, o‘zini ehtiyot qilishi va jiddiy jarohatlar olmasligi lozim bo‘ladi.

Futbolchining intizomni bir chetga surib, nosog‘lom hayot kechirishi uning buyuk kelajagiga soya solishi mumkin. Ochiqroq aytganda tungi klublarda sang‘ib yurish, ayollarga o‘chlik va hokazolar futbolchining o‘sishiga xalaqit beradigan ishlar hisoblanadi.

Shu o‘rinda bir misol, 2008 yilda Barselona murabbiyi Xosep Gvardiola Ronaldinoni jamoadan ketkazadi. Bunga asosiy sabab Ronaldino tungi klublarning doimiy mijozi edi. Lekin uning ketkazilishiga birgina bu sabab bo‘lmagan.

O‘shanda Ronaldino tungi klublarga yosh Messini ham torta boshlaydi va bu ish Gvardiolaning toqatini toq qiladi. U agar Ronaldinoni jamoadan ketkazmasa ikki futbolchining o‘yinida pasayish bo‘lishi va Messining iste’dodi yo‘q bo‘lib ketishi mumkinligini anglab yetadi. Shu tufayli qat’iy chora ko‘radi.

Shuningdek, Lamin Yamal kamolotga yetishi uchun qiziqqon xarakterini biroz o‘zgartirishi va Messiga o‘xshab og‘ir va bosiq bo‘lishi shart.

Bundan tashqari Lamin Yamalning buyuk futbolchi bo‘lishi uchun murabbiy ham muhim rol o‘ynaydi.  Futbolchi bu masalada nolimasa ham bo‘ladi. Hatto murabbiylikda tajribasi biroz kam bo‘lgan Xavi ham unga ishongan va 15 yoshidayoq asosiy jamoaga jalb etgandi.

“Barselona”ning hozirgi murabbiyi Hans Flik va Ispaniya termasini boshqarib turgan Luis de la Fuente unga muntazam ishonch bildirib kelmoqda.

Yamal ikkinchi Messi bo‘la oladimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Biz esa otasining do‘stlari sharafiga nomlangan yosh yulduz o‘yinlaridan bahra olishda davom etamiz.

P.S. Maqola yozilayotgan kezda Yamal jahon chempionati guruh bosqichi doirasida Ispaniya-Saudiya o‘yinida maydonga tushib 10-daqiqada gol urdi. Natijada u Peledan so‘ng 19 yoshga to‘lmasdan jahon chempionatida gol urgan ikkinchi futbolchiga aylandi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Sport

«Sea Breeze» kompaniyasi egasi Isroil futbol klubiga homiylik qiladi

Published

on


Ozarbayjonlik tadbirkor va xonanda Emin Agalarovga tegishli Sea Breeze Resort & Residences kompaniyasi Isroilning Premer-ligada ishtirok etuvchi «Makkabi Netaniya» futbol klubining bosh homiysi hisoblanadi.

Isroil nashrlari ma’lumotiga ko‘ra, klub bilan imzolangan homiylik shartnomasi qiymati yiliga 2,5 million isroil shekelini, ya’ni taxminan 850–860 ming AQSh dollarini tashkil etadi. Ushbu kelishuv so‘nggi yillarda klub tarixidagi eng yirik tijorat shartnomalaridan biri sifatida baholanmoqda. Kelishuvga muvofiq, Sea Breeze logotipi jamoa futbolchilari formasining old qismiga joylashtirilgan.

«Makkabi Netaniya» rahbariyati mazkur hamkorlik klubning xalqaro aloqalarini kengaytirish va uzoq muddatli rivojlanish strategiyasining muhim qismi ekanini ta’kidlagan.

