Iqtisodiyot
Oltin narxining o‘sishi Kremlga urushni moliyalashtirishda yordam beryaptimi?
Rossiya 2014 yildan beri to‘plab kelayotgan oltin zaxirasi hajmi bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘rinni egalladi. Jahon bozorida oltin narxining o‘sishi xalqaro sanksiyalar ta’sirini qay darajada yumshatmoqda – DW shu masalani o‘rgandi.
Rossiyaning oltin zaxirasi qiymati ikki yilda ikki baravarga oshdi — 142 mlrd dollarga, deb xabar bermoqda Rossiya OAV RF Markaziy bankiga tayanib. Qimmatlashayotgan oltinga e’tibor kuchayishi bejiz emas: oltinning ulushi oltin-valuta zaxirasi tarkibida rekord daraja — 39,6 foizga yetdi. Moskva 2014 yildan faol ravishda oltin to‘plashni boshlagan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha u AQSh, Germaniya, Italiya va Fransiyadan keyin jahon reytingida beshinchi o‘rinda.
Shu bilan birga, rasmiy statistikaga ko‘ra, Rossiya oltin zaxirasining jismoniy hajmi deyarli o‘zgarmagan — hatto yil davomida taxminan 6,2 tonnaga qisqargan. Shu holatda ham Rossiya iqtisodiyoti jahonda oltin narxining o‘sishidan foyda ko‘rmoqda. 15 oktyabr kuni Comex birjasida dekabr fyucherslari narxi troya unsiyasi uchun 4200 dollardan oshdi. Biroq 21 oktyabrga kelib narx 6 foizga pasayib, 4100 dollarga tushdi. Oltin Rossiya iqtisodiyotida qanday rol o‘ynaydi va uning qimmatlashi Moskvaga harbiy budjetni saqlab qolishga qay darajada yordam beradi — DW tahlil qildi.
Rossiya 2008 yilgi inqirozdan beri oltin sotib olib kelgan, ayniqsa 2014 yildan faollashgan. O‘shandan beri yillik o‘sish taxminan 20 foiz atrofida — yiliga 200 tonnaga yaqin. Agar 2014 yil oxirida Markaziy bank omborlarida 1209 tonna oltin bo‘lgan bo‘lsa, 2022 yilga kelib Rossiya bankining oltin zaxirasi izchil to‘plash natijasida 2300 tonnadan oshib ketdi.
DW avval yozganidek, Kreml shu tariqa AQSh dollariga bog‘liqlikni kamaytirishni ko‘zlagan — umuman olganda bu strategiya to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. 2007 yilda oltin narxi taxminan 700 dollar atrofida bo‘lgan, 2011 yilda 1900 dollargacha sakragan, hozir esa 4200 dollar belgisini ham ortda qoldirdi. 2015 yilda konservativ nemis nashri Die Welt «Putin Rossiyani oltin zaxirasi tuzog‘iga tushirdi» deya ta’kidlagan, chunki o‘shanda oltin 1000 dollargacha tushgan edi. Keyinchalik «Vladimir Putinning oltinga bo‘lgan fatal chanqog‘i» maqolasi mualliflaridan biri Putin oqilona va muvaffaqiyatli yo‘l tutganini tan oldi. Amaliyot ko‘rsatishicha, 2020 yilda 1470 dollargacha pasayishdan so‘ng ham narxlar o‘sishni davom ettirdi. Moliya mutaxassisi Yan Melkumovning fikricha, narx «unsiyasi uchun 4,5–5 ming dollargacha yetishi» mumkin. Unga ko‘ra, bu trend Rossiyaga oltinni avvalgidek hajmlarda sotib olmasdan, jahon narxining o‘sishidan yutuq ko‘rishga imkon beradi.
Harvard universitetining Devis markazi tadqiqotchisi Andrey Yakovlev ta’kidlashicha, Markaziy bank ixtiyoridagi rezervlar rasman pul-kredit siyosati maqsadlariga — valuta kursini qo‘llab-quvvatlash va inflatsiyaga qarshi kurashga xizmat qiladi. «Gipotetik jihatdan Rossiya banki oltindan moliya bozorlarida operatsiyalar uchun foydalanishi mumkin, ammo hozir bunga ehtiyoj yo‘q: rubl kursi yetarlicha barqaror, inflatsiyani tiyish uchun rezervlarni sarflash kerak emas, boshqa muammolar esa Markaziy bankda emas, Moliya vazirligida», — deydi ekspert. U Duma qabul qilishi kerak bo‘lgan yaqin uch yil uchun Moliya vazirligi tayyorlagan budjet loyihasi «real emas»ligiga ham e’tibor qaratadi.
