Connect with us

Jamiyat

Muhabbat vazni: smaylikmi yoki maktub?

Published

on


Yigit telefonini qo‘liga oldi-yu, tavakkal qilib, ko‘ngil qo‘ygan qiziga sevgi izhori aks etgan bitta belgi — yurakcha smayligini yubordi. Oradan o‘tgan har bir soniya uning sabr kosasini to‘ldirib borardi. Kutaverib betoqat bo‘lgach, so‘roq belgisini jo‘natdi. Yana biroz vaqt o‘tib esa ichidagi bezovtalik va g‘azabni yashirolmay, jig‘ibiyron bo‘lgan smaylikni ham yo‘lladi. Axir, buncha kutishga qanday bardosh bersin?..

Ammo biz voyaga yetgan davrda muhabbatning o‘lchovi smayliklar emasdi. U paytlarda bitta xatni yozish uchun bir kecha tun uyqudan kechilar, bir javobni kutish uchun esa kunlar, hatto haftalar sabr bilan o‘tardi. O‘shanda 90-yillarning so‘nggi nafasi edi. Qimmatchilikning sovuq qo‘llari maktab hayotini ham chetlab o‘tmagandi. Biz o‘sha davr bolalari tejamkorlikning haqiqiy maktabini o‘taganmiz. Bittagina daftar ikki qismga bo‘linib, ikki xil fanning yukini ko‘tarardi. Nazorat ishi yoki insho payti esa haqiqiy sinov boshlanardi.

— Iltimos, bittagina varaq ber…

— Daftaring orasida ortiqchasi yo‘qmi?..

Bu iltijolar sinfning to‘rt tomonidan eshitilib turardi. Ammo inson qalbi qiziq yaratilgan. U eng og‘ir kunlarda ham go‘zallikka intiladi. Dars uchun varaq topolmagan o‘sha yigitlar ko‘ngil qo‘ygan qizlariga maktub yozishga kelganda qayerdandir oppoq, eng sifatli qog‘ozlarni topib kelishardi. Cho‘ntaklar qashshoq edi, ammo qalblar boy, tuyg‘ular esa beg‘ubor va samimiy edi.

Men esa qalbimdagi eng katta sirni ichimga yutib, maktabdoshim Noilaga maktub yozishga jur’at qilolmay to‘rt oy yurdim. Noila uzoq shahardan maktabimizga kelgan kuniyoq go‘yo butun maktabni sehrlab qo‘ygandek bo‘ldi. Birinchi kundanoq deyarli barcha yigitlar uning sohibjamol husniga mahliyo bo‘lishdi. Shundan keyin maktublar yozildi, ammo ularni qizga topshirishga hech kimning yuragi dov bermasdi.

O‘sha paytlarda sevgi izhor qilishning ham o‘ziga xos qoidalari bor edi. Kimdir xatini qizning sinfdoshi orqali yetkazar, boshqasi eng yaqin dugonasining ko‘nglini olishga harakat qilardi. Ba’zan bu maxfiy «operatsiya»ga qarindoshlar ham aralashib ketardi. Bu oddiy xat almashish emas, balki ikki qalb o‘rtasidagi nozik, shirin va beozor kurash edi.

Biz hali bir og‘iz ham gaplashmagan edik. Ammo sukut saqlagan joyda nigohlar so‘zlashardi. U ba’zan menga juda uzoq, erishib bo‘lmas bir olamdan qaragandek tuyulardi. Gohida esa ko‘zlarida yengil gina bilan aralash iliq tabassum ham jilva qilardi. Ana shu nigohlar menga jur’at bag‘ishladi. Nihoyat, unga maktub yozishga qaror qildim.

Endi rejani amalga oshirish kerak edi. Maktabda tushlik qilish uchun yig‘ib yurgan bor pulimni oldim-da, to‘g‘ri Mamaraim akaning do‘koniga yugurdim. U yerdan oppoq varaqli daftar, xatni bezash uchun turli rangli flomasterlar va eng muhimi, bir shisha xushbo‘y atir sotib oldim.

