Sport
«Arsenal» va «Barselona»da kambek, Shomurodovda yana gol. Kun o‘yinlari
«Arsenal» so‘nggi daqiqalarda g‘alaba golini urdi, Yamal qaytishi bilan hal qildi, «Milan» «Napoli»ni taxtdan tushirdi. Yakshanba oqshomida Yevropa futbolida ro‘y bergan asosiy voqealar, o‘yinlardagi gollar va turnir jadvallaridagi vaziyat.
Angliya: «kanonirlar»ning kornerlari — penalti kabi
«Nyukasl Yunayted» – «Arsenal» 1:2
Gollar: Voltemade, 34 (1:0). Merino, 84 (1:1). Gabriel Magalyayns, 90+6 (1:2)
«Nyukasl Yunayted»: Poup, Botman, Tshau, Bern, Livramento (Laskelles, 77), Tonali, Joelinton (Barns, 90+4), Gimarayns, Gordon (Trippiyer, 67), Myorfi (Osula, 67), Voltemade (Elanga, 67)
«Arsenal»: Rayya, Moskera (Saliba, 46), Gabriel Magalyayns, Kalafiori (Merino, 70), Timber, Subimendi (Edegor, 82), Rays, Eze, Trossar (Lyuis-Skelli, 88), Saka (Martinelli, 70), Yokeresh
Ogohlantirishlar: Joelinton, 83. Bern, 88 – Kalafiori, 56
APLning 6-turi markaziy uchrashuvi «Nyukasl» va «Arsenal» o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Mehmonlar o‘yinni kuchli boshlashdi va ko‘plab golli vaziyatlarga ega bo‘lishdi, ammo «kanonirlar»ga omad kulib boqmadi. Avvaliga videotakrordan keyin penalti bekor qilindi. Hakamlar xulosasiga ko‘ra, bu vaziyatda Poup birinchi bo‘lib to‘pga ulgurgani uchun Yokereshga ishlatgan qo‘polligi inobatga olinmadi.
Keyin Trossar o‘ta qulay vaziyatdan foydalana olmadi, namunali hujum yakunida uning zarbasi ustunga tegdi. Birgina Ezening o‘zi dastlabki 45 daqiqalikda raqiblarning darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan jami zarbalaridan ko‘proq zarba berdi (2 ga qarshi 3). Uning o‘ta xavfli zarbalarini mezbonlar darvozaboni Nik Poup qahramonlik ko‘rsatib qaytarib qoldi. Birinchi bo‘lim esa «qarg‘alar» foydasiga 1:0 ko‘rinishida yakunlandi.
Barchasi shu kuni boshlang‘ich tarkibda tushirilgan Moskera oddiy vaziyatda raqibga burchak to‘pi sovg‘a qilishi bilan boshlandi. Sandro Tonali avvaliga o‘ziga yaqin turgan Gordonga pas berdi va undan qaytgan to‘pni darvozabon hududiga oshirdi. U yerda 198 santimetrlik Voltemade barchadan baland sakrab, David Rayyaga imkon qoldirmadi. «Arsenal» futbolchilari e’tiroz bildirib, u sakrashdan oldin Gabrielga qo‘pollik ishlatganiga e’tibor qaratishdi. Ammo bu safar ham hakamlar mehmonlar zarariga qaror chiqardi. Tanaffusda Arteta Moskerani o‘yindan olib, Salibani tarkibga qaytardi.
Voqealarning bunday rivoji «Arsenal» uchun yomon signal edi, jamoa qatorasiga besh marta birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yuborgan o‘yinlarida g‘alaba qozona olmayotgandi. Ammo «kanonirlar»da bu mavsum zaxira o‘rindig‘idan tushgan o‘yinchilar o‘zgarish qilish an’anasi ham paydo bo‘lgan. Bu safar Arteta katta tavakkalchilikka qo‘l urib, himoya vakillari o‘rniga hujum vakillarini tushirdi. Kalafiori o‘rnini egallagan Merino Raysning uzatmasidan keyin boshda gol urib, hisobni tenglashtirdi. Tayanch yarimhimoyachisi o‘rniga tushgan Edegor esa o‘yinni butkul jonlantirdi va ikkinchi golga assistentlik qildi, 90+6-daqiqada u burchakdan oshirgan to‘pni Gabriel ham bosh bilan darvozaga yo‘lladi. Yomon ssenariyda peshqadam «Liverpul»dan sakkiz ochkoga ortda qolib ketishi mumkin bo‘lgan «Arsenal» amalda farqni ikki ochkogacha qisqartira oldi.
