Connect with us

Mahalliy

«Aka, sizni so‘nggi yo‘lga kuzatolmadim»

Published

on


U hali yosh edi – endigina 54 bahorni qarshilagandi. Shunga yarasha orzulari ham bisyor edi. Avvalo, katta qizining farzandi, ya’ni nevarasining to‘yini ko‘rish, kichik qizlarini ham uzatish, yolg‘iz o‘g‘lini universitetni bitirganidan so‘ng uylantirish ilinjida yashardi. Ikkinchidan, odatdagidek, elga manzur bo‘ladigan ko‘rsatuvlar tayyorlash, yangi-yangi badiiy va videofilmlar yaratish, ularda o‘ziga xos rollar o‘ynashga intilardi. Ish va ijoddan bo‘sh vaqtlarida esa to‘y-tomoshalarga borib, o‘zining ichakuzdi hangomalari-yu, teatrlashtirilgan tomoshalari bilan davralarga fayz kiritardi. Goh childirma yoki tor chalib, goh qo‘shiq yoki she’r aytib, shinavandalar quvonchiga quvonch qo‘shardi…

Eng muhimi, u qachon, qayda bo‘lmasin, qanday ko‘rsatuv tayyorlab, qanday rol ijro etmasin, mudom bir aqidaga amal qilardi. Odamlarni hamisha bir-birini asrab-avaylashga, o‘zaro mehr-oqibatli bo‘lishga undardi.

  

Bu bejiz emasdi, albatta. Uning bolaligi ancha mashaqqatli kechgan, shu bois yoshiga nisbatan barvaqt ulg‘aygan, hayot aslida kurashlardan iboratligini tengqurlariga nisbatan tezroq va teranroq anglab yetgandi.

Holbuki, avvalboshda hammasi bir maromda davom etayotgandi. Oqdaryo tumanining Olchintepa qishlog‘ida yashovchi Razzoqovlar oilasi ham el qatori tinch-xotirjam, ahil-inoq hayot kechirayotgandi. Daf’atan ularning boshiga og‘ir musibat tushdi. Xonadon bekasi Qurbonoy opaga birin-sirin bo‘y tortib kelayotgan dilbandlarining orzu-havasini ko‘rish baxti nasib etmadi. U qirchillama yoshida to‘satdan bandalikni bajo keltirdi.

Bu paytda oilaning to‘ng‘ichi Fayzulla jismoniy tarbiya institutida, murg‘akligidan san’atga havasmand ikkinchi o‘g‘il Saydulla Samarqanddagi musiqa bilim yurtida, qolganlari maktabda o‘qirdi. Ajabki, ona vafotidan so‘ng sho‘x-shodon kulgiga to‘la uydan fayz-baraka ko‘tarilib, u go‘yoki o‘tinsiz ro‘zg‘orga aylanib qolganday bo‘ldi.

Hammasidanam achinarlisi, uzzukun daladan beri kelmaydigan Narzulla akaning tanho o‘zi bobomeros ketmoni orqali topgani ham oilani tebratish, ham farzandlarini o‘qitish uchun yetmay qoldi. Ana shu bois Saydulla otasi qanotiga kirishga ahd qildi. Darsdan bo‘sh vaqtlari va ta’til oylarida hali suyagi qotmagan ukalarini yoniga olib, mardikorlik qila boshladi. Kezi kelganda, saraton oftobida jiqqa terga botib, g‘isht quydi, kezi kelganda, qish chillasida loy qorib, devor suvadi. Ammo zinhor-bazinhor o‘qishni tashlamadi, san’at sirlarini o‘rganishdan charchamadi. Aksincha, notalarni boshdan-oyoq yodlab, klarnet chalishni puxta o‘zlashtirdi.

Keyin vaqti-soati kelib, hammasi iz-iziga tushdi. Oila asta-sekin iqtisodiy ahvolini tiklab oldi. Saydullaning qalbidagi san’atga bo‘lgan havas o‘zi bilan birga ulg‘ayib, rosmana ixlosga aylandi. Bu ixlos yosh yigitni poytaxtga yetakladi. U 1975-yili Teatr va rassomlik institutining musiqali drama aktyorligi fakultetiga o‘qishga kirdi.