Avvalroq Emin Agalarov intervyularidan birida Bokudagi Sea Breeze kurort majmuasida sotilgan 600 ta kvartiraning 400 tasini Isroil fuqarolari xarid qilganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu loyiha bilan hamkorlik qiluvchi kompaniyalardan biri Isroil kompaniyasi bo‘lgani sababli isroillik xaridorlar ulushi yuqori bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, Emin Agalarovga qarashli Agalarov Development kompaniyasi O‘zbekistonda ham yirik investitsiya loyihasini amalga oshirmoqda. Kompaniya Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi Chorvoq suv ombori sohilida Sea Breeze Uzbekistan umummavsumiy kurort majmuasini barpo etmoqda. Loyiha doirasida mehmonxonalar, villalar, turar joylar va turistik infratuzilma qurilishi rejalashtirilgan.  



Source link

Continue Reading

Sport

Irqchilik ayblovlari va persona non grataga aylangan amaldor. Fransuzlar yana mojaro markazida

Published

on


Bu safargi mundial – haqoratlash bo‘yicha jahon chempionatiga aylandi.

Fransiya milliy jamoasi bu safargi jahon chempionatida nafaqat maydonda, balki siyosiy arenada ham jang qilishiga to‘g‘ri kelmoqda. Paragvaylik senator Selesta Amarilya ortidan argentinalik siyosatchi Ebe Kasado bilan ham yana bir ziddiyat yuzaga keldi – u Dide Desham shogirdlarini «tarbiyasiz afrikaliklar jamoasi» deb atadi va darhol persona non grata maqomini oldi.

Ispaniyaning sobiq bosh vaziri Mariano Raxoy ham tinch turgani yo‘q, u «Uchranglilar» jamoasida fransuzlar yo‘qligiga urg‘u qaratgan.

Ispaniyadagi keys

Shu kunlarda Ispaniyadagilarning xayoli JCh-2026 yarimfinalida Fransiyaga qarshi kechadigan o‘yinda. Mamlakat sobiq bosh vaziri Mariano Raxoydan ham «Qizil furiya»ning ushbu o‘yindagi imkoniyatlari haqida so‘rashgan. U esa Desham jamoasini maqtadi, ammo «tilidan ilindi».

«Ular bu jahon chempionatida barcha o‘yinlarida g‘alaba qozonmoqda va FIFA reytingida birinchi o‘rinda joylashgan. Ularning tarkibidagi futbolchilar ham juda yuqori darajada. Shu bilan birga, ularning safida birorta fransuz futbolchisi yo‘q. Ular esa juda yaxshi o‘ynashmoqda va dahshatli raqib bo‘lishadi», – degan Raxoy RMC Sport nashriga.

Fransiyaning Ispaniyadagi elchixonasi sobiq bosh vazirning so‘zlarini e’tiborsiz qoldirmadi. Elchixonadagilar Mariano nohaq ekanini isbotlashga qaror qilishdi.

«Bahslashishni istamaymiz, ammo faktlarni eslatib o‘tish joiz. Jamoamizning barcha futbolchilari – fransuzlar. 26 futbolchidan 23 nafari mamlakat hududida tug‘ilgan. Fransiyadan tashqarida dunyoga kelgan uch nafari ham bizning fuqarolarimiz hisoblanadi», – deyiladi elchixona bayonotida.

Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches bu borada munosabat bildirib, ayrimlar hali ham insonning mamlakatga mansubligini familiyasi, tug‘ilgan joyi yoki teri rangi bilan baholashini, boshqalar esa uning mamlakatga sadoqati va uning taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi bilan o‘lchashini ta’kidladi.

«Ispaniya uni sevadigan va uning ravnaqi uchun mehnat qiladigan barchaga tegishli. Ksenofobik bayonotlar bilan mamlakat obro‘siga putur yetkazadiganlarga emas. Fransiya, yarimfinalda ko‘rishamiz. Kuchli jamoa g‘alaba qozonsin, irqchilik esa mag‘lub bo‘lsin», – deya yozdi Sanches.

Ispaniya transport vaziri Oskar Puente ham Raxoyning fikrlarini qattiq qoraladi. U sobiq bosh vazirni Fransisko Franko diktaturasi davri g‘oyalariga moyillikda ayblab, keskin tanqid qildi.