Ispaniya: kataloncha kambek
«Barselona» – «Real Sosedad» 2:1
Gollar: Odriosola, 31 (0:1). Kunde, 43 (1:1). Levandovski, 59 (2:1)
«Barselona»: Shensni, Arauxo, Kristensen, Martin (Garsiya, 78), Kunde, Pedri (Kasado, 90+5), de Yong, Fernandes (Olmo, 46), Reshford (Torres, 78), Bardji (Yamal, 58), Levandovski
«Real Sosedad»: Remiro, Subeldiya, Chaleta-Tsar, Ayyen Munos, Odriosola (Gomes, 57), Gorrotchategi, Turrentes (Soler, 67), Marin (Mendes, 67), Barrenechea (Sodiq, 81), Gonsalu Gedesh (Kubo, 57), Oyyarsabal
Ogohlantirishlar: Kunde, 82 – Subeldiya, 17. Chaleta-Tsar, 90
Yoxan Kroyf nomidagi mitti stadionida «Barselona» ikki o‘yinda to‘qqiz gol urgandi, Olimpiyskiy stadioniga qaytib esa muammolarga uchradi. Aniqrog‘i, kataloniyaliklar uchun asosiy muammolarni «Real Sosedad» darvozaboni Remiro tug‘dirdi. Dastlabki 45 daqiqalikda uning kamida ikkita seyvi (Reshfordning zarbasini qaytarishi va o‘z himoyachilari orqali kelgan to‘pga ulgurishi) mo‘jizaga teng harakatlar edi. O‘z navbatida, mehmonlarning hujumda ham omadi keldi. Hisobni ochgan Odriosola shu kuni maydonga tushmasligi ham mumkin edi, ammo Aramburuning jarohati unga imkoniyat yaratdi. Qolaversa, ushbu lateral qadrdon klubidagi ilk golini 29 yoshiga kelib urdi.
Ammo tanaffus arafasida Reshford navbatdagi marta golli harakat amalga oshirib (qatorasiga to‘rtinchi o‘yinda o‘z hisobiga assist yozib qo‘ymoqda), burchakdan oshirgan to‘pi bilan Kunde hisobni tenglashtirishiga yordam berdi. Bu bilan klubning o‘tgan asr 40-yillaridagi rekordi takrorlandi, «Barsa» o‘shanda ham qatorasiga 44 ta rasmiy uchrashuvda maydonni golsiz tark etmagandi. Bu rekordni yangi hafta o‘rtasida YeChL doirasida «PSJ»ga qarshi o‘yinda yangilash ham mumkin, bu o‘yin arafasida Yamal sog‘ayib safga qaytgani esa ayni muddao bo‘ldi. U 58-daqiqada zaxira o‘rindig‘idan ko‘tarilganida stadiondagilar shovqin ko‘tarishdi, bir daqiqa o‘tib esa uni chinakamiga olqishlashdi. Yamal yana bir bor o‘z uslubida yurish amalga oshirib, Levandovskining g‘alaba goliga assistentlik qildi.
O‘yin taqdirini hal qilgan kataloniyaliklar yulduziga 1 daqiqayu 1 soniya yetarli bo‘ldi. U o‘z hisobiga gol yozib qo‘yishi ham mumkin edi, ammo uning goli ofsayd holati tufayli ishg‘ol etildi. Qolgan vaqt davomida ikki jamoada ham yana gol urish uchun yetarlicha imkoniyatlar bo‘ldi, ammo mehmonlar safida Oyyarsabal qaror qabul qilishda kechikdi va zarbasi to‘sin yuqorisidan o‘tib ketdi, Kuboning zarbalaridan keyin esa to‘p to‘singa bordi. O‘z navbatida, Levandovski darvozabon hududida turib to‘pni darvoza to‘riga to‘g‘ri yo‘naltira olmadi. Yakunda minimal hisob saqlanib qoldi va «Barsa» turnir jadvalida «Real»ni quvib o‘tib, birinchi o‘ringa ko‘tarildi.
