Iqtisodiyot
O‘zbekiston o‘zi bilan bir xil reytingga ega davlatlardan qonun ustuvorligi borasida ortda qolmoqda
S&P xalqaro agentligi ortidan, Moody’s ham O‘zbekistonning suveren reytingi bo‘yicha prognozni “barqaror”dan “ijobiy”ga o‘zgartirdi. Agentlik O‘zbekistonga Ba3 suveren reytingini berarkan, mamlakat xuddi shunday reytingga ega boshqa davlatlardan ovoz berish, hisobdorlik, qonun ustuvorligi va korrupsiyani cheklash kabi yo‘nalishlarda ortda qolayotganini qayd etdi.
Moody’s xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning suveren reytingini Ba3 darajasida tasdiqlab, prognozni “barqaror”dan “ijobiy”ga o‘zgartirdi.
O‘tgan oyda S&P xalqaro reyting agentligi ham O‘zbekistonning suveren kredit reytingi bo‘yicha kutilmani ilk bor “barqaror”dan “ijobiy”ga o‘zgartirgandi.
Moody’s 13 iyun kuni tarqatgan bayonotga ko‘ra, agar O‘zbekiston hukumatining joriy islohotlari samarali amalga oshirilsa, vaqt o‘tishi bilan mamlakatdagi institutlarning sifati oshishi mumkin.
“Hukumatning xususiylashtirish dasturi ham, agar muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, o‘sish tendensiyasini oshirishi mumkin. Bu islohotlar, fiskal ehtiyotkorlik bilan birgalikda, o‘rta istiqbolda iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashi va mamlakatning o‘sish salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga imkon berishi mumkin.
Ba3 reytingining berilishi – O‘zbekistonning nisbatan diversifikatsiyalangan iqtisodiyotini, qulay demografik ko‘rsatkichlarga ega mustahkam o‘sish istiqbollarini va qarz yukining o‘rtacha darajada ekanini (asosan imtiyozli shartlarda olingan) aks ettiradi. Biroq bu kuchli jihatlar kishi boshiga to‘g‘ri keladigan daromadning pastligi va raqobatbardoshlikning yetarli emasligi, institutsional zaiflik (yaxshilanib borayotgan bo‘lsa-da), shuningdek, mo‘tadil siyosiy xatarlar bilan muvozanatlashgan”, – deyiladi agentlik axborotida.
Ijobiy kutilma uchun asoslar
Moody’s O‘zbekiston suveren reytingida kutilmani “ijobiy”ga o‘zgartirish uchun asos bo‘lgan omillar qatorida quyidagilarni sanab o‘tgan:
Boshqaruvni yaxshilash choralari ko‘rilmoqda. 2024 yil holatiga, kuzatuv kengashlaridagi mustaqil a’zolar ulushi davlat korxonalarida 25 foiz, davlat banklarida 40 foizni tashkil etgan.
Korrupsiyani tiyish uchun “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirgan. Davlat xizmatchilarining aktivlarini deklaratsiyalash va korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlar jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi kutilmoqda. Ma’lumotlarni ochiqlash va shaffoflik yo‘nalishida ham ijobiy qadamlar tashlangan.
2024 va 2025 yillarda narxlarning sezilarli oshishiga olib kelgan energetika islohoti hukumatning bundan-da murakkab islohotlarni amalga oshira olish salohiyati va qat’iy niyatini ko‘rsatadi. Bu islohotlar 2027-2028 yillarga borib elektr energiyasi va gaz ta’minoti o‘zini o‘zi qoplash darajasiga yetishiga qaratilgan.
Xalqaro agentlik davlat korxonalarini muvaffaqiyatli xususiylashtirish iqtisodiy samaradorlik va raqobatni oshirishini qayd etgan.
“Biz xususiylashtirish sur’ati pastligicha qolishini, jarayon bosqichma-bosqich bo‘lishini taxmin qilyapmiz, chunki murakkab tashqi sharoitlar va AQShning savdo siyosati atrofidagi global noaniqlik munosib strategik investorlarning qiziqishini kamaytirishi mumkin. Davlat korxonalarining korporativ boshqaruvi va operatsion samaradorligini oshirish ham xususiylashtirishni kechiktirishi mumkin”, – deya qayd etgan tahlilchilar.
