Mahalliy
Bir yuz o‘ttiz Termiziy
Zamonaviy shahar sifatida istiqlol davrida yasharish va yashnash pallasiga kirgan Termiz shahri o‘z uzoq kechmishida necha bor yonib, necha bor kul bo‘lib, necha bor vayronagarliklardan bosh ko‘targani va yana qaddini tiklab, yashab qolishda davom etgani tarixdan ma’lum. U – zardushtiylik, buddaviylik markazi. U – islom dinini ikki daryo oralig‘i yurtida ilk bora qarshilagan va hammadan avval bu nafas ila yashay boshlagan dastlabki manzil.
Shahar Movarounnahr diyori, keng ma’noda Markaziy Osiyo va unga yondosh boshqa hududlarga islomning kirib kelishi va milodiy IX–XII asrlar Uyg‘onish davrini anglashimizda alohida o‘ringa ega hisoblanadi.
Termiz va uning tarixini o‘rganish XX asrning 20-yillaridan boshlangan hamda bu borada erishilgan salmoqli yutuqlar barchaga ma’lum, ammo bunda asosiy e’tibor shaharning moddiy madaniyatini o‘rganish – o‘zlashtirishga qaratilgani ham rost. Binobarin, shaharning ma’naviy hayoti va qiyofasini o‘rganish o‘tgan asr oxirlarida boshlanib, bu holat mustaqillik yillarida sifat jihatidan yangi darajalarga chiqqanini ham ko‘rib turibmiz.
Kaminaning kuzatuviga ko‘ra, bu boradagi birinchi izlanish sifatida bundan qirq yil muqaddam, ya’ni 1979 yilning 14 avgust kuni sharqshunos birodarimiz Zokirjon G‘oyib Mahmud o‘g‘li viloyat gazetasida chiqargan «Al-Hakim at-Termiziy» nomli maqolani ko‘rsatsa bo‘ladi.
Bu o‘z davri uchun alohida e’tirofga loyiq jur’atli ish edi. Zero, sho‘ro siyosatining eng avj pallalarida ilk bora allomamiz hayoti, ilmiy faoliyati, merosi xolis va qamrovli yoritilgan ediki, buning uchun muallifning ba’zi tazyiqlarga duchor qilingani ham bejiz bo‘lmagan!..
1990-yili ikki bosma toboq hajmdagi «Termiz ota» (mualliflar: Nizomjon Parda, Asomiddin Temur) kitobchasi chiqadi, Abu Iso Termiziyning «Ash shamoili an-nabaviyya» asari Sayyid Mahmud Taroziy tarjimasida chop etiladi. Keyinroq esa Muhammad Hakim Termiziy va Abu Iso Termiziyga asosiy e’tibor qaratilib, yurtimizda va xorijda bir qator tadqiqot ishlari olib boriladi, o‘nlab kitoblar, yuzlab maqolalar yuzaga keladi.
Termiziylar merosini yaxlit tarzda umumlashtirish yo‘nalishida ham ishlar davom ettirilgan. Bunda Surxon vohasi ziyolilarining izlanishlari alohida ahamiyatli. Jumladan, tarixchi Shoniyoz Safarov qalamiga mansub «Termiz va termiziylar» nomli kitob bu boradagi dastlabki to‘plam bo‘ldi. E’tiborga sazovor jihati shundaki, mazkur to‘plam va unda jamlangan ma’lumotlar Surxon diyori tadqiqotchilarining yangi avlodi ijodiga juda katta ta’sir ko‘rsatdi.
Termizlik olimlar: Ahmad Abdullayev, Jabbor Esonov, Bobonazar Murtazoyev, Jaloliddin Mirzayev, Ramazon Abdullayev va boshqalar olib borgan ishlarning natijasi o‘laroq ko‘plab adib va shoir Termiziylar nomi, faoliyati va merosi kashf etildi hamda bu jarayon hanuz davom etadi. Mirzo Kenjabekning termiziylar mavzuida ko‘lami keng asl manbalarni tadqiqotga jalb etishi, muhim tarjimalarni amalga oshirishi qimmatli tajribalardan biri bo‘ldi. Jaloliddin Mirzoning Termiz sayyidlari bo‘yicha izlanishlari, Bobonazar Murtazoyev tomonidan tuzilgan yuzdan ortiq Termiziy ro‘yxatining e’lon qilinishi o‘quvchilarning keng doirasida xos qiziqish uyg‘otdi.