Italiya: Gasperini effekti
«Roma» – «Verona» 2:0
Gollar: Dovbik, 7 (1:0). Soule, 79 (2:0)
«Roma»: Svilar, Manchini, N`Dika (Tsiolkovski, 71), Zeki Chelik, Kristante, Kone, Anxelinio (Tsimikas, 59), Uesli Vinisius (Ermoso, 59), Pellegrini, Dovbik (Fergyuson, 59), Soule (Al-Sha’roviy, 82)
«Verona»: Montipo, Nelsson, Frese, Nunes (Bella-Kotchap, 84), Serdar, Akpa-Akpro (Galyardini, 46), Berned (Kastanos, 90), Bradarich (Cham, 84), Belgali, Orban, Jovane (Sarr, 74)
Ogohlantirishlar: Akpa-Akpro, 12. Nunes, 45. Galyardini, 53. Belgali, 90
«Roma» «Yuventus» ochko yo‘qotishidan foydalandi va turnir jadvalida turinliklarni quvib o‘tdi. Jan Piyero Gasperini jamoasi o‘tgan turda byakonerilardan ochko tortib olgan «Verona»ga (1:1) imkon qoldirmadi. Joriy mavsumda chempionat o‘yinida ilk bor boshlang‘ich tarkibda tushgan Dovbik Chelikning uzatmasidan tezkor gol bilan hisobni ochdi. Ikkinchi bo‘limda esa Soule hisobni mustahkamladi. Jan Piyero Gasperini effekti yaqqol ko‘rinmoqda — rimliklar mavsum startidagi besh turda atigi bir gol o‘tkazishdi. «Roma» tarixida bunaqasi faqat uch marta (1992, 2013 va 2014 yillarda) kuzatilgan.
«Milan» – «Napoli» 2:1
Gollar: Salemakers, 3 (1:0). Pulishich, 31 (2:0). De Breyne, 60 – penalti (2:1)
«Milan»: Menyan, Gabbia, Pavlovich, Tomori (de Vinter, 80), Rabo, Modrich, Fofana (Loftus-Chik, 80), Estupinyan, Salemakers (Atekame, 68), Ximenes (Leau, 69), Pulishich (Bartesagi, 59)
«Napoli»: Meret, Juan Jyezus, Marianuchchi, Guterres, Di Lorenso, Lobotka (Gilmor, 90+3), De Breyne (Elmas, 72), Zambo Angissa, Maktominay (Neres, 73), Politano (Lang, 77), Hoylund (Lukka, 73)
Ogohlantirish: Rabio, 90
Chetlatish: Estupinyan, 57
Massimiliano Allegri boshqaruvidagi «Milan» uchun birinchi jiddiy sinov muvaffaqiyatli o‘tdi. Shu bilan birga, hozirgi «Napoli» mudofaasida jiddiy muammolar mavjudligini ham rad etib bo‘lmaydi. Shu kuni Rraxmani, Buondjorno va Spinatssola maydonga tusha olmadi, ularning o‘rinbosarlari esa mavsumni o‘ta kuchli boshlagan Pulishichga qarshilik ko‘rsata olmadi. Amerikalik futbolchi avvaliga Salemakersni golli uzatma bilan ta’minladi. Keyin esa maydonning ikkinchi qismidan turib Fofanani yakkama-yakka vaziyatga chiqardi. Fransuz futbolchisining zarbasi yuqoridan o‘tib ketdi, ammo u keyinroq Pulishichga qarzini qaytarib, ikkinchi golga assistentlik qildi.
Kristian 2023 yilda A seriyada debyut qilganidan buyon 46 (27+19) samarali ball ishlagan, bu esa shu oraliqda turnirdagi eng yaxshi ko‘rsatkichdir. Ammo, amaldagi chempionlarga qarshi o‘yinda 2:0 hisobi ham hech narsani kafolatlay olmasdi. Ikkinchi bo‘limda «Milan» bir kishi kam bo‘lib qolganida, Pulishichni qurbon qilishga to‘g‘ri keldi. Bu epizodda arbitr nafaqat mezbonlar darvozasiga penalti qo‘ydi, balki jarima maydoni ichida Di Lorensoni yiqitgan Estupinyanga qizil kartochka ham ko‘rsatdi. 11 metrdan De Bryuyne aniq zarba berdi va o‘yinga intriga qaytdi.
