Connect with us

Mahalliy

Bayramingiz bilan, yuragi chandiqlarga to‘la hamkasbim!

Published

on


2024-yil dekabrning so‘ngi kunlari. Farg‘onada metan gaz quyish shoxobchasida sodir bo‘lgan o‘sha dahshatli portlash lavhalari haliyam ko‘z oldimdan ketmaydi. Mashina ichida bolalari bilan qolib ketgan ona, atrofda ikki bolasi bilan cho‘kkalagancha kuyib kul bo‘lgan ayol… Men u yerda emasdim, voqeani o‘z ko‘zim bilan ko‘rmadim. Lekin fojia payti yashin tezligida tarqalgan surat va videolarni anchagacha xayolimdan chiqara olmadim. O‘shanda mas’uliyatsiz mas’ullarni, inson hayotiga befarq bo‘lganlarni tanqid qilib maqola yozgandim, ularni o‘sha mashhur surat ochlikdan o‘layotgan bolaning tepasida o‘limini kutib turgan kalxatga o‘xshatgandim. Undan keyin yana va yana shu kabi voqealar takrorlanishda davom etdi… men qayta-qayta allaqachon ilmiy nomga ega bo‘lgan “Ma’naviy jarohat” (“Moral Injury investigative journalists”) ya’ni jurnalist ko‘ra-bila turib voqeani to‘xtatolmagani yoki tizimli shafqatsizlik qarshisida o‘zini ojiz his qilganida yuzaga keladigan og‘ir ichki inqirozni o‘z boshimdan o‘tkazaverdim.

Shu yerda jurnalist sifatida o‘zimga savol beraman, men-ku masofadan turib, monitor qarshisida xavfsizgina o‘tirib, faqatgina suratlarni ko‘rib shunchalik azoblandim, ruhiyatim ozorlandi, ammo shunday dahshatlarni, o‘limni, qonni va adolatsizlikni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, jahannamning ichida turib kadr olgan jurnalistlar-chi?

Ularning ruhiyati qanday chidagan?

Mana shu savol bizni jahon jurnalistikasi tarixidagi eng mashhur va eng fojiali faktlarga yetaklaydi. Fotoreportyor Kevin Karter 1993 yilda Sudandagi dahshatli ochlikni suratga olayotganda, obyektiviga ochlikdan yerga yopishib qolgan qoqsuyak bola va undan bir necha qadam narida o‘limini kutib turgan kalxat tushadi.
Karter kadrni yo‘qotmaslik uchun suratni oladi. Bu surat dunyoni uyg‘otdi, Sudanga millionlab dollarlik yordamlar oqib keldi. Jurnalist 1994 yil aprelida Pulitser mukofotini oldi. Ammo jamiyat uni qoralashga ham ulgurdi: “Nega bolaga yordam bermading?”

U ko‘rgan dahshatlar va jamiyatning ta’nasi ijodkorni ichidan yemirib bo‘lgan edi. Mukofot olganidan atigi uch yarim oy o‘tib, 1994-yil 33 yoshli Kevin Karter o‘z joniga qasd qildi. Uning qoldirgan xatida shunday so‘zlar bor edi: “Meni o‘limlar, jasadlar va og‘riqlar haqidagi xotiralar ta’qib qilyapti…”

Ha, Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universitetida har yili bahorda Pulitser laureatlariga mukofotlar topshiriladi. Sahnada hamma kulib turadi, ammo bu tantanali lavhalarning orqa fonida nimalar qolganini faqat jurnalistlarning o‘zlari bilishadi. Pulitser shunchaki muvaffaqiyat ramzi emas, balki jurnalistning ruhiy sog‘lig‘i, tinchligi va ba’zan hayoti evaziga jamiyatga “sotilgan” achchiq haqiqatidir. Va bu og‘riqli qismat faqat Afrikada yoki urush maydonlarida uchramaydi. Insoniyatning tizimli jinoyatlarini fosh qiluvchi har bir surishtiruvchi xuddi shu devorga boshi bilan uriladi.