Tasdiqlangan reyting uchun asoslar
Moody’s O‘zbekistonga Ba3 reytingi berganini ijobiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va nisbatan past qarz yuki bilan izohlagan.
“Davlat qarzining asosiy qismi xorijiy valutada bo‘lsa-da, qarzlarning katta qismi imtiyozli ekani tufayli davlatning yangi qarz olish uchun imkoniyatlari juda yuqori.
Shu bilan birga, keng ma’nodagi davlat qarzi – davlat korxonalari tomonidan davlat kafolatisiz olingan qarzlar va hukumatning davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha majburiyatlari oshib bormoqda. So‘nggi yillarda yirik davlat korxonalari moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish va ehtimoliy xususiylashtirish oldidan bozor beradigan bahoni aniqlash asnosida, tashqi moliyaviy mablag‘larni jalb qilishni ko‘paytirdi. DXSh majburiyatlari 2024 yilda YaIMning 27 foiziga yetdi, bu majburiyatlar asosan energetika va infratuzilma loyihalari bilan bog‘liq. Biz keng ma’nodagi davlat qarzi keyingi 2-3 yilda o‘sib borishini va shartli javobgarlik xavfi yuzaga kelishini taxmin qilyapmiz.
Shu bilan birga, hukumat davlat korxonalari va DXShlardan kelib chiqadigan shartli majburiyatlar uchun risklarni baholash tizimini takomillashtirishni davom ettirmoqda. Masalan, yaqinda 2025 yilda yangi DXSh loyihalari bo‘yicha davlat oladigan majburiyatlar qiymati 6,5 mlrd AQSh dollaridan oshmasligi e’lon qilindi. Bundan tashqari, barcha davlat korxonalaridan tashqi moliyalashtirish uchun hukumat ruxsatini olishi talab etilmoqda, bu esa xorijiy valutadagi majburiyatlarning tez o‘sishini mo‘tadillashtirishga yordam beradi. O‘sib borayotgan shartli javobgarlik xavfi qisman mamlakatning suveren boylik fondi – Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidagi muhim aktivlar hisobidan yumshatiladi”, – deyiladi hisobotda.
Qayd etilishicha, Ba3 reytingi – O‘zbekistonda aholi jon boshiga daromadning pastligi, mamlakatning raqobatdoshliligi yetarli emasligi va institutlarning zaifligini ham aks ettiradi.
“Masalan, yuqori darajadagi dollarlashuv, banklararo bozor operatsiyalarining cheklangani va ichki kapital bozorlarining sayozligi – pul-kredit siyosatining transmissiya mexanizmini cheklab turadi. Institutsional va boshqaruv ko‘rsatkichlari biroz yaxshilangan bo‘lsa-da, O‘zbekiston ovoz berish, hisobdorlik, qonun ustuvorligi va korrupsiyani cheklash kabi yo‘nalishlarda xuddi shunday Ba3 reytingiga ega mamlakatlardan ortda qolishda davom etmoqda.
Reyting, shuningdek, yirik davlat korxonalarini xususiylashtirish bo‘yicha yanada murakkab islohotlar qandaydir iqtisodiy va ijtimoiy xarajatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan o‘rtacha siyosiy xavfni ham ko‘rsatadi. Bu esa vaqt o‘tishi bilan taraqqiyotni susaytirishi va biznes muhitidagi noaniqlikni oshirishi mumkin.
Xalqaro jabhada Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi hamda Rossiyaning Yevropa va MDHdagi ta’sirining potensial kengayishi geosiyosiy xavfni oshirib, Markaziy Osiyo va undan tashqarida siyosiy ittifoqlarning o‘zgarishi ehtimolarini o‘rtaga chiqardi. O‘zbekiston, Rossiya bilan mustahkam aloqalarga ega bo‘lishiga qaramay, mojaro boshlanganidan beri neytral pozitsiyani egallashga intildi”, – deya ta’kidlagan xalqaro kuzatuvchilar.