Mashoyixlar aytganidek, kishining omadi chopsa, ishi yurishib ketishi, baxt bir kulib boqsa, qo‘shaloq kelishi rost ekan. Mana, Saydulla Narzullayevdan qiyos. U talabalik davrida asli andijonlik bo‘lgan kursdoshi Odina G‘oziyevaga ko‘ngil qo‘ydi.

foto: https://www.youtube.com/@DUNYOTV

To‘rtinchi bosqichda o‘qiyotgan kezlari esa unga uylandi. Tahsilni tugatgach, yana omadi chopib, Muqimiy nomidagi musiqali drama teatrida aktyorlik qila boshladi. Ushbu qutlug‘ dargohda milliy san’atimizning Razzoq Hamroyev, Husan Sharipov kabi zabardast darg‘alaridan saboq olib, boy tajriba orttirdi. Biroq, taqdir taqozosiga ko‘ra, 1981-yili respublika televideniyesiga rejissyor sifatida ishga o‘tdi.

Shu-shu, uning ijodiy faoliyati oynai jahon bilan chambarchas bog‘lanib qoldi. Bu yerda, oz emas-ko‘p emas, roppa-rosa 28 yil, ya’ni umrining oxirigacha xizmat qildi. Ortda qolgan davr mobaynida telekompaniyaning deyarli barcha kanallarida ishlab, rejissyorlik sohasidagi bilimi va mahoratini namoyon etdi. Musiqa va adabiy-dramatik ko‘rsatuvlar tahririyatlarida faoliyat yuritganida «Assalom, O‘zbekiston!», «Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi», «Televizion miniatyuralar teatri» ko‘rsatuvlari butun Markaziy Osiyoda mashhur bo‘lishiga katta hissa qo‘shdi. Shuningdek, alohida iste’dodga ega ko‘plab yoshlarga ustozlik qildi. Ayni chog‘da, o‘zi ham aktyor ekanligini unutmadi. Talay intermediya, telespektakl va videofilmlarda suratga tushib, rang-barang obrazlar yaratdi. Ayniqsa, Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek, Zahiridin Muhammad Bobur singari allomalarimiz hayoti va ijodiga bag‘ishlangan tarixiy, «Oq tulpor» izidan», «Bozor ko‘rmagan yigit» kabi badiiy videofilmlarda chekiga tushgan rollarni maromiga yetkazib ijro etdi. Alalxusus, mintaqadagi millionlab teletomoshabinlarga tanilib, son-sanoqsiz muxlislar orttirdi.

Ana shu bois yurtimizning olis-yaqin go‘shalarida yashovchilar uning eshigini qoqib kelishar, o‘zlarining to‘y-tomoshalari, oilaviy tantanalariga taklif etishardi. O‘z navbatida, Saydulla aka ham hech kimning iltimosini yerda qoldirmaslikka intilardi. Imkoni topildi deguncha xizmatda bo‘lib, odamlar hojatini chiqarardi. Qaysi viloyatga borsa, uni xush kayfiyat bilan kutib olishar, darrov tanib, hurmatini joyiga qo‘yishar edi.

O‘zingizdan qolar gap yo‘q, el ishonchiga sazovor bo‘lish har qanday san’atkor uchun yuksak mukofot, uni oqlash esa katta mas’uliyat hisoblanadi. Buni yaxshi anglagan Saydulla Narzullayev hech qachon loqaydlikka berilmadi. Aksincha, muttasil ravishda tajribasini yanada boyitishga, mahoratini oshirishga harakat qildi. Chunonchi, 1989-90-yillarda Moskvadagi Ostankino telestudiyasining maxsus rejissyorlik fakultetida o‘qidi. Diplom ishi sifatida milliy tariximiz va an’anaviy urf-odatlarimizni tarannum ettiruvchi telespektal sahnalashtirdi. U sobiq Ittifoqning Markaziy televideniyesi orqali namoyish etildi.

Eng muhimi, Saydulla Narzullayev yaratgan yoki tayyorlagan o‘nlab videofilm va ko‘rsatuvlar, shuningdek, o‘zi turli rollarni o‘ynagan asarlar bugungi kunda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining oltin fondidan o‘rin olgan. Shubhasiz, bunday muvaffaqiyatlarga erishishida uning musiqa sirlarini yaxshi bilishi, nozikliklarini teran ilg‘ashi, aktyorlik va rejissyorlik mahoratini mukammal o‘zlashtirgani, televideniye uchun har bir ko‘rsatuv va videofilmni yaratish jarayonida ularni bir-biriga omixtalashtirgan holda ish yuritgani juda qo‘l kelgan.