Yoki bo‘lmasa…

2002-yil 6 yanvarda The Boston Globe nashrining “Spotlight” surishtiruv guruhi dunyo tarixidagi eng og‘ir maqolalar turkumini e’lon qilishni boshladi. Jurnalistlar mahalliy katolik cherkovida yillar davomida bolalarga nisbatan qilingan tizimli zo‘ravonliklarni va yuqori martabali rahbarlar bu jinoyatlarni qanday xaspo‘shlab kelganini fosh etishdi.
Ammo jurnalistlarning ushbu maqolalar to‘plami uchun olgan Pulitser mukofoti maxsus xizmat josuslarining ta’qiblari, telefon eshitishlari va oilasiga bo‘lgan tahdidlar ostida yashash — ular to‘lagan badal edi. Har kuni jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalarini o‘qish, yuzlab arxiv hujjatlarini vayron bo‘lgan taqdirlar orqali varaqlash jurnalistlarni insoniyatga bo‘lgan ishonchidan ham ayirgandi.

Jurnalist — qutqaruvchi…

Gohida kasbiy burch va insoniylik o‘rtasidagi chegara shu qadar ingichkalashib ketadiki, u yerda sovuqqon jurnalist bo‘lib qolishning iloji bo‘lmaydi. 1973 yilda fotojurnalist Nik Ut Vetnam urushi paytida amerikaliklar tashlagan yondiruvchi bombadan kiyimlari kuyib ketgan, dahshat va og‘riqdan chinqirib qochib kelayotgan 9 yoshli yalang‘och qizaloq Kim Fukni suratga oladi.

Tasavvur qiling, ko‘z oldingizda bolalar tiriklayin yonyapti, ularning terisi erib ketyapti… Nik Ut kadrni muhrlaydi-yu, ammo shundan so‘ng kamerani tashlab, qizaloqni mashinasiga solib kasalxonaga boradi. U shifokorlarni qizaloqni davolashga majbur qiladi va qiz tirik qoladi. U qizni qutqardi, ammo o‘sha kuyib ketgan bolalarning chinqirig‘i, urushning kuyuk hidi ijodkorning ruhiyatida bir umrlik dahshatli chandiq bo‘lib qoldi. U urushdan qaytsa-da, lekin urush uning ichidan hech qachon chiqmadi.

Tan olish kerak, bu professional majburiyat ba’zan haqiqiy qiynoqqa aylanadi. Maqola mukammal, faktlar esa benuqson chiqishi uchun sen o‘zing aslo xohlamagan, yuragingni unutgancha dahshatli kadrlarni qayta-qayta ko‘rishga majbursan.

Va o‘shanda yana anglaysan…

Yana ichingda o‘zingga qayta-qayta o‘sha savolni berasan: agar men shunchaki monitor qarshisida, xavfsiz xonada o‘tirib, tayyor arxiv kadrlarini majburlikdan qayta-qayta kuzatish orqali mana shunday ichdan kuyish hissini tuygan bo‘lsam, yashirin jinoyatlar zanjirining ichiga kirib, haqiqiy surishtiruv qilayotgan, xavf-xatar bilan yuzma-yuz kelayotgan jurnalistlar-chi? Ularning tunlari qanday o‘tgan ekan?
Jurnalistning eng katta dramasi maqola mukammal, faktologik jihatdan benuqson chiqishi uchun o‘zing xohlamagan, ruhiyatingni chil-chil qiladigan dahshatli kadrlarni qayta-qayta ko‘rishga, kattartirib o‘rganishga, soniyasigacha pauza qilib tikilishga majburligi. O‘quvchiga besh qatorlik fakt taqdim etish uchun, jurnalist o‘sha noxush suratlarni o‘z ichidan qayta-qayta o‘tkazadi. Xorij jurnalistikasi va ruhiyatshunosligida surishtiruvchi jurnalistlarning mana shunday ichidan kuyishini ifodolovchi maxsus terminlar bor. Professional doiralarda bu holatni “Remote Vicarious Trauma” (Masofaviy ikkilamchi jarohat) deb atashadi. Bu jurnalist voqea joyida o‘zi jismonan bo‘lmasa-da, ekran ortida arxivlarni kavlaganda, qurbonlarning suratlari va videolarini qayta-qayta tomosha qilganda, ruhiyati xuddi o‘sha dahshatni o‘z boshidan o‘tkazgandek og‘ir jarohat olishidir. Xuddi shunday holatni tavsiflaydigan yana bir termin “Journalism burnout and PTSD symptoms” — “Jurnalistlardagi kasbiy kuyish va posttravmatik stress belgilari”.