Hozirgi vaziyat shundan iboratki, budjet gaz va neft sotishdan tushumlarni kamroq olmoqda, Moliya vazirligi esa defitsitni qoplash manbalarini izlashi kerak. Hozircha vazirlik Milliy farovonlik fondidan (unda boshqa aktivlar qatori oltin ham bor) 2026 yilda umuman sarflanmasligini, defitsit esa ichki bozorda qarz olish hisobiga to‘liq qoplanishini nazarda tutmoqda. «Ammo hukumatga yaqin mutaxassislar ham bu raqamlar yozga borib qayta ko‘rib chiqilishini tan olmoqda. Agar budjet daromadlari tusha boshlasa, xarajatlar — ayniqsa harbiy — hozirgi darajada qolsa, hokimiyat qo‘shimcha manbalarni qidirishga majbur bo‘ladi», — deydi Yakovlev.
Bunday holatda, iqtisodchi fikricha, Moskva oltin zaxirasining bir qismini sotishga qaror qilishi ehtimoldan xoli emas. «Agar budjet daromadlari bilan vaziyat yomonlashsa, hokimiyat Milliy farovonlik fondi mablag‘larini ishlata boshlashi va, ehtimol, oltin sotishi mumkin — ko‘proq tashqi bozorlarda», — deydi u.
Iqtisodchi Igor Lipsits DW bilan suhbatda ta’kidlashicha, rasmiy jihatdan oltin zaxiralarining qimmatlashishi davlatni boyroq qiladi. Ammo u qayd etishicha, bu oltinni tashqi bozorda sotish sanksiyalar tufayli qiyindir. Agar Rossiyaga pul kerak bo‘lsa, xaridor kim bo‘ladi — asosiy savol shu. Chunki uni chuqur tozalash bilan shug‘ullanuvchi korxonalarning ko‘pchiligi rus oltinin qabul qilmaydi, AQSh va Yevropa esa 2022 yildayoq rus oltinini sotib olmaslikka kelishib olgan. Ehtimol, xaridorlar Yaqin Sharq va Osiyo bozorlari bo‘ladi. «Veles Kapital» investitsiya kompaniyasi baholashicha, o‘tgan yili oltin, jumladan, Armaniston, Hongkong va BAAga eksport qilingan.
«Demak, katta diskontlar talab qilinadi, bu kamida oltin narxi o‘sishining bir qismini «yoqib yuboradi», — deydi Lipsits. U Kreml bunday ssenariyga tayyor, nazariy jihatdan bu harbiy budjetni qo‘llab-quvvatlash uchun yetarli bo‘lishi mumkin deb hisoblaydi. Biroq Yan Melkumov fikricha, Ukrainadagi urushni moliyalashtirishning asosiy manbai hanuz tashqi bozorda uglevodorod sotishdan tushumlar bo‘lib qolmoqda. «Rossiyaning harbiy mashinasi oltin hisobidan emas, neft-gaz eksportidan tushayotgan joriy daromadlar hisobidan ishlayapti. Shu oqimlar bor ekan, oltinga tegishmaydi. Hozircha u — «qora kun» uchun xavfsizlik yostiqchasi», — deydi u.
So‘nggi to‘rt yilda, rasmiy MB ma’lumotlariga ishonilsa, Rossiya oltin sotib olishni to‘xtatgan. Oxirgi shunday tanaffus 2020 yilda — pandemiya cheklovlari sabab kuzatilgan. 2022 yilda xalqaro sanksiyalar joriy etilgani va aktivlarning bir qismi YeIda muzlatilganidan so‘ng Markaziy bank mamlakat ichida oltin xarid qilish haqida e’lon qilgan. Melkumov qayd etishicha, mamlakat zaxirani to‘ldirish imkoniga ega, chunki Rossiya jahondagi eng yirik uchta oltin qazib oluvchi qatorida (Xitoy va Avstraliyadan keyin) — yiliga taxminan 330 tonna: «Shuning uchun unga xarid uchun jahon bozoriga chiqish shart emas: zarurat tug‘ilsa, Markaziy bank metallni mahalliy qazib oluvchilardan sotib oladi». Oltin, asosan, mamlakat ichida saqlanadi va shoshilinch zarurat tug‘ilganda sotilishi mumkin. Biroq ekspert urg‘ulashicha, «oltin — eng oxirgi darajadagi rezerv, unga faqat boshqa to‘lash manbalari qolmaganda qo‘l uriladi».
Shu bilan birga, mutaxassislar qayd etishicha, rus oltininng katta qismi hamon eksportga ketmoqda, qolgani — ichki bozorda sotilmoqda. Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilda rossiyaliklar rekord 75,6 tonna oltin sotib oldi, shu kunlarda esa Sankt-Peterburg birjasi oltin sotishni boshladi: 1 kilogramm 11 mln rublga sotildi. Hozir qancha oltin eksport qilinayotganini aytish qiyin — chunki Federal bojxona xizmati statistikasi yopiq. Biroq ekspertlar qazib olish hajmlari ichki ehtiyojdan ancha oshishini ham ta’kidlayapti.
Iqtisodchilarga ko‘ra, oltinga sarmoya kiritgan investorlar kamida ikki omildan «minnatdor» bo‘lishi mumkin. Birinchisi — Yevropada Rossiyaning davom etayotgan harbiy eskalatsiyasi. Andrey Yakovlev ta’kidlaganidek, u asosiy beqarorlashtiruvchi omillardan biri bo‘lib qolmoqda. «Oltinning qimmatlashuvi — bu global bozorlardagi hozirgi taranglikning aksidir, investorlar ishonchliroq aktivlarni izlayapti», — deya tushuntirdi u.
