Jamiyat
Kuchli ta’sir qiluvchi 11 kilogramm mahsulot musodara qilindi
Andijon viloyatining Marhamat tumanida kuchli ta’sir qiluvchi moddani 6 mln so‘mga sotgan shaxs qo‘lga olindi.
1991-y.t. fuqaro tuman markazidagi savdo majmuasida shartli xaridorga 900 dona «Keto coffee mix» mahsulotini sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ushbu mahsulot Andijon shahridagi «Jahon savdo kompleksi»da joylashgan do‘kondan xarid qilinganligi ma’lum bo‘lgach, tezkor tadbir davom ettirilgan. Bu jarayonda Andijon shahrida yashovchi, 1987-y.t. fuqaroga tegishli do‘kondan jami 480 dona «Keto coffee mix» mahsuloti olindi.
Ashyoviy dalil sifatida musodara qilingan jami 11 kg «Keto coffee mix» mahsuloti tarkibida «sibutramin» kuchli ta’sir qiluvchi moddasi mavjud bo‘lib, respublikamiz hududida uning muomalasi taqiqlangan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Migratsiya agentligi xorijga ishga boruvchilarni to‘lov qilishda aldanib qolmaslikka chaqirdi
Agentlikning ogohlantirishicha, naqd pul berish, jismoniy shaxs kartasiga o‘tkazish yoki “konsalting xizmati” nomi bilan boshqa firmaga to‘lov qilish xavfli hisoblanadi.
Migratsiya agentligi xorijga ishga borish jarayonida litsenziyaga ega xususiy bandlik agentligi bilan shartnoma tuzib, to‘lovni esa boshqa firma yoki vositachilar hisob raqamiga amalga oshirmaslikni maslahat berdi.
Qayd etilishicha, litsenziya bir tashkilot nomi uchun beriladi va boshqa firma yoki “konsalting” xizmatlariga tatbiq etilmaydi.
Agentlikning ogohlantirishicha, naqd pul berish, jismoniy shaxs kartasiga o‘tkazish yoki “konsalting xizmati” nomi bilan boshqa firmaga to‘lov qilish xavfli hisoblanadi.
“To‘lov faqat xususiy bandlik agentligining maxsus depozit hisob raqamiga amalga oshirilishi va albatta to‘lovni tasdiqlovchi chek bo‘lishi kerak”, deyiladi agentlik xabarida.
Migratsiya agentligi xorijga ishga borishni rejalashtirgan fuqarolarga litsenziyani tekshirish, shartnoma va to‘lovdagi firma nomini solishtirish hamda to‘lov cheklari, xujjatlar, reklama va yozishmalarning barchasini saqlashni tavsiya qilgan.
Jamiyat
«Otaxon»ning bayram tabrigi («jiddiya»)
Zamonaviy texnologiyani eplasang – maza, eplolmasang – bemaza bo‘lib qolar ekan…
Xorijda safarda yurgan kezlarim bir muborak bayram kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, deng.
Birinchi tabrigim, albatta farzandlarimga bo‘ldi. Besh qizim va ikki o‘g‘limga mehr bilan dil so‘zlarimni yozib, tagiga ismi sharifimdan oldin «Otalaring… » deb yozib qo‘yish ma’qul ko‘rindi.
Undan keyin mobil telefon imkoniyatlaridan «samarali» foydalanishga kirishdim. Farzandlarimga yo‘llagan tabrigim matni ustiga barmog‘imni tekkizsam, «kopirovat» (rus. nusxa olish, -tahr.) degan iltifotli so‘z chiqdi. Jon-jon deb nusxa oldimu eng ulug‘ ustozlarimdan biri telegramiga joyladim. «Aziz o‘g‘lonim» degan satrimni «Aziz ustozim» deb tahrir qildim-da, ulug‘ siymo ismini yozdim.
Qolgan dil so‘zlarim ham mehr bilan tahrir qilindi, boyitildi! Ismlari ortidan akajonim, ayol bo‘lsa, opajonim yoki singiljonim, deb murojaat qilaverdim. Biror imloviy yo uslubiy xato ketmayaptimikin, degan o‘yda tabrik xatimni qayta-qayta o‘qidim, hammasi joyida!
