Iqtisodiyot
AQSh sanksiyalaridan keyin Turkiya RF neftini kamroq sotib olmoqda
AQShning Rossiyaga nisbatan yangi sanksiyalariga javob sifatida RF neftiga tayangan turk NQZ xomashyoni Rossiyadan ko‘ra Iroq va Qozog‘istondan ko‘proq xarid qila boshladi, deb xabar berdi Reuters manbalariga tayanib.
Turkiya neftni qayta ishlash zavodlari (NQZ) Iroq va Qozog‘istondan ko‘proq neft sotib ola boshladi, deb yozadi Reuters agentligi 2 noyabr kuni xabardor manbalarga tayanib. Bu holat AQSh, Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya Moskva Ukrainadagi urushni davom ettirayotgani uchun Rossiya neft sektoriga sanksiyalar joriy etganidan ko‘p o‘tmay ro‘y berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiyadagi yirik NQZdan biri — Ozarboyjonning SOCAR kompaniyasiga tegishli SOCAR Turkey Aegean Refinery — yaqinda «dekabr oyida yetkazib berish shartlari bilan Iroq, Qozog‘iston va boshqa ta’minotchilardan to‘rt partiya xom neft» xarid qilgan.
Boshqa yirik qayta ishlovchi — Tupras ham Rossiyadan emas, jumladan Rossiyaning Urals turiga o‘xshash Iroq turlaridan neft xaridini oshirmoqda. Reuters hamsuhbatlarining taxmin qilishicha, ikki katta NQZga egalik qiluvchi Tupras yaqin vaqtda zavodlardan birida Rossiya neftini import qilishni butunlay to‘xtatishi mumkin. Bundan tashqari, mazkur turk kompaniyasi ilk bor Braziliyadan neft sotib oldi, noyabr boshida esa Angolaning Mostarda turidan ikkinchi partiyani kutib olmoqda.
Xitoy va Hindiston bilan bir qatorda Turkiya ham Rossiya neftining kam sonli yirik xaridorlaridan biri hisoblanadi. Reuters manbalariga ko‘ra, noyabrda Turkiya sutkasiga 141 ming barrel Iroq neftini qabul qiladi — bu oktyabrdagi 99 ming barrel/sutkadan va joriy yildagi o‘rtacha 80 ming barrel/sutkadan ko‘proq. Shu bilan birga, oktyabrgacha Turkiya neft importida sutkasiga 317 ming barrel (yoki 47 foiz) Rossiya nefti hissasiga to‘g‘ri kelgan.
22 oktyabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Kreml Ukrainadagi urushni to‘xtatishdan bosh tortganidan so‘ng Rossiyaning eng yirik ikki neft kompaniyasi — «Rosneft» va «Lukoyl», shuningdek ularning 34 ta shu’ba tuzilmasiga sanksiyalar joriy qildi. AQSh Moliya vazirligi cheklovlarga tushgan kompaniyalar bilan operatsiyalarni yakunlash uchun bir oy muddat berdi.
Oktyabrda «Gazprom»ning Yevropaga yetkazib berishi «Turk oqimi» gaz quvurining bitta tarmog‘i orqali o‘sdi. Bundan 1 noyabr kuni Yevropa gaztransport tizimlari operatorlari tarmog‘i — ENsOG saytida e’lon qilingan ochiq ma’lumotlar guvohlik beradi.
Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiya—Bolgariya chegarasidagi «Strandja 2 / Malkochlar» kirish nuqtasi orqali oktyabr oyida 17 403 GVt·soat gaz o‘tgan. Bu sentabrga nisbatan 8,7 foizga va 2024 yil oktyabriga nisbatan 13 foizga ko‘p. Joriy yil boshidan bu yo‘nalish orqali jami 152 000 GVt·soat gaz yetkazib berildi — o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,5 foizga ko‘p.