Umrining oxirgi yillarida Saydulla aka shogirdi Husniddin Ergashev bilan hammualliflikda yana bir xayrli ishga qo‘l urdi. «Toshkent» telekanalida «Nima uchun?» nomli yangi ko‘rsatuv ochdi. Bu dastur tez orada tomoshabinlar e’tiboriga tushdi.

Saydulla aka bora-bora ijod qamrovini yanada kengroq olib, o‘z iqtidorini katta kinoda ham sinab ko‘rishga chog‘landi. Ezgu niyatini inisi G‘aybulla Razzoqov direktorlik qilayotgan «Shayxontohurfilm» kinostudiyasida amalga oshirdi. Ko‘p o‘tmay uning tashabbusi va rejissyorligida «Sadoqat» badiiy filmi yaratildi. U Markaziy Osiyo mamlakatlari televideniyelarida namoyish qilinib, e’tiroflarga sazovor bo‘ldi. Bundan ruhlangan Saydulla Narzullayev keyinchalik mazkur kinostudiya tomonidan «Baribir hayot go‘zal», «Marjona», «So‘g‘diyona» badiiy filmlari suratga olinishiga ham ko‘maklashdi va ularda o‘ziga mos rollarni ijro etdi. Ammo…

– Ochig‘i, akamning qismati haqida gapirish men uchun juda og‘ir, – deydi G‘aybulla Razzoqov hazin ohangda. – U tabiatan juda sofdil va mehribon inson edi. Ichmasdi, chekmasdi. Ijodga kelganda esa o‘zini ayamay va tinim bilmay, qattiq ishlardi. Yana deng, doimo nimagadir ulgura olmayotgan kishiday shoshib yashardi. Har bir yumushni va zimmasidagi vazifani sidqidildan bajarardi. Shuning uchun ham u aktyor sifatida rol o‘ynagan yoki rejissyorlik qilgan videofilmlar tomoshabinlar katta qiziqish uyg‘otardi. Biroq o‘smirligidan ona mehriga to‘ymay o‘sgani, otamiz vafotidan keyin oilaning bor g‘am-tashvishlari asosan katta akam ikkisining gardaniga tushganidanmi, oldiniga biz – yetti nafar uka-singillarini uyli-joyli va oliy ma’lumotli qilish, keyin olti nafar farzandini tarbiyalab, voyaga yetkazish uchun uzluksiz harakatda bo‘lib, ko‘p zahmat-iztiroblar chekkanidanmi, so‘nggi vaqtlarda qandli diabet va yurak xastaliklariga chalingandi. Dard xuruj qilganida bir muddat ishini to‘xtatib, menikiga yoki uka-singillarim huzuriga oshiqardi. Oradan uch-to‘rt kun o‘tar-o‘tmas, «Xudoga shukur, sog‘aydim. Endi ishga bormasam bo‘lmaydi. Chunki aktyorlarni navbatdagi ko‘rsatuvda suratga tushish uchun aytib qo‘yganman», deya bezovtalanib qolardi. Ba’zan esa, tibbiy muolajalar tugamasidanoq, «Bugun yangi videofilmda rol o‘ynashga va’da berganman, lafzimda turishim shart!» degancha, telestudiyaga shoshilardi. To‘ylargayam sira kechikmasdi, har qanday vaziyatda ham o‘zaro kelishilgan vaqtda yetib borardi. Nazarimda, doimo odamlar orasida bo‘lish akamga o‘zgacha kuch-quvvat bag‘ishlab, dardni yengishiga turtki berardi. Ijod og‘ushiga sho‘ng‘igan paytlari esa u butunlay boshqa, xatti-harakatlari allanechuk chaqqon, gap-so‘zlari dadil-o‘ktam odamga aylanardi. Afsuski, oxirgi safar teskarisi bo‘ldi…

Darvoqe, 2009-yil may oyida Saydulla Narzullayevning sog‘lig‘i jiddiy ravishda yomonlashadi. Shul sabab, davolanish uchun shifoxonaga yotadi. Baribir, foydasi bo‘lmaydi, ahvoli hadeganda o‘nglanmaydi. Noiloj qolgan jigargo‘shalari uni Toshkent shahrining O‘zgarish mahallasida yashovchi singlisi Oydinning mo‘’jazgina hovlisiga olib kelishadi. Negaki, bu yerni bemor salomatligini tiklash uchun uning Yunusoboddagi ko‘pqavatli uylardan birida joylashgan uch xonali kvartirasidan ko‘ra ancha afzal deb bilishadi.

