Connect with us

Iqtisodiyot

O‘zbekiston o‘zi bilan bir xil reytingga ega davlatlardan qonun ustuvorligi borasida ortda qolmoqda

Published

on


S&P xalqaro agentligi ortidan, Moody’s ham O‘zbekistonning suveren reytingi bo‘yicha prognozni “barqaror”dan “ijobiy”ga o‘zgartirdi. Agentlik O‘zbekistonga Ba3 suveren reytingini berarkan, mamlakat xuddi shunday reytingga ega boshqa davlatlardan ovoz berish, hisobdorlik, qonun ustuvorligi va korrupsiyani cheklash kabi yo‘nalishlarda ortda qolayotganini qayd etdi.

Moody’s xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning suveren reytingini Ba3 darajasida tasdiqlab, prognozni “barqaror”dan “ijobiy”ga o‘zgartirdi.

O‘tgan oyda S&P xalqaro reyting agentligi ham O‘zbekistonning suveren kredit reytingi bo‘yicha kutilmani ilk bor “barqaror”dan “ijobiy”ga o‘zgartirgandi.

Moody’s 13 iyun kuni tarqatgan bayonotga ko‘ra, agar O‘zbekiston hukumatining joriy islohotlari samarali amalga oshirilsa, vaqt o‘tishi bilan mamlakatdagi institutlarning sifati oshishi mumkin.

“Hukumatning xususiylashtirish dasturi ham, agar muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, o‘sish tendensiyasini oshirishi mumkin. Bu islohotlar, fiskal ehtiyotkorlik bilan birgalikda, o‘rta istiqbolda iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashi va mamlakatning o‘sish salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga imkon berishi mumkin.


Ba3 reytingining berilishi – O‘zbekistonning nisbatan diversifikatsiyalangan iqtisodiyotini, qulay demografik ko‘rsatkichlarga ega mustahkam o‘sish istiqbollarini va qarz yukining o‘rtacha darajada ekanini (asosan imtiyozli shartlarda olingan) aks ettiradi. Biroq bu kuchli jihatlar kishi boshiga to‘g‘ri keladigan daromadning pastligi va raqobatbardoshlikning yetarli emasligi, institutsional zaiflik (yaxshilanib borayotgan bo‘lsa-da), shuningdek, mo‘tadil siyosiy xatarlar bilan muvozanatlashgan”, – deyiladi agentlik axborotida.

Ijobiy kutilma uchun asoslar

Moody’s O‘zbekiston suveren reytingida kutilmani “ijobiy”ga o‘zgartirish uchun asos bo‘lgan omillar qatorida quyidagilarni sanab o‘tgan:


Boshqaruvni yaxshilash choralari ko‘rilmoqda. 2024 yil holatiga, kuzatuv kengashlaridagi mustaqil a’zolar ulushi davlat korxonalarida 25 foiz, davlat banklarida 40 foizni tashkil etgan.
Korrupsiyani tiyish uchun “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirgan. Davlat xizmatchilarining aktivlarini deklaratsiyalash va korrupsiya haqida xabar bergan shaxslarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunlar jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi kutilmoqda. Ma’lumotlarni ochiqlash va shaffoflik yo‘nalishida ham ijobiy qadamlar tashlangan.
2024 va 2025 yillarda narxlarning sezilarli oshishiga olib kelgan energetika islohoti hukumatning bundan-da murakkab islohotlarni amalga oshira olish salohiyati va qat’iy niyatini ko‘rsatadi. Bu islohotlar 2027-2028 yillarga borib elektr energiyasi va gaz ta’minoti o‘zini o‘zi qoplash darajasiga yetishiga qaratilgan.

Xalqaro agentlik davlat korxonalarini muvaffaqiyatli xususiylashtirish iqtisodiy samaradorlik va raqobatni oshirishini qayd etgan.

“Biz xususiylashtirish sur’ati pastligicha qolishini, jarayon bosqichma-bosqich bo‘lishini taxmin qilyapmiz, chunki murakkab tashqi sharoitlar va AQShning savdo siyosati atrofidagi global noaniqlik munosib strategik investorlarning qiziqishini kamaytirishi mumkin. Davlat korxonalarining korporativ boshqaruvi va operatsion samaradorligini oshirish ham xususiylashtirishni kechiktirishi mumkin”, – deya qayd etgan tahlilchilar.

Tasdiqlangan reyting uchun asoslar

Moody’s O‘zbekistonga Ba3 reytingi berganini ijobiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar va nisbatan past qarz yuki bilan izohlagan.

“Davlat qarzining asosiy qismi xorijiy valutada bo‘lsa-da, qarzlarning katta qismi imtiyozli ekani tufayli davlatning yangi qarz olish uchun imkoniyatlari juda yuqori.