Axir o‘sha davrning yozilmagan qonunlari bor edi. Muhabbat maktubi shunchaki yozilmasdi. U chiroyli bezalishi, varaqlaridan esa xushbo‘y atirning nafis isi ufurib turishi shart edi.

Uyga qaytgach, umrimdagi eng mas’uliyatli ishga kirishdim. Avval sinfdoshim Ahrordan eng ta’sirli qo‘shiqlar yozilgan audiokassetani oldim. Magnitofondan taralayotgan mahzun kuylar xayollarimni romantik bir olamga yetakladi. Xona eshigini ichkaridan qulflab, go‘yo butun dunyodan uzildim.

Qog‘ozga ilk satrlarni tushirar ekanman, lug‘atimdagi eng nozik, eng go‘zal so‘zlarni izlar, qalbimdagi barcha tuyg‘ularni shu bir varaqqa joylashga harakat qilardim. Biroq bu oson emasdi. Men butun tunni o‘sha bir varaq qarshisida o‘tkazdim. Bir satrni yozib o‘chirardim, boshqasini boshlab yana yirtardim. Xonamning bir burchagida g‘ijimlangan yuzlab varaqlar yig‘ilib qoldi. Hislarimni so‘zlarga sig‘dirish juda mushkul edi. Nihoyat, tun pardasi chekinib, tong shabadasi xonamga kirib kelganida, charchoq va hayajondan titragan qo‘llarim bilan ko‘nglimdagi eng samimiy maktubni yozib tugatdim. Maktubga yengilgina atir sepdim. Endi uni egasiga yetkazish qolgandi. Shunda xayolimga sinfdoshim Xulkar keldi. Bu nozik ishni faqat u uddalay olardi. Lekin maktubni unga bersam, oylar davomida saqlab kelgan sirlarim ham oshkor bo‘lardi. Baribir unga ishondim. Xatni qo‘liga tutqazib, Noilaga albatta yetkazishini iltimos qildim. O‘sha lahzada mening butun dunyoyim Xulkarning qo‘lidagi xushbo‘y maktubga bog‘lanib qolgandi.

O‘sha kun vaqt ataylab to‘xtab qolgandek tuyuldi. Ertasi tongda hayajon bilan maktabga keldim. Ammo Xulkar darsga kelmagan ekan. Eng yomoni, Noilani ham ko‘rolmadim. Navbatdagi kun esa yakshanba… Sevgan inson uchun yakshanbaning naqadar uzun kun ekanini o‘shanda anglaganman. Dushanbagacha bo‘lgan ikki kun men uchun butun bir asrdek o‘tdi. Xayolan maktubimdagi har bir jumlani qayta o‘qir, «Bu so‘zni boshqacharoq yozsam bo‘larkan», deya o‘zimni o‘ylar edim. O‘sha paytlarda butun hayotimning ma’nosi bitta narsaga — Noiladan javob olishga aylanib qolgandi.

Butun dunyo go‘yo shu javobga bog‘lanib qolgan edi. Nihoyat, intizorlik bilan kutilgan dushanba ham yetib keldi. Men maktabga xuddi qanot bog‘lagandek uchib bordim. Ortimdan:

— Bolam, hech bo‘lmasa choyingni ichib ket! — deya chaqirgan onamning ovozi ham sekin eshitildi.

Maktab hovlisida Xulkarni poylay boshladim. U nihoyat ko‘rindi. Men uning yuzidan biror ishora izlardim. U yonimga keldi-da, qo‘limga kichik bir qog‘ozni tutqazdi.

— Ana, kutgan javobing. Lekin mendan katta qarzdorsan, — dedi kulib.

Men hech kimni ko‘rmay, maktabning eng xilvat burchagiga yugurdim. Qo‘llarim titrab, qog‘ozni ochdim. Mening butun tun yuragimni to‘kib yozgan dil izhorimga javoban u yerga atigi ikki so‘z bitilgan edi:

«O‘ylab ko‘raman».