Reytingni oshirish yoki tushirishga olib kelishi mumkin bo‘lgan omillar
Moody’s tahlilchilariga ko‘ra, O‘zbekistondagi islohotlar siyosiy samaradorlik va institutlar sifatining oshishiga olib keladi degan ishonch kuchaysa, mamlakatning suveren reytingi oshirilishi mumkin.
Iqtisodiyotda raqobat muhitining kuchayishi, davlat ishtirokidagi yirik kompaniyalar va banklarning xususiylashtirilishi, shu bilan birga fiskal barqarorlik saqlanib, ijtimoiy xarajatlar keskin oshishining oldini olish ham suveren reytingni oshirishga xizmat qiladi.
Kutilma “ijobiy” deb tasdiqlangani bois, O‘zbekistonning suveren reytingi yaqin kelajakda pasayishi ehtimoli juda kam. Agar iqtisodiy islohotlardan jiddiy og‘ish kuzatilsa, Moody’s O‘zbekiston reytingi bo‘yicha prognozni “ijobiy”dan “barqaror”ga qaytarishi mumkin. Bunday og‘ish ichki siyosiy yoki ijtimoiy bosimlar bilan bog‘liq ravishda kelib chiqishi mumkin.
Reytingni pasaytirishga undovchi omillardan yana biri – davlat kompaniyalari va DXSh majburiyatlari bo‘yicha fiskal muammolarning yuzaga kelishi ehtimoli bilan bog‘liq. Risk uyg‘otishi mumkin bo‘lgan tashqi omillar qanday shaklda bo‘lishi mumkinligini esa oldindan aytib bo‘lmaydi.
Iqtisodiyot
Oktyabrda tezkor tölovlar orqali 158,4 trln sömlik operatsiyalar amalga oşirildi
2026-yil oktyabr oyida Markaziy bankning Tezkor tölovlar tizimi orqali jami 7,39 millionta tölov amalga oşirilib, ularning umumiy qiymati 158,4 trillion sömni taşkil etdi.
Markaziy bankning banklar kesimidagi tahliliy maʼlumotlariga köra, uşbu tölovlarning 3,12 milliontaga yaqini budjetga yönaltirilgan. Ularning umumiy summasi 19,62 trillion sömga teng bölgan.
Budjet tölovlari tizim orqali amalga oşirilgan operatsiyalar sonining 42,3 foizini taşkil etgan. Biroq ularning umumiy qiymatidagi uluşi 12,4 foizga teng bölgan.
Oktyabr oyida tölovlar soni böyiça «Aloqabank» yetakçilik qilgan. Bank orqali 2,81 millionta tölov amalga oşirilgan. Keyingi örinlarda Markaziy bank — 1,12 millionta va «TBC bank» — 759 mingta tölov bilan qayd etilgan.
«Milliy bank» orqali 444,1 mingta, «Hamkorbank» orqali esa 391,3 mingta tölov amalga oşirilgan.
Tölovlarning umumiy summasi böyiça esa Markaziy bank — 29,6 trillion söm, «Milliy bank» — 22,9 trillion söm va «Özsanoatqurilişbank» — 14,8 trillion söm bilan yuqori körsatkiçlarni qayd etgan.
Budjetga yönaltirilgan tölovlar summasi böyiça «Milliy bank» 5,52 trillion söm bilan birinçi örinda. «Özsanoatqurilişbank» orqali 2,77 trillion söm, «Aloqabank» orqali esa 2,51 trillion sömlik budjet tölovlari amalga oşirilgan. «Asia Alliance bank»da bu körsatkiç 2,09 trillion sömni, «Asaka bank»da esa 2,05 trillion sömni taşkil etgan.
Iqtisodiyot
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev G‘uzor tumanida «Qashqadaryo Jingu» korxonasi tomonidan Shinjon usulida paxta yetishtirilayotgan dalada bo‘ldi.