Shu bilan birga, keng ma’nodagi davlat qarzi – davlat korxonalari tomonidan davlat kafolatisiz olingan qarzlar va hukumatning davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha majburiyatlari oshib bormoqda. So‘nggi yillarda yirik davlat korxonalari moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish va ehtimoliy xususiylashtirish oldidan bozor beradigan bahoni aniqlash asnosida, tashqi moliyaviy mablag‘larni jalb qilishni ko‘paytirdi. DXSh majburiyatlari 2024 yilda YaIMning 27 foiziga yetdi, bu majburiyatlar asosan energetika va infratuzilma loyihalari bilan bog‘liq. Biz keng ma’nodagi davlat qarzi keyingi 2-3 yilda o‘sib borishini va shartli javobgarlik xavfi yuzaga kelishini taxmin qilyapmiz.


Shu bilan birga, hukumat davlat korxonalari va DXShlardan kelib chiqadigan shartli majburiyatlar uchun risklarni baholash tizimini takomillashtirishni davom ettirmoqda. Masalan, yaqinda 2025 yilda yangi DXSh loyihalari bo‘yicha davlat oladigan majburiyatlar qiymati 6,5 mlrd AQSh dollaridan oshmasligi e’lon qilindi. Bundan tashqari, barcha davlat korxonalaridan tashqi moliyalashtirish uchun hukumat ruxsatini olishi talab etilmoqda, bu esa xorijiy valutadagi majburiyatlarning tez o‘sishini mo‘tadillashtirishga yordam beradi. O‘sib borayotgan shartli javobgarlik xavfi qisman mamlakatning suveren boylik fondi – Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidagi muhim aktivlar hisobidan yumshatiladi”, – deyiladi hisobotda.

Qayd etilishicha, Ba3 reytingi – O‘zbekistonda aholi jon boshiga daromadning pastligi, mamlakatning raqobatdoshliligi yetarli emasligi va institutlarning zaifligini ham aks ettiradi.

“Masalan, yuqori darajadagi dollarlashuv, banklararo bozor operatsiyalarining cheklangani va ichki kapital bozorlarining sayozligi – pul-kredit siyosatining transmissiya mexanizmini cheklab turadi. Institutsional va boshqaruv ko‘rsatkichlari biroz yaxshilangan bo‘lsa-da, O‘zbekiston ovoz berish, hisobdorlik, qonun ustuvorligi va korrupsiyani cheklash kabi yo‘nalishlarda xuddi shunday Ba3 reytingiga ega mamlakatlardan ortda qolishda davom etmoqda.


Reyting, shuningdek, yirik davlat korxonalarini xususiylashtirish bo‘yicha yanada murakkab islohotlar qandaydir iqtisodiy va ijtimoiy xarajatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan o‘rtacha siyosiy xavfni ham ko‘rsatadi. Bu esa vaqt o‘tishi bilan taraqqiyotni susaytirishi va biznes muhitidagi noaniqlikni oshirishi mumkin.


Xalqaro jabhada Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi hamda Rossiyaning Yevropa va MDHdagi ta’sirining potensial kengayishi geosiyosiy xavfni oshirib, Markaziy Osiyo va undan tashqarida siyosiy ittifoqlarning o‘zgarishi ehtimolarini o‘rtaga chiqardi. O‘zbekiston, Rossiya bilan mustahkam aloqalarga ega bo‘lishiga qaramay, mojaro boshlanganidan beri neytral pozitsiyani egallashga intildi”, – deya ta’kidlagan xalqaro kuzatuvchilar.

Reytingni oshirish yoki tushirishga olib kelishi mumkin bo‘lgan omillar

Moody’s tahlilchilariga ko‘ra, O‘zbekistondagi islohotlar siyosiy samaradorlik va institutlar sifatining oshishiga olib keladi degan ishonch kuchaysa, mamlakatning suveren reytingi oshirilishi mumkin.

Iqtisodiyotda raqobat muhitining kuchayishi, davlat ishtirokidagi yirik kompaniyalar va banklarning xususiylashtirilishi, shu bilan birga fiskal barqarorlik saqlanib, ijtimoiy xarajatlar keskin oshishining oldini olish ham suveren reytingni oshirishga xizmat qiladi.

Kutilma “ijobiy” deb tasdiqlangani bois, O‘zbekistonning suveren reytingi yaqin kelajakda pasayishi ehtimoli juda kam. Agar iqtisodiy islohotlardan jiddiy og‘ish kuzatilsa, Moody’s O‘zbekiston reytingi bo‘yicha prognozni “ijobiy”dan “barqaror”ga qaytarishi mumkin. Bunday og‘ish ichki siyosiy yoki ijtimoiy bosimlar bilan bog‘liq ravishda kelib chiqishi mumkin.