Argentinalik mulozim ayol Mbappega qarshi

Barchasi fransuzlarning jahon chempionati 1/8 finalida Paragvay ustidan g‘alaba qozonishi (1:0) ortidan boshlangandi. O‘sha uchrashuv janubiy amerikaliklarning qasddan qo‘pol o‘ynashi bilan yodda qolgandi, ammo ushbu mintaqadagi siyosatchilar Yevropa jamoasiga nafratini sochish bilan mashg‘ul bo‘lmoqda.

Argentinaning Mendosa provinsiyasi vitse-gubernatori Ebe Kasado ham bu borada yaqqol ajralib turibdi. O‘yin yakunlanishi bilan u paragvayliklarni maqtashga qaror qildi, ammo buni juda g‘alati tarzda ifodaladi.

«Barakalla, Paragvay. Afrikaliklar jamoasi o‘zini juda tarbiyasiz tutdi. Mbappega toqat qila olmayman», – deya yozgan Kasado X ijtimoiy tarmog‘ida.

Bu bayonoti keng tarqalib ketganidan keyin ham ushbu siyosatchi o‘z so‘zlari uchun uzr so‘ramasligini bildirdi. «To‘g‘risini aytsam, bu izohda irqchilik ko‘rmayapman. Agar kimdir uni shunday qabul qilsa, demak, u afrikaliklarni noto‘liq deb hisoblaydi. Kimnidir afrikalik deb atashni – haqorat deb hisoblovchilar diskriminatsiya bilan shug‘ullanayotgan bo‘ladi», – deya javob qaytargan ushbu amaldor.

Bunga javoban Kasado persona non grata deb e’lon qildi: endi u o‘z so‘zlarini qaytarib olmagunicha, Fransiya elchixonasiga tashrif buyurishi va mamlakat rasmiylari bilan tadbirlarda qatnashishi mumkin emas.

«Irqchilik – bu fikr emas, jinoyat. Unga bizning elchixonamizda joy yo‘q», – deya qayd etgan Fransiyaning Argentinadagi elchisi Romen Nadal.

Paragvaydagi mojaro

Paragvaylik senator Selesta Amarilya bilan bo‘lgan voqea eng shov-shuvlisi bo‘lgandi. JCh 1/8 finalidagi o‘sha o‘yindan keyin u Mbappeni «o‘zini zo‘r berib fransuzdek ko‘rsatishga urinadigan, aslida mustamlakadan chiqqan kamerunlik» deb atagandi.

Bu so‘zlar Kiliangacha yetib bordi va u javob qaytarishga qaror qildi. «Siz o‘z lavozimingizga noloyiq bo‘lgan jirkanch ayolsiz», – degandi futbolchi.

Shundan keyin Selesta Kilianning o‘zini «gender zo‘ravonlik»da aybladi va sudga berish bilan tahdid qildi. Lekin senatorni vatanida ham qo‘llab-quvvatlashmadi.

Avvaliga uning bayonoti Paragvay hukumati tomonidan qoralandi. Ko‘p o‘tmay bu ish rasmiy rezolyutsiya bilan mustahkamlandi. Le Parisien ma’lumotiga ko‘ra, senatorni irqchilikda ayblash to‘g‘risidagi qaror parlament yuqori palatasida deyarli besh soatlik muhokamalardan so‘ng qabul qilingan. Yakuniy hujjatda Senat kamsitishning har qanday shaklini «mutlaqo rad etishi» bildirilgan.



Source link

Continue Reading

Sport

Ispaniyada Fransiya milliy jamoasi haqidagi bayonot ortidan siyosiy mojaro avj oldi

Published

on


Ispaniyaning sobiq bosh vaziri Mariano Raxoy futbol bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etayotgan Fransiya milliy jamoasi haqida bildirgan fikrlari ortidan irqchilik va ksenofobiyada ayblanmoqda. Uning «Fransiya jamoasida birorta ham fransuz futbolchisi yo‘q», degan gaplari Ispaniya va Fransiya siyosatchilari hamda jamoatchilik tomonidan keskin tanqid qilindi.

