Jamiyat
Surxondaryoda sudyalar qotilni “bezori”ga aylantirishdi
Sho‘rchi dehqon bozori. Odamlar ko‘z o‘ngida qotillik yuz berdi: yonma-yon joylashgan oshxona egalarining janjali o‘lim bilan tugadi. Ikki erkak yoqalasharkan, birining jiyani kabob sixini olib chiqib, tog‘asi bilan mushtlashayotganning orqa kuragiga sanchdi va uni o‘ldirdi. Sud tog‘ani 15,5, jiyanni 9,5 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Apellyatsiya sudi esa qasddan odam o‘ldirish jinoyatini bezorilik va qasddan badanga og‘ir shikast yetkazishga o‘zgartirib, jazoni yengillashtirdi. Marhumning yaqinlari buni adolatsizlik deb hisoblamoqda.
“Hayotdan mahrum qilish qasdi bilan harakat qilmagan va o‘lim yuz berishini istamagan”. Surxondaryoda apellyatsiya sudi ayni shu jumla bilan qasddan odam o‘ldirish jinoyatini qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jinoyatiga o‘zgartirdi va tayinlangan jazoni yengillashtirdi. Holbuki, “o‘lim yuz berishini istamagan” sudlanuvchi oshxonadan kabob sixini olib chiqqan va tog‘asi bilan urishayotgan erkakning ortidan borib, uning ko‘krak qafasiga (!) sanchgan.
Jinoyat tafsiloti
Jinoyat 2025 yil 16 iyul kuni Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanidagi dehqon bozorida sodir etilgan. 1990 yilda tug‘ilgan Ulug‘bek Bo‘riyev o‘ziga qo‘shni oshxona egasi – 1987 yilda tug‘ilgan Elbek Eshmatov bilan janjallashgan. Oshxona egalari bir-biri bilan mushtlashib, yoqalashayotganda har ikki tomonning yaqinlari, o‘tib-qaytuvchilar ularni ajratib qo‘yishga urinishgan. Shunda Ulug‘bek Bo‘riyevning oshxonasida ishlovchi 16 yoshli jiyani Ozodbek Boltayev kabob sixini olib chiqib, tog‘asi bilan urishayotgan Elbek Eshmatovning orqasidan ko‘krak qafasiga sanchgan.
Elbek Eshmatov zarbadan o‘zini yo‘qotib, o‘tirib qolgan. So‘ngra uni shifoxonaga olib ketishgan. Biroq erkak o‘ziga yetkazilgan jarohat oqibatida vafot etgan. Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, Ozodbek Boltayev sanchgan kabob sixi Elbek Eshmatovning qovurg‘alari orasidan kirib, chap o‘pkasini to‘liq teshib o‘tgan.
Holat yuzasidan tog‘a va jiyanga Jinoyat kodeksining 97-moddasi “j, l, p” bandlari – o‘ta shafqatsizlik asosida, bezorilik oqibatida bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh a’zosi tomonidan yoxud o‘sha guruh manfaatlarini ko‘zlagan holda qasddan odam o‘ldirish bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 2025 yil 17 iyul kuni Ozodbek Boltayevga hamda 18 iyul kuni Ulug‘bek Bo‘riyevga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Dastlabki sud hukmi
Tog‘a-jiyanning qilmishi jinoyat ishlari bo‘yicha Sho‘rchi tuman sudida sudya To‘lqin Abdiraimov raisligida ko‘rib chiqilib, 2025 yil 10 dekabr kuni hukm o‘qilgan.
Sud hujjatida keltirilishicha, Ulug‘bek Bo‘riyev aybiga iqrorlik bildirmagan. U marhum Elbek Eshmatov bilan taxminan 2024 yil oktyabr oyidan boshlab nizo kelib chiqqanini, ushbu nizoga mijoz talashish sabab bo‘lganini aytgan.
Sudlanuvchiga ko‘ra, 16 iyul kunidagi janjal suv ustida kelib chiqqan: ishchilari va jiyani Ozodbek tashib kelgan suvni Elbek Eshmatov o‘z bachogidan olganini gapirgan. So‘ngra Ozodbek Boltayev tog‘asiga qo‘ng‘iroq qilib, Elbek Eshmatov onasidan haqorat qilgan holda uni quvlaganini aytgan.
