Jamiyat
Toshkentdagi «Chinor» metrosi yana ochiladi — bekatda nimalar o‘zgardi?
Toshkent metropolitenining rekonstruksiya ishlari sabab vaqtincha yopilgan «Chinor» metro bekati 29 iyul kuni soat 05:00 dan boshlab yana yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni boshlaydi.
Bekatda Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 30 apreldagi topshirig‘i asosida keng ko‘lamli rekonstruksiya va kengaytirish ishlari amalga oshirildi.
Rekonstruksiya jarayonida bekatning kirish va chiqish qismlari sezilarli darajada kengaytirildi. Turniketlar soni 6 tadan 13 taga yetkazildi. Shuningdek, avval yo‘lovchilarga noqulaylik tug‘dirgan o‘tish yo‘laklari qayta loyihalashtirilib, bekatdan bekatga to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘tish imkoniyati yaratildi.
Bekat avval kuniga o‘rtacha 15 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, endi bu ko‘rsatkich 35–40 ming nafarga yetishi kutilmoqda.
Toshkent metropoliteni rekonstruksiya ishlari yakunlangani munosabati bilan yo‘lovchilarga qulay, xavfsiz va sifatli xizmat ko‘rsatishni davom ettirishini ma’lum qildi.
Jamiyat
Ekologik ekspertiza xulosasi uchun arizalar faqat my.gov.uz orqali qabul qilinadi
2026-yil 24-sentyabr soat 18:00 dan boshlab davlat ekologik ekspertizasi xulosasini olish uchun arizalar faqat Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali qabul qilinadi.
Ma’lumot uchun, 2026-yil 11-maydagi 234-sonli Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq, arizalarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali qabul qilish va xulosalarni elektron shaklda berish tartibi belgilangan.
Mazkur tartibni joriy etish bo‘yicha zarur texnik ishlar amalga oshirildi. YaIDXPda test rejimida arizalarni qabul qilish va ular bo‘yicha xulosalarni elektron shaklda berish sinovdan o‘tkazildi. Sinov jarayonlari muvaffaqiyatli yakunlangani munosabati bilan davlat ekologik ekspertizasi xulosasini olish uchun arizalar faqat my.gov.uz orqali qabul qilinadi.
Shu sanadan boshlab eco-service.uz sayti orqali arizalarni qabul qilish to‘xtatiladi.
Arizalarni belgilangan tartibda my.gov.uz portali orqali yuborishi so‘raladi.
Jamiyat
Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston: hamkorlik yildan-yilga rivojlanib bormoqda
Kecha, 23-sentyabr kuni Saudiya Arabistoni Podshohligining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan mamlakat Milliy kuni munosabati bilan qabul marosimi o‘tkazildi. Tadbirda davlat va jamoat arboblari, ommaviy axborot vositalari vakillari, jumladan, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva ham ishtirok etdi.
Dastlab ikki davlat madhiyalari yangradi. Marosimda Saudiya Arabistoni Podshohligining respublikamizdagi favqulodda va muxtor elchisi Saad bin Nosir bin Abdulloh Abu Haymed mamlakatda o‘tgan yillarda amalga oshirilgan ishlar, kelgusi rejalar xususida so‘z yuritdi, shuningdek, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi hamkorlik aloqalariga ham to‘xtalib, yildan-yilga bu hamkorlik rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladi.
Darhaqiqat, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi va iqtisodiyotning ko‘plab strategik sohalarini qamrab olmoqda. Saudiya Arabistoni tomonidan O‘zbekiston iqtisodiyotiga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi 2,8 milliard dollardan oshdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Saudiya kapitali ishtirokida 433 ta korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi jadal o‘sib, yillik 178 million dollarni tashkil etmoqda.
Hamkorlikning eng yirik va strategik sohasi energetika hisoblanadi. Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi O‘zbekistonning turli hududlarida shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish, shuningdek, “yashil” vodorod ishlab chiqarish bo‘yicha qiymati milliardlab dollarlik loyihalarni amalga oshirmoqda.
