Jamiyat
Achchiq haqiqatlar xabarchisi
Urush bir kun davom etadimi, yuz yilga cho‘ziladimi, bundan qat’i nazar, mohiyati ham, oqibati ham bitta: baribir qirg‘in bo‘ladi, baribir odam o‘ladi, umrlar bevaqt zavol topib, xasta-nogironlar ko‘payadi. Yillar davomida qurilgan, boyagina gullab-yashnab turgan shahar-qishloqlar ko‘z ochib yumguncha vayronaga aylanib, ko‘li ko‘kka sovuriladi. Eng dahshatlisi, xunrezlikni odatda bir to‘da g‘alamis-razil kimsalar boshlaydi-yu, jabrini hamisha begunoh odamlar – oddiy xalq tortadi. Uning asoratlari esa yillarga, hatto asrlarga tatiydi…
Navbatdagi urushdan keyin Fransiyada xuddi shunday mudhish vaziyat vujudga kelgandi. Shahid ketganlarning g‘amboda jigargo‘shalari yig‘lab-siqtab motam tutishar, minglab-millionlab ota-onalar, ayollar va bolalar bedarak ketgan jigargo‘shalari yo‘liga umid-la ko‘z tikishardi. Qirg‘inbarot jabrdiydalari safida Ivonn Berto ism-sharifli juvon ham bor edi. U jang chog‘i nom-nishonsiz yo‘qolgan erini kutar, «Zora topilib qolsa!» degan ilinjda hali u-hali bu tashkilotga murojaat qilardi.
Afsus, boyaqishning tinimsiz izlanishlari va uzoq yillik kuyinishlari zoye ketdi. Oradan yillar o‘tsa-da, hech kim dardiga malham qo‘ya olmadi, erining o‘ligidan ham, tirigidan ham xabar berolmadi. Oxir-oqibat u umidsizlikka tushib, yolg‘izlik va bevalikni bo‘yniga oldi. Bora-bora hamma narsaga loqaydlarcha qarashga odatlandi. Endi unga bu dunyoda yashashning go‘yoki mutlaqo qizig‘i qolmaganday edi.
Ana shunday afsus-armonga yo‘g‘rilgan qora kunlarning, yana deng, dilgir oqshomlarning birida g‘alati voqea ro‘y berdi. Ivonn uyquga yotishdan oldin xona burchagidagi katta toshoynaga odatdagidek birrov qaradi-yu, ham qo‘rquv, ham hayrat ichra turgan joyida dong qotdi. Bu safar ko‘zguda o‘z siymosini emas, rohibalar libosini kiygan, qosh-ko‘zlari chiroyli, qaddi-qomati kelishgan, mayingina jilmayib turgan yoshgina ayol aksini ko‘rdi. Ko‘rdi-yu, ikki qo‘li bilan jon holatda boshini mahkam changallagancha, yerga tiz cho‘kdi…
Shu-shu, yotoqxonaga kirishga va ko‘zguga qarashga yuragi betlamadi. O‘lganning ustiga tepganday, basma-basiga sog‘lig‘i yomonlasha boshladi. Axiyri, bo‘lmadi. Ishxonasi taqdim etgan yo‘llanma bo‘yicha sanatoriyda davolanishga chog‘landi.
O‘sha kuni Ivonn sihatgoh hovlisidagi ko‘zdan xoliroq shiyponchada tanho o‘zi kitob o‘qib o‘tirgandi. Bir mahal yerdan chiqdimi-osmondan tushdimi, anglolmay qoldi, ro‘parasida yoshgina ayol paydo bo‘ldi. Ivonn unga qaragani hamon ilkis hushyor tortdi. Negaki, bu juvon go‘zal chehrasi ko‘zguda namoyon bo‘lgan rohibaning quyib qo‘ygandek o‘zginasi edi.
– Keling, tanishaylik, mening ism-sharifim Florans Blansh, – dedi «kutilmagan mehmon» rohiba singari muloyim kulimsirab. – Huv, anovi bo‘lmada ham dam, ham muolaja olyapman. – U shunday deya hovli etagidagi binoga ishora qilgach, muddaoga o‘tdi. – Sizni bu yerga kelganingizdan beri chetdan kuzatib, yoqtirib qoldim. Shu bois ikkimiz dugona tutinsak, degan niyatda edim…
Qandaydir ichki tuyg‘ular izmiga bo‘ysungan Ivonn favqulodda iltimosni rad etolmadi. Tez-tez u bilan birga sayr qiladigan bo‘ldi. Ammo bu dilkashlik uzoqqa cho‘zilmadi, hammasidan achinarlisi, armonli xotima topdi.