Ikkinchi muhum omil — Donald Tramp ma’muriyatining oldindan taxmin qilib bo‘lmaydigan siyosati, deya hisoblaydi moliyaviy tahlilchi Yan Melkumov. «AQSh prezidentining nomunosib xatti-harakatlari FRS mustaqilligini savol ostiga qo‘yadi, dollarg‘a ishonchni izdan chiqaradi. Bu faqat «yakkalanib qolgan rejimlar»da emas, balki mutlaqo oddiy davlatlarda — Yevropa mamlakatlarida ham kuzatilayapti», — deydi u.
Ekspert so‘zlariga ko‘ra, oltin yana «himoyaviy aktiv» sifatida qabul qilinmoqda — uni faqat investorlar emas, balki butun boshli davlatlar ham o‘z rezervlarini valuta tebranishlaridan asrash uchun faol xarid qilmoqda. Biroq bu har doim ham xavfsizlikni anglatmaydi. Masalan, Birinchi jahon urushi boshida Rossiya imperiyasi dunyoda eng yirik oltin zaxirasi — taxminan 1400 tonnaga ega edi. Keyinchalik uning salmoqli qismi yo‘qoldi: bir qismi harbiy xarajatlar va Germaniyaga reparatsiyalarni to‘lash uchun chetga olib chiqildi, yana bir qismi Fuqarolik urushi davrida yo‘q bo‘ldi.
Iqtisodiyot
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev G‘uzor tumanida «Qashqadaryo Jingu» korxonasi tomonidan Shinjon usulida paxta yetishtirilayotgan dalada bo‘ldi.
Davlatimiz rahbariga chigit ekish, g‘o‘zani sug‘orish va parvarishlashda qo‘llanayotgan texnologiyalar haqida ma’lumot berildi. Bu yerda 2,2 ming gektar maydonga chigit plyonka ostiga qo‘sh qatorlab ekilgan, tomchilatib sug‘orish to‘liq joriy qilingan.
Plyonka tuproqdagi namlik va haroratni saqlab, chigitning erta hamda bir tekis unib chiqishiga yordam beradi. Suv va o‘g‘it esa tomchilatib sug‘orish tizimi orqali bevosita g‘o‘za ildiziga yetkaziladi. Natijada suv sarfi 30-40 foizga, o‘g‘it sarfi qariyb 30 foizga kamayadi. Hosil an’anaviy maydonlarga nisbatan 10-15 kun oldin pishib yetiladi.
Prezidentimiz paxtazorda yetishtirilgan hosil va agrotexnik tadbirlarni tashkil etish jarayoni bilan tanishdi. An’anaviy usulda gektaridan 30-35 sentner paxta olinsa, Shinjon texnologiyasida bu ko‘rsatkich 60-70 sentnergacha yetishi mumkin. Korxona dalalarida hosildorlik gektariga 55 sentnerni, yalpi hosil esa 12,3 ming tonnani tashkil etmoqda.
Dala ishlarida agrodronlardan ham foydalanilmoqda. Bu ayrim agrotexnik tadbirlarni tezroq bajarish, yonilg‘i sarfini kamaytirish imkonini bermoqda.
Xitoy sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan «Qashqadaryo Jingu» agroklasteri Koson, Nishon, G‘uzor, Ko‘kdala va Mirishkor tumanlarida jami 18,3 ming gektar maydonda faoliyat yuritadi. Ushbu yerlarning katta qismi ilgari foydalanilmagan cho‘l va qarovsiz maydonlar bo‘lgan. Loyihaga 128 million dollar investitsiya kiritilib, 50 ta ish o‘rni yaratilgan. Eksport hajmi esa 8,5 million dollarni tashkil etadi.
Shu yerda davlatimiz rahbariga viloyat qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham axborot berildi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Wabtec» kompaniyasi direktorlar kengashi raisi va bosh ijrochi direktori Rafael Santanani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda mamlakatda temir yo‘l infratuzilmasi va tranzit salohiyati rivojlanayotganini hisobga olib, lokomotivlar parkini yangilash va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
AQSh moliya institutlari ishtirokida lokomotivlarni uzoq muddatli servis xizmati bilan birga yetkazib berish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va mutaxassislar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Tog‘-kon korxonalari karer texnikasiga xizmat ko‘rsatuvchi servis markazini tashkil etish hamda dizel-generator qurilmalari bo‘yicha hamkorlik qilishga ham e’tibor qaratildi.
«Wabtec» lokomotivlar, temir yo‘l texnikasi, raqamli va servis yechimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha jahondagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham loyihalarni amalga oshirmoqda.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
-
Jamiyat4 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Iqtisodiyot3 hours ago
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
-
Iqtisodiyot2 days ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat2 days ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat2 days ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