Har qalay, to‘g‘ri qilishgan ekan. Musaffo havo, osuda muhit tufayli hech qancha o‘tmay Saydulla akaning yuzlariga yana qon yugurib, jismiga mador kiradi. Shu asno u singlisi Gulchehraning yaqinda bosmadan chiqqan «Yulduzsiz tunlar» qissasini o‘qishga tutinadi. Pirovardida «Bu asarni badiiy film qilish kerak!» degan xulosaga keladi va G‘aybullani chaqirib, unga yaratilajak film ssenariysini yozishni tayinlaydi. Rejissyorlik vazifasini esa o‘z zimmasiga olishini bildiradi.

Biroq G‘aybulla uning topshirig‘ini bajara olmaydi. Negaki, aynan o‘sha kezlar Zahiriddin Muhammad Bobur haqida hujjatli film olishni rejalashtirib qo‘ygan va 31 may kuni Hindistonga uchib ketayotgan edi. Shuni aytib, uzr so‘raydi. Qarangki, akasi undan aslo ranjimaydi. Bil’aks, xushxabarni eshitib, quvonib ketadi. «Barakalla, juda savobli va mas’uliyatli ishga jazm qilibsan. Mayli, yo‘ldan qolma. «Yulduzsiz tunlarni» esa safardan qaytganingdan keyin suratga olamiz», deb xayr-xo‘shlashadi.

– G‘aybulla akam Hindistonga ketgani hamono Saydulla akam ilkis tetiklashdi. Mening asarimni qayta o‘qib chiqib, birdaniga ssenariy yozishga kirishib ketdi, – deydi Gulchehra Razzoqova. – Yozganda ham, hordiq nimaligini, uyqu nimaligini butkul unutib, to‘xtovsiz yozdi. Harchand hay-haylashimga qaramay, bir necha kecha-kunduz mukka tushib, qog‘oz qoraladi. Nega bunchalik shoshdi, shuncha kuch-quvvat va ilhomni qayerdan oldi, buni bilmayman. Nihoyat, 4 iyun kuni tush pallasi ishini yakunlab, tashqariga chiqdi. Kayfiyati chog‘ligidan jiyanlariga qo‘shilib, hovlida futbol o‘ynadi. Qiziq-qiziq hangomalar aytib, bolalarcha qiyqirib kuldi. Keyin Muqimiy teatrida ishlovchi kelinoyim – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Odina G‘oziyevaga qo‘ng‘iroq qoqib, «Xudo xohlasa, bugun uyga qaytmoqchiman. Spektakl tugagach, telefon qilsang, birga ketamiz», dedi. Ammo bu niyati ushalmadi. Kechga yaqin qo‘qqisdan yana mazasi qochdi. Uni zudlik bilan respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga olib bordik. Afsus, qazo fursati yetgan ekan, bu safar akamga uzluksiz 26 yil yashagan, ne-ne shodligu quvonchlarga, ne-ne g‘amu tashvishlarga guvoh bo‘lgan uyiga o‘z oyog‘i bilan kirib borish nasib qilmadi. Aksincha, o‘sha kuni kechqurun uning jonsiz tanasini biz ko‘zlarimizda yosh, dilimizda alam bilan uyiga ko‘tarib kirdik… Shuni aytsalar kerak-da, bandasining emas, Allohning aytgani bo‘ladi, deb…

– Men noxush xabardan payshanba kuni – Bobur bobomizga bag‘ishlangan hujjatli filmni suratga olishni ko‘ngildagidek yakunlagandan keyin Panipat shahridan Ludiana shahriga yetib borib, kechasi mehmonxonada dam olayotganimda ogoh topdim, – deydi G‘aybulla o‘kinch bilan. – Aksiga olganday, Hindistondan Toshkentga samolyot yaqinda uchib ketgan, navbatdagi reys esa faqat yakshanba kuni bo‘lar ekan. Oxir-oqibat akamning dafn marosimiga yetib kelolmadim, uni so‘nggi yo‘lga kuzatolmadim. O‘sha damlarda faqat «Yo‘q, akam o‘lmagan! O‘lishi mumkin emas! Axir shunday odam hayotdan erta ketishi mumkinmi?.. Hali uning bu yorug‘ dunyoda qilishi kerak bo‘lgan ishlari, ushalmagan orzu-umidlari ko‘p edi-ku! Nahotki, bu mudhish xabar rost bo‘lsa!» degan savollar qalbimni tilka-pora qilardi. Hindistondagi chorasiz qolgan o‘sha kunlarimning har daqiqasi hayotimning eng iztirobli va alamli lahzalari bo‘ldi. Toshkentga uch kundan keyin qaytib kelib, «Oqtepa» qabristoniga bordim. Akamning mung‘ayib turgan mozorini ko‘rib, beixtiyor ho‘ngrab yubordim. Uni quchoqlab, o‘ksib-o‘ksib yig‘larkanman, ko‘zlarimdan tinimsiz yosh oqardi. «Aka, sizni so‘nggi yo‘lga kuzatolmadim. Qabringizga bir siqim tuproq tashlab, ukalik burchimni ado etolmadim. Bu endi yuragimda umrbod armon bo‘lib qoladi… Aka, meni kechiring!» deyishdan nariga o‘ta olmadim…

