Jamiyat

Toshkent viloyatida 13 yoshli qiz orqali dori sotgan ayol va uning sheriklari ushlandi

Published

on


“Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik tadbiri doirasida Toshkent viloyatida 13 yoshli qizdan dori savdosida vositachi sifatida foydalanib kelgan ayol va uni dorilar bilan ta’minlab turgan sheriklari qo‘lga olindi. Jami 1 343 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari (qiymati 150 mln so‘m) musodara qilindi.

O‘zbekiston prezidentining giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashishga qaratilgan qarori ijrosi doirasida mamlakat bo‘ylab “Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik tadbirining uchinchi bosqichi izchil davom etmoqda.

Shu doirada Toshkent viloyati IIBB va DXX viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Farg‘onadan poytaxtga katta miqdorda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini yetkazib, ularni sotish bilan shug‘ullanib kelgan jinoiy guruh fosh etildi.

Toshkent tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir chog‘ida, 1985 yilda tug‘ilgan ayol nazoratdagi xaridorga kelishilgan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini 750 ming so‘m evaziga sotish paytida qo‘lga olindi. U dori vositasini yetkazishda o‘zining 13 yoshli jiyanini vositachi sifatida ishlatgan.

Uning yashash xonadonini ko‘zdan kechirish jarayonida qiymati 20 million so‘mga teng 162 dona kuchli ta’sir qiluvchi dorilar topilib, daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ta’kidlashicha, ayol shaxsiy manfaatini ko‘zlab, qilmishiga voyaga yetmagan bolani jalb qilishdan ham qaytmagan.

Tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu ayolni dorilar bilan ta’minlab kelgan, Toshkent shahrida yashovchi ikki nafar shaxs ham qo‘lga olindi. Ular nazoratdagi xaridorga 23 million so‘m evaziga 278 dona shu turdagi dorilarni sotish paytida to‘xtatib qolindi. Tekshiruvlar davomida ularning avtomashinasi va yashash hududidan qo‘shimcha 67 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi aniqlanib, hujjatlashtirildi.

“Jinoyat zanjiri”ni to‘liq uzish maqsadida tezkor tadbir Farg‘ona viloyatida ham davom ettirildi. Dang‘ara tumanida yashovchi 39 yoshli ayol hamda Qo‘qon shahrida yashovchi 35–39 yoshli ikki nafar erkak 738 dona kuchli ta’sir qiluvchi dorilarni 44 million so‘m evaziga shartli xaridorga sotish paytida qo‘lga olindi.

Umuman, mazkur tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida umumiy qiymati 150 million so‘mdan ortiq bo‘lgan 1 343 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari muomaladan chiqarildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumoticha, shu orqali minglab fuqaroning ushbu dorilardan zararlanishi va ularga qaram bo‘lib qolishining oldi olindi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Jami 6 nafar shaxs gumonlanuvchi tariqasida jalb etilib, ularga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Ma’lumot uchun, giyohvandlik moddalari va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari bilan qonunga xilof muomala qilish 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version