O‘sha kungi janjalning boshlanish nuqtasi shu bo‘lgan. Ikki erkak bir-biri bilan mushtlasha ketgan.
“Elbek Eshmatov bir-ikki daqiqa o‘tgach meva sotuvchining savdo rastasi oldiga borib, o‘tirib qoldi. Men Elbek Eshmatov bahona qilyapti, deb o‘yladim. Shu payt IIB xodimlari kelib, hammani tinchlantirdi va meni o‘zlari bilan profilaktika inspektori xonasiga olib ketdi. Shundan keyin nima voqea bo‘lganini bilmayman.
…Jiyanim Ozodbek nima qilganini, qachon sixni olib Elbek Eshmatovning orqasidan urganini ko‘rmadim, o‘zimning janjalim bilan bo‘lib unga ahamiyat bermagandim. Agar bu holatni ko‘rganimda darhol janjalni to‘xtatib, Elbek Eshmatovni tezda shifoxonaga yetkazib olib borgan bo‘lardim”, degan Ulug‘bek Bo‘riyev o‘z ko‘rsatmasida.
Sudda pedagog ishtirokida so‘ralgan Ozodbek Boltayev o‘z aybiga qisman iqrorlik bildirgan. U o‘z ko‘rsatmasida agar Elbek Eshmatovning old tomonidan borganida unga kuchi yetmagan bo‘lishini, shu sababli orqasidan borib sixni sanchganini aytgan.
“Tog‘am Ulug‘bek va Elbek Eshmatov bir-birlari bilan urishmaganida men Elbek Eshmatovga tan jarohati yetkaza olmagan bo‘lardim. Sababi, Elbek aka juda gavdali va baquvvat edi”, degan Ozodbek Boltayev.
U qilmishidan pushaymonligini bildirgan.
Sud hukmi bilan tog‘a va jiyan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “l, p” bandlari, ya’ni bezorilik oqibatida bir guruh shaxslar tomonidan qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir etishda aybli deb topilgan. Ulug‘bek Bo‘riyevga 15 yil 6 oy, Ozodbek Boltayevga 9 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Apellyatsiyada hukm o‘zgardi
Jinoyat ishi Surxondaryo viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida sudya M.Malikov raisligida hay’at sudyalari O.Jumanov va K.Nazarov ishtirokida ko‘rib chiqilgan.
2026 yil 27 yanvardagi ajrim bilan dastlabki sud hukmi o‘zgartirilgan. Unga ko‘ra, Ozodbek Boltayevning harakatlari Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi, ya’ni qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lishi, Ulug‘bek Bo‘riyevniki esa Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi – jamoat tartibini saqlash vazifasini bajarib turgan hokimiyat vakili yoki jamoatchilik vakiliga yoxud bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini ko‘rgan boshqa fuqarolarga qarshilik ko‘rsatib bezorilik sodir etish bilan qayta malakalangan.
Shu tariqa bir odamni kabob sixi sanchib o‘ldirgan jiyanning ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazo muddati 9,5 yildan 7 yilga, tog‘aniki esa 15,5 yildan 5 yilga tushirilgan.
Qotillik qanday qilib bezorilik hamda qasddan badanga og‘ir shikast yetkazishga o‘zgarib qoldi?
Apellyatsiya sudi ajrimida keltirilishicha, Ulug‘bek Bo‘riyev jiyani Ozodbek marhum Elbek Eshmatovga six bilan tan jarohati yetkazgani holatini ko‘rmagan va unga yordamlashmagan. Bunga dalil sifatida janjal aks etgan videolavhadagi holatlar keltirilgan. Ya’ni jiyani sixni Elbek Eshmatovga sanchgan vaqtida Ulug‘bek Bo‘riyev “marhumning qarshiligini bartaraf etish uchun biror bir harakatni sodir etmagan, uni o‘zini-o‘zi himoya qilish imkoniyatidan mahrum qilmagan”, deb xulosa qilingan.
