Jamiyat
Toshkent viloyatida 13 yoshli qiz orqali dori sotgan ayol va uning sheriklari ushlandi
“Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik tadbiri doirasida Toshkent viloyatida 13 yoshli qizdan dori savdosida vositachi sifatida foydalanib kelgan ayol va uni dorilar bilan ta’minlab turgan sheriklari qo‘lga olindi. Jami 1 343 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari (qiymati 150 mln so‘m) musodara qilindi.
O‘zbekiston prezidentining giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashishga qaratilgan qarori ijrosi doirasida mamlakat bo‘ylab “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik tadbirining uchinchi bosqichi izchil davom etmoqda.
Shu doirada Toshkent viloyati IIBB va DXX viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Farg‘onadan poytaxtga katta miqdorda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini yetkazib, ularni sotish bilan shug‘ullanib kelgan jinoiy guruh fosh etildi.
Toshkent tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir chog‘ida, 1985 yilda tug‘ilgan ayol nazoratdagi xaridorga kelishilgan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini 750 ming so‘m evaziga sotish paytida qo‘lga olindi. U dori vositasini yetkazishda o‘zining 13 yoshli jiyanini vositachi sifatida ishlatgan.
Uning yashash xonadonini ko‘zdan kechirish jarayonida qiymati 20 million so‘mga teng 162 dona kuchli ta’sir qiluvchi dorilar topilib, daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ta’kidlashicha, ayol shaxsiy manfaatini ko‘zlab, qilmishiga voyaga yetmagan bolani jalb qilishdan ham qaytmagan.
Tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu ayolni dorilar bilan ta’minlab kelgan, Toshkent shahrida yashovchi ikki nafar shaxs ham qo‘lga olindi. Ular nazoratdagi xaridorga 23 million so‘m evaziga 278 dona shu turdagi dorilarni sotish paytida to‘xtatib qolindi. Tekshiruvlar davomida ularning avtomashinasi va yashash hududidan qo‘shimcha 67 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi aniqlanib, hujjatlashtirildi.
“Jinoyat zanjiri”ni to‘liq uzish maqsadida tezkor tadbir Farg‘ona viloyatida ham davom ettirildi. Dang‘ara tumanida yashovchi 39 yoshli ayol hamda Qo‘qon shahrida yashovchi 35–39 yoshli ikki nafar erkak 738 dona kuchli ta’sir qiluvchi dorilarni 44 million so‘m evaziga shartli xaridorga sotish paytida qo‘lga olindi.
Umuman, mazkur tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida umumiy qiymati 150 million so‘mdan ortiq bo‘lgan 1 343 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari muomaladan chiqarildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumoticha, shu orqali minglab fuqaroning ushbu dorilardan zararlanishi va ularga qaram bo‘lib qolishining oldi olindi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Jami 6 nafar shaxs gumonlanuvchi tariqasida jalb etilib, ularga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Ma’lumot uchun, giyohvandlik moddalari va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari bilan qonunga xilof muomala qilish 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Jamiyat
Turkiyada o‘zbekistonlik ayol to‘rtinchi qavatdan tushib ketdi
Hodisa tafsilotlari ma’lum emas.
Foto: Istanbul shahridagi Bosh konsulxona
Turkiyaning Izmir shahrida O‘zbekiston fuqarosi, 22 yoshli Sevdora Hakimjonova o‘zi yashaydigan ko‘p qavatli uyning to‘rtinchi qavatidan tushib ketdi, deb xabar bermoqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxona.
Hozirda u davlat shifoxonasida davolanmoqda. Shifokorlarning ma’lumotiga ko‘ra, uning ahvoli og‘ir.
«Hakimjonova Turkiya fuqarosi bo‘lgan shaxs bilan imom nikohi asosida turmush qurgan, biroq ushbu nikoh rasmiy tartibda qayd etilmagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, nikoh marosimi Namangan viloyati Chust tumanida o‘tkazilgan», – deyiladi xabarda.
Keyinchalik ular Izmirga kelib, kuyovning yaqin qarindoshlari bilan bir xonadonda yashab kelgan. Qayd etilishicha, turmush o‘rtog‘i ham Hakimjonova kabi eshitish va nutqida nuqsoni bo‘lgan shaxs hisoblanadi.
Holat yuzasidan Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Voqeaning barcha tafsilotlarini aniqlash maqsadida tergov harakatlari olib borilmoqda.
To‘plangan materiallar tegishli tartibda prokuratura organlari tomonidan ko‘rib chiqilmoqda.
Vaziyat Bosh konsulxona nazoratiga olingan.
Jamiyat
Hindistonda qiyin ahvolga tushib qolgan o‘zbekistonlik ayol vatanga qaytarildi
Hindiston hududida hayotiy murakkab vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarosi elchixona ko‘magida yurtga qaytarildi.
Ma’lum qilinishicha, ayol hujjatlarini yo‘qotishi va ish beruvchilarning vijdonsiz xatti-harakatlari oqibatida noqonuniy ekspluatatsiya xavfiga duch kelib, diplomatik vakolatxonaga murojaat qilgan.
Konsullik bo‘limi tomonidan zudlik bilan mahalliy huquq-tartibot idoralari va migratsiya xizmatlari bilan aloqa o‘rnatilib, fuqaroning huquqiy maqomini tiklash choralari ko‘rildi. Shuningdek, chiqish hujjatlari rasmiylashtirilib, uning xavfsiz qaytishi uchun zarur tashkiliy ishlar amalga oshirildi.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida vatandosh joriy yil 14 mart kuni Uzbekistan Airways aviakompaniyasining HY424 reysi orqali O‘zbekistonga sog‘-omon qaytdi.