Bugun eslab, men  o‘sha ikki so‘z qarshisida hayot va baxt haqida uzoq o‘y surdim…

O‘sha paytlar maktublar shunchaki qog‘oz emasdi. Ular oshiq qalblarning tirik guvohi edi. Har bir satrida intizorlik, har bir harfida andisha, har bir nuqtasida hayajon yashardi. Ularda atir hidi ham bor edi, titragan qo‘llarning harorati ham. Bugun esa zamon sur’ati o‘sha sehrni bizdan tortib olgandek. Endi odamlar ekran ortidan sevishadi. Hissiyotlarini rangli piktogrammalar, smayliklar va qisqa xabarlar bilan ifodalashadi. Bu izhorlarda na atirning isi bor, na tun bo‘yi bedor qolgan qalbning iztirobi. Shunda ba’zan o‘ylab qolaman: muhabbatning qadr-qimmati ham uning qanday izhor qilinishiga bog‘liq emasmikan? Bir tun uyqudan kechib, yuzlab varaqlarni g‘ijimlab yozilgan xatning qadri boshqa edi, bugungi bir lahzalik «xabarlar»ning bahosi boshqa. Muhabbat o‘z izhori qadar arzonlashib borayotgandek go‘yo…



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Toshkentdagi «Chinor» metrosi yana ochiladi — bekatda nimalar o‘zgardi?

Published

on


Toshkent metropolitenining rekonstruksiya ishlari sabab vaqtincha yopilgan «Chinor» metro bekati 29 iyul kuni soat 05:00 dan boshlab yana yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni boshlaydi.

Bekatda Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 30 apreldagi topshirig‘i asosida keng ko‘lamli rekonstruksiya va kengaytirish ishlari amalga oshirildi.

Rekonstruksiya jarayonida bekatning kirish va chiqish qismlari sezilarli darajada kengaytirildi. Turniketlar soni 6 tadan 13 taga yetkazildi. Shuningdek, avval yo‘lovchilarga noqulaylik tug‘dirgan o‘tish yo‘laklari qayta loyihalashtirilib, bekatdan bekatga to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘tish imkoniyati yaratildi.

Bekat avval kuniga o‘rtacha 15 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, endi bu ko‘rsatkich 35–40 ming nafarga yetishi kutilmoqda.

Toshkent metropoliteni rekonstruksiya ishlari yakunlangani munosabati bilan yo‘lovchilarga qulay, xavfsiz va sifatli xizmat ko‘rsatishni davom ettirishini ma’lum qildi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Tavallud ayyomingiz muborak bo‘lsin, Yangi O‘zbekiston bunyodkori!

Published

on


Muhtaram O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev! Tavallud ayyomingiz munosabati bilan sizga chuqur hurmat va samimiy ehtirom izhor etamiz.

So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekiston g‘oyasi asosida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini qamrab oldi. Konstitutsiyaning yangi tahrirda qabul qilinishi, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan siyosat, mahalla tizimini yanada kuchaytirish, raqamli davlat xizmatlarini kengaytirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi tub o‘zgarishlar xalqimiz hayotida o‘zining amaliy samarasini namoyon etmoqda.

Ayniqsa, davlat xizmatlarini raqamlashtirish, my.gov.uz orqali aholiga yuzlab xizmatlarni masofadan turib ko‘rsatish, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish, ipoteka va uy-joy dasturlarini kengaytirish, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qabul qilinayotgan qarorlar mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichini belgilab bermoqda.

Xalqaro maydonda O‘zbekistonning nufuzi tobora oshib, qo‘shni davlatlar bilan yaxshi qo‘shnichilik siyosati, yirik investitsiya loyihalari va ochiq tashqi siyosat mamlakatimizga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamladi. Bu ulkan yutuqlar sizning uzoqni ko‘zlagan strategik siyosatingiz, xalqparvarlik tamoyillariga sodiq rahbarlik faoliyatingiz samarasidir.