Allegri minimal ustunlikni saqlab qolishga o‘ynamadi. «San-Siro»ga yig‘ilganlar olqishlari ostida maydonda Rafael Leau paydo bo‘ldi, u mavsum avvalida «Bari»ga qarshi o‘yinda olgan jarohati tufayli bir yarim oydan buyon o‘ynay olmayotgandi.
Rossonerilar shu kuni 40 yoshli Modrichning harakatlari evaziga g‘alabani saqlab qolishdi, u ikki marta darvoza to‘riga kirib ketayotgan to‘pni to‘sib qoldi. Bu natijadan keyin Allegri jamoasi ochkolari sonini 12 taga yetkazib, to‘plar nisbatiga ko‘ra birinchi o‘rinda joylashdi, hisobida shunchadan ochko bo‘lgan «Roma» va «Napoli» keyingi o‘rinlarda joylashgan, «Yuventus» (11) va «Inter» (9) ham uzoqda emas, A seriyaning yangi mavsumida ham chempionlik uchun shiddatli bahs ketishi tayin. Keyingi turda rossonerilar «Yuve» mehmoni bo‘ladi.
Fransiya: «Lion» «PSJ»ga yetib oldi
«Lill» – «Lion» 0:1
Gol: Morton, 13 (0:1)
«Lill»: Bodar, Ngoy, Tiagu Santush (Mbappe, 90+2), Verdonk, Mandi, Mukau (Bentaleb, 74), Buaddi (Igaman, 79), Haraldsson, Korreya (Saxraui, 74), Fernandes, Jiru
«Lion»: Greyf, Niakate, Mata, Talyafiko, Meytland-Nayls, Tessmann, Morton, Mera (Shuls, 75), Fofana, Karabets (Moreyra, 75), Tolisso
Ogohlantirishlar: Buaddi, 43. Mandi, 69. Fernandes, 86. Igaman, 87 – Talyafiko, 46. Fofana, 72. Moreyra, 76. Shuls, 83
Turning asosiy o‘yinida «Lill» va «Lion» kuchli uchlikdagi o‘rin uchun kurash olib bordi. O‘yindagi ikki vaziyat o‘yinning maqomidan dalolat beradi. Birinchidan, mezbonlar ustozi Bryuno Jyenezio qizil kartochka oldi. Ikkinchidan, o‘yinda 44 bor qoida buzildi, bu esa «Piyer Morua»dagi o‘yinni chempionatning 2020 yil fevralidan buyon eng qo‘pol o‘yiniga aylantirdi, o‘shanda «Nim» va «Dijon» jamoalari o‘yinida shunday ko‘rsatkich qayd etilgan. Ammo autsayderlar ishtirokidagi o‘yin boshqa, Fransiya chempionatida sovrinlar uchun kurashuvchi jamoalar o‘yini boshqa. Bu o‘yin taqdirini Talyafikoning uzatmasi va Mortonning boshda qarama-qarshi burchakka yo‘llagan zarbasi hal qildi. Qolaversa, «to‘quvchilar» darvozaboni Greyfning seyvlarini e’tirof etish kerak. Bu g‘alabadan keyin Paulu Fonseka shogirdlari faqat qo‘shimcha ko‘rsatkichlar tufayli «PSJ»dan keyingi ikkinchi o‘rinda joylashgan.
Turkiya superligasi: Shomurodovda navbatdagi gol
«Konyaspor» — «Bashakshehir» 2:1
Gollar: Ndao (16), Opoku (45+1, avtogol) — Shomurodov (57).
«Konyaspor» — Ertosh, Yazgili, Yevtovich, Demirbag, Anzuana, Ibrohimo‘g‘li (Chalushich, 82), Bardi, Gillerme, Ndao (Byorlo, 68), Muleka (Pedro, 65), Nayir.
«Bashakshehir» — Muhammad, Ebosele (Shahiner, 46), Ba, Opoku, Operi, Berat (Kalujinski, 64), Yusuf (Fayzullayev, 64), Harit (Turuch, 77), Krespo, Brnich (Da Koshta, 46), Shomurodov.
Ogohlantirishlar: Bardi (60), Yazgili (62).
Chetlatish: Bardi (65).