Ichdan kuyish iztirobi…

Insonni ichidan kuydiradigan olovli kuchini 2024 yili Farg‘onadagi metan gaz quyish shoxobchasida sodir bo‘lgan dahshatli portlash haqida o‘rganayotganimda yoki Qibrayda to‘rt bola is gazida qolib ketgani, ayniqsa, qizaloqlardan biri eshikni timdalagancha joni uzilganini onasi aytib berayotganda, vodiylik besh nafar talabaning is gazidan vafot etgani va maqola yozish uchun besh uydagi ta’ziyada ishtirok etganimda o‘z tanamda his qilganman.

Yaqinda esa dunyodagi eng shafqatsiz va qonli konveyerlardan biri bo‘lgan, Xitoyning an’anaviy tibbiyotidagi “eszyao” yoshartiruvchi malhami uchun har yili 6 milliondan ortiq jonzotni qurbon qilayotgan global eshak terisi savdosini surishtirayotib, yana o‘sha “olov” ichiga tushib qoldim. Ingliz va xitoy tillaridagi maxfiy saytlarni, xalqaro hisobotlarni soatlab o‘rgandim. Bu kadrlarni o‘rganish men uchun xuddi o‘zimni eng dahshatli, qonli kinoni tomosha qilishga majburlagandek kechdi, haligacha o‘sha maqolaning ichida yashayapman: ko‘z oldimdan tirik jonzotlarni vagonlarga tiqib, kunlar davomida suvsiz va ovqatsiz chegaralardan olib o‘tishgani, ularni yukxonalardan xuddi jonsiz, tuyg‘usiz bir buyumdek uloqtirishgani ketmaydi. O‘sha vahshiylikdan tirik yuklar tushiriladigan joylarda suyaklari singan xo‘tikchalarni, uzilgan dumlarni, quloqlarni ko‘rdim. Ochko‘zlik va shafqatsizlik shu darajaga yetganki, Afrika dalalarida ularning tiriklayin terisini shilib, qonga belangan go‘sht va suyaklarini shunchaki ko‘chalarga, kalxatlarga tashlab ketishgan. Savdo shu qadar foydali va nazoratsizki, bu sovuq tijorat zanjiriga atrofimizdagi 23 ta davlat allaqachon qo‘shilib bo‘lgan…

Bularning hammasini masofadan turib, soatlab va soniyasigacha pauza qilib o‘rganar ekanman, ichim har safar xuddi o‘sha Farg‘onadagi gaz portlashidagidek kuyishda davom etaverdi. Eng dahshatlisi, bu og‘riq faqat ekran yoki arxiv hujjatlari ichida qolib ketmadi. O‘sha o‘rganishlarimdan keyin bu fojiani yanada teranroq his qila boshladim. Ko‘cha-ko‘yda, bozor atrofida ustida o‘zidan o‘n barobar og‘ir yukni ko‘tarib turgan, xivichlar yag‘irini yara qilib tashlagan bo‘lsa-da, yana qayta-qayta qamchilanayotgan o‘sha beozor jonzotlarni ko‘rganimda, maqola uchun o‘rgangan har bir fakt, har bir surat, Keniyada eshaklari o‘g‘irlanib, tirikchiligi kuniga 30 dollardan 5 dollarga tushib qolgan Morris Njeruning ortda qolgan bolalari ko‘z oldimda jonlanadi….

***
Matbuot va Ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni keng nishonlanayotgan bir paytda, juda ko‘pchilik istehzo bilan eslaydigan jonivorni, eshakni eslash shartmidi, deya istehzoli jilmayishingiz mumkin.

Ha, bugun men uchun shart!

Chunki jurnalistika faqat chiroyli tabriklardan iborat emas.
Garchi hech qachon qonli urushlarda qatnashmagan, olovlarning ichida bo‘lmagan, dunyo tan olgan Pulitser mukofotiga hech qachon da’vogarlik qilmagan bo‘lsam-da, ichidan kuygan, “Ma’naviy jarohat” (“Moral Injury investigative journalists”) ya’ni ko‘ra-bila turib voqeani to‘xtatolmaganim, shafqatsizlik, adolatsizliklar qarshisida o‘zimni ojiz his qilganim uchun og‘ir ichki inqirozni qayta-qayta qalbidan o‘tkazayotgan oddiy jurnalistman. Bayramingiz bilan tabriklayman, yuragi chandiqlarga to‘la hamkasbim!