Apellyatsiya sudi “Sudlanuvchi Ulug‘bek Bo‘riyev voyaga yetmagan sudlanuvchi Ozodbek Boltayev bilan jinoiy til biriktirib, bezorilik zamirida Elbek Eshmatovni qasddan o‘ldirish jinoyatini sodir etganini tasdiqlovchi obektiv dalillar mavjud emas”, degan to‘xtamga kelgan. Ajrimda keltirilishicha, Ulug‘bek Bo‘riyevning harakatlarini bir guruh shaxslar bo‘lib, qasddan odam o‘ldirish sifatida kvalifikatsiya qilish uchun u marhumning qarshiligini bartaraf etib turishi hamda Ozodbek Boltayev bundan foydalangan holda Elbek Eshmatovga halok etuvchi shikast yetkazgan bo‘lishi lozim.
Shuningdek, apellyatsiya sudi “Ozodbek Boltayev Elbek Eshmatovni “qasddan o‘ldirish uchun real imkoniyati bo‘lgan, biroq uni hayotdan mahrum etish qasdi bilan harakat qilmagan va o‘lim yuz berishini istamagan”, degan to‘xtamga kelgan. Bunga dalil sifatida holat yozib olingan videoda Ozodbek Boltayev sixni marhumga sanchib olgach, oshxona oldiga kelib, janjalni kuzatib turgani keltirilgan.
Apellyatsiya sudi dastlabki sud hukmini o‘zgartirishda keltirgan eng muhim asoslar shulardan iborat.
“Bu adolatdan emas”
Marhum Elbek Eshmatovning yaqinlari apellyatsiya sudining ajrimini adolatli emas, deb hisoblamoqda. Shu sababli taftish shikoyati kiritilgan.
Shikoyatga ko‘ra, Ozodbek Boltayev kabob sixi bilan kutilmagan vaqtda va Elbek Eshmatovning orqa tomonidan yugurib borgan holatda ko‘krak qafasiga zarba berishi uni hayotdan mahrum etish qasdi bilan harakat qilganini, qilmishining ijtimoiy xavfli oqibatlariga ko‘zi yetganini, o‘lim yuz berishini istaganini tasdiqlab turibdi. “Agarda Ozodbek Elbek Eshmatovni qasddan o‘ldirib, uni hayotdan mahrum etish qasdi bilan harakat qilmaganida va uning o‘limi yuz berishini istamaganida uzunligi 52 sm bo‘lgan kabob sixini qo‘liga olmagan va u bilan tan jarohati yetkazmagan bo‘lar edi”, deyiladi shikoyatda.
Bundan tashqari, zarba marhumning aynan hayoti uchun muhim bo‘lgan ko‘krak qafasiga berilganiga e’tibor qaratilgan. Bu orqali Ozodbek Boltayev Elbek Eshmatovning o‘limi yuz berishini istamaganida hayoti uchun muhim bo‘lmagan tana a’zolariga, masalan, oyoq sohasiga tan jarohati yetkazgan bo‘lardi, degan fikr urg‘ulangan.
Shikoyatda apellyatsiya sudining Ozodbek Boltayev sixni marhumga sanchib olgach, voqea joyidan ketib qolgani, unda Elbek Eshmatovni “qasddan o‘ldirish uchun real imkoniyati bo‘lgani” haqidagi asosiga qarshi “zarba hayoti uchun muhim bo‘lgan a’zoga berilgani, ikkinchi va uchinchi jarohatlarni yetkazishga zarurat bo‘lmagani” haqida asos keltirilgan.
Taftish shikoyatida apellyatsiya sudining Ulug‘bek Bo‘riyev jiyani sixni sanchganini ko‘rmagani hamda Elbek Eshmatovning qarshiligini bartaraf etish uchun biror bir harakatni sodir etmagani haqidagi asoslarga ham e’tirozlar mavjud.
“Jinoyatda ikki yoki undan ortiq shaxsning oldindan til biriktirmay jinoyat sodir etishda qatnashishi oddiy ishtirokchilik deb topiladi. Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “p” bandida bir guruh shaxslar tomonidan qasddan odam o‘ldirish uchun javobgarlik belgilangan. Ya’ni “bir guruh shaxslar tomonidan oldindan jinoiy til biriktirib” deb emas, “bir guruh shaxslar tomonidan” deb ko‘rsatilgan. Bundan ko‘rinadiki, ishtirokchilik shakliga ko‘ra ikki yoki undan ortiq shaxsning oldindan til biriktirmasdan, oddiy ishtirokchilik shaklida qasddan odam o‘ldirishi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “p” bandi bilan malakalanadi. Ozodbek Boltayev jabrlanuvchi Elbek Eshmatovga six bilan tan jarohati yetkazgan holatini sudlanuvchi Ulug‘bek Bo‘riyev ko‘rmagani ular o‘rtasida oddiy ishtirokchilik yo‘q, degan xulosaga kelishga asos bo‘lmaydi”, deya keltirilgan shikoyatda.