Ikki davlat sog‘liqni saqlash tizimini raqamli texnologiyalar asosida takomillashtirish, tibbiyotga innovatsion yechimlarni joriy etish hamda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlaridan samarali foydalanish borasida faol ish olib bormoqda. Shuningdek, shifokorlar malakasini oshirish bo‘yicha qo‘shma dasturlar mavjud. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Saudiya Arabistonining Podshoh Saud universiteti o‘rtasida ta’lim va ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Jamiyat
Dollar kursi ko‘tarildi, yevro ham oshdi
Markaziy bank 2026-yil 17-sentyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 22,54 so‘mga oshib, 11 797,46 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 20,11 so‘mga oshdi va 13 608,27 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 874,66 so‘mni tashkil qildi (-2,64).
Rossiya rubli 139,77 so‘m etib belgilandi (+0,6).
Jamiyat
O‘zbekistonliklar ijtimoiy tarmoqlarda kuniga qancha vaqt o‘tkazyapti?
«Yuksalish» harakatining «Opinions» sotsiologik tadqiqotlar markazi Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti bilan hamkorlikda «Ijtimoiy tarmoqlar davrida hayot» mavzusida ijtimoiy so‘rov o‘tkazdi. Unda mamlakatning 14 ta hududidan 1371 nafar respondent ishtirok etdi.
So‘rov natijalariga ko‘ra, eng ko‘p foydalaniladigan platforma Telegram bo‘lib, respondentlarning 88,9 foizi, ya’ni 1219 nafari undan foydalanishini bildirgan. Keyingi o‘rinlarda Instagram — 73,5 foiz va YouTube — 61,8 foiz qayd etilgan. Facebook’dan esa ishtirokchilarning 24,7 foizi (338 nafar) foydalanadi.
Respondentlarning 69,9 foizi ijtimoiy tarmoqlardan do‘stlari va oila a’zolari bilan muloqot qilish uchun foydalanishini aytgan. 64 foiz yangiliklarni kuzatish, 43,8 foiz ta’lim olish, 42,2 foiz ko‘ngilochar kontent uchun ijtimoiy tarmoqlarga murojaat qiladi. 40,6 foiz ishtirokchi esa ijtimoiy tarmoqlardan daromad olish va kasbiy maqsadlarda foydalanishini bildirgan. Bu savolda bir nechta javobni belgilash imkoni berilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda sarflanayotgan vaqt ham o‘rganilgan. Ish yoki o‘qish kunlarida respondentlarning 37,3 foizi ijtimoiy tarmoqlarga kuniga 2 soatdan ortiq vaqt sarflaydi. 12,4 foiz ishtirokchi esa kuniga 4 soatdan ko‘proq vaqtni ijtimoiy tarmoqlarga ajratishini bildirgan. Dam olish kunlarida 4 soatdan ortiq vaqt sarflaydiganlar ulushi 19,7 foizga, ya’ni 270 nafarga yetgan.
Ishtirokchilarning 57 foizi ijtimoiy tarmoqlarda sarflayotgan vaqtini me’yorida deb hisoblaydi. Biroq 33,4 foizi, ya’ni har uch kishidan biri, ijtimoiy tarmoqlarda keragidan ko‘proq vaqt qolib ketayotganini tan olgan.
Vaqtini kamaytirishga uringan 511 nafar respondent (61 foiz) bunga erishgan, 327 nafari (23,9 foiz) esa buning uddasidan chiqa olmagan. Ishtirokchilarning 28 foizi ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazadigan vaqtini kamaytirishga ehtiyoj sezmasligini bildirgan.
Tadqiqot natijalari ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p vaqt o‘tkazish faqat yoshlarga xos emasligini ham ko‘rsatgan. Kuniga 2 soatdan ortiq foydalanadiganlar ulushi nafaqadagilar orasida 54 foiz, uy-ro‘zg‘or ishlari bilan band respondentlar orasida 43,7 foizni tashkil etgan. Maktab o‘quvchilarida bu ko‘rsatkich 27,3 foiz, talabalarda esa 32,7 foiz bo‘lgan.
Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishning uyqu va kundalik vazifalarga ta’siri ham o‘rganilgan. Respondentlarning 62,2 foizi, ya’ni 853 nafari, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uyqusiga ta’sir qilishini bildirgan. 18 yosh va undan katta ishtirokchilarning 58,1 foizi esa ijtimoiy tarmoqlar ish yoki kundalik vazifalariga muayyan darajada xalaqit berishini qayd etgan.
13–17 yoshli ishtirokchilarning 74,4 foizi ijtimoiy tarmoqlar uyqusiga ta’sir qilishini bildirgan. Ularning qariyb to‘rtdan uch qismi ijtimoiy tarmoqlar o‘qish yoki uy vazifalarini bajarishga ham xalaqit berishini aytgan.