Bugungi kunda, ya’ni mustaqillik yillarida amalga oshirilgan tadqiqotlar Termizning nafaqat davlatchilik va madaniyat timsoli ekanligi, balki ma’naviyat va ma’rifat markazi sifatida e’tirof etilishiga ham imkon yaratdi, degan yaxlit to‘xtamni beradi.
Erishilgan marralar aniq, shu bilan birga termiziylar borasida qilinadigan ishlar hali ko‘p. Zero, ushbu yo‘nalishda arab tilidagi ma’lum va mashhur asarlar ilmiy muomalaga deyarli kiritilmagan, mavjud ma’lumotlar esa uzuq-yuluq va kengroq tadqiqiy yondashuvga muhtoj holida qolayotir. Mana shu bo‘shliqni to‘ldirish, aniqrog‘i, boshlangan ishlarni bundan-da kattaroq miqyosda davom ettirish, manbalar ko‘lamini tobora kengaytirib, ular bilan barchani tanishtirish zarurati «Termizning bezavol qal’alari yoxud Termiz tarixi» monografiyasining yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. Monografiya muallifi Jo‘rabek Cho‘tmatov, ziyoli oilasidan, Termiz universitetining tarix fakultetida ta’lim olgan, magistraturani ham shu dargohda o‘tagan. Termiziy olimlar hayoti va ilmiy merosi bo‘yicha izlanishlar olib boradi. Kitoblari, ilmiy maqolalari, tarjimalari bor. Lekin, Jo‘rabekning eng muhim yutug‘i, bu uning mustaqil ravishda arab tilini o‘rgangani va shu sababli qadimiy asl sharq manbalarini bemalol istifoda eta bilishidir.
Xullas, qariyb 23 bosma toboq, 346 sahifadan iborat bu kitob Sharqning Uyg‘onish davri bo‘lgan IX–XII asrlarda tarixiy Termiz kechmishi va madaniyati, mazkur davrda yashab o‘tgan termiziy ulug‘ allomalarning hayoti va faoliyati, ularning jahon ilm-fani va madaniyati taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi kabi masalalar ilmiy-tarixiy birlamchi manbalar asosida keng ko‘lamli tadqiq etilishiga bag‘ishlangan. Unda, shuningdek, Termiz tarixi, jo‘g‘rofiyasi, boshqa shaharlar bilan aloqasi va islom madaniyatini shakllantirishdagi o‘rni yetarli dalil va xulosalar asosida ko‘rsatib o‘tilar ekan, shu paytgacha ma’lum bo‘lgan termiziy allomalarning hayoti va ilmiy faoliyati bilan bog‘liq yangi ma’lumotlar taqdim etilishi qatorida yurtimiz manbashunosligida hali noma’lum bo‘lgan termiziylar xususida ham so‘z yuritiladi, ya’ni jami 130 nafar termiziy allomalar haqida ma’lumotlar yig‘ilgan. Ularning o‘n nafari tabaa tobeinlar ekani ilk bora aniqlanmoqda (eslatma: musulmon holida payg‘ambarimiz yonida bo‘lganlar sahoba, sahobalarga shu tarzda yetishganlar tobein, tobeinlarga shu tarzda yetishganlar esa tabaa tobein deyiladi).
Mazkur ma’lumotlar nafaqat Termiz, balki yurtimizning o‘tmish islomiy-ma’naviy muhitini va tarixini o‘rganishda ham katta yordam beradi, albatta. Ana shu 130 nafar Termiziy orasida tabaa tobeinlardan ilm oluvchilar va boshqa termizlik olimlar yuzdan ziyod kishini tashkil etgan bo‘lsa, bularga qo‘shimcha sakkiz nafar termizlik tasavvuf namoyandalari ajratib ko‘rsatilgan hamda Termiz nohiyalaridan yetishib chiqqan Sarminjoniy, Shayshaqiy, Ruxshabuziy kabi olimlar ham ularning toifa safiga qo‘shilgan.
Asarda o‘quvchiga qulaylik bo‘lishini ko‘zlab hadis ilmiga tegishli atamalar izohi keltiriladi. Shu bilan birga muallif o‘zi foydalangan arab, fors, g‘arbu sharqning boshqa tillari, shuningdek vatanimiz manbalariga oid 324 ta adabiyotni alohida turkumlab joylashtirganki, bundan hamma narsa aniq namoyon bo‘lib turadi va bu holatga ham yutuq sifatida qaralishi lozim bizningcha!