Turkiya chempionati 7-turida «Bashakshehir» safarda «Konyaspor» bilan bahs yuritib, mag‘lubiyatga uchradi. Mezbonlar safida O‘zbekiston milliy jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov asosiy tarkibda tushib, jamoasining yagona goliga mualliflik qildi. Bu Shomurodovning Turkiya chempionatidagi uchinchi goli bo‘ldi, lekin uning gollari jamoaga yordam bermayapti – istanbulliklar 6 o‘yinda 1 g‘alaba, 3 durang va 2 mag‘lubiyat qayd etib, 6 ochko 12-o‘rinda qoldi.
Sport
Butunjahon shaxmat olimpiadasi mash’alasi O‘zbekistonga keltiriladi
Hindistonda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi oldidan an’anaviy Mash’ala estafetasi marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi Vishvanatan Anand va Hindiston shaxmat federatsiyasi prezidenti Nitin Narang olimpiada mash’alasini o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarovga tantanali ravishda topshirdi.
Endilikda ramziy olov Samarqandda bo‘lib o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga yetkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining boshlanishiga 2 kun qoldi.
Sport
Gukesh — Sindarov matchida mukofot jamg‘armasi 2,5 million dollarni tashkil etadi
FIDE 2026-yilgi jahon chempionligi uchun match reglamentini e’lon qildi. Unga ko‘ra, amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaraju o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarovga qarshi shaxmat tojini himoya qiladi.
Match 22-noyabrdan 12-dekabrgacha Shveysariyaning Jeneva shahridagi Fondation Martin Bodmer majmuasida bo‘lib o‘tadi. Birinchi klassik partiya 24 noyabrda, so‘nggisi esa 11-dekabrda o‘ynaladi. Agar 14 partiyadan keyin hisob teng bo‘lsa, 12-dekabr kuni tay-breyk o‘tkaziladi.
Jahon chempionligi bahsi ko‘pi bilan 14 ta klassik partiyadan iborat bo‘ladi. Birinchi bo‘lib 7,5 ochko to‘plagan shaxmatchi chempionlikni qo‘lga kiritadi.
Gukesh va Sindarov match boshlangan paytda 20 yoshda bo‘ladi. Shu tariqa, bu jahon chempionati tarixidagi eng yosh ikki shaxmatchi o‘rtasidagi chempionlik bahsi bo‘ladi.
Javohir Sindarov jahon chempionligi uchun matchda ishtirok etish huquqini 2026-yilgi FIDE Nomzodlar turnirida g‘olib chiqib qo‘lga kiritdi. U musobaqada 14 imkoniyatdan 10 ochko to‘plab, birorta ham partiyada mag‘lub bo‘lmadi va turnir g‘olibligiga bir tur qolgandayoq erishdi.
Bundan oldin Sindarov 2025-yilgi FIDE Jahon kubogida ham g‘olib chiqqan edi. U mutlaq jahon chempioni unvoni uchun matchda ishtirok etadigan O‘zbekiston tarixidagi birinchi shaxmatchi bo‘ladi.
Gukesh esa 2024-yilda Singapurda Din Lijenni 7,5:6,5 hisobida mag‘lub etib, jahon chempioni bo‘lgan. U o‘shanda 18 yoshida shaxmat tarixidagi eng yosh mutlaq jahon chempioniga aylangan.
Matchning umumiy mukofot jamg‘armasi 2,5 million dollarni tashkil etadi. Reglamentga ko‘ra, har bir g‘alaba uchun shaxmatchiga 200 ming dollardan beriladi, qolgan mablag‘ esa ikki ishtirokchi o‘rtasida taqsimlanadi.
Jahon chempionligi uchun bahs Fondation Martin Bodmer — jahon adabiyoti va insoniyat tarixiga oid noyob qo‘lyozmalar hamda hujjatlar saqlanadigan mashhur kutubxona-muzeyda o‘tkaziladi.
Sport
Samarqandda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi boshlanadi
15-sentyabr kuni Samarqand shahrida 46-FIDE Butunjahon shaxmat olimpiadasiga start beriladi. O‘zbekiston nufuzli musobaqaga ilk bor mezbonlik qilmoqda.
Olimpiada 15–27 sentyabr kunlari Silk Road Samarkand xalqaro ko‘rgazma markazida o‘tkaziladi. Ilk tur bahslari 16 sentyabrda boshlanadi. Jamoalar ochiq va ayollar toifasida 11 tur davomida g‘oliblik uchun kurashadi.
Musobaqada qariyb 400 ta terma jamoa, 4 mingdan ortiq shaxmatchi, murabbiy va delegatsiya a’zosi ishtirok etishi kutilmoqda.