Tanishganlarining uchinchi kuni edi. Ular sanatoriy yonidan o‘tgan daryo sohilini kezib yurishgandi. Florans Ivonnini qo‘ltiqlab olgandi. U ohista qadam tashlar ekan, negadir og‘ir o‘yga toldi. Anchadan so‘ng chuqur xo‘rsinib, shu atrofda ro‘y bergan bir fojiani hikoya qila ketdi. Aytishicha, urush yillari xuddi shunaqa daryo bo‘yidagi yalanglikda ayovsiz jang bo‘libdi. Otishma tufayli har ikki tomondan talay askar nobud bo‘lib, anchasi yaralanibdi. Ulardan birining miyasi qattiq lat yegan ekan, jarohatlari bitsa-da, xotirasi tiklanmabdi. U o‘z kechmishi, nasl-nasabi, qarindosh-urug‘larini eslolmaydigan bo‘lib qolibdi. Xotirasiz yashash esa dahshat! Ruhan ezilgan yigit alamiga chidolmay qaltis yo‘lni tanlabdi. O‘zini pishqirib oqayotgan daryoga otib, tilsiz yov qurboni bo‘libdi.
Florans so‘zlashdan to‘xtab, ancha vaqt jim qoldi. So‘ngra Ivonnga ma’yus nazar tashladi-da, marhum jangchining yuz-ko‘zlarini, gavda tuzilishini tasvirlay boshladi. Uning gaplarini eshitib, Ivonning yuragi bexosdan hapqirib ketdi. Negaki, Florans ta’riflagan odam uning turmush o‘rtog‘i, bor-yo‘qligini bilolmay yillar osha zor-zor kutgan eng aziz odami edi…
Ivonn o‘sha tun mijja qoqmadi. O‘ksib-o‘ksib yig‘ladi, achchiq-achchiq ko‘z yoshi to‘kdi. Ertalabga borganda esa mutlaqo boshqa ayolga aylandi. Qalbida hayotga qayta muhabbat uyg‘ondi. Bundan buyog‘iga faqat o‘zi uchungina emas, balki juvonmarg ketgan eri uchun ham yashashga ahd qildi. Bu qarorini Floransga ma’lum qilmoqchi, harchand achchiq bo‘lsa-da, bor haqiqatni ro‘y-rost aytgani uchun minatdorchilik bildirmoqchi edi. Shuningdek, undan fojia sodir bo‘lgan daryo qayerda ekanligini so‘rab olmoqchi, o‘sha joyni ziyorat qilib, erining ruhini shod etmoqchi edi. Taassufki, dugonasini uchratmadi. Shifokorlarning ta’kidlashi va hujjatlarni tekshirishdan aniqlanishicha, bu ayol sanatoriyga umuman kelmagan, biron-bir muolaja olmagan ekan. Florans hech kimga sezdirmay qanday paydo bo‘lgan bo‘lsa, xuddi shu zaylda sas-sadosiz ko‘zdan yo‘qolgan edi. O‘zidan biror iz yoki belgi qoldirmagandi.
Nachora, Ivonn endi eri qolib, u haqda xabar yetkazgan rohibani izlashga kirishdi. Muddaosi ushalmagach, gazetaga e’lon berdi. Shu munosabat bilan yuzlab ayollardan xat oldi. Qizig‘i, maktublar egalarining barchasi urush bevalari bo‘lib, shu paytgacha daragi chiqmagan turmush o‘rtoqlari frontda halok bo‘lishganini, bu shum xabarni oradan yillar o‘tib, o‘zlari tasodifan uchratgan rohiba Florans Blanshdan eshitganlarini yozishdi. Ayni chog‘da, uni minba’d qayta ko‘rmaganlarini ta’kidlashdi.
Savol tug‘iladi: xo‘sh, Florans Blansh aslida kim edi? Rohibami?..
Yo‘q! Diniy tashkilotlar ma’lumotlariga qaraganda, o‘sha kezlari hech bir ayollar ibodatxonasida bunday ism-sharifli rohiba yashamagan. U holda kim anig‘ini ayta oladi: Florans hayotda bo‘lganmi o‘zi? Ehtimol, u zamin farzandi emasdir?.. Ehtimol, umr yo‘ldoshining tirikligini ham, halok bo‘lganini ham aniqlay olmay ikki o‘t orasida qolgan, nima qilarini bilolmay boshi qotgan ayollarni bor gapdan voqif etib, arosatdan chiqarish hamda ularga taskin-tasalli berish uchun o‘zga olamdan yerga yuborilgan noma’lum zotdir?!.
Bu savollarga hozirgacha jo‘yali javob topilgani yo‘q. Baski odamzod hamisha Xudoning qudratiga inonmog‘i, tirikligi va sog‘-salomatligi uchun shukrona keltirib yashamog‘i joiz!
Abdunabi Haydarov.