Shu tariqa o‘zim uchun aziz siymolarga tabriklar jo‘nataverdim. Xudoga shukr, ko‘p aziz Ustozlardan saboq olib, mehr ko‘rganman!
Tabrik xatimdan nusxa olgach, faqat ismini o‘zgartirib, navbatdagi Ustozlarimga yuboraverdim.
Hatto, ishxonamdagi rahbarlarimga, o‘rinbosarlariga ham «ustozim» deya lutf aylab, tabrik yo‘llayverdim.
Ellikdan ortiq «Ustoz»larning ko‘nglini ovlagach, yuz ellikdan ortiq qadrdon do‘stlarim, sobiq sinfdoshlar-u kursdoshlarimga ham matni bir xil (faqat ismi o‘zgargan) tabrik xatini mehr bilan yubordim.
Bu orada o‘zimga to‘rt yuzdan ortiq shogirdlarimdan tabrik xati kelsa, deng!
Tabrik xati matnini shogirdlarga moslab ozroq tahrir qilib, yana o‘sha-o‘sha ismini o‘zgartirib, qolgan matni bir xil javob tabrigini yo‘llayverdim.
Bir mahal o‘ta ziyrak va hushyor do‘stim Sharofiddin hoji aka qo‘ng‘iroq qilib qoldi:
«Bugungi kunda birovga otangman yo bolangman, deb gapirish, ayniqsa, yozish qaltisroq bo‘lib qolganini yaxshi bilasiz, – dedi hoji akam tagdor gapini uzoqroqdan boshlab. – Menga yuborgan tabrigingizda o‘zingizni «otalaring» deb yozganingizni to‘g‘ri tushundim. Menimcha, bolalaringizga yozgan tabrigingizdan nusxa olib, ismni o‘zgartirib qo‘ya qolibsiz. Ishqilib, boshqalarga ham shunaqa «tabrik» jo‘natvormadingizmi?..»
Bu gapdan esxonam chiqib ketdi. Xah, shoirxayollik qursin-a…
Shosha-pisha o‘sha yuborgan tabriklarni qayta ochib ko‘ra boshladim. Voy-dod! Hammaga bir xilda tabrik adog‘ida «otalaring…» falonchi degan gap ketib qolibdi-ku!
Zudlik bilan tabrik xatlaridan «otalaring» so‘zini o‘chirib tashlashga kirishdim.
Ibi, bu qanaqasi bo‘ldi? Qaysi Ustozimga yuborgan tabrik xatini tuzatib, qayta yuboray, desam, qandaydir bir qizil undov belgisiga o‘xshash tayoqcha (!) rasmi YPX tayog‘idek chiqib: «To‘xta! Sen endi bu telegramga kira olmaysan! Sening yo‘ling batamom qulflandi…» degandek qotib turaveradi…
Tabrik xatlaridagi «otalaring» so‘zini o‘chirishning imkoni bo‘lmadi…
Asabiy holatda boshimni changallab, asta yonboshladim. Ko‘zim ilinib, ko‘rganlarim tushga aylandi. Yuzlab son-sanoqsiz qizg‘ish undov belgilari boshim atrofida gir-gir aylanarmish.
Uzoqlardan dag‘-dag‘ali tovushlar eshitilarmish:
«Hey, o‘rgildim, sendaqa otadan…»
Dahshatli hayqiriqdan cho‘chib uyg‘ondimu, baribir o‘zimga kelolmadim…
Hoji aka aytganidek, hozir birovga «otangman» deyish naqadar xatarli, «bolangman» deyish undan ham ayanchli bo‘lib qolgan-da…
To‘lqin EShBEK
2026 yil
Jamiyat
Toshkentda yashash qimmatlashyapti — Numbeo
Numbeo portali Toshkent shahrida o‘rtacha sharoitda yashash uchun zarur bo‘lgan pul mablag‘lari miqdorini ma’lum qildi.
Toshkent shahri bo‘yicha e’lon qilingan yangi hisob-kitoblar poytaxtda yashash xarajatlari yildan yilga oshib borayotganini ko‘rsatgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, to‘rt kishilik oilaning oylik o‘rtacha xarajati ijara to‘lovisiz 23,5 million so‘mdan oshadi. Yakka yashovchi shaxs uchun esa bu ko‘rsatkich 6,3 million so‘m atrofida baholangan.