Olimpiada bilan bir vaqtda Samarqandda FIDE Kongressi ham o‘tkaziladi. 24-sentyabrda shaxmatni ta’limga integratsiya qilishga bag‘ishlangan FIDE ta’lim sammiti, 25-sentyabrda esa hududiy saylovlar bo‘lib o‘tadi.
26–27 sentyabr kunlari FIDE Bosh assambleyasi o‘tkaziladi. 26-sentyabrda tashkilotning keyingi to‘rt yillik rahbariyati saylanadi. Shuningdek, Bosh assambleyada 2030-yilgi Butunjahon shaxmat olimpiadasi mezboni ham aniqlanadi.
Olimpiadaning so‘nggi turi va yopilish marosimi 27-sentyabrga belgilangan.
Sport
Messi Ispaniya futbol klubini sotib oladi — OAV
Argentinalik hujumchi Lionel Messi Ispaniyaning «Eldense» futbol klubini sotib oladi. Bu haqda Marca xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 39 yoshli «Inter Mayami» futbolchisi klubning amaldagi egalari bilan kelishuvga erishgan. «Oltin to‘p»ning sakkiz karra sohibi «Eldense» aksiyalarining 100 foizini sotib olishni rejalashtirmoqda.
«Lionel Messi bilan aksiyalarni sotib olish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi. Natijada u klubning nazorat paketini egallaydi. Ayni paytda qolgan yuridik va shartnomaviy jarayonlar, jumladan, kompleks tekshiruv hamda Ispaniya Milliy sport kengashidan zarur ruxsatni olish ishlari yakunlanmoqda», — deyiladi klub bayonotida.
Aprel oyida Messi Ispaniya futbolining beshinchi divizionida ishtirok etadigan «Kornelya» klubining egasiga aylangan edi.
«Eldense» joriy mavsumda Ispaniyaning ikkinchi kuchli ligasi — Segundada ishtirok etmoqda. Jamoa ikki ochko jamg‘argan va turnir jadvalida 20-o‘rinni egallab turibdi.
Sport
«Paxtakor» futbolchisi Muhammadrasul Abdumajidov Fransiya jamoasiga o‘tadi
«Paxtakor» bosh murabbiyi Kamoliddin Tojiyev matbuot anjumanida himoyachi Muhammadrasul Abdumajidovning Fransiya jamoasiga o‘tishini tasdiqladi.
«Abdumajidov 1 yanvardan e’tiboran “Brest” a’zosiga aylanadi, shartnoma imzolangan. Shunchaki Muhammadrasulning o‘zi jamoada qolib, yordam berishni istadi.
Agar ular oldinroq xat jo‘natishganida, balki, uni Fransiyaga jo‘natar edik. O‘tgan yili Muhammadali O‘rinboyevni Belgiya jamoasiga bergandik», — dedi Tojiyev.
Avvalroq tarmoqda «Paxtakor» rahbariyati futbolchining Fransiya klubiga o‘tishiga ruxsat bermagani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Shundan so‘ng klub Fransiyadan taklif kech yetib kelgani va O‘zbekistonda transfer davri yopilganini ma’lum qildi. Shu tufayli mazkur transfer bo‘yicha taklif qishda ko‘rib chiqilishi aytilgan.
-
Siyosat3 days ago
Shavkat Mirziyoyev Nikol Pashinyan bilan muloqot o‘tkazdi: tafsilotlar
-
Jamiyat5 days ago
2030 yilga qadar havoni ifloslantiruvchi moddalar miqdori 10,5 foizga kamaytiriladi
-
Jamiyat4 days ago
Asadjon Xodjayev Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari etib tayinlandi
-
Sport3 days ago
Samarqandda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi boshlanadi
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekiston mahsulotlarini eng ko‘p sotib oluvchi mamlakatlar ma’lum bo‘ldi
-
Iqtisodiyot2 days ago«O‘zmilliybank» AJ O‘zbekiston emitentlari orasida birinchi bo‘lib Xitoy kapital bozoriga 250 mln dollarlik obligatsiyalar chiqarmoqchi
-
Siyosat4 days agoPrezidentning Toshkent shahri bo‘yicha yig‘ilishi boshlandi
-
Jamiyat5 days ago
O‘zbekistonda raqamli valyuta to‘lov vositasi sifatida sinab ko‘riladi