Ma’lum qilinishicha, mojaroga Raxoyning 10 iyul kuni Ispaniyaning El Debate internet nashrida e’lon qilingan maqolasi sabab bo‘lgan. Unda sobiq hukumat rahbari futbol bo‘yicha Jahon chempionati-2026 haqida fikr yuritar ekan, 14 iyul kuni yarimfinalda Ispaniyaning raqibi bo‘ladigan Fransiya jamoasini kuchli raqib sifatida baholagan. Biroq shu bilan birga, jamoada «birorta ham fransuz futbolchisi yo‘q» degan bahsli fikrni ham ilgari surgan.

Bu bayonotga birinchi bo‘lib Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches munosabat bildirdi. U ijtimoiy tarmoqda ayrimlar hali ham insonning mamlakatga mansubligini familiyasi, tug‘ilgan joyi yoki teri rangi bilan baholashini, boshqalar esa uning mamlakatga sadoqati va uning taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi bilan o‘lchashini ta’kidladi.

«Ispaniya uni sevadigan va uning ravnaqi uchun mehnat qiladigan barchaga tegishli. Ksenofobik bayonotlar bilan mamlakat obro‘siga putur yetkazadiganlarga emas. Fransiya, yarimfinalda ko‘rishamiz. Kuchli jamoa g‘alaba qozonsin, irqchilik esa mag‘lub bo‘lsin», — deya yozdi Sanches.

Ispaniya transport vaziri Oskar Puente ham Raxoyning fikrlarini qattiq qoraladi. U sobiq bosh vazirni Fransisko Franko diktaturasi davri g‘oyalariga moyillikda ayblab, keskin tanqid qildi.

Raxoyning bayonoti Fransiyada ham keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Mamlakat ichki ishlar vaziri Loran Nunes BFMTV telekanaliga bergan intervyusida bu so‘zlarni «mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan» bayonot deb baholadi.

Fransiyaning dengizorti hududlari bo‘yicha vaziri Naima Muchu esa ushbu fikrlarni Fransiyaga va mamlakat ifodalaydigan qadriyatlarga qarshi yo‘naltirilgan nafratning yana bir ko‘rinishi sifatida baholadi.

Fransiyaning Madriddagi elchixonasi ham ijtimoiy tarmoqlarda rasmiy munosabat bildirdi. Unda Fransiya milliy jamoasining barcha futbolchilari Fransiya fuqarolari ekani ta’kidlandi. Qayd etilishicha, jamoaning 26 nafar futbolchisidan 23 nafari Fransiya hududida tug‘ilgan, xorijda tug‘ilgan uch nafar futbolchi ham Fransiya fuqaroligiga ega.

Mazkur voqea Yevropa jamoatchiligida milliy mansublik, fuqarolik va ko‘p millatli jamiyatlar haqidagi bahslarni yana bir bor kun tartibiga olib chiqdi.



Source link

Continue Reading

Sport

Sinner ikkinchi marta ketma-ket Uimbldon chempioni bo‘ldi

Published

on


Germaniyalik tennischi Aleksandr Zverev Uimbldon–2026 turniri finalida jahonning birinchi raqami, italiyalik Yannik Sinnerga mag‘lub bo‘ldi. Bu Zverevning «Katta dubulg‘a» turnirlari finallaridagi to‘rtinchi mag‘lubiyati bo‘ldi.

Uimbldonning erkaklar o‘rtasidagi hal qiluvchi bahsi 12 iyul kuni Londonda bo‘lib o‘tdi. To‘rt set davom etgan uchrashuvda Yannik Sinner g‘alaba qozonib, o‘z faoliyatidagi ikkinchi ketma-ket Uimbldon chempionligini qo‘lga kiritdi.