Ozodbek Boltayevning o‘zi ham suddagi ko‘rsatmasida tog‘asi va Elbek Eshmatov bir-birlari bilan urishmaganida Elbek Eshmatovga tan jarohati yetkaza olmagan bo‘lishi haqida gapirgan.
Marhumning bevasi holat sodir bo‘lgandayoq ijtimoiy tarmoqdagi murojaatida qotillar oldindan tahdid qilib kelishgani, lekin tegishli organlarga qilingan murojaat befoyda bo‘lganini aytib bergandi.
Qalovini topsa, qor ham yonadi
Kun.uz ushbu holatda sud hujjatlariga, tayinlangan jazolarga huquqiy baho berishdan yiroq. Ammo apellyatsiya sudi o‘ta og‘ir jinoyatni yengillashtirib bergani sudlanuvchilarda jazoni kamaytirish, muddatidan ilgari shartli ozod qilishda yaxshigina imkoniyat paydo qiladi. Bu Akmal Shukurov ishini yodga solmoqda.
Akmal Shukurov ishida u tomonidan berilgan va jabrlanuvchini koma holatiga tushirib qo‘ygan zarba Toshkent shahar sudining 4 nafar sudyasi qamoqqa olinishigacha yetib kelgandi. O‘shanda u tungi klub oldida tanishini himoya qilishga uringan Boris Avakyanga kuchli zarba berib, komaga tushirib qo‘ygan, so‘ngra voqea joyidan qochib ketib, ko‘p o‘tmay Qozog‘istonda qo‘lga olingan va O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan Akmal Shukurovga dastlabki sud hukmi bilan 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangandi.
Toshkent shahar sudi jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasi sudi 9 dekabrdagi ajrimi bilan 8 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosini 4 yil 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosiga o‘zgartirib, Akmal Shukurovni darhol sud zalidan qamoqdan ozod qilib yubordi.
Bu holat OAVda olib chiqilgach, 18 dekabr kuni jinoyat ishi Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan kiritilgan protest asosida taftish instansiyasida qayta ko‘rib chiqildi va Akmal Shukurovga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, u qamoqqa qaytarildi. Shundan so‘ng jinoyat ishini apellyatsiyada ko‘rgan sudyalarga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlandi, ko‘p o‘tmay esa ular qamoqqa olingandi.
Jamiyat
Axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishlari uchun davlat grantlari ko‘paytirildi
Ma’lum qilinishicha, mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari 35 foizga oshirilib, jami 2 930 ta davlat granti ajratilgan.
2026/2027-o‘quv yili uchun axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohasiga oid ta’lim yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklari bo‘yicha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari 35 foizga oshirildi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining ma’lum qilishicha, mazkur yo‘nalishlar uchun jami 2 930 ta davlat granti ajratildi.
Qayd etilishicha, bunda bakalavriat uchun 2 309 ta, magistratura uchun 621 ta davlat granti ajratilgan.
Jamiyat
Samarqandda daryoda cho‘kayotgan fuqaro qutqarib qolindi
Ma’lum bo‘lishicha, cho‘milish vaqtida birdan uning sog‘lig‘i yomonlashib, mustaqil ravishda harakat qila olmay qolgan va sheriklari darhol FVBga xabar berishgan.
17 iyul kuni soat 17:53 da Samarqand viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Samarqand tumanidagi Qoradaryo daryosida fuqaro cho‘kayotgani haqida xabar kelib tushgan.
Ma’lum bo‘lishicha, cho‘milish vaqtida birdan uning sog‘lig‘i yomonlashib, mustaqil ravishda harakat qila olmay qolgan va sheriklari darhol FVBga xabar berishgan.
Qutqaruvchilar voqea joyiga tezkorlik bilan yetib borib, fuqaroni maxsus narvon yordamida daryo qirg‘og‘idan xavfsiz hududga olib chiqishgan hamda u tibbiyot xodimlariga topshirilgan.
Xabarda aytilishicha, hozirda fuqaroning ahvoli yaxshi.