Nachora, buni hayot deydilar, hamisha biri kam armonli dunyo deydilar. Qolaversa, hammamiz ham xom sut emgan ojiz bandalarmiz. Modomiki, shunday ekan, taqdirga tan berishga, nogahoniy musibatlarga ko‘nikishga majburmiz.

Saydulla Narzullayevni yaqindan bilganlarga oddiy bir haqiqat ayon: u o‘zgalardan mehrini darig‘ tutmaydigan o‘ta samimiy, o‘ta kamtar-kamsuqum, kasbiga fidoyi, zahmatkash inson edi. Umri bo‘yi odamlarga yaxshilik qilishga, ularning koriga yarashga intilib yashagandi. Shu zayl el nazariga tushib, muxlislar mehrini qozongandi. Respublikamizning ko‘plab go‘shalarida do‘st-birodarlar orttirib, odamlar qalbini zabt etgandi. Bunday baxtga muyassar bo‘lish esa, bilasiz, har kimga nasib qilavermaydi. Ayni chog‘da, bunday ajoyib insonlarni el-yurt osonlikcha unutmaydi.

Zero, Saydulla Narzullayevning ham nomi va hayotligida qilib ulgurgan ezgu amallari uzoq yillar xalq xotirasidan o‘chmaydi…

Abdunabi Haydarov



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Mahalliy

Texnikum bitiruvchisini ishga olgan tashkilotlarga kredit beriladi

Published

on


Hukumat qarori bilan «Texnikumlar bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
 
Ushbu Nizom davlat texnikumlari bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibini belgilaydi.
 
Quyidagi talablarga javob bergan tashkilotlar kredit olish huquqiga ega:
 
– texnikum bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda dual ta’lim bo‘yicha texnikum bilan amal qiluvchi shartnoma mavjud bo‘lishi;
 
– dual ta’lim doirasida o‘quvchilar uchun ish joylari va ishlab chiqarish amaliyoti tashkil etilgan bo‘lishi;
 
– dual ta’lim doirasida o‘quvchilarga tashkilotning malakali mutaxassislarini “ustoz” sifatida biriktirgan bo‘lishi;
 
– dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilar bilan muddatli mehnat shartnomalari tuzilgan bo‘lishi hamda ish haqi to‘lashi;
 
– joriy yilda texnikum bitiruvchisini tashkilotdagi vakant ish o‘rniga mehnat shartnomasi asosida ishga qabul qilgan bo‘lishi.
 
Tashkilotlar dual ta’lim dasturi doirasida kredit olish uchun tijorat banklariga quyidagi hujjatlarni qog‘oz shaklida taqdim etadi:


kreditni olish to‘g‘risidagi ariza;
ariza beruvchi (tashkilot)larning amalda bo‘lgan tasdiqlovchi hujjatlari;
texnikum va tashkilot o‘rtasidagi hamda tashkilot va o‘quvchi o‘rtasidagi dual ta’lim bo‘yicha shartnoma nusxalari;
dual ta’lim dasturi va dual ta’limda tahsil olayotgan o‘quvchilar ro‘yxati;
tashkilot tomonidan kreditdan foydalanish rejasi;
tashkilotning soliq qarzdorligi mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumot.

Tashkilotning kredit ajratish bo‘yicha taqdim etgan barcha hujjatlari kreditga layoqatlilik ko‘rsatkichiga muvofiq kelgan taqdirda, tijorat banki 3 ish kunida bu haqda tashkilotga xabar beradi, shartnoma tuzadi  hamda uning hisobvarag‘iga kreditni o‘tkazadi.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi

Published

on


O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilariga o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish imkoniyatini beruvchi yangi tartib belgilandi. Bu Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan.