O‘smirlarning 66,7 foizi ota-onasi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini doimiy nazorat qilishini, 28,2 foizi esa ba’zan nazorat qilishini bildirgan. 5,1 foiz o‘smirning ota-onasi bu borada nazorat qilmasligini aytgan.
Respondentlar uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda eng ko‘p tashvish uyg‘otadigan muammo ortiqcha vaqt sarflash bo‘lgan — 30,1 foiz, ya’ni 413 nafar. Keyingi o‘rinlarda soxta yoki ishonchsiz axborot — 18,6 foiz (255 nafar), firibgarlik va shaxsiy ma’lumotlarning tarqalishi — 13,2 foiz (181 nafar) qayd etilgan.
Shuningdek, respondentlarning 6,9 foizi ijtimoiy tarmoqlarning uyqu va salomatlikka ta’sirini, 6,9 foizi oila a’zolari o‘rtasidagi muloqotning kamayishini, 4,2 foizi esa haqorat va tazyiqni asosiy muammolar sifatida ko‘rsatgan. 8,5 foiz ishtirokchi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish hech qanday muammo keltirib chiqarmasligini bildirgan.
Tadqiqot mualliflari ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni cheklashdan ko‘ra, ulardan ongli, xavfsiz va me’yorida foydalanish madaniyatini shakllantirish muhimligini ta’kidlagan. Shuningdek, media savodxonlik, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va soxta axborotni aniqlash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarni ta’lim muassasalari va mahallalarda yo‘lga qo‘yish taklif etilgan.
Tahlil natijalari ijtimoiy tarmoqlar bilim olish, muloqot qilish va mehnat faoliyatini rivojlantirish uchun imkoniyat yaratishini, biroq ulardan nazoratsiz foydalanish vaqtning samarasiz sarflanishi, uyqu, salomatlik va kundalik vazifalarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ko‘rsatgan.
Jamiyat
Dala atrofidagi yo‘llar bo‘yiga «basketbol» uslubidagi chiqindi qutilari o‘rnatilmoqda
Qishloq xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan dala atrofidagi yo‘llar bo‘yiga «basketbol» uslubidagi chiqindi qutilari o‘rnatilmoqda.
Tashabbusdan asosiy maqsad yo‘llar va dalalarni toza saqlash, shuningdek, chiqindilarni maxsus qutilarga tashlash odatini shakllantirishdan iborat.
Vazirlik safar davomida plastik idishlar va boshqa chiqindilarni avtomobil salonida saqlab turish, so‘ng xavfsiz joyda to‘xtab, ularni chiqindi qutisiga tashlashni tavsiya qilmoqda. Chiqindi qutisiga tushmagan chiqindilarni esa yerda qoldirmaslik so‘ralgan.
Shuningdek, harakatlanayotgan avtomobildan chiqindi tashlash mumkin emasligi, yo‘lda harakat xavfsizligi birinchi o‘rinda turishi ta’kidlangan.
Fermerlar va mahalliy hokimliklarga chiqindi qutilarini yo‘lovchilar xavfsiz foydalana oladigan joylarga o‘rnatish hamda ularni muntazam bo‘shatib turishni tashkil etish taklif qilindi.
Vazirlik dalalarni chiqindilardan asrash va atrof-muhitni toza saqlashga chaqirdi.
-
Jamiyat4 days ago
O‘zbekistonliklar ijtimoiy tarmoqlarda kuniga qancha vaqt o‘tkazyapti?
-
Jamiyat5 days ago
Andijonda ilk bor “Yashil uyim” ekofestivali o‘tkaziladi
-
Jamiyat5 days ago
O‘zi uchar gilamlardan ekranlar qa’rigacha….
-
Jamiyat5 days ago
Savdo-sanoat palatasi mansabdori porani qaytarib berayotganda ushlandi
-
Mahalliy4 days ago
OTMlarda kontrakt to‘lash muddati uzaytirildi
-
Mahalliy2 days ago
Evrika! Olim faqat igna bilan quduq qazimaydi…
-
Iqtisodiyot5 days ago
Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istondagi sanoatlashgan intensiv bog‘ni ko‘zdan kechirdi
-
Iqtisodiyot1 day ago
O‘zbekistondagi elektromobillarning qariyb 72 foizi Toshkentda