Jamiyat
Andijonda attraksion quladi: kamida 7 kishi jarohatlangan
Yakshanba kuni «Bog‘ishamol» dam olish majmuasida ichida odamlar bo‘lgan attraksion qulab tushdi. Guvohlar kamida 7 kishi jarohatlanganini aytmoqda. Andijon viloyat FVB hodisani tasdiqladi va 2 kishiga yordam ko‘rsatilganini ma’lum qildi.
Andijon viloyatida joylashgan Z.M.Bobur nomidagi istirohat bog‘ida (“Bog‘ishamol“) zanjir uzilib ketishi natijasida, ichida odamlar bo‘lgan attraksion qulab tushdi.
Ijtimoiy tarmoqlar hodisadan keyin attraksionni qismlari yerda sochilib yotgani aks etgan videolar tarqaldi. Guvohlarning Kun.uzʼga xabar qilishicha, baxtsiz hodisa natijasida kamida 7 kishi jarohatlangan.
Shuningdek, tarmoqlarda «attraksionlarga chiqishda hushyorlikka chaqirib, ularning ko‘plari tekshiruvdan o‘tkazilmagani» aytiladi.
Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi 26 aprel kuni ushbu bog‘ hududida attraksionlarning birining temir konstruksiyasi singanini tasdiqladi. Rasmiylarga ko‘ra, hodisa oqibatida «2 fuqaro yengil tan jarohati olgan va malakali tibbiy yordam ko‘rsatilgan».
Andijon viloyati FVB baxtsiz hodisa sabablari haqida ma’lumot bermagan.
Jamiyat
Tadbirkordan 63 ming dollar talab qilgan mansabdor qo‘lga olindi
Toshkent viloyatida favqulodda vaziyatlar tizimida faoliyat yurituvchi mansabdor shaxs tadbirkordan katta miqdorda pul talab qilgani aniqlandi. U tuman hududidan oqib o‘tuvchi uchta soy qirg‘oqlarini mustahkamlash va beton plitali yo‘l o‘tkazgichlari qurishga oid umumiy qiymati 5,04 mlrd so‘mlik shartnomalarni olib berganini ro‘kach qilgan.
Mazkur shartnomalarni go‘yoki vazirlikdagi hamkasblari orqali mahalliy mas’uliyati cheklangan jamiyatga rasmiylashtirib berganini aytgan mansabdor, korxona rahbaridan 63 ming AQSh dollari miqdorida «ulush» talab qilgan.
2026-yilning mart-aprel oylarida u ushbu mablag‘ning 24 ming dollarini olgani ham ma’lum bo‘ldi. Keyinchalik esa tadbirkordan qolgan 39 ming dollarni ham berishni talab qilishda davom etgan.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligining Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.
Unda mansabdor talab qilingan pulning navbatdagi qismi — 25 ming AQSh dollarini olayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Holat uning «Tracker» rusumli xizmat avtomashinasida sodir bo‘lgani qayd etildi.
Tezkor tadbir davomida u ashyoviy dalillar bilan ushlangani rasman tasdiqlandi. Bu holatda pul mablag‘larining aynan talab qilingani va olingani hujjatlashtirildi.
Hozirda mansabdor shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov organlari tomonidan barcha holatlar yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Unga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgani ma’lum qilindi.
Jamiyat
Samarqandda ikki qizga zo‘ravonlik qilgan vaqtinchalik vasiy ayolga chora ko‘rildi
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video ortidan Samarqandda ikki nafar qizga nisbatan zo‘ravonlik holati fosh etildi. Voqea Bolalar ombudsmani nazoratiga olindi.
Samarqand viloyatining Toyloq tumanida voyaga yetmagan ikki nafar qizga nisbatan jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik holati aniqlandi. Bu haqda Bolalar ombudsmani ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 21-aprel kuni fuqaro M.S. o‘zining vaqtincha vasiyligida bo‘lgan 2019-yilda tug‘ilgan B.D. va 2017-yilda tug‘ilgan B.M.ga nisbatan turli shaklda tazyiq o‘tkazgan. U bolalarning xorijda bo‘lgan onasi D.M.dan pul undirish maqsadida zo‘ravonlik qilgani va bu holatni videoga olgani qayd etilgan.
Holat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olindi. Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakil joyiga chiqib, vaziyatni o‘rgandi va bolalarni himoya qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rdi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Tuman vasiylik organi — «Inson» markazi mas’ullari tomonidan M.S. vasiylik vazifasidan chetlatildi. Bu qaror bolalar manfaatlarini himoya qilish maqsadida qabul qilingan.
Shuningdek, bolalarga yetkazilgan tan jarohatlari darajasini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan. Bu jarayonda barcha holatlarga huquqiy baho berilishi kutilmoqda.