Final keskin va murosasiz kurash ostida o‘tdi. Ilk ikki setda har ikki tennischi ishonchli harakat qildi. Birinchi set taqdirini hal qilgan tay-breykda Zverev ustun kelgan bo‘lsa, ikkinchi setda xuddi shunday vaziyatda Sinner muvaffaqiyat qozondi.

Uchinchi set o‘rtasida Aleksandr Zverev maysali qoplamada yiqilib, tizzasini shikastlab oldi. Shundan so‘ng u muhim ochkoni boy berdi va raqibiga breyk qilish imkonini taqdim etdi. Natijada set 3:6 hisobida Sinner foydasiga hal bo‘ldi.

To‘rtinchi setda ham italiyalik tennischi hal qiluvchi breykni amalga oshirib, 6:4 hisobida ustun keldi va chempionlikni qo‘lga kiritdi. Bu Sinnerning faoliyatidagi beshinchi «Katta dubulg‘a» sovrini bo‘ldi. Shu vaqtgacha u yirik turnirlar finalida atigi ikki marta mag‘lubiyatga uchragan.

Ushbu uchrashuvdan keyin Sinner va Zverevning «Katta dubulg‘a» turnirlaridagi o‘zaro hisobida italiyalikning ustunligi 4:2 ko‘rinishiga keldi. 2025 yilda Avstraliya ochiq chempionati finalida ham Sinner Zverevni mag‘lub etgan edi.

29 yoshli Aleksandr Zverev o‘z faoliyatida beshinchi marta «Katta dubulg‘a» turniri finalida maydonga tushdi. Biroq u shularning to‘rttasida mag‘lub bo‘ldi. Bundan avval u 2020 yilda US Open finalida avstriyalik Dominik Timga, 2024 yilda esa «Rolan Garros» finalida ispaniyalik Karlos Alkarasga yutqazgan edi.

Shunga qaramay, Zverev jahon reytingida uchinchi o‘rinni saqlab qolmoqda. Uning Karlos Alkaras bilan ochkolar bo‘yicha farqi katta emas. Uimbldon yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan vaqtinchalik reytingda esa germaniyalik tennischi ikkinchi o‘ringa ko‘tarilgan.

Zverev joriy yil iyun oyida Parijdagi «Rolan Garros» turnirida g‘olib chiqib, so‘nggi 30 yil ichida Germaniyaga «Katta dubulg‘a» chempionligini keltirgan ilk tennischiga aylangan edi. Ungacha bu natijaga 1996 yilda afsonaviy tennischi Boris Bekker erishgan.

Shuningdek, Aleksandr Zverev Germaniya tarixida «Katta dubulg‘a»ning barcha to‘rt turniri finaliga chiqqan yagona tennischi hisoblanadi.

Ayollar o‘rtasidagi Uimbldon–2026 finalida esa chexiyalik Linda Noskova o‘z hamyurti Karolina Muxovani mag‘lub etib, chempionlikni qo‘lga kiritdi.



Source link

Continue Reading

Sport

Infantino yana JCh ishtirokchilari sonini oshirish g‘oyasi haqida gapirdi

Published

on


U «har bir mamlakat orzu qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozimligi»ni ta’kidlamoqda.

FIFA prezidenti Janni Infantino kelgusida jahon chempionati ishtirokchilari soni 64 tagacha kengaytirilishi mumkinligini istisno qilmayapti. U bu haqda AQSh, Meksika va Kanada yashil maydonlarida ilk bor 48 jamoa ishtirokida o‘tkazilayotgan turnir fonida ma’lum qildi.

Barcha uchun imkon

56 yoshli funksioner kelgusidagi rejalar haqidagi savollarga javob berish asnosida bunday g‘oyani ham «ko‘rib chiqish zarurligi»ni aytgan.