Mazkur tadqiqot orqali bilish mumkinki, Termiz islomning ilk davridagidek, keyin ham Movarounnahrda hanafiylikning muhim markazlaridan biri bo‘lib qolgan. Boshqa o‘lkalardan kelgan mashhur olimlar Termiz ilmiy muhitidan bahra olishgan, ba’zi termiziylar islomning o‘sha davrdagi boshqa ilmiy markazlarida faoliyat yuritib, ma’lum ilm sohalarida yetakchilik qilishgan. Bu yerda diniy ilmlar qatorida tabiiy ilmlar ham rivoj topgan, jumladan, islom olamida usturlob ishlatilgan ilk hududlardan biri Termizda butun boshli rasadxona faoliyat yuritgan.
Shu bilan birga mualif alohida ta’kidlaydiki, islom olamida tan olingan olti hadis kitobidan birining muallifi Abu Iso Termiziyning o‘ndan ziyod shayxi va ustozi Termizdan ekanligi ul zotning ushbu shahardan yetishib chiqishi bejiz emasligini, Termizda buning uchun lozim darajadagi ilmiy muhit va hadis maktabi yuzaga kelganligini ko‘rsatadi.
Iqtidorli yosh olim Jo‘rabek Cho‘tmatovning monografiyasida milodiy IX-XII asrlarda yetishib chiqqan termiziylar haqida so‘z yuritilgan. Sezgan bo‘lsangiz, keyingi davrlar – to milodiy XIX asrgacha yetishib chiqqan termiziylarni o‘rganish esa hali alohida mavzu sifatida qolayotir. Demak, izlanishlar davom etadi.
Abdulla Xolmirzayev
Mahalliy
Texnikum bitiruvchisini ishga olgan tashkilotlarga kredit beriladi
Hukumat qarori bilan «Texnikumlar bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Ushbu Nizom davlat texnikumlari bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibini belgilaydi.
Quyidagi talablarga javob bergan tashkilotlar kredit olish huquqiga ega:
– texnikum bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda dual ta’lim bo‘yicha texnikum bilan amal qiluvchi shartnoma mavjud bo‘lishi;
– dual ta’lim doirasida o‘quvchilar uchun ish joylari va ishlab chiqarish amaliyoti tashkil etilgan bo‘lishi;
– dual ta’lim doirasida o‘quvchilarga tashkilotning malakali mutaxassislarini “ustoz” sifatida biriktirgan bo‘lishi;
– dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilar bilan muddatli mehnat shartnomalari tuzilgan bo‘lishi hamda ish haqi to‘lashi;
– joriy yilda texnikum bitiruvchisini tashkilotdagi vakant ish o‘rniga mehnat shartnomasi asosida ishga qabul qilgan bo‘lishi.
Tashkilotlar dual ta’lim dasturi doirasida kredit olish uchun tijorat banklariga quyidagi hujjatlarni qog‘oz shaklida taqdim etadi:
kreditni olish to‘g‘risidagi ariza;
ariza beruvchi (tashkilot)larning amalda bo‘lgan tasdiqlovchi hujjatlari;
texnikum va tashkilot o‘rtasidagi hamda tashkilot va o‘quvchi o‘rtasidagi dual ta’lim bo‘yicha shartnoma nusxalari;
dual ta’lim dasturi va dual ta’limda tahsil olayotgan o‘quvchilar ro‘yxati;
tashkilot tomonidan kreditdan foydalanish rejasi;
tashkilotning soliq qarzdorligi mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumot.
Tashkilotning kredit ajratish bo‘yicha taqdim etgan barcha hujjatlari kreditga layoqatlilik ko‘rsatkichiga muvofiq kelgan taqdirda, tijorat banki 3 ish kunida bu haqda tashkilotga xabar beradi, shartnoma tuzadi hamda uning hisobvarag‘iga kreditni o‘tkazadi.
Mahalliy
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilariga o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish imkoniyatini beruvchi yangi tartib belgilandi. Bu Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan.
Qarorga ko‘ra, kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilarining o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash, shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-sinf o‘quvchilarini texnikumlarga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yagona tartibi joriy etiladi.
Mazkur xizmatlardan foydalanish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali elektron shaklda topshiriladi.
10-sinf o‘quvchilarining o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish tartibi alohida belgilanadi. Bu o‘quvchilarga kasbiy ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, kasbiy ta’lim tashkilotlariga o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash bo‘yicha xulosa berishning yagona tartibi joriy etiladi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda ikki oy muddatda mazkur davlat xizmatlarini YaIDXP orqali ko‘rsatish imkoniyatini yo‘lga qo‘yish belgilangan.