Yevropaga qaratilgan «Turk oqimi» tarmog‘i — «Shimoliy oqim»lardagi portlashlar, Rossiya gazining Ukraina orqali tranziti va «Yamal-Yevropa» bo‘ylab yetkazib berish to‘xtaganidan so‘ng, «Gazprom»ning quvur orqali Yevropaga gaz yetkazishi mumkin bo‘lgan yagona marshrutdir. Turkiya va Rossiyani «Ko‘k oqim» gaz quvuri ham bog‘lab turadi, ammo u yerdan gaz faqat Turkiyaning ichki bozoriga yetkaziladi.
Yevropa Ittifoqi 2028 yil 1 yanvarga qadar Rossiya gazining istalgan turidan butunlay voz kechmoqchi. Shu bilan birga, Rossiyadan keladigan suyultirilgan tabiiy gaz (STG)dan 2027 yil 1 yanvarga qadar voz kechish rejalashtirilgan.
Iqtisodiyot
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev G‘uzor tumanida «Qashqadaryo Jingu» korxonasi tomonidan Shinjon usulida paxta yetishtirilayotgan dalada bo‘ldi.
Davlatimiz rahbariga chigit ekish, g‘o‘zani sug‘orish va parvarishlashda qo‘llanayotgan texnologiyalar haqida ma’lumot berildi. Bu yerda 2,2 ming gektar maydonga chigit plyonka ostiga qo‘sh qatorlab ekilgan, tomchilatib sug‘orish to‘liq joriy qilingan.
Plyonka tuproqdagi namlik va haroratni saqlab, chigitning erta hamda bir tekis unib chiqishiga yordam beradi. Suv va o‘g‘it esa tomchilatib sug‘orish tizimi orqali bevosita g‘o‘za ildiziga yetkaziladi. Natijada suv sarfi 30-40 foizga, o‘g‘it sarfi qariyb 30 foizga kamayadi. Hosil an’anaviy maydonlarga nisbatan 10-15 kun oldin pishib yetiladi.
Prezidentimiz paxtazorda yetishtirilgan hosil va agrotexnik tadbirlarni tashkil etish jarayoni bilan tanishdi. An’anaviy usulda gektaridan 30-35 sentner paxta olinsa, Shinjon texnologiyasida bu ko‘rsatkich 60-70 sentnergacha yetishi mumkin. Korxona dalalarida hosildorlik gektariga 55 sentnerni, yalpi hosil esa 12,3 ming tonnani tashkil etmoqda.
Dala ishlarida agrodronlardan ham foydalanilmoqda. Bu ayrim agrotexnik tadbirlarni tezroq bajarish, yonilg‘i sarfini kamaytirish imkonini bermoqda.
Xitoy sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan «Qashqadaryo Jingu» agroklasteri Koson, Nishon, G‘uzor, Ko‘kdala va Mirishkor tumanlarida jami 18,3 ming gektar maydonda faoliyat yuritadi. Ushbu yerlarning katta qismi ilgari foydalanilmagan cho‘l va qarovsiz maydonlar bo‘lgan. Loyihaga 128 million dollar investitsiya kiritilib, 50 ta ish o‘rni yaratilgan. Eksport hajmi esa 8,5 million dollarni tashkil etadi.
Shu yerda davlatimiz rahbariga viloyat qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham axborot berildi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Wabtec» kompaniyasi direktorlar kengashi raisi va bosh ijrochi direktori Rafael Santanani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda mamlakatda temir yo‘l infratuzilmasi va tranzit salohiyati rivojlanayotganini hisobga olib, lokomotivlar parkini yangilash va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
AQSh moliya institutlari ishtirokida lokomotivlarni uzoq muddatli servis xizmati bilan birga yetkazib berish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va mutaxassislar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Tog‘-kon korxonalari karer texnikasiga xizmat ko‘rsatuvchi servis markazini tashkil etish hamda dizel-generator qurilmalari bo‘yicha hamkorlik qilishga ham e’tibor qaratildi.
«Wabtec» lokomotivlar, temir yo‘l texnikasi, raqamli va servis yechimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha jahondagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham loyihalarni amalga oshirmoqda.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