Jamiyat
Bir necha viloyatda sotilayotgan un mahsulotlari talabga javob bermasligi aniqlandi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan nazorat xaridlarida bir qator un mahsulotlarining sifati amaldagi sanitariya-gigiyenik hamda xavfsizlik talablariga javob bermasligi aniqlandi.
Xususan, Samarqand viloyatida o‘tkazilgan laboratoriya tekshiruviga ko‘ra, Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan “555 MUKA” un mahsuloti sanitariya talablariga javob bermasligi va iste’molga yaroqsiz ekani ma’lum bo‘ldi.
Buxoro viloyatida laboratoriyaga topshirilgan “Sulaymon Nafosat Fayz” MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan “Sulaymon Fayz” birinchi navli bug‘doy uni sanitariya-gigiyenik me’yorlarga mos emasligi aniqlandi. Un mahsuloti sotuvidan tushgan 5,7 mln so‘m mablag‘ni iste’molchilarga qaytarish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Jizzax viloyatida nazorat xaridi uchun “Javhar Flour Trade” MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan “Ardus” un mahsuloti namunalari laboratoriyaga topshirilganda unda temir va rux miqdori belgilangan me’yorlarga javob bermasligi ma’lum bo‘ldi.
Farg‘ona viloyatida “Troyka” nomli bug‘doy uni namunasi laboratoriya tekshiruvlarida me’yoriy talablarga nomuvofiq deb topildi.
Sifatsiz mahsulotlarni muomalaga chiqarish orqali qonunbuzilishga yo‘l qo‘ygan shaxslarga, shuningdek saqlash tartiblariga rioya etmagan sotuvchilarga nisbatan tegishli ta’sir choralari belgilanib, mahsulotlarni savdodan olib tashlash bo‘yicha tadbirkorlarga majburiy ko‘rsatmalar berildi.
Jamiyat
Qamchiq dovonida majburiy tosh ko‘chirish ishlari amalga oshirildi
Xabar qilinishicha, mazkur ishlar tabiiy ofatning oldini olish maqsadida o‘tkazilgan.
18 iyul kuni A-373 “Toshkent-Ohangaron-Angren-Qo‘qon-Shahrixon-Andijon” avtomobil yo‘lining 142,8 km. qismida tegishli tashkilotlar tomonidan tog‘ning yuqori nuqtalaridagi nomustahkam toshlarni sun’iy tushirish ishlari olib borildi.
Xabar qilinishicha, mazkur ishlar tabiiy ofatning oldini olish maqsadida o‘tkazilgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ayrim elektron nashrlar va blogerlardan ma’lumotlarni noto‘g‘ri talqin qilmaslikni so‘radi.
Jamiyat
“Mirob suv bermayapti” – Farg‘onadagi Chimyon qishlog‘ida bog‘lar quriyapti
Farg‘ona tumani Chimyon qishlog‘i Quyi archa mahallasidagi adirlikda bog‘ barpo qilgan ayrim tadbirkorlar suv muammosiga duch kelishyapti. Suv yo‘q emas, bor: maxsus texnikalar yordamida tepalikka suv chiqarilgan, lekin ming mashaqqat bilan daraxt ko‘kartirgan odamlarga shartnomasi bor bo‘lsa-da, suv berilmayapti.
“Mirob Sh.I. o‘ziga qarashli odamlargagina suv beradi xolos. Bizdan esa pul talab qiladi. Suv uchun davlatga pul to‘layapmiz-ku. Mirob o‘z cho‘ntagini qappaytirish uchun bizdan yana pul olishga harakat qilyapti. Daraxtlarimiz qurib boryapti, dodimizni eshitadigan kimsa yo‘q”, deydi murojaatchilar.
Abdujalil Mamadiyev adirlikda 1,5 gektar yerni o‘zlashtirib, 500 tup o‘rik daraxti ko‘kartirgan, endi esa suvsizlikdan daraxtlari quriyotgan ekan:
“Farg‘ona tumani, Chimyon qishlog‘i Quyi archa mahallasidagi adirlikni o‘zlashtirib, 1,5 gektar yerda ming mashaqqat bilan o‘rik bog‘i yaratdim. 500 tup o‘rik daraxtini amallab ko‘kartirganman.