Davlatimiz rahbariga chigit ekish, g‘o‘zani sug‘orish va parvarishlashda qo‘llanayotgan texnologiyalar haqida ma’lumot berildi. Bu yerda 2,2 ming gektar maydonga chigit plyonka ostiga qo‘sh qatorlab ekilgan, tomchilatib sug‘orish to‘liq joriy qilingan.
Plyonka tuproqdagi namlik va haroratni saqlab, chigitning erta hamda bir tekis unib chiqishiga yordam beradi. Suv va o‘g‘it esa tomchilatib sug‘orish tizimi orqali bevosita g‘o‘za ildiziga yetkaziladi. Natijada suv sarfi 30-40 foizga, o‘g‘it sarfi qariyb 30 foizga kamayadi. Hosil an’anaviy maydonlarga nisbatan 10-15 kun oldin pishib yetiladi.
Prezidentimiz paxtazorda yetishtirilgan hosil va agrotexnik tadbirlarni tashkil etish jarayoni bilan tanishdi. An’anaviy usulda gektaridan 30-35 sentner paxta olinsa, Shinjon texnologiyasida bu ko‘rsatkich 60-70 sentnergacha yetishi mumkin. Korxona dalalarida hosildorlik gektariga 55 sentnerni, yalpi hosil esa 12,3 ming tonnani tashkil etmoqda.
Dala ishlarida agrodronlardan ham foydalanilmoqda. Bu ayrim agrotexnik tadbirlarni tezroq bajarish, yonilg‘i sarfini kamaytirish imkonini bermoqda.
Xitoy sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan «Qashqadaryo Jingu» agroklasteri Koson, Nishon, G‘uzor, Ko‘kdala va Mirishkor tumanlarida jami 18,3 ming gektar maydonda faoliyat yuritadi. Ushbu yerlarning katta qismi ilgari foydalanilmagan cho‘l va qarovsiz maydonlar bo‘lgan. Loyihaga 128 million dollar investitsiya kiritilib, 50 ta ish o‘rni yaratilgan. Eksport hajmi esa 8,5 million dollarni tashkil etadi.
Shu yerda davlatimiz rahbariga viloyat qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham axborot berildi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Wabtec» kompaniyasi direktorlar kengashi raisi va bosh ijrochi direktori Rafael Santanani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda mamlakatda temir yo‘l infratuzilmasi va tranzit salohiyati rivojlanayotganini hisobga olib, lokomotivlar parkini yangilash va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
AQSh moliya institutlari ishtirokida lokomotivlarni uzoq muddatli servis xizmati bilan birga yetkazib berish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va mutaxassislar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Tog‘-kon korxonalari karer texnikasiga xizmat ko‘rsatuvchi servis markazini tashkil etish hamda dizel-generator qurilmalari bo‘yicha hamkorlik qilishga ham e’tibor qaratildi.
«Wabtec» lokomotivlar, temir yo‘l texnikasi, raqamli va servis yechimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha jahondagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham loyihalarni amalga oshirmoqda.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
-
Sport1 day ago
Özbekiston Jahon yelkanli sport federatsiyasiga tölaqonli aʼzo böldi
-
Jamiyat24 hours ago
Sayyoramizdagi eng badavlat ayollar
-
Sport1 day ago
Anzur Ismoilov futbolçilik faoliyatini yakunladi
-
Mahalliy1 day ago
Birinçi sinf öquvçilari 2027-yildan yangi alifboda öqiydi – loyiha
-
Siyosat23 hours ago
Özbekiston «beşinçi havo erkinligi» rejimi asosida aviaqatnovlarni kengaytirmoqçi
-
Siyosat1 day ago
Energetika vazirining birinçi örinbosari lavozimidan ozod etildi
-
Mahalliy1 day ago
jahlni bir yarim daqiqada qanday «öçiriş» mumkin?
-
Sport24 hours ago
Şavkat Mirziyoyev Xalqaro dzyudo federatsiyasi prezidentini qabul qildi: tafsilotlar