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Mahalliy

Oliy ta’lim muassasalari uchun kvotalar tasdiqlandi

Published

on


OTMlar uchun kvotalar tasdiqladi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi. 

Davlat qabul komissiyasi tomonidan 2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim tashkilotlari umumiy qabul parametrlari, jumladan, quyidagilar tasdiqlandi: 

– Axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishlari uchun davlat granti kvotalari 35 foizga oshirilishi hisobiga ajratilgan qabul parametrlari; 

– Bakalavriat va magistratura bo‘yicha umumiy qabul parametrlari ta’lim shakllari hamda o‘qitish tillari kesimida; 

– Tillar, maxsus pedagogika, sport, san’at va boshqa yo‘nalishlarning ixtisoslashuviga ko‘ra qabul taqsimoti; 

– Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qo‘shimcha 2 foizlik davlat granti kvotalari; 

– Yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun qo‘shimcha 1 foizlik davlat granti kvotalari; 

– Ichki ishlar organlari xodimlari farzandlari uchun qo‘shimcha 5 foizlik davlat granti kvotalari; 

– Qurolli Kuchlar va Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari farzandlari uchun davlat granti kvotalari; 

– Muddatli harbiy xizmatni o‘tab, tavsiyanomaga ega fuqarolar uchun alohida 5 foizlik qabul ko‘rsatkichlari; 

-Bojxona organlari xodimlari farzandlari uchun qo‘shimcha 2 foizlik davlat granti kvotalari; 

– “Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan oilalar farzandlari uchun qo‘shimcha 10 foizlik davlat granti kvotalari; 

– O‘rmonchilar va ularning farzandlari uchun qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari; 

– Xorijdagi yosh vatandoshlar uchun ajratilgan 30 ta davlat granti o‘rinlari; 

– Davlat granti ulushining ta’lim sohalari va bakalavriat yo‘nalishlari bo‘yicha taqsimoti; 

– Kamida 5 yillik ish stajiga ega fuqarolarni kechki ta’limga tavsiya etish huquqiga ega vazirlik va idoralar ro‘yxati; 

– Maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash va san’at sohalari uchun maqsadli qabul parametrlari; 

– Maktabgacha ta’lim pedagoglari uchun dual ta’lim asosidagi bakalavriat qabul parametrlari; 

– Oliy malaka toifasiga ega maktab o‘qituvchilari uchun pedagogika magistraturasiga masofaviy ta’lim bo‘yicha maqsadli qabul; 

– 5 yillik mehnat stajiga ega xotin-qizlar uchun 2 500 ta alohida to‘lov-kontrakt o‘rni; 

– Xotin-qizlar uchun kunduzgi ta’limga qo‘shimcha 4 000 ta davlat granti; 

-Green University uchun vakant davlat buyurtmasi o‘rinlari hisobidan 100 ta qabul parametri; 

– Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston va Mo‘g‘uliston fuqarolari uchun davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

Izmir va Toshkent o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi

Published

on


2026 yil 1 avgustdan boshlab Turkiyaning SunExpress aviakompaniyasi ilk bor Izmir – Toshkent – Izmir yo‘nalishi bo‘yicha muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirishni boshlaydi. Parvozlar haftasiga to‘rt marta 189 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan Boeing 737-800 rusumidagi havo kemalarida bajariladi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar bermoqda.

«Tarixda ilk bor Toshkent va Izmir shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam aviaaloqa yo‘lga qo‘yilib, bu ikki mamlakat o‘rtasidagi turistik, biznes va madaniy aloqalarni yanada kengaytirishga xizmat qiladi», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, SunExpress O‘zbekiston aviatsiya bozoriga ilk bor kirib kelmoqda hamda mamlakatga muntazam reyslarni amalga oshiruvchi uchinchi Turkiya aviakompaniyasiga aylanadi. Bundan tashqari, aviakompaniya kelgusi yil boshidan Farg‘ona vodiysidagi aeroportlarga ham muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Hozirgi kunda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar Turkish Airlines hamda AJet aviakompaniyalari tomonidan amalga oshirilmoqda.