Bundan tashqari, davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur ma’lumotlarni tegishli davlat organlaridan elektron shaklda olish imkoniyati yaratiladi.
Mahalliy
O‘zbekistonda xorijiy oliygohlar soni 10 yilda 4,3 barobar oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 30 ta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
Bu 2015/2016-o‘quv yilidagi 7 taga nisbatan 4,3 barobar ko‘p. Shu tariqa, o‘n yil ichida mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorijiy OTMlar soni 23 taga oshgan.
Xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari soni 2005/2006-o‘quv yilida 2 ta bo‘lgan. 2010/2011-o‘quv yiliga kelib bu ko‘rsatkich 6 taga yetgan.
2015/2016-o‘quv yilida mamlakatda 7 ta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan bo‘lsa, keyingi besh yilda ular soni yana sezilarli ko‘paygan.
2020/2021-o‘quv yili boshida xorijiy OTMlar soni 18 taga yetgan. Bu 2015/2016-o‘quv yiliga nisbatan 11 taga ko‘pdir.
Shuningdek, 2020/2021-yildan 2025/2026-o‘quv yiligacha xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari soni yana 12 taga oshgan. Natijada besh yillik davrda ular soni 18 tadan 30 taga yetdi.
Mahalliy
35 yilda O‘zbekistonda maktablar soni 1,3 barobar oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 11 118 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
Bu ko‘rsatkich 1991/1992-o‘quv yilidagi 8 557 ta maktabga nisbatan 1,3 barobar ko‘p. Shu tariqa, mustaqillikdan keyingi davrda mamlakatdagi umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 2 561 taga oshgan.
Dinamikaga ko‘ra, maktablar soni ayrim davrlarda sekin o‘sgan yoki qisqargan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda barqaror ko‘payish kuzatilgan. 2020/2021-o‘quv yilida ular soni 10 181 tani tashkil etgan.
1995/1996-o‘quv yilida mamlakatda 9 289 ta, 2000/2001 o‘quv yilida 9 726 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
2005/2006-o‘quv yiliga kelib bu ko‘rsatkich 9 803 taga yetgan. 2010/2011-o‘quv yilida esa 9 806 ta maktab qayd etilgan. Keyingi besh yilda ko‘rsatkich biroz pasayib, 2015/2016-o‘quv yilida 9 720 tani tashkil qilgan.
2020/2021-o‘quv yilidan boshlab o‘sish yana tezlashgan. 2021/2022-yilda 10 289 ta, 2022/2023-yilda 10 522 ta, 2023/2024-yilda 10 750 ta maktab faoliyat yuritgan.
2024/2025-o‘quv yili boshida umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 10 943 tani tashkil etgan. Bir yil o‘tib, bu ko‘rsatkich yana 175 taga oshib, 11 118 taga yetgan.
Shunday qilib, 2020/2021-o‘quv yilidan 2025/2026-o‘quv yiligacha mamlakatdagi maktablar soni 937 taga ko‘paygan.
Mahalliy
Talabalar uchun o‘quv yili qachon boshlanishi aniq bo‘ldi
Oliy ta’lim tashkilotlari, akademik litsey va texnikumlarda yangi o‘quv yili boshlanish sanasi belgilandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar qildi.
2026/2027-o‘quv yilida akademik litsey va texnikumlarda o‘quv jarayonlari 2-sentyabrdan boshlanadi.
Oliy ta’lim tashkilotlarida esa:
— 1-bosqich talabalari uchun — 7-sentyabrdan;
— 2-bosqich va undan yuqori bosqich talabalari uchun — 14-sentyabrdan o‘quv jarayonlari tashkil etiladi.
-
Mahalliy5 days ago
Toshkentda maktabgacha ta’lim markazi tashkil etiladi
-
Jamiyat5 days ago
Mirakida ekologik bilim va sport uyg‘unlashgan kun
-
Iqtisodiyot3 days ago
Yangi boshlayotgan tadbirkorlar 5 mlrd so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin
-
Iqtisodiyot4 days ago
Mikro GESlarni loyihalash va qurish tartibi soddalashtiriladi
-
Mahalliy1 day ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Mahalliy4 days ago
Talabalar uchun o‘quv yili qachon boshlanishi aniq bo‘ldi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston qaysi davlatlarga ko‘proq eksport qilmoqda?
-
Mahalliy2 days ago
O‘zbekistonda xorijiy oliygohlar soni 10 yilda 4,3 barobar oshdi