«48 ta jamoa ishtirokidagi turnir haqiqatan ham muvaffaqiyatli o‘tdi. Har bir jamoa yuqori saviyada o‘yin namoyish etdi. Barcha qit’alardan kelgan jamoalar gol urishdi va kamida bitta ochkoga ega bo‘lishdi. Afrikaning 10 ta jamoasidan to‘qqiztasi pley-offga chiqdi. So‘nggi jahon chempionatida Afrikaning atigi beshta vakili bor edi… Bu barcha jamoalarni jalb qilish – ularga ishtirok etish imkoniyatini berish qanchalik muhimligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Bu, albatta, jahon chempionatidan keyin ko‘rib chiqiladigan masala. Turnirni tashkillashtirishda uni nafaqat Yevropa va Janubiy Amerika, balki butun dunyo uchun ochiq qilish muhimdir. Har bir mamlakat jahon chempionatida ishtirok etishni orzu qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak», – deya Infantino so‘zlarini keltiradi Blue Sport.

Jahon chempionati ishtirokchilari sonini 64 tagacha kengaytirish haqidagi muhokamalar 2025 yildayoq boshlangandi. O‘shanda turli darajadagi futbol funksionerlari, jumladan, KONMeBOL rahbari Alexandro Dominges o‘z konfederatsiyasining aprel oyidagi kongressida shunday g‘oya bilan chiqqandi. U yangi formatni FIFA turnirning 100 yilligini nishonlaydigan 2030 yilgi mundialda sinab ko‘rishni taklif etgandi. Infantino o‘shanda ushbu hamkasbini qo‘llab-quvvatlagandi.

«Har bir g‘oya – yaxshi g‘oya. Biz yuz yillikni qanday nishonlash haqida o‘ylashimiz lozim», – degandi shveysariyalik mulozim ESPN nashriga.

Ishonchdan qolish

Infantino anchada vaqtdan buyon turnirni kengaytirishni orzu qiladi, ammo u boshlangan ishni oxirigacha yetkaza olishi dargumon. Folarin Balogun bilan bog‘liq mojarodan keyin prezidentning FIFA ichidagi pozitsiyasi sezilarli daajada zaiflashgan.

Eslatib o‘tamiz, AQSh milliy jamoasi forvardi JCh 1/16 finalida Bosniya va Hersegovinaga qarshi o‘yinda (2:0) qizil kartochka olgandi, ammo uning diskvalifikatsiyasi kechiktirildi va keyingi bosqichda Belgiyaga qarshi o‘yinda maydonga tushdi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, Balogunning jazosini shartliga almashtirishni Infantinodan Amerika prezidenti Donald Tramp iltimos qilgan.

Ushbu yangilik turli futbol assotsiatsiyalari va futbol nashrlari tomonidan keskin tanqid qilindi. The Times nashri xabariga ko‘ra, Infantino tashkilot ichkarisida ham, o‘zi hamkorlik qiladigan mamlakatlarda ham ishonchni yo‘qotgan.

«Futbolga Trampnikidan ko‘ra kattaroq siyosiy aralashuv bo‘lmaydi, FIFAning tushuntirish berishga urinishlari esa bema’ni chiqdi», – degan yuqori martabali manbalardan biri ushbu nashrga.

Janni Infantinoning o‘zi qandaydir qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yganini tan olmayapti, ammo uning obro‘siga jiddiy putur yetdi. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, u 2027 yilgi saylovga ham o‘z nomzodini qo‘yishni rejalashtirmoqda. Ammo, katta ehtimol bilan, u bu safar jiddiy raqobatga duch keladi – allaqachon unga muqobil nomzod tayyorlash imkoniyati muhokama qilinmoqda.

Ishtirokchilar soni kengaytirilmagan taqdirda ham, 2030 yilgi jahon chempionati tarixdagi eng keng ko‘lamlisi bo‘lishi tayin: turnirni bir vaqtda uchta qit’adagi 6 mamlakat qabul qiladi – Janubiy Amerika (Urugvay, Argentina, Paragvay), Yevropa (Ispaniya, Portugaliya) va Afrike (Marokash). Ishtirokchilar soni yanada ko‘payishi turnirni misli ko‘rilmagan darajaga olib chiqadi, ammo uning amalga oshishi fakt emas.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.