SunExpress — Turkiyaning yetakchi loukoster aviakompaniyalaridan biri bo‘lib, 1989 yilda Turkish Airlines va Lufthansa kompaniyalari hamkorligida tashkil etilgan. Aviakompaniya Antaliya va Izmir shaharlarida bazalashgan bo‘lib, Yevropa, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va Markaziy Osiyoning 37 ta mamlakatidagi 250 dan ortiq yo‘nalish bo‘yicha muntazam aviaqatnovlarni amalga oshiradi.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

Buxorodagi davlat bog‘chalari ham vaqtincha yopiladi

Published

on


Buxoroda ham bog‘chalar vaqtincha yopiladi. 

Buxoro viloyatida kutilgan kuchli issiqlar munosabati bilan 15–17-iyul kunlari barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi.

Bu haqda Buxoro viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Buxoro viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining xulosasiga asoslanib ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, qaror maktabgacha yoshdagi bolalarning hayoti va salomatligini jazirama issiqning salbiy ta’siridan muhofaza qilish maqsadida qabul qilingan.

Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari 20 iyul kunidan boshlab belgilangan tartibda o‘z faoliyatini qayta tiklaydi.

Ota-onalardan ushbu vaqtinchalik cheklovni to‘g‘ri qabul qilish, shu kunlarda farzandlari salomatligi va xavfsizligiga alohida e’tibor qaratish so‘raldi.

Avvalroq Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Navoiydagi bog‘chalar vaqtincha yopilishi ma’lum qilingandi. 



Source link

Continue Reading

Mahalliy

Ayrim fransuz tili o‘qituvchilariga umumiy qiymati 1,3 mln yevrolik grant ajratiladi

Published

on


Fransiyaning Nitsa shahrida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi delegatsiyasi hamda Frankofoniya instituti o‘rtasida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan Anglashuv memorandumi imzolandi.

Hujjatga ko‘ra, 2030 yilgacha O‘zbekistondagi 1 410 nafar fransuz tili o‘qituvchisining malakasi oshiriladi. Ularning 910 nafari uchun umumiy qiymati 1,3 million yevroga teng bo‘lgan bepul pedagogik stipendiya (grant) ajratiladi.

Shuningdek, tomonlar «Allyumer le zetual» («Allumer les étoiles») dasturi doirasida pedagoglar malakasini oshirish, trenerlar tayyorlash hamda xorijiy til mutaxassislarini O‘zbekistonga jalb etish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi.

Bundan tashqari, A. Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutida Frankofoniya instituti byurosini ochish masalasi ham muhokama qilindi. Mazkur byuro kelgusida mintaqaviy markaz sifatida fransuz tili o‘qituvchilarining malakasini oshirishga xizmat qilishi rejalashtirilmoqda.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

O‘zbekistondagi 10 mingdan ortiq maktab «Canva»dan bepul foydalanadi

Published

on


Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov boshchiligidagi delegatsiya Fransiyadagi O‘zbekiston elchixonasida «Canva» kompaniyasi bilan grant kelishuvini imzoladi. Hujjatga muvofiq, mamlakatdagi 10 mingdan ortiq umumta’lim maktabi «Canva for Education» platformasidan uch yil mobaynida mutlaqo bepul foydalanadi.

Kelishuv Parij shahridagi YuNESKO bosh qarorgohida o‘tkazilayotgan «Ta’lim transformatsiyasi sammiti +4» doirasida imzolandi. Grantning umumiy qiymati 20 million AQSh dollariga teng bo‘lib, u maktablarda zamonaviy raqamli ta’lim vositalarini keng joriy etishga xizmat qiladi.

«Canva» — Avstraliyada tashkil etilgan va hozirda dunyoning 190 dan ortiq mamlakatida qo‘llanilayotgan yetakchi vizual dizayn platformasi hisoblanadi. Uning ta’limga mo‘ljallangan «Canva for Education» xizmati o‘qituvchilar va o‘quvchilar uchun maxsus ishlab chiqilgan minglab tayyor shablonlar hamda dizayn vositalarini taklif etadi.

Platforma orqali o‘quvchilar taqdimot va infografikalar tayyorlash, vizual materiallar yaratish, sun’iy intellekt asosida ta’lim kontenti ishlab chiqish, guruh bo‘lib onlayn hamkorlik qilish va raqamli savodxonlik ko‘nikmalarini rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.