Reytingni pasaytirishga undovchi omillardan yana biri – davlat kompaniyalari va DXSh majburiyatlari bo‘yicha fiskal muammolarning yuzaga kelishi ehtimoli bilan bog‘liq. Risk uyg‘otishi mumkin bo‘lgan tashqi omillar qanday shaklda bo‘lishi mumkinligini esa oldindan aytib bo‘lmaydi.



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Iqtisodiyot

Markaziy bank iyun oyida 21 ta bankni jarimaga tortdi

Published

on


Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi 2026-yil iyun oyida o‘tkazilgan yettita yig‘ilishda jami 34 ta masalani ko‘rib chiqib, ular yuzasidan tegishli qarorlar qabul qildi.

Ko‘rib chiqilgan masalalarning 22 tasi ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishiga to‘g‘ri keldi. Ular orasida kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartishlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, bank auditori malaka sertifikatlarini taqdim etish, mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatidan o‘tkazish hamda to‘lov tashkilotiga litsenziya berish kabi masalalar bor.

Shuningdek, kredit tashkilotlari ustav kapitalida ulushga egalik qilishga ruxsat berish, tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari, shuningdek muhim ahamiyatga ega xodimlar nomzodlarini ko‘rib chiqish bilan bog‘liq qarorlar ham qabul qilindi.

Yig‘ilishlarda kredit va to‘lov tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 12 ta masala ham muhokama qilindi. Bunda Markaziy bank ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlarga rioya etilishi, inspeksiya tekshiruvlari natijalari hamda taqsimlanmagan foydani taqsimlash masalalari tahlil qilindi.

Prudensial normativlar talablariga rioya etmagani yoki faoliyatini qonunchilik talablariga muvofiqlashtirmagani uchun 23 ta bankka chora va sanksiyalar qo‘llanilishi mumkinligi haqida ogohlantirish berildi.

Bundan tashqari, qonunchilik talablarini buzgani, shuningdek inspeksiya tekshiruvlari va o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklar sababli 21 ta tijorat banki, 1 ta mikromoliya tashkiloti va 1 ta to‘lov tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanildi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

O‘zbekistonda qurilgan yo‘llar sifatini tekshirish uchun laboratoriya sinovlari o‘tkaziladi

Published

on


Adliya vazirligi «Avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashda laboratoriya sinovlarini amalga oshirish to‘g‘risida»gi nizomni ro‘yxatdan o‘tkazdi.

Ushbu nizom avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashda bajarilgan ishlarning yo‘l qurilishiga oid hujjatlarga muvofiqligini aniqlash bo‘yicha laboratoriya sinovlarini amalga oshirish tartibini belgilaydi.

Hujjatga ko‘ra, bajarilgan ishlarning sifati ustidan pudrat tashkiloti tomonidan doimiy ravishda laboratoriya nazorati ta’minlanadi.

Pudratchining o‘zida sinash laboratoriyasi mavjud bo‘lmagan taqdirda, shartnoma asosida jalb etiladi.

Buyurtmachi tomonidan avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlashda bajarilgan ish hajmlarini pudrat tashkilotidan qabul qilib olishda yo‘l qurilishiga oid hujjatlarga muvofiqligi va sifati ta’minlanganligini aniqlash uchun sinash laboratoriyasi jalb qilinadi.

Buyurtmachi tomonidan tomonidan jalb etiladigan sinash laboratoriyasi akkreditatsiyadan o‘tgan bo‘lishi va uni jalb qilish O‘zbekiston Respublikasining «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.

Buyurtmachi tomonidan pudrat tashkilotining sinash laboratoriyasini yoki u tomondan jalb etilgan sinash laboratoriyasini jalb qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Toshkent yarim yilda 1,5 mlrd dollarlik mahsulot va xizmatlarni eksport qildi

Published

on


2026 yilning birinchi yarmida Toshkent shahri investitsiyalarni jalb etish hamda iqtisodiy rivojlanish sur’atlari bo‘yicha mamlakatning yetakchi hududlaridan biri bo‘ldi. Bu haqda poytaxt hokimligi xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, hisobot davrida Toshkent shahrining yalpi hududiy mahsuloti (YaHM) 226,0 trln so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13,3 foizlik o‘sish demakdir.

Belgilangan 11,2 foizlik prognoz ortig‘i bilan bajarildi, natijada Toshkent shahri respublikada YaHM o‘sish sur’ati bo‘yicha eng yuqori natijani qayd etdi.

Shuningdek, 2026 yilning olti oyida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 109,6 trln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,0 foizga oshdi. Belgilangan 8,0 foizlik prognoz to‘liq bajarildi.