Hisobotda oziq-ovqat, transport, ijara, kommunal xizmatlar va boshqa kundalik ehtiyojlar bo‘yicha o‘rtacha narxlar keltirilgan. Jumladan, Toshkentda arzon restoranda bir marta ovqatlanish 70 ming so‘m, ikki kishilik o‘rta toifadagi restoranda kechki ovqat esa o‘rtacha 400 ming so‘mga tushadi.
Bozor narxlarida ham sezilarli o‘sish kuzatilmoqda. Masalan:
1 kg go‘sht — qariyb 138 ming so‘m;
1 kg tovuq go‘shti — 48 ming so‘m;
12 dona tuxum — 22 ming so‘mdan ziyod;
1 litr sut — 14,7 ming so‘m atrofida.
Poytaxtda ijara bozori ham yuqori darajada qolmoqda. Shahar markazida bir xonali kvartira ijarasi o‘rtacha 7,4 million so‘m, markazdan tashqarida esa 4,4 million so‘m atrofida baholangan.
Shu bilan birga, hisobotda Toshkentdagi o‘rtacha oylik maosh soliqdan keyin 7,3 million so‘m ekani qayd etilgan. Bu esa ayrim holatlarda hatto bir xonali uy ijarasini qoplash uchun ham yetarli emas.
Mutaxassislar fikricha, aholi daromadlari va yashash xarajatlari o‘rtasidagi farqning kengayishi kelgusida ijtimoiy va iqtisodiy bosimni kuchaytirishi mumkin. Ayniqsa, uy-joy ijarasi, oziq-ovqat va ta’lim xarajatlarining yuqoriligi o‘rta daromadli oilalar uchun jiddiy yuk bo‘lib qolmoqda.
Jamiyat
Bugun O‘zbekistonda havo harorati 38 darajagacha isishi kutilmoqda
O‘zgidromet ma’lumotlariga ko‘ra, bugun kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq kuzatiladi. Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi, ba’zi joylarda 13-18 m/s gacha kuchayadi, shimolida 20-22 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin. Harorat 33-38° bo‘ladi.
Toshkentda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol 3-8 m/s tezlikda esadi. Harorat 34-36° bo‘ladi.
Tog‘ oldi va tog‘li hududlarda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Shamol 7-12 m/s tezlikda esadi. Harorat 25-30° bo‘ladi.
Jamiyat
Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi yo‘lning bir qismi vaqtincha yopiladi
Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida Kichik halqa avtomobil yo‘lining Shota Rustaveli ko‘chasi bilan kesishgan qismidagi 400 metrlik masofada harakat cheklanadi. Bu elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish ishlari bilan bog‘liq.
Ma’lum qilinishicha, cheklov 2026 yil 31 may kuni soat 23:00 ga qadar amal qiladi.
Bu davrda transport vositalari harakati tasdiqlangan sxemaga muvofiq aylanma yo‘nalishlar orqali tashkil etiladi.
Mas’ullar haydovchilardan harakat yo‘nalishlarini oldindan rejalashtirish, muqobil yo‘llardan foydalanish hamda yo‘l belgilari talablariga qat’iy rioya qilishni so‘ramoqda.
-
Iqtisodiyot3 days ago1 dollar ≠ 1 so‘m ≠ 1 rubl. Valutalar qiymati nega har xil?
-
Iqtisodiyot5 days agoO‘zbekistonliklar go‘sht va sut narxlari oshishini ko‘proq sezishyapti
-
Jamiyat4 days agoToshkentda uy savdosi bilan bog‘liq mojaro tergov qilinmoqda
-
Iqtisodiyot4 days agoO‘zbekistonga Qozog‘iston nefti yetkazib berilishi mumkin
-
Jamiyat4 days agoKitobxon yoshlar uchun 50 ming dollarlik mukofot joriy etildi
-
Jamiyat4 days agoBugun O‘zbekiston bo‘ylab qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi kutilmoqda
-
Mahalliy4 days ago
Oliy attestatsiya komissiyasi rahbari ishdan olindi
-
Sport3 days agoForbes dunyoning eng serdaromad sportchilari reytingini e’lon qildi