O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi fuqarolarni chet elga chiqishda ehtiyotkor bo‘lishga, shubhali ish takliflariga ishonmaslikka va xorijiy davlatlarda bo‘lish qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.
Jamiyat
O‘tgan bir yilda 70 mingta aliment bilan bog‘liq murojaat kelib tushgan
Yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, o‘tgan yili aliment bilan bog‘liq 70 ming murojaat kelib tushgan.
Majburiy ijro byurosi aliment bo‘yicha ariza tushsa, undirib berayotgani, lekin aliment to‘lovchining rasmiy daromadi bo‘lmagani uchun murojaatlarning 30 foizi hal qilinmasdan qolayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Bu borada hokimlar aliment to‘lovchilarning qanchasining kasbi bor, lekin ishsiz, qanchasini o‘qitish kerakligini tahlil qilmayotgani, shundan kelib chiqib, bandlik bo‘limi va «mahalla yettiligi» oldiga aniq masala qo‘ymayotgani tanqid qilindi.
Hududlarda ishlarni shu tartibda tashkil qilsa, aliment bo‘yicha murojaatlar 2 karra kamayishi mumkinligi qayd etildi.
Tashkiliy migratsiya asosida odamlarni o‘qitib, chet eldagi yuqori daromadli ishlarga yuborish bo‘yicha tizim yaratildi. Lekin aliment majburiyati bo‘lgan odamlar bu imkoniyatdan foydalana olmayapti, chunki fuqaro chetga chiqishi uchun 5 yillik aliment pulini oldindan to‘lashi yoki aliment oluvchidan yozma rozilik olishi kerak.
Mutasaddilarga bu masalani chuqur o‘rganib, tegishli taklif kiritish topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning noyabrida aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxslarga chet davlatga chiqishi bo‘yicha vaqtinchalik cheklovni to‘xtatib turishni nazarda tutuvchi yangi tartib kuchga kirgan edi.
Jamiyat
Ichki ishlar xodimlarining qo‘pol muomalasi va tergov sifatidan norozilik ko‘paygan – Prezident
Yig‘ilishda, shuningdek, turli sabablar bilan tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomani olmagan bolalarga bunday hujjatni rasmiylashtirishdagi byurokratiya haqida 448 nafar odam murojaat qilgani qayd etildi.
«Bu bolasini bog‘cha va maktabga joylashtirishda guvohnoma so‘ralgani uchun majbur bo‘lib murojaat qilganlar, hali ariza bermaganlari qancha?» – deya savol qo‘ydi davlatimiz rahbari.
Adliya vazirligiga ushbu masalaga sodda yechim ishlab chiqish topshirildi.
O‘tgan yili ichki ishlar vakolatidagi masalalar bo‘yicha 148 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Ayniqsa, ichki ishlar xodimlarining qo‘pol muomalasi va tergov sifatidan norozilik ko‘pligi qayd etildi.
Tizim mas’ullari har 1 ming kishiga nisbatan eng ko‘p ariza tushayotgan Denov, Urgut tumanlari, Samarqand, Qarshi, Namangan, Jizzax, Farg‘ona, Chirchiq shaharlariga borib, aholining muammolarini eshitishi, profilaktika inspektori va tergovchilarning kasbiy va muomala madaniyatini oshirish bo‘yicha o‘qitishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Jamiyat
Andijonda ayolni «samosud» qilganlarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Ular yosh ayolni ovloq joyga majburan olib borib, sochini olib tashlagan.
Andijonda ayolning sochini majburan olib tashlagan besh nafar shaxs ushlandi. Holat yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan tezkor surishtiruv ishlari olib borilib, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Aniqlanishicha, 1991 yilda tug‘ilgan ayol 1998 yilda tug‘ilgan boshqa bir ayolni turmush o‘rtog‘i bilan ishqiy munosabatda bo‘lganlikda ayblab, undan qasos olishni rejalashtirgan. Keyin ikki nafar erkakni chaqirib, ayolni ovloq joyda sochini olib tashlashni buyurgan.
Oqibatda ayol besh nafar shaxs tomonidan avtomobilga majburan o‘tqazilib, Andijon tumani Jyevachi mahallasi hududidagi xilvat joyda sochi mashinka bilan olib tashlangan. Jarayon videoga olinib, ijtimoiy tarmoqlarga joylangan.
Holat yuzasidan Andijon shahri bo‘yicha Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 137-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Gumonlanuvchi sifatida besh nafar shaxs protsessual tartibda ushlangan. Hozir jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev fuqarolardan murojaatlar ko‘payib borayotgan bir paytda militsiya xodimlarining qo‘pol xatti-harakatlarini tanqid qildi
-
Jamiyat3 days ago
Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Olimjon Umarov lavozimidan ozod etildi
-
Dunyodan4 days agoEron rasmiylari tinch aholi qurbonlari sonini e’lon qildi
-
Iqtisodiyot5 days ago
13-mart kuni ham dollar kursi pastlaydi
-
Siyosat5 days agoIkki nafar O‘zbekiston fuqarosi firibgarlik va o‘g‘irlik hodisasidan so‘ng Bahrayn va AQShdan qaytib keldi
-
Dunyodan4 days ago
AQSh, Isroil va Eron o’rtasidagi urush qurbonlari soni 2000 nafarga yetdi.
-
Jamiyat3 days agoadolat izlagan dehqonning 7 yillik sarguzashtlari
-
Dunyodan3 days ago
Prezident Tramp yashirishga uringan Eronga qarshi urush sababi ma’lum bo’ldi