Muhtaram Prezident!

Tavallud ayyomingiz munosabati bilan, sizga mustahkam sog‘liq, uzoq umr, yuksak shijoat va Yangi O‘zbekistonni yanada taraqqiy ettirish yo‘lidagi mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz. Yurtimiz tinch, xalqimiz farovon, Vatanimiz ravnaqi yanada yuksak bo‘lsin!

Tavallud ayyomingiz muborak bo‘lsin, Muhtaram Prezident!



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Namanganda qarzdorning qimmatbaho avtomashinasi xatlandi

Published

on


Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan kredit qarzdorligini undirish bo‘yicha navbatdagi ijro harakati amalga oshirildi.

Byuro ish yurituvida qarzdor U.Bdan «Kapitalbank» ATB foydasiga 278 mln 132 ming 703 so‘m kredit qarzdorligini undirish haqidagi ijro hujjati mavjud bo‘lgan.

Ijro jarayonida mazkur kredit majburiyatini ta’minlash maqsadida garovga qo‘yilgan, qiymati 266 million so‘m bo‘lgan avtotransport vositasi qidiruvga berilgan.

Olib borilgan qidiruv tadbirlari natijasida avtomashinaning joylashgan manzili aniqlanib, u belgilangan tartibda xatlandi.

Ma’lum qilinishicha, amaldagi qonunchilikka muvofiq, xatlangan mol-mulk baholanib, qarzdorlikni qoplash maqsadida keyingi ijro harakatlari amalga oshiriladi.

Majburiy ijro byurosi sud hujjatlari hamda boshqa organlar qarorlarining o‘z vaqtida va to‘liq ijrosini ta’minlash, shuningdek, kreditorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilayotganini ta’kidladi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Diabet va endokrin kasalligi bor bemorlar jaziramada nimalarga e’tibor berishi kerak?

Published

on


Sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislari yozning jazirama kunlarida qandli diabet va boshqa endokrin kasalliklarga chalingan bemorlarga salomatlikka alohida e’tibor qaratishni tavsiya etdi.

Qayd etilishicha, yuqori harorat organizmda suyuqlik yo‘qotilishini kuchaytiradi. Shu sababli bemorlarga kun davomida ehtiyojdan kelib chiqib, uch litrgacha toza ichimlik suvi iste’mol qilish tavsiya etiladi.

Shuningdek, issiq havoda qovurilgan va yog‘li taomlarni cheklab, qaynatilgan yoki dimlangan yengil ovqatlar hamda yangi sabzavotlardan tayyorlangan salatlarni ko‘proq iste’mol qilish tavsiya etilgan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, jazirama qonda glyukoza miqdorining oshishi va qon quyuqlashishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois qand miqdorini pasaytiruvchi dori vositalarini shifokor tavsiyasiga muvofiq o‘z vaqtida qabul qilish, ularning dozasini o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirmaslik hamda zarurat tug‘ilganda shifokorga murojaat qilish muhim.

Bundan tashqari, bemorlarga qondagi qand miqdorini haftasiga kamida ikki marta, arterial qon bosimini esa har kuni ertalab va kechqurun nazorat qilish tavsiya etildi.

Shifokorlar dori vositalarini maxsus sovituvchi idishlarda saqlash, ularni avtomobil salonida yoki quyosh nuri to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushadigan joylarda qoldirmaslik kerakligini ham eslatdi. Chunki yuqori harorat dori vositalarining samaradorligini pasaytirishi mumkin.

Mutaxassislar, shuningdek, endokrin kasalligi bor bolalarning ota-onalariga jazirama kunlarda farzandlariga bosh kiyim kiydirish, yetarli miqdorda suyuqlik ichirish va muzdek emas, xona haroratidagi ichimliklarni berishni tavsiya qildi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Olim 2027-yildagi jazirama bo‘yicha xavotirli prognozni e’lon qildi

Published

on



Olim 2027-yildagi jazirama bo‘yicha xavotirli prognozni e’lon qildi



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.