Investitsiyalar yo‘nalishida esa hisobot davrida 4,3 mlrd AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar o‘zlashtirildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobar ko‘p bo‘lib, poytaxt iqtisodiyotiga xorijiy investorlar ishonchi mustahkamlanib borayotganini ko‘rsatadi.

Shuningdek:


249 ta investitsiya loyihasi ishga tushirildi;
umumiy qiymati 657,5 mln AQSh dollari bo‘lgan yangi loyihalar foydalanishga topshirildi;
9,8 mingta yangi ish o‘rni yaratildi va minglab oilalar uchun barqaror daromad manbai ta’minlandi;
1 mlrd 546,9 mln AQSh dollari miqdorida eksport amalga oshirilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 43 foizlik o‘sish qayd etildi.

Mahalliylashtirish dasturi doirasida 77 ta loyiha amalga oshirilib, 4,9 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. Belgilangan ko‘rsatkichlar 148 foizga bajarildi.

«Mazkur loyihalar import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, ichki bozorni mahalliy mahsulotlar bilan ta’minlash, ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish va yangi kooperatsiya aloqalarini shakllantirishga xizmat qilmoqda», — deyiladi xabarda.

Mahalliylashtirish loyihalari hisobidan 121,6 mln AQSh dollari miqdorida eksport amalga oshirildi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

Soliq qoidabuzarligi haqida xabar berganlarga 20,2 mlrd so‘m mukofot berildi

Published

on


2026-yilning yanvar–iyun oylarida «Soliq» mobil ilovasidagi «Soliq hamkor» tizimi orqali soliqqa oid huquqbuzarliklar yuzasidan jami 63 ming 714 ta murojaat qabul qilindi.

Kelib tushgan murojaatlarning asosiy qismi — 51 ming 974 tasi yoki 81,6 foizi xarid cheki berilmagani haqida bo‘lgan. Shuningdek, 2 ming 149 ta murojaat to‘lovni plastik karta orqali qabul qilmaslik, 135 tasi plastik karta bilan to‘lovda xarid summasini sun’iy oshirish, yana 9 ming 456 tasi boshqa turdagi huquqbuzarliklarga oid ekani qayd etilgan.

Takroriy murojaatlar yoki tekshiruv davom etayotgan holatlar sababli 19 ming 40 ta murojaat ko‘rib chiqilmagan.

Murojaatlar asosida 41 ming 687 ta sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazildi. Ular natijasida huquqbuzarliklar 99,5 foiz holatda o‘z tasdig‘ini topgan.

Tasdiqlangan holatlar bo‘yicha qonunchilikda belgilangan tartibda jarimalar qo‘llanilgan va huquqbuzarliklar bartaraf etilishi yuzasidan choralar ko‘rilgan.

Hisobot davomida respublika bo‘yicha 31 ming 174 ta holat uchun fuqarolarga undirilgan jarima summasining 20 foizi miqdorida jami 20 mlrd 180,5 mln so‘m mukofot to‘langan.

Mukofotlar hajmi bo‘yicha Toshkent shahri 4 mlrd 422 mln so‘m bilan yetakchilik qildi. Keyingi o‘rinlarda Samarqand viloyati — 2 mlrd 344,5 mln so‘m va Toshkent viloyati — 1 mlrd 932 mln so‘m qayd etildi.



Source link

Continue Reading

Iqtisodiyot

O‘zbekistonda tibbiyot sohasida eng ko‘p Turkiya va Rossiya korxonalari faoliyat yuritmoqda

Published

on


2026-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi 234 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Bunda eng ko‘p korxonalar Turkiya va Rossiya hissasiga to‘g‘ri keldi.

Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, mamlakatda tibbiyot va ijtimoiy xizmatlar sohasida xorijiy sarmoya ishtirokidagi jami 234 ta korxona faoliyat yuritmoqda.

Mamlakatlar kesimida Turkiya yetakchilik qilib, ushbu davlat kapitali ishtirokida 36 ta korxona tashkil etilgan. Keyingi o‘rinda Rossiya — 34 ta, Xitoy va Hindiston esa 25 tadan korxona bilan qayd etilgan.

Shuningdek, Janubiy Koreya ishtirokida 18 ta, Qozog‘iston kapitali bilan 16 ta, Ozarbayjon sarmoyasi ishtirokida 9 ta korxona faoliyat olib bormoqda.

AQSh ishtirokida 8 ta, Birlashgan Arab Amirliklari kapitali bilan 6 ta, Qirg‘iziston va Yaponiya ishtirokida esa 4 tadan korxona faoliyat yuritmoqda.

Qolgan 49 ta korxona esa boshqa davlatlar sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.