Zo‘ravonlikdan jabrlangan qizlarning ruhiy holatini barqarorlashtirish maqsadida psixolog jalb qilingan. Hozirda ular tumandagi oilaviy bolalar uyiga joylashtirildi. Shu bilan birga, yashash hududiga yaqin maktab va maktabgacha ta’lim muassasalariga rasmiylashtirilib, ta’lim olish huquqlari tiklandi.
Ayni paytda xorijda bo‘lgan onaning o‘z ota-onalik majburiyatlarini qay darajada bajarayotgani ham o‘rganilmoqda. Bolalar ombudsmani mazkur ish bo‘yicha kuzatuvni davom ettirmoqda.
Jamiyat
«maqsadli omonat» tizimi joriy etiladi
O‘zbekistonda aholini uy-joy bilan ta’minlashni rag‘batlantirish maqsadida ipoteka bozorida yangi mexanizm — «maqsadli ipoteka omonati» amaliyotini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Ushbu tashabbus Prezidentning 2026-yil 24-fevraldagi PF–29-son farmoni ijrosi doirasida ishlab chiqilgan bo‘lib, 2026-yil 1-iyuldan boshlab tajriba-sinov tarzida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Yangi tizimning asosiy g‘oyasi — aholining vaqtincha bo‘sh mablag‘larini uy-joy xaridiga yo‘naltirish. Fuqarolar ipoteka krediti olishdan oldin maxsus omonat hisobvarag‘ida mablag‘ jamg‘aradi. Bu mablag‘lar keyinchalik dastlabki badalni shakllantirishda ishlatiladi.
Bunda:
– tijorat banklarida maxsus omonat hisoblari ochiladi;
– omonatlarga bozor stavkalarida foiz hisoblanadi;
– davlat tomonidan subsidiyalar ajratiladi;
– jamg‘arilgan mablag‘lar ipoteka krediti uchun maqsadli yo‘naltiriladi.
Yangi mexanizm ikki tomonlama samara beradi. Birinchidan, fuqarolar uchun uy-joy sotib olish imkoniyati kengayadi – chunki ular oldindan mablag‘ jamg‘arib, kredit yukini kamaytiradi. Ikkinchidan, banklar uchun uzoq muddatli moliyaviy resurslar bazasi shakllanadi.
Dastlabki badalning bir qismi davlat subsidiyasi hisobidan qoplab berilishi, ipoteka foizlarining ma’lum qismiga ham kompensatsiya berilishi (5 yilgacha) hamda fuqaro uy olmasa, omonat mablag‘lari foizlari bilan qaytarilishi kabi shartlar qo‘shimcha imkoniyatlar sifatida taqdim qilinmoqda.
«Maqsadli ipoteka omonati» tizimi ipoteka bozorida yangi bosqichni boshlab berishi mumkin. U nafaqat aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga xizmat qiladi, balki ichki moliyaviy resurslarni iqtisodiyotga jalb qilish orqali umumiy iqtisodiy barqarorlikni ham mustahkamlaydi.
Jamiyat
Samarqandda 490 ming dollarga yer sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
U Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroning turmush o‘rtog‘iga issiqxona tashkil qilish uchun ajratib berilgan 2 gektar yer maydonini sotishni rejalashtirgan.
Samarqand shahrida yer uchastkasini noqonuniy sotishga uringan shaxs qo‘lga olindi.
Davlat xavfsizlik xizmati xabariga ko‘ra, u Samarqand tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro bilan til biriktirib, uning turmush o‘rtog‘iga issiqxona tashkil qilish uchun ajratib berilgan 2 gektar yer maydonini sotishni rejalashtirgan.
Shaxs xaridorga ushbu yerni 490 ming AQSh dollariga sotishini, shuningdek mansabdor tanishlari orqali hujjatlarni rasmiylashtirib berishini aytib, oldindan 50 ming dollar talab qilgan.
U Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 50 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur fuqarolarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
-
Siyosat5 days agoPrezident Shavkat Mirziyoyev JSST bosh direktorini qabul qildi
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev mintaqaviy sammitda yashil savdo yoʻlaklari va yagona iqlim investitsiya strategiyasini taklif qildi
-
Jamiyat4 days ago
Giyohvand moddalar aylanmasini nazorat qilishning milliy tizimi takomillashtiriladi
-
Jamiyat5 days agoShavkat Mirziyoyev Ostonaga yetib bordi
-
Iqtisodiyot3 days ago“QQSni oson qaytarib olish ta’minlanmasa, stavkani 6 foizga tushirishni taklif qilamiz” – Davron Vahobov
-
Siyosat5 days ago
Prezident Shavkat Mirziyoyev iyul oyida Belarusga rasmiy tashrif bilan boradi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Markaziy bank: 24-aprelda dollar pasayadi
-
Dunyodan3 days ago
Buyuk Britaniyada “chekmaydigan avlod” dunyoga keldi