Qarorga ko‘ra, kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilarining o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash, shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-sinf o‘quvchilarini texnikumlarga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yagona tartibi joriy etiladi.

Mazkur xizmatlardan foydalanish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali elektron shaklda topshiriladi.

10-sinf o‘quvchilarining o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish tartibi alohida belgilanadi. Bu o‘quvchilarga kasbiy ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Shuningdek, kasbiy ta’lim tashkilotlariga o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash bo‘yicha xulosa berishning yagona tartibi joriy etiladi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda ikki oy muddatda mazkur davlat xizmatlarini YaIDXP orqali ko‘rsatish imkoniyatini yo‘lga qo‘yish belgilangan.

Bundan tashqari, davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur ma’lumotlarni tegishli davlat organlaridan elektron shaklda olish imkoniyati yaratiladi.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

O‘zbekistonda xorijiy oliygohlar soni 10 yilda 4,3 barobar oshdi

Published

on


Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 30 ta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.

Bu 2015/2016-o‘quv yilidagi 7 taga nisbatan 4,3 barobar ko‘p. Shu tariqa, o‘n yil ichida mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorijiy OTMlar soni 23 taga oshgan.

Xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari soni 2005/2006-o‘quv yilida 2 ta bo‘lgan. 2010/2011-o‘quv yiliga kelib bu ko‘rsatkich 6 taga yetgan.

2015/2016-o‘quv yilida mamlakatda 7 ta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan bo‘lsa, keyingi besh yilda ular soni yana sezilarli ko‘paygan.

2020/2021-o‘quv yili boshida xorijiy OTMlar soni 18 taga yetgan. Bu 2015/2016-o‘quv yiliga nisbatan 11 taga ko‘pdir.

Shuningdek, 2020/2021-yildan 2025/2026-o‘quv yiligacha xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari soni yana 12 taga oshgan. Natijada besh yillik davrda ular soni 18 tadan 30 taga yetdi.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

35 yilda O‘zbekistonda maktablar soni 1,3 barobar oshdi

Published

on


Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 11 118 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.

Bu ko‘rsatkich 1991/1992-o‘quv yilidagi 8 557 ta maktabga nisbatan 1,3 barobar ko‘p. Shu tariqa, mustaqillikdan keyingi davrda mamlakatdagi umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 2 561 taga oshgan.

Dinamikaga ko‘ra, maktablar soni ayrim davrlarda sekin o‘sgan yoki qisqargan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda barqaror ko‘payish kuzatilgan. 2020/2021-o‘quv yilida ular soni 10 181 tani tashkil etgan.

1995/1996-o‘quv yilida mamlakatda 9 289 ta, 2000/2001 o‘quv yilida 9 726 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.

2005/2006-o‘quv yiliga kelib bu ko‘rsatkich 9 803 taga yetgan. 2010/2011-o‘quv yilida esa 9 806 ta maktab qayd etilgan. Keyingi besh yilda ko‘rsatkich biroz pasayib, 2015/2016-o‘quv yilida 9 720 tani tashkil qilgan.

2020/2021-o‘quv yilidan boshlab o‘sish yana tezlashgan. 2021/2022-yilda 10 289 ta, 2022/2023-yilda 10 522 ta, 2023/2024-yilda 10 750 ta maktab faoliyat yuritgan.

2024/2025-o‘quv yili boshida umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 10 943 tani tashkil etgan. Bir yil o‘tib, bu ko‘rsatkich yana 175 taga oshib, 11 118 taga yetgan.

Shunday qilib, 2020/2021-o‘quv yilidan 2025/2026-o‘quv yiligacha mamlakatdagi maktablar soni 937 taga ko‘paygan.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

Talabalar uchun o‘quv yili qachon boshlanishi aniq bo‘ldi

Published

on


Oliy ta’lim tashkilotlari, akademik litsey va texnikumlarda yangi o‘quv yili boshlanish sanasi belgilandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar qildi. 

​2026/2027-o‘quv yilida akademik litsey va texnikumlarda o‘quv jarayonlari 2-sentyabrdan boshlanadi.

​Oliy ta’lim tashkilotlarida esa:

​— 1-bosqich talabalari uchun — 7-sentyabrdan;

— 2-bosqich va undan yuqori bosqich talabalari uchun — 14-sentyabrdan o‘quv jarayonlari tashkil etiladi. 



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.