Endi esa suv muammo bo‘lyapti. Daraxtlarimiz qurib ketyapti. Eng qizig‘i, suv yo‘q emas, bor, adirga mirob etib tayinlangan Sh.I. xohlagan odamiga suv beradi, xohlamagan odamiga bermaydi. Shartnomamiz bor. Suv solig‘iniyam o‘z vaqtida to‘layapmiz. Mirob o‘z cho‘ntagi uchun biz bog‘bonlardan pul so‘raydi. Pul berganlargagina suv beryapti. Axir biz suv uchun davlatga o‘z vaqtida to‘lovni amalga oshiryapmiz-ku.
Masala yuzasidan suv xo‘jaligiga, nasos stansiyalari markazlariga, ichki ishlarga murojaat bilan chiqdik, hokimiyatlarga bordik. Lekin muammo hal bo‘lmadi.
Masalan, men suv uchun 4 yilda 8 million 200 ming so‘m to‘lov qilganman. Davlatga pul to‘lasam bo‘ldi-ku, nima uchun yana mirobning cho‘ntagi uchun ham yana pul berishim kerak? Menga o‘xshab bog‘ yaratib daraxtlarini sug‘ora olmayotganlar talaygina. Mirobga chora ko‘rib bering, deb kirmagan tashkilot qolmadi. Bahordan to shu kungacha bog‘imni ikki marta sug‘ordim xolos. Daraxtlar qurib boryapti. Mehnatimga achinyapman.
Daraxtlar qurib qolmasligi uchun o‘zimiz 10 litr, 20 litr qilib chelaklab suv tashib quyib ham ko‘rdik. Shu holatni ko‘rib ham mirob pinagini buzgani yo‘q. Suv ber desak, u biz bilan janjal qiladi. Davlatga pul to‘laganingizdan keyin u navbati bilan suv berishi kerak-ku.
Mirob suv bersa, ko‘chat oralariga qora ekin qilish mumkin, lekin mana, hozir bekor yotibdi. Pomidor, loviya ekish mumkin, davlatga foydasi tegadigan tirikchilik qilib, ish qiladigan sharoit qilsa bo‘ladi. Faqat mirob suv bersa. Suv bermagani uchun oddiy daraxtimizni ham sug‘ora olmayapmiz.
Farg‘ona tumanida Chimyon qishlog‘i aholisining tirikchiligi o‘rikdan. Qiynalib bir yilda bir marta hosil olamiz-da. Suv beriladigan bo‘lsa, o‘rikdan ko‘proq hosil olish mumkin. Boshimizda shunday tashvish bo‘lganidan nima qilishni, yana kimlarga murojaat qilishimizni bilmayapmiz”, deydi Abdujalil Mamadiyev.
Abdujalil Mamadiyev
Tasvirga olish jarayonida adirda mirob Sh.I. ni uchratdik. U holat yuzasidan izoh berishni istamadi.
Sh.I , mirob
Mavjud muammo yuzasidan izoh olish uchun Sirdaryo-So‘x irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi suv yetkazib berish davlat muassasasi direktori Dilyor Yo‘ldoshev bilan telefon orqali suhbatlashdik.
U muammoni nazoratga olishini, daraxtlarni sug‘orish uchun davlat bilan shartnoma qilgan bog‘bonlarga suv, albatta, berilishini ta’kidladi.
-
Iqtisodiyot5 days agotadbirkor va davlat organlari o‘rtasida huquqiy bahs yuzaga keldi
-
Siyosat5 days agoPrezident Mirziyoyev Toskana delegatsiyasi bilan uchrashib, savdo, sarmoyaviy va madaniy aloqalarni muhokama qildi
-
Dunyodan4 days agoMahmud Ahmadinejod atrofidagi sirli o’yin: “Mossad bilan hamkorlik”
-
Jamiyat5 days ago
O‘zbekistonga juda kuchli issiq havo oqimlari kirib keladi
-
Iqtisodiyot4 days agoMarkaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etildi
-
Dunyodan3 days ago
Prezident Tramp uning o‘ldirilishi masalasiga oydinlik kiritmoqda
-
Sport4 days agoAngliya va Argentina nega bir-birini yomon ko‘radi? Ashaddiy dushmanlik tarixi
-
Sport5 days agoJCh anonsi. Ispaniya himoyasi Fransiya hujumini to‘xtata oladimi?
